Qishloq xo‘jaligida mulkchilik munosabatlari va tadbirkorlik shakllari Reja


Qishloq xo’jaligida mulkiy munosabatlarni yanada takomillashtirish yo’llari


Download 0.61 Mb.
bet7/9
Sana03.12.2023
Hajmi0.61 Mb.
#1806299
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Qishloq xo‘jaligida mulkchilik munosabatlari va tadbirkorlik shakllari

3. Qishloq xo’jaligida mulkiy munosabatlarni yanada takomillashtirish yo’llari.
Mustaqillikning ilk davridan boshlab mamlakatimiz hukumati tomonidan O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri bo’lgan agrar sohani rivojlantirish bo’yicha izchil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Qishloq xo’jaligida turli mulkchilikka asoslangan erkin tovar ishlab chiqaruvchi subyektlar shakllandi. Dehqonlarning mulkka egalik hissining ortishini, erkin iqtisodiy faoliyat yuritishini, daromadlarini o’z xohishiga ko’ra mustaqil taqsimlash hamda tasarruf etish imkoniyatini beradigan xo’jalik yuritish shakllarini mazkur tarmoqqa joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda davlat rahbarligida qishloq xo’jaligini moliyalashtirish, kreditlash hamda soliqlar tizimlari ishlab chiqilib, ular hayotga bosqichma-bosqich tatbiq qilinmoqda. Davlat tomonidan fan, texnika va ilg’or, samarali texnologiyalar tizimlarini tarmoqqa joriy etish hamda qishloq aholisini ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qishloq xo’jaligida mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab davlatning bevosita rahbarligida agrar islohotlarning negizi hisoblangan yer va mulk islohotlari, mazmunan yangi fermer va dehqon xo’jaliklari tashkil etildi va bu jarayon takomillashtirib borilmoqda.
Davlat qishloq xo’jaligi bilan bog’liq bo’lgan tarmoqlarni ham (xizmat ko’rsatuvchi, qayta ishlovchi, sotuvchi) isloh qilishga alohida e’tibor bermoqda. Natijada bu tarmoqlardagi davlat korxonalari davlat aksiyadorlik korxonalariga, tashkilotlariga aylantirildi. Masalan, paxta zavodlari, un, non, yog’-moy, go’sht kombinatlari, konserva zavodlari hissadorlik jamiyatlariga aylantirildi. Natijada shu tarmoqlarda bozor munosabatlarini erkin amalga oshirish imkoniyatiga ega bo’lgan turli shakldagi mustaqil korxonalar, birlashmalar, uyushmalar tashkil etildi. Ularning serqirra faoliyatlarini samarali boshqarishni ta’minlash qobiliyatiga ega bo’lgan tarmoq tashkilotlari ham davlatning bevosita rahbarligida tashkil etilib, takomillashtirilmoqda. Hozirgi kunga kelib esa ushbu korxonalarni xususiylashtirish jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birgalikda “O’zpaxtasanoat” uyushmasi, “O’zdonmahsulot” hissadorlik kompaniyasi, Kadastr agentligi,
“O’zagrokimyohimoya” hissadorlik jamiyati, “O’zagromashservis” uyushmasi, “O’zagrosug’urta” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “O’zqishloqxo’jalikmashlizing” hissadorlik kompaniyasi, O’zbekiston fermerlar Kengashi va boshqalar tashkil etildi. Islohotlar faqat tarmoqlarda yangi vazirliklar, konsernlar, kompaniyalar tashkil etishgagina emas, balki qishloq xo’jaligi va u bilan bog’liq bo’lgan xo’jaliklar va tarmoqlarning boshqaruv tizimini bozor iqtisodi talablariga moslashtirishga qaratilmoqda. Davlat rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar tarmoqqa ichki hamda chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratmoqda. Bular pirovard natijada qishloq xo’jaligining yanada rivojlanishini, samaradorligi oshishini ta’minlaydi.
Respublikamiz qishloq xo’jaligida amalga oshirilgan islohotlardan yana biri bu – tarmoqda yer va suv resurslaridan unumli foydalanish mexanizmlari ishlab chiqildi va hayotga tatbiq etildi. Chunonchi, yer va suv resurslaridan foydalanishni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Ularda respublikamizda yer va suvga egalik qilish, ulardan maqsadga muvofiq hamda samarali foydalanish borasidagi munosabatlar tizimi va ularni amalga oshirish tartibi ko’rsatilgan. Yer va suv resurslariga egalik qilishning huquqiy asosi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” - deb belgilab qo’yilgan.
Respublikamiz jami yer maydoniga umummilliy boylik sifatida egalik qilish huquqi O’zbekiston Oliy Majlisi zimmasiga yuklatilgan. Oliy Majlis o’z vakolatidagi yer munosabatlarining ayrim masalalarini xalq deputatlari qishloq, shahar, tuman hamda viloyat kengashlari va ularning ijroiya qo’mitalari zimmasiga yuklagan. Ular yuqorida keltirilgan me’yoriy hujjatlar talablaridan kelib chiqqan holda yerlarni ulardan oqilona, samarali foydalanish maqsadida foydalanuvchilarga ma’lum muddatga haq to’lash evaziga foydalanish uchun bermoqdalar.
Demak, ular yer islohotini amalga oshirishga mas’uldirlar. Chunki ular yerlarni samarali foydalanish uchun haqiqiy egasiga berish bilan bog’liq bo’lgan masalalarni hal etadilar.
Shu bilan birgalikda respublika fuqarolariga shaxsiy yordamchi xo’jaliklarini yuritish hamda yakka tartibdagi uy-joy qurilishi va uni obodonlashtirish uchun meros qilib qoldirish sharti va umrbod egalik qilish huquqi bilan belgilangan miqdorda yer berilmoqda. Demak, shu qoidaga muvofiq yerni avloddan-avlodga meros qilib qoldirish ta’minlangan, ya’ni shu yerlarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish huquqi fuqarolarga umrbod berilgan. Bu respublikamiz yer islohotidagi eng muhim yutuq hisoblanadi. Lekin fuqarolar qonunlarda ko’rsatilgan shartlarni buzsalar, ularning yerga merosxo’r sifatida egalik qilish huquqi yuqoridagi tashkilotlar tomonidan bekor etilishi ham ko’rsatilgan. Islohot natijasida respublika qishloq hududlarida yashayotgan fuqarolarga umrbod foydalanish uchun 1990-2002-yillar davomida 600 ming gektarga yaqin qishloq xo’jalik yerlari berildi. Bu maydon Andijon viloyatining qishloq xo’jalik yerlariga nisbatan 2,2 marta, Farg’ona viloyatinikiga nisbatan 1,8 barobar ko’pdir. Yerlarni berish natijasida 3,2 mln. dan ortiq oilaning yer bilan ta’minlanganlik darajasi hozirgi davrda qondirilgan. Hozirgi vaqtga kelib mamlakat aholisi ixtiyorida 625,8 ming gektar tomorqa yerlari bor edi. Aholi o’zlariga berilgan yerga qonun doirasida egalik qilish hamda undan samarali foydalanish natijasida yurtdoshlarimizni qishloq xo’jalik mahsulotlari bilan ta’minlashga ulkan hissa qo’shmoqda.
Aholiga yer maydonlarining berilishi ularning uy-joyga bo’lgan talabini qondirish, mahsulotlar yetishtirish orqali o’z daromadlarini ko’paytirish va eng asosiysi, ularning ish bilan bandligini ta’minlashga, turmush farovonligini oshirishga juda katta hissa qo’shdi.
Bozor iqtisodiga o’tish sharoitida mulkchilikning turli shakllari va erkin mulk munosabatlari mavjud bo’lishi, bunda xususiy mulkchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor berilishi lozimligini inobatga olib, hukumatimiz tomonidan ularning huquqiy asoslari yaratildi: “Mulk to’g’risida”, “Ijara to’g’risida”, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g’risida”gi qonunlar va ko’pgina qarorlar, farmonlar qabul qilindi. Shularga asoslangan holda tarmoqda bosqichma-bosqich mulkchilikning turli shakllari tashkil etildi. Masalan, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq 1992-yilda 224 ta davlat xo’jaligi iqtisodiy ahvoli nochor bo’lganligi uchun jamoa xo’jaliklariga, ularning mulki esa jamoa mulkiga aylantirildi. Qishloq xo’jaligida mulkni davlat tasarrufdan chiqarish va xususiylashtirish jarayoniga alohida e’tibor qaratildi. Xususiy mulkchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor berildi. Chunki haqiqiy mulk egasiga aylangan qishloq ahli undan oqilona hamda samarali foydalanishi tabiiy.
Bu o’rinda ta’kidlash kerakki, yangi yerlarni kompleks o’zlashtirish, foydalanilayotgan yerlarning unumdorligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari, yirik irrigatsiyamelioratsiya inshootlarini qurish, ta’mirlash va ulardan foydalanishda davlatning ko’magi zarur. Qishloq hududlarida ekologik muhitni sog’lomlashtirish bilan bog’liq bo’lgan tadbirlarga, qishloq xo’jaligidagi urug’chilik, seleksiya, naslchilik, veterinariya sohalarida ham davlatning ko’magi muhim ahamiyatga ega. Ushbu sohalar davlat tomonidan tartibga solib borilmasa, ko’pgina muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.
Mamlakatimiz agrar sohasida amalga oshirilgan mulkiy islohotlarning o’ziga xos jihatlari quyidagilar:

  • mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning bosqichma-bosqich amalga oshirilganligi;

  • xususiylashtirishning to’lovli tavsifga ega ekanligi;

  • xususiylashtirishdan tushgan mablag’lar tadbirkorlikni qo’llabquvvatlash, xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirish uchun sarflanganligi;

  • xususiylashtirishning aniq maqsadga yo’naltirilganligi;

  • xususiylashtirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyalanganligi.

Tarmoqda mulkiy islohotlarni amalga oshirish natijasida qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirishning tarkibi ham tubdan o’zgardi. Hozirgi vaqtda yetishtirilayotgan qishloq xo’jaligi yalpi mahsulotining 99 foizi nodavlat sektor hissasiga to’g’ri kelmoqda. Qishloq xo’jaligida turlicha mulk shakllari, turli-tuman xo’jalik yuritish shaklidagi tadbirkorlik rivojlanmoqda. Bu esa tarmoqda raqobat muhitining shakllanishiga olib keladi.
Agrar sohada mulkiy islohotlarni amalga oshirish natijasida mamlakatimiz qishloq xo’jaligida quyidagi o’zgarishlar amalga oshirildi:

  • qishloq xo’jalik obyektlari davlat tasarrufidan chiqarildi va xususiylashtirildi;

  • qishloq xo’jaligida ko’p ukladli iqtisodiyot shakllantirildi;

  • tarmoqda haqiqiy mulkdorlar sinfi shakllantirildi va bu jarayon izchil davom ettirilmoqda;

  • qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarish, ularni qayta ishlash va sotish jarayonlarida raqobat muhiti shakllantirildi va u qo’llabquvvatlanmoqda.

Qishloq xo’jaligida mulkiy islohotlarni amalga oshirishdan ko’zlangan pirovard maqsad – tarmoqda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarda haqiqiy mulkdorlik hissini uyg’otish hamda ularning o’z faoliyatlari natijalaridan moddiy va ma’naviy manfaatdorligini ta’minlashdir. Bugungi kunda qishloq xo’jaligida mulkdorlarning yangi sinfi – fermerlar paydo bo’ldi va ularning qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarishdagi o’rni tobora mustahkamlanib bormoqda.
Mamlakatimiz agrar sohasidagi mulkiy munosabatlarni yanada takomillashtirish uchun quyidagilarga e’tibor berish lozim:

  • qishloq xo’jaligi tarmog’idagi mulkiy munosabatlarni tartibga solib turuvchi me’yoriy hujjatlarni takomillashtirib borish;

  • qishloq xo’jaligi tarmog’ida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash tizimini takomillashtirib borish va bunda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg’or tajribasidan unumli foydalanish;

  • qishloq xo’jaligi tarmog’ida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning biznes ko’nikmalarini va huquqiy bilimlarini rivojlantirishga ko’maklashish;

  • qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarish va ularni qayta ishlash jarayoniga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda tarmoqda xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi mulk shaklini rivojlantirish. Shu asosida tarmoqqa zamonaviy texnologiyalar kirib kelishiga erishish mumkin.



Download 0.61 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling