Quyida biz V.A.Nikolayev tavsiya etgan ana shu landshaftlar tasnifidagi birliklarni izohi bilan chegaralanamiz. Chunki bu izohlar boshqa tasnif tarxlaridagi birliklar izohiga ko‘p jihatdan mos keladi. taniqli tabiiy geograf F.N.Milkov (1970) “Landshaftlar bo‘limi landshaftshunoslikdagi eng yuksak tipologik birlikdir” degan fikrni bildiradi. Bu birlik F.N. Milkov aytganidek litosfera, atmosfera, gidrosferalarning o‘zaro ta’sir xususiyatiga va shunga bog‘liq holda o‘zaro modda va energiya almashinish shakli hamda jadalligi o‘xshash bo‘lgan landshaftlarni birlashtiradi. Landshaftlar bo‘limiga misol sifatida quruqlik landshaftlari, suv landshaftlari, suv osti landshaftlarini kiritish mumkin. Quyida biz faqat quruqlik landshaftlariga tegishli bo‘lgan masalalar haqidagina so‘z yuritamiz. Landshaftlar tasnifidagi navbatdagi birlik-landshaftlar sinfdir. Bu birlik yuqorida misol keltirilgan barcha tasnif tarxlarida (N.A.Gvozdetskiy, A.G.Isachenko) ishtirok etadi. Bu tasniflash tajribalarining deyarli hammasida ham sinflarni aniqlashda birgina xususiyat, ya’ni landshaftlarning morfotektonik xususiyati asos qilib olinadi va asosan ikkita landshaftlar sinfi ajratiladi: tog‘lar landshaftlari sinfi va tekisliklar landshaftlari sinfi. Bu ikki sinf orasidagi eng asosiy farq ularda tabiiy zonalarning ikki xil ko‘rinishda (tekislikda kengliklar bo‘ylab, tog‘larda esa pastdan yuqoriga) bo‘lishidir. Landshaftlarning suv-geokimyoviy tartibini o‘rganishning ahamiyati katta bo‘lib, unga dastavval B.B.Polinov (1956), A.I.Perelman (1975), M.A.Glazovskaya (1964), keyinchalik V.A.Nikolayev (1973), A.A.Makunina va N.S.Selezneva (1974) kabilar o‘z ilmiy izlanishlarida alohida e’tibor berishgan. Yana bir narsa haqida to‘xtalib o‘tmoq lozimki, ba’zi bir tasnif tarxlarida landshaftlarning ana shu xususiyatlariga e’tibor berilgan-u, faqat birlikning nomi boshqacha, ya’ni guruh emas, balki qator deb atalgan. Landshaftlarning bunday zonal turlarga bo‘linib ketishi asosan elyuvial landshaftlar guruhiga xosdir. Lekin tabiatda obyektiv mavjud bo‘lgan botqoqlik landshaftlari, o‘tloq landshaftlar, sho‘rxok landshaftlar kabi boshqa guruhga kiruvchi intrazonal landshaftlarni alohida tur sifatida ajratish lozim bo‘ladi. Bunday bo‘lishi mumkinligini N.A.Gvozdeskiy (1961), M.A.Glazovskaya (1964), F.N. Milkov (1967) lar ham e’tirof etadilar
Do'stlaringiz bilan baham: |