Pul, kredit va banklar
O’zbekiston Markaziy banki, uning maqsadi va vazifalari
Download 1.98 Mb. Pdf ko'rish
|
Pul, kredit va banklar
11.2. O’zbekiston Markaziy banki, uning maqsadi va vazifalari Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so’ng, sobiq ittifoq davlat banki bazasida O’zbekiston Respublikasining ikki pog’onali bank tizimi tashkil etildi. Shu davrdan boshlab, uning birinchi pog’onosida Markaziy bank, ikkinchisida esa kredit muassasalari (tijorat banklari, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar) faoliyat yurita boshladi. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki mustaqillikning dastlabki yilarida o’z faoliyatini “Banklar va bank faoliyati to’g’risida”gi Qonun asosida amaga oshirdi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, etmish yildan ortiq markazdan rejalashtirish sharoitida faoliyat yuritib kelgan bank tizimining maqsadi, majburiyati, vazifalari va ishlash tartibi yangidan tashkil etilgan ikki pog’onali bank tiziminikidan tubdan farq qilar edi. Shu jihtdan ham uning bazasida tashkil etilgan bank tizimi oldida juda katta va mas’uliyatli vazifalar turar edi. Xususan, mamlakatda iqtisodiy jarayonlarni to’xtatmagan holda bozor iqtisodiyoti sharoitiga asoslangan kredit muassasalari tizimini tashkil etish, muomalaga milliy valyutani joriy etish, sobiq ittifoq respublikalari bilan uzoq yillardan beri davom etib kelgan hisob – kitoblarni amalga oshirish va boshqa qator vazifalar shular jumlasidandir. Shuning uchun ham mamlakatimiz Markaziy bankining tashkil etilishi, uning mamlakatda pul muomalasini tartibga solish va kredit muassasalari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishi bilan bog’liq vazifalari doimiy ravishda takomillashib, rivojlanib zamonaviy xalqaro bank andozalariga o’tib bormoqda. Markaziy bank iqtisodiy jihatdan mustaqil bo’lgan, yuridik maqomga ega tashkilot hisoblanadi. Markaziy bank o’z daromadlari hisobidan xarajatlarni amalga oshiradi. Agar uning xarajatlari daromadlarga nisbatan ko’p bo’lsa, ushbu farq (zarar) davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Hisobot yilining oxirida Markaziy bank ixtiyorida qolgan ortiqcha mablag’ (foyda) to’lig’icha davlat byudjeti hisobiga o’tkazib beriladi. Ta’kidlash joizki, O’zbekiston Markaziy banki tashkil topganidan buyon hisobot yilini moliyaviy zarar bilan qoplamagan, aksincha hisobot yilning so’nggida juda katta miqdordagi mablag’ni davlat byudjetiga o’tkazib kelmoqda. Markaziy bankning asosiy daromad manbalari sifatida tijorat banklariga beriladigan qayta moliyalash hisobidan oladigan foizlar, hukumatning oltin va valyuta zaxiralarini tasarruf etishdan oladigan foizlar, tijorat banklaridan iqtisodiy me’yorlarni buzganligi uchun undiradigan jarimalari, tijorat banklari elektron to’lov tizimidan foydalanganliklari uchun to’laydigan to’lovlari va boshqa manbalarni keltirish mumkin. Mustaqillikning dastlabki yillarida tashkil etilgan O’zbekiston Markaziy banki qisqa muddat ichida banklarning banki sifatida juda katta ishlarni amalga oshirdi, shuningdek, uning faoliyati takomillashib va rivojlanib bordi. Buning natijasida uning faoliyatini amalga oshirish, huquq va majburiyatlarini belgilaydigan alohida huquqiy hujjatni qabul qilish zaruriyati vujudga keldi. Natijada 1995 yil 21 dekabrda “O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki to’g’risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonun 9 ta bo’lim va 60 ta moddadan iborat bo’lib, Markaziy bankning maqsadi, majburiyat va huquqlarini belgilaydi, shuningdek, Markaziy bankning barcha faoliyat turlari mazkur qonunda aniq va ravshan qilib belgilab qo’yildi. Mazkur qonunga ko’ra, Markaziy bank tijorat faoliyati bilan shug’ullanishi, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga moliyaviy yordam ko’rsatishi va ularning kapitalini shakllantirishda ishtirok etishi ta’qiqlanadi. O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 30 - moddasiga asosan Markaziy bank va uning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari barcha soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lashdan ozod qilinadi, yagona ijtimoiy to’lov bundan mustasno. Markaziy bank mamlakat banklarining banki hisoblanib, to’g’ridan – to’g’ri aholi va mijozlarga bank xizmatlarini ko’rsatmaydi. “Markaziy bank to’g’risida”gi Qonunning 31 – moddasida belgilangan holatlar bundan mustasno. Unga ko’ra Markaziy bank, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, ayrim davlat qo’mitasi va muassasalari, shuningdek, o’zining huzuridagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning asosiy hisobvaraqlariga xizmat ko’rsatish bo’yicha bank operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin. Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashdan iborat bo’lib, ushbu maqsadni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshiradi: monetar siyosatni hamda valyutani tartibga solish sohasidagi siyosatni shakllantirish, qabul qilish va amalga oshirish; O’zbekiston Respublikasida hisob – kitoblarning samarali tizimini tashkil etish va ta’minlash; banklar, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va garovxonalar faoliyatini litsenziyalash hamda tartibga solish, banklar, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va garovxonalarni nazorat qilish, qimmatli qog’ozlar blankalari ishlab chiqarishni litsenziyalash; O’zbekiston Respublikasining rasmiy oltin – valyuta rezervlarini, kelishuvga binoan hukumat rezervlarini qo’shgan holda, saqlash va tasarruf etish; mamlakatda yagona emission organ vazifasini amalga oshiradi. Markaziy bank o’tgan yil faoliyatini mustaqil auditor tashkilotlar tekshiruvidan keyin hisobotni keyingi yilning 15 mayidan kechiktirmasdan Oliy Majlis Senati ko’rib chiqishi uchun taqdim etadi va hisobot beradi. Markaziy bankning oliy organi uning Boshqaruvidir. Boshqaruv Markaziy bank siyosati va faoliyatining asosiy yo’nalishlarini belgilab beradi, bankni boshqaradi. Boshqaruv o’n bir kishidan iborat bo’ladi. Boshqaruv tarkibiga Markaziy bank Raisi, uning o’rinbosarlari, shuningdek, bankning asosiy bo’linma rahbarlari kiradi. Boshqaruvning majlislari oyiga kamida bir marta o’tkazib turiladi, boshqaruv majlisida quyidagi masalalar ko’rib chiqiladi va hal etiladi: monetar siyosatning asosiy yo’nalishlarini, shu jumladan, Markaziy bankning ochiq bozordagi operatsiyalari ko’lami, Markaziy bankning hisob va ssuda berishdagi foiz stavkalari hamda banklarning Markaziy bankdagi majburiy rezervlari normasini belgilaydi; Markaziy bankning normativ hujjatlarini tasdiqlaydi; Markaziy bankning xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki masalasini hal qiladi; banknotlar va tangalarning nominal qiymati va namunalarini, shuningdek, pul belgilarini muomaladan chiqarish shartlarini belgilaydi; O’zbekiston Respublikasi Hukumatiga beriladigan ssudalar miqdori va shartlarini tasdiqlaydi; banklar uchun iqtisodiy normativlarni va kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari hamda garovxonalar uchun moliyaviy operatsiyalar o’tkazish qoidalarini tasdiqlaydi, shuningdek ularga rioya etilishini ko’rib chiqadi; bank faoliyati bilan shug’ullanish uchun litsenziyalar berish va ularni chaqirib olish to’g’risida qarorlar qabul qiladi, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va garovxonalar faoliyati, shuningdek qimmatli qog’ozlar blankalari ishlab chiqarish litsenziyalanishini amalga oshiradi; Markaziy bankning tashkiliy tuzilmasini belgilaydi; Markaziy bank muassasalari hamda korxonalarini tashkil etadi, qayta tuzadi va tugatadi; Markaziy bank xarajatlari va daromadlari smetasini tasdiqlaydi; Markaziy bankning yillik va moliya hisobotlarini ko’rib chiqadi; Markaziy bankning tarkibiy bo’linmalari, muassasalari va korxonalari rahbarlarini tasdiqlaydi; Markaziy bank tarkibiy bo’linmalari, uning muassasalari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari hamda ma’ruzalarini tinglaydi; Markaziy bank xodimlarini ishga yollash, ishdan bo’shatish, ularning mehnatiga haq to’lash shartlarini, shuningdek ularning kreditlar olishi va aktsiyalar sotib olishi tartibini qonun hujjatlariga muvofiq belgilaydi; Markaziy bank vakolati doirasidagi boshqa masalalarni ko’rib chiqadi va hal qiladi. Xulosa qilib aytganda, O’zbekiston Markaziy banki mamlakat banklarining banki hisoblanib, milliy valyutaning barqarorligiga, kredit muassasalarining moliyaviy jihatdan barqaror faoliyat yuritishiga mas’ul bo’lgan davlatning moliyaviy tashkiloti hisoblanadi. Download 1.98 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling