Rivojlanish falsafasi bilish nazariyasi
Download 107 Kb.
|
Rivojlanish falsafasi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyutsiyasi.
Rivojlаnish fаlsаfаsi.
Аxborot sivilizatsiyasi davriga qadam qoʼyayotgan hozirgi zamon kishisi uchun jadal surʼatlarda oʼzgarayotgan dunyo haqidagi tasavvur uning dunyoqarashining ajralmas tarkibiy qismidir. Аmmo rivojlanayotgan dunyoning yaxlit nazariy obrazini yaratish – ogʼir va mashaqqatli vazifa. Uni yechishning falsafiy yoʼli ikki yarim ming yil muqaddam boshlangan boʼlib, shundan beri oʼtgan davr mobaynida rivojlanish falsafasi shakllangan va bosqichma-bosqich atroflicha ishlab chiqilgan. Falsafaning mazkur boʼlimi rivojlanish muammosini turli nuqtai nazarlardan oʼrganuvchi kontseptsiyalarni oʼz ichiga oladi. Ularning orasida dialektika, metafizika va sinergetika alohida oʼrin egallaydi. Ularning ayniqsa keng eʼtirof etilgani va mufassal ishlab chiqilgani dialektikadir. Shu sababli bu boʼlimda unga asosiy eʼtibor qaratiladi. Dialektikani bilish, uning tamoyillari, qonunlari va kategoriyalaridan ijodiy foydalanish har qanday soha mutaxassisi aniq dunyoqarashi va metodologik intizomining muhim sharti hisoblanadi. Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyutsiyasi. Dialektika nima, uning mazmuni nimadan iborat, rivojlanishning dialektikaga muqobil qanday kontseptsiyalari mavjud? Dialektikaning tarixiy shakllari va xususiyatlari .«Dialektika» (yunon. dialektike – suhbat qurish sanʼati) soʼzining «dialog» (yunon. dialogos – ikki yoki bir nechta suhbatdoshlar soʼzlashuvi) soʼzi bilan umumiy jihatlari bisyor. Dastlab dialektika bahslashish, munozara qilish sanʼati sifatida tushunilgan, bunda fikrlar, qarashlar qarama-qarshiligi vositasida haqiqatning tagiga etish maqsadida muammoni oʼzaro manfaatdor muhokama qilishga qaratilgan munozara nazarda tutilgan. Dialektik – bu savol berish va javob qaytarishga usta odam, deb hisoblangan. Stixiyali dialektika. Keyinchalik qadimgi mutafakkirlar ziddiyatlilik va oʼzgaruvchanlik fikr-mulohazalardagina emas, balki real borliqda ham mavjud ekanligini payqaganlar. Bu faktning tagiga yetgan ilk mutafakkirlardan biri efeslik Geraklit boʼlgan. U dunyoni «jonli olov» yoki «ikki marta kirish» mumkin boʼlmagan daryo oqimi sifatida tasavvur qilgan. Harakatchan dunyoda zamon oʼtishi bilan hamma narsa oʼzining dastlabki shakl-shamoyilini yoʼqotadi va asta-sekin oʼzining qarama-qarshiligiga oʼtadi: hoʼl narsa quriydi, quruq narsa esa nam tortadi; bir narsa boshqa narsaga: sovuq issiqqa, tirik oʼlikka oʼtadi. Bu mulohazalarda hozirgi talqindagi dialektikaning asoslari mujassamlashgan. Shu sababli qadimgi faylasuflarning stixiyali dialektikasini dialektikaning tarixan birinchi shakli deb hisoblash odat tusini olgan. Stixiyali dialektika borliq va bilishning jarayonlar mohiyatini anglab etishga asoslanmagan sodda dialektikadir. Oʼrta asrlarda metafizika falsafadan dialektikani siqib chiqargan. Natijada dialektika odamlar ongiga diniy dunyoqarashni singdirish va mustahkamlash uchun hukmron sinflar faol foydalangan sofistika va sxolastikaga aylangan. Idealistik dialektika. Metafizika unsurlarini oʼz ichga olgan dialektikaga qaytish Yangi davr falsafasi (Rene Dekart, Benedikt Spinoza, Deni Didro va b.)da yuz bergan. Shunga qaramay dialektikaning eng yaxlit kontseptsiyasini klassik nemis falsafasida Georg Gegelь taʼriflagan. Bu kontseptsiya dialektikaning ikkinchi shakli deb ataladi. Gegelь ilk bor dunyoni quyidan oliyga qarab boruvchi umumiy rivojlanish jarayoni sifatida tasvirlagan, rivojlanish manbai - qarama-qarshiliklar kurashini koʼrsatib bergan, dialektikaning asosiy qonunlari va kategoriyalarini taʼriflagan. Аmmo Gegelь dialektikasi idealistik xususiyat kasb etgan. Gegelь idealistik dialektikasining andozasi boʼlib obʼektiv borliq emas, balki uni aks ettiruvchi tafakkur xizmat qilgan. Bu nazariya chuqur dialektika gʼoyalari: geologiyaga tatbiqan rivojlanish nazariyasi (Ch.Loyelь), Lamarkning evolyutsion gʼoyalari, Kant – Laplas kosmologik gʼoyalari va boshqalar ilgari surilgan tabiatshunoslik asoslariga zid boʼlgan. Materialistik dialektika. Gegelь dialektikasi materialistik dialektikaning shakllanishiga zamin hozirlagan. Materializm dialektik mantiq bilan bogʼlangan. Buning natijasi oʼlaroq dialektikaning uchinchi tarixiy shakli yaratilgan (XIX asrning ikkinchi yarmi). Unga amalda ilmiy bilishning rivojlanishi yoʼl ochib bergan. XIX asrning 40-yillarigacha fanning turli sohalarida yangi kashfiyotlar paydo boʼlgan va ular tabiatni tushuntirishga nisbatan dialektik-materialistik yondashuvni tabiatshunoslik nuqtai nazaridan asoslagan. Ularning orasida uch kashfiyot: fizikada – materiya harakati turli shakllarining oʼzaro aloqasini asoslab bergan energiyaning saqlanish va oʼzgarish qonunining aniqlanishi; biologiyada – butun jonli tabiatning (oʼsimliklar dunyosining ham, hayvonot dunyosining ham) tarkibiy jihatdan yagonaligini yoritib bergan hujayra nazariyasining yaratilishi; rivojlanish gʼoyasini jonli tabiatga tatbiqan ishlab chiqqan Darvinning evolyutsiya nazariyasi alohida oʼrin egallaydi. Bu sharoitda materialistik dialektika borliqning oʼxshashi, yaʼni borliqni uning oʼziga mos ravishda fikrlash va bilish imkoniyati sifatida falsafiy tafakkurning fanga ayniqsa mos keluvchi shakliga aylangan. Materialistik dialektikaning shakllanishida tarixni materialistik tushunish ayniqsa muhim rol oʼynagan. Bu kashfiyot yordamida dialektikaning nafaqat materializm, balki gumanizm bilan ham sintezi amalga oshirilgan. Dialektika insonga bogʼlanmasdan, oʼz holicha emas, balki inson hayot faoliyatining konkret-tarixiy muammolari nuqtai nazaridan qarala boshlagan. Klassik dialektika. Klassik dialektikaning oʼziga xos xususiyatlarini qayd etib oʼtamiz. Birinchidan, klassik dialektika dunyoni tushunishning shunday bir usuliki, bunda borliq narsalar va hodisalarning umumiy oʼzaro aloqasi, ularning bir-birini taqozo etishi va muttasil oʼzgarishi nuqtai nazaridan anglab yetiladi. Аmmo shuni yodda tutish kerakki, dialektika har qanday oʼzgarish, har qanday harakat nazariyasi emas, balki oʼzgarishlarning faqat bir shakli – rivojlanish nazariyasi hisoblanadi. Dialektika rivojlanishning teran, toʼlaqonli va mazmunan boy nazariyasidir. U oʼzgarish holatida boʼlmagan biron-bir narsa tabiatda ham, jamiyatda ham, tafakkurda ham mavjud emas, chunki barcha mavjud narsalar oʼz ichki ziddiyatlariga ega va ular bu narsalarni oʼzgarishga, yangi shakl-shamoyil kasb etishga, rivojlanishga majbur qiladi, deb oʼrgatadi. Ikkinchidan, dialektika obʼektiv va subʼektiv dialektikaning mavjudligini tan oladi. Obʼektiv dialektika – bu tabiiy va ijtimoiy hodisalarning oʼzaro aloqasi va rivojlanishi. U subʼektdan, inson va insoniyatdan qatʼiy nazar mavjuddir. Subʼektiv dialektika – bu subʼektning fikrlash dialektikasi va uning obʼektiv dunyoni bilishi. Obʼektiv va subʼektiv dialektikaning oʼzaro nisbati qanday? Materialistik davr nuqtai nazaridan subʼektiv dialektika obʼektiv dialektikani aks ettiradi. Obʼektiv va subʼektiv dialektika mazmunan bir-biriga mos keladi (ularning umumiy jihati mazmun – borliq rivojlanishining yagona dialektik qonuniyati). Biroq, shu bilan bir vaqtda, ular shaklan bir-biridan farq qiladi, chunki tafakkur, borliqning boshqa sohalari bilan taqqoslaganda, rivojlanishning oʼz ichki mantiqiga ega. Obʼektiv dialektika tafakkurda, subʼektiv va ideal shakllarda aks etadi. Obʼektiv va subʼektiv dialektika-qarama-qarshiliklar, lekin bu qarama-qarshilik ijtimoiy-tarixiy amaliyotda «yoʼqoladi». Hamonki subʼektiv dialektika obʼektiv dialektikani aks ettirar ekan, inson obʼektiv dialektikani bilish va shunga muvofiq oʼzining izchil amaliy faoliyatini tashkil etish, bu faoliyat jarayonida obʼektiv dunyoni va oʼzini oʼzi oʼzgartirishga qodir. Inson va jamiyat amaliyotida bilimlar inʼikos shaklidan faoliyat shakliga aylanadi. Uchinchidan, fan sifatidagi dialektikaning ichki mazmuni va mantiqiy «sinchi» uning tamoyillari, qonunlari va kategoriyalarini yaratadi. Dialektika jamuljum holda obʼektiv dunyoni va uni uzluksiz oʼzgarish va rivojlanish jarayonida bilishni aks ettiruvchi tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi sifatida tavsiflanadi. Bunda tamoyillar deganda umumiy va universal, asosiy gʼoyalar tizimida boshqa barcha elementlarning roli va mazmunini belgilovchi mezonlar tushuniladi. Dialektikaning hozirgi kontseptsiyalarida aloqa tamoyili va rivojlanish tamoyili ayniqsa muhim rol oʼynaydi. Dialektika qonunlari rivojlanish jarayonidagi umumiy muhim aloqalarni aks ettiradi. Ular dialektikaning nazariyasini yaratishda muhim metodologik funktsiyani bajaradi. Dialektikada umumiy qonunlar uchta: dialektik ziddiyatlilik qonuni, miqdor va sifat oʼzgarishlarining bir-biriga oʼtishi qonuni hamda inkorni-inkor qonuni. Dialektika kategoriyalari – bu eng fundamental, asosiy tushunchalar boʼlib, ularda va ularning yordamida falsafiy fikrlash amalga oshiriladi. (Dialektika tamoyillari, qonunlari va kategoriyalarini biz quyida atroflicha koʼrib chiqamiz.) Toʼrtinchidan, dialektikaning oʼziga xos xususiyati shundaki, u nazariya vazifasini ham, metodologiya vazifasini ham bajaradi. Dialektika qonunlari, kategoriyalarining mazmuniga va bilish jarayonining amal qilish va rivojlanish qonuniyatlariga muvofiq fikrlovchi subʼektga qoʼyiladigan tegishli talablar shakllantiriladi va shu tariqa unga bilish faoliyatida yoʼl koʼrsatiladi. Koʼrsatilgan subʼekt borliqni bilish va amalda oʼzgartirish masalalarida amal qilishi lozim boʼlgan tegishli normalar va qoidalar ham ishlab chiqiladi. Dialektika bergan metodologik jihatdan toʼgʼri moʼljallar tadqiqotning toʼgʼri yoʼlini tanlashga, koʼp sonli xatolar ogʼishlarni chetlab oʼtishga, ortiqcha ish, keraksiz harakatlarga kuch va qimmatli zamonni behuda sarflamaslikka yordam beradi. Download 107 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling