Leybnits (1646-1716) falsafiy tizimining o’zagi yagonalik haqidagi ta’limot - monadologiyadir. Dunyo monadalardan yoki ruhiy unsurlarning zarrachalaridan tashkil topgandir. Monadalar faollikga ega bo’lib, mustaqildirlar, ular uzluksiz ravishda o’zgarishda bo’lib, azob-uqubat chekishga, idrok etishga va ongga qodirdirlar. Monadalarning birligi va bir-biriga muvofiqligi Xudo tomonidan «tayin etilgan uyg’unlik» natijasidir. Rivojlanish darajalariga qarab Leybnits uch xil monadalarni farqlaydi. Kuyi darajadagi monadalarga faqat noaniq tasavvurlar xosdir (jonli bo’lmagan va o’simliklar dunyosi ana shunday holatdadir). YUqori darajadagi monadalar his-tuyg’uga ega bo’lib, ularga tayangan holda oydinroq tasavvurlar sohibidirlar (hayvonlar va inson). Ushbu ikki monadani Leybnits jon monadalari sifatida ifodalaydi. Monadalar o’zlarining eng yuqori rivojlanish bosqichlarida appersepsiyalarga (ongga ega bo’lish) qodir bo’ladilar. Leybnits ularni monada-ruhlar sifatida ifodalaydi. Monadalarning har birida rivojlanish imkoniyati mavjuddir. Har bir monada o’zida o’z kelajagini ham, o’zining o’tmishini ham olib yuradi.
Leybnits modda bilan bir qatorda va undan mustaqil ravishda mavjud bo’lgan borliqning mustaqil ibtidolari sifatidagi makon va zamon haqidagi tasavvurni rad etadi. Makonni u ayrim olingan ko’plab yakka jismlarning o’zaro joylashishining tartibi sifatida qarab chiqadiki, ular bir-biridan tashqarida mavjuddirlar. Zamon esa uning tomonidan bir-biri bilan almashib turadigan hodisalar yoki jismlarning holatining tartibi sifatida talqin qilinadi. Leybnits falsafasining yorqin sahifalaridan biri uning tomonidan umumiy va yakkaning dialektikasini ishlab chiqilganligidir: alohida olingan yakka monada dunyoning bir markazga to’plangan va yagona va cheksiz Koinotning ko’zgusidir. Leybnits sezilarli darajada mantiq rivojiga o’z hissasini qo’shib, uning tuzilishi va daliliy qonunlarini ochib berib, uning ramzini ishlab chiqdi. U hozirgi zamon simvolik va matematik mantig’ining asoschilaridan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |