Shaxrisabz davlat pedagogika instituti
Komillik g‘oyasi haqidagi qarashlarning tarixiy rivojlanish bosqichlari
Download 140.63 Kb.
|
KOMILLIK.docxZILOLA (3)
1.2. Komillik g‘oyasi haqidagi qarashlarning tarixiy rivojlanish bosqichlari
Komil inson g‘oyasi islom ta’limotining paydo bo‘lishi bilan shakllangan tushuncha emas. Komillik g‘oyasining ilk ko‘rinishi Zardo‘shtiylik ta’limotining o‘zagi bo‘lgan “ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” tushunchasida aks etgan. Avesto ta’limotida uchta ezgulikni o‘zida mujassamlashtirgan inson jamiyatning yetuk insoni sifatida qaralgan. Yaxshilikning g‘olib bo‘lishi ham uchlik asosida kechishi keng targ‘ib etiladi. Komil inson tushunchasi “Avesto” davridayoq umuminsoniy mazmun kasb etgan, insoniyat tarixida birinchi bo‘lib, Zardusht insonlarning bugungi dunyodagi hayotiga yarasha narigi dunyodagi taqdiri hal bo‘lajagi to‘g‘risidagi ta’limotni yuzaga keltirgan. “Avesto” axloqiy meyorlar, qadriyatlarni ifodalashda ezgulik va yovuzlik kuchlari o‘rtasidagi doimiy qarama-qarshi kurash mavjudligini ta’kidlaydi. Ezgulik ibtidosi, asoschisi, yaratuvchisi Ahura Mazda, yovuzlik ibtidosi, yaratuvchisi Ahriman o‘rtasidagi kurash natijasi insonning ongli ravishda ezgulik tarafida turmog‘iga bog‘liq. Insonda ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal mushtarak, chambarchas va yaxlit bo‘lmog‘i lozim, shundagina ezgulik yovuzlik ustidan g‘alaba qozonadi, degan zardushtiylik g‘oyalari komil inson haqidagi qarashlarimizning, shuningdek, milliy ma’naviyatimizning sarchashmalaridan biridir, desak yanglishmaymiz. Komil inson g‘oyasining qadim ildizlarini xalq o‘g‘zaki ijodi na’munalaridan izlash lozim. Shuningdek, u qisqa, mujassam obrazli shaklda xalq maqollari va aforizmlarida ifodalanadi: “Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar”, “To‘rtovlon tugal bo‘lib, o‘nmaganni o‘ndirar, o‘novlon tarqoq bo‘lib, og‘zidagini oldirar”, “O‘zga yurtda sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda ulton bo‘l”, “Ilm – aql chirog‘i”, “Oltin olma, duo ol”, “Vatanning vayronasi, umrning g‘amxonasi”, “Joningni fido qilsang qil, nomusingni fido qilma”, “Aql aqlliga yo‘ldosh, yomon yomonga qo‘ldosh” va boshqalar. Xalq o‘g‘zaki ijodi namunalaridan biri “Go‘ro‘g‘li” dostonida Go‘ro‘g‘li ot tanlash va zot tanlash dilemmasiga duch keladi. Agar ot tanlasa, yurtini bosqinchilardan ozod qilish imkoniga ega bo‘ladi, ammo farzand ko‘rmaydi, zoti Go‘ro‘g‘lining o‘zida tugaydi. Agar zot tanlasa, aqlli, zasur farzandlar ko‘radi, avlodlari mashhur kishilar bo‘lib yetishadi. Ammo xalqi qaramlikda, xo‘rlanib yashaydi. Yurt manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ygan Go‘ro‘g‘li hech ikkilanmasdan otni tanlaydi. Go‘ro‘g‘lining ushbu tanlovi uning mardligi, irodasi va bir so‘z bilan aytganda komil inson ekanligining isbotidir, desak adashmaymiz. Antik davr Sharqda va G‘arbda komil inson haqidagi qarashlar, nazariyalar, har bir davrning komil inson shaxsiga qo‘ygan talablari keyingi paragraflarda yanada batafsil yoritib o‘tilgan. Komil inson g‘oyasi insonning ibtidoiy jamoa davridan boshlab ilk kurtaklarini ocha boshlagan. Chunki, inson ibtidoiy jamoa darida ham adolatsizlik qurbonlari bo‘lgan. Bunda insonning orzusi adolatli jamiyatga intilish va odil, qobil inson tarbiyasi dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu sababli, komil inson g‘oyasini shakllanish davrini bosqichlarga bo‘lib o‘rganish asosida paragraf mohiyatini ochish maqsadga muvofiqdir. Ilmiy tadqiqot natijalari komil inson g‘oyasi va ma’naviyat rivojining davrlashtirilishini bir degan xulosaga keladi. Bu g‘oyani ilgari suruvchi olimlar ma’naviyat rivojining boshlanishini komillik g‘oyasining ilk kurtaklari yoyilishi deb qarashadi. Masalan Abdurahim Erkayev o‘zbek xalqi ma’naviyati shakllanishi va rivojlanishi tarixiy bosqichlarini olti bosqichini sanab o‘tadi. Bular: birinchi, eng qadimgi (arxaik) davr va ilk zardushtiylik bosqichi; ikkinchi, islomgacha bo‘lgan diniy-mafkuraviy plyuralizm bosqichi; uchinchi, islom tamaddunining gullab-yashnashi va temuriylar davrida qayta o‘yg‘onish bosqichi; to‘rtinchi, an’anaviylikning qaror topishi va ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-madaniy tanazzul bosqichi; beshinchi, mustamlakachilik davri ma’naviyati; oltinchi, mustaqillik ma’naviyati bosqichi16. Abdurahim Erkayevning davrlashtirish sestimasi ma’naviyatning shakllanishidan to takomillashuvigacha, mustamlakachilik ma’naviyatidan to mustaqillik ma’naviyatigacha bo‘lgan rivojlanish bosqichini qamrab oladi. Komil inson g‘oyasi ham mana shu davrlarda shakllangan va rivojlangan. Komil inson g‘oyasi haqida ilmiy ish olib borgan Iqboloy Fayzullayeva, komil inson tushunchasining rivojlanish bosqichlarini besh bosqichga bo‘ladi: 1. Qadimgi (antik) davda komil inson tushunchasi (milodiy V asrgacha); 2. O‘rta asrlarda komil inson tushunchasi (V-XV asrlar); 3. Uyg‘onish, ma’rifatparvarlik davrida (XV-XVII asrlar); 4. Yangi davrda komil inson tushunchasi (XVIII-XIX asrlar); 5. Eng yangi davda komil inson tushunchasi (XX asrdan to hozirgacha). Komil inson tushunchasining rivojlanish bosqichlarini Iqboloy Fayzullayeva taqsimotidek taqsimlash maqbul va to‘g‘ri davrlashtirish degan xulosadamiz. Ushbu davrlashtirishning birinchi bosqichi paydo bo‘lishi haqida, yuqorida batafsil ma’lumot berdik. Ikkinchi bosqichida (O‘rta asrlarda komil inson tushunchasi (V-XV asrlar)) komil inson tushunchasining Sharq davlatlarida yanada rivojlanib, kengayganini ko‘rishimiz mumkin. O‘rta asrlar nihoyatda katta davrni o‘z ichiga olganligi bilan ahamiyatlidir. Aynan ushbu davrda Sharqda ikki marta Uyg‘onish davri jarayoni sodir bo‘ldi. Ilk Uyg‘onish davri IX-XII asrlar, ikkinchi Uyg‘onish davri Amir Temur va Temuriylar davri XIV-XV asrlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Ushbu davrda islom dini hamda tasavvuf ta’limoti vujudga keldi va rivojlandi. O‘rta asrlarda komil inson haqidagi qarashlar Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibbat ul haqoyiq”, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otut turk”, Yassaviy hikmatlarida, islom dining muqaddas manbai hisoblanmish “Qur’oni Karim”da, hadislarda shuningdek, IX-XI asrda ijod qilgan butun insoniyat svilizatsiyasi taraqqiyotiga hissa qo‘shgan qomusiy allomalarimiz – Abu Ali Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy, Imom G‘azzoliy, Abdulxoliq G‘ijdivoniylarning qarashlarida o‘z ifodasini topgan. VIII-IX asrlarda islom doirasida tasavvuf ta’limoti vujudga kelda boshladi. O‘rta Osiyoda keyinchalik tasavvufning Suxravardiya, Yassaviya, Kubraviya, Naqshbandiya ta’limotlari rivojlandi, ushbu ta’limotlarda insonning komillik darajasiga intilishi uchun mutasavvuflar shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqatga insonni komillikka olib boruvchi yo‘l sifatida qaradilar. Bundan tashqari Jaloliddin Rumiy, Aziziddin Nasafiy, Shayx Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Voiz Koshifiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Husayn Boyqaro, Mirzo Bedil, va boshqalar ham komil inson va barkamol shaxs g‘oyalarini o‘z asarlari va she’rlarida targ‘ib etdilar. Ushbu buyuk allomalarning ilmiy-falsafiy, diniy-axloqiy meroslariga nazar tashlasak, ma’naviy barkamol insonlar, ularning xislatlari, fazilatlari haqida butun bir axloqiy talablar majmuasi bo‘lmish Sharqona axloq Kodeksini ishlab chiqarganliklarini guvohi bo‘lamiz. Sharq falsafasida, xususan, tasavvuf ta’limotida komil insonlar o‘zida odillik, fozillik, faqirlik, insof-u diyonatni jo qilgan, pok yeb, pok yashagan, harom-harishdan jirkangan, barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, fayzu karomatga serob, qalbi ezgu tuyg‘ularga limmo-lim pokiza zotlar sifatida e’zozlangan. Amin bo‘lishimiz mumkinki, tasavvuf ham insonning bevosita ruhiy holati, psixologiyasi bilan bog‘liq tushuncha hisoblanadi. Shu boisdan Sharq mutafakkirlari komil inson jamiki insonlarning mukammali, ya’ni odamiylar odamiysi ekanligi haqidagi konsepsiyani ishlab chiqqanlar, insonning kamolot yo‘lini ilmiy yoritganlar. Buni buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy ta’limoti timsolida ko‘rish mumkin. Insonning yashashdan asl maqsadi zavqli-lazzati, huzur-halovati, baxtli-saodatli umr kechirishdan iboratdir, degan g‘oya uning falsafiy ta’limotida ustuvorlik qiladi. Shu bois ul zot “Insonning mohiyati haqiqiy baxt-saodatga erishuv ekan, inson bu maqsadni o‘zining oliy g‘oyasi va istagiga aylantirib, bu yo‘lda barcha imkoniyatlardan foydalansa, u baxt-saodatga erishadi”17, - uqtirgan edi. Komil inson haqida falsafiy g‘oyalar Sharqning buyuk mutafakkiri Abu Ali Ibn Sino ta’limotida ham katta o‘rin egallaydi. Uning “Davolash kitobi”, “Tib qonunlari kitobi”, “Adolat kitobi”, “Donishnoma”, “Najot”, “Salomon va Ibsol” nomli nodir asralarida inson kamolotida ilm asoslarini egallashning, odamlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikning, oila ta’lim-tarbiyasining, nafsni pokiza tutishning, ochko‘zlik, o‘g‘rilik, bo‘hton, tuhmat, aldamchilik qilmaslikning ahamiyati haqidagi falsafiy masalalar o‘z ifodasini topgan. Uchinchi bosqichda (Uyg‘onish, ma’rifatparvarlik davrida (XV-XVII asrlar)) komil inson g‘oyasi haqidagi qarashlar ancha ravnaq topdi. Samarqand, Buxoro, Kesh, Nasaf, Xorazm, Isfara, Sabzavor, Xuroson va boshqa shaharlarda ilmiy markazlar qayta tiklandi va yangilari bunyod etildi. Musulmon olamining buyuk ijod namoyondalari to‘plandi. Shaharlar qayta bunyod etildi. Ijod ahliga shart-sharoitlar yaratildi. Madrasa, maktablar so‘ngi jihozlar bilan jihozlandi. Kutubxonalar, Madaniyat markazlari faoliyati kengaydi. Dunyoning eng mashhur asarlari keltirilib, fors va arab tiliga tarjima qilindi. Ilm ahlining soni ortib komillik sari intiluvchilarning salmog‘i ortdi. Bu davrda Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Zahriddin Muhammad Bobur, Ali Qushchi, Nizomiddin Shomiy, Sharofiddin Ali Yazdiy, Sayfi Saroyi, Muhammad Solih, Mir Sayyid Sharif Jurjoniy, Abdurazzoq ibn Ishoq Samarqandiy, Kamoliddin Behzodlar18 ilmu urfon namoyondalari sifatida faoliyat yuritdi. Ular tomonidan komillikning rivojlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish jarayonlari ustida bosh qotirildi. Bu vaqtda Tasavvuf firqalari, sufizm, tariqatchilik ilmi keng ommalashgan edi. Aynan mana shu firqalarda komillikning yuqori cho‘qqisi haqida turlicha qarashlar rivojlangan davr deb qaraldi. To‘rtinchi bosqichda (Yangi davrda komil inson tushunchasi (XVIII-XIX asrlar)) Boborahim Mashrab, So‘fiy Olloyor, Maxtumquli, Munis Xorazmiy, Uvaysiy, zokirxoja Namangoniy, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Akmal Toshkandiy, Nodira, Umarxon, Gulxaniy, Berdaq, Abay, Anbar Otin, Ahmad Donish kabi ma’rifatparvarlar ta’limoti va tariqati muhim ahamiyat kasb etgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida harakat vujudga kelgan jadidlar komillikning yangicha zamonaviy inson (shaxs) ustida bosh qotirishgan. Zamonaviy erkin inson (shaxs) milliy davlatchilik maqomini saqlashga ongli, tushungan holda, jon-jahdi bilan kirishishini anglagan va ularni shakllantirishga uringanlar. Jadidlar zamonavi insonni kamol toptirishga: yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish; qobiliyatli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish; turli ma’rifiy jamiyatlar va teatr turuppalari tuzish; gazeta va jurnallar chop etish; o‘zbek xalqining ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish bilan Turkistonda milliy demokratik davlat qurish rejasini amaliyotga kiritgan. Jadid namoyondalarining asosiy qismini talaba yoshlar tashkil etgan. Ular ham Sharq, ham G‘arb madaniyati yutuqlarini egallashga intildilar, o‘qidilar va o‘zlarini ham shunga da’vat etdilar. Jadidlar xorijga chiqib, turli mamlakatlardagi madaniyat va ta’lim taraqqiyoti darajasini ko‘ra oldilar, ularni solishtirdilar va bu zehnli yoshlarda jahon taraqqiyoti yutuqlarini Turkistonga keltirish istagi paydo bo‘ldi. Natijada, jadidlarning diqqat markazida birinchi bosqichda ta’limni isloh etish vazfasi qo‘yildi. Ular bunday islohotlarni o‘tkazish zaruratini nafaqat, nazariy jihatdan isbotlab berdilar, balki yangi usuldagi maktablar, kutubxonalar, o‘quv zallar ochib, darsliklar yozib, o‘z g‘oyalarini amalga oshirishga katta kuch sarfladilar. So‘ngi ma’lumotlarga qaraganda, dastlabki jadid maktablari 1898 yilda Qo‘qonda Salohiddin domla, 1899 yilda Toshkentda Manon Qori va shu yili Andijonda Shamsiddin domlalar tomonidan ochilgan. XX asr boshlarida bu harakat tezlik bilan rivojlanib ketdi. Milliy ziyolilarning o‘zagini tashkil etuvchi jadidchilikning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari – Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li, Ubaydulla Asadullaxo‘ja o‘g‘li, Abdulla Avloniy, Toshpo‘lat Norbo‘tayev (Toshkent), Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin Shukrullo, Abdulqodir Shakuriy (Samarqand), Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Ubaydulla Xo‘jayev (Buxoro), Nosirxonto‘ra Komolxonto‘rayev, Ishoqxonto‘ra Ibrat (Namangan) kabilar harakatning yetakchilari edilar19. Jadidchilar yangi uslubdagi maktablarni ochib, xalq maorifini rivojlantirish, ta’limni tubdan isloh etish orqali milliy o‘zlikni anglashni shakllantirish va takomillashtirishni reja qilishgan. Bunda ko‘plab vazifalar maktablar zimmasiga yuklatildi. Shu vaqtgacha musulmon dunyosida sira ham ko‘rinmagan ilg‘or va tezkor o‘qitish “Savtiya” (tovush) usuliga asoslangan jadid maktablari tashkil etilishidan boshlandi. Bu maktablarda bolalar bir yilda savod chiqarib, mukammal o‘qish va yozishni o‘zlashtirdi. Diniy va dunyoviy ta’lim-tarbiya hamda ilm o‘zaro uyg‘unlashtirildi. O‘quvchilar qulay partalarda o‘tirib, xarita, rasmlar yordamida tez savod chiqardi va diniy-dunyoviy ilmlarni o‘rgandi. Jadid maktablarida Qur’oni karim, matematika, geografiya, falakkiyot, ona tili, rus tili, arab tili, musiqa, jismoniy tarbiya va boshqa fanlar o‘qitila boshlandi. Jadidchilikning ilg‘or namoyandalari tomonidan Toshkentda Ismoil Obidiy “Taraqqiy” (1906), Munavvarqori Abdurashidxonov “Hurshid” (1906), Abdulla Avloniy “Shuhrat” (1907), Saidkarim Saidazimboyev “Tujjor” (1907), Ahmadjon Bektemirov “Osiyo” (1908), Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev “Sadoi Turkiston” (19014-1915) gazetalari va Abdurahmon Sodiq o‘g‘li “Al-Ishoq” (1915) jurnalini nashr etishga muvaffaq bo‘ldilar. Smarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy “Samarqand” (1913) gazetasi va “Oyna” (1913-1915) jurnalini, Qo‘qonda Obidjon Mahmudov “Sadoi Farg‘ona” (1914) gazetalarini chiqardi. Bu gazeta va jurnallar doimo maxfiy politsiya “oxranka”ning ayg‘oqchilari kuzatuvi, taqibi ostida bo‘lgan. Jadid matbuoti 1917 yil fevralda rus podshosi taxtdan ag‘darilgach, yanada rivojlandi. Juda qisqa vaqt oralig‘ida, fevraldan oktabrgacha Toshkentda Munavvarqori Abdurishidhonov “Najot” (1917), A.Battol “SHo‘roi islom” (1917), Abdulla Avloniy “Turon” (1917), Ahmad Vali Zakidiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Kengash” (1917), “Ulug‘ Turkiston” (1917), Qo‘qonda Bo‘lat Soliyev “El bayrog‘i” (1917) gazetalarini, H.H.Niyoziy “Kengash” (1917), Ashurali Zohiriy “Yurt” (1917) jurnalini, Samarqandda Shohmuhammadzoda “Hurriyat” (1917) gazetalarini chop etdilar. Buyuk millatparvar jadidlar, matbuot orqali millatni o‘z madaniy-iqtisodiy ahvoli, siyosiy qaram va huquqsizligini anglatishga, unda bosqinchilarga qarshi nafrat, milliy istiqlolga ishonch ruhini o‘yg‘otishga muvaffaq bo‘ldilar. Shuning bilan birga ular milliy muxtoriyat va jumhuriyat g‘oyasini, millatlararo tenglik va qon-qardoshlikni targ‘ibot qilishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadilar. Natijada ommaning aksariyat qismida savodhonlik ancha yaxshilandi. Milliy g‘urur, iftihor, or-nomus, Vatanga sadoqat tushunchalari qayta tiklandi. milliy biqiqilikdan chiqishga intilish kundan-kunga kuchayib bordi. Aholining xorijiy mamlakatlar bilan aloqasida ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy kadrlarni yetishtirish, tajriba almashish, siyosiy boshqaruvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish ko‘nikmalari taraqqiy topdi. Gazetalar, jurnallar o‘qish, teatrga borish, til o‘rganish, ilmiy munozara, baxs kechalarini o‘tkazish keng ommalashdi. Komillik sari yo‘naltirish o‘z natijasini ko‘rsatdi. Komil inson haqidagi nazariyalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asarlarida to‘liq holda bayon etilgan. Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan O‘zbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi markazida ham inson manfaatlari va inson kamoloti asosiy o‘rinni egallaydi. Prezidentimiz tomonidan mazkur soha yechimiga qaratilgan qator qonun hujjatlari imzolanib, farmon, qaror va farmoishlar qabul qilinmoqda. Bular yurtimizda ma’nan yetuk, dunyoqarashi teran, mustaqil fikrlovchi, e’tiqodi mustahkam, siyosiy-ma’naviy saviyasi hozirgi davr talablariga to‘la javob beradigan barkamol avlodni kamol toptirishga xizmat qilmoqda. Paragraf xulosalariga ko‘ra, komil inson g‘oyasi, asrlar davomida o‘zgarib borgan va quyidagi ta’limotlar asosida takomillashgan: birinchisi, qadimgi davri Zardo‘shtiylik ta’limoti asosida; ikkinchisi, Islom ta’limoti asosida; uchinchisi, jadidchilik ta’limoti asosida, to‘rtinchisi, mustaqillik g‘oyalari asosida. Download 140.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling