Saitxodjayev


Download 441.4 Kb.
bet29/81
Sana09.11.2023
Hajmi441.4 Kb.
#1759525
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   81
Bog'liq
2012-yusubov-falsafa-lot(1)


III BO‘LIM




DUNYONI FALSAFIY TUSHUNISH



    1. bob. FALSAFADA BORLIQ MUAMMOSI



1-§. Borliq va uning asosiy shakllari


Ma’lumki, falsafa bir necha tarkibiy qismlardan iborat bo‘lib, shulardan biri ontologiya hisoblanadi. Ontologiya so‘zi yunoncha


«ontos» (mavjudlik, borliq) va «logos» (ta’limot) so‘zining birikmasidan tashkil topgan bo‘lib, borliq haqidagi ta’limot deganini anglatadi. Bu atamani birinchi bor 1513-yilda R.Gokleniusning «Falsafa lug‘ati»da, so‘ngra X.Volf (1679-1754)ning falsafaga oid darsliklarida qo‘llanilgan.
Ontologiyaning borliq haqidagi ta’limot sifatida fanga kirib kelishi uzoq tarixga ega bo‘lib, «borliq», «voqelik», «materiya», «substansiya»,
«substrat» kabi bir qator tushunchalarning tahlil qilinishi bilan kuzatilgan. Jumladan, birinchi bor «borliq» tushunchasini falsafaga qadimgi yunon mutafakkiri Parmenid olib kirgan. Uning fikricha, real voqelik mavjud ekan, demakki borliq ham mavjud, olam faqat borliqdan iborat undan boshqa hech narsa yo‘q. Borliq na o‘z ibtidosiga na nihoyasiga ega va shuning uchun ham u abadiy va yagonadir.
Yana bir faylasuf Aflotun borliq va butun tabiatni g‘oyalar mahsuli deb talqin qiladi. Moddiy dunyo o‘tkinchi, g‘oyalar dunyosi esa o‘zgarmas va abadiydir. Aflotunning shogirdi Aristotel o‘z ustozining
«Mutlaq g‘oyasini» qattiq tanqid ostiga oladi. Shu o‘rinda Aristotelga tegishli quyidagi mashhur tarixiy iborani yod olsak o‘rinli bo‘ladi:
«Aflotun do‘stim bo‘lsa ham haqiqat menga qadrliroqdir». Aristotel
«g‘oyalar»ning foydasizligini, uning sababiy bog‘lanishini inkor etadi. Aristotelning borliq haqidagi ta’limotida moddiy narsalarning obyektiv mavjudligi tan olinadi. Narsalarning mohiyati g‘oyalarda emas, ularning o‘zidadir. Fransuz faylasufi Rene Dekartda borliq sifatida boshlang‘ich ruh, fikrlovchi «men»da o‘z ifodasini topmoqda. Bu o‘rinda uning «Men fikrlayapman demak men mavjudman» degan mashhur tarixiy iborasini eslasak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dekartda borliq moddiy hamda ma’naviy (ruhiy) substansiya shaklida namoyon bo‘ladi.
Moddiy substansiya borliqning ko‘lami bilan, ma’naviy substansiya esa tafakkur bilan belgilanadi. Yana bir boshqa faylasuf Jorj Berkli
«hamma narsalar bu bizning sezgilarimiz kompleksidan iboratdir», – degan shiorni o‘rtaga tashlaydi. Uning fikricha, real narsalar o‘z holicha obyektiv reallikda mavjud bo‘lmaydi, faqat inson fikridagina o‘z realligini topishi mumkin. Nemis faylasufi Gegel borliqni mavhumlik,
«mutlaq ruh»ning namoyon bo‘lishi deb ta’riflaydi.
Markaziy Osiyo falsafasida ham borliq muammosiga e’tibor kuchli bo‘lgan. Zardushtiylik ta’limotida borliq quyosh va olovning hosilasidir, alangalanib turgan olov borliqning asosiy mohiyatini tashkil qiladi, u borliqqa jon baxsh etadi deb hisoblangan. Islom ta’limotida borliq – ilohiy voqelikdir. Bu borada vahdadi – vujud va vahdadi mavjud ta’limotlari bo‘lgan. Forobiy fikricha, ilk borliq bu Ollohning o‘zidir, u azaliydir. Beruniy fikricha, borliq shunday umumiylikki, u hamma narsaning asosida yotadi va hokazo. Biz borliq haqidagi bunday ta’riflarni cheksiz keltirishimiz mumkin, lekin maqsadimiz borliq haqidagi tushunchalarni emas, aksincha borliq haqidagi ta’limotning mohiyatini anglab olishdan iboratdir. Shuning uchun shu yerda qisqacha xotima yasab, quyidagi xulosaga kelsak o‘rinli bo‘ladi. Demak, faylasuflar borliqni o‘rganishda unga materialistik va idealistik, dualistik hamda plyurealistik nuqtai nazardan baho berishga harakat qilib kelishgan ekan. Masalan, yaqin-yaqinlargacha sobiq sovet tuzumi hukmron bo‘lgan davrlarda ilmiy adabiyotlarda borliqni obyektiv reallik, materiya tushunchalari bilan aynanlashtirib tushuntirishga harakat qilingan. Jumladan, 1983-yilda Moskvada nashr qilingan «Falsafiy ensiklopedik lug‘at»da ta’riflanishicha, «borliq insonga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan obyektiv olamni ifodalovchi falsafiy tushunchadir»1.
Ko‘rib turganimizdek, bu yerda «borliq» «obyektiv reallik» tushunchasi bilan aynanlashtirib tushuntirilmoqda. Aslida esa borliq inson ongiga bog‘liq bo‘lmagan obyektiv narsa, hodisa va jarayonlarnigina emas, balki inson ongining ijodiy mahsuli bo‘lmish uning fantaziyalarini ham o‘z ichiga qamrab oladi. Shu hodisani quyida kengroq tushuntirib berishga harakat qilamiz. Atrofdagi barcha narsalar va hodisalar o‘zgaruvchan va o‘zaro aloqadorlikdadir. Hattoki Misrdagi piramidalar ham oldingi holatiday emas, balki o‘zgargandir. Shuni ham ta’kidlash lozimki ko‘pgina narsalar va hodisalar bizgacha mavjud bo‘lgan, hozir ham bor, bizdan keyin. ham ming yillar mavjud bo‘lishi mumkin. Ba’zi narsa va hodisalar yaqinda vujudga kelgan bo‘lishi



1 Филocoфcкий эhциклoпeдичecкий cлobapь. – M., 1983. – C.69.
mumkin va biroz vaqt mavjud bo‘lishi mumkin. Ba’zi bir narsa va hodisalar uzoq mavjud bo‘lib turmasdan qisqa davr mavjud bo‘lishi mumkin.
Ba’zi bir narsa va hodisalar esa ma’lum bir soatlar, daqiqalar, soniyalar mavjud bo‘lib turishi mumkin. Ushbu olamdagi narsa va hodisalarning murakkabliklarini tushunish uchun fanda biz yuqorida murojaat qilgan «voqelik» (reallik) tushunchasi kiritilgan.
Voqelik – narsa va hodisalarning o‘tmishda, hozirgi va kelgusidagi holatlarining majmuasi. Voqelik juda murakkab, chunki narsa va hodisalarning holati doimo o‘zgarishdadir. Tabiatdagi narsalar, hodisalar va jarayonlar, inson xatti-harakatlari, davlat tizimi vujudga keladi, yo‘q bo‘ladi, ba’zan ular uzoq vaqt saqlanib qolishi ham mumkin. Shuning uchun doimo voqelikda vujudga kelish, shakllanish, mavjud bo‘lish, yo‘q bo‘lishga o‘rin bor.
Voqelik obyektiv va subyektiv bo‘ladi.
Narsalar, aytaylik tog‘ jinsidagi olmos kristali inson paydo bo‘lguncha million yillar ilgari vujudga kelgan bo‘lishi mumkin. Biz u haqda hech narsa bilmasligimiz mumkin. U bizning ongimizga bog‘liq bo‘lmagan holda, undan tashqarida mavjud bo‘ladi.
Bunday inson ongidan tashqaridagi barcha narsalarni qamrab olgan reallik obyektiv voqelik hisoblanadi.
Ximik olim olmos kristallari qanday atom va ionlardan tuzil- ganligini, ular o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjudligini, sun’iy olmos tayyorlashda bo‘ladigan fizikaviy, ximik, texnologik jarayonlarni bilishi mumkin. Ammo u sun’iy olmos hali tabiatda yo‘q u faqat olimning miyasida fikrlar shaklida mavjud.
Demak, bu bizni ongimizda, tafakkurimizda bo‘lganligi uchun subyektiv voqelik hisoblanadi. U fikr, tasavvur, tushuncha, timsol (obraz), ilmiy va noilmiy bilimlar shaklida bo‘ladi.
Borliq obyektiv va subyektiv voqelik birligidan iboratdir. Borliq moddiylikni, ma’naviylikni, o‘tmishni, kelajakni, o‘limni, hayotni, ruhni va jismni qamrab oluvchi tushunchadir. Atrofimizdagi odam, olam, tabiat, jamiyat, tafakkur, g‘oyalar, o‘y xayollarimizning biri, ularning barchasi birday mavjuddir, ular turli tarzda va shakllarda namoyon bo‘lib, ularning hammasi mavjudlik belgisi ostida umumlashib, «borliq» tushunchasiga kiradi. Xulosa sifatida quyidagi ta’rifni keltirishimiz mumkin:
Borliq – yuqori darajadagi umumiy abstraksiya bo‘lib, shu bois, mavjudlik belgisiga ega bo‘lgan barcha narsalarni, ya’ni moddiy jismlar,
jarayonlar, hodisalar, ular o‘rtasidagi munosabat, xususiyat, aloqadorliklar va hatto inson fantaziyasini ham o‘z ichiga qamrab oluvchi o‘ta keng tushunchadir.
Adabiyotlarda «borliq» tushunchasiga ta’rif berilayotganda uni mavjudlik va reallik tushunchalar bilan taqqoslagan holda tahlil qilishib, mavjudlikni borliqning hozirgi paytda namoyon bo‘lib turgan qismi, reallikni esa mavjudlikning hammaga ayon bo‘lgan ular tomonidan tan olingan qismi deyishadi va o‘z navbatida har ikkalasini ham borliqda jamlanuvchi tushuncha sifatida baholashadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, borliq voqelikning eng umumiy, ichki va tashqi, mohiyati va mazmuniga aloqador barcha jihatlarini aks ettirsa, yana bir kategoriya mavjudlik esa voqelikning tashqi, ko‘zga tashlana- digan, shakliga aloqador va tajriba vositasida bilib olinadigan tomonini ifodalaydi. Mavjudlik lot. exsisto (ekzistensiya) so‘zidan olingan bo‘lib, mavjudman degan ma’noni anglatgan. Falsafada mavjudlik falsafasini yoqlovchi ekzistensializm deb nomlanuvchi butun bir ta’limot bor. Borliqning muayyan obyektda va ayni vaqtda mavjud holda mujas- samlangan qismini ifodalashda reallik deb ataluvchi yana bir tushuncha ishlatiladi.
Borliqning asosiy shakllari quyidagilardan iborat: moddiy pred- metlar, jarayonlar borlig‘i, inson borlig‘i, ma’naviy borliq, ijtimoiy borliq.
Moddiy predmetlar borlig‘iga tabiatdagi barcha narsalar, eng mayda zarrachalardan tortib to Yer, quyosh, koinotgacha kiradi. Ikkinchi tabiat ham moddiy borliqqa kiradi.
Inson borlig‘iga muayyan bir ijtimoiy guruh, tabaqa, sinfga mansublik, o‘ziga xos manfaatga ega bo‘lgan, o‘zligini anglay biladigan shaxslar kiradi.
Ma’naviy borliqqa inson tomondan yaratilgan qadriyatlar majmuasi, ya’ni madaniyat, til, ilm-fan, axloq-odob qoidalari kabilar kiradi.
Ijtimoiy borliq jamiyat hodisalarining barcha turlarini o‘z ichiga qamrab oladi.
Borliqni o‘rganishda yuqorida biz sanab o‘tgan shakllari asosida adabiyotlarda yana g‘oyaviy borliq, aktual va potensial borliq, real va vertual borliq hamda tabiiy borliq kabi shakllari ajratib ko‘rsatiladi1.
Bundan tashqari, falsafa tarixida borliq kategoriyasini tahlil qilishganda «substansiya» va «substrat» tushunchalariga murojaat qilishadi. Substansiya (lot. substansia – mohiyat, asosda yotuvchi narsa)
muayyan narsalar, voqealar, hodisalar va jarayonlar xilma-xilligining ichki birligida namoyon bo‘luvchi mohiyat.
Substansiyani tahlil qilishda falsafada ontologik va gnoseologik yo‘nalishlar farqlaniladi. Ontologik yondashuvga ko‘ra substansiya borliqning eng tub asosini tashkil qiluvchi muayyanlik deb ta’riflanadi. Masalan, F.Bekonda substansiya borliqning muayyan shakli bilan aynanlashtirilgan. R.Dekart borliqning asosida bir biridan mustaqil bo‘lgan ikki xil borliqning ko‘lami bilan ifodalanuvchi moddiy va tafakkur bilan belgilanuvchi ma’naviy substansiya ajratiladi. B.Spinozada esa tafakkur va ko‘lam – ikki xil mustaqil substansiya emas, balki yagona substansiyaning ikki xil atributi sifatida ko‘rsatiladi va hokazo.
Gnoseologik yondashuvga ko‘ra, substansiya olamning asosida yotuvchi shartli g‘oyalardan iboratdir (J.Lokk). J.Berkli esa ham moddiy ham ma’naviy substansiyaning mavjudligini inkor etgan va u substansiya deb dunyoni idrok qilishning gipotetik assotsiatsiyasini anglagan. Gegelda «mutlaq g‘oya» va «mutlaq ruh» substansiya deb qaralgan.
Hozirgi zamon falsafasining ekzistensialistlar singari yo‘nalish tarafdorlari substansiya kategoriyasiga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lib, ularning fikricha, bu kategoriya borliqning mohiyati haqidagi tasavvurni juda ham primitivlashtirib yuboradi.
Borliqni tahlil qilishda substrat (lot. substratum – asos, to‘shama, taglik) narsa va hodisalarning umumiy moddiy asosi; nisbatan oddiy va sifat jihatdan elementar bo‘lgan moddiy yoki g‘oyaviy tuzilmalar majmuasi.
Falsafada substrat sifatida mutlaq elementar va bo‘linmas asoslar tushunilgan. Masalan, Pifagorda son – miqdor, Geraklitda – olov, Falesda – suv, Anaksimenda – havo, Demokritda – atom va hokazo.
Falsafada borliq kategoriyasini tahlil qilishganda yana «yo‘qlik» tushunchasiga ham murojaat qilishadi. Xo‘sh, yo‘qlik nima? Bu tushunchani qanday tahlil qilish mumkin? Darhaqiqat, borliq bu muayyan narsalar shaklida va muayyan sifatiy holda mavjud bo‘lgan yaxlit obyektiv va subyektiv reallikdir.
Yo‘qlikni ta’riflash esa bir muncha mushkulroq. Agar borliq mutlaq bo‘lsa yo‘qlik esa nisbiy tushuncha bo‘lib, makonga va vaqtga nisbatan ifodalanadi. Masalan, yo‘qlik deb, o‘tmishdagi va kelajakdagi hodisa- larning hozirgi zamonda yo‘qligini aytishadi. Yo‘qlikni gnoseologik ma’noda ham tushunish mumkin, ya’ni bilimlarimiz chegarasining doimiy ravishda kengayib borishi, bugun ma’lum bo‘lmagan sir-
asrorlarning ertaga ma’lum bo‘lishi (o‘tmishda materiyaning modda va maydon ko‘rinishga ega bo‘lishi ma’lum bo‘lmaganligi, yoki bugungi kunda fizik vakuum xususiyatlarining bizga ma’lum bo‘lmagan tomonlari va boshqalar) bilan izohlashimiz mumkin. Demak, borliq mutlaq bo‘lib, yo‘qlik nisbiy tabiatga ega bo‘lgan hodisa ekanligi haqidagi to‘g‘ri xulosaga kelishimiz mumkin.



    1. Download 441.4 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   81




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling