3. Mitanni davlatining xo`jaligi. Mitannining katta qismini Arman tog`liklari egallagan. Mamlakat janubida Yuqori Mesopotamiya pasttekisligi joylashgan.
Mitannidagi daryo va soy sohillarida yashagan aholi asosan arpa, bug`doy, no`xat, kunjut, sabzavot va mevalar ekib bog`dorchilik va sabzavotchilik bilan shug`ullanganlar. Sohibkorlar xurmo va uzum ham yetishtirganlar. Mitanni aholisi qo`y, echki, sigir, buqa, buzoq, eshak boqib, chorvachilikka katta ahamiyat bergan. Mamlakatda ot boqib, yilqichilikni rivojlantirish katta ahamiyat kasb etgan. Mitanni otlari butun Old Osiyo mamlakatlarida mashhur bo`lib, ularning narxi yuqori baholangan.
Mitannida kulolchilik, to`qimachilik, zafgarlik, qurolsozlik, ma`dansozlik ham rivoj topgan edi.
Mitanni to`rt tomonga boradigan yo`l ustida, shuningdek madaniyat rivoj topgan mamlakatlar o`rtasida joylashgan edi. Shuning uchun bu yerda ichki va tashqi savdo rivojlangan edi. Mitanni Misr, Suriya, Palastin, Finikiya, Xett, Mesopotamiya, Urartu va Ossuriya kabi davlatlar bilan qizg`in savdo-sotiq ishlari olib borgan. Mitanni qo`shni xalqlar madaniyatidan bahramand bo`lgan.
4. Mesopotamiyaga xoldeylar hukmronligining boshlanishi. Miloddan avvalgi XIII asr oxirlarida Bobil podsholigi kuchsizlanib qoladi. Bu vaziyatdan foydalangan Ossuriya va Elam podsholari Bobilga bir necha bor bostirib kirib mamlakatning ko`p yerlarini bosib oladilar. Isen shahri hokimlari, xususan Navuxodonosor I (1126–1105) elamliklarni Bobildan quvib chiqaradilar. Miloddan avvalgi IX asr boshlarida Fors qo`ltig`i sohilida yashagan Xoldey qabilalari Janubiy Mesopotamiyaga kelib joylashadilar. Shimoli-g`arbdan esa aramey qabilalari o`rta Mesopotamiyaga kelib o`rnashadilar. Xoldey hukmdori Marduqaplaiddin II Bobilni egallab, o`zini podsho deb e`lon qiladi. U elamliklar bilan ittifoq tuzib, ossurlarga qarshi kurash boshlaydi. Miloddan avvalgi 720-yili Elamning Der qal`asi yonida bo`lgan jangda elamliklar Ossur qo`shinlarini yengadilar. Miloddan avvalgi 710–709-yillarda esa Ossur podshosi Sargor II Bobilni egallaydi. Miloddan avvalgi 703-yilda Marduqaplaiddin ossurlarga zarba berib, Bobilni ozod qiladi. Ossurlar Bobilga yana bir necha bor hujum qiladilar. Miloddan avvalgi 648- yildagi bo`lgan jangda Bobil vayron etiladi. Shaharda vabo tarqab, ocharchilik boshlanadi. Aholining katta qismi qirilib ketadi. Ocharchilik kuchayib, odamlar bir-birlarining go`shtlarini yeydilar. Bobil ossurlarga tobe bo`lib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |