11-bob. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish
57-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.
Chet davlatlarning hududiga investitsiyalar yuborishni tartibga solish ushbu Qonunga, hududida investitsiya faoliyati amalga oshirilayotgan davlatning qonun hujjatlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
58-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasining davlat boshqaruvi organlari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasining mol-mulkini chet davlatlar hududidagi yuridik shaxslarning ustav fondlariga (ustav kapitallariga) kiritish mulkdorning yoki u vakolat bergan davlat boshqaruvi organlarining roziligi bilan amalga oshiriladi.
59-modda. Investitsiyalarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga yuborish chogʻidagi investitsiya faoliyatining shakllari
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarni, shuningdek ularning shoʻba korxonalarini, filiallarini, vakolatxonalarini va boshqa alohida boʻlinmalarini chet davlatning qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda tashkil etish;
mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni olish;
chet davlatlarning qonun hujjatlariga zid boʻlmagan hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boʻlgan boshqa har qanday shakllar.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
Do'stlaringiz bilan baham: |