Shaxrisabz davlat pedagogika instituti


Komil inson g‘oyasi va umumbashariy qadriyatlar aloqadorligi


Download 140.63 Kb.
bet8/13
Sana23.06.2023
Hajmi140.63 Kb.
#1651912
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Bog'liq
KOMILLIK.docxZILOLA (3)

2.2 Komil inson g‘oyasi va umumbashariy qadriyatlar aloqadorligi
Komil inson g‘oyasining takomillashga shakli IX-XII asrlarda yuzaga chiqdi. Bu vaqtda insoniylikning oliy varianti, jamiyatga faqat foyda keltiruvchi: yaxshilik, ezgulik, mehr-muxabbat, saxovatpeshalik, olijanoblilik, poklik, xalol luqmalik, Vatanparvarlik, ilmlilik, zakovatlilik, mehnatsevarlilik, odillik, sxatlilik, erkinlik, iymonlilik, shukronalik, sertakalluflik, hushmuomalalik, mehribonlik, mehmondo‘stlik, jonzotlarga, insonga, tabiatga rahmdillik va boshqa fazilatlarni o‘zida singdirgan komil insonlarni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylangan. Komillik g‘oyasi asosan islom dini nazariyasi asosida shakllandi va takomillashdi. Islomning dunyo miqiyosida yoyilishi komillik g‘oyasini ham keng tarqalishiga zamin hozirladi. Tasavvuf ta’limotining rivojlanishi komillik g‘oyasini ham shu darajada rivojlantirib bordi. Diniy mutafakkirlarning barchasi komil inson muammosi haqida bosh qotirishdi. Komillikning chegarasini belgilash ijodkorlar uchun muammo markazi edi. Komillikning asli qiyofasi yildan-yilga, asrlar davomida takomillashtirilib kelindi. Buyuk mutafakkirlar qarashlarida komillik – ikki dunyo saoatiga musharraf bo‘lish, degan tushunchani keltirib chiqardi. Ikki dunyo saodatiga erishish mukofati kimlarga nasib qilgan?, degan tushunchalar bugungi tadqiqotchilarni diqqat markazida bo‘lib, u inson ayni kunlarda qay shaklda namoyon bo‘lishi kerakligi izlanishlar asosiga aylangan. Bu savollar mustaqillik yilarida ham dolzab ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu paragrafda komillik g‘oyasining umumbashariy qadriyatlar bilan o‘zaro aloqadorligi, uyg‘unligi, asosiy mohiyatning umumiyligini ilmiy tahlil qilishni maqsad qildik.
Komil inson g‘oyasi haqida fikr yurituvchilarning ba’zilari komillikning asosi oddiy insonlarga berilmagan, komil insonlar deganda payg‘ambarlar nazarda tutiladi28, degan qarashlari ham mavjud. Masalan, Adham Ibrohim o‘g‘lining “Eng komil inson” nomli asarida payg‘ambarlar ichida eng komili Muhammad (sallollohu alayhi vassallam) payg‘ambar deb etirof etadi. Unda keltirilishicha, “U zot haqlarida suhbatlashishi shunchaki shirin suhbat qurish uchun emas, balki u zotga ergashish uchundir. Nima uchun u zotga ergashamiz? Chunki u zotga itoat qilish jannatga kirish uchun sabab bo‘ladi. Shuningdek, u zotga osiy bo‘lish, duzaxga kirishning sababchisidir. Biroq kimda-kim Muhammad alayhissalomga itoat qilsa, go‘yoki u Allohga itoat etgan kabidir”29. Shu sababli, diniy manbalarda payg‘ambarlar insonlarni komillikka yetaklovchi yo‘lboshchilar deb qaraladi. Masalan, Qur’oni Karimning Ahzob surasi 21-oyatida, “Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohining payg‘ambarida go‘zal namuna bor”30ligi aytiladi. Bunda go‘zal hulqli va ilmli insonlaga ergashishga chorlovchi g‘oya mavjud. Islom dining asosiy g‘oyasini tashkil etuvchi ezgulik, yetuklik, ma’naviy kamolotning barcha jamlanmasini tashkil etuvchi fazilatlar insonning ma’naviy yetuklikka chorlaydi. Ma’naviy yetuk komil insonlargina jamiyat hayotini ezgulik asosida ildamlashishiga zamin yaratadi. Ushbu jihatdan, islom dini ta’limoti asosida paydo bo‘lgan komillik g‘oyasini umumbashariy g‘oyalar bilan uzviy aloqadorligini va mohiyatan birligini ko‘rishimiz mumkin.
Komillik g‘oyasi va umumbashariy muammolarning mohiyatan birligidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ular tomonidan ilgari surilayotgan nazariyalarning asosida bugungi kunda ilmiy termin sifatida e’tirof etiladigan “zamonaviy ma’nan yetuk shaxs” tushunchasi namoyon bo‘ladi. “Zamonaviy ma’nan yetuk shaxs” tushunchasining asosiy mohiyati “komil inson” tushunchasi mohiyati bilan bir hil ekanligiga guvoh bo‘lamiz. “Zamonaviy ma’nan yetuk shaxs” va “komil inson” tushunchasining ilmiy nuqtai nazardan farqli jihatlari ham bor, ammo bu jihatlarni to‘liq farqlash ilmiy ishimizning predmetini tashkil etmaganligi sababli uning mohiyatan birligidan kelib chiqib yoritamiz. Asosiy farqli jihati komillikda ikki dunyo saodati tushunchasi asosiy uzakligida. Komillikda oxirat va dunyoviylik mujassam qorishib ketiladi. Mazmunan insoniylik oliy qadriyat bo‘lib qoladi.
“Zamonaviy ma’nan yetuk shaxs” g‘oyasida ta’lim va tarbiyaning yuqori nuqtasiga erishgan shaxs tushuniladi. Bu g‘oyaning komillik g‘oyasidan farqli jihati oxirat tushunchasi birlamchi bo‘lmaydi. Birlamchi tushuncha dunyoviylikda aks etadi. “Zamonaviy ma’nan yetuk shaxs” dinga e’tiqod qilishi ham qilmasligi ham mumkin. Ammo insoniylik fazilatlari to‘liq mujassamlashgan bo‘lishi va asosiy mazmun inson oliy qadriyat bo‘lib qoladi. Bundan ko‘rinadiki, “Zamonaviy ma’nan yetuk shaxs” g‘oyasida ham “komil inson” g‘oyasida ham asosiy mazmun-mohiyat inson oliy qadriyat sifatida ulug‘lanishidadir. Ikkala g‘oya ham barcha ezgu amallarni mujassamlashtirgan oliy qadriyatlarga tayanadi. Shu o‘rinda, islom madaniyatining tariqatchilik yo‘nalishida – tariqatdagi samara, maqsad va matlab sayru suluk vositasida qo‘lga kiritiladi. Sayru suluk degani Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ga voris bo‘lgan murshidi komil tarbiyasida nafsni isloh qiluvchi va qalbni poklovchi, ahloq go‘zalligiga erishtiruvchi ma’ynaviy komillik yo‘lidir. Ammo bu yo‘lning talablari, topilar oldiga qo‘yiladigan vazifalari borki, ularga amal qilmasdan, bajarmasdan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Naqshbandiyadagi “Asoslar va rashhalar” shu ta’limot bilan qiziquvchi muxlis va muridlar uchun bilishi va amal qilishi shart bo‘lgan axloqiy, ma’rifiy qoida va dasturlardan iborat31, deyiladi. Nafs tarbiyasi xususida ulug‘larimizning tarbiyasi shunday. Sulaymon (alayhissalom): “Mening nazdimda, nafsini sindirib tarbiyalay olgan kishi yolg‘iz o‘zi bir shaharni bosib olgan jangchidan ham kuchliroqdir”, - dedi. Hazrati Ali: “Men bilan nafsim bir suruvning cho‘poniga o‘xshaymiz. Cho‘pon, bir tomondan, suruvni to‘playdi, ikkinchi tarafdan, suruv yoyilib ketaveradi. Kim nafsini o‘ldirib, uni istaklaridan tiya olsa, rahmat kafaniga o‘raladi va karomat tuprog‘iga dafn etiladi. Kimki qalbidagi ilohiy va insoniy tuyg‘ularni qatl etsa, la’nat kafaniga tiqiladi va azob tuprog‘iga dafn etiladi”32, degan fikrlarni o‘rtaga tashlaydi. Keltirilayotgan iqtiboslar mazmunida nafsni isloh qiluvchi va qalbni poklovchi, ahloqli go‘zal xulqlar insonda bo‘lishi shartiligiga urg‘u berilayapti. Umumbashariy qadriyatlarda ham nafs botqog‘iga botmaslik, qalbi toza madaniyatlilik ma’nan yetuk shaxsning birlamchi vazifasi sifatida qaraladi.
Tasavvuf falsafasida ilm olish muqaddasligi e’tirof etiladi. Ularning qarashlarida, “ba’zi so‘fiylar, bizga pirimizning vazifasi yetadi, ilm olishimiz shart emas, - degan gapni aytadilar. Bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Axir dinimizda har bir ayol va erkak kishi uchun ilm olish farz ekani ta’kidlab aytilgan-ku! Qur’oni Karimda ilm va olimlarning darajasini ulug‘lagan ko‘plab oyatlar mavjud. Jumladan, Mujodala surasining “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga kutarur”, kabi (11-oyat)lariga o‘xshashlarini ko‘plab uchratish mumkin”33. Islom ta’limi va dunyoviy ilmlarni o‘zaro qiyoslagan buyuk mutafakkir Abu Homid G‘azzoliy Mukoshafatul qulub (Qalblar kashfiyoti) asarida – olimlarga avom tabaqaga ilm asolarini o‘rgatish vojibdir. Avom tabaqaga ilm asoslarini o‘rgatish ular uchun omonatdir. Bu omonatni ko‘z qorachig‘iday asrash olimlar zimmasidagi majburiyatdir. Bolalarini go‘zal axloqli qilib tarbiyalash va ulg‘aytirish otalar zimmasidagi majburiyat sanaladi, chunki avlod ota-onaga berilgan omonatdir. Bu omonatni saqlab qolish unga go‘zal tarbiya berish deganidir34. Tarbiya jarayoni ayni damda, bugunning ham dolzarb muammosi ekanligi hammamizga ma’lum. Umumbashariy qadriyatlar aynan ilm va tarbiya jarayoni asosida kechadi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti I.Karimov ta’kidlaganidek, “..bizning qilayotgan barcha ishlarimiz farzandlarimizning baxtu saodati, ularning yorug‘ kelajagi uchun amalga oshirilmoqda. Lekin baxtu saodat faqat boylik, molu mulk bilan belgilanmaydi. Odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, iymon-e’tiqodli farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir35. Iqtiboslarda aks etayotgan ilm va tarbiya mezoni diniylikni va dunyoviylikni, umumbashariy va komillik g‘oyalarini o‘zaro uyg‘unlikda kechishini isbotlab bermoqda. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”36.
Komillik g‘oyasida marhamatlilik ulug‘lanadi. Bir sahoba, “YO Rasululloh, biz hammamiz marhamatlimiz”. Rasuli akram: “Faqatgina o‘ziga nisbatan marhamatli bo‘lganlar marhamatli emasdir. Marhamatli deb o‘ziga hamda boshqalarga nisbatan marhamatli bo‘lganlarga aytiladi”, - dedilar. Kishining o‘ziga marhamatli bo‘lishi gunohlarni tark etishi evaziga tavba qilib, yomon amallaridan voz kechishi va ibodatlarini ihlos bilan bajarib, Allohning azobidan qutilishidir. Kishining boshqalarga marhamatli bo‘lishi esa, har qanday holatda ham musulmon birodarlarini qiynamasligidir. Musulmon deb shunday kishiga aytiladiki, insonlar uning qo‘lidan va tilidan jabr ko‘rmaydilar, zararga duchor qilinmaydilar. Marhamatli kishi hayvonlarga ham marhamat ko‘rsatadi. Hatto yuk tashiydigan hayvonlarga ortiqcha yuk yuklamaydi, uning yemini, suvini o‘z vaqtida va yetarlicha beradi. Haqiqatdan ham, sahobalar musulmonlarga va mahluqotga nisbatan marhamatli edilar. Musulmon bo‘lmagan ahli zimmaga nisbatan ham marhamatli munosabatda bo‘ldilar37. Ushbu iqtibos zamirida zamonaviy ma’nan yetuk shaxsda bag‘rikenglik g‘oyasini shakllanishiga xizmat qiladigan g‘oya yotganini ko‘ramiz. Milliy g‘oyamizning tarkibiy qismlarini tashkil qiladigan ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik38 (tolerantlik) tushunchasini o‘zida mujassam etmoqda. Biror bir mahluqot (tabiat)ga marhamatli bo‘lish g‘oyasida ekologik muammolarni tabiatga keltirayotgan zarari aks etmoqda. Umumbashariy qadriyatlarda ekologiyani muhofaza qilishga alohida e’tibor berilayotgani bejizga emas. Jamiyatning tabiat bilan o‘zaro ta’sirini uyg‘unlashtirishning asosiy omillaridan biri – ta’lim-tarbiya jarayonida shaxsning madaniy takomilida tabiatning ma’naviy ahamiyatini chuqur tushunishni shakllantirishdir. “Inson-jamiyat-tabiat” tizimi elementlarining o‘zaro ta’sirida ahloqiy jihat insonning ma’nviy-ruhiy ravnaqi nuqtai nazaridan yaqqol ko‘zga tashlanadi. Olamni ma’naviy-ruhiy his qilish inson va uning tabiiy atrof-muhitga amaliy ta’siri o‘rtasida chuqur ichki birlik mavjud. Boshqacha so‘zlar bilan aytganda, inson ma’naviy olami asosida tabiiy olamni madaniy o‘zlashtirishi, pirovardida, tabiatga munosabat mas’uliyati kishilik jamiyatining konkret kundalik harakatlari amaliyotida ifodalanadi39.

  1. Komil inson g‘oyasining yana muhim tarkibiy elementlaridan biri sog‘lom e’tiqod va sog‘lom tafakkur masalasidir. Hadislardan birida xabar beriladiki: imonning mukammal bo‘lmog‘ining uch sharti bor:

  2. To‘g‘ri e’tiqodli bo‘lmoq;

  3. Kishilar bilan yaxshi e’tiqodda bo‘lmoq;

Kishi o‘z ustida ishlamog‘i va o‘zini ibodat va itoatga chiniqtirmog‘i. Kimki bularni to‘la o‘zlashtirsa, imoni mukammal bo‘lg‘ay40. Hadisda keltirilgan sog‘lom e’tiqod albatta, sog‘lom tafakkur orqali amalga oshadi. Sog‘lom tafakkur insonni ilmga, keng dunyoqarashga undaydi. Abu Homid G‘azzoliyning Mukoshafatul qulub (Qalblar kashfiyoti) asarida keltirilishicha – bir soatlik tafakkur bir kecha davomida qilingan ibodatdan xayrliroqdir. Fikrlash senga yaxshi va yomon amallaringni ko‘rsatadigan oynadir. Tafakkur aqlning iligidir, degan tushunchalar keltirilib o‘tiladi. Shuningdek asarda, yaxshi mavzudagi tafakkur o‘sha yaxshilikni qilishga undaydi. Yomonlikdan afsus-nadomat qilmoq o‘shanday yovuzlikdan qochishga undashi41 bayon etiladi. Umumbashariy qadriyatlarda ham sog‘lom e’tiqod va sog‘lom tafakkur har bir insonni bezagi hisoblanadi. Demak, biz ham farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalashimiz zarur. Tarbiya jarayonida inson o‘zini anglagani, nasl nasabini bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg‘usi ildiz otib ulg’ayib boradi. 42. Solishtirilayotganilmiy tahlil natijalariga ko‘ra, komillik va umumbashariy qadriyatlar o‘zaro biri-birini to‘ldiruvchi tarbiya va ilm berish usuli ekanligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
O‘zbekiston mustaqilligining boshlaridan mamlakatni rivojlantirishning ma’naviy-axloqiy yo‘li to‘rta negizga asoslantirildi. Bular: umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik; xalqimizning ma’naviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish; insonning o‘z imkoniyatlarini erkin namoyon qilishi; Vatanparvarlik43. Tahlillarimizdan ko‘rinadiki, komil inson g‘oyasining mohiyatida ham to‘rtta negiz mujassam. Komil inson g‘oyasi va umumbashariy qadriyatlarda insonparvarlik eng oliy qadriyat. Inson yaratilgan mavjudodlarning eng ulug‘i sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Insonparvarlik – bu o‘zbek xalqi milliy ruhiyatining ajralmas fazilatidir. Shafqatsizlik va zo‘ravonlik uning uning tabiatiga yotdir. O‘zbek xalqi o‘zining voqealarga boy ko‘p ming yillik tarixi davomida ko‘plab mashaqqatlarni boshidan kechirdi – madaniyat, ilm-fan, o‘z davlatchiligi yutuqlari nashidasini surdi, o‘zaro nizolar, begonalar asorati va alamini tortdi, eng yaxshi o‘g‘il-qizlaridan judo bo‘ldi. Lekin tarixning o‘yini ham, omonsiz jangu-jadallar ham, tabiiy ofatlar va ochlik ham xalqimizning insoniylik tabiatiga dog‘ tushirolmadi. O‘zbek oilasida bugungi kunda yaxshilik va yorug‘lik, bolalarga mehr, kattalarga hurmat, yaqinlarga va boshqalarning qayg‘usiga hamdardlik mujassamlashgandir. Shuning uchun ham sharqona tarbiya va ilm o‘chmas tarixiylikni tashkil etadi. Diniy ma’rifat, dunyoviy ilm, zamonaviy tafakkur, sog‘lom e’tiqod mujassamlikda komillik va umumbashariylikning asl mohiyatini namoyon qilmoqda. Insoniylik e’tiqodi nafaqat shaxs, balki jamiyat hayotida ham muhim o‘rin tutadi. Shaxs e’tiqodi toza va qarashlari sof bo‘lsa, o‘sha jamiyatda tinchlik-totuvlik, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, ijtimoiy hamkorlik mustahkam bo‘ladi. Bu haqda fikr yuritganda, bizning ulug‘ ajdodlarimiz o‘z davrida komil inson haqida butun bir axloqiy mezonlar majmuini, zamonaviy tilda aytganda sharqona axloq kodeksini ishlab chiqanliklarini eslash o‘rinli. Ota-bobolarimizning ongu tafakkurida asrlar, ming yillar davomida shakllanib, sayqal topgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo, ibo va iffat kabi yuksak axloqiy tuyg‘u va tushunchalar bu kodeksning asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi44. Bu kodeks yangi ming yillikda ham o‘zbek milliy ma’naviyati va madaniyatining asosiy o‘zagini tashkil etuvchi yo‘riqnoma vazifasini o‘taydi. O‘zbek milliy kodeksi komillik g‘oyasi va umumbashariy qadriyatlar bilan yo‘g‘rilgan eng to‘g‘ri ta’limot bo‘lib qoladi.
Paragraf xulosalariga ko‘ra, komil inson g‘oyasi va umumbashariy qadriyatlar biri-birini inkor etuvchi ta’limot emas. Aksincha biri-birini doimiy to‘ldirib boruvchi diniy va dunyoviy ta’limotlar yig‘indisidir. Shu sababli, komil inson g‘oyasi va umumbashariy qadriyatlar mohiyatan bir bo‘lgan uzviylik asosida kechuvchi, doimiy harakatda rivojlanish xususiyatiga ega ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy, siyosiy-huquqiy ta’limot sifatida e’tirof etiladi. Mustaqil O‘zbekiston ta’lim muassasalari ta’limi jarayonida komil inson g‘oyasi va umumbashariy qadriyatlarni o‘zaro uyg‘unlikda tushuntirishni yanada kengaytish ishlarini amalga oshirish maqsadga muviq deb bilamiz. Tarbiya jarayonidan faqat dunyoviylik ilmlari bilan cheklanish yetarli natijani bermayotgani barchamizga ma’lum. Islom dini urfonlari xalqimiz ongiga singdirilib yuborilgani bois ham diniy ma’rifatsiz yashayolmaydi. Buni hisobga olgan holda, mamlakatimizda “jaholatga qarshi – ma’rifat” degan ezgu g‘oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish kun tartibimizdagi doimiy masalalardan biri bo‘lib qoladi45.

Download 140.63 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling