Qadimgi yunon san’ati


ESXIL (MIL. AV.525-456-y.)


Download 80.35 Kb.
bet6/8
Sana30.03.2023
Hajmi80.35 Kb.
#1308920
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
YUNON docx

ESXIL (MIL. AV.525-456-y.)
Esxil, Sofokl, Yevripid Afina demokratiyasi rivojining uch davrida ijod qilib, yunon tragediyasi taraqqiyotining uch bosqichini belgilab berganlar.
Esxilning ijodi Afina demokratik davlatining shakllanish davri bilan bog'liq edi. Bu davlat mil. av. 500—449-yillar davomida qisqa-qisqa tanaffuslar bilan davom etgan yunon-eron urushlari davrida shakllandi.
Esxil Afinaga yaqin Elevsin degan shaharda oqsuyak xonadonida dunyoga kelgan. U Marafon va Salamin janglarida ishtirok etadi va bu voqealarni o'zining «Eroniylar» (e. av 472-y.) tragediyasida hikoya qilib beradi. Esxil umrining so'ngida Sitsiliyaga keladi va shu yerda (Gele shahrida) dunyodan o'tadi.
Esxil 80 tacha tragediya va satirlar dramasini yozgan. Bizgacha 7 ta tragediyasi to'laligicha, boshqa asarlaridan kichik parchalar yetib kelgan.
Esxil tragediyalarida o'z davrining asosiy tamoyillari, urug'chilik tuzumining yemirilishi va Afina quldorlik demokra­tiyasining shakllanishi natijasida ijtimoiy va madaniy hayot sohasida yuz bergan o'zgarishlar o'z ifodasini topgan.
Esxil e'tiqodi mustahkam, dindor kishi bo'lgan. U, olamni boshqaruvchi odil kuch bor va har qanday mavjudot shu kuchning haq hukmiga bog'liq, bilib-bilmay qilingan gunohining xudolar tomonidan jazolanishi va adolatning qaror topishi muqarrar, deb tushungan. Intiqom muqarrarligi va adolatning qaror topishi g'oyasi Esxilning hamma tragediyalarida ko'zga tashlanib turadi.
Esxil taqdiri azal (Moyra)ga ishonib qaragan. Uning nazdida, hatto, xudolar ham taqdir izmidan chiqolmaydi. Esxil o'z tragediyalariga ikkinchi aktyorni olib kirdi va shu bilan fojeaviy to'qnashuvlarni ancha teran ishlash va xatti-harakat jihatlarini kuchaytirish imkoniga erishdi. Bu teatr san'atida yuz bergan chinakam burilish nuqtasi edi: bittagina aktyor bilan xor ishtirok etuvchi eski tra­gediya o'rniga sahnada o'zaro olishuvlar orqali personajlarning fe'l-atvori ochiladigan yangi xildagi tragediya paydo bo'ladi.
Esxilning ilk tragediyalari («Iltijo go'ylar», «Eroniylar»)da asosiy o'rin xorga ajratilganidan dramatik to'qnashuv o'ta sust rivojlangan.
Bizgacha yetib kelgan deyarli barcha tragediyalar prolog (maqaddima) bilan boshlanadi. Prologdan so'ng orxestraga xor kirib keladi va pyesaning oxiriga qadar bu yerdan jilmaydi. Xorning or­xestraga shu chiqishi parodl deb atalgan. Paroddan so'ng episodiylar, ya'ni tragediyaning dialoglarga asoslangan qismi boshlangan.
Esxilning «Eroniylar» tragediyasi uning ilk asarlari jumlasiga kiradi. Bu zamona voqealariga bag'ishlangan va bizgacha saqlanib qolgan yagona asar hisoblanadi.
Tragediya jo'shqin vatanparvarlik tuyg'ulariga to'la. Esxil Yunonistonning demolcratik tartibi mustabid Eron tuzumidan ustun ekanligi va shu bois ellinlar g'alab'a qozonganligini ko'p martalab takrorlagan. Bu fikr Atossa bilan chopar orasidagi savol-javobda, ayniqsa, yaxshi ifodalangan. Atossaning «Kim ekan ularda lashkarga boshchi, hukmdor?» degan savoliga chopar «tiriklarga mute qullar emas, bo'ysunmas kishilar ular», «Elliadaning kuchi nimada ekan?» degan savolga «Fuqaro jasorati — ularning qal'a-yu qalqoni ekan», deb javob qaytaradi.
«Zanjirband Prometey» (qo'yilgan vaqti noma'lum) asari Esxil ijodida alohida o'rin tutadi. To'ng'ich ma'budlar naslidan bo'lmish titan Prometey haqidagi afsonalar ko'pgina yunon shoirlari uchun ilhom manbayi bo'lgan. Lekin Esxil birinchi bo'lib Prometey obrazini qahramonlik ruhida talqin etgan. Zevs insoniyat naslini butkul yo'q qilib yubormoqchi bo'lganda, Prometey arshi a'lo mehrobidan tangri otashini o'g'irlab odamlarga topshiradi. Odamzodga u yana imorat-koshonalar qurish, dehqonchilik, yovvoyi hayvonlarni o'rgatish, vaqtni o'lchash, tabobat sirlarini anglash kabi ko'p kasbu ilmlarni o'rgatadi. Esxil insoniyat tarixini o'sish, ulg'ayish tarixi tarzida ko'rsatgan.
Prometey odamlarni omilkor, o'ta qudratli qilib qo'ygani uchun Zevsning qahriga uchraydi. Zevsning malaylaridan Hukmdorlik va Zo'rlik tragediyaning muqaddima qismida tog' qoyasiga zanjirband etish uchun Prometeyni dunyoning eng chekkasiga, uzoq Skifiyaga olib keladilar. Bu mash'um voqea koinot kuchlaridan hech birini befarq qoldirmaydi. Prometeyning onaizori — zamin ma'budasi, quyosh, tog'lar, daryo, dengiz to'lqinlari va ilohiy Samo jabrdiydaga hamdard bo'ladilar.
Prometey Zevs malaylarining yana ham dahshatliroq azoblar keltirishini aytib, do'q-po'pisalar qilganda ham Zevsning muqarrar halokati sirlarini aytishdan bosh tortadi.
Zevsning zulm va istibdodiga qarshi bosh ko'targan Prometey tragediyada inson xurligi va saodati uchun kurashchi bo'lib gavdalangan. Prometey obrazi xur inson shaxsini ezib kelgan har qanday qabohatga zarba berishda, erkinlik ideallarini mujassam etishda o'zining insonparvarlik mohiyati bilan bashariyatga xizmat qilib keldi.
«Oresteya» (e. av 458) bizgacha to'laligicha yetib kelgan yakka-yu yagona tirilogiya namunasidir. Shu «Oresteya» orqali uch asarni birlashtiruvchi trilogiya turi qadimda qanday bo'lganligini anglash mumkin.
Trilogiya asosida yunon qo'shinlarining sardori Agamemnon yetishib chiqqan avlodning mudhish jinoyatlari haqidagi rivoyatlar yotadi.
«Oresteya» trilogiyasi Esxil mahoratining eng yuqori samarasi sifatida dunyoga kelgan. Unda to'qnashuvlar keskin tarzda rivojlanib boradi.
Esxil jamiyat rivoji tamoyillarini chuqur his etgan, o'z zamonasi intilishlarini eng yorqin, to'la ifodalagan drarnaturg bo'lgan.
Mil. av. V asrning oxiriga kelganda, Esxil asarlari o'sha davr kishilariga birmuncha eskirgan bo'lib ko'ringan bo'lsa-da, lekin ke­yingi avlodlar uchun u birinchi ulug' fojianavis shoir bo'lib qoldi. Esxil ijodi jahon poeziyasi va dramaturgiyasi rivojiga sezilarli darajada ta'sir ko'rsatgan.

Download 80.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling