Qarshi davlat


Mavzu: PEDAGOGIK PSIXOLOGIYANING YUZAGA KELISH TARIXI


Download 0.52 Mb.
bet5/44
Sana13.11.2023
Hajmi0.52 Mb.
#1770114
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   44
Bog'liq
Qarshi davlat universiteti

Mavzu: PEDAGOGIK PSIXOLOGIYANING YUZAGA KELISH TARIXI




Reja:

1.Pedagogik psixologiyaning umumpsixologik konteksti.


2.Psixologiya nazariyalari va uning pedagogik psixologiya
rivojlanishiga ta’siri.
3. Pedagogik psixologiya fanining rivojlanish
boskichlari.


Tayanch iboralar: psixik taraqqiyot va ta’limning o’zaro bog’liqligi, inson shaxsining tarkib topishida biogenetik va sosiogenetik konsepsiyalar, rivojlanish, o’sish, taraqqiyot.


Pedagogik psixologiya fanini o‘rganish ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, u boshqa fanlar singari taraqqiyotning umumiy tamoyillariga: oliy nerv faoliyati va psixofiziologiya qonunlariga, bu sohada tuplangan ilmiy ma’lumotlarga tayanib, inson psixikasining kechishi, rivojlanishi, o‘zgarishi yuzasidan bahs yuritadi.
Pedagogik psixologiya alohida predmet sifatida XIX asrning boshlarida vujudga kelgan bo‘lishiga qaramay, uning mustaqil fan sifatida rivojlanishi va karor topish yo‘li ancha murakkab kechgandir.
O‘tmishda ajdodlarimiz insonning psixologik qonuniyatlarini, muayyan ilmiy yo‘nalishda o‘rganmagan bo‘lsalar-da, biroq allomalarning qo‘lyozmalarida mazkur holatlarning namoyon bo‘lishi, inson kamoloti borasidagi qimmatli fikrlari hozirgacha yuksak ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, Abu Nasr Forobiy pedagogika masalalarini va ular bilan bog‘liq bo‘lgan psixologik, fiziologik muammolarni ijobiy xal etishda insonni har tomonlama yaxlit va o‘zaro o‘zviy bog‘liq bo‘lgan qismlardan iborat, deb aytadi. Forobiy mavjudotni bilishda ilm–fanning rolini hal etuvchi omil deb biladi, uningcha inson tanasi, miyasi, sezgi organlari tug‘ilishda mavjud, lekin aqliy bilimi, ma’naviyligi, ruhi, intellektual va ahloqiy hislatlari, harakteri, dini, urf-odatlari, ma’lumoti tashki muhit, boshqa insonlar va shu kabilar bilan muloqotda vujudga keladi, inson o‘z faoliyati yordamida ularni egallaydi, ularga erishadi. Uning aqli, fikri, ruhiy yuksalishning eng yetuk maxsuli bo‘ladi, deb ta’kidlaydi.
O‘qituvchi shaxsining psixologik xususiyatlari masalasida Abu Nasr Forobiy: “O‘qituvchi aql-farosatga, chiroyli nutqga ega bo‘lishi va o‘quvchilarga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini to‘la va aniq ifodalay olishni bilmog‘i zarur”, “O‘qituvchi va rahbarning vazifasi dono davlat rahbari vazifasiga o‘xshaydi, shu sababli o‘qituvchi eshitgan va ko‘rganlarining barchasini eslab qolishi, aql-farosatga, chiroyli nutqga ega bo‘lishi, o‘quvchilarga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini to‘la va aniq ifodalab berishni bilmog‘i lozim. Shu bilan birga o‘z or-nomusini qadrlashi, adolatli bo‘lishi lozim. Ana shundagina u insoniylikning yuksak darajasiga ega bo‘ladi va baxt cho‘qqisiga erishadi”, deb ta’kidlaydi.
Abu Rayxon Beruniy ta’lim va tarbiyaning maqsadi, vazifalari va mavqei, inson, yosh avlodning rivojlanishi haqidagi fikrlari chin ma’noda insonparvarlik va insonshunoslik zamirida yaratilgan. Bilim va tarbiyaning tabiatga uygunlik tamoyillarini mutafakkirning barcha asarlarida kuzatish mumkin. U insonni tabiatning bir qismi deb ta’kidlaydi.
Beruniy ta’lim jarayonining mohiyatiga chuqur kirib borib, bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olish asosida qurilgan o‘qitish samarali bo‘lishini uktiradi. Beruniy pedagogik ijodida inson va uning baxt–saodati, ta’lim–tarbiyasi, kamoloti bosh masala bo‘lgan.
O‘rta asrda yashab, ijod etgan donishmand, tabobat ilmining doxiysi Abu Ali ibn Sino inson ruhiyati, tana va kalbning birligi, inson organizmining tuzilishi, undagi nerv faoliyati va ularning tarmoklanishi, holatlari haqidagi qimmatli ma’lumotlari hozirga qadar tibbiyotning muhim negizini tashkil etadi. Abu Ali ibn Sinoning fikricha: “...O‘qituvchi matonatli, sof vijdonli, rostgo‘y va bolani tarbiyalash metodlarini, ahloq qoidalarini yaxshi biladigan odam bo‘lmog‘i lozim. O‘qituvchi o‘quvchining butun ichki va tashki dunyosini o‘rganib, uning aql qatlamlariga kira olmog‘i lozim”.
Yusuf Xos Xojib ijodining bosh masalalaridan biri - komil insonni tarbiyalashdir. U o‘z asarlarida eng komil, jamiyatning o‘sha davrdagi talablariga javob bera oladigan insonni qanday tasavvur qilgan bo‘lsa, shu asosda u o‘z tamoyillarini izchil bayon etadi. «Qutadgu bilig» («Saodatga yo‘llovchi bilim») asari ta’lim va tarbiya, ma’naviy kamolotning yo‘l–yo‘riqlarini, usullarini, chora-tadbirlarini o‘zida mujassamlashtirgan, ahloq va odobga doir ma’naviy manbadir.
Abduraxmon Jomiyning «Bahoriston», «Xirandnomai Iskandari», «Tuhfat-ul-axror» va boshqa asarlarida ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya, kasb-xunar o‘rganish, inson ijobiy fazilatlari haqidagi fikrlari ifodalangan.
Ta’lim va tarbiya jarayonida tarbiyachi va o‘qituvchi shaxsi eng muhim omil bo‘lganligi tufayli Nasriddin Tusiy “O‘qituvchilarni tarbiyalash to‘g‘risida” degan asarida shunday ifodalaydi: “O‘qituvchi munozaralarni olib borishni, rad etib bo‘lmaydigan darajada isbot qilishni bilishi, o‘z fikrlarining to‘g‘riligiga ishonishi, nutqi esa mutlaqo toza, jumlalari mantiqiy ifodalanadigan bo‘lishi lozim... O‘qituvchi nutqi hech qachon va hech qayerda zaharxandali, qo‘pol yoki qattiq bo‘lishi mumkin emas. Dars paytida o‘qituvchi o‘zini tuta olmasligi ishni buzishi mumkin...”.
Alisher Navoiyning «Xazoyin-ul-maoniy», «Maxbub-ul-qulub» va boshqa shu singari asarlarida yetuk, barkamol insonning ahloqi, ma’naviyati, o‘zgalarga munosabati, iste’dodi va qobiliyati to‘g‘risida qimmatli mulohaza lar yuritilgan. Ana shu psixologik mezonlar ijtimoiy adolatning karor topishi uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan. Shu bilan birga o‘qituvchi mexnatini xolisona baxolab: “Agar shogird podsholikka erishsa ham, unga (muallimga) qulluq qilsa arziydi”, deydiki, bu orqali ta’lim va tarbiya jarayonidagi o‘qituvchi shaxsining markaziy shaxs sifatida ko‘radi. Shuningdek, Navoiy asarlarida yosh avlodni barkamol inson sifatida shakllanishida ota-onaning roli, ayollarning iffatliligi, kishilarning kamtarligi haqidagi fikr-mulohaza lari alohida o‘rin egallaydi.
Navoiy «Hamsa»sining har bir dostonida bukilmas iroda, qat’iyatlilik, itoat, insonparvarlik tuyg‘ulari, ijodiy hayolot, insonning murakkab ichki kechinmalari mohirona yoritilgan. Shuningdek, bu borada Mahmud Qoshg‘ariy, Ulug‘bek, Naqshbandiy, Ogahiy singari buyuk Sharq mutafakkirlarining yoshlar tarbiyasiga, o‘qituvchi, tarbiyachining jamiyatdagi o‘rni, ahloq-odob, fe’l-atvor, oilaviy xayot, shaxslararo munosabatlarga doir qarashlari ularning asarlarida ravon va ixcham bayon etilganligini ta’kidlash mumkin.
Yosh avlodning ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq psixologik muammolari yirik olimlar, faylasuf va yozuvchilarini ham muntazam jalb etib kelgan. Dastlabki pedagogik-psixologik mazmundagi asarlar diniy-ahloqiy ta’limotlar zamirida yoritilgandir. Rossiyada psixologik tadqiqot namunalari Shark va G‘arb madaniyati ta’sirida inson ruhiyati bilan bog‘liq turli asarlarda shakllanib kelgan. V.N.Tatishev, A.N.Radishev, N.I.Novikov va boshqalarning asarlaridagi dastlabki qarashlari ham psixik taraqqiyotning o‘ziga xos xususiyatlari, psixik rivojlanishdagi tafovutlar bilan yo‘g‘rilgandir.
Rus tarixchisi V.N.Tatishevning «Fanlar va bilim yurtlarining foydasi to‘g‘risida suhbat» kitobida fanlarning tasnifi, bilimlarning ahamiyati, til va nutqning mavqei, yosh davrlarining xususiyatlari bilan bog‘liqligi ko‘rsatilgan.
A.N.Radishev birinchilar qatori bola psixik taraqqiyotini tabiiy-ilmiy yusinda asoslab berishga urindi. Uning «Peterburgdan Moskvaga sayoxat» kitobi bu borada pedagogik-psixologik asarlar sirasidan munosib o‘rin egallaydi. Yozuvchining fikricha, inson tashki muhit haqidagi taassurotlarini sezgilar orqali idrok etadi, shu yo‘sinda uning tafakkuri, ulg‘ayib shakllanadi.
N.I.Novikov bashariyat farovonligini ko‘zlab, yoshlar va bolalar o‘rtasida foydali bilimlarni keng targ‘ibot etish uchun ularni o‘ziga xos yo‘sinda tarbiyalamoq zarur deb aytadi. Uning asarlarida insonning kamoloti uchun tafakkur, xotira, ahloq, his-tuyg‘u va taqlidchanlik alohida ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlanadi.
Shuningdek, Rossiyada ilmiy psixologiyani rivojlantirishda N.F.Kapterev, N.A.Sikorskiy, A.P.Nechayev, A.F.Lazurskiy, P.F.Lesgaft, I.M.Sechenov, I.P.Pavlov, P.P.Blonskiy singari olimlar bu borada o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shganlar.
Ta’kidlash joizki, ayniksa, L.S.Vigotskiy, S.L.Rubinshteyn, A.R.Luriya, A.N Leontyev, M.Y.Basovlar tomonidan yaratilgan yangi ilmiy nazariyalar, chunonchi psixikaning madaniy-tarixiy rivojlanish va taraqqiyotning o‘zaro munosabat nazariyasi, psixik taraqqiyotda faoliyatning mavqei singari ilmiy-nazariy qarashlari hozirgi kun yosh davrlar psixologiyasi va pedagogik psixologiya fanining tayanch tushunchalaridandir.
O‘tgan asrning o‘rtalarida vujudga kelgan turli nazariyalar, qarashlar, o‘quv faoliyati va ta’limning talqinlari (D.N.Bog‘oyavlenskiy, N.A.Menchinskaya, P.Y.Gal’perin, Z.I.Kalmikova, N.F.Talizina, D.B.El’konin V.V.Davidov, L.V.Zankov, L.N.Landa, A.A.Lyublinskaya, N.V.Ko‘z’mina va boshqalar) nafakat pedagogik tajribani, balki psixologiya fanining bu tarmogini ilmiy-amaliy boyitishga asos bo‘ldi.
Ayniksa, so‘nggi yillarda o‘quv materialini o‘zlashtirishning mexanizmlari (S.L.Rubinshteyn, N.Kabanova-Meller, L.B.Itel’son); xotira haqida (P.I.Zinchenko, A.A.Smirnov, V.Y.Lyaudis); tafakkur (N.F.SHemya-kin, A.M.Matyushkin); idrok (Y.B.Gippenreyter); bolalarda nutqning rivojlanishi (M.I.Lisina, A.A.Venger); shaxsning rivojlanishi (B.G.Ananyev, L.I.Bojovich, V.S.Muxina); muloqot va nutq (V.A.Artemov, A.A.Leontyev, V.A.Kan-Kalik); psixik rivojlanishning davrlari (P.P.Blonskiy, A.S.Vigotskiy, A.N.Leontyev, D.B.El’konin, B.G.Ananyev, A.V.Petrovskiy); o‘quvchilarning aqliy faoliyati va iste’dod muammolari (A.A.Bodalev, N.S.Leytes, N.D.Levitov, V.A.Krutetskiy) ga bagishlangan qator ilmiy tadqiqotlar bu fanning yanada rivojlanishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmokda.
Nemis psixologi E.Meyyerman bolaning o‘quv maskani davrida uning ruhi va tanasida kechayotgan o‘zgarishlarni to‘liq bilmay turib, unga buyruq yoki tazyiq o‘tkazib bo‘lmaydi, deb ta’kidlaydi. Uning fikricha eksperimental pedagogikaning maqsadi ayni shu muammolarga qaratilmog‘i darkor.
Amerikalik psixolog-olim S.Xoll har qanday bola o‘zining individual taraqqiyotida filogenezni ontogenezda takrorlaydi, shu bois bolalarga ibtidoiy instinktlarni og‘riqsiz, yengil kechishi uchun qo‘lay imkoniyatlar yaratib berish zarur deb aytadi. S.Xoll o‘z tajribalari asosida boy ashyoviy dalillar to‘plab, bola haqida psixologik, fiziologik hamda pedagogik bilimlarning kompleks dasturini yaratish g‘oyasini olg‘a suradi.
Shveytsariyalik psixolog E.Klapared «Bola psixologiyasi va eksperimental pedagogika» asarida qiziqish, motiv, extiyojlarning metodologik asoslari, bolalar tafakkurining xususiyatlari va rivojlanish qonuniyatlari, o‘xshashlik va tafovutning bola ongida sodir etilishi to‘g‘risida mulohaza yuritadi.
Fransuz psixologi E.Dyurkgeym, ulg‘ayish - kishilarning his-tuyg‘ularni o‘zlashtirishi ekanligini, shu bois, idrok kilingan tasavvurlar bolaning ruhiy faoliyatini ifodalashini, bolaning tajriba, an’ana, urf-odatlarni taqlid orqali egallashini, biologiyada irsiyat qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, taqlid ham jamiyatda shunday o‘rin tutishini uqtiradi.
Yana bir fransuz psixologi P.Janening fikriga ko‘ra, inson psixikasi ijtimoiy munosabatlarga bog‘liq, zotan jamiyat va tabiat o‘rtasidagi turli aloqalar tizimining shakllanishi, insonning ulg‘ayishini belgilaydi. U sifatida hatti-harakatni tushunadi, bu esa kishining atrof-muhitga shaxsiy munosabatidan boshqa narsa emas, albatta. P.Janening ta’kidlashicha, eng qimmatli, ahamiyatli, ijtimoiy harakat hamkorligidagi faoliyatda o‘z ifodasini topadi, shaxslararo tashki munosabatlar rivojlanishning muhim tamoyili hisoblanadi.
Amerikalik psixolog Dj. Bruner shaxsning tarkib topishi bilan ta’lim o‘rtasida o‘zaro aloqa mavjudligini ta’kidlab, insonning kamolot sari intilishi bilim olish samaradorligini oshirsa, o‘qitishning takomillashuvi uning ijtimoiylashuvini jadallashtiradi, deb uktiradi.
Shuningdek, J.Piaje, E.Torndayk, Dj.Uotson, F.Galgton, A.Bine, A.Anastazi, T.Simonlar ham bola psixik taraqqiyotida ta’limning mavqeini, ularning aqliy xususiyatlarini, dasturli ta’lim, ko‘nikma va malakalarning ahamiyatini, mashklarning o‘rnini ilmiy-amaliy asoslab berishda muhim o‘rin egallaydilar. Bu ta’limotlar hozirgi kunda ham o‘zining ahamiyatini saqlab kolmokda.
Mazkur muammolarning yechimi hozirgi zamon fanining metodologik tamoyillari asosida, yakin va uzoq xorijiy mamlakatlarida bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning yutuqlari va g‘oyalari haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan xolda o‘zining munosib o‘rnini egallab bormokda. Bu borada T.Kori Niyoziy, S.Rajabov, P.I.Ivanov, M.Vohidov, M.G.Davletshin, E.G‘oziyev, R.Gaynutdinov, B.Qodirov, R.I.Sunnatova, A.Jabborov va boshqalarning ilmiy tadqiqotlarini e’tirof etish mumkin. Jumladan, o‘quvchilarning texnik qobiliyatlari, o‘quv motivlari, zamonaviy o‘quv maskani o‘quvchisining psixologik kiyofasi M.G. Davletshin va uning izdoshlari A.Jabborov, F.I. Xaydarov, M.M.Mavlonovlar tomonidan, tafakkur va ta’limni boshqarish muammosi E.G.G‘oziyevning tashabbusida, iste’dodli o‘quvchilar va kasb tanlash muammosi B.R.Kodirov rahbarligida, bolalarning aqliy faoliyat muammosi R.I.Sunnatovalar tomonidan samarali olib borilmoqda.
Tarbiyaviy jarayonni amalga oshirishda g‘amxo‘rlik bilan bir qatorda yaxshi ko‘rishga asoslangan intizomga rioya qilish zarurdir. Bu bola bilan doimiy muloqotni tushuntirishni, muhokama qilishni, agar bolaning xulq-atvori shuni talab qilsa, og‘zaki tanbeh berishni, yaxshi xulq-atvor uchun taqdirlashni nazarda tutadi.
O‘quvchilar tomonidan ba’zi bir axloqiy tushunchalar va tasavvurlarning o‘zlashtirilishi va ularning bola shaxsiga bo‘lgan ta’sirini psixologik nuqtai nazardan o‘rgangan V.A.Krutetskiy o‘z tadqiqotida 10 ta asosiy tushunchani tanlab oladi. Bular: qat’iylik, sezgirlik, faxrlanish, haqgo‘ylik, mardlik, bir so‘zlilik, kamsuqumlik, qo‘rqmaslik, faxrlanish, burch kabilardir. Olim o‘tkazgan tadqiqotidan shunday xulosaga keladiki, o‘quvchilar ushbu tushunchalarni mukammal tushunishlari va hayotga tadbiq etishlari uchun:
O‘quvchilarda o‘z-o‘zini anglashda shaxs axloqiy hislarining ba’zi bir jihatlari masalari P.I.Razmislov, jamoa oldida burchni rivojlantirish xususiyatlari A.L.Shnirman, burch hissini tushunish muammolari A.S.Alyakrinskaya, axloqiy jihatdan o‘zini aniqlash muammolari V.I.Shardakovlar tomonidan o‘rganilgan.
Bolalik va maktab yoshida shaxs tarbiyaning hal kiluvchi ta’siri ostida tarkib topadi. Tarbiya maxsus faoliyat sifatida muyayan dasturning, anglab olingan maqsadning mavjudligi bilan ta’sir ko‘rsatishning maxsus ishlab chiqilgan va asoslab berilgan vositalari, shakllari hamda metodlarining tasodifiy yoki stixiyali ta’sirlaridan ajralib turadi. Ma’lumki, tarbiyaning eng muhim vazifasi yosh avlodda mustahkam e’tiqod va his-tuyg‘ular hamda ularga asoslangan ma’naviy xulq- atvorni hosil qilishdir. Bu vazifani shaxsni faol va muayyan maqsadni ko‘zlagan holda, shuningdek bolaning individual xususiyatlarini hisobga olgan taqdirdagina hal etish mumkin.
Mashhur olim Gerbart tarbiyaning maqsad va vazifalari haqida quyidagi fikrlarni olg‘a suradi. Gerbart tarbiya maqsadini belgilab olishga katta ahamiyat beradi. U tarbiyaning maqsadi yaxshi fazilatli kishini tarkib toptirishdan iborat, deb hisoblaydi. Gerbart tarbiya ishida aqliy ta’limga tarbiyaning eng katta va asosiy vositasi deb bilib, ta’limsiz tarbiya bo‘lmaydi deb hisoblagan.
Tarbiya avvalo oilada, keyinchalik ta’lim- tarbiya muassasalarida ta’lim bilan birgalikda uzluksiz ravishda berib boriladi. Shaxsning qaror topishini eng muhim vazifasi o‘quvchida axloq talablariga javob beradigan e’tiqod va ideallar tarkib toptirishdir. O‘quvchi shaxsining shakllanishidagi bundan keyingi jarayon shundan iboratki, unda yuzaga kelgan axloqiy e’tiqod va ideallar sistemasi, ya’ni uning ma’naviy ongi hukmronlik qiluvchi omilga , uning ijtimoiy faolligini belgilab beruvchi omilga aylanadi.
Shaxsning ijobiy yo‘nalishini tarkib toptirish uchun maktab o‘quvchilarini barcha vaziyat va holatlarda to‘g‘ri yo‘l tutishini istashi hamda to‘g‘ri yo‘ldan borishi uchun uning nima qilishini bilishi, o‘zi ham to‘g‘ri xulq-atvorli bo‘lishni mashq qilishi zarur.
O‘quvchilarni ongiga singdirilgan qoidalarni yaxshilab asoslab berishi isbotlangan bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bu hamma narsani tushinib olishga va buning asoslanganligiga ishonch hosil qilishga, oqilona isbotlarga rozi bo‘lishga qodir bo‘lgan o‘smirlar va katta yoshdagi o‘quvchilar bilan o‘tkazish paytda juda muhimdir.
O‘quvchilarda maksimal faollik uyg‘otish yoki jonli ravishda fikr almashish istagini uyg‘otish, ularning fikrini avj oldirish va o‘zlarini axloq masalalari ustida o‘ylab ko‘rishga majbur qilishlari zarur. O‘quvchilarga tayyor haqiqatni zo‘rlab qabul qildirish yaramaydi, axloq normalari haqidagi xulosalarni ularning aktiv ishtirokida chiqartirish kerak. Buning uchun suhbat jarayonida muhokamaga qo‘yilishi kerak bo‘lgan masalalarni oldindan tayyorlab qo‘yish tavsiya etiladi.
O‘quvchilarda chuqur va ta’sirchan emotsiyalarni uyg‘otishga intilish lozim. Bunda o‘qituvchi suhbatni befarq, shavq va zavqsiz emas, balki emotsional tarzda jonli qilib o‘tkazilgandagina erishish mumkin.O‘qituvchi o‘zining ehtirosli e’tiqodi o‘quvchilarga o‘tishini unutmaslik darkor.
Yuqorida aytilgan fikrlardan o‘qituvchilar va ota onalar o‘zlariga hamda o‘z xulq-atvorlariga nisbatan juda qattiq talablar qo‘yishi, o‘nlab bolalarning sinovchan ko‘zlari, ularning kuzatib turganliklarini hech qachon unutmasliklari kerak.
Qonfutsiy: “Eskini o‘zlashtirgan va yangini tushunishga qodir insongina tarbiyachi bo‘la oladi” degan edi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq butun mamlakat miqyosida ta’lim-tarbiya, ilm-fan, kasb-hunarga o‘rgatish sohalarini isloh qilishga nihoyatda katta zarurat sezila boshladi. Bugungi kunda tarbiya jarayonida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, ma’rifat xalqimiz, millatimiz qonidadir. An’anaviy sharqona qarashga ko‘ra, ma’rifatlilik faqat bilim va malaka emas, ayni paytda chuqur ma’naviyat va go‘zal axloq degani hamdir.


Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   44




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling