Sayt xaritasi qiziqarli saytlar
OKTYABR — FRIDRIX NITSHE TAVALLUD TOPGAN KUN
Download 0.61 Mb.
|
Fridrx nitshe
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ezop. Masallar (2) Zebo Rahimova. She’rlar OXSHASH MAQOLALAR.
- Jeyms Joys. Uliss sarguzashtlari Jeyms Joys haqida suhbat va maqola
- Миршариф Ходжаев
15 OKTYABR — FRIDRIX NITSHE TAVALLUD TOPGAN KUN NITSHENING «ZARDO’SHD TAVALLOSI» ASARIDAN OSTIGA CHIZILGAN JUMLALAR Bekzod O’ktam tayyorlagan «Men odam emasman, men dinamitman», deyishni xush ko’ruvchi nemis faylasufi Fridrix Nitsshe (1844-1900) ning barcha yozganlari, barcha hikmatlari tom ma’noda dinamit xususiyatiga ega. Ta’riflanganidek, bu dinamit fikrlar shiddat bilan portlab, yana o’z ichidan go’zal va harakatchan — inkor qiluvchi va tasdiqlovchi fikrlarni yaratadi. Nitsshe falsafasining markazida inson turadi. Bu — axloq falsafasi degani. Nitsshe bu borada ilgarilab ketadi: illatlarni fazilat tarzida, fazilatlarni illat tarzida taqdim qiladi. Chunki uning nazdida inson shu darajada «axloqiylashib» ketganki, u ezguliksiz yashay olmaydi. Ammo gap shundaki, inson ezgulikni ko’proq niqob sifatida ishlatadi, natijada hamma yoqni soxta ezgulik, soxta fazilat bosib ketgan, inson rosmana qadam tashlab yashashi uchun joy yo’q. Kishilarning o’zligini namoyon qila olmaganidan, chekiga tushgan vazifani bajarmaganidan, ko’tarilishi mumkin bo’lgan yuksaklikka ko’tarilmaganidan – maydalashib ketgan buyuklikdan g’azablanadi, alam bilan, jahl bilan fikrlaydi. Nitsshening «Zardo’sht tavallosi» asari faylasufning boshqa asarlaridan butunlay farq qiladi. Bu asarda Sharq falsafiy qarashlari ta’siri sezilib turadi. Uzoq olmon yurtida yashab, ijod qilgan muallifning bundan ikki yarim ming yil muqaddam bizning zaminda yashagan tarixiy shaxs – Zardo’shtni o’z asariga qahramon qilib olishi har qanday o’quvchi e’tiborini tortmasdan qolmaydi. «Zardo’sht tavallosi» – kuchli insonni tarbiyalashga qaratilgan asar. Sharq mumtoz adabiyotida «komil inson», ruslarda «sverxchelovek» deyiladi. Asarda «alo odam» ko’rinishida keladi. Asar to’lig’icha ramziy, timsollar asosida yaratilgan. O’qiyotganda buni albatta e’tiborga olish kerak. Chunki Nitsshe dunyo tan olgan mutlaq haqiqatlarning oyog’ini osmondan qilib tashlaydi, favqulodda shiddat o’quvchini batamom shoshirib qo’yadi. Mamlakatimiz rahbari asarlaridan birida yoshlarimiz xabardor bo’lishi kerak bo’lgan, dunyo tan olgan ko’p ulug’ faylasuflarni tilga olarkan, ular qatorida Fridrix Nitssheni ham sanab o’tgani bejiz emas. Siz ham buyuk nemis faylasufining «Zardo’sht tavallosi» deb atalgan g’aroyib asarini o’qib chiqing. Shunda yuqoridagi uzundan-uzoq kirish so’z behuda emasligini tushunib yetishingiz aniq. Asarni o’zbek tiliga taniqli mutarjim va olim Ibrohim G’afurov tarjima qilgan. Men uxlab qolibman, bir qo’y kelib boshimdagi chirmovuqdan to’qilgan chambarni yeb qo’yibdi, yana buning ustiga yeb turib: «Zardo’sht endi olim emas», debdi. U shunday deb kekkayib tumshug’ini ko’targancha bir chekkaga o’tib ketibdi. Menga buni bir bola aytib berdi. Men bolalar o’ynab yuradigan shu yerda, qulab yotgan devor etagida, qushqo’nmas va lolaqizg’aldoqlar o’sib yotgan joyda yotishni yaxshi ko’raman. Men hali ham bolalar uchun va shuningdek, qushqo’nmas va lolaqizg’aldoqlar uchun olimman. Ular hatto achchiqlanganlarida ham ma’sum begunohdirlar. Ammo qo’ylar uchun men endi olim sanalmay qo’ydim: peshonam shunday ekan – mayli, qutlug’ bo’lsin! *** …odam bu – loyqa seldir. Bu loyqa selni o’ziga yutib yana toza qilmoq uchun faqat dengiz bo’lmoqlik kerakdir. *** Odam bu – hayvon bilan alo odam o’rtasida tortilmish arqon, — u tubsiz choh uzra osilib turadi. O’tmoq xatarli, yarim yo’lda qolmoq xatarli, orqaga o’girilib qaramoq xatarli, qo’rqish va to’xtash xatarli. *** Men sizlarga alo odam to’g’risida ta’limot keltirdim. Odam shunday bir xilqatdirki, undan oshib o’tmoq kerak. Siz undan o’tmoq uchun nima qildingiz? Shu damgacha barcha xilqatlar o’zidan yuqoriroq nedir bir narsa yaratdi. Siz shu ulug’ to’lqindan sachragan ko’pik bo’lib o’tirdingizmi? Odamdan o’tish o’rniga, tezroq, boz yana vahshiy hayvon tusiga kirishga oshiqdingizmi? *** Tabiat… birovlarni kuchli ruh, boshqalarni kuchli mushaklar va ehtiros bilan ajratadi, uchinchilari esa na unisiga, na bunisiga ega – o’rtamiyona odamlar… Zero, faqat ma’naviy jihatdan yuksak qobiliyat sohiblarigina chiroylilikka, go’zallikka doxil bo’lish huquqiga egadirlar; faqat ularga xos ezgulikkina zaiflik emas… Ular qiyinchiliklarni o’zlari uchun ne’mat deb biladilar, o’zgalarni ezib tashlaydigan og’irliklar bilan o’ynashadilar, bu ular uchun orom hisoblanadi. *** Vahshiylarga qaraganda odamlar orasida bo’lish xatarliroq ekan. *** …men aql bovar qilmas ishni istayman: men o’z g’ururimning o’z donoligim bilan birga bo’lishini istayman doim! *** Bola – ma’sumlik va unutishdir, yangi ish, yangi o’yin, o’z-o’zidan g’ildirab boruvchi g’ildirak, ilk harakat, tasdiqning muqaddas so’zi. *** Uyqu oldidan nomus-or bo’lsin! Birinchi shart shu! Yomon uxlaydiganlar va tunda ko’z yummaydiganlardan qochinglar! Uxlashni bilish – arzimagan narsa emas: yaxshi uxlash uchun kun bo’yi uyg’oq bo’lish kerak. (bunda muallif insonning o’z-o’zi bilan kurashishi, o’z-o’zini yengishi buyuk xotirjamlik ato etishini ifodalaydi). ***
Chindan ham, agarda hayotning ma’nosi bo’lmaganda edi va men bema’nilikni tanlashga majbur bo’lganimda edi, unda xuddi mana shu bema’nilik tanlab olish uchun eng loyiq narsa bo’lib ko’ringan bo’lardi. ***
Tog’larda eng qisqa yo’l cho’qqilardan cho’qqilarga o’tadigan yo’l; lekin buning uchun uzun oyoqlar kerak. ***
Kimda-kim eng yuksak tog’larga ko’tarila olsa, u sahna va hayotning har qanday fojiasi ustidan kula biladi. ***
Siz menga aytasiz: hayotni ko’tarish qiyin. Lekin unda sizning ertalab turgandagi g’ayratingiz va kech kirgan chog’dagi taslimingizdan na ma’ni qolur? ***
Rost, biz hayotni sevamiz. Lekin hayotga emas, sevgiga odatlanib qolganimiz uchun uni sevamiz. Sevgida doim andakkina telbalik bor. Lekin telbalikda ham doim andakkina ahillik bor. ***
Men yurishni o’rgandim: shundan beri o’zimni chopishga shay tutaman. Men uchishni o’rgandim: shundan beri o’rnimdan qo’zg’alish uchun birovning turtishini kutib o’tirmayman. ***
Sen o’z do’stingni uxlab yotganda ko’rganmisan, uning qandayligini bilganmisan? Do’stingning yuzi o’zi nimadir? U notamom, dag’al oyna yuzidagi sening o’z aksingdir. ***
Do’stga dardkashlik qalin po’stloq ostida yashiringan bo’lsin, sen shu qattiq po’stloqni tishlaring bilan kemir. Ana shunda dardkashlik inja va lazzatli bo’lur. ***
Erkak ayol sevgisidan qo’rqsin. Zotan, u har qanday qurbonlikka tayyor va har qanday boshqa narsa uning uchun arzimas. ***
«Hoy xotin, o’sha kichkina haqiqatingni menga ber!» dedim men. Kampir mana shunday dedi: «Xotinlar oldiga borayapsanmi? Qamchining esdan chiqmasin!» ***
Lekin eng yomoni mayda gaplar. Mayda gap qilgandan ko’ra yovuzlikning o’zini qilib qo’ya qolgan afzal! ***
O’z yuragingni jilovlab turishing kerak; uni bo’sh qo’yib yuborsang, xash-pash deguncha boshingni yo’qotib qo’yasan! ***
Ota indamay kelgan narsalar o’g’ilda tilga kiradi; men ko’pincha o’g’ilda otaning siri oshkor bo’lganini ko’rdim. ***
…kimki jazo berishga ishqivoz bo’lsa, unga hech qachon ishonmang! ***
Ko’rning ko’rligi va uning paypaslab qidirishi – u tikilib qaragan quyoshning qudratidan darak beradi… ***
Yuksaklar emas, qiyalik eng dahshatli narsa! …Qiyalik shuning uchun menga xatarliki, nigohim yuksaklarga intiladi, qo’lim esa teranlikni tutish va unga suyanishni xohlab turadi! ***
Bir marta ham o’yinga tushmagan kunimiz biz uchun tamom yo’qolgan kun bo’lgay! Kulgisi bo’lmagan har qanday haqiqatni, mayli, biz yolg’on deb ataylik! ***
«Muncha qattiqsan!» – dedi bir kuni pista ko’mir olmosga. – Axir biz yaqin qarindoshlar emasmizmi?»Munchalar yumshoq? O, birodarlarim, men sizdan shunday so’rayman: axir siz mening og’aynilarim emasmi?Nega muncha yumshoq, muncha tobe va muncha bo’shtobsiz? Nega sizning qalbingizda muncha ko’p inkor, e’tiroz, voz kechish? Nega muncha oz ko’zingizda tole? ***
Agar siz yuksaklikka ko’tarilmoqchi bo’lsangiz, o’z oyoqlaringizdan foydalaning! Sizni ko’tarib yurishlariga yo’l qo’ymang, birovning boshiga va yelkasiga o’tirmang! ***
Barcha mukammal narsalar umidga o’rgatadi. ***
Isitmaning yo’qligi bu hali bilim emas. Qotib qolgan aqllarga men ishonmayman. Yolg’onchilik qilolmaydigan kishi haqiqat nima ekanligini bilmaydi. (Tashriflar: umumiy 932, bugungi 1) TEG(LAR) Fridrix NitsheIbrohim G'afurov Ezop. Masallar (2) Zebo Rahimova. She’rlar O'XSHASH MAQOLALAR. Ibrohim G’afurov. Boborahimning sariq gullari & Boborahim Mashrab. Agar oshiqligim aytsam 23 Май, 2018 Ibrohim G’afurov. Mangu latofat & Hayo — xaloskor & Odil Hotamov. Nurli so’z ohanrabosi 20 Май, 2018 Alisher Navoiyning mashhur uch maktubi. 04 Май, 2018 Jeyms Joys. Uliss sarguzashtlari & Jeyms Joys haqida suhbat va maqola 26 Апр, 2018 Uilyam Folkner. Qora musiqa 20 Апр, 2018 4 IZOH Аноним 31.01.2015 at 12:01 «Зардўшт таваллоси» таржимони Иброҳим Ғафуров русча «сверхчеловек» иборасини ўзбекчага «ало одам» тарзида ўгирган,«аъло одам» шаклида эмас. «Ало» сўзи эски ўзбек тилида «…устига, …га, …дан» маъносини беради. Масалан, луғатда:«Нуран ало нур — нур устига нур» дея тушунтирилади.«Тафаккур» журнали ҳам шу асар ҳақида мақола чоп этганида «аъло одам» шаклида ёзди. Камина таҳририятга эътироз билдириб, мактуб жўнатгандим. Ҳурматли ўқувчилар бунинг фарқини англашлари лозим деган хаёлда бу гапларни ёздим. «Хуршид Даврон кутубхонаси» анонимга жиддий хатони тузатгани ва уни изоҳлагани учун миннатдорчилик билдиради.
Adib 31.01.2015 at 12:46 «Хуршид Даврон кутубхонаси» анонимга жиддий хатони тузатгани ва уни изоҳлагани учун миннатдорчилик билдиради. Миршариф Ходжаев 31.01.2015 at 17:54 Ёзганим аноним тарзида чоп этилганини тушунмабман. Бунинг учун ўқувчилардан ва «Хуршид Даврон кутубхонаси»дан узр сўрайман. Миршариф Ходжаев. Download 0.61 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling