Referat mavzu: : Nutqiy vaziyat va paralingvistik vositalar


Download 170.54 Kb.
Sana24.09.2020
Hajmi170.54 Kb.
#131041
TuriReferat
Bog'liq
nutqiy vaziyat va paralingvistik vositalar


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI

FILOLOGIYA FAKULTETI

TALABASI
ABDUSAMATOVA DILNORA ning
REFERAT
MAVZU: : Nutqiy vaziyat va paralingvistik

vositalar.
Fan o’qituvchisi: f.f.n dots. G. Qobuljonova

ANDIJON 2015




MAVZU: Nutqiy vaziyat va paralingvistik

vositalar.

Inkor ma’nosini bildiruvchi paralingvistik vositalar........................32-35

Paralingvistik vositalarda sistemalilik va milliylik

hamda baynalminallik masalalari.....................................................35-40

Fikr ifodalashda paralingvistik vositalar chegarasi..........................40-47

Umumiy xulosalar....................................................................48-50

Adabiyotlar...............................................................................51-52



1 BOB

NutqiY vaziyat va paralingvistik

vositalarning ishlatilishi

KIRISH

Paralingvistik vositalar juda xilma-xil bo’lib, turli vaziyatda rang-barang kommunikativ vazifalar bajaradi. Nutq jarayonida fikr ifodalash uchun qarshilik qancha ko’p bo’lsa, paralingvistik vositalar shunchalik ko’p ishlatiladi.

Fikr qarshiligi ham ikki xil bo’ladi. Bu tashqi va ichki faktorlarga bog’liq. Masalan kommunikatsiya ochiqligida yuz berib, suhbatdoshlarning masofasi uzoq bo’lsa, yoki o’zaro masofa yaqin bo’lib, kuchli shovqin suhbatga xalaqit bersa, qo’shimcha noverbal vositalarga imo – ishoralar va mimikalarga ehtiyoj kuchli bo’ladi.

Ichki sabablarga ko’ra so’zlovchi va tinglovchining sub’ektiv holatlari bilan bog’liqdir. Xususan, tinglovchi (mor) yaxshi eshitmasligi mumkin. Bunday paytda ham imo – ishoralarning ishtiroki faollashadi.

2. Imo – ishoralarning nutq stillari bilan ham bog’liqdir. Tantanali nutq, so’zga chiqishlarda imo - ishoralarning nutqni kuzatib borishi uning tasirchanligini ta’minlaydi. Verbal va noverbal vositalarning bir – biriga o’rinli bog’lab olib borilishi nozik (oratorning) yuksak maxorati belgisi hisoblanadi. Bunda talaffuzdagi oxangorlik, intonotsiya xam muhum rol o’ynaydi.

3. Nutq vaziyati ham belgilangan. O’zaro fikr almash jarayonida yonidai kishilarga, sheriklariga sezdirmaslik yoki xalaqit bermaslik uchun kinetik vositalardan foydalanish zaruriyati tug’iladi.

4. Kommunikatsiya ochiq bo’shliqda sodir bo’lsa va fikr almashadigan kishilar o’zaro uzoq masofada bo’lib tovush etkazish imkoniyati qiyinlashishi natijasida ham imo – ishoralardan foydalanishga to’g’ri keladi. Bunda kommunikatsiyaning mazmuni va maqsadi oldindan belgilangan bo’ladi. Faqat ayrim aniqliklar kiritishi mumkin xalos.

Yuqorida ko’rib o’tganimizdek, imo - ishoralarning nutq tarkibidagi bajaradigan vazifasi bir xil emas. Ba’zan paralingvistik vositalar nutq bilan birga ishlatilib, uning ekspressiv stilistik ottenkasini kuchaytirish uchun xizmat qilsa, ayrimlari tejamkorlikka uchragan nutq birliklaridan ba’zilarining o’rnini egallash ( kompensatsiya qilish ) uchun ishlatiladi. Ya’ni bir gruppasi esa o’zining kuzatib borishi lozim bo’lgan verbal asosida tamoman uziladi va shu vaziyatda verbal vosita o’rnida qo’llaniladi.

Imo – ishoralarning bu uch vazifasi sinchiklab kuzatilganda, bir – biri bilan chambarchas bog’liq ekanligi ko’rinadi va birinchi ikkinchisidan kelib chiqqan deb hukum chiqarishga imkon beriladi.

Nutq o’zlariga xos kinetik birliklar bilan kuzatib boriladi. Bunday nutq bilan kinetik birliklarning nutq ichida uzoq bog’lanishi natijasida birining o’rniga ikkinchisini qo’llash imkonini tug’diradi. Masalan: Biz bir – birimizni afsonaviy muhabbat bilan sevardik. Ana shunday muhabbat bilan turmush qurdik. Oradan o’n yil o’tdi. U meni xamon o’shanday sevadi, men esa ( boshini qimirlatadi ). (CHEXOV).

Yuqoridagi gapda inkor ma’nosini ifodalovchi so’z bilan boshning gorizontal qimirlashining o’zaro bog’liqligi verbal vosita o’rnida ikkinchisining qo’llanishiga imkon beradi.. Natija imo – ishoralarning nutq tarkibida aralash ishlatish holatlari vujudga keladi.

Diologik nutqda kinetik birlik bilan nutq birligining doimiy aloqasi tufayli, tamoman nutq birligining o’rnini kinetik birlik egallaydi. Kinetik birlik nutq birligi subetitutsiyasi yordamchi bo’lib keladi. Masalan: ”Nima qilayapsan?”, “Qayerga ketyapsan?” kabi so’roqlarini kallaning yuqoriga bir marta silkinishi harakati kuzatib borgan. Buning natijasida ular oralig’ida bog’lanish hosil bo’lgan. Ana shu bog’lanish natijasida bu kinetik belgining o’zi ham ana shu so’roqlarning ma’nosini bera olish vazifasini bajarishga o’tgan.

So’roq: Kallaning bir marta tepaga silkinishi (“qayerga ketayapsan” ifodasining yordamchi, subsituti).

Javob: uyga ketyapman.

Yoki so’roq: O’sha harakat (“Nima qilyapsan” subsituti ).

Javob: Kutubxonada ishlayapman va boshqalar. Demak, imo – ishoralarning yuqoridagi uch vazifalari orasida katta tafovut yo’q. Ikkinchi, uchinchi vazifa birinchi vazifadan kelib chiqqan. Bu xuddi grammatikadagi konversiya hodisasiga o’xshaydi. Konversiyadagi subetansivatsiya, odektivatsiya ( vazifasi o’xshash ), pronominatsizatsiya kabi, bu hodisani ham verbalizatsiya deb, yoki paralingvistik hodisasiga o’tgan deb hisoblasa bo’ladi.

Ma’lumki, yuqori sathga doir har qanday til birliklari denetativ tomonidan ob’ektiv borliqdagi ma’lum harakat, narsa va hodisalarni ifodalaydi. Ya’ni ob’ektiv borliqdagi narsa, harakat va hodisalar

( denotat) kishi ongida aks etadi (sinifikat) va ongda aks etgan bu tushunchalar ma’lum tovush qobig’i (so’z) yordamida ifodalanadi. Demak, so’zlar ob’ektiv borliqdagi narsa, hodisa va harakatlarni bevosita emas, balki ong orqali aks ettiradi.

Shuningdek, imo – ishoralar ham ongda ma’lum ma’noga hoslanadi. Ya’ni ob’ektiv borliqdagi narsa va hodisa ( harakat, holat ham ) ongda aks etadi va imo – ishoralar orqali bayon qilinadi. Demak, bu jihatdan, so’z ham imo – ishoralar ham bir xil vazifa bajaradi, har ikkalasi ham shartlilikka asoslangan belgidir.

Aniq nutq vaziyatida ma’lum bir ma’no ifodalovchi imo – ishoralar shu nutq vaziyatini qayta hikoya qilib berish jarayonida ma’lum lingvistik birliklar yordamida tasvir qilinadi. Demak, har bir tilda imo – ishoralarni ifodalovchi bir qator fe’llar mavjud. Bu fe’llar semantic tomonidan ishora fe’llari deyilad.

Masalan : ko’z qisdi, labini burdi va boshqalar.

Insonning mimikalari, qo’l harakatlari tabiiy va shartli xarakterga ega bo’ladi. Masalan : labga qo’ngan pashshani haydash uchun qilingan lab harakati yoki harakati tabiiy harakatdir. Chunki bu harakatlar tinglovchi uchun ham hech qanday axborot bermaydi.

Tinglovchiga qarab turib boshning, ko’z – qoshlar- yordamida bir marta o’ngga (ba’zan chapga) silkishi uning bu erdan chiqib ketishi kerakligini bildiradi. Demak, ma’lum axborot beradi. Shuning uchun bu harakat shartli harakatga egadir.

Shartli harakatga ega bo’lgan imo – ishoralar belgi vazifasini bajaradi. Faqat belgi vazifasini bajaradigan imo – ishoralargina paralingvistik belgilar hisoblanadi. Imo – ishoralar ham ba’zan ko’p ma’noli bo’lishi mumkin. Uning qaysi ma’noda ishlatilayotganligini nutq vaziyati orqali bilib olishimiz mumkin. Masalan : “ko’z qisish” harakati quyidagi ma’nolarni ifodalaydi :

1. I. –Moro bo’lsin, poshsho qiz ! Zuhra kelin qop – qora ko’zini qisib qo’ydi. (O’.Hoshimov. “Ikki eshik orasi” 159-bet).

2. U. “Hozir bir narsa ko’rsataman” degandek ko’zini qisib qo’ydi-da, tuya sandiq ustida taxlangan ko’rpachalarni tushira boshladi. (O.Hoshimov. “Ikki eshik orasi” 149 - bet).

3. Boltaboy “hazilni ko’tarolmas ekan”, deb o’yladi-da, Ro’zmatga ko’z qisib, qoshini chimirdi. (A. Qahhor. “Qo’shminor chiroqlari”. 104 – bet).

Ko’z qisish birinchi misolda “hazil”, ikkinchisida esa “ogohlantirish” ma’nolarida ishlatiladi.

Yoki “bosh chayqash” harakati quyidagi ma’nolarni ifodalagan.

1. Hayron qolish, masalan:

Bo’taboy tin olmay, goh bosh chayqab, goh qoshini kerib, goh “Ana ! Ux – ux – ux !” deb quloq soldi. (A.Qahhor “Qo’shchinor chiroqlari”, 67 - bet).

2. Qoyil qolish, masalan:

Abdulla deb qichqirmadi, lekin boshini chayqab, qoyil qolganini isbot qildi. (F.Musajonov. “Ximmat” 142 - bet).

3. Afsuslanish, masalan:

– Kuzgi bug’doy chirib ketmasa go’rgaydi, - dedi bosh chayqab. (O’.Hoshimov. “Ikki eshik orasi”. 190 - bet).

4. Tasdiq ma’nosini bildiradi, masalan:

Biroq uning bu so’zlari javobsiz qoldi. Faqat Ibodov “to’g’ri” degandek bosh silkib qo’ydi. (F.Musajonov. “Ximmat”. 196 - bet).

5.Ta’na qilish ma’nosida, masalan:

– Men so’roqlamasam o’zingni esingayam kelmaydi – a !

– Xolposh xola ta’na bilan bosh chayqadi. (O’.Hoshimov. “Ikki eshik orasi”, 69 - bet).

6. Inkor etish, masalan:

Ahmadning tili kalimaga kelmay, “yo’q” ning ishorasida bosh silkitdi. (F.Musajonov. “Ximmat”. 106-bet).

Obidjon. Tuz ichgan joyingizga qaytib borasizmi ?

Xojar. (bosh chayqaydi.) Yo’q. (A.Qahhor. “Tobutdan tovush”, 168 - bet).

7. Taklif qilish, masalan:

Mirzamuhammad Rasulovich “marhamat” degandek bosh silkitdi. (F.Musajonov. “Ximmat” 59-bet).

Biz g’aflatda qolibmiz, manzillariga etibdilar.

Qo’li bilan, o’tiring ishorasini qilib gapida davom etdi – xolvafurush. (Oybek, “Navoiy” 19-bet).

Ulug’bek yaxshi degandek bosh irg’itib, dasturxonga marhamat qilinglar, deb o’ydi. (Temur Malik “Falak” qissa).

8. Salomlashish ma’nosida, masalan:

Ahmad salom berdi Tolib aka sadaqa bergandek bilinear bilinmas, bosh silkib, alik oldi. (F Musajonov “Ximmat”. 62 - bet).

Ulug’bek qiliq qilgan Qamoriddin bilan Shamsibalga qarab bosh irg’idi yana navisandaga o’tirdi. (Tohir Malik “Falak qissa, ” Davlat asosidan paydor bino).

Ayrim paralingvistik vositalar ma’lum bir xalqning muomala qoidalari bilan bog’liqdir. Jumladan, ta’zim qilish, qo’limni ko’ksiga qo’yish, qo’l qovushtirish, o’zbek, tojik xalqlari o’rtasida tarqalgan. Masalan:

O’tiring, rais, o’tiring, - dedi ikki qo’lini ko’ksiga qo’yib. (O’.Hoshimov. “Ikki eshik orasi”, 154 - bet).

Madaminxo’ja o’tirgan eridan xiyol qo’zg’aldi-yu, qo’l qovushtirdi: Xush kelibsizlar. (M.Ismoiliy.).

Tildagi linvistik birliklarning davrlar o’tishi bilan o’zgarish jarayoni ro’y bergani kabi, paralingvistik belgilarda ham ana shunday o’zgarish sodir bo’lishi ayrimlarning eskirib iste’moldan chiqishi va yangi vositalarning kirib kelishi mumkin. Masalan, o’zbek va tojik xalqlari o’rtasida ilgari qo’lini ko’ksiga qo’yish bilan salomlashish odati hozirgi davrda ko’proq ko’proq bosh silkitish bilan ifodalanmoqda. Lekin ko’p joylarda hozir ham qo’lini ko’ksiga qo’yib salom berish, ba’zan esa har ikkalasi : qo’lini ko’ksiga qo’yib, boshini silkitib salom berish bor. Yuqorida aytganlardan ma’lumki, boshqa bir tilni o’rganayotganda faqat uning leksik sostovi va gramatik qurilishinigina emas, balki paralingvistik vositalarini ham o’rganib shu til vakillari bilan gaplashganda uni yotlik belgisidan saqlaydi.




  1. INKOR MANOSINI IFODALOVCHI PARALINGVISTIK VOSITALAR

O’zbek tili tarkibida quyidagi inkor ma’no ifodalovchi kinetik vositalar uchraydi:

1. Boshning gorizantal va vertikal harakatlari jahonning juda ko’p xalqlarida tarqalgan bo’lib, tasdiq va inkor ma’noni ifodalovchi bo’lib xizmat qiladi. Jumladan, o’zbeklarda ham kallaning gorizantal harakati “yo’q”, vertikal harakati esa “bor” ma’nosini bildiradi. Bu belgilarning tasdiq ma’nosi uchun “bosh irg’amoq” inkor ma’nosi uchun “boshini chayqamoq”, “boshini sarak–sarak qildi” ifodalari ishlatiladi. Masalan:

– Maqola paxta kasalliklari, ularning oldini olish va bartaraf etish haqida. Ahmad tushunarli degandek bosh silkib qo’ydi. (F.Musajonov. “Ximmat”, 66-bet) Cholim orqaga tisarilib, boshini serak – serak qildi.

– Yo’q ! – dedi xansirab. (O’.Hoshimov. “Ikki eshik orasi”, 282 – bet).

Tasdiq va inkorning semantik qutb belgilari qarama – qarshi kinetik shakllarni talab qiladi. Kallaning fikriga, xohishga qo’shilganini ifodalab, tasdiq ma’nosini bildiradi. Buning ontonimi sifatida suhbatdoshini fikriga, xohishga kutilmaganini – inkorini ifodalash uchun kallani oldinga harakatga qarama – qarshi tomonga orqaga silkish ham mumkin edi.

“O’rta er dengizi atrofidagi ba’zi erlarda – Afina greklarda”. Janubiy Italyaning ayrim tumanlarida, neopalitonlar va kalabritlar orasida tasdiq va inkor xuddi mana shunday yo’l bilan ifodalanadi.

Ammo kallaning bunday qutb harakatining, ma’no harakatining ma’no differansiyasiga emfatik (Hayojonlilik, ko’tarinki ruhda bo’lish) tasdiq hamda emfatik inkor uchun harkatning takrorlanishi holat beradi. Ya’ni emfatik nutqiy takror “ha, ha, ha!!” va “yo’q, yo’q, yo’q” – larning kinetik subetituti sifatida kalla birinchi ma’noni ifodalash uchun “oldinga – orqaga, oldiga–orqaga, oldinga – orqaga”, ikkinchi ma’noni ifodalash uchun esa “orqaga – oldinga, orqaga – oldinga, orqaga - oldinga” harakat qilish kerak bo’ladi. Bu esa harakatlar defferantsiatsiyasini deyarli yo’qotadi. Kommunikatsiyani qiyinlashtiradi. Shu tufayli ham turkiy va – evropa xalqlarining ba’zi birlarida ikkinchi ma’noni ifodalash uchun vertikal kalla harakatining ziddi sifatida gorizantal kalla harakati qabul qilingan. Aksincha bolgarlarda vertikal kalla harakati inkorni, gorizantal kalla harakati esa tasdiqni ifodalaydi. Bolgarlardagi tasdiqni bildiruvchi gorizantal kalla harakati o’zining inkor ziddi asosida hosil bo’lgan bo’lib, ikkilamchi xarakterga egadir.

Turkiy xalqlarda, jumladan, o’zbeklarda kallasini gorizantal harakati quyidagicha inkor ma’nolarini ifoda qiladi: a) qisman inkorni bildiradi. Bunday vaqtda inkor bildiruvchi imo – ishoradan so’ng so’zlovchining tasdiq javobi kutiladi. Bu javob suhbatdoshning gapidagi logik urg’u tushgan bo’lakning javobi bo’ladi. Verbal vositalarning “yo’q”, unday emas, balki … dir” modelining inkor qismining kompenstsiyasi bo’lib keladi. Masalan, suhbatdoshning fikri : Mana bu ochil buvaning kichik o’g’li. Tinglovchi : Kallaning gorizantal harakati – o’rtanchisi. Yuqoridagi logik urg’u “Ochil buva” ga tushadigan bo’lsa, u vaqtda tinglovchi kallaning gorizantal harakati bilan bolaning Ochil buvaniki ekanligini inkor qiladi va o’zi tasdiq javobini verbal vosita bilan bayon qiladi. Masalan: kallaning gorizantal harakati – Karim buvaning.

b) To’liq inkorni bildiradi. Bu vaqtda inkor ifodalovchi imo – ishoralardan so’ng so’zlovchining hech qanday fikr kutilmaydi. Bunday imo – ishoralarning harakterli belgisi, asosan, - mi yuklamasi orqali ifodalangan so’roq gaplarga javob bo’lib kelgan. Logik urg’u kesimining tarkibida bo’ladi. Masalan: Ruchkang bormi ? Javob: Kallaning gorizantal harakati.

– Qiz “yo’q” degandek bosh chayqadi. (F.Musajonov. “XIMMAT”. 114 – bet).

Inkor ma’nosini kuchaytirish uchun ba’zan bunday gaplarda ham imo – ishoralardan so’ng yana inkor bildiruvchi javob verbal ifodalanishi mumkin.

Masalan: – Meni qo’yaver, o’zim ketaman.

Qiziq. Olimjon kattalardek xotirjam bosh chayqadi.

– Oborib qo’yaman. (O’.Hoshimov. “Ikki eshik orasi”, 215 – bet).




  1. Paralingvistik vositalarda sistemalilik va milliylik hamda baynalminallik masalalari


Barcha xalqlarda bo’lgani singari, o’zbeklarda ham paralingvistik vosita sifatida bir qancha imo-ishoralar yig’indisi bo’lib, ularning bir guruhi inkor ma’nosi bilan funktsional bog’langandir. Bu xil imo-ishoralar yig’indisi tizim hosil qiladimi?

E. M. Vershagin va V. G. Kostomarovlar rus tilidagi imo-ishoralar haqida gapirib, imo-ishoralarni alohida sistema deyish mumkin deydi. Biroq, sistema hosil qiluvchi hodisalar o’zaro bog’langan, bir-birining bo’lishini taqozo etadigan yaxlitlikka ega bo’lishi kerak. Agar tildagi sistemalilikni imo-ishoralarga qiyos qilsak, imo-ishoralar sistema hosil qila olmasligi yaqqol sezilib qoladi.

Til sistemasi - bu uning birlik va qismlarining tashkil bo’lishidir, har bir til birligi butunning bir qismi sifatida sistemaga kirishib, til sistemasining boshqa birlik va qismlari bilan bevosita va bilvosita til kategoriyasi orqali bog’langandir. Til sistemaliligi shunda ko’rinadiki, uning har bir ma’noli elementini boshqasi orqali izohlash mumkin bo’ladi.

Bu elementlar ma’lum bir sath ichida ketma-ket joylashadi. Har qanday nutq strukturasida bir necha sath ishlatiladi. So’z tarkibida fonemalar va morfemalar, gap tarkibida esa barcha so’zlar ketma-ket joylashgan bo’ladi. Bu element ikkinchisini taqqozo qiladi.

Imo-ishora birliklari esa ayrim juz’iy holatlarni hisobga olmaganda (masalan: kallaning gorizontal harakati, vertikal harakati bilan shartlangan, o’zaro bog’langan), biri ikkinchisi bilan shartlangan va tadrijiy bog’langan emas. Bir birlikni butunning bir qismi sifatida qarab bo’lmaydi. Bu jihatdan ham u tabiiy tildan farq qiladi.

German Vamberi arab, fors, o’zbek tillarinigina emas, balki bu xalqlarning madaniyati, urf-odatlarini ham puxta biluvchi mashhur sharqshunos olim edi. Shuning uchun ham u salla o’rab, mulla qiyofasida Eron va O’rta Osiyo xalqlari orasiga kirib keldi. Uning muomalasidan, gaplaridan xorijiy gayriddin ekanligi butunlay sezilmaydi. Islomning, sharq xalqlari tarixi va madaniyatining bilimdoni sifatida aholi o’rtasida hurmat va e’tibor qozondi. Ammo bir o’tirishda juda yoqimli musiqadan ta’sirlanib, beixtiyor kuy maromiga qarab oyog’ini silkita boshlaydi. Bu harakati esa davra ahliga uning xorijiy ekanligini oshkor qilib qo’yadi. Chunki sharq xalqlari orasida kuy, ashulladan rohatlanish belgisi oyoq harakati bilan emas, balki boshning gorizontal holatda asta-sekin tebranishi bilan ifodalanar edi. Buning farqiga borgan Afg’on amirining o’g’li Yoqubxon German Vamberidan bu mamlakatni tark etishni buyuradi.

Jahonning turli xalqlari o’rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalaraga keng yo’l olgan hozirgi paytda yuqorida ko’rsatilgan faktorlarni jiddiy o’rganish ehtiyoji yana ham ortmoqda. Ayniqsa, adabiy aloqalar jarayonida bir tildan ikkinchi tilga ma’lum badiiy asarni tarjima qilishda ham tarjimon faqat shu xalq tilini bilish bilan kifoyalanib qolmay, balki ularning o’zlariga xos bo’lgan muomala madaniyati, imo-ishoralarini ham bilish kerak bo’ladi. Aks holda tarjima qilinayotgan asarni muvaffaqiyatli o’tishi mumkin emas. Bunga ko’plab dalillar keltirish mumkin.

Masalan:


Birinchi misol. Abdulla Qodiriyning “O’tgan kunlar” romanida shunday tasvir bor. ;

“Mirzaboshi kirib xonga qulluq qildi va Musulmonqulga qarab qo’l bog’ladi”.

Bu gap nemis tiliga shunday tarjima qilingan (mazmuni) Mirzaboshi kirdi va hurmat bilan oldin xonga, so’ng Musulmonqulga ta’zim qildi.

Asl nusxadagi qullik qilmoq, qo’l bog’lamoq holatlari tushib qolishlari natijasida Mirzaboshining harakatlari “chala o’zbekcha - nemischa” ma’no kasb etgan.

Yoki yana bir misol keltiraylik.

Oybekning “Navoiy” romonida yosh olimlar – Sultonmurod bilan Zayniddin shoirning Xirotga kelishini eshitarkanlar, bunga javoban: “Istiqbollariga chiqmoq kerak, - o’rnidan qo’zg’aldi Sultonmurod”.

Ruscha tarjimasi: “Nado payti ego vstrechat, - progovoril Sultanmurod, tut je vskachil s mesta”.

Ehtimol, bu tarjimada, daf’atan qaraganda, ko’zga yalt etib tashlanadigan qusur yo’qdir, ammo unda obrazning xarakteri, ichki dunyosini qo’pol ravishda siyqalashtiradigan nuqsonga yo’l qo’yilganki, tadqiqotchi Gulnora G’ofurova o’z kitobida buni o’rinli qayd etgan.

Badiiy tasvir vositasi sifatida tashrif buyurmoq bilan qilmoq, istiqboliga chiqmoq bilan kutmoq va hokazo garchi mohiyat e’tibori bilan ayni bir harakatni ifodalasa-da, ammo ular anglatgan ma’no nozikligi tarafidan bir- biridan farqlanadi. Shunday ekan, hazart Navoiyni qarshilash marosimi haqida, ruscha tarjimada ko’rilganiday, “Uni kutib olishga chiqish kerak, - dedi Sultonmurod, apil – tapil o’rnidan turib” deyilsa, bu bir tomondan, hurmatsizlik, ikkinchi tomondan esa, Oybek tasviri ham talqiniga zid, uchinchidan, tarixiy koloritetni buzish bo’ladi. Chunki, garchi Sultonmurod yosh bo’lsada vazmin, salobatli, muloyim va odobli yigit. Uning tomonidan, yuqoridagi ruscha tarjimada qayd etilganiday soxta hatti – harakatlar sodir bo’lish aql bovar qilmaydigan narsa.

Xat yozib tur, - dedi dadam. Bosh irg’ab ko’chaga chiqdim. (O’. Umarbekov).

Yuqoridagi matnda “bosh irg’ab” konstruktsiyasi o’zbek xalqlari orasida tarqalgan rozilik, tasdiq ma’nosini ifodalovchi imo – ishorani aks ettiradi. Agar yuqoridagi matn bolg’ar tiliga bu xalqlar o’rtasidagi imo – ishora tafovuti hisobiga olinmasdan so’zma – so’z tarjima qilinsa, tarjimada butunlay teskari ma’noni – xat yozib turomaslik ma’nosini ifodalaydi. Chunki bolgarlarda yuqoridagi imo – ishora inkor ma’nosini bildiradi. Shuning uchun ham tarjima bu so’z bolgarlarda ham xuddi shunday ma’noni bildiruvchi imo – ishora ifodalaydigan ishora fe’liga almashtirishga to’g’ri keladi.

Shunday imo – ishoralar borki, ular baynalminal xarakterga egadir.”Bu kategoriya uni versal xarakterga ega bo’lib, ularni hamma tillarda ham qo’llash mumkin”, deydi O. Espersn.

Masalan, “Mavjud emaslik” tushunchasini jahonning turli tillarida verbal vosita bilan turlicha ifodalansa (jumladan, o’zbek tilida yo’q, rus tilida net, fors tilida nest, frantsuz tilida non, ingliz tilida no, nemis tilida nayn) ana shu tillarning hammasida bu ma’no paralingvistik yo’l bilan bir kinetik belgi orqali ifodalanadi: kallaning gorizantal harakati hamma tillarda o’sha tushunchani beradi.

Ammo bu fikr hamma kinetik belgilar uchun ham tegishli emas. Shunday imo – ishoralar borki, ular shartli harakatga ega bo’lib, milliy xususiyat kasb etishi mumkin. Chunki u kollektiv tomonidan ma’lum bir ma’noni ifodalash uchun qabul qilingan imo – ishora simvolidir. Boshqa bir kollektivda esa bu imo – ishora yo hech qanday kommunikativ funksiya bajarmaydi, yoki boshqa ma’noni ifodalashi mumkin.

Masalan, ”xayr” ma’nosini ifodalash uchun ruslar kaftini o’zidan orqaga qilib vertikal holatda takror – takror silkitadi, italyan kaftini o’ziga qarata vertikal holatida silkitadi. Yoki ingliz mashina to’xtatish uchun bosh barmog’ini tikka qilib, qo’lini musht qilib, rus va o’zbeklarda bu kinetik belgi yaxshi degan ma’noni beradi. Masalan:

– Tvoy narod – ve! – qachon o’zbeklardan gap ochilsa, u barmog’ini dikkaytirib ko’rsatadi. (O’. Hoshimov. ”Ikki eshik orasi”, 84 – bet).

Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin:

Aytaylik, agar biron kishi ruscha gapirsa – yu, italyancha imo – ishoralar qilsa, uning gapi mazmunan to’la tushunarli bo’lgani holda, so’zlovchi kishi – xorijiy odam ekanligi oshkor bo’lib keladi. Ruslar va o’zbeklar barmog’i bilan ”bir, ikki, uch...” deb sanaganlarida chap qo’llarining barmoqlarini birma – bir mushtlariga buka boshlaydilar – bu vaqtda o’ng qo’l ishga solinadi. Bir qancha evropa mamlakatlarida esa xuddi shunday holatda musht qilib bukilgan barmnoqlarini birma – bir yoza boshlaydilar, ammo ikkinchi qo’l ishga solinmaydi. Shunisi qiziqki, ruslar va o’zbeklar chimchaloqdan boshlab sanasalar, yevropaliklar sanoqni bosh barmoqdan boshlaydilar. Ruslar o’z nutqini ma’nodor qilish uchun faqat bitta qo’l bilan (chap yoki o’ng) ishora qilsalar, chet elliklar, ayniqsa evropaliklar ikki qo’llarini baravar harakatga keltiradilar.

Shuning uchun ham har qaysi xalqning imo – ishoralari birliklari yig’indisini alohida – alohida o’rganish xalqlar o’rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishiga katta yordam beradi va paralingvistik imkoniyatlarga yanada keng qiziqish uyg’otadi.


  1. FIKR IFODALAShDA PARALINGVISTIK

VOSITALAR ChEGARASI
Nutq birliklari vazifasini bajara oladigan subetitutiv xarakterdagi imo – ishoralar miqdori turli xalqlarda turlichadir. Ba’zi jamiyatlarda ( qabila va elatlarda ) imo – ishoralar miqdori ko’proq bo’lsa (Amerika indeyislari benedikten ordendi, tillari va boshqalarda ), buning aksicha, shunday jamiyatlar borki, ularda juda oz miqdordagi shartlangan imo – ishora belgilari bor.

Bu jihatdan o’zbeklarda ham subetitutiv vazifa bajara oladigan imo- ishoralar miqdori ko’p emas. Bu bilan birga har qanday informatsiyani ifodalay olmaydi. Uning vazifasi doirasi ham nihoyatda chegaralangandir. Kundalik og’zaki aralashuv stili bilan bog’liqdir. Mimika va imo – ishoralar birdan – bir fikr ifodalash vositasi sifatida doimo nutqqa nisbatan primitivdir. Qanchadan – qancha nozik dil harakatlarini, nozik his – tuyg’ular bilan bog’liq fikrlarni ifodalash qudratiga ega emas. Kar – soqovlarning tilini kuzatish bu masala yuzasidan qiziq malumotlar beradi. Fikrni tovush tili yordamida ifodalashdan mahrum bo’lgan kishilar Kar – soqovlar bu maqsad uchun faqat imo – ishoralardan, birinchi navbatda qo’l va uning barmoqlarining harakatidan foydalanadilar. Imo – ishora tushunarli bo’lishi uchun ifodalashi lozim bo’lgan predmetning tashqi formasini imkon boricha harakat bilan ko’rsatish kerak bo’ladi.

Buning uchun esa imo – ishora esa juda cheklangandir. Shunga ko’ra ma’lum bir predmetni ko’rsatish orqali fikr predmetini tasvirlaydi: Masalan, olmani ifodalash uchun kar – soqovlar o’zining mushtini tishlaganday harakat qiladi va shu bilan birga olmani daraxtdan qoqish tasavvurini ham kuzatadi.

Imo – ishora tili fikr ifodalash va fikrning rivojlanishi uchun shunchalik kambag’alki, kar – soqovlar faqat yo maxsus alfabit yordamida tovush tilini o’rgangandagina yoki normal gapiruvchi odamning lab harakatiga qarab gapirishni va tushunishni o’rgangan taqdirdagina o’zining taraqqiyotida normal odamdan birmuncha orqada qoladi.

“Shuning uchun ham T.M. NIKOLAEVAning Amerika indeyslari tilida va benediktenordendi tilida imo – ishoralar har qanday yoki deyarli har qanday informatsiyani ifodalay oladi”, degan fikri sal mubolag’aga o’xshaydi, - deydi A. NURMONOV.

Metodik jihatidan yondashadigan bo’lsak, paralingvistik vositalarni o’rganish, bilish har bir bo’lajak o’qituvchi uchun muhimdir. Chunki yuqorida aytganimizdek paralingvistik vositalarni inson o’z nutqida fikrini ta’sirli o’tkazish uchun beixtiyor qo’llaydi. Undan tashqari maktabda o’qituvchilar barcha fanlardan dars berish jarayonida beixtiyor va ixtiyoriy ravishda ushbu vositalardan foydalanadilar. Bu esa o’sha mavzuning o’quvchiga aniq, to’la mazmuni bilan taassurotli yetib borishini ta’minlaydi.

Haqiqatdag ham, kishilarning fikr-tuyg’ularini ifodalashga xizmat qiluvchi imo-ishora (mimika) va turli gavda harakatlari kabi yordamchi vositalar o’zbek tilshunosligida juda ko’p.

Gavda harakatlari va mimikalar so’zlashuv nutqida, ayniqsa, dialogik nutq jarayonida qo’llaniladi. Uni yozma nutqda real ravishda aks ettirib bo’lmaydi. Shunga ko’ra uning nusxasi (talab qilingan paytda) til vositalari orqali yozma nutqqa ko’chiriladi. Masalan, diologik nutq jarayonida suhbatdoshning “bosh chayqashi” (gorizontal) inkor ma’nosini bildiradi. Yozma ntqda esa suhbatdoshning “boshini chayqatib” bo’lmaydi. Binobarin, mana shu harakatning nusxasi so’zlar vositasida (“bosh chayqadi” deb) aks ettiriladi. Demak, gavda harakatlari va mimika aslida nolingvistik hodisa bo’lib, nutqdan tashqarida ham, nutq jarayonida ham unga yordamchi vosita sifatida ham qo’llanishi mumkin. Lekin u hamma vaqt ob’ektiv borliqning yoki suhbatdoshning so’zlovchi ongiga ta’siri natijasida sodir bo’ladi. Binobarin, u til bilan bevosita yoki bilvosita bog’liq holda ifoda etiladi.

Gavda harakatlari va mimka yordamchi aloqa vositasi sifatida asosan og’zaki nutq jarayonida voqe bo’ladi. Nutqning barcha ko’rinishlarida alohida til vositalari orqali ekpressivlik, emotsionallik ifodalanganligi kabi gavda harakatlari va mimika yordamida ham shu xil ma’nolar ifodalanishi mumkin. Masalan, tasdiq va inkorni ifodalovchi bosh harakati (vertikal yoki gorizontal) dialogik nutqda (tovush nutqidan xoli holda) asosan intelektual munosabatlar bildiradi. Chunonchi, inkor bildiruvchi gavda harakatlari tovush nutqi bilan birga bajarilsa, ekspressiv munosabat bildirishi mumkin (unda bosh chayqaladi va alohida intonatsiya bilan “yo’q”, deyiladi). Shu gavda harakatlari tovushsiz bajarilib, situatsiyaga ko’ra turli xil, hatto undov so’zlar bildiradigan ma’nolarni ifodalashi mumkin. Misollar: - Bizning eshon mana shunaqa…Lekin ikkita aybi bor: xudo bo’ydan, jussadan bergan emas, xotini bilan podruchka qilib ketayotganda orqasidan kishi eshonni Kifoyatxonga osib qo’yibdi, dedi. Eshon “juda o’tkir gap bo’ladi” degan ma’noda “bosh chayqab” qotib-qotib kuldi (A.Qahhor). …Esimga solma degan ma’noda “bosh chayqab”, qani, dutorni ol! – dedi (A.Qahhor). Latofat ha, degan ma’noda bosh irhadi (Tohir Malik). Bu – jiddiy ish degan kabi ma’noli bosh chayqadi (Tohir Malik). – Cho’kib o’lgan?! – Shunday yigit-a! Direktor boshini sarak-sarak qilib, o’rnidan turib ketdi (Tohir Malik). Butaev, ma’qul, degandek bosh irg’adi-da o’rnidan turdi (Tohir Malik). Bu misollarda “bosh chayqamoq” (irg’amoq)ning turli xil ma’nolari aks etgan. “Bu ishlarga sen aybdorsan”, degan gapda so’zlovchi ko’rsatgich barmog’ini tingloviga qarata niqtasa (o’qtalsa) ta’kid, ta’sirchanlik ortadi: Anoraga navbat kelganda unga qo’lini bigiz qilib6 – baribir, o’qiysan! – dedi (O’.Usmonov).

Lug’aviy birliklarda bo’lganidek, mimka ayniqsa gavda harakatida ham omosemik, sinsemik, antosemik, monosemik, polisemik xususiyatlarning borligi kuzatiladi. Lekin bu o’rinda ularning nutqda ekspressivlik ifodalashi uun yordamchi vosita sifatidagi xizmatlarini ko’rsatish bilan kifoyalanadi.

Gavda harakati va mimkada so’zlovchining voqelikka, suhbatdoshga bo’lgan turlicha psixo-fizologik munosabatlari aks etadi. Misollar: U g’olibona bir g’urur bilan enlik kamarini ushlab, bir elkasini ko’tardi va tishlarining orasidan bir tomonga chirt etib tupurdi (A.Qahhor). Bu o’rinda personajning g’ururli psixik holati uning xatti-harakatlari yordamida berilgan. Yana misollar: Saidanig bu gapi hazil tariqasida aytilmagani Qalandarovga malol keldi. U o’rta barmog’i bilan peshonasini tez-tez ishqab, xuddi tishi bilan danak chaqqanday bosh silkib: Zulfiqorov yaxshi brigadir, - dedi (A.Qahhor). Ro’paramizda bittasi bor, - mana bunday! – Hakimjon bosh barmog’ini havoga nuqtadi (O’. Usmonov). Eshon Qalandarov uzatgan konyakni “faqat berganingiz meniki, davlatingiz o’zingizga buyursin”, degan ma’noda chinchalog’i bilan uning bilagiga sekin urib, ya’ni stakanni “kesib” oldi-da, bitta ko’tardi (A.Qahhor). Voy shuni aytingizmi-ya? Uyat! – Mahbuba boshini changalladi, barmog’ini tishladi (O’. Usmonov). Siz uni yaxshi bilmaysiz. U boshqa odam!!! Mahbuba Ikromovga shart yuzini burdi (O’. Usmonov).

Mushtumini qisdi, titradi chol,

olovlandi xira ko’zlari...

Bari bir paxtani teramiz! (Uyg’un).

Mimika, ayniqsa, gavda harakati o’z ma’nosi bilan turg’unlashib qolishi natijasida frazeologizmning tug’ilishga aos bo’ladi: ko’zlari kosasidan chiqib ketmoq, barmog’ini tishlab qolmaq kabi.

Gavda harakati va mimika so’zlashuv nutqi jarayonida real ravishda bajarilsa, yozma nutqda u asosan ko’chirma gapli konstruktsiyalarning avtor gapi qismda va sahna asarlarining remarka qismida izohlanadi. Misollar: - Juda soz! – Sergey Nikolaevich kaftlarini bir-biriga ishqab shod gapirdi (H. G’ulom) . To’g’ri qildim! – Nomozov qaddini sal ko’tarib kresloda o’nglanib o’tirib oldi. – Haqqim bor! Axir men rektorman! Nozimjonning mitti ko’zlari ola-kula bo’lib, vajohati o’zgarayotganini ko’rgan Jukova: - Bezovta qilganim uchun kechirasiz, - dedi –da, kabinetdan chiqib ketdi... Bari bir oxirigacha kutish kerak edi!- Afzalovning zardasi qo’zib, o’tirgan erida bir silkinib oldi... – Xo’sh, keyin nima bo’ladi?... – Afzalov asabiy bir holatda barmoqlarini chalishtirib qarsillatdi. – Axir nima javob qildi, “boramiz”, dedim?... – Lattasiz! – Afzalov toqatsizlanib o’rnidan turib ketdi... – Ha-ha! Afzalov yoqasini ushlab, katta dumaloq boshini sarak-sarak qildi... – Xo’sh, siz shu bilan nima demoqchisiz? – Afzalov Abdullaevga o’qrayib tikildi... (H. G’ulom). Toshkentda imtihondan yiqildik, - yigit o’ng qo’lining katta kiftini chap ko’kragiga urib, boshini egdi. – Iltimos! (H. G’ulom). Afzalov stolga o’tirdi-yu, nechundir keng elkalarini beo’xshov qimirlatib qo’ydi (H. G’ulom) .

Gavda harakati va mimika elementlari ko’p vaqt birga qo’llanganda va mazmuniga uyg’un holda uning ta’sir kuchii oshiradi. Ular amaliyotga juda ko’p va xilma-xildir. Yana misollar: Yahyo og’zini ochgancha baqirib qoldi (“Yoshlik”). Qip-qizil ahmoqsan. Odamga kalla kerak, kalla! Shunday deb ko’rsatgich barmog’i bilan boshiga nqib qo’ydi (“Yoshlik”). Nozima shunday deb elkasini qisdi (“Yoshlik”): - E-e, - Komil qo’l siltadi,- meshchanlikning o’zginasi-ku, bu! (“Yoshlik”): Yana boshlayapsizmi, deb shart orqasiga o’grildi (“Yoshlik”). Odilov qo’lida o’ynab turgan qalamni jahl bilan stol ustiga tashladi (“Yoshlik”). Omonturdievning ko’zlaridan olov sachrab ketdi (“Yoshlik”). U To’xtamish Omonturdievga tagdor qarash qildi (“Yoshlik”). Afzalov keng elkalarini beo’xshov qimirlatib qo’ydi (H. G’ulom) . Uzoqov mashinasiga o’tirib eshikni zarda bilan yopdi (H. G’ulom) .

Gavda harakati va mimikaning sotsial xarakteri, milliy xususiyati, o’ziga xos “semantika”sini hisobga oladigan bo’lsak, bu hodisaning atroflicha o’rganishga molik ekanligi oydin bo’ladi. Bu o’rinda mazkur maala (hodisa) kitobxon diqqatiga havola tarzidagina beriladi.

Ma’lumki, gapning ifoda maqsadi ifoda formasini belgilaydi va aksincha, ifoda formasi uning mazmunini tasvirlaydi. Gapning forma va mazmun munosabati uning funktsiyasini belgilaydi. Mazmun va formalar mosligi, odatdagicha qo’llanishi kommunikativ funktsiyada, “g’ayri odatiy” qo’llanishlari esa stilistik funktsiyada namoyon bo’ladi. Masalan: tasdiq formaning tasdiq mazmunini ifodalashi odatdagi, ayni paytda neytral munosabatni bildirsa, uning inkor mazmunida qo’llanishi (“g’ayri odatiy”) ekspressiv munosabat hosil qiladi.

Gapda inkor formalar qo’sha qo’llanganda ikki xil hoat kuzatiladi: 1. Tartib bo’yicha birinchi inkor ikkinchi inkorni inkor etsa (inkorni inkor), kuchli tasdiq kelib chiqadi. 2. Ikkinchi inkor birinchisiga aloqador bo’lmasa, inkor mazmuni saqlanadi. Kesimdagi inkor gap uchun umumiy bo’lib, boshqa bo’lakdagi inkor ko’pincha xususiy xarakterda bo’ladi.



X U L O S A

Paralingvistik vositalar fikr ifodalashda eng sodda, eng tejamli vositalar hisoblanadi. Paralingvistik vositalar ham ma’lum bir xabar tashishda lingvistik vositalarga yordam beradi, ba’zi o’rinlardAa hatto lingvistik vositalar vazifasini ham bajaradi. Demak, muayyan bir tilni o’rganayotganda faqat shu til strukturasini (leksika, fonetika, grammatikani) o’rganishning o’zi etarli emas.

Hayot amaliyot til bilan birga shu til egasi bo’lgan xalqning muomala qoidalari, imo – ishoralarini ham o’rganishni taqazo etmoqda.

Har bir xalqning o’z muomala qoidalari mavjud. O’zbek xalqi qo’lini ko’ksiga qo’yib, bosh irg’itish harakati ”salom” ma’nosini bildiradi.

Masalan:

G’ulomjon o’ng qo’lini ko’ksiga qo’yib ta’zim qildi. (M. Ismoiliy. ”Farg’ona tong otguncha”).

Jahonning boshqa xalqlarida esa bu ma’no umuman boshqacha harakatlar orqali ifodalanadi. Shuning uchun o’z oldiga boshqa tilni o’rganishni maqsad qilib qo’ygan har qanday kishi paralingvistik vositalar bilan mufassal tanishish zarurdir. Paralingvistik vositalari tilda ekspressivlik ta’minlashda ham katta rol o’ynaydi. Masalan:

Asal hech nima demadi, jiqqa yoshga to’lgan ko’zlarini jimgina chetga burib, ”yo’q” degandek bosh chayqadi. (Ch. Aytmatov. ”Sarviqomat dilbarim”, 150 – bet).

Bir qo’llab chapak chalolmagani uchunmi, nuqul chap qo’lini ”barakalla” degandek havoda silkitar edi. (O’. Hoshimo. ”Ikki eshik orasi”, 204 - bet).

Yuqorida ta’kidlagandek, paralingvistik hodisalar doirasiga nutq jarayonida kommunikatsiyada ishtirok etadigan barcha supersegment vositalar va imo – ishora hamda mimikalar kiradi. Hech qanaqa qo’l, lab harakatlari qatnashmasdan faqat ”jilmayish”, ”suhbatdoshiga bir nazar tashlash”, ”ko’zlar uchrashishi” kabi vositalar ham fikr ifodalaydi.

Masalan:

Ro’zmatdan keyin Tillabuva so’z oldi. Hamma ”baloga qolding” degan ma’noda kulib Ro’zimatga qaradi. (A. Qahhor. ”Qo’shchinor chiroqlar” 106 – bet).

Tolib aka ”shu g’o’r bolaning xom – xatala gapigayam javob qaytaramanmi” degandek, iljaydi. (F. Musajonov. ”Ximmat”, 52 – bet).

Oyim ”siz gapiring” degandek dadamga qaradi. (O’. Hoshimov. “Ikki eshik orasi”, 13 –bet).

Sidiqjon qip – qizarib ketdi va Zunnunxo’jaga ”gapirsangizchi !” degan mazmunda nazar tashladi. (A. Qahhor. ”Qo’shchinor chiroqlari”, 10 - bet).

Dadamat aka: ”Men sizga nima degandim, bu mana shunaqa qaysar” degandek Ahmadga qarab qo’ydi. (F. Musajonov. ”Ximmat”, 5 – bet).

– Zakunchi ”javob ber!” degandek ko’zimga qattiq tikildi. (O’. Hoshimov. ”Ikki eshik orasi”, 286 - bet).

Bu gapdagi ”qulmoq”, ”iljaymoq”, ”jilmaymoq”, ”qaramoq”, ”nazar tashlamoq”, ”tikilmoq” kabi so’z va iboralar nutqni kuzatib boradigan noverbal holatlarni ifodalaydi. Demak, bunday holat va harakatlar ham, bizningcha, paralingvistik vositalar doirasiga kiritilishi zarur.

Xullas, paralingvistik vositalarni o’rganish va tadqiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Paralingvistik vositalar, jumladan o’zbek tili paralingvistik vositalari haqida fikr yuritganda, ularni sistema sifatida o’rganganda o’ziga xos vazifalarni, internotsional belgilar boshqa xalqlar tillari paralingvistik vositalari bilan bog’lab, qiyoslab, ko’rilganda yana yaqqolroq ko’zga tashlanadi. Bu haqda G’. Salomovning ”Tarjima nazaryasiga kirish”, A. Nurmonovning ”O’zbek tilining paralingvistik vositalari haqida” kabi ishlarida, ayrim o’rinlarda qimmatli fikrlar bayon etilgan.

1. Paralingvistik vositalar ekspressivlikni ta’minlashga yordam beradi.

2. Paralingvistik vositalar nutq jarayonida vaqtni tejaydi.

3. Paralingvistik vositalarni o’rganish zarur. Bu madaniy aloqalarni yaxshi yo’lga qo’yishga, xalqlarning o’zaro bir – birlarini yaxshi tushunishga, tarjima ishlarini sifatini ko’tarishga, kishilarning dunyo xalqlari urf – odatlari, hayotiy tajribalarni atroflicha bilishga, inson madaniy saviyasining ko’tarilishi, xalqlar haqidagi tassavurlarining kengayishi, tilshunoslikning boshqa fanlar orasidagi o’rnini, qimmatini oshirishga yordam beradi.

4. Shuning uchun o’zbek tili paralingvistik vositalarning keng ko’lamda atroflicha o’rganish zarur bo’ladi.



Paralingvistik vositalar ma’no ifodalashi, ularning xizmati ehtimol bir paytlar tovush tili xizmatiga nisbatan ustun bo’lgan bo’lishi mumkin.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI

  1. Karimov I.A.O’zbekiston buyuk kelajak sari.Toshkent, O’zbekiston, 1999, 682 bet.

  2. Karimov I.A. Xalqimizning yo’li mustaqillik, ozodlik va tub islohatlar yo’lidir. Toshkent, O’zbekiston, 1996, 153 bet.

  3. Karimov I.A. O’zbekiston XXI asrga intilmoqda. Toshkent, O’zbekiston, 2000, 350 bet.

  4. Abdullayev A. O’zbek tilida ekspressivlik ifodalanishining sintaktik usuli. Toshkent, 1987 yil. 83-86 – betlar.

  5. Begmatov E. Hozirgi o’zbek adabiy tilining leksik qatlamlari. Toshkent. Fan. 1985. 199 bet

  6. Doniyorov X. Qipchoq dialektlarining leksikasi. Toshkent, 1979.

  7. Nurmonov N. A. O’zbek tilining paralingvistik vositalari. Andijon. 1980 yil.

  8. Tursunov U. , Muxtorov J., Rahmatullaev Sh. Hozirgi o’zbek adabiy tili. Toshkent, 1975, 367 bet.

  9. Tursunova T. O’zbek tili amaliy san’ati leksikasi. Toshkent, 1978.

  10. Usmonov S. O’zbek tilining lug’at sostavidagi tojikcha-forscha va arabcha so’zlar. Toshkent. 196

  11. Faxri Kamol. Hozirgi zamon o’zbek tili. Toshkent, 1953.

  12. Mamatov N. O’zbek tilida qo’shma so’zlar. Toshkent, 1982.

  13. Olim Usmon., Doniyorov R. Ruscha-internatsional so’zlar izohli lug’ati. Toshkent, 1965, 675 bet.

  14. Pinxasov Ya. Hozirgi zamon o’zbek tili leksikasi. Toshkent, 1960,167 bet.

  15. O’zbek xalq maqollari. T., G’.G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1989. 92-bet. " O’sha asar . 304 bet.

  16. Hikmatlar xazinasi. T., Yosh gvardiya. 1977. 106 bet.

  17. Hojiyev A. Hozirgi o’zbek tilida forma yasalishi. Toshkent, 1979.

  18. G’ulomov A.G’. O’zbek tilida so’z yasash yo’llari xaqida. Til va adabiyot instituti asarlari. O’zbek tili grammatikasidan materiallar. 1 kitob. T., Fan. 1949. 39-bet.


BADIIY ADABIYOTLAR

  1. O’. Xoshimov “Ikki eshik orasi”. Toshkent, 1992 yil

  2. A. Muxtor “Chinor”. Toshkent, 1995 yil.

  3. Oybek “Navoiy”. Toshkent, 1993 yil.

  4. Toxir Malik “Falak”. Toshkent, 1992 yil

  5. A. Qodiriy “O’tgan kunlar” Toshkent, 1995 yil.

  6. A. Qahhor “Qo’shchinor chiroqlari”. Toshkent, 1995 yil.

  7. Sh. Xolmirzayev “Yo’lovchi”, Sharq yulduzi, 1987 yil. 12-son.

Download 170.54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling