5.4. Korxonalarda innovatsion salohiyatni oshirish
Korxonalarda ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishni samarali faoliyatini tashkil etish va uni boshqarish bo‘yicha turli olimlar tomonidan har xil usullar ishlab chiqilgan. Mashhur amerikalik iqtisodchi M.Porter aynan korxona darajasida innovatsion foaliyatni samarali tashkil etish va boshqarishning o‘ziga xos modelini yaratdi. Uning fikriga ko‘ra korxonalar o‘zi uchun eng maqbul raqobat strategiyasini tanlashda beshta kuch ta’sirini inobatga olishi lozim bo‘ladi25. Bu beshta kuch :
1)O‘rindosh tovar yoki mahsulotlarning paydo bo‘lish xavfi.
2) Yangi raqobatchilarning bozorga kirish xavfi.
3) Raqobatning intensivlik darajasi.
4)Xaridorlar( mijoz)ning narxga ta’sir darajasi.
5)Ta’minotchi (sotuvchi)larning narxga ta’sir darajasi.
Yuqoridagi beshta kuch ta’sirini inobatga olgan M.Porter quyidagi innovatsion faoliyat samaradorligiga erishish uchun umumiy strategiyalarni qo‘llashni tavsiya etadi:
differensiatsiya;
xarajatlar bo‘yicha absolyut ustunlik:
fokus strategiyasi.
Innovatsion iqtisodiyotda differensiatsiya strategiyasi –bu tarmoqda yagona o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan tovar yoki xizmat ishlab chiqarish hisoblanadi.Differensiatsiya har xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin, masalan, dizayn yoki brend (Fieldcrest-sochiqlar va ichki kiyim ishlab chiqaruvchi), texnologiya(Hyster yuk mashinalarini ishlab chiqaruvchi, Coleman kemping uskunalar ishlab chiqaruvchi), funksional imkoniyatlar (JennAir elektroplita ishlab chiqaruvchi), iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish (Crown CorkandSeal metall idishlar ishlab chiqaruvchi) dillerlik tarmoqlari (CaterpillarTractor qurilish texnikasini ishlab chiqaruvchi) va boshqalar. Differensiatsiya strategiyasi iste’molchilarning narxga ta’sirchanligini kamaytirish va “sodiq” mijozlar guruhini yaratish orqali bozordagi kuchli raqobatdan himoya qiladi. Mijozlarning “sodiqligi” va yangi mahsulot yaratishga bo‘lgan majburlik yangi raqobatchilarning bozorga kirib kelishiga xalaqit beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |