Reja: Til o`qitishda nazariy qarashlarning yuzaga kelishi
Download 43.08 Kb.
|
1-amaliy mashg`ulot MFO`M
- Bu sahifa navigatsiya:
- Deskriptiv metod matnni eng ixcham va tugal ifoda qilishni talab qiladigan tasvirlash metodidir. Deskriptiv metodning asosini distribusiya tushunchasi tashkil qiladi
Amerika strukturalizmi. Amerika strukturalizmi XX asrning 20-30 yillarida ushbu mamlakat mahalliy aholisining (indeeclarning) tilini o`rganish natijasida maydonga keldi.
Ushbu strukturalizm til hodisalarini, birliklarini tahlil qilish metodiga – deskriptiv (ya`ni tasviriy) metodiga ko`ra deskriptiv tilshunoslik deb ham yuritiladi. Ayni maktabning asoschisi amerikalik mashhur etnograf, antropolog va tilshunos olim Frans Boasdir (1858 - 1942). F.Boas Amerika mahalliy aholisi tilining tasviriy grammatikasiga bag`ishlangan asarlarida barcha tillarni tasvirlashning yagona principini inkor qilishga va konkret tilning o`z mantiqi asosida, tilning «ichidan», indukciya (xususiy hodisalardan umumiy qoidalar yaratish) yo`li bilan tasvirlashga chaqiradi. F. Boas boshlab bergan tadqiqot ishlarini bir – biridan farqli yo`nalishlarda eduard Sepir va Leonard Blumfildlar davom ettirishdi. E. Sepir (1884 - 1939) o`z tadqiqotlarida til va madaniyat, til va tafakkur munosabati, bog`liqligi masalalari bilan keng miqyosda shug`ullanadi. Shunga ko`ra u etnolingvistikaga asos soldi. Е.Sepir va uning izdoshlari ta`limotidagi muhim g`oya shundaki, har bir tilning o`ziga xos modeli – moddiy va ideal modeli (sistemasi) bo`lib, til modeli ijtimoiy - madaniy model (sistema) bilan bog`langandir. Tilning grammatik va leksik xususiyatlari shu madaniyat uchun xos bo`lgan hatti - harakatga mosdir. Masalan: navaxo tilida dunyo doim harakatda deb tushunilgani uchun predmet nomi fe`l bilan birga, harakatga qo`shib anglatiladi. Chikago universiteti german filologiyasining professori Leonard Blumfild (1887 - 1949) esa Frans Boasning g`oyalarini o`ziga xos boshqa yo`nalishda davom ettirdi. Anig`i u deskriptiv tilshunoslikka asos soldi. Deskriptiv lingvistika ayrim til birliklarining bir - biriga nisbatan joylashish tartibini yoki ularning tarqalish (distribusiya) munosabatini tasvirlovchi fandir. Mana shunday usul bilan tilni tahlil qilish deskriptiv metod deyiladi. Deskriptiv metod matnni eng ixcham va tugal ifoda qilishni talab qiladigan tasvirlash metodidir. Deskriptiv metodning asosini distribusiya tushunchasi tashkil qiladi. Distribusiya - bu ma`lum til birligi qo`llanishi mumkin bo`lgan va qo`llanishi mumkin bo`lmagan doiralar (kontekstlar) yig`indisidir. Ya`ni gap qismlarining bir - biriga nisbatan joylashishi asosida til birligining o`rni, tartibi, birikishi kabi xususiyatlaridir. Til birliklarining distribuciyasi fonema uchun ma`lum fonemaning oldidan va ketidan keladigan fonemalardir, morfema uchun esa morfemadan oldin va keyin keladigan morfemalardir. Amerika strukturalistlari tilga belgilar sistemasi sifatida qaraydilar. Anig`i ular tilni nutqda qo`llanuvchi tovushlar, ularning jami (kompleksi) sifatida tushunadilar. Ayni vaqtda ular tilda faqat tovushni emas, balki ma`noni ham farqlaydilar. Demak, bundan tildagi muhim narsa tovush va ma`no ekanligi g`oyasi kelib chiqadi. Shunga ko`ra strukturalistlar tilning tovush jihatini ifoda, ma`no jihatini esa mazmun deb belgilaydilar. Tovush va ma`no o`zaro bog`liqlikda olinadi. Ma`lumki, tovush (fonema)ning eng muhim jihati uning ma`noni farqlash xususiyatidir. Ma`lum bo`ldiki, Amerika strukturalistlari til belgisida - tovush va ma`no munosabati masalasida F.de Sossyurning har bir til belgisi ikki tomonga: ifodalovchi va ifodalanuvchiga, ifoda va mazmunga egaligi fikriga asoslanib, uni rivojlantiradilar. Hatto ular (L.Blumfild va uning izdoshlari: Ch.Friz, K.Payk, 3.Xarris va boshqalar) ushbu g`oyaga munosabati jihatidan ikki guruhga: mentalistlar va mexanistlarga bo`linadilar. Mentalistlar L.Blumfild boshchiligida til hodisalarini tahlil qilishda ma`noni (mazmunni, ifodalanuvchini) hisobga olmaslik mumkin emas, deydilar. Mexanistlar esa L.Blumfildning shogirdi Z.Xarris bosh-chiligida tilni ma`noga (mazmunga) e`tibor bermagan holda to`liq tasvirlash, tahlil qilish mumkin, deydilar. Xullas, prof. S.Usmonov aytganidek, «Amerika deskriptivistlari, umuman olganda, muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo`lsalar ham, bir qator g`oyalarni ilgari surganliklari bilan ma`lum bir ahamiyatga ham sazovordirlar. Masalan, fonemalarning analizi, intonasiya, urg`u, ton, pauza kabi sohalarda, tilning fonologik modelini yaratishda, morfemalarning analizida, morfemalarning tiplarini aniqlashda ular anchagina foydali ishlar qildilar” Shuningdek ularning, masalan, lisoniy tahlilning boshlang`ich vaqtida til formasiga (shakliga, tashqi tomoniga) asoslanish, tasvirlashni, tahlilni dastlab shundan boshlash, muayyan tildagi qismlarga ajratishning barcha formalari va birikish turlarini mukammal va to`liq o`rganish kabi fikrlari ham e`tiborga loyiqdir. Ayni vaqtda ularda tilning ma`no tomonini hisobga olmaslik, inson tilini hayvonlarning signallariga tenglashtirish, tilning obyektiv borliqqa bog`liq ekanligini inkor qilish kabi noto`g`ri qarashlar ham uchraydi. Praga sturkturalizmi. Praga strukturalizmi 1926 yilda Chexoslovakiyaning poytaxti Praga shahrida tashkil topdi. Ayni strukturalizm umumiy tilshunoslikda funksional lingvistika nomi bilan ham yuritiladi. Ushbu maktabning funksional tilshunoslik deb atalishi asosida til birliklarining har biri muayyan funksiyaga egaligi, ularning tilda (nutqda) muayyan vazifani bajarish g`oyasi yotadi. Funksional lingvistika maktabi vakillari: V. Matezius, B. Trinka, I. Vaxek, B. Gavranek, N.S. Trubeckoy, R.O.Yakobson, S.I.Karcevskiy va boshqalar. Praga maktabi ta`limotining asosiy g`oyalari quyidagilar: Tilshunoslik – o`z ob`ektiga ega bo`lgan mustaqil fan. Til – sistema. Til – funksional sistema. Ya`ni til muayyan maqsadga yo`naltirilgan ifoda vositalari sistemasidir. Fonologiya – nazariy fonologiya. Fonemaning so`z va morfemalarni farqlash qobiliyatiga egaligi. Fonema tilning eng kichik fonologik birligi. Nutq tovushlari fonemaning moddiy simvollari, belgilari, fonemaning nutqdagi reallashishi. Demak, fonema bilan tovush farqlanadi. 5. Sinxroniya va diaxroniya. Praga strukturalistlari tilni tadqiq qilishda, asosan, sinxroniyani – sinxron metodni ilgari suradilar. Shu bilan birga ular tilning mohiyatini ochishda diaxroniyani – diaxron metodni ham hisobga oladilar. Ya`ni ular diaxroniyani inkor qilmaydilar. Demak, tilni – til hodisalarini, birliklarini tahlil qilishda sinxroniya va diaxroniya dialektik bog`liq holda olinadi. 6. Til belgisi bo`lgan so`z – mustaqil birlik. U vazifasiga, nomlanishiga ko`ra nominativ faoliyat mahsuli bo`lib, jamiyatda nominativ funkciya bajaradi. 7. Tilning morfologik sistemasi morfema bilan belgilanadi. 8. Gapning aktual bo`linishi masalasi va boshqalar. SINXRON - DIAXRON TILSHUNOSLIK Tilshunoslik fanida keng qo`llanilayotgan «sinxroniya» va «diaxroniya» tushunchalari I.A.Boduen de Kurtene va F. de Sossyurlar tomonidan ilgari surilgan g`oyalar qarama - qarshiligining aksidir. M.M.Guxman bu haqda gapirib, struktural yo`nalishlarning shakllanishi F.de Sossyur va I.A.Boduen de Kurtene ta`limotlarining rivojlantirilishi bilan bog`liq ekanligini ta`kidlagan edi. Sinxroniya diaxroniyaga nisbatan to‘liq qarama-qarshi qo‘yiladi va til aniq munosabatlarning mavhum sistemasi sifatida tavsif qilinishi mumkin bo‘lgan yagona asos yoki g‘oya sifatida talqin qilinadi. L.Yelmslevning glossematik tadqiqotlarida ham har qanday boshqa fikrlar rad qilinib, aynan shu g‘oya olg‘a surilgan. Chunki L.Yelmslev uchun til bu shakl, sxema, o‘zaro munosabatlarning sof strukturasi, ularni algebraik yozuv yoki geometrik qurilmalar tarzida ifodalash mumkin. Shunday ekan, na tilning tovushlarda, belgilarda va ma’nolarda moddiylashuvi, na bu tovushlarning, belgilarning va ma’nolarning o‘zgarishi sistemaga ta’sir qila oladi: «… real til birliklari na tovushlar, na belgilar yoki yozma shakllar, na ma’nolar emas; real til birliklari tovushlar yoki belgi va ma’nolar orqali berilgan munosabatlar elementlaridir. Masalaning mohiyati tovush yoki belgilar, ma’noda emas, balki ularning nutq zanjiridagi va grammatik paradigmalar ichidagi o‘zaro munosabatlaridadir. Aynan mana shu munosabatlar til sistemasini hosil qiladi, aynan mana shu ichki sistema muayyan bir til uchun boshqa tillardan farqli o‘laroq, xarakterlidir. Ayni paytda tilning tovushlarda yoki yozma belgilarda, ma’nolarda ifodalanishi uning sistemasiga ta’sir qilmaydi va ular sistemaga hech qanday putur yetkazmasdan o‘zgaraverishi mumkin» (Zveginsev 1960, ch. II: 49). L.Yelmslevning diaxroniyani inkor qilishi uning til nazariyasi haqidagi fikrlarining mantiqiy davomidir. «Tarixi yo‘q» tillarni (Amerika hindulari tillari) tadqiq qilish asosida vujudga kelgan Amerika deskriptiv tilshunosligida yaratilgan tadqiqotlarda sinxroniya va diaxroniya masalasi e’tibordan chetda qolgan. Amerikalik tilshunoslar o‘z vazifalarini til faktlarini tushuntirishda emas, izohlash va hisobga olishda deb tushunadilar. Til qurilishi tadqiqiga diaxronik, tarixiy yondashuvni inkor qilgan L.Blumfildning fikricha, «Tilni tasvirlash uchun tarixiy jihatdan hech qanday ma’lumot shart emas» (Blumfild 1968: 33) Sinxron va diaxron tilshunoslikning metod va tamoyillari haqida gapirib, Sossyur bu ikki yo‘nalishni til va nutq doirasida o‘zaro zid qo‘yadi. Uningcha, tilshunoslik tadqiqotlarining yagona obyekti – til. Uning «Kursi»dagi oxirgi jumla «Lingvistikaning yagona va haqiqiy ob’ekti o‘z ichida va o‘zi uchun o‘rganiladigan tildir» deb tugallanishi ham bejiz emas. Tilshunoslikdagi Boduen yo‘nalishi, Praga maktabining vakillari va ularning izdoshlari (R.Yakobson, A.Martine, A.Ordikur, B.Pote, B.Trinka, Y.Vaxek va boshqalar) ishlarida aks etgan diaxronik tadqiqotlardir. I.A.Boduen de Kurtene tadqiqotning metod va ob’ektini, tilning taraqqiyot tavsifi va rivojlanish tarixini aniq chegaralab bergan edi. Biz uning «Polyak tilining tarixiy ocherklari» da quyidagi satrlarni o‘qiymiz: «…tushunchalarni aniq chegaralash tamoyiliga rioya qilgan holda ob’ekti taraqqiyotni, turli til holatlarining ma’lum vaqt jarayonida ketma-ket yuzaga kelishini yoki polyak tilining taraqqiyotini, bu taraqqiyotni ozmi-ko‘pmi ilmiy ta’riflash va tushuntirishdan farqlash lozim» (Boduen de Kurtene 1963, t.II: 294-295). «Yosh grammatikachilar»ning nazariy g‘oyalari tarixiylik tamoyiliga tayanadi va bu tamoyil nazariy g‘oyalarning asosi bo‘lish bilan bir qatorda tadqiq metodlari shakllanishida ham ustuvordir. Shu oqim vakili bu metod haqida gapirayotib, tarixiy uslub ilmiy tahlilning yagona to‘liq namunasi ekanligini asoslamoqchi bo‘ladi: «Notadrijiy (tarixiy taraqqiyotni inobatga olmaydigan) deb qaralayotgan ilmiy tilshunoslik ham aslida tarixiylik xususiyatiga ega. Lekin tilning bu xildagi tahlili ham to‘laqonli emas, bunday to‘laqonlilikka erishmaslik qisman tadqiqotchining aybi bo‘lsa, qisman tahlil materialining murakkabligi bilan bog‘liq. Tadqiqotchi hodisalar mavjudligini oddiy ta’kidlashdan voz kechib, bu hodisalar o‘rtasidagi aloqalarni aniqlash va ularning mohiyatini anglash maqsadini qo‘ygani zahotiyoq tarix boshlanadi» (Paul 1960:42-43). «yosh grammatiklar» oqimi vakillarining tadqiqotlari alohida olingan hodisalarni ularning tizimiy munosabatlarini inobatga olmagan holda tahlil qilish bilan chegaralanib qoldi. Bunday «atomizm» F.de.Sossyur tomonidan qattiq tanqid qilindi va o‘sha paytda bajarilayotgan qiyosiy-tarixiy yo‘nalishdagi tadqiqotlarning asosiy kamchiligini ularda «elementlarni (ayrim bo‘laklarni) bog‘lovchi munosabatlar oddiy ketma-ketlikda, ma’lum qatorda bir-biri bilan o‘rin almashinuvchi holatida qaralib, tizimiy xususiyatlar inobatga olinmasligida», deb biladi (qarang: Zveginsev 1964; 1-qism: 389). Qiyosiy-tarixiy metodning F.de Sossyur va uning izdoshlari tomonidan bu qadar tanqidga olinishi sistem-struktur yo‘nalishda til hodisalari tahlilida tarixiy yondashuvdan to‘lig‘icha voz kechishga sabab bo‘ladi. Ularning fikricha, qiyosiy - tarixiy uslub sistem tilshunoslik uchun tamoman yot. Holbuki, Sossyurning o‘zi sistem tilshunoslik ham ma’lum sharoitlarda hodisalar mohiyati o‘zgarishini ma’lum vaqt oralig‘ida kuzatishi mumkinligini e’tirof etgan. Ammo bu kuzatuvlarda «ushbu hodisaning mohiyati u bilan munosabatda bo‘lgan hodisalar tizimi bilan bog‘liq ekanligini unutmaslik lozim» (O‘sha asar, 382 b.). Diaxronik tadqiqot sistem tahlilga mos kelmasligi haqidagi fikr struktur tilshunoslikda uzoq vaqt davomida hukm suradi. (L.Yelmslev, B.Malberg va boshqalar). Til hodisalarini ma’lum bir strukturali tizim sifatida talqin qilish bu tizimning taraqqiyot bosqichlari va ko‘rsatkichlarini tarixiy o‘rganishga hech qanday monelik qilmasligini nazariy va amaliy jihatdan isbotlash anchalik kuch va g‘ayratni talab qildi (Klыchkov, 1962; Skrelina, 1968 va boshqalar). Til tizimini sinxron tadqiq qilish g‘oyasi hozirgi zamon tillarini o‘rganishda keng miqyosda qo‘llanilib kelmoqda. Ushbu g‘oya negizida til strukturasini, uning qo‘llanish xususiyatlarini va nutqning ayrim xususiyatlari doimiyligini o‘rganish imkoniyatlarini beradigan yangi lisoniy tahlil metodlari shakllandi. Z.S.Xerris aytganidek, nutqiy xususiyatlar doimiyligi deskriptiv tilshunoslikning tadqiq predmetidir: «Deskriptiv tilshunoslik maxsus tadqiqot sohasi bo‘lib, unda nutqiy faoliyat to‘lig‘icha o‘rganilmaydi, balki asosiy e’tibor nutqning alohida xususiyatlariga qaratiladi» (qarang: Zveginsev 1960, 2-qism, 153 b.). Olim «nutqiy xususiyatlar doimiyligini alohida xususiyatlarning» nutqiy tuzilma tarkibida takrorlanishida ko‘radi: «Deskriptiv tahlilning asosiy maqsadi nutq jarayonida, ayrim xususiyatlarning o‘zaro birikishi (distributsiya) yoki tarqatilishi qoidalarini aniqlashdir» (O‘sha asar, 154 b.). Biroq sinxron tilshunoslikda ham, xuddi tarixiy – qiyosiy yo‘nalishda bo‘lgani singari, tadqiqotlar asosan u yoki bu turdagi faktlar mavjudligini qayd qilishdan nariga o‘tish sezilmadi. Natijada tilning mohiyatini bilish yo‘li berkligicha qolaverdi. «Yosh grammatikachilar» tarixiylik tamoyillariga tayangan holda, til tizimidagi o‘zgarishlarni qayd qilish bilan chegaralanishgan bo‘lishsa (bunda til bajaradigan vazifalar, uning mavjudligini belgilovchi faktorlar nazardan chetda qolgan), sinxron, deskriptiv tilshunoslik, glossematika oqimlari vakillari esa tarixiylik tamoyilini inkor qilgan holda tilning muqim holatiga xos hodisalarni ta’kidlashdan nariga o‘tishmadi. Til taraqqiyoti jarayonida tadrijiy tahlilda murojaat qilinadigan dinamika (harakatdagi) va statika (turg‘un) tushunchalari sinxroniya va diaxroniya hodisalari bilan bog‘liq qo‘llaniladi. Boshqacha qilib aytganda, dinamik va statik tushunchalari til tizimi xususiyatlari tavsifiga oid bo‘lib, keyingi tushunchalar esa (sinxroniya va diaxroniya) ushbu tavsifni berish uchun qo‘llaniladigan metodga qarashlidir. Til tizimi taraqqiyoti jarayonining sinxron kesim (alohida olingan davr)ni ajratish aslida sun’iy bo‘lib, bu uslubni qo‘llash tizimdagi o‘zgarishlarni kuzatish va shu yo‘sinda «turg‘unlikni harakatli holatda» kuzatish imkoni tug‘iladi. (E. Benvenist 1974: 5-10). Yuqorida keltirilgan tushuncha muallifi E.Koseriu tildagi o‘zgarishlarni sinxron kuzatish imkoniyatlari haqida batamom qarama-qarshi fikrlarni bildirgan. Olim, o‘z hamkasbi A.Rosettining tildagi fonetik o‘zgarishlarni sinxron tahlil qilish borasidagi urinishlarini tanqid qilgan holda, o‘zgarishlarni sinxron uslubda yoritib bo‘lmasligini, zero, ular «vaqtning ikki nuqtasi oralig‘ida kechishi sababli albatta diaxronik ko‘rinishga ega bo‘lishlarini» qayd qiladi (Koseriu 1963:150). Boshqa o‘rinda esa E.Koseriu «o‘zgarishlar real voqe » bo‘lganliklari sababli sinxron ko‘rinishda ham aks topadi» deb qayd etadi. Tilning sinxron tadqiqi tilshunoslik fani uchun hech qanday yangilik bo‘lmaganlini V.M.Jirmunskiy e’tirof etadi: «Qiyosiy – tarixiy metod paydo bo‘lgan XIX asrga qadar ham tilshunoslik fani asrlar davomida G‘arbda va Sharqda sinxron xususiyatga ega edi. Bu fanning ayni bir paytda, tavsifiy hamda me’yoriy bo‘lishi adabiy til normalarini chegaralash va xorijiy til normalariga o‘rgatish kabi amaliy vazifalaridan kelib chiqqan» (Jirmunskiy 1958:43). Aynan pragalik tilshunoslar sinxronik va diaxronik chegaraviy tasvirga ega bo‘lgan tilning funksional modelini yaratishga muvaffaq bo‘ldilar. Hamma gap tadqiqotchilar o‘z oldilariga qanday maqsad qo‘yishlarida va qanday vazifani bajarishlariga bog‘liq. Til hodisalarini faqat sinxron tadqiq qilish bu bir tomonlama va chalkash jarayondir. Shuningdek, unga tarixiy nuqtai nazardan yondashish ham tilning funksional tavsifini yoritishda chalkashliklarga, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishiga olib keladi. Ammo sinxron va diaxron tahlilni bog‘lab olib borish uchun dastlab ularni bir-birlaridan ajratish lozim. F. de Sossyur ta’limotining diqqatga sazovor tomoni ham shundaki, u sinxron va diaxron holatlarni ajratib tahlil qilish yo‘lini ko‘rsatdi. Ammo tilning bunday ikki holatini bir-birlariga bog‘lab o‘rganish har qanday lingvistik tadqiqot uchun ham zarur shart hisoblanmaydi. Har qanday tadqiqot o‘z maqsadiga ega – bu til holatini tasvirlash yoki uning taraqqiyotini o‘rganishdir. Faqat tilning mohiyatini aniqlashga oid masalalarning yechimida statik va dinamik zidlik tushunchasi prinsipial ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Lingvistik hodisalarning sinxronik va diaxronik tahlilini ajratish esa metodologik usul xolos va u tilning tabiatini, ijtimoiy va tarixiy mohiyatini tushunmaslikdan dalolat bermaydi. O‘tgan asrning o‘rtalarida (1957 yil) sinxron tahlilning mohiyati va tilni tarixan o‘rganishga bag‘ishlab o‘tkazilgan bahsda erishilgan xulosalarda, bir tomondan, tilning mohiyatini, uning mavjudlik shakllarini tushunish hamda ikkinchi tomondan uni tadqiq qilish metod va usullarini aniq chegaralashning qanchalik ahamiyatga molik ekanligi qat’iy uqtirildi. Shu bilan birgalikda, bu bahsda sinxron tahlil uslubidan foydalanish hech qachon tilning to‘xtovsiz rivojlanishda ekanligini inkor etmasligi ham alohida ta’kidlandi. Download 43.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling