Publisistik uslub(gazeta tili)ning lingvistik xususiyatlari
Badiiy uslubning o`rganilishi va ayrim lingvistik
Download 281.98 Kb.
|
Publisistik uslub(gazeta tili)ning lingvistik xususiyatlari-fayllar.org
Badiiy uslubning o`rganilishi va ayrim lingvistik
O`zbek tili badiiy uslubining shakllanishi uzoq davrlarga borib taqaladi. O`zbek mumtoz adabiyotining XV asrning ikkinchi yarmigacha yashab ijod qilgan ulug` ajdodlarimiz Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Nasriddin Rabg`uziy, Durbek, Qutb, Xorazmiy, Xo`jandiy, Sayfi Saroyi, Haydar Xorazmiy, Yusuf Amiriy, Sayid Ahmad, Sakkokiy, Lutfiy, Gadoiy, Yaqiniy, Ahmadiy kabilarning asarlari, xususan, «Devoni hikmat», «Qutadg`u bilig», «Hibat ul-haqoyiq», «Qisasi Rabg`uziy», «Qissai Yusuf», «O`g`uznoma», «Xisrav va Shirin», «Muhabbatnoma» singari adabiy-tarixiy yodgorliklarda badiiy uslubning o`ziga xos jihatlari o`z aksini topgan. Alisher Navoiy davrida o`zbek adabiy tili bilan bir qatorda uning badiiy uslubi ham yangi taraqqiyot bosqichiga ko`tarildi. Zahiriddin Muhammad Bobur badiiy uslubning shakllanishiga munosib hissa qo`shdi. O`zbek tili badiiy uslubining funksional stillardan biri sifatida o`ziga xosligi tadqiqotchilar tomonidan, boshqa funksional uslublarga qaraganda, atroflicha yoritib berilgan. O`zbek tilshunos olimlaridan A.Sulaymonov, A.Shomaqsudov, I.Qo`chqortoyev, G`.Abdurahmonov, R.Qo`ng`urov, X.Doniyorov, B.O`rinboyev, M.Mukarramov, B.Yo`ldoshev kabi tilshunoslar badiiy uslubning funksional stillar doirasida alohida o`rin tutishini nazariy asoslab berishgan19. Professor S.Karimov shunday xulosani bildirgan: “Badiiy uslubning boshqa funksional stillardan prinsipial farq qiluvchi lingvistik va ekstralingvistik belgilarining yaxlitligi mavjudki, bu yaxlitlik, monolitlik muhim bir vazifaga – estetik vazifani bajarishga qaratilgan. Badiiy uslubni she’riy, nasriy va dramatik nutq uslublariga, ularni esa yana, o`z navbatida, janrlarga bo`lib o`rganish mumkin. Bunday tahlilning funksional uslublar tadqiqida maqsadga muvofiq ekanligini sharhlab, V.D.Bondaletov yozadi: «Funksional uslub nutq vositalarini tanlash va uyushtirishnnng umumiy yo`l-yo`riqlarini aniqlaydi. Uslublar tarmoqlari bu yo`l-yo`riqni muomalaning xususiy sharoitlari va vazifalariga mos ravishda aniqlashtiradi, janr esa til vositalarini tan-lashda ularning aniq sharoit va janr shakllari qonunlariga muvofiqligini chegaralagan holda o`z shartlarini o`rtaga qo`yadi». A.I.Yefimov rus tilida badiiy-belletristik uslubning mavjudligini e’tirof etish bilan bir qatorda uni ikkiga bo`lib qaraydi: poeziya uslubi, proza uslubi. Ularning chegarasida esa lirik janrlar uslubi, satira uslubi, masallar uslubi bor deb ko`rsatadi. Fikrning jonli, betakror, individual tarzda bayon etilishi, ifoda tasvir vositalarining, jumladan, o`xshatish, metafora, metonimiya, epitetlarning, poetik sintaksisning faolligi, sinonimiya va ko`pma’nolilikning, tasvirda ko`p-planlilikning bo`lishi, antiteza, shakldoshlik, oddiy so`zlashuv, jargon-dialektal elementlarning, boshqa funksional uslubga xos birliklarning uchrashi, fe’llarning, sifatlarning, olmoshlarning ko`p qo`llanilishi va bularning barchasining katta bir vazifaga – obrazlilik va emosionallikka xizmat qildirilishi ana shu uslubiy belgilardir. Bunday uslubiy alomatlar funksional stillarning har birida ham bor . «Adabiy tilning har bir uslubi, – deb ta’kidlaydi I.Qo`chqortoyev. – o`ziga xos vositalarga ega bo`ladi. Lekin bundan ma’lum uslubga xos vositalar faqat shu uslub doirasidagina ishlatiladi degan fikr kelib chiqmaydi, albatta. Ilmiy uslubga xos vositalar badiiy uslubda, badiiy uslubga xos vositalar ijtimoiy-siyosiy uslubda ishlatilishi mumkin. Ma’lum uslubga xos degan so`z shu uslub uchun tipik, xarakterli degan ma’noni anglatadi, xolos»20. Olimlarning ta’kidlashicha, bir uslubda uchraydigan birliklar va ularning sifatlari boshqa funksional stillarda ham mavjud bo`lishi mumkin. Ammo bunday paytlarda ham ular mutaxassis tomonidan payqab olinishi mumkin. O`zbek tilshunosligida funksional uslublarnnng ko`rinishlari bo`lgan og`zaki so`zlashuv, ilmiy, rasmiy-hujjat, publisistik uslublar monografik nuqtai nazardan o`rganilib, ularning tilshunoslikda mustaqil uslublar sifatida nazariy jihatdan asoslab berilgan. O`zbek tilshunosligida badiiy uslubni nasriy, nazmiy va dramatik asarlar, xalq og`zaki ijodi namunalari misolida, qolaversa, har bir adabiy janr ko`rinishida o`rganish sohasida muhim tadqiqotlar yaratilgan. Badiiy uslub o`zbek tili vazifaviy uslublari orasida o`ziga xos mavqyega ega bo`lib, ayni paytda, o`zining alohida ma’yorlariga ham ega. Til materialini qamrab olish imkoniyatining kengligi, umumxalq tilida mavjud bo`lgan barcha lingvistik birliklarning, shu bilan birga, boshqa vazifaviy uslublarga xos bo`lgan elementlarning ham ishlatilaverishi va ularning muhim bir vazifaga – badiiy-estetik vazifani bajarishga xizmat qilishi badiiy uslubning asosiy xususiyati hisoblanadi. Tabiiyki, bunday imkoniyatlar boshqa vazifaviy uslublarda chegaralangan. Til vositalarini qo`llashda keng qamrovlilik bo`lishi bilan birga bu uslub doirasida ularni ishlatishda ma’lum me’yorlarga ham amal qilinishi, fonetik, grammatik, leksik va frazeologik xususiyatlar doirasida o`ziga xosliklar boshqa uslublarga qaraganda aniqroq namoyon bo`ladi. Ushbu holatlar S.Karimov tadqiqotlarida atroflicha o`rganilgan. Jumladan, badiiy asar tilidagi fonetik o`zgarishlar asosan matnda tovushlarning qisqargan va orttirilgan (So`rma mendan, kim diloro / Do`stmi yo janona deb. E.Vohidov; Ne balolig` kun edikim. Oshino bo`ldim sango. Alisher Navoiy; Shabboda men seni ko`rmayman, / Qo`limga tutmayman. Zulfiya), ona tilimizning tarixiy taraqqiyot va she’riyat qoidalariga mos tarzda «z» ning «y» ga (So`yla quyosh nimalar bo`lgan, / Sen chiqqanda birinchi marta. H.Olimjon), «q»ning «g`»ga (Quyosh orqasidan –behisob chirog` / Nuriga kiradi mamlakat shu chog`. Zulfiya) o`tgan ko`rinish-larda me’yorlashgan. Shuningdek, badiiy uslubda, xususan, poetik nutqda hozirgi adabiy orfografik me’yor talablariga muvofiq kelmaydigan qaro, yamon, yaro, oshno, talosh singari so`zlar ham ishlatilaveradi. O`zbek tili so`z turkumlarining grammatik shakllari turli adabiy, tarixiy hamda dialektal variantlarga ega bo`lib, ular hozirgi adabiy til me’yori nuqtai nazaridan, bir tomondan, qo`llanish chastotasiga ko`ra faol yoki aksincha bo`lsa, ikkinchi tomondan, ularda vazifaviy-uslubiy chegaralanish ham sezilib turadi. Bu xususiyatlar so`z yasovchi hamda ko`plik, egalik, kelishik, daraja, shaxs-son, zamon, mayl, nisbat kabi ma’nolarni ifoda etuvchi affikslarning nutqdagi ishtirokida, yordamchi so`zlarning turlicha ko`rinishlari va variantlarida namoyon bo`ladi. Ularning ma’lum qismida badiiy uslubga xoslanganlik mavjud. Masalan, -lar kesim tarkibida kelgan paytda hurmat (Dadam keldilar), kinoya, piching (Mulla Eshmat, kelsinlar) kabi ma’nolar so`zlashuv uslubiga xos bo`lsa, ta’kid, kuchaytirish, mubolag`a singari ma’nolar badiiy uslubda ko`proq ishlatiladi (Shu ko`zlar yulduzday abadiy kulsin, Bahor yo`llaringga to`shasin chechak. Zulfiya). Bu kabi holatlar ilmiy va rasmiy uslublarda ko`zga tashlanmaydi. Uslubiy xoslanish kelishik qo`shimchalari variant-larining tanlanishida seziladi. Masalan, qaratqich kelishigining –(i)m (Axir hayajonlar o`zligim manim, / Mayli qalbingga ham ko`chsin hayajon. K.Bahromova), -n (Qanday ko`rkam qizlar avlodin /Xassos didi va shoir dili. Zulfiya), -ing (Shavqimning shuhrasi boshing uza zar tora fido, / Ko`ngluming mahzani gul orazi gulnora fido. Joniy) tarzida qo`llanishi. Ma’lumki, yozuvchining til mahorati, eng avvalo, sinonimik birliklar ustida ishlash mahoratidir. Sinonimik qatordan mos, kerakli birlikni tanlab olish ekspresssivlikni, subyektiv bahoni aniq ifoda etishning eng to`g`ri yo`li bo`lganligi tufayli u badiiy adabiyotda zarur lingvistik vosita sanaladi. Buning ustiga tilda sinonimik variantlar borligi uchun uslubiy me’yorni belgilash imkoniyati mavjud. A.Hojiyevning «O`zbek tili sinonimlarining izohli lug`ati» (Toshkent, 1974) ana shu sinonimik variantlarni farqlashda amaliy yordam beradi. Frazeologizmlar asosan so`zlashuv va badiiy nutqqa xosdir. Ulardagi boshqa uslubga xos chegaralanishlar esa ma’lum muddat keyin yuzaga keladi. Masalan, birgina o`lmoq ma’nosini anglatadigan yuzga yaqin frazeologizmlar sinonimik qatorining paydo bo`lishi ularning vazifaviy chegaralanish imkoniyatini tug`diradi. Masalan, bu tizimga kiradigan olamdan o`tmoq, dunyodan o`tmoq, omonatini topshirmoq, qulog`i ostida qolmoq, jon bermoq shakllari so`zlashuv uslubida ishlatilsa, vafot etmoq, hayotdan ko`z yummoq, dunyodan ko`z yummoq, hayot bilan vidolashmoq kabilar ilmiy, ommabop va rasmiy uslublarda uchraydi. Alloh rahmatiga yo`l tutmoq, shahodat sharobini ichmoq, dorilfanodan dorilbaqoga rixlat qilmoq singarilar esa badiiy matnga tegishlidir. Badiiy adabiyotda dialektizmlarning ishlatilishi adabiy til me’yoriga muvofiq kelmaydi. Badiiy uslubda adabiy til boyliklaridan foydalanibgina qolmasdan, undagi ko`plab birliklarning tilda me’yorlashuvi, adabiy tilning boyib, rivojlanib borishiga doimiy ravishda ta’sir o`tkazib turadi. Download 281.98 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling