BAXTLI BO’LISH QALB MEHNATI
Baxtli bo’lish o’zgalarga ham baxtli lahzalarni ravo ko’rishdir. Albatta, siz sevgan insoningizga baxt tilaysiz. Uning baxtli bo’lishi uchun o’z mehnatingizni ayamaysiz.
Lekin kun kelib, sevgan insoningiz ko’zingizga yomon ko’rinib qolsa-chi? Eng yaqin kishingiz-farzandingizning onasi yoki otasi dushmaningizga aylansa-chi? Kechagi baxtli lahzalarni yolg’onchi hissiyot deb atab, kelajakdan voz kechish istagi bilan baxtsiz bo’lib qolganda, qanday yo’l tutish lozim? Qanday qilib o’sha baxtli lahzalarni saqlab qolish mumkin? Uni o’rgatadigan biror ilm bormi? Oilani ajrimdan, bolalarni tirik yetimlikdan, ayollarni bevalikdan, nikohni buzilishdan asraydigan ko’rsatmalar-chi? Bu kitob xuddi shu savollarga atroflicha javob beradi.
BAXTLI OILANI QANDAY TANISH MUMKIN?
-Nikohga vafodor (oilasiga fidoyi, turmush o’rtog’iga vafodor, farzandlari uchun jonini beradi);
-birgalik, birdamlik (birga vaqt o’tkazish, resurslar va maqsadni birlashtirish);
-oilani qadrlash orqali bir-birini hurmat qilish;
-munosabatlarning konstruktiv turi (munosabat erva xotinni rivojlantirib, ma’naviy yuksaltiradi);
-tanazzul va stressni birgalashib yengish (oiladagi nizolarga yechim toppish orqali maqsadga yetish);
-oila muqaddas degan nazar bilan boqish.
BIR-BIRINI TUSHUNA OLMASLIKDAN AJRIM BOSHLANADI
Seni tushunishlari-bu baxt!
“Menga hech narsa kerak emas, oddiy e’tibor so’rayman xolos!” deyishadi ajrim oldiholatdagi er-xotinlar.
Psixolog qabulidan lavha
Erkak shikoyati:
“Ertalabdan kechgacha ishlayman. Og’ir sharoitda ishlasam-da, oilam uchun barcha sharoitni yaratib qo’yganman. Biroq doim xotinimning qovog’idan “qor yog’adi”. Nima istashini bilmayman. Topganimni qo’liga beraman. Boradigan joyiga oilb boraman. Bitta aybim bor: jahlim tez. Lov etib yonaman-u, bir pasda o’chaman. Shu bahona ayolim bilan bir hafta gaplashmaymiz. Men esa ish bilan ovora bo’lib, unga e’tibor ham bermayman”.
Ayol shikoyati:
“Nolisam noshukrlik bo’ladi. Uyda hamma narsa yetarli, sharoitimiz yaxshi. Erim ham yomon odam emas, faqat biroz jahldor. Bir umr bolam-chaqam deb yashadim. Erim va farzandlarimni toza kiyinishi, ovqatlanishi, uyimning ozoda bo’lishi uchun tinim bilmadim. Lekin oxirgi paytda juda zerikdim, hayotda o’zimni yolg’iz his qilyapman. Erim telefonda kimlar bilandir yashirincha gaplashadi. Ba’zida uning xizmatkorimanmi, deb o’ylab qolaman. Na bunday ochilib gaplashamiz, na dardlashamiz… O’zimni ham, erimni ham tushunmayapman…”
Do'stlaringiz bilan baham: |