Ruhoniyat shoiri
Download 17.1 Kb.
|
Ruhoniyat shoiri to\'g\'irlangan
- Bu sahifa navigatsiya:
- Foydalanilgan adabiyotlar
Ruhoniyat shoiri Ota-bobolari asli xorazmlik bo’lgan Jaloliddin Rumiy ruhoniyat shoiridir. Bunga uning butun asarlari dalildir. Unga, bolaligidanoq ruhiy quvvat berilgani to’g’risida manbalarda, rivoyatlarda bor. Mavlono Jaloliddin Muhammad binni Bahouddin Valad Balxiy Rumiy hijriy 604-sananing robiul avval oyining oltinchi kunida (30.09.1207 milodiy) Balxda tug’ilgan. Shoir va mutafakkir, Tasavvufdagi mavlaviya tariqatining asoschisi. Arab, fors va turkiy tillarda ijod qilgan. Otasi Bahouddin Valad so’fiylar va fiqh donishmandi bo’lgan. Otasi sulton xorazmshoh bilan kelisholmagach haj safari bahonasida oilasi bilan Balx shahrini tark etadi. Rumiy Makka yo’lida Farididdin Attor bilan uchrashgan. 1220-yil Rum sultoni Alouddin Kayqubodning da’vati bilan Ko’nyaga kelgan. Mavlono Rumiy Halab, Damashq va Bag’dod madrasalarida o’qigan hamda mudarrislik qilgan. Rumiy faoliyatida shoir va shayx Shams Tabriziyning o’rni katta. U 3 yil Rumiyga dars beradi: falsafa, xususan, so’fiylik ta’limotini o’rgatadi. Rumiy she’riyatning barcha shakllarida mukammal ijod etgan. Jaloliddin Rumiydan she’rlar devoni, “Makotib”, “Ichindagi Ichindadir” hamda “Masnaviyi ma’naviy” meros bo’lib qolgan. “Ichindagi Ichindadir” nasriy asar bo’lib, olimning turli majlis va suhbatlardagi falsafiy nutqlarining majmuasidir. “Makotib” esa, muallifning zamondoshlari va ustozlari bilan bo’lgan turli yozishmalari maktublaridan iborat. Har ikki asarda muallifning ijtimoiy falsafiy, axloqiy, ta’limiy mushohadalari, tasavvufga doir nazariy qarashlari o’z ifodasini topgan. Shoir she’riyati, asosan ilohiy ishq bilan bog’langan. U o’zining barcha asarlarida yagona Alloh va hazrati insonni ulug’laydi. Mavlono Rumiyning mashhur asari “Masnaviyi ma’naviy”dir. Asarda Qur’oni karim va Hadisi sharif ma’nolarini o’ziga singdirgan, inson hayoti bilan bog’liq barcha masalalar badiiy yo’sinda bayon etilgan. 6 jilddan iborat 26840 baytdan 51370 misraning dastlabki qismlarini adibning shogirdi Hisomiddin Chalabiy ustozi og’zidan yozib olib, tahlildan o’tkazgan. Chalabiy vafotidan so’ng muallif asarning davomini 10 yilda yozib tugatadi. Qur’oni karim oyatlarining 70 foiz mohiyatini o’zida mujassamlashtirgan, 690 ta hadisga sharh, 270 dan ziyod hikoyalarni, yuzlab pand-u hikmatlarni o’z ichiga olgan. Chunki Mavlono Rumiy hazratlari masnaviyda o’zigacha bo’lgan Sharq-u G’arb donishmandlarining falsafiy qarashlarini, islomiy farzlarini sodda bir uslubda, she’riy yo’l bilan badiiy ifodalagan. “Masnaviy” Qur’oni karimning o’ziga xos she’riy tafsiri va hadisi shariflarning sharhidan, talqinidan iboratdir. “Masnaviy”da Qur’on oyatlaridan 745 o’rinda 760 marta iqtibos olingan. Shuning uchun “Masnaviy”i sharif fors tilidagi Qur’on deya ulug’lanadi. “Masnaviy”i sharif quyidagi bayt bilan boshlanadi: Bishnav az nay chun hikoyat mekunad, Az judoiho shikoyat mekunad. Bu bayti sharif juda mashhur bo’lib, tarjimalari ham, sharhlari ham ko’p. Ma’lumki, “Masnaviy”i sharif fors tilidagi adabiyotga juda katta ta’sir ko’rsatgan. Shibliy No’moniyning ta’kidlashicha, bu asar shuhrati bo’yicha Firdavsiyning “Shohnoma”si, Sa’diyning “Guliston”i, Hofiz Sheroziyning “Devon”i bilan bir qatorda turadi. Rasul Hodizodaning aytishicha, shoirning lirikasi, g’azallaridagi mavzudan Hofiz, Jomiy, Bedil kabi shuhratli sharq shoirlari ham ta’sirlangan. “Masnaviyi ma’naviy” asarini sharhlab yozilgan kitoblar ham yuzlab yaratilgan. Ana shunday kitoblar mualliflari Sulton Valad, Ahmad Afloqiy, Faridun Sipahso, Ismoil Anqaraviy kabilarning turkiy tildagi sharhlari, Mavlono Shibliy No’moniy “Bahr ul-ulum” asari, Abdualida urdu tilidagi, Xanifa Abdulhakimning urdu va ingliz tillardagi sharhlari e’lon qilingan. “Masnaviy”i sharifni forsiydan turkchaga Sulaymon Nahifiy o’z vaznida, Obiddin Podsho, Mithat Bahori Baytur nasrda izohli tarjima qilishgan . Yevropada esa dastlab Jozef Hammer Purgstal, Fridirx Rukert, German Ete nemis tiliga, Klemen Huar esa fransuz tiliga o’girgan. Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlari va masnaviyxonlik xalqimiz o’rtasida keng tarqalgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari saqlanadi. Istiqlol yillarida Mavlono Rumiy hayoti va ijodiga qiziqish yanada kuchaydi. Sh. Shomuhamedov, A. Mahkam va boshqalar shoirning turli janrdagi she’rlaridan namunalarni o’zbek tiliga tarjima qilishdi. Shoir Jamol Kamol “Masnaviyi ma’naviy” tarjimasini nihoyasiga yetkazdi. Olti kitobdan iborat bu yirik asarning to’rt jildi 2002, 2003-yillarda bosilib chiqdi. Foydalanilgan adabiyotlar: “Turkiy adabiyot durdonalari. Jaloliddin Rumiy” To’plovchi va nashrga tayyorlovchi Tohir Qahhor . Download 17.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling