Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida


Download 0.71 Mb.
bet6/184
Sana31.03.2023
Hajmi0.71 Mb.
#1313146
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   184
Bog'liq
Документ

Izoh: Ya'ni, yahudiylar: "Faqat biz kiramiz", - desalar, nasroniylar: "Ular emas, biz kiramiz",-der edilar.

  1. Yo'q, kimki yuzini (o'zini) Allohga bo'ysundirsa, Rabbi huzurida unga ajr muhayyodir. Ularga xavf ham yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar.


  1. Yahudiylar: "Nasroniylar hech narsada yo'q" - desalar, nasroniylar: "Yahudiylar hech narsada yo'q" - deydilar, vaholanki, ular (har ikki toifa) kitob o'qiydigan (savodxon) edilar. Shuningdek, (o'qishni) bilmaydiganlar (boshqa soxta dinlarga mansub kimsalar) ham ularning gapiga o'xshash gapni aytdilar. Ularning (bu kabi) kelisha olmagan narsalari yuzasidan qiyomat kuni Alloh hukm qilur.

Izoh: Ya'ni, har ikki tomon bir-birlarining dinlarini inkor etadilar.

  1. Allohning masjidlarida Uning nomi zikr etilishiga qarshilik qiladigan va ularni xarob qilishga urinuvchilardan kim ham zolimroqdir?! Axir, bu (kabi) kimsalar uchun u yerlar (Ka'ba yoki BaytulMaqdis)ga faqat qo'rqqan hollaridagina kirishlari mumkin edi. Ular uchun bu dunyoda rasvolik, oxiratda esa, buyuk azob (bordir).


  1. Mashriq ham, Mag'rib ham Allohnikidir. Bas, qaysi tarafga yuzingizni qaratsangiz, o'sha tomonda Allohning "yuzi" mavjuddir. Albatta, Alloh (fazli) keng, dono zotdir.


  1. "Allohning farzandi bor", - dedilar. U (Alloh) esa (ularning iddaosidan) pok zotdir. Balki, osmonlar va Yerdagi narsalar Uning mulkidir. Hamma(si) Unga bo'ysunuvchidir.

Izoh: Yahudiylar: "Uzayr (a. s.)ni Allohning o'g'li", - degan bo'lsalar, nasroniylar: "Iso (a. s.) Allohning o'g'li", - dedilar.

  1. (U) Yeru osmonlarning Yaratuvchisidir. Biror ishni qiladigan bo'lsa, (faqatgina unga) "Bo'l!" desa, bas, u bo'ladi.


  1. Bilmaydigan (nodon) kimsalar: "Alloh bizga (bevosita) gapirsa edi yoki biror alomat kelsa edi", - deydilar. Ulardan oldingilari ham ularning gaplariga o'xshash gaplarni aytgan edilar: dillarida o'xshashlik bor. Biz chinakam ishonadigan kishilar uchun oyatlarni bayon qildik.


  1. Albatta, Biz Sizni haq bilan (Qur'on, tavhid, Islom bilan) xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik. Do'zax ahli uchun Siz javobgar bo'lmaysiz.


  1. Yahudiy va nasroniylar, to ularning dinlariga kirmaguningizcha, Sizdan sira rozi bo'lmaydilar. Ayting: "Allohning yo'li to'g'ri yo'ldir". Qasamki, agar Sizga kelgan (to'g'ri) ma'lumotlardan keyin ham ularning xohishlariga ergashsangiz, Alloh tarafidan Sizga biror do'st ham, yordam beruvchi ham yo'qdir.


  1. Biz kitob (Tavrot, Injil yoki Qur'on) bergan kishilar (mo'minlar) uni to'g'ri (buzmay) tilovat qiladilar. Ular unga (Muhammadga va Kitobga) imon keltiradilar. Kim uni inkor etsa, ana o'shalar ziyon ko'ruvchilardir.

  2. Ey, Isroil avlodi, sizlarga in'om etgan ne'matimni va sizlarni (butun) olamlar uzra afzal qilganimni eslangiz!


  1. Birov biror narsada o'zganing o'rniga o'ta olmaydigan, (gunohkor uchun) badal ham olinmaydigan, unga shafoat ham foyda bermaydigan hamda ularga yordam ham berilmaydigan kun (qiyomat)dan qo'rqingiz!


  1. Eslang: Ibrohimni bir necha so'zlar bilan Rabbi imtihon qilganida, ularni mukammal ado etdi.

Shunda (Alloh): "Albatta, Men seni odamlarga imom (peshvo) qilaman", - dedi. (Ibrohim) "Zurriyotimdan hammi?" - deb so'radi. (Alloh) aytdi: "Mening ahdim zolimlarga tegishli emas".
Izoh: Imtihon so'zlari: mo'ylabni qisqartirib turish, og'iz va burunni chayish, misvok bilan tish tozalash, tirnoqlarni, qo'ltiq va qovuq yunglarini olib turish, xatna qildirish va suv bilan istinjo (mustahab) qilish. Ibn Abbos (r. a. ) ularni o'ttizta sifat bilan izohlaganlar. U sifatlar Baroat (tavba), Ahzob va Maorij suralarida chin mo'minlarning sifatlari shaklida berilgan, deb isbotlaydilar.

  1. Eslang: Bayt (Ka'ba)ni odamlar uchun ziyoratgoh va xavfsiz joy qilib qo'ydik. "Ibrohim maqomi"ni namozgoh qilib olinglar! Ibrohim bilan Ismoilga: "Tavof, e'tikof va ruku'-sujud qiluvchilar uchun Baytimni poklangiz!" - deb buyurdik.

Izoh: "Ibrohim maqomi" Ka'ba darvozasidan taxminan 20 qadam narida bir maxsus joy bo'lib, Ibrohim (a. s.) shu yerda turib duo qilganlar. Hozirgacha o'sha joy osori atiqalardan sanalib, bir tosh ustiga Ibrohim (a. s.) oyoq izlari ramziy aks ettirilgan va oynali qubba bilan yopib qo'yilgan.
E'tikof - bu Ka'bada yoki boshqa masjidlarda maxsus tartibda ibodat bilan mashg'ul bo'lib o'tirish. Odatda Ramazon oyining uchinchi o'n kunligida e'tikofda bo'ladilar.

  1. Eslang: Ibrohim: "Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin", - deganda, Alloh: "Kofirlarni esa bir oz rizqlantirib, so'ng do'zax azobiga mubtalo eturman. Bu o'ta yomon oqibatdir", - dedi.


  1. Eslang: Ibrohim (o'z o'g'li) Ismoil bilan birgalikda Uy (Baytulloh)ning poydevorini ko'tarar ekanlar, (shunday duo qildilar): "Ey, Rabbimiz, bizdan (ushbu ishimizni) qabul et. Albatta, Sen eshituvchi va dono zotdirsan!


  1. Ey, Rabbimiz, bizni o'zingga bo'yin sunuvchi qilgin va zurriyotimizdan ham Senga itoat qiladigan ummat (chiqargin)! Shuningdek, bizga (hajga doir) ibodatlarimizni ko'rsatib ber va tavbalarimizni qabul et! Albatta, Sen tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirsan.


  1. Ey, Rabbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o'zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'mbarni yuborgin! Albatta, Sen qudrat va hikmat egasidirsan".


  1. Ibrohimning dinidan faqat o'zini qadrlamaydigan (pastkash) kishilargina yuz o'giradilar. Dunyoda Biz uni (payg'mbarlikka) tanlab oldik va u oxiratda (ham), albatta, solih (banda)lardan bo'lur.


  1. Eslang, Rabbi unga: "Bo'yin sun!" - deganida, u: "(Barcha) olamlarning Rabbiga bo'yin sundim", - degan.


  1. Ibrohim o'z o'g'illariga, shuningdek, (nabirasi) Ya'qub ham shu dinni vasiyat qilib dedilar: "O'g'illarim, albatta, Alloh sizlar uchun shu dinni tanladi. Bas, musulmonlik holingizdagina dunyodan o'tingiz!"

Izoh: Ibrohim (a. s.) o'g'illari nechta bo'lganligi haqida turli rivoyatlar bor. Ba'zilar ikkita - Ismoil va Ishoq desalar, ayrim olimlar to'rtta - yana Madyan va Madoin degan farzandlari ham bo'lgan, deydilar. Boshqa manbalarda 8 yoki 14 nafar o'g'illari bo'lgan, deyiladi.
Ya'qub (a. s.)ning o'g'illari 12 nafar: Rubin, Sham'un, Loviy, Yahudo, Yashnuxun, Zabulun, Zavobiy, Naftuniy, Kudo, Avshiz, Binyomin, Yusuf. Manbalarda bu nomlar boshqacha ham berilgan (Xozin, Qoziy va Abul-Lays tafsirlariga qaralsin).

  1. (Ey, Isroil avlodi!) Yoki Ya'qubga o'lim kelganda, o'g'illariga: "Mendan keyin nimaga

sig'inasizlar?" - deganida, ular: "Sening ilohing va bobolaring - Ibrohim, Ismoil va Ishoq ilohi bo'lmish yagona Allohga sig'inamiz va bizlar faqat Uning o'zigagina bo'yin sunuvchilarmiz", - deb javob berganlariga guvoh bo'lganmisizlar?

  1. Ular o'tib ketgan ummat(lar)dir. Ularning a'mollari o'zlariga va sizlarning a'mollaringiz o'zlaringizga. Sizlar ularning qilgan ishlari uchun javob bermaysiz.


  1. (Yahudiylar va nasroniylar): "Yahudiy yoki nasroniy bo'ling, shunda hidoyat topasiz", - dedilar. Siz (ey, Muhammad,) ayting: "Aslo yo'q, biz to'g'ri yo'ldan toyilmagan, mushriklardan bo'lmagan Ibrohim diniga ergashamiz".


  1. Aytingiz (ey, mo'minlar): "Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Kitob)ga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq,

Ya'qub va uning avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Musoga, Isoga va (barcha) payg'mbarlarga
Parvardigorlaridan berilgan narsalarga imon keltirdik (ishondik). Biz ular o'rtasidan birortasini (payg'mbar emas deb) ajratib qo'ymaymiz va Unga (Allohga) bo'yin sunuvchilarmiz".

  1. Agar ular (ahli kitoblar) sizlar imon keltirgan narsalarga imon keltirsalar, to'g'ri yo'lni topgan bo'ladilar. Bordiyu yuz o'girsalar, u holda, demak, sizlarga nisbatan adovatlari bordir. Sizni ulardan (himoya etishga) Allohning o'zi kifoya qilur. U eshituvchi va donodir.


  1. Allohning "bo'yog'i"ga (diniga kiringiz!) Allohnikidan yaxshiroq "bo'yoq" (din) bormi?! Biz Ungagina sig'inuvchilarmiz.

Izoh: Nasroniylar (xristianlar) yangi tug'ilgan farzandni maxsus sariq suvga botirib oladilar va bu marosimni "ma'mudiya" - "cho'qintirish" (kreheniye) deb ataydilar. Ularning e'tiqodi ko'ra cho'miltirishdan keyin bola haqiqiy nasroniy sanaladi. Bu oyatdagi bo'yoq o'sha odatga muqobil ravishda din yoki imon ma'nosida kelgan. Rivoyatlarga qaraganda, Usmon (r. a. ) o'z mushafining shu oyatlar bitilgan sahifasini o'qib turganlarida, qilich tig'i bilan shahid bo'lganlar. Toshkentda saqlanayotgan Usmon mushafining 37-38-oyatlari yozilgan betidagi qon dog'lari qo'lyozmaning asl ekanligidan dalolat beradi. Bunga kelajakdagi ilmiy tadqiqotlar natijasi aniqlik kiritishi mumkin.

  1. Ayting (ey, Muhammad): "Bizning ham, sizning ham Rabbingiz bo'lmish Alloh haqida biz bilan tortishasizmi?! Bizning a'mollarimiz - bizga, sizning a'mollaringiz - sizga. Biz faqat Ungagina ixlos qiluvchilarmiz".


  1. Yoki sizlar (Isroil avlodi): "Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodi (hammasi) yahudiy yoki nasroniy bo'lgan" deysizmi? Ayting (ey, Muhammad): "(Ularning dinlarini) sizlar biluvchiroqmi yoki Allohmi? Guvohlikni Allohdan yashirgan kimsadan kim ham zolimroqdir?!" Alloh qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir.


  1. Ular o'tib ketgan ummatdir. Ularning qilgan a'mollari (ishlari) o'zlariga, sizlarning qilgan a'mollaringiz o'zingizgadir. Sizlar ularning qilmishlari uchun javob bermaysizlar.


Download 0.71 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   184




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling