Samarqand viloyatining geoekologik holati va uni yaxshilash masalalari”


Download 446.84 Kb.
bet7/8
Sana11.01.2023
Hajmi446.84 Kb.
#1087812
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Kurs ishi

O’simlik va hayvonot dunyosi. Samarqand viloyatida relyef, tuproq va iqlim sharoitlarining kengliklar va balandliklar bo’yicha xilma-xilligi o’simliklar olamining ham boy bo’lishiga ta’sir ko’rsatadi. Hududning issiqlik va namlik nisbati o’simlik o’sishida asosiy omil hisoblanadi. Tekisliklar va tog’ yonbag’irlari bo’yicha namlik hamda issiqlikning o’zgarishi bilan farqlanadi. Ko’pgina geobotaniklar, geograflar balandlik bo’yicha mintaqalanishda asosan tuproq va relyef, iqlimni asos qilib oladilar. Chunki o’simliklarning balandlik oshgan sayin o’zgarishi aynan shu omillar o’zgarishiga bog’liq.
O’simliklarni mintaqalanishida ko’plab olimlar ilmiy ishlar olib borgan. Mamlakatimizdagi o’simliklarni K. Z. Zokirov tomonidan “chol”, “adir”, “tog”, “yaylov” mintaqalarga ajratgan [7]. Viloyatda barigli o’rmonlar, shuningdek, al’p o’tloqlari deyarli kuzatilmaydi, asosan cho’l, tog’ oldi, cho’l-dasht va quruq dasht, o’rtacha balandlikdagi tog’larga mansub o’rmon o’tloq dasht mintaqalarini ajratish mumkin. O’simlik olamining inson ta’sirida o’zgardi, so’nggi 40-50 yil mobaynida tekislik va tog’ o’simliklarining yoqilg’i, qurilish materiali, yaylov maydoni, dorivor maqsadlarda foydalanilishi natijasida ularning maydonlari qisqargan. To’qayzorlar, cherkez, shuvoq, tog’ yonbagirlarida archa, yong’oq, bodom, pista, o’rik, olma, tog’ olchasi va boshqa daraxtlarni yoqilg’i sifatida ishlatilishi ularni turlarini kamayishiga, siyraklashishiga olib keldi, natijada tabiiy yaylovlar maydoni qisqardi, tog’ yonbag’irlarda eroziya, qumli cho’lda deflyatsiya kuchaydi. Tog’li hududlarda dahshatli sel, surilma, qor ko’chkilari kabi hodisalar tez-tez yuz bera boshladi. Cho’llarda esa ko’chib yuruvchi qum maydonlarining kengayishi, mahsuldor o’tlar va butalarning yo’qolishi yaylovlarning begona o’tlar (isiriq, selen va boshq.) bilan qoplanishini tezlashtirdi.
Tekislik o’simlik turlarining o’sishi uchun asosan qurg’oqchil va yuqori darajadagi havo harorati mavjud bo’lishi lozim. Hududning janubiy zonalarida yog’in-sochinning mavsumiy bo’lishi tufayli ko’proq bahor oylarida vegitatsiya davrini tugatib, yozgi, ba’zan qishki uyquga ketadigan efemer o’simliklari tarqalgan. Cho’lda efemerlardan arpaxon, yaltirbosh, chitir, lolaqizg’aldoq, itgunafsha, ko’kboshchitir va boshqalar keng tarqalgan.
Efemeroidlar ham qisqa vaqt mobaynida o’suvchi o’simliklar turiga mansub bo’lib, asosan kuz, qish va bahorda vegetatsiya davrini o’tab, yozda uyquga ketadi. Deyarli bahor faslida vegetatsiya faolroq bo’ladi. Ularga iloq, shirach, mingtomir, tuyayaproq, qavariq, sassiqkuray va boshqalar kiradi. Bu o’simliklar yilning nam ko’p vaqtlarida o’sib, qurg’oqchil davrida vegetatsiyani tugatadigan ko’p yillik o’t o’simliklari hisoblanadi. Cho’llarda grunt suvlarining sathi chuqurroq joylashgan hududlarda ildizi uzun bo’lgan o’simliklar tarqalishiga sabab bo’ladi. Masalan jing’il, yantoq, oqbosh, kermak grunt suvlari sathining 5 m dan ham chuqurda bo’lgan namdan foydalanish xususiyatiga ega.
Tog’ etaklarida viloyatning shimoliy va sharqiy hududlarida yovshan, kemrud, badxiz, ravoch, tog’ lolasi, anzur piyozi, zira, andiz, kiyik o’ti, moychechak, zirk, shuvoqlar keng tarqalgan. Ba’zan shuvoqzorlarda keurek, izen, boylichlarning ayrim areallari aralash holda uchraydi. Shuvoq guruhlarining quyi yarusda ko’p yillik efemer, efemeroid o’simliklar bir yillik sho’ralar bilan birga uchraydi. Shuvoqli va shuvoqli sho’rali yaylovlarni ikki guruhga bo’lish mumkin: tog’ etaklari va allyuvial tekisliklar. Tog’ etaklar va allyuvial tekisliklarda och bo’z tuproqlarda shuvoq ko’proq, sho’ralar bilan aralash uchraydi, efemerlar hissasi nisbatan ko’p [8]. Ushbu yaylovlarni asosan Nurota tog’ etaklarida uchratishimiz mumkin.
To’qaylar Zarafshon daryosining deltalarida, quyi qayirlarida daraxt-butali va o’tli to’qayzorlar maydoni uchraydi. Lekin keyingi vaqtlarda daryolar suv rejimining tartibga solinishi, sug’orishga ko’plab suv sarflanishi tufayli daryolarning to’lib oqishiga chek qo’yilishi sababli ularga kollektor-zovur suvlarining tashlanishi suvning sho’rligini oshiradi, suv sathining nihoyatda past bo’lishiga, ba’zan esa yozning ayrim kunlari oqimining bo’lmasligiga sabab bo’ldi. Natijada to’qay o’simliklarining me’yorida o’sishiga salbiy ta’sir etmoqda. Daraxtli to’qayzorlarning katta qismi butunlay quridi. Ushbu geoekologik vaziyat hozir ham davom etmoqda. Daraxtli to’qayzorlarda, odatda turang’il, tollarning ko’plab turlari shuningdek yulg’un, jing’il uchraydi. Daraxtlar va butalar kuzda turli lianalar bilan o’ralib turadi. Namroq to’qayning ochiq joylarida qamish va dag’al kendir ham uchraydi. Sho’rlangan tuproqlarda ko’proq galofit o’simliklar tarqalgan.
To’qaylarda yaylov mahsuldorligi ancha yuqori bo’lib, barcha fasllarda chorvachilikni rivojlantirish uchun qulay. Ammo bugungi kunda yaylovlarning yaroqsiz holga kelib qolganligi tufayli ularni maydoni ancha qisqargan.
Viloyatning tog’ va tog’ oldi hududlarida daraxt va butalardan akatsiya, Qrim qarag’ayi, Zarafshon archasi, Qrim archasi, qizil do’lana, sariq do’lana, yovvoyi bodom, yong’oq tog’ olchasi, olma va boshqalarni uchratish mumkin. Bugungi kunda o’simliklar kishilarning xo’jalik faoliyati tufayli ancha o’zgartirilgan. Shu sababli madaniy voha tuproqlar tarqalgan yerlarda asosan madaniy o’simliklar o’stiriladi.
Hayvonlarning tarqalishi viloyat hududi tabiiy sharoitining turli – tumanligi tekisliklardan va tog’ oldi landshaftlaridan tashkil topganligi hamda o’simlik qoplami, o’txo’r va yirtqich hayvonlarning geografik tarqalishiga sabab bo’lgan. Tabiiy sharoitlardagi farqlar tekislik qismi bilan tog’li qismida yaqqol namoyon bo’ladi. Tekislik qismida chalacho’l va cho’llarga moslashgan hayvonlar ko’p uchraydi. Tog’larda esa yuqoriga ko’tarilgan sari relyefning murakkablashib borishi haroratning pasayishi, yog’in miqdorining ortishi, yozning qisqa, qishning sovuq va davomiyligi, o’simlik qoplamining qalinlashishi o’z navbatida hayvonlarning shu sharoitga moslashgan turlarini uchrashiga sabab bo’lgan.
Viloyatning janubiy va janubi-g’arbiy qismi tekisliklarda cho’l sharoitiga mos hayvonlar uchraydi. Cho’lda suv kam bo’lganligidan jayron, qulun, oqquyruq kabi hayvonlar chopqir bo’lib, uzoqlardan suv ichib kelish imkoniyatiga ega, ba’zi kemiruvchi hayvonlar jumladan yumronqoziqlar, qo’shoyoqlar, ko’rsichqonlar egan ozuqasidagi nam bilan qanoat hosil qilganligi tufayli oz suv ichadi, cho’lda yozda harorat ko’tarilib, jazirama issiq tufayli ko’pchilik hayvonlar kun qiziganda salqin uyasiga bekinib oladi yoki daraxtlarga chiqib shabadada jon saqlab, quyosh botgandan so’ng faol hayot kechiradi. Bu mintaqalarda sudralib yuruvchilar va har-xil hashorotlar ko’plab yashaydi. Ayniqsa ingichka barmoqli yumromqoziq, shalpangquloq, qurbaqabosh kaltakesagi, targ’il kaltakesak, sertuk qo’shoyoq, chovkar ola sichqon, katta quloqli dumaloqbosh kaltakesak, tarqoq barmoqli gekkon kaltakesak, turkiston agamasi, bo’z echkemar, qushoyoqlar; ilonlardan o’q ilon, charx ilon, bo’g’ma ilon, cho’l toshbaqasi va boshqalar uchraydi. Sutemizuvchi hayvonlardan jayron, turkiston bug’usi – xongul, qulun, uy mushugi kattaligidagi manul, barxan mushugi, qum quyoni, bo’ri, tulki qoraquloq, oqquyruq yashaydi.
Qushlardan to’rg’ay, xo’jasavdogar, yilqichi, tentakqush, cho’l qarg’asi, so’fito’rg’ay, kichik tuvaloq, cho’l qarqunog’i kabilar mavjud. Bundan tashqari hasharotlar mavjud bo’lib, ularning eng muhimlari ari, chumoli, kapalaklar; o’rgamchaklardan biy, falang, chayon, qoraqurt kabilar hisoblanadi.
Viloyat hududida Turkistonga xos hayvonlarning bazi turlari uchraydi: bo’ri, tulki, quyon, chiyabo’ri, jayron va jayra, to’qayzorlarda esa qirg’ovil, loyxo’rak, o’rdak yashaydi. Qushlardan: so’fito’rg’ay, chumchuq, zarg’aldoq, sudralib yuruvchilardan gekkon, kaltakesak, toshbaqa, sariq ilon, echkemar; kemiruvchilardan ko’rsichqon, kichik qo’shayoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush va boshqalar uchraydi [8].
Tekislikdagi to’qayzorlarda hayvonlarning turi, miqdori va yashash sharoiti cho’l hayvonlaridan farqlanadi. To’qayzorlar Zarafshon daryo vodiylarida joylashgan bo’lib, sersuv va nam o’simlik qoplami qalin. Bunday joylarda asosan chiyabo’ri, yovvoyi cho’chqa, to’qay mushugi, bug’u-xongul, qoplon, quyon, suv kalamushi, ondatra, sichqon, qirg’ovul, ko’ktaroq, qarqunoq, chumchuq yashaydi. To’qayning suvlarida o’rdak, g’oz, loyxo’rak, baliqchi, qorabuzov, qizil g’oz yashaydi. Bundan tashqari to’qayzorlarda chigirtka, chivinlar, qurbaqalar ham uchraydi. Suv havzalarida turli xil baliqlar yashaydi. Ulardan kichik kurakburun, oddiy oqqayroq, laqqa baliq kabilar mavjud.
Adir balandlik mintaqasi quyi qismida cho’lga xos bo’lgan ba’zi turlar cho’l toshbaqasi, qo’shoyoq, sug’ur, sariq va malla yumronqoziq, echkemar, sariq ilon va boshqalar yashaydi. Tog’da yashaydigan hayvon turlarining ba’zilari adirlarda ham uchraydi. Adirlarda sut emizuvchilardan tulki, bo’ri, bo’rsiq, quyon, sassiqko’zan, olaxurjun, turkiston kalamushi kabilar yashaydi. Shuningdek jayra, ko’rsichqon, turkiston agamasi, chipor ilon, qora ilon, ko’lvor ilon, turkiston kobrasi, tipratikan mavjud. Adir mintaqasida qushlar ko’p, jumladan burgut, kaklik, miqqiy, bedana, ko’kqarg’a, ukku, dala chumchug’i, tuvaloq, qirg’iy, boltayutar, so’fito’rgay, boyo’g’li kabilar hisoblanadi. Suv havzalarida suv kalamushi, ondatra, norka va boshqa hayvonlar yashaydi.
Tog’lardagi hayvonlarning cho’l hayvonlaridan farqli xususiyatlari yilning sovuq faslida iqlimiy sharoitning noqulayligi tufayli passiv hayot kechirib, ba’zilari uyquga ketadi. Tekislik mintaqalaridan farq qilib sudralib yuruvchilar kam. Ba’zan turkiston agamasi, kulrang olaxurjin, kichik qushoyoq, shalpangquloq kirpi kabi hayvonlar yashaydi. Kemiruvchilardan oq sichqon, kalamush, oq suvsar; archazorlarda tog’ suvsari, qunduz yashaydi.
Viloyatda to’qay landshaflari va u yerdagi o’simliklarni va hayvonlarini tabiiy holicha saqlab qolish maqsadida 1975 yilda Bulung’ur va Jomboy tumanlari hududida maydoni 2,5 ming gektarga yaqin Zarafshon-To’qay davlat qo’riqxonasi tashkil etilgan. Bu qo’riqxonada qirg’ovillarni tabiiy ko’paytirish va chakanda changalzorlarini muhofaza qilishdan iborat [36]. Mazkur hududda ham respublikamizning ko’p joylaridagi kabi tabiatni muhofaza qilish, inson bilan tabiat o’rtasidagi munosabatni yaxshilash, kishilar ongida ekologik madaniyatni shakillantirish masallari dolzarb bo’lib qolmoqda.

Xulosa
Hozirgi kunda butun dunyoda fan texnika taraqqiyoti rivojlanayotgan davrda texnogen omillar natijasija vujudga kelayotgan geoekologik muammolarni hal qilish birinchi o’rindagi masalalardan hisoblanadi.
Respublikamizning markaziy qismida joylashgan Samarqand viloyati rivojlanish tarixi va relyefi bevosita antropogen davri bilan bog’liq. Hududda qadimdan dehqonchilikni rivojlanishida Zarafshon daryosi va uning irmoqlari asosiy o’rin tutadi. Hududni o’zlashtirish uchun qulay relyef shakllari, iqlim, suv resurslarining mavjudligi tuproq, o’simlik qoplamining unumdorligi odamlarni o’troq holda yashab kelishiga imkoniyat yaratgan.
Atrof muhitga salbiy ta’sir etuvchi tabiiy xavfli jarayonlar yerning paydo bo’lishidan boshlab to hozirgi vaqtgacha davom etmoqda. Ushbu jarayonlar ichida eng xavflisi tektonik zilzilalar hisoblanadi. Insoniyat o’zining butun tarixiy taraqqiyoti mobaynida kop yer qimirlashlarini boshidan kechirgan, uning oqibatlarini guvohi bo’lgan. Uzoq tarixiy saboq, ya’ni yer silkinishi kishilarning ruhiy holatiga bo’lgan ta’siri, imorat va inshootlarning buzilishiga, vayron qilinishiga, yer yuzasida yoriqlarning paydo bo’lishiga, ming-minglab insonlar yostigining qurishiga sabab bo’lgan.
Inson faoliyati bilan bog’liq bo’lgan jarayonlarning tabiiy muhitga ta’sirining asosiy sabablaridan quyidagilarni keltirishimiz mumkin. Jumladan, yer yuzida aholi sonining ortib borishi natijasida tabiiy resurslarning ishlab chiqarishga jalb etilishi. Yerlardan foydalanishda, qishloq xo’jaligi ekilarini etishtirishda, chorvachilikni rivojlantirishda, suv inshootlarini qurishda, sanoat korxonalarini joylashtirishda tabiat qonuniyatlarini hisobga olmaslik, ishni to’g’ri tashkil etmaslik oqibatida ko’plab geoekologik muammolar kelib chiqmoqda.
Yuzaga kelayotgan ushbu muammolarni oldini olish borasida Respublikamizda atrof-muhitni muhofazalashga qaratilgan qonun va dasturlar ishlab chiqildi. Jumladan, 1992-yil 9 dekabrda “Tabiatni muhofaza qilish to’g’risida” gi , 1994-yil 23 sentyabrda “Yer osti boyliklaridan foydalanish to’g’risida” gi qonunlar va boshqalar. Ushbu qonunlarda ishlab chiqarishda tejamkorlik, kam chiqindi va chiqindisiz ishlash texnologiyasiga, tabiiy boyliklardan samarali foydalanishga, tabiat muhofazasiga alohida ahamiyat berish ko’rsatilgan. Shu munosabat bilan tabiat muhofazasining mahalliy va Respublika fondlari tashkil qilindi, bu esa tabiiy muhitni asrash va tabiatdan foydalanish kabi sohasidagi yangi munosabatlarning vujudga kelishiga asos bo’ldi. Bundan tashqari tabiatni inson manfaatlarini ko’zlab hozirgi va kelajak avlod uchun saqlash, uni ongli ravishda hamda maqsadga muvofiq o’zgartirish, foydalanishga yaroqsiz yerlarni rekultivatsiya qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atmosfera havosini, yer osti va usti suvlarining ifloslanishini oldini olish, atrof muhitni ekologik muvozanatini tiklash, ekin maydonlarining mahsuldorligini saqlash va samaradorligini oshirish, geosistemalarning yaroqsiz holga kelib qolishini oldini olish, sugoriladigan yerlarda tuproqlarning qayta sho’rlanishiga qarshi kurashishda tabiat qonuniyatlarini hisobga olgan holda ishlar olib borish lozim.
Hududning ichki suvlarini ifloslanishi natijasida vujudga kelgan ekologik vaziyatni yaxshilash, kanal va daryo havzalarini ekologik muvozanatini tiklsh hamda barqarorlashtirish borasida ko’plab chora tadbirlarni amalga oshirish lozim. Daryo va gidrologik inshootlar suvini ekologik jihatdan toza saqlash uchun suv havzalariga kollektor va zovurlarning sho’r suvlarini, maishiy-xo’jalik va korxonalarning ifloslangan chiqindi suvlarini tashlamaslik, ularni qayta ishlash choralarini ishlab chiqish hayotga tadbiq etish kerak. Chunki suvni ko’p talab qiladigan yirik korxonalardagi chiqindi suvlarni maxsus qurilmalar yordamida qayta tozalash va ularni kundalik zaruratda ishlatish uchun tozalangan suvga aylantirish buzilgan ekologik vaziyatni tiklashga va atrof-muhitni sog’lomlashtirishga inkoniyat yaratadi. Shunday chora-tadbirlarni amalga oshirish yo’li bilan viloyat ichki suvlarining gidrokimyoviy xususiyatlarini, biologik hayotini va tabiiy holatini tiklash hamda ularning so’nggi yillarda shakllangan ekologik vaziyatini yaxshilash mumkin.
Qishloq xo’jalik yerlarida ekologik jihatdan toza va inson salomatligiga zarar yetkazmaydigan mahsulotlarni yetishtirish uchun tuproqlarni pestitsidlar, gerbitsidlar, nitratlar va boshqa kimyoviy moddalar bilan zaharlanishdan muhofaza qilishini tashkil etish, uni mexanizmini ishlab chiqish va ekin maydonlariga me'yorida ortiqcha zaharli moddalarni ishlatishni man etish zarur.
Umumiy xulosa sifatida alohida ta’kidlash lozimki, hududnini muhofaza qilish bo'yicha tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati murakkab mexanizmli ekin maydonlardan oqilona foydalanish, texnogen landshaftlarni rekultivatsiya qilish, atmosfera havosini ifloslanishini nazorat qilish ,ichki suvlarning turli xil kimyoviy birikmalar bilan ifloslanishini oldini olish, tuproqlarning sho'rlanishi va eroziyasiga qarshi kurashish, atrof muhitning geoekologik holatini tiklash, agrogeosistemalarning maxsuldorligini oshirish, ularda yuz berayotgan ekologik vaziyatni normallashtirish kabi tadbirlarni tashkil etishdan iboratdir.



Download 446.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling