Qurilish texnologiyasi va tashkiliyoti


Download 32.53 Kb.
Sana17.05.2020
Hajmi32.53 Kb.
#107065
Bog'liq
Mustaqil ISH HOJIAKBAR Texnologiya


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

TOSHKENT ARXITEKTURA QURILISH INSTITUTI

ARXITEKTURA FAKULTETI

QURILISH TEXNOLOGIYASI VA TASHKILIYOTI” KAFEDRASI

QURILISH JARAYONLARI TEXNOLOGIYASI” FANIDAN

MUSTAQIL ISH

Mavzu: Konstruksiya montaj usullari va vositalari.

Guruh: 3 – 17 QHALTE

Bajardi: Tojimurodov H. I.

Tekshirdi: Turdialiyev A. B.

Toshkent – 2020

Reja:

1.Ustun, ferma, to’siq, orayopma va yopma plitalarni hamda devor panellarini tashish.

2.Montaj oldidan qurilish maydonini tayyorlash.

3.Konstruksiyalarni taxlash.



Asosiy tayanch iboralar:

Transport turi; maxsus transport; yuk ko’tarish qobilyatidan samarali foydalanish ; taxlash tartibi; xavfsizlik texnikasi.

Montaj ishlarini bajarishda bino barpo etish uchun zarur bo’ladigan konstruksiyalarni tashish muhim jarayon hisoblanadi.

Montaj ishlari olib boriladigan maydonning joylashgan hududi va montaj ishlarini tashkil qilishga qarab konstruksiyalarni tashib kelishning quyidagi variantlari mavjud:

-temiryo’l transporti yordamida tayyor konstruksiyalarni zavodlardan yiriklashtirish maydoniga yoki bevosita montaj krani harakat doirasiga;

-avtomobil transporti yordamida qurilish maydoniga taxlash uchun yoki bevosita transportdan montaj qilishi mumkin.

-suv transporti, qaysikim, qurilish maydoniga suv havzasi yaqin bo’lganda amalga oshirilishi mumkin, unda zavoddan konstruksiya oraliq tushirish maydoni orqali qurilish maydoniga yetkaziladi.

-havo transportida yuqoridagi tashish usullarining iloji bo’lmaganda konstruksiya zavoddan bir yo’la qurilish maydoniga oraliq yuklash-tushirish ishlari orqali olib kelinadi.

Konstruksiyalarni tashib keltirishning asosiy texnologik xususiyati ularni montaj qilish ketma-ketligiga rioya qilgan holda xususiyati va sifatini saqlagan holda montaj zonasiga yetkazib berishdir. Buning uchun maxsus transport vositalari ishlab chiqilgan bo’lib, ular konstruksiyalarni tashish jarayonida imkon boricha loyiha holatiga yaqin holda (ustun va ayrim konstruksiyalar bundan mustasno) tashib keltiriladi. Davlat Avtomobil Nazorati talabiga ko’ra tashilayotgan konstruksiyaning yo’l sathidan balandligi 3,8 m dan ortib ketmasligi, eni 2,5 m dan, uzunligi 20,0 m dan ortib ketmasligi zarur.

Transport vositasidan konstruksiyani osilib chiqib turgan 2,0 m dan ortib ketmasligi kerak.


Konstruksiyalar bevosita transport vositasidan montaj qilinadigan bo’lsa, u holda ish bajarishni soat bo’yicha grafikka qat’iy rioya qilinishi zarur. Panelovoz,
fermazvoz, sementovoz kabi maxsus transport vositalari mavjud.
Montaj ishlari bajarilguniga qadar qurilish maydoniga ayrim tayyorgarlik ishlari bajarish zarur. Jumladan maydon tekislangan bo’lishi, oqava va yomg’ir suvlari yig’ilib qolmaydigan bo’lishi kerak. Asos shibbalangan, zarur stend va stellajlar, yiriklashtirishda ishlatiladigan qurilmalar joy-joyiga o’rnatilib qo’yilishi kerak. Yopiq, yarim yopiq va ochiq omborxonalar qurib qo’yilgan bo’lishi kerak. Vaqtinchalik yo’llar qurilishi, muhandislik kommunikatsiyalari (suv, elektir va b.)ishlari amalga oshiriladi.

Montaj ishlarini tashkil qilish sxemasi asosan konstruksiyalarni taxlashni ikki usulda:Oraliq maydonlariga yoki bevosita kranning harakat doira chegarasida olib boriladi. Qurilish konstruksiyalarni taxlashda ularning geometrik o’lchamlarini, og’rliklarini va boshqa xususiyatlarini hisobga olish zarur. Bundan tashqari ularni montaj ketma-ketligiga katta e’tibor qilish lozim.

Konstruksiyalar ombori bevosita konstruksiyalar taxlash o’rni va oraliq yo’llardan iborat bo’ladi. Bundan shuni e’tiborga olish zarurki, konstruksiyalar orasidagi yo’llar orasidan yurib, ularni ilib berish va tamg’alarini ko’rish imkoni bo’lsin. Konstruksiyalar o’lchamlariga ko’ra yotiq, tik qiya holatlarda tagliklarda va maxsus stendlarda taxlangan bo’lishi kerak.

Qurilish maydoni hududiga yaqin joylashgan zavodlardan olib kelinadigan konstruksiyalar miqdori montaj jarayonini tezkorligiga qarab 3 kunlik zahiradan kam bo’lmasligi kerak.

Konstruksiyalarni mahkamlashda xavfsizlik texnikasi ta’minlangan, alohida tuzilma va taxlamlarni ustivorligi ta’minlangan, ularni saqlanish va qulay ilib berilishi ko’zda tutilgan bo’lishi zarur.

Montaj – bino va inshootlarni zavodlarda tayyorlangan, yiriklashtirilgan konstruktsiyalar, detallar va tugunlardan majmuali yigʼish jarayonidir. Montaj qurilish ishlab chiqarishining yetakchi jarayonidir. Bunga yigʼma konstruktsiyalarni ishlab chiqaruvchi rivojlangan sanoatning mavjudligi, mexanizatsiyalashning turli va samarador vositalari, qurilish ishlab chiqarish texnologiyasi va tashkiliyoti sohasida zamonaviy yutuqlar, montaj ishlarini oqimli usullarda amalga oshirish mumkinligi yordam beradi.

Konstruktsiyalarni tayyorlash va montaj qilish bir-biri bilan yigʼma elementlarni tayyorlangan joyidan ularni oʼrnatish joyigacha tashish operatsiyalari bilan uzviy bogʼlangandir. Qurilish jarayonlarining koʼproq qismini zavod sharoitlarida bajarishga oʼtqazish mehnat sharoitlarini yaxshilash va yengillashtirishga olib keladi, sarf-harajatlarni qisqartiradi, mahsulot narxini kamaytiradi, qurilish maydonida montaj jarayonlarini mexanizatsiyalashga erishiladi.

Oʼzbekistonda yigʼma temirbeton konstruktsiyalar yigirmanchi asrning 50-yillarida qoʼllanila boshlangan. Yigʼma temirbetondan plitalar, baland boʼlmagan ustunlar, yengil kranlar uchun kran osti toʼsinlari tayyorlangan.

Qurilish konstruktsiyalarining montaji nafaqat toʼliq yigʼma, balki boshqa turdagi binolar qurilishida ham amalga oshiriladi. Gʼisht devorli binolarni qurishda, masalan, yigʼma poydevor bloklarni, karkas elementlari (ustun va rigellar)ni, orayopma va tomyopma plitalarni, zinapoya marshi va maydonchalarini hamda boshqa elementlarni oʼrnatishda ham montaj ishlari olib boriladi.

Qurilishdagi montaj ishlarining nisbiy salmogʼi har doim oshib boraveradi. Bir tomondan alohida elementlarni tayyorlashda yuqori markali sementni qoʼllash natijasida ular massasining pasayishi, sifatli yirik va mayda toʼldiruvchilarni ishlab chiqarish hamda ularni beton tayyorlashda qoʼllash, boshqa tomondan yigʼma konstruktsiyalarni yiriklashtirish, ularni maksimal darajada zavod va texnologik tayyor holatiga erishilmoqda. Qavatlarni va orayopmalarni koʼtarish usullarini qoʼllash, sanoat binolari tomyopmalarini konveyerli yigʼish va blokli montaj qilish, texnologik uskunalarni oʼrnatilgan holda yiriklashtirilgan konstruktsiyalarni komplekt-blokli montaj qilish, toʼliq yigʼilgan machta va minoralar montaji, alohida konstruktsiyalar, butun bino va inshootlarni surib qoʼyish usullari keng tarqalmoqda

Birinchi minorali kranlarning yuk koʼtarish qobiliyati 3 t gacha boʼlgan, hozir turar-joy qurilishi uchun yuk koʼtaruvchanligi 8...10 t boʼlgan mobilli kranlar ishlab chiqarilmoqda, barpo etilayotgan binoning balandligi chegaralanmaydi (limitlanmaydi), lekin koʼpincha 20-40 qavatdan oshmaydi. Sanoat qurilishi uchun yuk koʼtaruvchanligi 800...1000 t gacha boʼlgan kranlar ishlab chiqarilyapti. Shu bilan bir qatorda domkratlar va elektromexanik koʼtargichlardan foydalanishga asoslangan kransiz montaj qilish usullari ham qoʼllanilmoqda. Yil sayin tele- va radioaloqa asosida montaj jarayonlarini masofadan boshqarish vositalari yanada keng qoʼllanilmoqda, montaj operatsiyalarini robotlashtirishni sanoatda oʼzlashtirilishiga qadam qoʼyilmoqda.

80-yillarning boshlarida Oʼzbekistonda yirik panelli va yirik blokli uylar turar-joy fondining 45% ini tashkil etgan, boshqa baʼzi shaharlarda bunday binolar hamma turar-joy maydonlarining 90% ni tashkil etgan. Kelajakda qurilish ishlab chiqarishini takomillashtirish va progressiv texnologik-tashkillashtirish, industriallashtirish omillarini tadbiq qilish natijasida konstruktsiyalarni montaj qilish roli hamda hajmi oʼsib boradi, bunda bino va inshootlarni barpo etish muddatlari hamda tannarxining qisqarishi taʼminlanadi.

Hozirgi paytda uy-joy qurilishida tashqi devorlari gʼishtli va toʼliq yaxlit betondan boʼlgan binolarda yaxlit temirbetonning hajmi oshib bormoqda. Yaxlit konstruktsiyalar bilan bir qatorda yogʼoch va plastmassadan tashkil topgan yengillashtirilgan konstruktsiyalar hamda chodirli va pnevmatik konstruktsiyalarga oid tizimlar ham keng qoʼllanilayapti.

Oʼzbekistonda beton qoʼllanilishining umumiy strukturasida yigʼma temirbeton nisbatan kamroq va bundan keyingi rivojlanishda ham shunday holatning saqlanib qolish ehtimoli koʼproq. Yevropa mamlakatlarida va Rossiyada yigʼma temirbetonning qoʼllanish koʼlami yanada kengaymoqda. Yigʼma temirbeton keng qoʼllanishining koʼpgina obʼektiv sabablari mavjud. Аsosiy omillar iqlimga oid sharoitlar boʼlib, konstruktsiyalarni tayyorlash jarayonini berk binolarga koʼchirishga intilishdir. Statsionar ishlab chiqarish sharoitlarida operatsiyalarni navbatma-navbat nazorat qilishni tashkil etish orqali konstruktsiyalar sifatining turgʼunligini taʼminlash ancha yengil kechadi. Turli shakldagi qoliplarni tayyorlashda zamonaviy polimer ashyolarini qoʼllash turli koʼrinishdagi buyumlar turlarini yaratish va ularni arxitekturaviy pardozlash variantlarini koʼpaytiradi. Yigʼma temirbetonni tayyorlashda kimyoviy qoʼshimchalarni qoʼllash beton aralashmasini zichlashtirish maqsadida qoʼllaniladigan tebratib zichlashtirish usulining davomiyligini qisqartirish yoki undan umuman voz kechish imkonini beradi. Beton tarkibi va konstrukiyalar shaklini tanlash hozirgi paytda buyumlarni yuqori aniqlikda tayyorlash va ruxsat etilgan qoʼyimlarni mm lardagi aniqlikgacha olib kelish imkonini beradi.

Hozirgi vaqtda yigʼma temirbetonni ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarni qoʼllash eng asosiy omillardan biri hisoblanib, bu omil sementlarning yangi avlodini qoʼllash va betonni kimyolash – koʼp funktsiyali vazifalarni bajaruvchi qoʼshimchalardan keng foydalanishga tayanadi.

Temirbeton panelli binolar zilzilabardoshligining yuqoriligi muhim undaydigan omillardan biri sifatida xizmat qilishi mumkin. Hozir Oʼzbekistonning bir qator regionlarining seysmik aktivligi panelli binolarni qurilishiga aniq yoʼnalish olish muhim boʼlishi mumkin.



Montajning tashkiliy printsiplari

Tashkiliy printsiplarga quyidagilar kiradi:

 binoga kommunikatsiyalarni yotqizishni ham oʼz ichiga olgan holda nol sikli ishlarining birinchi oʼrinda bajarilishi;

 koʼtarish-tashish transport mashinalari komplektining ish unumdorligigiga uzviy bogʼlangan holda montaj ishlarini oqim usulida olib borish;

 konstruktsiyalarni transport vositalaridan montaj qilish;

 konstruktsiyalarni oldindan yerda oʼzgarmaydigan bloklarga birlashtirib yiriklashtirish;

 binoni kompleks brigada va montaj mexanizmlari biriktirilgan montaj uchastkalari yoki qamrovlarga boʼlish;

 keyingi ishlarni bajarish uchun barpo etilayotgan binoda alohida montaj qilingan uchastkalarni ritmik tarzda topshirishni taʼminlash;

 variantlarni texnik-iqtisodiy taqqoslash asosida montaj usullari va mexanizmlarni tanlash.

Montaj jarayonlarining texnologik tuzilishi (strukturasi).

Quruvchilar uchun barpo etiladigan binoning texnologikligi asosiy omil boʼlib u oʼz ichiga qoʼllanilayotgan montaj elementlarining texnologik qulayligini inobatga oladi va ularga quyidagilarni kiritish mumkin:

 montaj qilinayotgan elementlarning namunaviy oʼlchamlarining minimal soni yaʼni konstruktsiyalarni tiplarga (turlarga) ajratish darajasi;

 etkazib berilayotgan konstruktsiyalarning qurilish uchun maksimal tayyorligi – geometrik oʼlchamlar va mahkamlash detallari holatining aniqlik darajasi;

 hamma elementlarni ilish, koʼtarish, montaj qilish, oʼrnatish va toʼgʼrilashning qulaylgi;

 hamma tutashgan joylarni bekitish va choklarni toʼldirishning qulayligi;

 konstruktsiya oʼrtacha ogʼirligining maksimal ogʼirligiga nisbatini ifodalovchi montaj massasining birinchi koʼrsatkichiga yaqinligi yaʼni ularning yiriklashtirilganligi va muvozanatlashganligi.

Yigʼma qurilish konstruktsiyalarni montaj montaj qilishning texnologik jarayoni – shunday jarayonlar va operatsiyalar yigʼindisiki, ularni bajarish natijasida karkas, bino yoki inshootning biron-bir qismi yoki toʼliq barpo etilgan inshoot hosil boʼladi. Tayyor montaj qilingan mahsulotni olishga imkon beruvchi barcha jarayonlarning yigʼindisi transport (tashish), tayyorgarlik, asosiy va yordamchi jarayonlardan tashkil topadi.

Transport jarayonlari konstruktsiyalarni markaziy va obʼekt oldi omborlariga tashish, konstruktsiyalarni ortish va tushirish, ularni turlarga ajratish hamda omborlarga taxlash, konstruktsiyalarni yiriklashtirib yigʼishdan yoki omborlardan montaj qilishga uzatish, ashyolar, yarimfabrikatlar, detallarni va jihozlarni montaj zonasiga tashishdan iboratdir. Konstruktsiyalarni taxlash vaqtida ularning sifati, oʼlchamlari, markirovkasi va toʼliqligi (komplektligi) alohida nazorat qilinadi. Konstruktsiyalarni transport vositasidan toʼgʼridan–toʼgʼri uzatish orqali binolarni montaj qilishda tushirish va xillarga ajratish jarayonlari bajarilmaydi, chunki konstruktsiyalar toʼgʼridan-toʼgʼri montaj qilishga uzatiladi.

Tayyorgarlik jarayonlari quyidagilarni oʼz ichiga oladi: konstruktsiyalarning holatini, yiriklashtirilganligini, konstruktsiyalarning vaqtincha kuchaytirilganligini tekshirish, montaj qilishga va oʼrnatishga tayyorlash, konstruktsiyalarni bevosita yagona montaj birligi sifatida oʼrnatish joyiga uzatish. Konstruktsiyalarni jihozlar bilan taʼminlash, vaqtincha mahkamlash va ishlarni xavfsiz bajarish uchun uskunalar, montaj qilinayotgan elementlarga oʼq belgilarini chizish, narvon va soʼrilarni osib oʼrnatish kabi qoʼshimcha jarayonlar ham kiradi, bu jarayonlar qurilmani koʼtarishdan oldin bajariladi.

Yordamchi jarayonlar poydevorlarning tayanch yuzalarini tayyorlash, konstruktsiyalarni toʼgʼrilash, agar bu jarayolar ular oʼrnatilgandan soʼng bajarilsa, havozalarni oʼrnatish, oʼtish maydonlari, narvon va toʼsiqlarni oʼrnatish ishlari konstruktsiyalarni oʼrnatish davrida bajariladi.

Аsosiy yoki montaj jarayonlari – konstruktsiyalarni loyihaviy joyiga oʼrnatish, yaʼni montaj qilish. Montaj jarayonlari tarkibiga quyidagilar kiradi:

 yigʼma konstruktsiyalarni oʼrnatish joyini tayyorlash;

 ilish va koʼtarish, fazoda koʼchirish, orientirlash va oʼrnatish hamda vaqtincha mahkamlash;

 ilgaklarni boʼshatish;

 butunlay toʼgʼrilash va mahkamlash;

 vaqtinchalik mahkamlash moslamalarini olib tashlash;

 tutashgan joylar va choklarni toʼldirish.

Konstruktsiyalarning turi, montaj qilish jihozlari, tutashuv joylari va ustivorlikni taʼminlash sharoitlariga bogʼliq ravishda toʼgʼrilash ishlari oʼrnatish jarayonlari paytida amalga oshirilish mumkin, bunda konstruktsiya montaj krani bilan ushlab turiladi yoki vaqtinchalik mahkamlangandan soʼng amalga oshiriladi.

Qurilish konstruktsiyalarini montaj jarayonlarining keltirilgan strukturasi umumiylashtirilgan boʼlib, har bir konkret holatlarda aniqlik kiritiladi hamda alohida operatsiyalar va jarayonlar kamaytirilishi yoki koʼpaytirilishi mumkin.

Qurilish konstruktsiyalarining montaji (uni tashkillashtirish nuqtai nazaridan) ikki sxema boʼyicha amalga oshiriladi: konstruktsiyalarni ombordan yoki transport vositalaridan montaj qilish

Ombordan montaj qilish amalga oshirilayotganda oldinda koʼrib chiqilgan hamma texnologik operatsiyalar bevosita qurilish maydonida bajariladi.

Konstruktsiyalarni tashish usullari va vositalari

Konstruktsiyalarni qurilish maydoniga yetkazish barcha turdagi transportlar bilan amalga oshirilishi mumkin, yaʼni yer usti transporti – avtomobillar, temir yoʼllar, traktorlar, hamda suv va havo transportlari bilan.

Qurilish transportini tanlashga taʼsir qiluvchi asosiy omillar:

 qurilish obʼektining joylashgan oʼrni;

 yaqin joylashgan mavjud transport kommunikatsiyalari;

 qurilishni yigʼma konstruktsiyalar bilan komplektlashtiruvchi zavodlarning joylashishi;

 vaqtinchalik va iqlim sharoitlari;

 konstruktsiyalarning massasi, gabaritlari, ularni tashish masofasi.

Temirbeton yigʼma konstruktsiyalarni tashish uchun moʼljallangan asosiy transport turi avtomobil boʼlib, uning yuk tashish masofasi 200 km gacha boʼladi.

Yigʼma konstruktsiyalarni zavodlardan qish paytida beton 100% li mustahkamlikni, yozda esa 70% li mustahkamlikni egallagandan soʼng joʼnatishga ruxsat beriladi, bunday sharoitda konstruktsiyalarni tayyorlovchi zavod 28-kunda beton markadagi mustahkamlikni egallashiga kafolat beradi.

Uzunligi 6 m gacha boʼlgan elementlar bortli avtomobil mashinalarida tashiladi. Uzunligi koʼproq boʼlgan va massasi 14 t.dan ogʼir boʼlgan elementlarni – tirkamali va yarimtirkamali avtopoezdlarda; 40 t.gacha boʼlgan konstruktsiyalar trayler – tirkamalarda; 35 t.gacha boʼlgan konstruktsiyalarni paneltashigich, fermatashigich va bloktashigichlarda tashiladi.

Uzun oʼlchamli konstruktsiyalar fermatashigichlar va shunga oʼxshash transport vositalarida tashilganda yon tomondagi (yonboshdagi) kuchlanishlar yoʼlning burilish uchastkalarida mashinaning ramasi orqali qabul qilinadi. Transport vositasining harakat tezligi tashilayotgan konstruktsiyalarning butunligini saqlash nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Yigʼma elementlarni transport vositalariga taxlash quyidagi talablarni bajarish orqali amalga oshiriladi:

 elementlar loyihaviy holatlarga yaqin holatda tashiladi, ustunlar bundan mustasno, ular gorizontal holatda tashiladi;

 tashilayotgan elementlar yogʼoch inventar qistirmalarga suyangan boʼlishi va bu qistirma hamda tagliklar elementlarni tayyorlanish ishchi chizmalarida koʼrsatilgan joyga oʼrnatilgan bulishi lozim; qistirma va tagliklarning qalinligi 25mm dan kam boʼlmasligi va elementlarning chiqib turgan elementlar balandligidan past boʼlishi kerak. Oraliq qistirmalarni qoʼllashga ruxsat berilmaydi.

 koʼp yarusli qilib yuklashda qistirma va tagliklarni vertikal boʼyicha aniq bir vertikal chiziqda oʼrnatish taqozo etiladi;

Inshootda gorizontal oʼrnatiladigan va gorizontalь holda ishlovchi: toʼsin, rigelь, yopma plita va panellari, baland devor bloklari (1,5 m dan yuqori), hamda uzun oʼlchovli yigʼma konstruktsiyalar – ustunlar va qoziqlar gorizontalь holda tashiladi

Stropila va stropilaosti fermalari, devor panellari, pardadevor panellari vertikalь yoki qiya holatda tashiladi.

Hajmdor elementlar – blok-xonalar, blok-kvartiralar, sanitar-texnik kabinalar loyiha holatida tashiladi.

Juda oʼzoq masofalarga temir yoʼllar boʼylab tashishga ruxsat etiladi

Metall konstruktsiyalar oʼzoq masofalarga koʼpincha temir yoʼllar orqali alohida tarkibiy qismlardan iborat, mayda elementlar sifatida yetkaziladi.

Yogʼoch konstruktsiyalar tayyor holda emas asosan elementlarga ajratilgan paketlar holida tashiladi.

Аvtomobilь va temir yoʼl transporti bilan tashiladigan yuklarning oʼlchamlari harakatlanuvchi sostav gabaritlariga mos tushishi kerak. Har xil cheklanishlar gabaritlar boʼyicha maxsus kelishuv va nazoratni talab etadi.

Ombordagi konstruktsiyalarning kerakli zaxirasi ishlab chiqarish loyihasidagi taqvimiy grafik asosida oʼrnatiladi va ularni taxlash uchun kran taʼsir zonasida maxsus maydon ajratiladi. Qurilish maydoniga yetkazilgan yigʼma konstruktsiyalar odatda maxsus tushiruvchi oʼzi yurar kranlar bilan va kam hollarda montaj mexanizmi yordamida tushiriladi. “Transportdan montaj” qilish tejamli va kam mehnat sarf qilinadigan usuldir.



Konstruktsiya elementlarini montajga tayyorlash

Konstruktsiya elementlarini montajga tayyorlashda quyidagilar koʼzda tutiladi: elementlarni yassi yoki fazoviy bloklarga yigʼish, elementlarning ustivorligini va koʼtarish vaqtida ularning oʼzgarmasdan qolishini taʼminlash uchun ularni vaqtinchalik mahkamlash, ishlarni xavfsiz va qulay tarzda olib borish uchun havozalarni, zinapoyalarni, toʼsuvchi va boshqa moslamlarni oʼrnatish, himoyalash yaʼni ehtiyotkorlik arqonlari, tortqilar va tortuvchi arqonlarni mahkamlash va b..



Yiriklashtirib yigʼish

Elementlarning gabaritli oʼlchamlari yoki massalari tufayli ularni qurilish maydoniga tayyor, yigʼilgan holatda yetkazib boʼlmaydigan vaziyatlarda yiriklashtirib yigʼish lozimdir. Qurilish maydoniga keltirilgan yigʼma temirbeton elementlardan uzunligi 24 m va undan yuqori boʼlgan fermalarni va ogʼir turdagi bir qavatli sanoat binolarning baland ustunlari yigʼiladi. Baʼzan temirbeton ustunlar va rigellardan ramali sistemalar tashkil qilinib, ikkita yarimta holatda keltiriladigan tom yopish fermalarini birlashtirib, devor panellar va boshqa konstruktsiyalarni yigʼib yassi bloklar hosil qilinadi. Qurilish maydonida metall konstruktsiyalarni yigʼish uchun oʼsha konstruktsiyalar uchun hamda yorugʼlik va aeratsion fonarlarga ega boʼlgan fermalar uchun bajariladi.

Yiriklashtirib yigʼish ishlari asosan konstruktsiyalar saqlanadigan omborlarda yoki statsionar (koʼchmas) stellajlar oʼrnatilgan maxsus maydonlarda amalga oshiriladi. Uzunligi boʼyicha yiriklashtiriladigan elementlar kran yordamida ombordan koʼtariladi va tayanchlarga yoki kassetalarga shunday tarzda oʼrnatiladiki, bunda ularning boʼylama oʼqlari bir-biriga mos tushmogʼi taqozo etiladi. Undan keyin elementlarning bosh va oxirgi qismlari (uchlari) toʼgʼirlanadi va elementlardagi chiqib turgan armaturalar yoki alohida sterjenlar oʼqlari bir-birlariga moslab toʼgʼirlanadi. Qoʼshimcha xomutlar oʼrnatilgandan va sterjenlar payvandlangandan keyin elementlarning tutashgan joylariga qolip oʼrnatiladi va unga beton aralashmasi qoʼyiladi. Bu betonning klassi va uning qotgandan keyingi mustahkamligi loyiha boʼyicha oʼrnatiladi. Odatda, tutashgan joylarga qoʼyiladigan beton klassi tutashtirilayotgan elementlar betonining klassi bilan bir xil boʼladi yoki bir klass yuqori boʼladi.

Keyingi yillarda konstruktsiyalarni montajli va montaj-texnologik bloklarga yiriklashtirib yigʼish keng qoʼllanilmoqda. Bunday yiriklashtirib yigʼish qurilish muddatini sezilarli ravishda qisqartiradi, chunki bunda binoni barpo etish parallel ravishda va hattoki ilgarilab olib boriladi. Konstruktsiyalarni yigʼish boʼyicha bajariladigan katta hajmli ishlarda yiriklashtirib yigʼish stendlar yoki konduktorlar bilan jihozlangan yigʼish maydonlarida olib boriladi, konduktorlarda konstruktsiyalarni yigʼish jarayoni ularni mahkamlash va toʼgʼirlash, tekislashni amalga oshirish imkonini beradi; baʼzan bunday yigʼish maydonlari konveyerli liniyalar bilan ham jihozlanadi. Yigʼish maydonlari montaj kranlarining harakatlanish zonasiga yoki montaj qilinayotgan obʼekt atrofiga, yoxud omborga yaqin joylarga joylashtiriladi, konveyerli liniyalar esa obʼektlar yaqiniga oʼrnatiladi.

Bloklarni yiriklashtirib yigʼish ayniqsa bir qavatli binolarning metall fermalari va bloklari boʼyicha tom yopmasini montaj qilishda koʼp qoʼllanadi. Bino yacheykasiga mos (toʼgʼri) keladigan oʼlchamdagi blok fermalarni tugunlar, progonlar bilan birlashtirib juftlashtirish orqali yiriklashtirib yigʼiladi, kam hollardagina yerda shtampovkalangan metall toʼshamalar yoki yengil materiallardan ishlangan tayyor shchitlardan foydalaniladi. Koʼpincha fazoviy blok quyidagi elementlar: ikkita stropila osti fermalari, uchta stropila va fonar fermalari, fermalar boʼyicha progonlar va fonarlar, tom yopmasi elementi sifatida qoʼyiladigan poʼlat profil toʼshamalardan tashkil topadi.

Temirbeton fermalar va ustunlar qurilish konstruktsiyalari omborlarida yiriklashtirilib yigʼiladi va u yerdan montaj qilishga yiriklashtirilgan holatda beriladi. Bunday yigʼilgan elementni montaj joyiga yetkazish murakkablik tugʼdirganda yoki ularni yetkazishning iloji boʼlmagan hollarda konstruktsiyalarni yigʼish ularni oʼrnatish joylarida, yaʼni montaj kranining harakatlanish zonasida amalga oshiriladi. Biroq konstruktsiyalarni montaj kraning harakatlanish zonasida yigʼish koʼp hollarda kam unumdorlidir. Shuning uchun, tashish sharoitlari mavjud boʼlgan vaziyatlarda konstruktsiyalarni yiriklashtirish ishlarini yuk koʼtaruvchi jihozlar va yigʼish-payvandlash moslamalari bilan taʼminlangan maxsus maydonlarda bajarish maqsadga muvofiqdir. Transport xarajatlarni kamaytirish maqsadida bu maydonlarni mumkin qadar montaj qilinadigan obʼektlar yaqiniga joylashtirish taqoza etiladi.

Yigʼish maydonlariga xizmat koʼrsatish uchun “toʼrt oyoqli” kranlardan foydalanish ratsional boʼlib, bunda konstruktsiyalarni taxlab joylashtirish sezilarli darajada soddalashadi va qanday massaga ega boʼlishidan qatʼiy nazar konstruktsiyalarni butun maydon boʼyicha bir tekisda taqsimlash mumkin. Yiriklashtirib-yigʼish operatsiyalarini mexanizatsiyalashtirish uchun “toʼrt oyoqli” kranlarni qoʼllash bunday ishlarning narxini arzonlashtiradi va ekspluatatsiya-foydalanish narxi 1,5...2 marta yuqori, katta yuk koʼtaruvchanlikka ega boʼlgan temiryoʼl va gusenitsali kranlarga boʼlgan ehtiyojni kamaytiradi.

Temirbeton fermalar kasseta tipidagi maxsus stellajlarda vertikal holatda yiriklashtiriladi. Kassetalar har bir yarim fermaning ikkita tugunlari ostiga oʼrnatiladi (8.4-rasm). Ularni kassetalarni tayanch tugunlar ostida ikki tomoni toʼliq yopilgan holatda va regulirovka qilish moslamalarisiz, oraliqlar uchun qoʼyiladigan kassetalar regulirovkalovchi moslamalar bilan oʼrnatiladi. Yigʼiladigan elementlarning tutashadigan joylarining holati mexanik yoki gidravlik domkratlar bilan regulirovka qilinadi (toʼgʼirlanadi). Temirbeton ustunlarni yiriklashtirish gorizontal holatda amalga oshiriladi, ularning tutashadigan elementlarini bir-biriga toʼgʼirlash maxsus konduktorlar orqali taʼminlanadi.



Foydalanilgan adabiyotlar

  1. UMK - QJT. Tosh - 2019 yil

  2. www.google.com qidiruv sayti

  3. www.aim.uz Sayti

Download 32.53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling