Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi
Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi
Download 243.35 Kb.
|
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023
- Bu sahifa navigatsiya:
- Dissertasiyaning umumiy hajmi.
- ayrim arxeologik artefaktlar
- . 1912-yilda I.Fyodorov tomonidan topilgan. Mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub 200 dan ortiq rasmlarni G.V.Parfyonov, A.Y.Roginskaya, A.A.Formozov, A.Kabirovlar o‘rgangan 21 .
Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Dissertatsiya natijalari 8 ta ilmiy-amaliy konferensiyalarda, shu jumladan, xalqaro miqyosdagi 5 ta va respublikadagi 3 ta ilmiy anjumanda muhokamadan o‘tkazilgan.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligi. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha jami 21 ta ilmiy ish chop etilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 9 ta (ulardan 4 tasi respublika va 5 tasi xorij jurnallarida) maqola, 8 ta (ulardan 5 tasi xalqaro va 3 tasi respublika) ilmiy-amaliy anjumanlarda tezislar e’lon qilingan. Shuningdek, hammualliflikdagi 1 ta risola va respublika jurnallarida 3 ta maqola ham nashr etilgan. Dissertasiyaning umumiy hajmi. Dissertasiya kirish, uchta bob, xulosa, foydalanilgan manbalar va adabiyotlar ro‘yxati hamda ilovadan iborat. Dissertasiyaning umumiy hajmi 135 betni tashkil etadi. I BOB. ARXEOLOGIK YODGORLIKLAR VA YOZMA MANBALARDA SHIMOLIY BAQTRIYANING TARIXIY GEOGRAFIYASI AKS ETISHI 1.1-§. Surxon vohasi va Janubiy Tojikiston arxeologiya yodgorliklari – Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasini o‘rganishda muhim manba Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasini o‘rganishda Surxon vohasi hududida vujudga kelgan, rivojlanib dinamik taraqqiyotga erishgan manzilgohlar – arxeologiya yodgorliklari, ya’ni antropogen landshaftlar muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Qadimgi davrdan bugungi kungacha insonlarning tabiiy landshaftlarni o‘zlariga qulay holda o‘zlashtirib, yangi manzilgohlar, yangi yo‘llarni ochishi natijasida o‘ziga xos antropogen landshaftlar vujudga kela boshladi. Shimoliy Baqtriya, ya’ni hozirgi Janubiy O‘zbekistonning Surxon vohasi va Janubiy Tojikiston hududlari insoniyat qadimdan yashab kelgan, o‘zining rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tish jarayonida ko‘plab voqeliklarni boshidan kechirgan zamin hisoblanib, uning tarixi arxeologik materiallar tadqiqi aks etgan asarlarda o‘z ifodasini topgan. O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston hududlarida ilk sug‘orma dehqonchilikning boshlanishi ushbu hududda ilk suv landashftlarining vujudga kelishiga ham sabab bo‘ldi. Bu borada ko‘plab tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, Qadimgi Xorazm, Zarafshon vohalarini qadimdan to hozirgi kungacha bo‘lgan dehqonchilik еrlarini o‘zlashtirish, sug‘orilish tarixini aks ettiruvchi yirik ilmiy asarlar nashr etilgan7. Surxon vohasi ham O‘rta Osiyoning qadimgi sug‘orma dehqonchilik o‘chog‘i sifatida deyarli to‘liq o‘zlashtirilgan hudud sanalib, O‘zbekistonda suv landshaftlarini o‘rganishda vohada ham olib borilgan tadqiqotlar alohida ahamiyat kasb etadi. Hududni arxeologik jihatdan tadqiq etishda B.P.Denike, M.E.Masson, A.P.Okladnikov, A.A.Asqarov, B.Ya.Staviskiy, G.A.Pugachenkova, V.M.Masson, E.V.Rtveladze, A.S.Sagdullayev, T.J.Annayev, Sh.R.Pidayev, Sh.B.Shaydullayev, N.D.Dvurechenkaya, L.M.Sverchkov, O.A.Hamidov kabi qator arxeolog olimlarning tadqiqotlari alohida ahamiyat kasb etadi8. Ularning tadqiqotlarida hududning dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq, irrigatsiya xo‘jaligi tarixi kabi sohalarini ham o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan. Vohani dastlabki arxeologik jihatdan tadqiq etilishi ayniqsa Moskva Sharq madaniyatlari muzeyining B.P.Denike rahbarligidagi 1927–1928-yillardagi ekspeditsiya davridan boshlanib, hozirgi davrga kelib bu hudud antropogen landshaft tarixini yoritishda ham juda katta materiallar qo‘lga kiritilgan. Natijada Surxon vohasining sug‘orilish tarixi arxeologik va yozma manbalar orqali yoritib berildi. Voha Surxondaryoning bo‘yida joylashgan, tuprog‘ining unumdorligi, suv manbalarining mavjudligi va iqlim sharoitining qulayligi bu еrda ilk o‘troq dehqonchilikning shakllanishi va rivojlanishiga asosiy omil bo‘ldi. Antropogen landshaftlar tarixini tadqiq etgan A.Valiyev O‘zbekiston shaharlarida antropogen landshaftlar shakllanishi va rivojlanishini tadqiq etish arxeologik materiallar va yozma manbalardagi ma’lumotlar asosida hal etilishini alohida ta’kidlagan edi9. Mualllif antik davrlarda antropogen landshaftlarning rivojidagi asosiy omili sifatida bu davrda aholi yashash manzilgohlarining tez suratlarda kengayishi va aholi sonining ortib borishini ko‘rsatadi. Aholi joylashuv manzilgohlarining voha xususiyatidan kelib chiqishi va ularning suv manbalari bilan ta’minlanganligi bilan bog‘liq ravishda rivojlanishi kuzatiladi. Qadimgi Surxon vohasi hududining ibtidoiy davr arxeologik makonlarini o‘rganish XX asrning 30-yillaridan boshlab ancha jadallashganligini kuzatish mumkin. Xususan, 1938-yili arxeolog A.P.Okladnikov tomonidan mustye davriga tegishli Teshiktosh hamda Amir Temur g‘orlarida arxeologik tadqiqotlar olib borildi va ko‘plab moddiy-ashyoviy topilmalar qo‘lga kiritildi. Tadqiqotlarga ko‘ra, Surxon vohasi hududida joylashgan mustye davriga oid g‘or makonlari boshqa davrlarga oid g‘or makonlarga qaraganda yaxshiroq tadqiq etilgan bo‘lsa-da, ularning asosiy qismi geologik jihatdan davrlashtirilib, mutlaq sanalarini aniqlash ishlari bajarilmagan. Xususan, Teshiktosh g‘ori madaniy qatlamlari o‘rta paleolit davri yoki o‘rta pleystotsen geologik bosqichiga mansub, deb ta’rif berilgan. Lekin o‘rta pleystotsen geologik bosqichi yoki o‘rta paleolit davri bir necha o‘n ming yilliklarni qamrab oladi. Mazkur holat tosh asri arxeologiya makon va manzillarini aniq davrlashtirishda, qadimgi o‘lka tarixini tadqiq qilishda bir qancha muammolarni yuzaga keltiradi10. Shu jihatdan kelib chiqib qadimgi Surxon vohasi hududida mavjud bo‘lgan tosh davri arxeologik yodgorliklarini davrlashtirishga harakat qilingan (1.1.-jadvalga qarang). Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon arxeologiya fanida Teshiktosh g‘ori materillari muhim ahamiyat kasb etadi. G‘or shimoli-sharqqa qaragan bo‘lib, kengligi old qismida 20 metr, chuqurligi 21 metr va balandligi 9 metrdir. Yodgorlik 5 ta madaniy qatlamdan iborat, bu esa manzilgoh bir necha marotaba tark etilganidan dalolat beradi. Qatlamlardan o‘choq qoldiqlari, 3000 dan ortiq tosh qurollar va ularning qoldiqlari, arxar, kiyik, yovvoyi ot, qoplon, quyon kabi hayvonlar va qushlarning suyaklari topilgan11. E’tiborga sazavor jihati shundaki, Teshiktosh g‘or-makonining yuqori qatlamlaridan 9 yashar bolaning skelet suyaklari topilgan. Bu bola neandertal tipidagi qadimgi odam vakilidir. U dafn etilganda ibtidoiy dafn marosimlariga amal qilinib jasad atrofiga tog‘ echkisi shoxlari qadab qo‘yilgan. O‘rta paleolit davrida marhumlarni еrga ko‘mish marosimi, odamlar murdadan qo‘rqqanlari tufayli, unga mehribonlik qilish, jasadni yirtqich hayvonlardan saqlash va ehtimol, o‘likdan xalos bo‘lmoq zaruriyati sabablarga ko‘ra vujudga kelgan. Bu jarayon ibtidoiy odamlarning aqliy jihatdan rivojlanganligidan dalolat beradi. Demak, ajdodlarimizda ko‘mish marosimi o‘rta paleolit davridan boshlangan degan xulosaga kelish mumkin. Shimoliy Baqtriyaning ibtidoiy va eng qadimgi davri tadqiqotchilari ixtiyorida asosan moddiy manbalar mavjud bo‘lib, shu davr aholisi va ularning qiyofasi antropologiyaga oid ashyolar asosida o‘rganilgan. Shimoliy Baqtriya hududidan topilgan ibtidoiy odamning dastlabki vakillaridan biri “neandertal” odami deb atalib, ular Yevrosiyo hududida 100-40 ming yillar ilgari keng tarqalgan edi. 1938-yilda Boysun tog‘larida joylashgan Teshiktosh g‘orida A.P.Okladnikov olib borgan qazishmalar natijasida Shimoliy Baqtriya hududining insonlar tomonidan o‘zlashtirishi o‘rta paleolit davridan boshlanib, antropogen landshaftlarning shakllanish jarayoni yuzaga kelganligi aniqlandi12. Qazishma ishlari natijasida umumiy qalinligi 1,5 metr bo‘lgan beshta madaniy qatlam aniqlangan. Madaniy qatlamdan hayvonlarning suyaklari, tosh qurollar, gulxan o‘rni mavjud bo‘lgan eng qalin ustki(birinchi) qatlamda to‘qqiz yoshli bola qabri topilgan. Antropolog M.M.Gerasimov uning qiyofasini tikladi. G.F.Debets Teshiktosh odamining jinsi erkak deb hisoblasa, V.P.Alekseyev qiz bola bo‘lishi kerak degan xulosaga kelgan. DNK orqali olingan ma’lumotlar Teshiktosh odami neandertal turiga tegishli ekanini ko‘rsatdi. Ternes Ritsman 2003–2004-yillarda tadqiqotlar olib borib, Teshiktosh odamini ilk Homo sapiyens odami deb belgilagan13. O‘rta Teshiktosh va so‘nggi paleolit davriga oid Amir Temur g‘or makonlarida istiqomat qilgan ibtidoiy davr odamlari asosan ovchilik va termachilik bilan shug‘ullanishgan. O‘rta paleolit davriga kelib qurollarning turlari ko‘payadi va ular asosan nayzasimon o‘tkir uchli poykonlar bo‘lib, ovchilik qurollaridir. Shu davrga oid turli xil mehnat va ov qurollari ma’lum (tosh pichoqlar, qirg‘ichlar, keskichlar, sixchalar, o‘tkir qirrali tosh siniqlari va boshqalar). Ibtidoiy odamlarning eng katta yutuqlaridan biri olovning o‘zlashtirilishi bo‘ldi. O‘rta paleolit davri iqlimi sovuq bo‘lib, odamlar g‘orlarda yashaganlar va shu g‘orlarda gulxan izlari va kul qoldikdari ham topilgan. Tog‘lar yovvoyi hayvonlarga boy bo‘lgan. Teshiktosh g‘or makonida bug‘u, tog‘ echkisi, yovvoyi ot, ayiq, arslon, quyon va parrandalarning suyak qoldiklari ham topilgan. Amir Temur g‘ori qatlamlaridan o‘choq va pista ko‘mir qoldig‘i topilgan. Neandertal ovchilarning vaqtinchalik boshpanasi hisoblangan bu joy past va zax bo‘lgan. G‘ordan Teshiktosh g‘oridagiga o‘xshash qo‘pol ishlangan yirik qirg‘ichlar, plastinalar, lappaksimon nukleuslar va ulardan uchirib olingan tosh parchalari chiqqan. Shu bilan birga, g‘ordan xilma-xil hayvon suyak qoldiqlari ham topilgan. Bu еrda odamlar jamoa-jamoa bo‘lib yashagan, ovchilik va termachilik bilan shug‘ullanishgan. So‘nggi davrda arxeologlar To‘palang daryosi bo‘ylaridan o‘rta paleolit davri odamlarining mehnat qurollarini topganlar. Demak, neandertallar faqatgina Boysundagina yashamay, balki butun Surxon vohasiga tarqalgan14. Tadqiqotchilar Surxon vohasi hududida o‘rta paleolit davriga oid Katta-Qo‘rg‘on hamda so‘nggi paleolit davriga oid 2 ta Teshiktosh-2 va Qorong‘i-Dara g‘or makonlari o‘rganishgan15. Potamologiya (daryoshunoslik) va geologiya fanlari tadqiqotlariga ko‘ra, bundan taxminan 22 ming yil oldin O‘rta Osiyoning boshqa daryolari kabi Golotsen davrining oxirlarida, o‘chlamchi davrning ikkinchi yarmida Amudaryo shakllana boshlagan. Sariqamish bo‘yi va Oqchadaryo deltalari shakllanib, Amudaryo Orol dengiziga (ayrim davrlarda Amudaryo o‘z o‘zanlarini o‘zgartirib Kaspiy dengiziga) quyila boshlagan16 (Qarang: 1-ilova). Mezolit davriga kelib, еr yuzida iqlim o‘zgarishi natijasida insoniyat hayotida ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu o‘zgarish еr yuzida yangicha flora va faunani vujudga keltirishi bilan birga, yangi xo‘jalik sohalari – ibtidoiy ziroatchilik va chorvachilik xo‘jaliklari yaratilishiga sababchi bo‘ldi. Buni bevosita Machay manzilgohi misolida ham kuzatish mumkin. Daryo sathidan 70 metrcha balandlikda, Machay daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi O‘rta va Yuqori Machay qishloqlari oralig‘ida joylashgan bu makondan ko‘plab suyak va asosan tosh qurollar topilgan17. Machay makoni topilmalarining eng ahamiyatli tomoni shundaki, bu еrdan antropologik topilmalar – odam bosh suyaklari, tishi, jag‘i va boshqa qismlari qoldiqlari topilgan bo‘lib, bu topilmalarni o‘rganish tadqiqotchilarga O‘rta Osiyoning janubidagi mezolit davri kishilarining еvropoid irqiga mansub ekanligini aniqlash imkonini berdi. Boysuntog‘ tog‘ va tog‘-oldi hududlarining chorvachilik uchun qulay bo‘lganligi hamda bu davr yodgorliklari madaniy qatlamlaridan uy hayvonlari suyak qoldiqlarining ko‘plab topilishi diqqatga sazovordir. Machay g‘oridan topilgan suyaklarning 90 foizi uy hayvonlarining suyaklaridir. Arxeologik tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘rta Osiyo aholisi mezolit davrida unchalik zich joylashmagan. Ammo iqtisodiy yangiliklar aynan ana shu aholi orasida paydo bo‘lib, keyinchalik butun jamiyatni o‘zgartirgan va ancha zich joylashgan aholi orasiga tarqalgan. Mezolit davriga kelib Boysuntog‘dagi soy bo‘ylari ham insonlar tomonidan o‘zlashtirila boshlandi. Bu davrga oid Machay g‘oridaga antropogen landshaftlarning shakllanishi haqida O‘.Islomov to‘xtalib o‘tgan18. O‘zbekiston tarixidagi yana bir muhim muammo, insonlar tomonidan yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish jarayonining boshlanishi ham Boysundagi Machay g‘orida amalga oshirilganligi tadqiqotlar tufayli o‘z еchimini topdi. Mil. avv. 7–6-ming yilliklarga oid Machay g‘orini qazish davomida undagi madaniy qatlamlarda katta va kichik tuyoqli hayvon suyaklari qoldiqlarini tahlil qilish asosida O‘.Islomov aynan shunday xulosaga kelgan. Tadqiqotchilar Surxon vohasi hududlaridan mezolit davriga oid makonlarni aniqlashgan19. Ayritom shahar xarobasi atrofidan, Eski Termiz yaqinidan yig‘ib olingan plastinkalar, mikroplastinkalar uchun mo‘ljallangan qalamsimon hamda prizmatik nukleuslar, qirg‘ichlar, yirik paykonlar, kesgichlar, retushlangan uchirindi va plastinalardan iborat ayrim arxeologik artefaktlar to‘plamlari o‘rganilgan. Mezolit davriga oid bu materiallarni A.P.Okladnikov va O‘.I.Islomovlar genetik jihatdan Samarqand makoni va Obishir 1-5-yodgorliklari bilan bog‘laydilar20. Surxon vohasi tasviriy san’ati qadimiy tarixga ega. Ma’lumki dunyoda ibtidoiy san’atning ilk namunalari so‘nggi paleolit davri (Mil. avv. 40–12-ming yilliklar) ga mansub. Tasvirlash ibtidoiy odam uchun o‘z tushuncha va tasavvurini ifodalashga xizmat qilgan. Zarautsoy darasidagi ungur va kamar toshlariga ishlangan rasmlar ilk san’atning benazir namunalaridan hisoblanadi. Surxondaryo viloyatida, Termizdan 100–110 km shimoli-g‘arbda Hisor tog‘ tizmasining janubi-g‘arbida, Ko‘hitang tog‘ining sharqiy yon bag‘ridagi hozirgi Sherobod tumani Qizilolma qishlog‘i yaqinida joylashgan. 1912-yilda I.Fyodorov tomonidan topilgan. Mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub 200 dan ortiq rasmlarni G.V.Parfyonov, A.Y.Roginskaya, A.A.Formozov, A.Kabirovlar o‘rgangan21. Zarautsoyda tadqiqot olib borgan G.V.Parfyonov dastlab 48 ta rasmni aniqlagan va tavsiflagan. G.V.Parfyonov yodgorligining pastki chuqurchasida mayda ho‘kizlar tasvirlangan chizmalarning yoshi so‘nggi paleolitning Madlen davriga tegishli degan fikrga keladi22. G.V.Parfyonov Zarautsoyning asosiy rasmlari paleolit rassomlari ijodi mahsuli ekanligini isbotlashga harakat qiladi. Xuddi shu fikrlarni A.Y.Roginskaya ham qo‘llab-quvvatlaydi. 1951-yilda A.A.Formozov G.V.Parfyonov va A.Y.Roginskaya g‘oyalarini rad etib, boshqacha fikrni ilgari suradi va qoyatosh rasmlari paleolit davriga emas, balki mezolit davriga tegishli degan xulosaga keladi23. Uzoq davom etgan tadqiqotlar natijasida olimlar Zarautsoy qoyalarida tasvirlangan chizmalar sariq-qizil tabiiy bo‘yoqlar – oxra rangda tayoq, qamish, suyak va qush patlari yordamida chizilganligini aniqladilar. Qoyatosh rasmlari mezolit davriga, ya’ni mil. avv. 8–6-ming yilliklariga tegishli ekanligi aniqlangan24. Inson rasmlar chizish orqali tabiatdagi narsa va hodisalarga o‘z ta’sirini o‘tkazish yoki undagi asov holatlarni bo‘ysundirishga xayolan harakat qilgan. Tasviriy san’at insonning ruhiy qiyofasini, uning o‘zgalar bilan o‘zaro munosabatlarini, tasviriy holatning psixologik va emotsional mazmunini ham yoritadi. Ba’zan mavjud bo‘lmagan, rassom tasavvurining mahsuli hisoblangan obrazlarni ham yuzaga keltiradi. Insoniyat tarixidagi turli davrlarni aks ettiradi. Davrning faqat hissiy holatigina emas, balki uning g‘oyaviy mohiyati, siyosiy, falsafiy, estetik g‘oyalari ham tasviriy san’atning mazmuniga aylanadi. Tadqiqotchilar neolit davriga oid Qaynar-Kamar g‘orini ham o‘rganishgan25. Boysun shahridan 16 km g‘arbda joylashgan neolit davriga oid To‘da-1 g‘ori O‘zbekiston–Xitoy xalqaro hamkorlikdagi ekspeditsiya a’zolaridan Jou Sing va U.V.Raxmonovlar tomonidan 2016-yilda topilgan. To‘da-1 g‘ori Boysun tog‘larlarining janubiy tizmalarida ohaktoshdash tarkib topgan26. 2017-yildan buyon B.Sayfullayev tomonidan O‘zbekiston–Xitoy arxeologik guruhi tarkibida Boysuntog‘ning janubiy yonbag‘rida To‘da-1 g‘ori o‘rganilmoqda27. Eneolit va bronza davriga kelib Amudaryo qirg‘oq bo‘ylarini o‘zlashtirish jarayoni boshlangan. Chunki Amudaryo qirg‘oq bo‘ylari va deyarli barcha to‘qayzorlari ishlab chiqarish xo‘jalik turlari – dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun qulay bo‘lgan. Antropolog T.Q.Xodjayov fikriga ko‘ra, bronza davrida O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlarida baland buyli, boshi cho‘zinchoq, yuzi tor irqning vakillari tarqalgan. Shimoliy Baqtriya tabiiy-geografik tuzilishi jihatidan qadimgi dehqonchilik va chorvachilik uchun qulay va serunum sarhadlardan biri hisoblangan. Hududning xilma xil geografik iqlim sharoiti ko‘p hollarda ularning tarixiy rivojlanish yo‘llarini oldindan belgilab bergan. Janubiy O‘zbekiston bronza davri yodgorliklarini joylashish tizimiga ko‘ra, 3 ta qadimgi dehqonchilik vohasi, 1 ta tog‘ vohasi va 4 ta kichik vohalarga ajratiladi. Bular: Ulanbuloqsoy, Sherobod, Xo‘jaipoksoy qadimgi dehqonchilik vohalari va Poshxurt tog‘ vohasi bo‘lsa, daryo va ularning havza tarmoqlari asosida bir nechtadan kichik vohalar tarkib topgan. Ularga Bandixon, Mirshodi, Sangardak-To‘palang kabi vohalar kiradi28. Sopolli madaniyati kelib chiqish tarixiy ildizi, Shimoliy Kopettog‘ yonbag‘irlarida eneolit va bronza davrlarida tarkib topgan Anov-Nomozgoh madaniyatiga borib taqaladi. Mil. avv. II ming yillikning birinchi yarmida bu mintaqaning markaz tipidagi tayanch ob’ekti Oltintepada ilk shahar madaniyati tarkib topib, demografik yuksalishlar tufayli Oltintepa aholisining bir qismi suvga serob yangi ekinbop еrlar qidirib shimoli-sharqqa tomon ko‘chadilar va Murg‘ob daryosining havzalariga kelib o‘rnashadilar. Eng qadimgi dehqon jamoalari Murg‘ob vohasida yangi-yangi еrlarni o‘zlashtirib, rivojlanishda, iqtisodiy va etnomadaniy jihatdan yuksalishda davom etib, Murg‘ob daryosining quyi havza tarmoqlari bo‘ylab dehqonchilik vohalari tarkib topadi, yangidan-yangi ilk shaharlar qad ko‘taradi, Gonur, To‘g‘oloq kabi markazlar paydo bo‘ladi29. Bu o‘lkada Qadimgi Sharq sivilizatsiyasining Marg‘iyona mahalliy markazi shakllanadi. Bu iqtisodiy va etnomadaniy taraqqiyot jarayonlaridan Balxob, Ko‘kcha, Dashli, Sherobod, Ulanbuloqsoy kabi daryo havzalari ham chetda qolmaydi. Aynan mana shu daryo havzalari doirasida mil. avv. II ming yillikning birinchi yarmi davomida Qadimgi Sharq sivilizatsiyasining yana bir yangi markazi, Avestoda ilk bor tilga olingan tarixiy-madaniy o‘lka – Qadimgi Baqtriya sug‘orma dehqonchilik markazi tarkib topadi. Qadimgi Baqtriya hududlari bu mintaqadan o‘tgan Amudaryo tufayli ikki qismga bo‘linib, uning shimoliy hududlarida qadimgi dehqon jamoalarining Sopolli madaniyati, uning janubiy hududlarida esa (hozirgi Shimoliy Afg‘oniston) Dashli madaniyati tarkib topadi. Sopollitepa yodgorligida amalga oshirilgan so‘nggi davrlardagi tadqiqotlarga ko‘ra, manzilgoh aholisi ipak qurti boqib, paxta ekkanligi aniqlandi30. Sopollitepa jamoasining ijtimoiy jihatdan tengligini, jamoa hayotida oqsoqollarning o‘rni katta ekanligini va kam sonli aholining ahil yashaganligini yodgorlikning simmetrik rejasi va qabrlarda uchraydigan idishlar tarkibi va soni marhumlar yoshiga qarab ortib borganligi tasdiqlaydi31. So‘nggi vaqtlarda antropogen landshaftdan keyingi bosqich sifatida urbolandshaft atamasi qo‘llanilmoqda. Surxon vohasi hududida ilk urbolandshaft shakllanganganligining yorqin misoli Jarqo‘ton yodgorligidir. A.A.Asqarov va T.Sh.Shirinovlar Jarqo‘ton yodgorligida jamoalarning ijtimoiy guruhlarga ajralganligini ko‘rsatuvchi ko‘plab qabrlar, yodgorlikning shahar toifasiga oidligini tasdiqlovchi saroy qoldig‘i, mafkuraviy markaz bo‘lganligini bildiruvchi ibodatxona, shohlar saroyi joylashgan arkning mudofaa devorlari bilan o‘rab olinganligi, aholisining hunarmandchilikda, me’morchilikda erishgan yutuqlariga qarab yodgorlikni ilk shaharlar toifasiga kiritishadi va ilk davlatlarning “карликовый” yoki “chifdom” turi bo‘lganligini ta’kidlashadi32. Shimoliy Baqtriya hududlari dehqonchilikka eng qulay hududlardan biri hisoblanadi. Asosiy dehqonchilik kichik daryo o‘zanlarida amalga oshirilgan. Shunday daryolardan biri Sherobod daryosi tog‘liklardan vohaga o‘tganda, ayniqsa Amudaryoga quyilish еrlariga yaqinlashganda o‘nlab o‘zanlarga ajralib ketganligini uning quruq o‘zanlari tasdiqlaydi. Aynan mana shu o‘zanlar bo‘ylarida bronza davri yodgorliklari joylashgan. Sherobod vohasi tabiiy sharoitining yana bir xarakterli tomoni shundaki, quyosh o‘z nurlarini eng avval Ko‘hitang tog‘iga taratadi. Bahor, yoz fasllari va kuzning dastlabki oylarida quyosh issig‘idan tashqari Ko‘hitang tog‘idan ham issiq havo oqimi – tafti vohaga ufurib turadi. Tun yarmigacha havoning tafti qaytmaydi. Bu holat dehqonchilik ekinlarining yaxshi rivojlanishi va serhosil bo‘lishiga imkoniyat yaratadi. Qadimgi qabilalarning turlicha tabiiy-geografik sharoitda joylashishi ularning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti xususiyatlarini belgilab bergan. Tabiiy geografik muhit va inson o‘zaro ta’sirida antropogen, ya’ni madaniy landshaft shakllanib, rivoj topdi. Surxon havzasidagi bronza davri yodgorliklari tog‘ oldi еrlarida yoyilgan bo‘lib, ularning joylashgan o‘rni alohida daryolar bilan bevosita bog‘liq. Dehqonchilik vohalari xududda Ko‘hitang – Boysun tog‘ yonbag‘irlarida allyuvial-proallyuvial tekisliklarida joylashgan. U janubi-g‘arbdan Muzrabod va Sherobod cho‘llari bilan, shimoli-g‘arbda – Bandixon massividagi Qiziriqdara va Xalqajar daryosigacha davom etgan katta pasttekisliklar bilan tutashgan. Daryo, unumdor yеr, keng yaylovlarning mavjudligi bronza davri dehqonchilik madaniyati rivoji uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Mazkur davr manzilgohlari umumiy suv manbalaridan foydalanishlariga ko‘ra guruhlanishi mumkin. Qadimgi dehqonchilik madaniyati yodgorliklaridan Sopolli va Jarqo‘tonlarni ta’kidlash mumkin. Bu yodgorliklar Ko‘hitang tog‘ oldi hududlarida joylashgan33. 2014-yilda N.Dvurechenskaya boshliq O‘zbekiston-Rossiya arxeologik ekspeditsiyasi xodimlari Sherobod tumanidagi G‘oz qishlog‘idan Sopolli madaniyatiga tegishli G‘ozqal’a yodgorligini topishdi34. Sopolli madaniyati yodgorliklari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga xulosa qilib shuni ta’kidlash joizki, bu madaniyat sohiblari xo‘jalikning turli sohasini rivojlantirgan va ilk sivilizatsiyaga erishgan jamoadir. Shimoliy Baqtriyaning ibtidoiy va eng qadimgi davri tadqiqotchilari ixtiyorida asosan moddiy manbalar mavjud bulib, shu davr aholisi va ularning qiyofasi antropologiyaga oid ashyolar asosida o‘rganiladi. Bronza davrida Shimoliy Baqtriya hududi aholisi etnik tarkibi masalasi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ma’lumki, Andronovo madaniyati yodgorliklari Janubiy Sibirning g‘arbidan Ural tog‘ tizmalarining janubi-sharqiy mintaqalarigacha yoyilgan. A.Asqarov “Andronova madaniyati aholisining bir qismi turkiy tilli bo‘lganligi” haqidagi mulohazani ilgari surdi. K.M.Baypakov ham Andronova madaniyati aholisining bir qismi turk tilida so‘zlashgan, deb ta’kidlagan35. Tadqiqotchilar o‘z fikrlarini Xitoy yozma manbalari bilan asoslashgan. O‘sha davrda yashagan Shimoliy Baqtriyadagi Sopolli madaniyati aholisi Anov-Namozgoh, Murg‘ob, Dashli, markaziy va sharqiy Eron aholisi bilan bir etnik guruhni tashkil etgan holatda qadimgi Eron til lahjalaridan birida gaplashgan. Qadimgi Baqtriya va “Avesto” tili mazkur til asosida shakllangan36. Shimoliy Baqtriyada Sopolli madaniyatining Ko‘zali (mil. avv. 1350–1200-yillar) va Molali (mil. avv. 1200–1000-yillar) bosqichlari topilmalarida prototurkiy tilli ajdodlarimizning izlari moddiy madaniyatda yaqqol ko‘zga tashlanadi37. Bu holatlar turkiy xalqlardan biri o‘zbek xalqi ikki etnik (eroniy va turkiy tilli) qatlamlar qorishuvi asosida tarkib topganligi va bu qorishuv ilk bor so‘nggi bronza davrida boshlanganligidan guvohlik beradi. Ammo bu Markaziy Osiyodagi etnik jarayonlarning tugallangan pallasi emasligini, keyingi asrlardagi demografik, migratsiya, urbanizatsiya kabi bir qator tarixiy omillar uning keyingi ulkan o‘zgarishlarga yuz tutganligini ham unutmaslik kerak38. Amudaryo kechuvlardan foydalanish ham taxminan rivojlangan bronza davridan, ya’ni mil. avv. II ming yillik o‘rtalarida Marg‘iyonadan janubiy Baqtriya orqali Shimoliy Baqtriyaga qadimgi dehqonchilik madaniyati vakillari ko‘chib kelgan vaqtdan boshlangan. Masalan, bronza davri yodgorliklari topografiyasi (Sopollitepa, Jarqo‘ton va boshqalar) shuni ko‘rsatadiki, ular Cho‘chqaguzar kechuvidan to‘g‘ri shimol tomon yo‘nalishda joylashgan, taxmin qilish mumkinki, aynan shu kechuv orqali Shimoliy Baqtriyaga Dashli vohasidan (Shimoliy Afg‘oniston) qabilalar migratsiya qilgan39. Shimoliy Baqtriya hududida suv-antropogen landshaftlar vujudga kelganligini Sopolli, Kuchuktepa madaniyatlari misolida asoslash mumkin. Xususan, sun’iy sug‘orishga asoslangan anhorning vujudga kelishi Kuchuktepa madaniyatining ko‘zga tashlanadigan muhim jihatidir. Bandixon vohasida mil.avv. VII-VI asrlarga oid kanal o‘zani qoldiqlari aniqlangan40. Janubiy Tojikiston hududida joylashgan Qabodiyon, Boldaytepa yodgorliklarini M.M.Dyakonov va undan so‘ng T.I.Zeymallar tomonidan o‘rganilgan41. Shuningdek, ilk temir davriga oid Qal’ai-Mir, Tomoshotepa, Sho‘raisoy, Baytudasht IV, Makonimor kabi aholi manzillarini tadqiq qilingan42. Ellinistik davrga oid Taxti Qubod, Taxti Sangin yoki Oks ibodatxonasi43, Saksanoxur44, Charmgaroni Poyon, Ko‘pchinor, Tepaishoh kabi turli vazifalarni o‘tagan ko‘plab arxeologik yodgorliklar A.M.Mandelshtam, B.A.Litvinskiy, I.R.Pichikyan, V.A.Sedov, X.Y.Muxiddinov va boshqa tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilgan45. Xulosa qilib aytish mumkinki, Shimoliy Baqtriya hududida ibtidoiy davrga oid o‘ziga xos xususiyatlari ko‘p bo‘lgan bir qancha makon va yodgorliklar mavjud bo‘lib, bu makonlarning tosh qurollari shunchalik o‘ziga xoslikka egaki, ularni qo‘shni hududlardagi madaniyatlarga qo‘shishning iloji yo‘q. Bu makon, manzilgohlarning o‘rganilishi O‘rta Osiyo ibtidoiy davri tarixida o‘z еchimini kutayotgan ko‘plab masalalarda oydinlik kiritish imkonini beradi va tarixiy-madaniy yodgorliklarga amalga oshiriladigan ilmiy turizmni rivojlantirishga sharoit yaratadi. Zero, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Vatanimiz zaminida saqlanib kelayotgan osori atiqalar, qimmatli obidalar, tarixiy ma’lumotlar, nodir yodgorliklar bizni jahon xalqlarining madaniyatlari bilan chambarchas bog‘laydigan turizm zanjirining oltin xalqalaridir”46. Boysunda dinozavrlardan oldin yashab o‘tgan anklazavr podalarining toshlardagi izlari saqlanib qolgan. Bu izlar Boysun tog‘i shakllanayotgan uchlamchi davrga oid bo‘lib, magmalarning toshga aylanayotgan paytida uning ustidan anklazavr podalarining yurib ketishi natijasida paydo bo‘lgan. Bu paleozoologiya fani uchun mo‘zija hisoblanadi. 2018-yil 3-17-avgust kunlari Rossiya, Fransiya va Shveysariya speleologlari Boysun tog‘laridagi Boybuloq g‘ori (chuqurligi 1430 metr, uzunligi 15212 metr, dunyoda chuqurligi bo‘yicha 17-o‘rinda turadi)ni tadqiq qilish jarayonida tironozavrlarnikiga o‘xshash bir necha izlarni topishdi. Ushbu tabiat hodisalaridan zamondoshlarimiz voqif bo‘lishi, uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi, fotosuratlarini olish turistlarga o‘z qo‘llari bilan toshlarda saqlanib qolgan anklazavr, tironazavr kabi dinozavrlarning yangi xalqalari izlarini maxsus ish qurollari yordamida o‘z qo‘llari bilan changdan tozalash uchun imkoniyatlarni yaratish tarixiy-madaniy yodgorliklarga ilmiy turizmni amalga oshirishning maqsadlaridan biri hisoblanadi. Boysun tog‘ida butun jahon biladigan, neandertal odam makoni Teshiktosh g‘ori topilgan, ammo bu imkoniyatdan turizm sohasida umuman foydalanilmayapti. Prezident Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Xususan, Boysunda dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri hisoblangan Boybuloq, neandertal odam qoldig‘i topilgan Teshiktosh g‘orlari, qadimiy ellin madaniyati yodgorligi bo‘lmish Uzundara qal’asi bor. Tumanning tabiati, iqlimi ham zo‘r. U еrda mehmonxona, kemping, “dor yo‘li”, turistlar uylari tashkil etish orqali 500 ming sayyohni jalb qilsa bo‘ladi”47. Tadqiqot doirasida Boysuntog‘ va Ko‘hitangtog‘ hududlaridagi arxeologik yodgorliklarga “Qadimgi davr makonlari bo‘ylab” nomli ilmiy turistik yo‘nalishni taklif qilmoqdamiz (Qarang: 2-ilova). Sayyohlar yo‘nalish davomida: - insoniyatning paydo bo‘lishi va evolyusiyasi bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar tinglashadilar; - Teshiktosh va Amir Temur g‘orlari bilan tanishadi; - ibtidoiy odamlar singari toshdan qurollar yasash texnologiyalarini o‘rganishadi; - ibtidoiy odamlar ommaviy va yakka tartibda ov manzaralarini va holatlarini tashkil qilishganligiga oid tasavvurlarga ega bo‘lishadi; - o‘z qo‘llari bilan yasalgan tosh qurollar yordamida hayvonlarni so‘yishib, terisini oshlashadi; - sun’iy olov chiqarib, go‘sht pishirishadi; - Machay g‘origa borishadi, g‘ori bilan tanishishadi, ibtidoiy odamlarning migratsiyasi holatini tashkil etishadi; - hayvonlarni xonakilashtirish jarayonlari bilan tanishadi; - hayvonlarni ovlash uchun tabiat qopqonlarini yasashadi, chayla qurishib, kamon yasashadi va undan otishni o‘rganadi. Tarixiy geografik yodgorliklarga ilmiy turizm deb atashga sabab, turistlarning har bir harakati mutaxassislarning kuzatishi va maslahatlari asosida olib boriladi. Biz taklif etayotgan tarixiy-geografik yodgorliklarga ilmiy turizm tarix faniga qiziquvchi barcha yoshdagi aholi vakillarini o‘ziga jalb eta oladi. Mazkur tarixiy-geografik yodgorliklarga ilmiy turizm sayyohlarga ibtidoiy tarixiy jarayonlarda ishtirok eta olish imkonini yaratib berib, sayyohlarni qadimgi zamon hayotini o‘zlari ishtirok etgan tarzda tanisha olish, ularning hayoti qanchalar murakkab kechganligini va Shimoliy Baqtriya hududidagi antropogen landshaftlarning shakllanishi jarayonini o‘rganish uchun zamin yaratadi. edi. Download 243.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling