Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
OLTINCHI JUZ’ *************************
Download 0.71 Mb.
|
Документ
OLTINCHI JUZ’ *************************Alloh yomonlikni so'z bilan oshkora aytishlikni suymaydi. Zulm qilingan kishi bundan mustasno*. Alloh eshituvchi va biluvchidir. Izoh:Ya'ni birovning qilgan yomonligidan nolib, uni yomonlik qilgan odamning o'ziga yoki boshqalarga gapirib shikoyat qilish yoxud o'ch olishga urinishni Alloh xush ko'rmaydi. Yaxshilikni oshkora qilsangiz ham, pinhona qilsangiz ham yoki yomonlikni afv etsangiz ham, albatta, Alloh afv etuvchi va qudratli zotdir. Allohga va payg'ambarlariga kufr keltiruvchilar, Alloh bilan payg'ambarlari o'rtasini uzishni xohlovchilar, biriga ishonamiz, biriga ishonmaymiz, deb o'rtacha yo'l tutuvchilar, ana o'shalar haqiqiy kofirlardir. Kofirlarga esa xor etuvchi azobni tayyorlab qo'yganmiz. Allohga va payg'ambarlariga imon keltirgan, ulardan birortasini ajratib qo'ymaganlar esa, aynan ularga mukofotlarini, albatta, berur. Alloh kechirimli va rahmlidir. Ahli kitoblar Sizdan osmondan kitob tushirishingizni so'raydilar. Musodan ham bundan kattaroq narsani so'rab: "Bizga Allohni ochiq ko'rsat!" - deyishgan edi. Shunda (bu) zulmlari sababli ularni chaqmoq urgan edi. So'ngra (aniq) hujjatlar kelgandan keyin buzoqni (ma'bud qilib) olishdi. Shuni ham kechirdik va Musoga aniq saltanat (hujjat) berdik. Ahdlari (olinishi) uchun tepalariga Tur (tog'i)ni ko'tarib turdik va ularga: "Darvozadan sajda qilgan holingizda kiring", - dedik. Yana ularga: "Shanba kuni (sinovi)da haddan oshmang", - dedik va ulardan qattiq ahd oldik. Ahdni buzganlari, Allohning oyatlarini inkor etganlari, payg'ambarlarni nohaq o'ldirganlari va "Dillarimiz berk" deganlari sababli (ularni jazoladik). Yo'q! Balki, kufrlari tufayli Alloh ularning dillarini muhrlab qo'ygandir. Shuning uchun ozchilikdan tashqarilari imon keltirmaydilar. Yana kufrlari va Maryam (sha'ni)ga aytgan ulkan bo'htonni gapirganlari sababli, Izoh:Maryam sha'niga ular zinokor deb tuhmat qilganlar. shuningdek, Allohning payg'ambari Iso Masih ibn Maryamni biz o'ldirdik, degan gaplari tufayli (jazoladik). Holbuki, uni o'ldirganlari ham, osganlari ham yo'q. Faqat (boshqa bir kishi Isoga) o'xshatib qo'yildi, xolos. Albatta, uning to'g'risida bahslashganlar u haqda shubhadadirlar. Ularda gumonga ergashishdan boshqa biror (to'g'ri) ma'lumot yo'q. Aniqki, uni o'ldirmaganlar. Balki, uni Alloh O'z huzuriga ko'tardi. Alloh qudrat va hikmat egasidir. Hech bir ahli kitob yo'qki, o'limidan oldin unga imon keltirmasa. Qiyomat kuni esa u (Iso) ularga qarshi guvoh bo'ladi. Yahudiy bo'lganlarning zolimliklari va ko'p (kishilar)ni Alloh yo'lidan to'sganlari sababidan ularga (oldin) halol qilingan narsalarni* harom qilib qo'ydik. Izoh:An'om surasining 146-oyatiga qaralsin. (Yana boshqa) sabablari - ularning ustama (foiz) olishlari va odamlarning mol-mulklarini nohaq yeganlaridir. Ulardan kofirlariga alamli azobni tayyorlab qo'yganmiz. Lekin, ular (yahudiylar) orasida ilmda mustahkam bo'lganlar hamda Sizga nozil qilingan narsaga va Sizdan ilgari nozil qilingan narsaga imon keltiradigan mo'minlar, xususan, namozni barpo qiluvchilar, zakotni ado etuvchilar, Allohga va oxirat kuniga imon keltiruvchilar ham borki, aynan ularga, albatta, ulkan mukofot ato eturmiz. (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Nuhga va undan keyingi payg'ambarlarga vahiy yuborganimiz kabi Sizga ham vahiy yubordik. Shuningdek, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodi, Iso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonga ham vahiy yuborganmiz. Dovudga esa Zabur berdik. (Bir qator) payg'ambarlar haqida qissalarni Sizga ilgari aytdik. (Ayrim) payg'ambarlar qissalarini esa aytganimiz yo'q. Alloh Muso bilan (bevosita) gaplashdi. Payg'ambarlar (kelgan)dan keyin odamlar uchun Allohga qarshi hujjat bo'lmasin deb payg'ambarlarni xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib (yubordik). Alloh qudrat va hikmat egasidir. Lekin, Alloh Sizga nozil qilgan narsa (Qur'on)ga O'z ilmi bilan guvohlik beradi. Farishtalar ham guvohlik berurlar. Alloh (O'zi) yetarli guvohdir. Albatta, kofir bo'lgan va Allohning yo'lidan to'sganlar uzoq (qattiq) adashgandirlar. Albatta, kofir bo'lgan va zolimlik qilganlarni Alloh kechirmaydi va (to'g'ri) yo'lga hidoyat qilmaydi. Aksincha, (ularni) jahannam yo'liga (ravona qilur). U yerda esa abadiy qolurlar. Bu (ish) Allohga osondir. Ey, odamlar! Payg'ambar sizlarga Rabbingizdan haq (Islom)ni keltirdi. Bas, imon keltiringiz. (Shunda) o'zingiz uchun yaxshi bo'lur. Bordiyu inkor etsangiz, bas, osmonlaru Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh bilim va hikmat sohibidir. Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha'ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz! Albatta, Iso Masih ibn Maryam faqat Allohning payg'ambari va Uning Maryamga tashlagan "So'zi" hamda Uning tomonidan (kelmish) ruhdir, xolos. Bas, Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltiringiz! "Uchta" demangiz! Qaytingiz - o'zlaringizga yaxshi bo'lur! Albattaalbatta, Alloh yagona ilohdir! U farzandli bo'lishdan pokdir. Osmonlardagiyu Yerdagi narsalar Unikidir. Alloh (O'zi) yetarli vakildir. Masih Allohga banda (qul) bo'lishdan sira or qilmaydi, muqarrab (Allohga yaqin) farishtalar ham. Kimki Unga banda bo'lishdan or qilsa va kibrlansa, (U) ularning barchasini, albatta, O'z huzuriga jam qilajak. Ana o'shanda imon keltirib, solih amallarni qilganlarga mukofotlarini to'la berish bilan birga, yana O'z fazlidan ularga ziyodalik ato qilur. Ammo, or qilgan va kibrli bo'lganlarni alamli azob bilan jazolagay. O'zlari uchun Allohdan boshqa na do'st topadilar va na yordamchi. Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan hujjat (Payg'ambar va mo''jizalar) keldi. Sizlarga yana ravshan nur (Qur'on ) ham nozil etdik. Allohga imon keltirgan va Unga bog'langanlarni (U) O'zining rahmati va fazliga musharraf etgay va ularni to'g'ri yo'lga yo'llagay. (Ey, Muhammad,) Sizdan fatvo so'raydilar. Ayting: "Alloh sizlarga otasi ham, farzandi ham bo'lmagan odam to'g'risida (shunday) fatvo beradi: agar farzandsiz bo'lgan bir erkak halok bo'lsa (o'lsa), agar singlisi (qolgan) bo'lsa, qoldirgan merosning yarmini olur. Agar singlisining farzandi bo'lmasa, u (akasi) merosxo'r bo'lur. Agar (singillar) ikkita bo'lsa, ularga (aka) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi (tegur). Agar (merosxo'rlar) aka-uka va opa-singillar bo'lsa, (har) bir erkakka ikki ayol hissasi (berilur). Yanglishib ketmasliklaring uchun Alloh sizlarga (meros hukmlarini O'zi) bayon etadi. Alloh har bir narsani biluvchidir. MOIDA SURASI Moida - dasturxon demakdir. Surada Islom mafkurasiga oid masalalar, shar'iy hukmlar, haj, umra, tahorat, nikoh, jinoyat, jazo, ichkilik, qimor hukmlari, payg'ambarlar qissasi va boshqa muhim ma'lumotlar bayon etiladi. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling