Tekshirishning asosiy bosqichlari
Qurilish tuzilmalarni tekshirish 3 ta bosqichdan iborat:
loyiha hujjatlari, ishchi ijroiy chizmalar va yopilgan ishlar dalolatnomalari bilan birlamchi tanishuv;
obyektni vizual tekshirish, obyektning loyihaga mos kelishini aniqlash, kо‘zga kо‘ringan nuqsonlarni aniqlash, inshoot tekshirish rejasini tuzish, buzmasdan sinash usuli yordamida kompleks tadqiqotlar о‘tkazish;
inshoot holatining tahlili va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bо‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqish.
Loyiha hujjatlarini о‘rganib chiqish natijasida tanlangan konstruktiv yechimga baho berish, eng noqulay sharoitda ishlayotgan inshoot elementlari uchun haqiqiy yuklamalar miqdorini aniqlash mumkin bо‘ladi.
Obyektni vizual kо‘rib chiqishda tekshirilayotgan tuzilma tо‘g‘risida birlamchi ma’lumot olinadi, konstruksiya elementlarining eskirish foizi aniqlanadi va keyingi tekshiruv bosqichlarining ishchi dasturi tuziladi.
Inshootlarni tekshirishda injenerlik geodeziya usullari keng qо‘llaniladi. Ular yordamida binoning chо‘kishi, siljishi, yoriq va deformatsiya choklari parametrlari, elementlar salqiligi о‘lchanadi.
Tayyorlanayotgan qurilish konstruksiyalari sifatini nazorat qilish buzib va buzmasdan sinash usullarini qо‘llagan holda amalga oshiriladi. Buzib sinashda konstruksiya о‘zini yuklama ostida qanday tutishi va uning kuchlanganlik-deformatsiyalangan holati tо‘g‘risida tо‘la ma’lumotga ega bо‘lamiz. Lekin har bir tayyorlayotgan mahsulotni buzib sinab mustahkamligini aniqlaydigan bо‘lsak, barcha mahsulot yaroqsiz holga kelgan bо‘lur edi. Buzmasdan sinash esa sinalayotgan tuzilma tо‘g‘risida doimo ham tо‘la ma’lumot bera olmaydi. Hisoblash texnikasini qо‘llagan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblarda ham real tizimlarning haqiqiy ishchi holati tо‘g‘risida tо‘laqonli ma’lumot olib bо‘lmaydi. Shuning uchun amaliyotda nazariy tadqiqotlar, buzib va buzmasdan sinash usullarini birgalikda olib borish lozim.
Demak, bino va inshootlar tuzilmalarini sinash tekshirishning ajralmas bir qismi bо‘lib, о‘zining apparat ta’minoti va qayta ishlash usullari bilan eksperimental mexanikaning alohida yо‘nalishi hisoblanadi.
Inshootlarni tekshirish va sinashning bosh vazifalaridan biri, ularni haqiqiy holatini va kelgusida ekspluatatsiya qilishga yaroqligini aniqlashdan iborat. Bu muammo qaralayotgan tizimning ishonchliligini baholash bilan bevosita bog‘langan.
Ishonchlilik deganda ma’lum bir vaqt oralig‘ida, muayyan ekspluatatsiya sharoitida tizim oldiga qо‘yilgan funksiyani bajarish xususiyati tushiniladi. Ishonchlilik kompleks xususiyatlardan iborat bо‘lib, betо‘xtovlik, uzoq muddatga chidamlilik va ta’mirtalablik kabilarni о‘z ichiga oladi.
Betо‘xtovlik - obyektning ma’lum vaqt davomida ishga yaroqliligini saqlash xususiyati.
Uzoq muddatga chidamlilik - obyektning uzoq muddat chegaraviy holatga yetguncha ishga yaroqliligini saqlash xususiyati.
Ta’mirtalablilik - obyektda buzilish bо‘lish sababini aniqlash va ogohlantirishga moslashish, ularni ta’mirlab tuzatish xususiyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |