Saitxodjayev
§. Harakat, makon va zamon kategoriyalarining mohiyati hamda ularning yuridik fani va amaliyoti uchun ahamiyati
Download 441.4 Kb.
|
2012-yusubov-falsafa-lot(1)
§. Harakat, makon va zamon kategoriyalarining mohiyati hamda ularning yuridik fani va amaliyoti uchun ahamiyatiTabiat va jamiyatdagi hamma narsa harakat va rivojlanishda, o‘zgarish va o‘zaro ta’sirda bo‘ladi. Hech bir tinch turgan narsa yo‘q. Olamdagi narsalar harakatda bo‘lib, biri ikkinchisiga aylanadi, biri ikkinchisidan paydo bo‘ladi. Butun tabiat – eng kichik zarradan tortib quyoshgacha, odamzodgacha doimo paydo bo‘lish va yo‘q bo‘lish, uzluksiz oqish, beto‘xtov harakat qilish va o‘zgarish holatini kechirib turadi. Har qanday obyekt uni tashkil etuvchi elementlarning o‘zaro ta’siri tufayli mavjud bo‘la oladi. Masalan, atom yadro va atomning qobig‘ini tashkil etuvchi elektronlarning o‘zaro ta’siri tufayli mavjud; tirik organizmlar ularni tashkil etuvchi molekulalar, hujayralar va organizmlarning o‘zaro ta’siri tufayli mavjud. Shuningdek, obyektlar tashqi muhit bilan ham o‘zaro ta’sirda bo‘ladilar. Ular boshqa murakkab sistemalarning elementlari bo‘lishi ham mumkin. Masalan: atom tarkibiga kiruvchi yadro va elektronlar molekulani tashkil qiluvchi qismlari bo‘lishi mumkin, molekulalardan esa makrojismlar tashkil topadi. Shunday qilib materiyaning tarkibga egaligi, ham ichki, ham tashqi o‘zaro ta’sirni ko‘zda tutadi. O‘zaro ta’sir moddiy obyektlarning xossalari, munosabatlari, holatlarining o‘zgarishiga olib keladi. Umumiy tarzda olingan bu o‘zgarishlar moddiy olam borlig‘ining ajralmas xususiyatidir. O‘zgarish falsafada «harakat» tushunchasida ifodalanadi. Materiya- ning harakati deganda, jismlarning makonda o‘rin almashishigina emas, balki har qanday o‘zaro ta’sir va o‘zaro ta’sir natijasida bo‘ladigan o‘zgarishlarni tushunish lozim. Harakat – eng oddiy mayda zarracha- larning o‘zaro aylanishi, metagalaktikaning kengayishi, organizmlar hujayralarida modda almashinuvi, ijtimoiy hayotda odamlarning faoliyat almashinuvidir. Harakat bu har qanday o‘zaro ta’sir va o‘zaro ta’sir natijasida bo‘ladigan o‘zgarishlardir. Materiya harakatsiz bo‘la olmaydi. Har qanday obyekt, unda harakatning muayyan tiplari mujassamlashgani uchun ham mavjuddir. Harakat to‘xtaganda obyekt ham o‘z mavjudligini tugatadi, u boshqa obyektga aylanadi. Boshqacha aytganda, harakat materiyaning ichki timsolidir, atributi hisoblanadi. U materiyaning o‘zi singari mutlaqdir. Harakatsiz materiya hech qayerda va hech qachon bo‘lgan emas va bo‘lishi mumkin emas. Kuzatilayotgan u yoki bu predmetning tinchlik, sukunat holati deyilganda, mazkur predmetning muayyan fazoviy konfiguratsiyaga ega ekanligi, muayyan tarkibga ega ekanligi, bu tarkib barqarorligini saqlay olishi, o‘z elementlari muayyan majmuini takror hosil qila olishi tushuniladi. Lekin aytaylik, oddiy elementdan tortib tirik organizmlargacha, elektron mikroskop bilan kuzatilganda, ularning hammasi muayyan zarrachalarning to‘xtovsiz harakatidan iboratligini payqash mumkin. Bu bizning tanamiz va ruhimizga (ya’ni, kechinmalar, fikrlar, tuyg‘ular hosil bo‘lishi) ham taalluqlidir. Amerikalik faylasuf S.Cheyz bir vaqtlar quyidagi antiqa misol farazni aytgan edi: «Men o‘tloqda yayrab yurgan sigir ko‘rayotgan bo‘lsam-da, aslida u mutlaqo sigir emas, balki elektronlarning talvasali raqsidir». Bu o‘xshatishda ma’lum ma’noda to‘g‘ri fikr bor, faqat shuni esda tutish lozimki, hujayralarni tashkil etuvchi elektronlarning tarkibi va harakati vaqtda takror hosil qilinadi. Harakat tiplar va usullarining ana shunday «vaqtda takrorlanishi» tufayli mavjud bo‘lgan predmet, boshqa obyektlardan farqli o‘laroq o‘ziga xos obyekt sifatida mavjuddir. Shunday qilib, «tinchlik» tushunchasi predmetning barqarorligini, uning sifatlari saqlanib qolishini ta’minlovchi harakat holatlarining ifodalanishidir. Shuning uchun ham tinchlik nisbiy, harakat mutlaq, u materiyaning ajralmas xususiyati, atributidir. Harakatni materiyadan ajratishga harakatlar ham bo‘lgan. Masalan, idealistlar harakatni materiyadan ajratib, uni materiyaga tashqaridan berilgan kuch deb qaraydilar. Nyuton sayyoralar quyosh atrofida harakat qilishini ta’kidlab, bu harakatning manbai ilohiy birinchi turtki deb hisoblar edi. Energetizm vakillari materiya va harakat bog‘liqligini inkor etuvchi energetizm nazariyasi bilan chiqdilar, ular materiyasiz harakat bo‘lishi mumkin deb e’tirof etadilar. Haqiqatda esa, energiya materiyaning xossasi, bu xossa esa harakatning miqdoriy me’yoridan iboratdir. Materiya o‘ziga xos ichki qarama-qarshiliklarga ko‘ra harakat qiladi. Harakat – obyektiv reallikda ro‘y beradigan har qanday o‘zgarishdir. «Harakat»ni «rivojlanish» tushunchasi bilan aynanlashtirmaslik lozim. Rivojlanish – bu faqat sifat o‘zgarishlar natijasi, ilgarilab boruvchi o‘zgarishlardir. Bunday o‘zgarishlar natijasida eskining o‘rnida yangi paydo bo‘ladi, quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga o‘tish sodir bo‘ladi. «Harakat» tushunchasi «rivojlanish» tushunchasidan kengroq tushunchadir. Materiyaning aniq harakat shakllari mavjud. Materiyaning harakat shakllari va ularning o‘zaro aloqasi haqidagi g‘oya XIX asrda ilgari surilgan. Materiyaning harakat shakllari quyidagi prinsiplarga asoslangan: harakat shakllari materiya tuzilmasining muayyan moddiy darajasi bilan bog‘liq; harakat shakllari o‘rtasida genetik aloqa mavjud, ya’ni harakatning shakli quyi shakllaridan kelib chiqadi; harakatning yuqori shakllari sifat jihatdan o‘ziga xosdir va ular quyi shakllari bilan tenglashtirilmasligi lozim. Yuqoridagi prinsiplardan kelib chiqqan holda harakat quyidagicha klassifikatsiyalanadi: mexanik, fizik, ximik, biologik, ijtimoiy. Keltirilgan harakat shakllarini materiya taraqqiyotining uchta eng muhim bosqichiga muvofiq uch turkumga bo‘lish mumkin: notirik tabiatdagi harakat shakllari (mexanik, fizik, ximik); tirik tabiatdagi harakat shakli (biologik); jamiyatdagi harakat shakli (ijtimoiy). Savolning davomida «makon» va «zamon» tushunchalarining tahliliga o‘tamiz. Kundalik turmush tasavvurlarimizda makon va zamon tushunarli va oddiy narsalarga o‘xshab ko‘rinadi. Lekin bular aslida ancha murakkab narsalar bo‘lib, hozirgi zamon tabiatshunosligi va ijtimoiy fanlariga murojaat qilishni talab etadi. Xo‘sh «makon» va «zamon» nima? Atrof-muhitni kuzatganda shuni payqashimiz mumkinki, har bir obyekt uni tashkil qiluvchi elementlardan o‘ziga xos saranjomlikda, bir- biriga nisbatan muayyan tartibda joylashgan. Bu obyektlarni ko‘lamga (bo‘yi, eni, balandligi) ega ekanligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari har bir obyekt boshqa obyektlar orasida muayyan joyni egallaydi, ular bilan chegaradoshdir. Moddiy dunyoning tarkibiy tuzilishini ko‘rsatuvchi bu eng umumiy xususiyatlar – ya’ni obyektlarning ko‘lamga egaligi, boshqalar orasida joy egallashi, boshqalar bilan chegaradoshligi makonning eng umumiy xususiyatidir. Makonning xususiyatlari haqida gapirar ekanmiz, makon – bu eng avvalo turli xil material tizimlarning o‘lchamliligi, tarkibiyligi va o‘zaro joylashuvining ifodalanishi ekanligini o‘zimiz uchun aniq tasavvur qilib olishimiz lozim. Makon – borliqning asosiy mavjudlik shakllaridan biri bo‘lib, u obyektlarning o‘zaro joylashish tartibi, ko‘lami, hajmi, o‘lchamlari, obyektni tashkil etuvchi nuqtalarning o‘zaro joylashish vaziyati kabi xususiyatlarini ifodalovchi falsafiy tushunchadir. «Makon» tushunchasini ikki xil nuqtai nazardan talqin qiluvchi substansiyaviy va relyatsiyaviy konsepsiyalar mavjud. Substansional konsepsiya bo‘yicha makon narsalar joylashadigan joy, mutlaq, o‘zgarmas, mustaqil substansiyadir. Bu yerda I.Nyuton ta’limotining ifodalanishini ko‘rishimiz mumkin. Relyatsiyaviy konsepsiya bo‘yicha, makon obyektlarning tashkil etuvchi nuqtalarning o‘zaro joylashish tartibini ifoda etib, u borliqning nisbiy barqaror xususiyatlari majmuasidir. Bunday tahlilda relyativistik fizika tamoyillariga mos kelishini ko‘rishimiz mumkin. Makonning o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirganimizda uni ikkiga, ya’ni borliqning sifatiy fazoviy xususiyatlarini ifodalovchi topologik xususiyatlarga, va borliqning miqdoriy fazoviy xususiyatlarini ifodalovchi metrik xususiyatlarga bo‘linadi. Makonning metrik xususiyatlariga: ko‘lam, bir jinslilik, izotroplik, egrilanganlik kiradi. Makonning topologik xususiyatlariga o‘lchamlilik, uzluksizlik, bog‘langanlik, yo‘nalganlik, kompaktlik kiradi. Makonning umumiy xususiyatlariga – ko‘lamlilik, o‘zaro aloqadorlik, uzluksizlik, uch o‘lchamlilik kiradi. Makonning o‘ziga xos maxsus xususiyatlariga – simmetriya va asimetriya, konkret shakl va o‘lcham, joylashuvi, narsalar o‘rtasidagi masofa, turli tizimlarni ajratuvchi chegaralar kiradi. Moddiy dunyo tarkibga ega bo‘lgan obyektlarning o‘zidangina iborat emas. Bu obyektlar doimo o‘zgarishda va rivojlanishda, ular muayyan bosqichlarda amalga oshadigan jarayonlardan iboratdir. «Zamon haqidagi tasavvur va zamon» tushunchasi moddiy olam harakat va rivojlanish jarayonida bo‘lganligi uchun ma’noga ega, agar materiya harakat qilmasa edi, «zamon» tushunchasining ma’nosi qolmas edi. Kundalik hayotda va amaliyotda «zamon» tushunchasi turli harakatning jarayonlarini taqqoslash, o‘xshatish tufayli tashkil topadi. Masalan: biz «ma’ruza bir yarim soat davom etadi», – deb aytamiz. Bu shuni bildiradiki, murakkab, birin-ketin keladigan o‘ziga xos jarayonlar, notiq o‘qiydigan matn, tinglovchilarning bu matnni yozishlari va anglab olishlari bir butun, yaxlit tarzda olinib, boshqa jarayon – soat millarining harakati va buning natijasida soat va minut millarining oldinga ketishi bilan o‘xshatiladi, taqqoslanadi. Zamon (vaqt) uchun biz qandaydir davriy,ya’ni takrorlanib turadigan biror jarayonni olamiz va uni etalon tarzida qabul qilib, boshqa davriy bo‘lmagan, murakkabroq jarayonlar bilan solishtiramiz. Yerning quyosh atrofidagi harakati bir yildir. Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi zamonni sutkalarga bo‘ladi. Zamon uchun katta birliklar ham kiritish mumkin. Aytaylik, bir galaktika yili – 200 mln yil, ya’ni bu yerning quyosh bilan birgalikda galaktika markazini bir marta aylanishidir. Insonda zamonni intuitiv his qilish qobiliyati ham bor, lekin u buni hamma vaqt o‘zi anglayvermaydi. Buni eksperimental tarzda tasdiqlash mumkin. Surdakamera (maxsus bekik kamera)da kosmonavtlar bilan uchish oldidan tajriba o‘tkazilgan. Tajribada shu narsa ma’lum bo‘lganki, aksariyat kosmonavtlar zamonning kechishini to‘g‘ri qayd qilganlar. Bunda ular soat muddatini 1-3 min., sutka muddati yarim soat atrofida xato bilan ko‘rsatishgan. Zamonni intuitiv sezgisi nimaga asoslanadi? Bizning organizmimizda turli davriy jarayonlar sodir bo‘lib turib, ular soat rolini bajarishadi. Ularga qarab tashqi jarayonlarning davomligi go‘yo o‘lchanadi. Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, har bir organizmning ichida o‘ziga xos biologik soatlar bor ekan, ularning funksiyasini ma’lum davrda jonlanadigan va so‘nadigan hujayralar va ayrim a’zolarning faoliyati tufayli amalga oshiriladi. Masalan, sutkaning turli davrlarida jigar, buyrak, o‘pka, yurak turlicha intensivlikda ishlar ekan. Ularning o‘zlarini ritmi mavjud. Mutaxassislarning aytishicha, tunning soat ikki va to‘rtlar orasida organizmni har qanday zaharlovchi moddalardan tozalovchi jigarning faoliyati oshar ekan. Tungi soat to‘rtda esa organizm faolligi pasayar ekan. Sutkaning shu paytida o‘limlarning ko‘p miqdori sodir bo‘lishi ham bejiz emas. Zamon – materiyaning mavjudlik shakli bo‘lib, moddiy dunyodagi jarayonlarning uzluksizligi va ular holati o‘zgarishlarining ketma-ket davomiyligini ifodalab beruvchi falsafiy kategoriyadir. Makon va zamon eng umumiy mavhum tushunchalar bo‘lib, ularda borliqning tarkibiy tizimi va o‘zgaruvchanligi o‘z ifodasini topgan. Makon va zamon – materiyaning mavjudlik shakllari. Makon va zamondan tashqarida materiya bo‘lmaganidek, materiyadan ajralgani holda makon va zamon ham yo‘qdir. Faqat mavhum tasavvurdagina (abstraksiyadagina) biz ularni moddiy olamdan ajratishimiz mumkin. Makon va zamonning materiya bilan o‘zaro aloqadorligini A.Eynshteyn kashf qilgan maxsus nisbiylik nazariyasi ham isbotlab beradi. Yorug‘lik tezligiga yaqin bo‘lgan tezlik sharoitida harakatdagi jismning bo‘yi tezlik oshib borgan sari harakatsiz jism bo‘yiga nisbatan qisqarishi, zamonning sekinlashuvi sezilar ekan. Makon va zamon to‘rt o‘lchamlidir. Shulardan uchtasi makonga, bittasi zamonga tegishlidir. Jismning makondagi holatini (ko‘lamini) ko‘rsatish uchun uch o‘lcham (bo‘yi, eni, balandligi), zamonning muddatini ko‘rsatish uchun bir o‘lcham kifoyadir. Zamonning bir o‘lchamliligi uning faqat bir yo‘nalishda, ya’ni o‘tmishdan kelajakka qarab sodir bo‘lishida o‘z ifodasini topadi. Zamonning umumiy xususiyatlariga – obyektivlilik, materiyaning ajralmas atributi ekanligi, davomiylik, ortga qaytmaslik, o‘tmishdan kelajakka qarab rivojlanish kabilar kiradi. Zamonning o‘ziga xos maxsus xususiyatlariga – paydo bo‘lish va bir sifatdan boshqa sifatga o‘tishda aniq davriylik, bir o‘lchamlilik, nisbiylik, rivojlanish sur’ati, holatlarning o‘zgarish tezligi, tizim tuzilmasi (strukturasi)dagi turli sikllar o‘rtasidagi vaqt munosabatdorligi kabilar kiradi. Mustaqil O‘zbekiston sharoitida yuz berayotgan iqtisodiy, ijtimoiy- siyosiy, huquqiy va boshqa sohalardagi o‘zgarishlar zamondan unumli foydalanishni, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni o‘z vaqtida bajarishni taqozo etadi. Bu o‘z navbatida III xodimlari faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jinoyatning oldini olish yoki sodir etilgan jinoyatni bartaraf etishda zamonning o‘rni juda kattadir va undan unumli foydalanish kerakdir. Shunday qilib bugun biz borliq, materiya singari olamni falsafiy tushunishning boshlang‘ich kategoriyalari, hamda materiyaning yashash usuli – harakat, materiyaning mavjudlik shakllari bo‘lgan – «makon» va «zamon» tushunchalari haqida tasavvurga ega bo‘ldik. Olamni ilmiy- falsafiy manzarasini ishlab chiqishda bu kategoriyalar prinsipial ahamiyatga ega. Download 441.4 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling