Shaxrisabz davlat pedagogika instituti
Komil inson g‘oyasini takomillashtirishda ta’lim muassasalarining o‘rni
Download 140.63 Kb.
|
KOMILLIK.docxZILOLA (3)
3.2. Komil inson g‘oyasini takomillashtirishda ta’lim muassasalarining o‘rni
Komil inson g‘oyasining takomillashish makoni Movaraunnahr hududiga to‘g‘ri keladi. Ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan komillikning shakllanish hududi Arabiston yarim oroli deyilsa-da, uning rivojlanish o‘chog‘ini Markaziy Osiyo mintaqasi bilan bog‘lashadi. Islom ta’limoti VII asrning boshlarida paydo bo‘ldi va IX asrning boshlarida tasavvuf bilan birga yuzaga kelgan deyiladi. Komillik shunchaki tarbiya jarayonini o‘zida takomillashmagan, balki ta’limning samarasi orqali yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi. Markaziy Osiyo hududi57da qadimdan ilmiy intellekt yuqori bo‘lgan. Hududning ma’naviy salohiyati Zardo‘shtiylik ta’limoti asosida rivojlanib kelgan. Ushbu ta’limot o‘z davrida ham, bugungi davrda ham yuqori ilmiylik nazariyasiga egaligi bilan ajralib turadi. Shu jihatdan ham Zardo‘shtiylik ta’limoti jahon ilmiy-ma’naviy merosiga ijobiy ta’sirini o‘tkazib kelgan. Bu haqda falsafa fanlari doktori B.Omonov Markaziy Osiyo mintaqasini – IX-XII asrlarda jahon sivilizatsiyasini boshlab bergan hudud sifatida tarixda qoldi. Ba’zi tadqiqotchilar IX-XII asr sivilizatsiyasini arablar siyosati natijasi deya baholashadi. Bu bir tomondan nisbiy xulosalarni keltiradi. Mintaqada qadimdan katta ilmiy maktab bo‘lgan Zardo‘shtiylik ta’limoti ancha takomillashgan bo‘lib, Aleksandr Makedoniskiy bosqini davrida Ellin madaniyati bilan sentizlashdi. Arablar bosqini bilan esa mahalliy intellektualizatsiya Islom ta’limoti bilan qorishishi evaziga yuqori ilmiy salohiyatli hududga aylandi. Natijada Islom madaniyati eng yuqori bosqichga ko‘tarildi. Arablarning Ispaniyaga kirib borishi esa, jahon sivilizatsiyasini ko‘tarilishiga olib keldi. Shu nuqtai nazardan – agar Markaziy Osiyo ilmiy tafakkuri bo‘lmaganda edi – islom madaniyati bunchalik obro‘ qozonmas edi, agar islom madaniyati bo‘lmaganda – dunyo bunchalik taraqqiyotga erisholmagan bo‘lar edi58, degan xulosaga keladi. Ushbu fikrlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, komillik g‘oyasining takomillashish makoni o‘z-o‘zidan Markaziy Osiyo mintaqasi, ya’ni O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi. Komillik g‘oyasining takomillashtirish jarayonini ta’lim tizimini isloh etish orqali amalga oshirish samarali va to‘g‘ri yo‘l deb e’tirof etish maqsadga muvofiq. Ta’limni isloh etmasdan hech qaysi sohani rivojlantirib bo‘lmaydi. Ta’lim tizimi shunchaki rivojlanadigan soha emas. Ta’lim davlat tomonidan nazorat qilinadigan va barcha shart-sharoitlarni yaratishi va bosh islohotchiligini davom ettirishi zaruriyatga aylangan. O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimini joriy etish yo‘lidan bormoqda. Chunki, jahonda ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, madaniy, siyosiy va geosiyosiy raqobat tobora kuchayib borayotganini barcha sohalarni qayta isloh qilishni, davlatni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha strategik yondashuv va tamoyillarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taqozo etmoqda. 2017 – 2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi”da ta’lim-tarbiyani isloh etish orqali, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamonaviylashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi yo‘nalishi (IV. Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari) 4.4-bandida, ta’lim va fan sohasini rivojlantirish: uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish yo‘lini davom ettirish, sifatli ta’lim xizmatlariga imkoniyatlarni oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga muvofiq yuqori malakali kadrlarni tayyorlash; ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan jihozlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish orqali ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish; bolalar maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, bolalarning har tomonlama intellektual, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun maktabgacha ta’lim muassasalaridagi shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishini jiddiy oshirish va uning qulayligini ta’minlash, pedagog va mutaxassislarning malaka darajasini yuksaltirish; umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika, matematika, fizika, ximiya, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori bo‘lgan predmetlarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish; olalarni sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga jalb qilish, ularni musiqa va san’at olami bilan bog‘lash maqsadida yangi bolalar sporti obyektlarini, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish; kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini bozor iqtisodiyoti va ish beruvchilarning ehtiyojlariga javob beradigan mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash hamda ishga joylashtirish borasidagi ishlarni takomillashtirish; ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish; ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish59ga alohida etibor qaratildi. Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari 4.5-bandida, Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish: jismonan sog‘lom, ruhiy va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy nuqtai-nazariga ega, Vatanga sodiq yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish; o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb qilish; yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda amalga oshirish, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish; yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, yosh oilalar uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish; yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari, yoshlar va boshqa tashkilotlarning samarali faoliyatini tashkil etish60 orqali ma’naviy-ma’rifiy ishlar sohasida ancha samarali natijalarga erishdik. Chunki, mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalari besh yil davomida Harakatlar strategiyasi belgilangan dasturga muvofiq o‘zlarining ichki rejalarini ishlab chiqdi va hayotga tadbiq etdi. Bu davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ta’lim siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib, mamlakat taraqqiyoti aynan ushbu siyosatni qanchalik samarali bo‘lishiga bog‘liq. Eng avvalo, inson zotini ulug‘lash, uning moddiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatda tinchlik, barqarorlikni ta’minlashga qaratiladi. Ilm, ma’rifat, madaniyat, texnika, texnologiyani rivojlantirish, fuqarolarning zamonaviy bilim egallashlariga keng yo‘l ochish va ular haqida g‘amxo‘rlik qilishga qaratilgan siyosat yuksak ma’naviy qadriyatlarga asoslangan boshqaruv hisoblanadi. Bunday siyosatning ma’naviyat bilan bog‘liq jihati shundaki, u mavjud muammolarni hal qilishda har qanday g‘ayriqonuniy to‘polon va beboshlikning oldini olishga, eng murakkab munozarali muammolarni ham muzokaralar, tomonlarning konsensusi orqali hal qilishga yordam beradi. Siyosatdagi ma’naviy qashshoqlik johillik, adolatsizlik va zo‘ravonlikda o‘z ifodasini topadi, yuksak ma’naviyat esa taraqqiyot va barqarorlikka erishishga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazadi. Komillik g‘oyasi esa takomillashib boraveradi. Ta’limning uzluksizligi inson e’tiqodini mustahkamlab, komillik sari yo‘naltirib boradi. Chunki, inson e’tiqodsiz, g‘oyasiz, fikrlashsiz yasholmaydi. Shaxs va uning e’tiqodi masalasi muhim muommalardan biri bo‘lib, uning shakllanishi mohiyatan ijtimoiy omillarga bevosita bog‘liq deb qaraladi. Bu masalaga keng e’tibor qarayotilayotganning boisi shundaki, shaxsdagi mafkuraviy immunitetning shakllanishida undagi ezgu g‘oya va imon e’tiqod muhim ahamiyatga egadir. Agar biz yoshlarimizda bolalikdan boshlab sog‘lom e’tiqod va yuksak dunyoqarashni shakllantira olsak, ular ma’naviyati boy, mustaqil fikrli va oliyjanob shaxslar bo‘lib kamolga yetadi. Shu ma’noda, shaxs e’tiqodi undagi shunday barqaror va teran fikr, tasavvurlar, bilimlar majmuiki, mafkuraviy dunyoqarash hamda milliy g‘oyalar aslida ana shunday e’tiqodlar asosida shakllanadi. Insoniylik fazilati – komillik g‘oyalari, hozirgi kunda mustaqil davlatimizda keng qo‘llanilayotgan mafkurada mujassamlashgan. Fuqarolarda huquqiy madaniyatni shakllanishida, fuqarolik jamiyatini takomillashtirilishida, konstitutsiya belgilagan maqsadlarga erishishda katta xizmat qiladi. Bu haqda Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov o‘z fikrini quyidagicha ifodalaydi, ”Mafkuraviy masalani hal etmasdan, uni amalda tadbiq etmasdan turib konstitutsiya belgilab bergan maqsadlarga erishish, u oldimizga qo‘ygan talablarga javob berish mushkul bo‘ladi. Yangi mafkuraning mazmuni – yangicha erkin fikrlaydigan, mute’lik va jur’atsizlik tuyg‘usidan mutlaqo xoli, mustaqil insonni tarbiyalashdir”61. Komil insoniy fazilatlar asosida tarbiyalangan, o‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan, atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat bilan yondashadigan, ayni paytda shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan insongina milliy g‘oya tamoyillarini to‘g‘ri baholay oladi. Komil insoniy g‘oyalarni kishilar ongiga singdirish, gumanizm va umuminsoniy qadriyatlarga rioya etib yashash jamiyatimiz hayotining asosiy mezoniga aylanib boradi. Yoshlarda komil insoniylik fazilatlarini ko‘chaytirish, jamiyatda loqaydlik, beparvolik, boqimandalik, poraxo‘rlik kabi illatlarni payini qirqish, odamlar qalbida yuksak ishonch va e’tiqodni qaror toptirish, ahloqan pok, ma’naviy boy, ijtimoiy faol, jismonan baquvvat avlodni voyaga yetkazish, ularda vatanparvarlik, mehnatsevarlik, odamiylik kabi fazilatlarni tarbiyalash, insonlar ongida ta’sirchanlikni oshiribgina qolmay, demokratik jamiyat barpo etish, fuqarolik jamiyatini yanada takomillashtirish borasidagi intilishlarimiz samaradorligini ham oshiradi. Komil insonlar kelajagimiz ishonchi bo‘lib xizmat qiladi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiyaning asosiy maqsadi ham – erkin fuqarolik jamiyatining ma’naviyatini shakllantirish, boshqacha aytganda, ozod, o‘z haq-huquqlarini yaxshi taniydigan, boqimandalikni har qanday ko‘rinishlarini o‘zi uchun or deb biladigan, o‘z kuchi va aqliga ishonib yashaydigan, ayni paytda o‘z manfaatlarini halq, Vatan manfaatlari bilan uyg‘un xolda ko‘radigan komil insonlarni tarbiyalashdir. Yoshlarimiz tafakkurida erkin fikr, erkin hayot tuyg‘usini shakllantirish lozimdir. Hayotni erkinlashtirib, komil inson g‘oyasini yoshlarimiz qalbi va ongiga singdirish jinoyatchilik, vayronkor g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik va turli qonunbuzarliklarni oldini olishning muhim shartidir. Komil inson g‘oyasi siyosiy voqelikni uyg‘unlashtirib, turli shaxslar, ijtimoiy guruhlar ehtiyojlarini mujassamlashtiradi, ularni mavjud imkoniyatlar asosida bir-biri bilan yaqinlashtiradi va shu ma’noda demokratik qadriyatlarning nufuzini oshiradi. Kishilar ongini mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, mahdudlik kabi ijtimoiy illatlar asoratidan poklash, yot g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirish, mafkuraviy kurashda to‘g‘ri yo‘l tanlash va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish komil insoniylik g‘oyasini yoshlarning qalbi va ongiga teran singdirilishi bilan bog‘liq. Shu bois bu sohada yuzaki, rasmiy yondashuvlarga, puxta o‘ylanmagan ishlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Maktab, ta’lim-tarbiya masalasi davlat va jamiyat nazoratida bo‘lishi Asosiy qonunimizda belgilab qo‘yilgan. Ana shu o‘tkir xaqiqatni hisobga olib, biz ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarni davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tardik. Ta’lim sohalarining moddiy texnik bazasi, o‘qitish sifati va pedagog xodimlarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan “Zamonaviy maktab” davlat dasturini amalga oshirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi62. Xalqimizda “ta’lim va tarbiya - beshikdan boshlanadi”, degan hikmatli so‘z bor. Faqat ma’rifat insonni kamolga, jamiyatni taraqqiyotga yetaklaydi. Shu sababli mamlakatimizda ta’lim sohasidagi davlat siyosati uzluksiz ta’lim tizimi prinsipiga asoslangan, bola tug‘ilganidan boshlab, 30 yoshgacha bo‘lgan davrda uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan, yaxlit va uzluksiz tizim yaratishga harakat qilinayotgani bejiz emas. Biz “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ulug‘ g‘oya asosida mamlakatimizda maktab ta’limini umummilliy harakatga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘taramiz. Yurtimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy ixtisoslashtirilgan maktablar tizimini yaratish bo‘yicha davlat dasturlari ishlab chiqilmoqda va ijroga qaratilmoqda. Shu sababli birinchi marta umumta’lim maktablarida “Tarbiya” fanini joriy etildi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning asriy qadriyatlarimiz asosida yaratgan “Turkiy “Guliston” yoxud axloq” asari sharqona tarbiyaning noyob qo‘llanmasi sifatida bugungi kunda ham o‘zining qadri va ahamiyatini yo‘qotgan emas. Mamlakatimizda “Tarbiya” fanining nazariy va metodologik asoslarini ishlab chiqishda mana shunday bebaho asarlardan samarali foydalanishimiz zarur. Biz maktab muammosiga birinchi darajali masala, deb qarashni davom ettirishimiz lozim. Maktab - faqatgina ta’lim beradigan maskan emas, barchamiz uchun yuksak ma’naviyat beshigiga, farzandlarimizni bolalikdan boshlab kasbga o‘rgatuvchi dargohga aylanishi zarur. Shuningdek, umumta’lim maktablarida darslik va o‘quv-metodik majmualarni tajriba-sinovdan hamda chet ellik mutaxassislar ishtirokida ekspertizadan o‘tkazish tizimi mavjud emas. Maktab darsliklarini yaratish va chop etishni tartibga solish masalasi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Hozirgi paytda umumta’lim muassasalarining oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan ta’minlanish darajasi 87 foizni tashkil etadi. Ko‘plab maktablar, ayniqsa, chekka hududlardagi ta’lim maskanlarida bir qator fanlar bo‘yicha malakali o‘qituvchilar yetishmayapti. Shu munosabat bilan pedagog kadrlar tayyorlash masalasi hamisha e’tiborimiz markazida turishi zarur63. Komillik g‘oyasining takomillashishi asosan ta’lim-tarbiya asosida kechadi. Ta’lim-tarbiyaning zamonaviy usullari asosida barkamol avlodlarni tarbiyalash sohasida uzluksizlikni ta’minlashning optimal vazifalarini takomillashtirish dolzarb ahamiyatga ega. Yoshlar tarbiyasini zamonaviy asosda, ilmiy-texnologik talablarni hisobga olib isloh qilish, takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar uni bugungi kun ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, ilmiy va ma’naviy asosda shakllantirishni taqozo etmoqda. Tarbiyaga yangicha, tizimli yondashuv, bolada tayanch fazilatlarni shakllantirishda oila, maktabgacha ta’lim, umumiy ta’lim, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, mahallalarning ijtimoiy-pedagogik imkoniyatlarini to‘liq yuzaga chiqarish va ular orasida ilmiy-metodik uzviylikni yangi darajaga ko‘tarish darkor. Ushbu ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish uchun yana ko‘plab tadbirlarni amalga oshirish zarur. Jumladan: birinchi, ma’naviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish; ikkinchi, tarbiya jarayonida uzluksizlik, uzviylik tamoyillariga tayangan holda, avvalo, bo‘lajak va yosh onalarga e’tiborni kuchaytirish; uchinchi, bolalarni go‘dakligidan boshlab yuksak ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha eng muhim yo‘nalishlarni belgilash; to‘rtinchi, yoshlarda Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, mustahkam iroda, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibat, ma’suliyat, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsearlik kabi muhim fazilatlarni basqichma-bosqich shakllantirish64. Barkamol avlod tarbiyasi davrimizning kechiktirib bo‘lmaydigan ishlaridan biridir. Komillik g‘oyasi yoshlarda Vatanga, xalqqa bo‘lgan e’tiqodini tarbiyalashga butun mohiyati va mazmuni bilan xizmat qiladi. Shularni inobatga olgan holda, bugungi kunning eng muhim vazifasi – yoshlar ongida milliy immunitetni shakllantirish, ularning ma’naviyatini boyitish, kelajakka ishonch ruhini singdirish, hayotga faol bo‘lishlariga imkon yaratib berishdir. Davlatimiz tomonidan yoshlar tarbiyasini keng miqiyosda targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar yoshlarda tom ma’nodagi vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantiradi. Eng zamonaviy bilimlar bilan qurollangan, bilim va tafakkur dunyosi keng, o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lgan, ma’nan va jismonan barkamol avlod O‘zbekistonning yorqin kelajagidir. Paragraf xulosalariga ko‘ra, komil inson g‘oyasini shakllantirishni keng yo‘lga qo‘yish ta’lim-tarbiyaning eng muhim mezonlaridandir. Ta’lim jarayonida komillik g‘oyasini shakllantirishni tizimlashtirish, yoshlar tarbiyasida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shunga ko‘ra: birinchidan, ta’lim jarayonida uch tomonlama (ta’lim muassasasi, oila, mahalla) hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish; ikkinchidan, ta’lim jarayonida ulug‘ allomalar va tarixiy qadamjoylarga sayohatlarni (chorakda bir) ko‘paytirish; uchinchidan, ta’lim muassasalarida tarbiya fanlari soatlarini ko‘paytirish; to‘rtinchidan, ta’lim muassasalarida takrorlanuvchi fanlarni alohida tizimlashtirish va bosqichma-bosqich yo‘naltirishdan iborat. Download 140.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling