2 -rasm shahardagi odamlar yig`iladigan yo’l.
Qashqar va Yorkenddagi qo‘qonlik savdogarlar bir oyda to‘rt marta Qashqarning “eski shahar” qismida oqsoqol huzurida majlis o‘tkazganlar. Uning amaldagi vazifasi Qashqardagi barcha Qo‘qon savdogarlaridan va musulmon aholidan boj va zakot soliqlarini yig‘ib olish edi.
Oqsoqollik tizimining Sharqiy Turkistonda qachon o‘rnatilganligi xususida tarixchilar orasida turlicha fikr bildirilgan. Yapon tadqiqotchisi Toro Soguchi, Norbo‘tabiy hamda Olimxonning muhri tushirilgan yorliqqa ega bo‘lgan xudoydo lavozimidagi shaxs Sharqiy Turkistonda savdo qilayotgan Qo‘qon savdogarlarini nazorat qilganligini qayd etgan.
M.Gurevichning yozishicha, Qo‘qon hukmdori “Umarxon davrida Qashqardagi Qo‘qon savdogarlaridan boj yig‘ishni nazorat qiladigan Qo‘qon oqsoqoli (xudoydo)ni tayinlashga urinib ko‘rilgan”, – deb yozgan. Qurbon Ali Ayaguziyning fikricha esa bu oqsoqollik tizimi 1832-yilgi Qo‘qon xonligi va Ching imperiyasi o‘rtasidagi shartnomadan so‘ng o‘rnatilgan, deb hisoblagan. “Oqsoqol” atamasi manjurcha “xudoydo”, xitoycha “shangmu” yoki “maimai touren”, ya’ni “savdo oqsoqoli, boshlig‘i” atamasi bilan tenglashtirilgan. Bu mansab egasi nafaqat Qo‘qon savdogarlari faoliyati va ularning haq-huquqlarini, balki Sharqiy Turkistonda muomalada bo‘lgan Qo‘qon tanga-pullarini ham nazorat qilgan.
3. Qo‘qon xonligining xorijdagi savdo oqsoqollari bilan faoliyati.
Manbalarda, qo‘qonlik oqsoqollar Sharqiy Turkistondagi xonlik fuqarolarining sonini bilgan yoki bilmaganligi haqida ma’lumot berilmagan. Shu jumladan, Ching imperiyasi hukumati ham 1759-1828-yillar oralig‘ida Sharqiy Turkistonda savdo faoliyatini olib borgan xonlik fuqarolarini ro‘yxatga olmagan.
Biroq Jahongirxo‘ja qo‘zg‘olonidan so‘ng, qo‘zg‘olonning faol ishtirokchisi bo‘lgan qo‘qonliklarga qat’iy chora ko‘rishga majbur bo‘lgan.
O‘rta Osiyo xonliklaridan kelganlarni aniq sonini bilish uchun Ching hukumati 1828-yilda Sharqiy Turkistonda aholini ro‘yxatga olishga majbur bo‘lgan. Natijada ularning jami soni 5122 ta xonadon bo‘lganligi va ulardan 3602 ta xonadon Tyan Shanning janubida, ya’ni Qashqar, Yorkent, Xo‘ton, Uchturfon, Yangihisor, Kuchor, Oqsuv va boshqa aholi manzillarida istiqomat qilgan bo‘lsa, 460 ta xonadon esa shimolida Urumchi, G‘ulja, Chuguchakda yashaganligi aniqlangan.
Ularga kashmirlik, buxoroliklar, badaxshonliklar ham qo‘shib hisoblangan. Aslida bu vaqtda Sharqiy Turkistonda Qo‘qon xonligi fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |