Hammasi qanday boshlangandi?
Moskvada tug‘ilgan Sergey Brin besh yoshligida oilasi bilan AQShga ko‘chib o‘tadi. Sergey uchun maktab dasturi juda zerikarli tuyulsa-da, u iqtidorli va nihoyatda aqlli bola sifatida o‘qishda jiddiy natijalarni ko‘rsata boshlaydi. Dunyoga mashhur AQShdagi Stenford universitetiga o‘qishga kirgach, Sergey Brin do‘sti va kelajakdagi hamkori Larri Peyj bilan tanishadi va u bilan juda tez do‘stlashib ketadi. Chunki bu yosh yigitlarning dunyoqarashi va qiziqishlari bir-biriga juda yaqin edi.
Ularning o‘rtasida umumiy o‘xshashliklar juda ko‘p edi – ikkalasi ham maqsadga erishish yo‘lida kurashuvchan, aqlli va har ikkalasining asosiy qiziqishi kompyuterlar edi. Bundan tashqari, o‘sha paytlarda dunyoda allaqachon internet degan “mo‘jiza” mavjud edi, ammo sohada qidiruv tizimlari bilan bog‘liq juda katta bo‘shliq bor edi. Shu sababli foydalanuvchilarga kerakli ma’lumotlarni topish juda qiyinchilik tug‘dirardi. Ushbu sabablar ikki yosh yigitning o‘z qidiruv tizimlarini yaratish uchun qattiq kirishishlariga turtki bo‘lib, bu g‘oya ularning hayot mazmuniga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |