Практикум для бакалавриата и магистратуры / Под общ ред. О. И. Ключко. М.: Издательство Юрайт, 2017. 404 с


Download 79.87 Kb.
bet1/2
Sana03.06.2024
Hajmi79.87 Kb.
#1841928
TuriПрактикум
  1   2
Bog'liq
2-tema


Shaxsiy o’rganishga gender yondoshuv

Reja:
1. Psixologiyada shaxs tushunchasi.


2. Shaxs haqidagi nazariyalar.
3. Shaxs strukturasi.
4. Shaxs ijtimoiylashuvi jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari.


Tayanch sо‘zlar: xotin-qizlar, ta’lim, ilm-fan, bilim va kо‘nikmalar, ilmiy tadqiqot va tajribakonstruktorlik ishlari, elektron navigator platformalari,vaucher, ijtimoiy lift, jamiyat, xorijiy davlatlar tajribasi.
Asosiy adabiyotlar
1. Дусказиева Ж.Г. Гендерная психология: учебное пособие Ж.Г.Дусказиева; Краснояр. гос. пед. университет им. В.П.Астафьева. Красноярск, 2010. – 108 с.
2. Градусова Л.В. Гендерная педагогика. Учебное пособие Л.В.Градусова. - Москва: Флинта, 2016. - 176 с. - ИСБН 978-5-9765- 1022-7.
3. Ключко О.И. Гендерная психология и педагогика: учебник и практикум для бакалавриата и магистратуры / Под общ. ред. О.И.Ключко. — М.: Издательство Юрайт, 2017. — 404 с.
4. Салайева M.C. Умумий педагогика. Дарслик. Тошкент "Нодирабегим”. 2021. – 598 бет.
5. разалийева Г. Гендер ва аёллар хукуқий маданияти. Монография. T.: 2009.
6. Ходжайев Б.Х. Умумий педагогика назарияси ва амалиёти. Дарслик. Тошкент “Сано-стандарт”. 2017. - 418 бет

Bugungi kunda mamlakat akademik doiralarida ayollarning о‘rni va mavqeyini oshirish, yangi avlod yosh olimalarini tarbiyalash hamda istiqbolli loyihalarni rag‘batlantirish bо‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jamiyat hayotining turli jabhalarida gender tenglikni ta’minlash, jumladan, ta’lim va ilm-fan sohasida О‘zbekiston ichki siyosiy konsepsiyasining ustuvor yо‘nalishlari qatoriga kiradi.


Bu borada 2022–2026-yillarga mо‘ljallangan Yangi О‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadida: xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy kо‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama kо‘maklashish, tadbirkorligini qо‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotinqizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini tо‘g‘ri yо‘naltirish vazifasi belgilab qо‘yilgan[1].
Zamonaviy о‘zbek jamiyati bugungi kunda demokratik rivojlanish tomon bormoqda. Demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan biri ayollar va erkaklarning barcha sohalarda teng huquqliligini e’tirof etish bо‘lib, uni yoshlikdan shakllantirish zarur. Bunga ta’limda gender yondashuvi tamoyillari yordam berishi mumkin. Ta’lim mazmunini yangilash va umumta’lim maktablarini modernizatsiya qilish sharoitida shaxsga ta’lim berishda va uni tarbiyalashda gender yondashuvi muammosi dolzarb bо‘lib bormoqda.
Gender ta’limi kо‘plab muhim ijtimoiy muammolarni hal qilishga yordam beradi va uni rivojlantirish zarurati pedagogik jamoalarda tobora kо‘proq muhokama qilinmoqda. Biroq kо‘pgina davlatlarning maktab ta’limida gender yоndashuvi hali ham kam uchraydi. G‘arbda gender ta’limi va tarbiyasi bolalar bog‘chasidayoq boshlanadi.
Zamonaviy jamiyatda gender segregatsiyasi mavjud bо‘lib, u jinsga qarab kasbiy ajratishning ikki shakli Gorizontal va Vertikal segregatsiyaga bо‘linadi.
Gorizontal segregatsiya erkaklar va ayollar faoliyat turlari bо‘yicha taqsimlanganda sodir bо‘ladi.
Vertikal segregatsiya – ma’lum bir kasbda iyerarxiya bо‘yicha erkaklar va ayollarning taqsimlanishi.
Gender segregatsiyasi inson ijtimoiy xulq-atvorining psixologik xarakter va xususiyatlari yig‘indisiga qarab amalga oshiriladi. Bu kо‘pincha jamiyatda ayol va erkaklar uchun martaba kо‘tarilishida mavjud tо‘siqlar shaklida namoyon bо‘ladi[2]. Gender segregatsiyasini aniqlash uchun Shisha shift «стеклянний потолок» tushunchasi ham qо‘llaniladi.
Gender bо‘yicha kasbiy segregatsiyani tushuntirish uchun inson kapitali nazariyasi, mehnat bozori segmentatsiyasi nazariyasi va gender nazariyalari qо‘llaniladi.
Inson kapitali nazariyasiga kо‘ra, ayollarning oilaviy majburiyatlari yoki bola tug‘ilishi natijasida ishda vujudga kelgan uzilishlar tufayli kasbiy tajribasining yetishmasligi ishda erkaklar egallagan malakaga ega bо‘la olmasligiga sabab bо‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, ayollar mehnatining unumdorligi tabiiy ravishda pastroq bо‘ladi. Biroq raqobat kuchayishi bilan har ikki jinsdagi ma’lumotli va yuqori malakali ishchilar soni ortib boradi. Kо‘rinib turibdiki, bunday sharoitda ayollar mehnat faoliyatining aksariyat turlarida namoyon bо‘lishi kerak, aks holda ayollarga nisbatan ochiq diskriminatsiya vujudga keladi.
Shu bilan birga, Richard Anker[3] tadqiqotlari shuni kо‘rsatadiki, ota-onalar о‘g‘illari uchun yuqori darajadagi ta’lim beradilar, shuning uchun ayollar nufuzli kasblarni kamdan kam hollarda о‘zlashtirishi mumkin. Ta’lim va ayollarning kasbiy tajribasi о‘rtasidagi bog‘liqlik ikki tomonlama – ta’lim va kasb tanlashda teng huquqlarga qaramay, ayollarning mehnat bozoridagi imkoniyatlari cheklangan.
Shuni ta’kidlash kerakki, bu nazariya asta-sekin о‘z ahamiyatini yо‘qotmoqda, chunki dunyoda nikohning о‘rtacha yoshi uzaygan va tug‘ilish darajasi pasaygan. Qolaversa, hozirda uy-rо‘zg‘or ishlarining aksariyati zamonaviy maishiy texnika vositalari yordamida avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda. Ushbu tendensiyalar ayollarning martaba rivojlanishiga bag‘ishlagan vaqtlarini bо‘shatishga yordam beradi va bu bilan ularning kasbiy tajribasini oshiradi. Biroq mehnat bozorida hozircha sezilarli о‘zgarishlar kuzatilmadi, kasbiy segregatsiya hamon mavjud.
Bundan tashqari, ish beruvchilar yashirin kamsitish mexanizmlaridan foydalanadi. Ayollarning fikriga kо‘ra, oilaviy majburiyatlar doimiy faoliyat va ish jarayonida bevosita ishtirok etishga tо‘sqinlik qiladi. Bu hodisa juda keng tarqalgan va ishga qabul qilish bosqichida о‘zini namoyon qiladi. Ish beruvchilar tomonidan ayollarni kamsitishga moyillik G.Bekker[4] nazariyasining asosini tashkil etdi. Ushbu nazariyaga kо‘ra, diskriminator ish beruvchining xarajatlari faqat erkak ishchilarni topish uchun pul va vaqtni sarflash natijasida diskriminator bо‘lmagan ish beruvchidan yuqori bо‘ladi.
Mehnat bozorini segmentatsiyalash nazariyasiga kо‘ra, bozor segmentatsiyasi kasblarni “erkak” va “ayol”ga bо‘lishdan iborat[5]. Albatta, ilmiy faoliyatni ikkala toifaga ham kiritish mumkin. Biroq bu nazariyalar kasblarning gender segmentatsiyasi sabablarini emas, balki ma’lum bir sohada ish bilan band bо‘lgan erkaklarning ustunligini tushuntirishga qaratilgan. Ushbu taqsimotning sababi “ayol” va “erkak” kasblariga oid stereotiplarning mavjudligi hisoblanadi.
Odatda ta’lim tizimiga gender yondashuvini joriy etishda jamiyatda va о‘qituvchilarning kasbiy muhitida noaniq munosabatlar, maktab о‘qituvchilarining gender pedagogika sohasida maxsus bilimga ega emasligi maktab о‘quv dasturlari va darsliklari ta’limning gender tamoyillarini hisobga olmasdan tuzilganligi kabi omillar tо‘sqinlik qilishi mumkin.
Shu bilan birga, olimlarning ta’kidlashicha, “Zamonaviy jamiyatda ma’lum bir kasblarda erkak yoki ayolga oid degan tushuncha mavjud”[6] bо‘lib, darhaqiqat, hozirgi vaqtda mehnat bozori ishchilarni kasblar о‘rtasida taqsimlashda yuqori darajadagi gender asimmetriyasi bilan ajralib turadi, bu “ayol” kasblar (styuardessalar, о‘qituvchilar va boshqalar) va “erkak” kasblar (harbiy xizmatchilar, dasturchilar va boshqalar) mavjudligida namoyon bо‘ladi.
V.V. Kozlov ta’kidlashicha, kasblarni taqsimlashda gender asimmetriyasi ishsizlikning kо‘payishiga, ishga joylashish jarayonida qiyinchiliklarga olib keladi, ayollarning “erkak” kasblarini о‘zlashtirish davrida psixologik tо‘siqlarga uchrashini keltirib chiqaradi va aksincha[7].
Shunday qilib, hozirgi vaqtda kasbiy о‘zini о‘zi aniqlashda gender yondashuvi nafaqat erkaklar va ayollar о‘rtasidagi biologik yoki jismoniy farqlarni, balki madaniy va ijtimoiy jihatlarni ham hisobga oladi. Olimlarning о‘spirinlar kasbiy manfaatlaridagi gender farqlari sohasiga oid izlanishlarida о‘spirinlarning gender xususiyatlari ularning kasb tanlashlariga ta’sir etishi qayd etilgan.
Sergeyevaning о‘smirlar ixtisoslashtirilgan ta’limni tanlashga motivatsion tayyorgarligining gender xususiyatlarini о‘rganish bо‘yicha olib borgan tadqiqotlarida qizlar va о‘g‘il bolalarning kasb turlarini afzal kо‘rishda o‘ziga xos xususiyatlar mavjudligi aniqlandi. Jumladan, о‘g‘il bolalarning “inson-texnika” turdagi kasblarga, qizlarning esa “inson-san’at” turiga nisbatan kasbiy qiziqishlari yuqori bо‘lar ekan[8].
О‘smirlarning kasbiy manfaatlaridagi gender farqlari sohasida mavjud tadqiqotlar tahlili shuni kо‘rsatadiki, о‘quvchilarning kasbiy ta’limi sohasida yetarli miqdordagi izlanishlarga qaramay, yosh о‘spirinlarda kasbiy qiziqishlarning gender jihati kam о‘rganilgan ilmiy tadqiqot sohasi hisoblanadi.
О‘smirlik shaxsiy rivojlanishning asosiy bosqichlaridan biri bо‘lib, shaxsiyat inqirozi bilan birga keladi, uning doirasida hayotiy, kasbiy va ijtimoiy о‘zini о‘zi belgilash amalga oshiriladi. Bunday sharoitda qizlar va о‘g‘il bolalarda о‘zining boshqa odamlar orasidagi mavqeyi haqida hayotiy qarashlar shakllanadi, о‘zini о‘zi anglash, psixosotsial о‘zini о‘zi belgilash va kasb tanlashga tayyorlik shakllanadi. Aynan shu yosh davrida gender xususiyatlarini hisobga olgan holda uch darajada qurilgan ijtimoiy-psixologik xususiyatlar qayd etiladi: 1) ichki (о‘zini ma’lum bir jins vakili sifatida qabul qilish, о‘ziga nisbatan munosabat); 2) shaxslararo munosabatlar (tengdoshlar tomonidan idrok etish, qaramaqarshi jinsdagi shaxslarga munosabat va boshqalar); 3) ijtimoiy muhit bilan о‘zaro munosabat (qarama-qarshi jinsdagi shaxslar bilan aloqalarga munosabat va boshqalar)[9].
Yosh о‘smirlar о‘rtasida kasbiy qiziqishlarni о‘rganish natijalari tahlili shuni kо‘rsatdiki[10], о‘g‘il bolalar о‘rtasida tanlovlar soni bо‘yicha “fizika-matematika” kabi kasbiy faoliyat yо‘nalishi birinchi о‘rinda turadi, qizlar orasida esa bunday kasbiy faoliyat yо‘nalishi “kimyo va biologiya” sifatida eng katta tanlovni oldi. Bizning fikrimizcha, yosh о‘spirinlarda kasbiy faoliyat sohalaridagi mavjud farqlar о‘quvchilarning yoshi va individual xususiyatlariga, ularning individual moyilligiga, kasblarning xilma-xilligi haqidagi g‘oyalariga, о‘qitish va ta’limning о‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq bо‘lib, bu о‘z navbatida yosh о‘smirlarda kasbiy qiziqishlarni shakllantirish bо‘yicha maqsadli ish olib borish va gender farqlarini hisobga olgan holda ularning kasbiy о‘zini о‘zi belgilashi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish zarurligini kо‘rsatadi[11].
Maktabda о‘qish jarayonida kasbiy о‘zini о‘zi belgilashni shakllantirish shaxsning kelajakdagi kasbiy sohada о‘zini va uning imkoniyatlarini baholashning maqsadli jarayonlaridan biriga aylanadi. Tadqiqotchilar N. E. Kasatkina, E. A. Paxomova va E. L. Rudnev kasbiy о‘zini о‘zi belgilashni murakkab qaror qabul qilish jarayoni sifatida tushunadilar[12]. Kasbiy о‘zini о‘zi belgilash – bu о‘z ichki resurslarini, shu jumladan qobiliyatlarini, kasb talablari bilan nisbatlarini tahlil qilish natijasida amalga oshiriladigan kasbni mustaqil tanlash jarayoni[13]. Kasbiy о‘zini о‘zi aniqlashning samarali shakllanish omillari ixtisoslashtirilgan ta’lim shakllari, maktabdan tashqari faoliyat usullari, kasb-hunarga yо‘naltirish subyektlari bilan ijtimoiy sheriklik va umuman ta’lim makonidir.
Xorijiy amaliyotda martaba va kasbga yо‘naltirish sohasida Yevropa Ittifoqining kо‘plab mamlakatlaridagi kasbiy yо‘naltiruvchilardan tashkil topgan “hayot dizayni” xalqaro ijodiy uyushmasi faoliyat kо‘rsatmoqda. Yoshlarning kasbiy о‘zini о‘zi belgilashini shakllantirishda yevropalik mutaxassislar “о‘z-о‘zini qurish nazariyasi” va “karyera qurish nazariyasi”ni hisobga olishni tavsiya qiladi[14]. A. Uottsning ta’kidlashicha, professional qо‘llab-quvvatlash ham shaxsga, ham butun jamiyatga xizmat qiladi[15]. Kasbiy о‘zini о‘zi belgilash jarayoni kо‘plab о‘zaro bog‘liq tashqi va ichki omillarning natijasi bо‘lib, ularning tizimiga gender yondashuv ham kiradi[16].
Kasbiy о‘zini о‘zi belgilashni shakllantirishda gender ahamiyatini о‘rganish bо‘yicha Saxa Respublikasida (Yakutiya) 464 nafar о‘quvchi о‘rtasida sо‘rov о‘tkazildi. Sо‘rov ishtirokchilarining yoshi bо‘yicha taqsimlanishi quyidagicha: 12-13 yosh – 27 kishi (12,5%), 14-15 yosh – 228 kishi (42%), 16-17 yosh – 179 kishi (31,6%) va 18-19 yosh – 30 kishi (13,9%). Sо‘rov ishtirokchilarining gender tarkibiga kelsak, sо‘rov 135 nafar о‘g‘il bolalar hamda 329 nafar qizlar о‘rtasida о‘tkazildi.
Maktab о‘quvchilarining kasb tanlashiga ta’sir kо‘rsatgan omillar reytingida asosiy о‘rinda ota-onalar va qarindoshlar (36%), ommaviy axborot vositalari (34%), Internet resurslari (32%), dо‘stlar va tanishlar (27%), о‘qituvchilar (22%) va oxirgi о‘rinlarda kitoblarni eslatib о‘tishadi (20%). Shuningdek, kasbiy testlar (15%), bandlik xizmatlari mutaxassislari bilan mashg‘ulotlar (5%) kabilar turadi.
Maktab о‘quvchilarining kasb tanlashiga va bunda gender stereotiplarini kuchaytirishda jamiyatning kо‘plab institutlari kabi ommaviy axborot vositalari va Internet resurslari ham ta’sir kо‘rsatadi. Masalan, ommaviy axborot vositalarida ayollar, asosan, harakat obyekti, qurbonlar va boshqalarga g‘amxо‘rlik kо‘rsatadi, erkaklar esa ixtirochi, kuchli, aqlli va tashabbuskor sifatida tasvirlangan. Ommaviy axborot vositalari erkaklarning kuchi va muvaffaqiyatini ta’kidlayotganda, ayol ham, odatda, tashqi kо‘rinishi jihatdan baholanadi. Shunday qilib, ommaviy axborot vositalari, jumladan, televideniye, radio, darsliklar, bolalar kitoblari, jurnallar, filmlar va elektron aloqaning kо‘plab shakllari erkaklar va ayollar haqidagi stereotiplarni saqlab qolar va tarqatar ekan.
Shuningdek, о‘quvchilar E.A. Klimovning kasb turlari tasnifiga muvofiq turli kasb turlarini tanlash uchun mо‘ljallangan “differensial diagnostika sо‘rovnomasi” (DDO) metodologiyasining savollariga javob berishdi. Olingan ma’lumotlar qizlar va о‘g‘il bolalar о‘rtasida kelajakdagi kasb turlarini tanlashdagi farqlarni kо‘rsatadi. Shunday qilib, yoshlar, asosan, “inson – texnologiya” (49 foiz), “inson – ishora tizimi” (21 foiz) va “inson – inson” (14 foiz) sohalaridan kasb tanlashadi. Qizlar “odam – belgilar tizimi” (28 foiz), “shaxs – badiiy obraz” (24 foiz) va “shaxs – shaxs” (23 foiz) sohalarini afzal kо‘rishadi.
Kasb-hunarga yо‘naltirish bо‘yicha mutaxassislarning fikriga kо‘ra, bu о‘rta maktab о‘quvchilarining kasblarni “erkak” va “ayol” deb tasniflashi bilan bog‘liq, bu ularning kasbiy о‘zini о‘zi belgilashiga sezilarli ta’sir qiladi. О‘g‘il bolalar qizlar bilan solishtirganda, texnik kasblarga nisbatan aniqroq kasbiy yо‘naltirilganligi bilan ajralib turadi. Bu kо‘plab ma’lumotlarga mos keladi, ya’ni bolalikdan boshlab to keksa yoshgacha erkaklar texnologiya bilan bog‘liq kasblarni afzal kо‘rishlarini kо‘rsatadi.
“DDO” sо‘rovnomasi va metodologiyasining natijalariga kо‘ra, о‘rta maktab о‘quvchilari о‘rtasida gender masalalari bо‘yicha ustuvor kasblar tо‘g‘risida xulosalar chiqariladi. Ma’lum bо‘lishicha, yigitlarning sevimli о‘quv fanlari tarix (43%), informatika (31,2%), kimyo (31%), fizika (27%), matematika (26%), jismoniy tarbiya (24%) va ingliz tili (21 %).
Qizlarda esa sevimli maktab fanlari adabiyot (41%), tarix (33%), ijtimoiy fanlar (30%) va ingliz tili (27%). Shunday qilib, yigitlar aniq fanlar va tabiiy fanlar sikliga kо‘proq qiziqishadi, qizlar esa gumanitar fanlarni afzal kо‘rishar ekan.
Yuqoridagilarni umumlashtirib, shuni xulosa qilish mumkinki, ikkala jinsdagi о‘quvchilar kasb tanlashiga ta’sir qiluvchi eng muhim omillar shaxsiy xususiyatlar: qobiliyat va qiziqishlar bilan bir qatorda ota-onalar va qarindoshlar, dо‘stlar va tanishlarning maslahatlari ham muhim ahamiyatga ega ekan[17].
Xulosa qilib aytganda, о‘g‘il va qizlarni kasbga tayyorlash mahalliy emas, balki konseptual tabiatning о‘zgarishi degan xulosaga kelindi, chunki u jamiyatning qiymat tizimini о‘zgartirishni, yoshlarni kasbiy yо‘naltirish jarayonida jinsiy roldan gender yondashuviga о‘tishni talab qiladi.
Agar maktab о‘g‘il va qizlarni turli xil ijtimoiy rollar va kasblarga tayyorlashni davom ettirsa, vaziyat о‘zgarmaydi. Rasmiy ravishda ta’lim tizimi о‘g‘il va qizlarga kasb tanlashda tо‘sqinlik qilmaydi. Biroq bolalar о‘yinlaridan boshlab, darsliklar, qizlar uchun uy xо‘jaligi darslari va о‘g‘il bolalar uchun chilangar yoki duradgorlik orqali kasblarning “erkak” va “ayol”ga bо‘linishi haqidagi stereotiplar yoshlarning ongiga quyib borilishi va ushbu stereotiplar kasb tanlashda muhim rol о‘ynashda davom etayotganini tasdiqlaydi. Shu bois barcha о‘quv dasturlari va darsliklar ayollarning gender stereotiplarini mustahkamlamaydigan tarzda taqdim etilishi kerak.
Masalan, о‘rta maktab ingliz tili darsliklari matnlari va tasvirlaridagi ayollar ulushi Malayziya va Indoneziyada 44%, Bangladeshda 37% va Pokistonning Panjob viloyatida 24% ni tashkil etgan. Efiopiya ta’lim sohasida ham gender stereotiplar saqlanib qolmoqda, buni ayollarning darsliklarni qayta kо‘rib chiqish va ishlab chiqish jarayonidan chetlatilgani bilan izohlash mumkin[18].
Xulosa va takliflar:
− har bir maktab va kollej о‘quvchilari, ota-onalar, о‘qituvchilar, ish beruvchilar tomonidan ma’lum hamda tushunarli bо‘lgan о‘rnatilgan kasbiy ta’lim va yо‘nalish dasturiga ega bо‘lishi kerak;
− har bir о‘quvchi va ularning ota-onalari gender stereotiplari asosida qaror qabul qilish xavfini kamaytirish uchun kelajakdagi ta’lim va mehnat bozori imkoniyatlari haqida sifatli ma’lumotlarga ega bо‘lishi, mavjud ma’lumotlardan maksimal darajada foydalanishi uchun ularga ma’lumotli maslahatchi yordami kerak bо‘ladi;
− turli bosqichlarda о‘quvchilarning kasbiy yо‘nalishga bо‘lgan ehtiyojlari har xil bо‘ladi, shu bois maslahat va yordam olish imkoniyati har bir о‘quvchining ehtiyojlariga moslashtirilishi kerak bо‘ladi, maktabning kasbga о‘qitish dasturlari tenglik va xilma-xillik masalalarini о‘z ichiga olishi lozim;
− har bir о‘quvchi ish beruvchilardan ish, bandlik va ish joyida qadrlanadigan kо‘nikmalar haqida ma’lumot olish uchun bir nechta imkoniyatlarga ega bо‘lishi lozim. Bu ma’ruzachilar tashrifi, murabbiylik va korporativ sxemalarni о‘z ichiga olgan bir qator boyitish tadbirlari orqali amalga oshirilishi mumkin;
− har bir о‘quvchi mansab imkoniyatlarini о‘rganish va о‘z tarmoqlarini kengaytirish uchun ish safari, ish kuzatish yoki ish tajribasi orqali ish joyida birinchi kasbiy tajribaga ega bо‘lishi kerak;
− barcha о‘quvchilar о‘zlari uchun mavjud bо‘lgan ta’lim imkoniyatlarini tо‘liq tushunishlari lozim, bunga akademik va kasbiy yо‘nalishlar, shuningdek, maktablar, kollejlar, universitetlar va ish joylarida о‘qitish kiradi;
− har bir о‘quvchi ichki (maktab xodimlari) yoki tashqi bо‘lishi mumkin bо‘lgan kasb bо‘yicha maslahatchi bilan suhbat о‘tkazish imkoniyatiga ega bо‘lishi kerak. Ular tegishli darajada о‘qitilishi kerak bo‘lib, bu ularning shaxsiy ehtiyojlariga qarab turlicha uyushtirilishi lozim bо‘ladi.



Download 79.87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling