Reja: Tarjimayi holi
Download 32.34 Kb.
|
Nasafiy
Shogirdlari
Nasafiyning shogirdlari qatorida birinchi o‘rinda uning 1113 yilda tavallud topgan va „al-Majd“ laqabi bilan tanilgan o‘g‘li Abul Lays Ahmad ibn Umarni zikr etish mumkin. Olimning bu o‘g‘li haqida Abu Saʼd as-Sam’oniy iliq fikrlarni bildirib, uning faqih, fozil, voiz va yetuk inson bo‘lganini taʼkidlaydi. As-Sam’oniy 1154 yilda Samarqandga borganida Abul Lays bilan uchrashib, ilmiy muloqotda bo‘lgan. Uning aytishicha, bir-birlari bilan tez-tez uchrashib turishar, Majd undan baʼzi kitoblarni olib turar edi. Majd Nasafiy 1156 yilda haj safariga otlandi. U 1157 yilda Bag‘doddan qaytayotib, Bistom shahridan o‘tganida ismoiliylardan bo‘lgan qaroqchilar — „ahl al-qilo“ („qal’alar ahli“) guruhi karvon yo‘lini to‘sadi. Ular karvondagi Hijozdan kelayotgan yetmishdan ortiq kishi, jumladan, juda ko‘plab ulamolarni qirib tashladilar. Ular orasida Majd Nasafiy ham bor edi. U Bistom nohiyasidagi bir qishloqda dafn etildi. Nasafiy shogirdlari orasida aksariyat hollarda nasaflik muhaddislarni uchratamiz. Ular qatorida Abu Muhammad Abdulloh ibn Ali Nasafiy (XII asr), Abul Qosim Muhammad ibn Muhammad Nasafiy (XII asr), Abu Bakr Muhammad ibn al-Hasan Nasafiylarni (XII asr) zikr etish mumkin. Ammo Nasafiyning shogirdlari orasida Abu Muhammad al-Hasan ibn Ahmad as-Samarqandiy, Abu Nasr Ahmad ibn Abdurrahmon ar-Rig‘damuniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ibrohim an-Nurbashtiy kabi Nasafdan tashqaridagi muhaddislar ham uchraydi. Nurbashtiy Nasafiydan Bag‘doddagi „Xumor-tegin“ madrasasida hadis eshitgan. Abu Saʼd as-Sam’oniy o‘z ustozlari haqida maʼlumot bergan „Muntaxab mu’jam shuyux as-Sam’oniy“ („as-Sam’oniy ustozlari qomusining saylanmasi“) nomli asarida Nasafiyning hadis ilmidagi salohiyatiga shunday baho beradi: "Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Hofiz Nasafiy Samarqandiy Nasaf ahlidan bo‘lib, Samarqandda yashagan. U mazhab va adab ilmining bilimdoni bo‘lgan imom, faqih va fozil kishilardan edi. Fiqh va hadis bo‘yicha asarlar yozgan. Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniyning (v. 804-05) „al-Jomi as-sag‘ir“ („Kichik to‘plam“) asarini nazmga solib, sheʼriy usulda bergan… Ustoz jamlash va tasnif qilish bo‘yicha peshqadam olimlardan biridir. U Abu Muhammad Ismoil ibn Muhammad an-Nuhiy Nasafiy, Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn al-Husayn al-Pazdaviy, Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik Nasafiy va ulardan boshqa ko‘plab kishilardan hadis eshitgan. Men u kishini tiriklik chog‘ida Samarqandda uchratmagan bo‘lsam-da, Abu Hafs Nasafiydan yozma ravishda barcha eshitganlari (masmuot) va to‘plamlari uchun ijoza olganman. Bir jamoa kishilar undan menga hadis rivoyat qilganlar… U hadisni va uni o‘rganishni yaxshi ko‘rar edi. Uning juda chiroyli fiqhiy va hikmatli sheʼrlari bor edi". Abu Saʼd Sam’oniyning bergan taʼrifidan shunday xulosa qilish mumkinki, Nasafiy o‘z davrida Samarqandning eng mashhur muhaddislaridan edi. Hadis bo‘yicha juda ko‘p ustozlari bo‘lib, bu ilmga oid ko‘plab asarlar yozgan. Olim faqat o‘zi yozgan asar va to‘plamlar bilan kifoyalanmay, o‘sha davrdagi mashhur ulamolarning asarlarini shogirdlariga imlo qilib yozdirgan. Talabalar oson tushunishlari uchun ularni sharhlab, esda saqlab qolishlari uchun sheʼriy usulda bayon etgan. Download 32.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling