Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi


Pahlaviy manbalarida toponim, oronim va gidronimlarning nomi


Download 243.35 Kb.
bet8/35
Sana16.06.2023
Hajmi243.35 Kb.
#1489464
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   35
Bog'liq
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023

Pahlaviy manbalarida toponim, oronim va gidronimlarning nomi

Ularning lokalizatsiyasi

1

Arianam Vaydja-Airiianəm vaējah yoki vaējō



O‘rta forcha Eranvej-Ērān-vēž

O‘rta Osiyo, Janubiy Qozog‘iston, Afg‘oniston, Sharqiy Eron

2

Baxdi-bāxδī

Fors manbalarida Baxtriŝ

Surxon vohasi, Shimoliy Afg‘oniston, Janubiy Tojikiston

3

Xara Berezaiti – harā bərəzaitim-; harā-bərəzaitī

Alburz-Albūrz
Xugari Buland-Hūkar-i
Buland

Tyanshan, Pomir va Hindiqush tog‘ tizmalari

4

Vaxvi-Datiya (vaŋhuii ̊ā
dāitiiaii ̊ā-, vaŋhuuī dāitī)

Vexrud –Weh-rōd
Daitik – Dāītīk-rōd

Amudaryo51

5




Tormed-rod (Tōrmed-rōd) yoki Teremet – teremet-rōd

Termiz daryosi, hozirgi Surxondaryo52

6

Xvanavant
xvanavant



Xvanavant (Quyoshli)

1. Termiz viloyati yoki Qunduz va Ishkamish hududidagi tog‘
2. Ko‘hitang tog‘ tizmasi

7

Zerdaza
zərəδaza

Zaridaz
kof i zerdaz

Zarautsoy bo‘ylab joylashgan tog‘ tizmasi yoki Talos Olatovi tizmasidagi Manas cho‘qqisi

8

Udrya
Udrya




Hisor tog‘ tizmasi

Ma’lumki, Zardushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto”da Vishtaspning Vaxvi-Datiya qirg‘og‘ida ibodat qilganligi haqida ikki marta eslatib o‘tiladi (“Yasht”17.49,61). Vaxvi-Datiya-vaηhuyā dāity-ayā, vahvi dāitya53 Arianam Vaydjada bo‘lgan. Ko‘pchilik tadqiqotchilar bu daryoni, shubhasiz, Amudaryo deb hisoblashadi54. Arianam Vaydjaga kelsak, hozirgi O‘rta Osiyo, Sharqiy Eron (Xuroson) va Afg‘oniston hududlari kiradi degan fikrlar mavjud55 (Qarang: 3-ilova).


N.Xodjayeva taxminicha, Kavi Vishtaspning podshohligi Arianam Vaydjaning bir qismida, Vaxvi Datiya va Frazdan daryolar oqib o‘tgan joy, ehtimol, Baqtriyada uning podshohligi bo‘lgan.
Mesopotamiya yozma manbalarida qayd qilingan, mil. avv. XXI asrda Akkad va hatto Elamga kuchli raqib bo‘lgan “Marxashi”ni ossurshunos P.Staynkeller, shuningdek D.T.Potts Jiroft yodgorligi va uning atrofidagi hududlarga lokalizatsiya qilgan bo‘lsa56, A.P.Frankfort esa X.Trambley bilan birgalikda nashr etgan maqolasida Marg‘iyonaning tarixiy nomi bo‘lgan degan fikrni ilgari surib, BMAK-Oks sivilizatsiyasi hududlariga lokalizatsiya qilgan57.
So‘nggi davrda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Baqtriya va Drangianani Ahamoniylar Eroni bosqiniga qadar podsholar emas, “Avesto”da nomlari keltirilgan Kaviylar boshqarishgan. Kaviylik tituli nasldan-naslga, avloddan-avlodga o‘tishi, Axura Mazda tomonidan tasdiqlab qo‘yilgan58. Tarixiy-geografik jihatdan Baqtriya kaviylari haqidagi ma’lumotlar tadqiqotlarda qisman o‘rganilib, ularning tarixiy shaxs ekanligi, tadqiqotlarda yozma manbalardagi matnlar asosida Kayoniylar davlati tarixini qisman yoritgan59.
Keltirilgan ma’lumotlar “Avesto”da, pahlaviy manbalarida va “Shohnoma”da aks ettirilgan estaliklar xayoliy (fantastik) emas, to‘la haqqoniy degan xulosaga kelishga imkon beradi. Tadqiqotlar yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyoning bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha tarixini o‘rganish uchun mazkur manbalar yanada muhim hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “Avesto”da yozilgan ko‘plab voqealar haqqoniy ekanligini o‘tkazilgan tadqiqotlar tasdiqladi. Kavi Vishtasp faoliyati “Avesto”ning geografik holati bilan boshqa manbalar taqqoslanishi, bu podsho o‘ylab topilgan emas, haqiqiy mavjud bo‘lgan tarixiy shaxs bo‘lganligini taxmin qilishga imkon berdi. Kayoniy podsholari haqidagi qissalar yana shuni ko‘rsatdiki, geografik jihatdan qadimgi kavilar hozirgi Markaziy Osiyo, Sharqiy Eron (Xuroson) va Afg‘oniston hududlarida yashagan60.
“Avesto”ning eng qadimgi Gotlar va Yasht qismlarida boshqaruv tizimini ifodalagan bir qator titullar saqlanib qolganki, ularni arxeologik ma’lumotlar bilan taqqoslab, ijtimoiy munosabatlar tarixini tiklash imkoniyati tug‘ilmoqda. Shunday atamalardan biri – “sastar” bo‘lib, avestoshunos olim V.A.Livshisning fikriga qaraganda o‘lka va uning markazi hukmdori mansabida bo‘lgan61. Xuddi shu fikrni E.V.Rtveladze ham qo‘llagan va “Avesto”dagi sastar tushunchasini arxeologik manbalar bilan, masalan, Bandixon o‘lkasini sastar sifatida ko‘rsatib o‘tadi va o‘lkaning markazi sifatida Bandixon I yodgorligini keltiradi62. Olimning fikricha, o‘lkani boshqargan hukmdor harbiy boshliq vazifasini ham bajargan.
Shimoliy Baqtriyada shunday o‘lkalarning nechtasi aniqlanganligi, o‘lkaning qanday tarixiy ma’nosi borligiga e’tibor qaratganimizda, “tarixiy madaniy o‘lka” deb atalsagina haqiqiy ma’no kasb etadi. Tarixiy madaniy o‘lkani boshqargan hukmdorni “Avesto”da sastar deb atagan bo‘lishi mumkin.
“Viloyat hukmdori” ma’nosini anglatuvchi “Dax’yupati” atamasi ham “Avesto”da keltirilgan. Bu viloyatlarni akademik E.V.Rtveladze yunon manbalarida tilga olingan Paretaka, Bubakena va Gabaza o‘lkalariga taqqoslaydi63. Ma’lumki, bir necha dehqonchilik vohalari birikib viloyatni tashkil etgan. Ehtimol, Sherobod va Ulanbuloqsoy dehqonchilik vohalari Paretakani, markazi hozirgi Sherobod tumanidagi Jondavlattepa yodgorligi, Mirshodi, Sangardak Bandixon dehqonchilik vohalari Bubakena viloyatini, Ko‘hitang tog‘i janubi-sharqiy va g‘arbiy yonbag‘irlari, Dehqonobod, Oqrabot “Temir darvoza” atrofidagi yеrlar esa Gabaza viloyatini tashkil etgan64.
Viloyatlar birlashmasini – Baqtriyani esa Dax’yular dax’yupatisi boshqargan.
Ma’lumki, “Avesto”da kamida to‘rt bosqichli: nmana, vis (kamida 15 oiladan tashkil topgan), varzana, shoytra, gava, zantu (kamida ikkita urug‘ va 30 oilani o‘z ichiga olgan) va daxyulardan iborat jamiyatni tashkil etish tizimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud65. Nmanani nmanapati – uy boshlig‘i, visni vispati – qishloq oqsoqoli boshqargan. Hududiy qo‘shnichilik jamoasining oqsoqollar kengashi – xanjaman, xalq yig‘ini – vyaxa deb atalgan66.
Tarixiy geografik, arxeologik va etnografik ma’lumotlar Shimoliy Baqtriyada, hozirgi Sherobod tumanidagi Burguttepa yodgorligida “kata” inshooti o‘rganilganligini to‘liq tasdiqlaydi. Me’moriy yеchim jihatidan Burguttepa katasi “Videvdat”da ta’riflangan kataga aynan mos keladi67.
Qadimgi Baqtriya Kaviyligi zamonidan boshlab, ya’ni, Ahamoniylar Eroni saltanatidan oldin ham, hududiy ijtimoiy-siyosiy birlashmalar – qishloqlar, qishloqlar uyushmasi, dehqonchilik o‘lkalari va viloyat birlashmalari Baqtriyada mavjud bo‘lgan. Ularni “Avesto”da keltirilgan vispati, dax’yupatilar boshqargan.
E.A.Grantovskiyning mil. avv. V asrdan oldingi hind manbalarida बाह्लीक “Bāhlīka” atamasi uchrashi haqidagi tadqiqotlari68 va zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da Bāxδī – “Baxdi” shaklida tilga olinishi haqiqatdan ham Ahamoniylar imperiyasiga qadar Baqtriyaning mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi69.
Ma’lumki, mamlakatimiz qadimgi tarixi haqida muhim ma’lumot beruvchi manbalardan biri mil. avv. 523–521-yillarda sodir bo‘lgan voqealar haqida fors shohi Doro I buyrug‘i bilan qadimgi fors, elam va akkad tillarida Ekbatanning janubi-g‘arbida hozirgi Erondagi Kirmonshoh va Hamadon oralig‘ida joylashgan Behistun (qadimgi forscha: Bogastan, ya’ni Xudoning bekati/mamlakati/vodiysi) qoyasida o‘yib yozilgan mixxat yozuvlari hisoblanadi. Unda Doro I bunday xabar qiladi:

“Ahuramazda irodasi bilan quyidagi davlatlarni qo‘limga kiritib, ularning podshosi bo‘ldim: Fors [Pârsa], Elam [Ûvja], Bobil [Bâbiruš], Ossuriya [Athurâ], Arabiston [Arabâya], Misr [Mudrâya], dengiz boʻyidagi mamlakatlar [Tyaiy Drayahyâ], Lidiya [Sparda], Ioniya [Yauna], Midiya [Mâda], Armaniston [Armina], Kappadokiya [Katpatuka], Parfiya [Parthava], Drangiyana [Zraka], Ar’yo [Haraiva], Xorazm [Uvârazmîy], Baqtriya [Bâxtriš], So‘g‘diyona [Suguda], Gandhara [Gadâra], Saka [Saka], Sattagadiya [Thataguš], Araxoziya [Harauvatiš], Maka [Maka], jami 23 davlat”70.


Behistun kitobalarida Baqtriya atamasi to‘rt marta keltirilib, Baqtriya va Lidiyadan keltirilgan oltinlardan Suza saroyini bezashda ishlatilganligi, Baqtriyaning siyosiy va madaniy ta’sirida bo‘lgan Marg‘iyonada Frada boshchiligidagi qo‘zg‘olon ko‘tarilishi va uning bostirilishi, Baqtriyaning geografik joylashuvi hamda qaysi mamlakatlar bilan chegaradosh ekanligi haqidagi ma’lumotlar bor71.
Ahamoniylarning Naqshi Rustam yozuvlarida Midiya va Elamdan so‘ng sharqiy viloyatlar nomlari qatorida Baqtriya ham keltirilgan72. Naqshi Rustam va “Zardo‘sht Ka’basi” Qadimgi Fors viloyatidagi Istahr (Taxti Jamshid) shahridan 12 km shimoli-g‘arbda joylashgan inshootlardir. Hozirgi Eronning Sheroz shahridan 50 km uzoqlikdagi Fors viloyati Marvdasht tumanidagi Zangiobod qishlog‘ida joylashgan73. Ma’lumki, Naqshi Rustam Sosoniylar Eroni hukmdori Yazdigard III (632-651-yillar)ning qo‘shinlarining bosh qo‘mondoni, sarkarda Rustam Farroxzod (milodiy 636 yili arablar sarkardasi Sa’d ibn Abu Vaqqos bilan bo‘lgan Qodisiyada bo‘lgan jangda halok bo‘lgan) nomiga qo‘yilgan qo‘yilgan. Naqshi Rustam Doro I (mil. avv. 522-486-yillar), Kserks I (mil. avv. 486-465-yillar), Artakserks I (mil. avv. 465-424-yillar) va Doro II (mil. avv. 424-404-yillar) larning Hojiobod tog‘ining janubiy yonbag‘rida o‘yib joylashtirilgan maqbaralari hamda ularga kiraverishda o‘yib yozilgan katibalardan iborat74 (Qarang: 4-ilova).
Doro I maqbarasi to‘rtburchak shaklida, zardo‘shtiylik an’anasi asosida yaratilgan bo‘lib, eng qadimiy yodgorlikdir. Doro I Behistun yozuvlarida Ahamoniylar davlatining g‘arbiy viloyatlarini ko‘rsatib bergan bo‘lsa, Naqshi Rustam yozuvlarida mamlakatlar ro‘yxati Midiya va Elamdan so‘ng sharqiy viloyatlardan boshlanadi. Doro I surati ostiga yozilgan Naqshi Rustam katibasida ahamoniylar sulolasiga tobe’ bo‘lgan satraplik va xalqlarning ro‘yxatida Baqtriya beshinchi o‘rinda keltirilgan75. Doro so‘zi: “Men-Doro, ulug‘ podsho, shahanshoh, ko‘p qabila va mamlakatlarning podshosi, keng sayhon еrlarning podshosi, Vishtasp o‘g‘li, Ahamoniy, fors, forsning o‘g‘li, oriylar urug‘idan kelib chiqqan oriy. Fors viloyatidan tashqari quyidagi mamlakatlarni men bo‘ysundirganman, menga xiroj to‘lovchi bo‘lgan, mening so‘zimni ijro etgan, mening qonunimga asoslanib rivojlanayotgan: Midiya, Elam, Parfiya, Ar’ya, Baqtriya, Sug‘diyona, Xorazm, Drangiana, Araxosiya, Sattagiya, Gandhara [Gadâra], Hindiston [Hiduš], Saka Xaumavarka, Saka Tigraxauda, Ossuriya, Bobil, Arabiston, Misr, Armaniston, Kappadokiya, Lidiya, yunonlar [Yaunâ], daryodan narigi еrdagi saklar [Sakâ], Frakiya, petasos kiygan yunonlar [Yaunâ], liviyaliklar, nubiyaliklar, Maka va kariyaliklar”76 (Qarang: 5-ilova).
Fransuz va Eron arxeologlari tomonidan 1972-yilda Suza shahrida topilgan Doro I haykalida bitilgan yozuvlarda Baqtriya, Sug‘diyona, Xorazm, “balchiq va tuproq o‘lkasi saklari” tilga olingan.
Qadimgi Erondagi Persepol saroyi devoridagi rasmlarning o‘n beshinchi guruhida idishlar va tuya yеtaklayotgan besh nafar baqtriyaliklar tasviri o‘z ifodasini topgan (Qarang: 6-ilova). Keyinchalik rasmlarga qarab baqtriyaliklar kiyimi tiklangan (Qarang: 7-ilova).
Xulosa qilib aytganda, Behistun qoya tosh yozuvlarida, Doro I haykalining kartushlarida, Naqshi Rustamdagi Doro I qabrida unga bo‘ysungan xalqlar ro‘yxati keltirilgan. Bu ro‘yxatlarda Baqtriya turli o‘rinlarda yozilgan. Demak, ro‘yxatlarda davlatlarning geografik joylashishi yoki siyosiy mavqei e’tiborga olinmasdan faqat sanab o‘tilgan.
Baqtriyaning mil. avv. II–I asrlardagi tarixiy geografiyasiga oid ma’lumotlar qadimgi Xitoy manbalarida ham uchraydi. Mazkur Xitoy manbalarini N.Ya.Bichurin77, A.Xo‘jayev78, A.Abdurasul o‘g‘li kabi tadqiqotchilar tadqiq etishgan. Hozirgi kunda olimlar tomonidan Xitoy manbalaridan Sima Syanning “Tarixiy xotiralar” (mil. avv. II–I asrlar), Ban Guning “Xannoma” (mil. avv. I asr) va “Xitoyning 24 sulolaviy tarixi” kabi manbalar o‘rganilgan.
Naqshi Rustamdagi Doro I maqbarasining qarshisida Zardo‘sht ka’basi burji joylashgan (Qarang: 8-ilova). Uning tomi katta hajmdagi yassi tosh plitalar bilan yopilib, devorlarida deraza o‘rnida ochiq joylar qoldirilgan. Eron, Kavkaz va O‘rta Osiyo aholisi uylariga o‘xshatib qurilgan burjning devorlariga pahlaviy, Parfiya va yunon yozuvlarida Sosoniylar davlati tarkibiga kirgan mamlakatlar, bu joyga keltirilgan hadyalar ro‘yxati milodiy 262-yilda yozilgan. Jumladan, Zardo‘sht ka’basida shunday deyilgan: “Men janob Eronshohiman, men quyidagi shaharlar egasiman: ... Kushanshahrdan Pashkiburgacha, undan keyin Qos (Kesh), So‘g‘d va Shoshgacha. Bularning barchasi ko‘plab shohliklar xo‘jayinlari va hukmdorlari menga soliq to‘lovchilar va itoat qiluvchilardir”79.
Zardo‘sht ka’basi o‘z nomini, ehtimol, XIV asrda butun Forsdagi xarobalar Qur’oni karim yoki Shohnomadagi shaxslar bilan bog‘langan paytda olgan. Bu nom zardushtiylarning ziyoratgohi bo‘lganligini bildirmaydi va bu еrga ziyorat qilinganligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ka’ba XVII asrda Naqshi Rustamga tashrif buyurgan G‘arb sayohatchilarining asarlarida tasvirlangan.
Shopur I ning mazkur “Zardo‘sht Ka’ba”si deb nomlanuvchi o‘rta fors tilidagi epigrafik yozuvida Baqtriya Kushanshahr deb nomlanib, Sosoniylar Eroniga bo‘ysunuvchi o‘lka sifatida tilga olingan80.
Baqtriyaning tarixiy geografiyasi bo‘yicha muhim ma’lumotlar beruvchi manbalar turkumiga yunon-rim mualliflarining asarlari ham kiradi. Ular orqali qadimgi Sharq tarixida Baqtriyaning muhim ahamiyat kasb etgan o‘lka bo‘lganligi, mintaqa siyosiy va iqtisodiy tarixida o‘ziga xos o‘rin tutganligini anglash mumkin. Jumladan, Gerodot asarida Kirning harbiy yurishlar qilishi shart bo‘lgan mamlakatlar Misr va Bobil qatorida Baqtriya hamda saklar ham tilga olinadi81. U o‘z asarlarida baqtriyaliklar harbiy qurol-yarog‘ yasash sohasida bir qator xalqlarga, jumladan, sug‘diyonaliklar, xorazmliklar, ariylar, dadiklar va gandariyaliklarga o‘rnak bo‘lganliklarin e’tirof etib, mazkur xalqlar baqtriyaliklarniki kabi qurol-aslahalar bilan jangga kirishganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tgan82. Gerodotdan avval Esxil “Forslar” tragediyasida yosh baqtriyalik jangchilardan Tenagan va Aritom mil. avv. 480-yilda bo‘lib o‘tgan Salamin jangida qahramonlarcha halok bo‘lganligini keltirib o‘tgan83. Yevripidning “Vakxankalar” tragediyasida ham Baqtriya devorlari tilga olingan.
Yunon tarixchisi Ktesiyning Baqtriyani kuchli va qudratli mamlakat bo‘lib, mil. avv. VIII asrdayoq mustaqil davlat bo‘lganligi haqidagi ta’rifi mavjud84. Knidlik Ktesiyning ma’lumoti Diodor Sitsiliyskiyning “Tarixiy kutubxona” asarida keltirilgan: “Baqtriana o‘lkasi, ko‘p shaharlarga ega, ularning orasida asosiysi poytaxt shahridir. U Baqtra deb nomlanadi va boshqa shaharlardan o‘zining ulug‘vorligi va arkining qudratliligi bilan ajralib turardi. U еrda Oksiart podsholik qiladi...”85. Tadqiqotchilar fikricha, Diodor o‘z asarining ikkinchi qismini Ktesiy asaridan foydalangan holda yozgan86. Ktesiy asarida Ossuriya podshosi Nin va Semiramida bilan bog‘liq afsona keltirilgan.
Tadqiqotchilar fikricha, Ossuriyada Nin ismli podsho hukmronlik qilmagan bu bir afsona87 deb baholashsa-da, Ossuriya hududida Nin va Nineveya shaharlari mavjud bo‘lgan. Shuningdek, Semiramida Ossuriya malikasi Shammuramatning yunon tilidagi atalishi hisoblanadi88.
Nin nomi ham Ossuriya podshosining yunon tilidagi nomlanishi bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Ossuriya tarixida mil. avv. 823–811-yillarda hukmronlik qilgan Shamshiadad V afsonada berilgan Nin podshosi bilan qiyoslashadi.
Shamshiadad V otasi Salmanasar III ning harbiy yurishlarini davom ettirgan89. Urartu, Midiya va Parsuani egallagan. Shamshiadad V ning Shammuramat (Semiramida) ismli malikasi bo‘lgan. U Shamshiadad V vafotidan so‘ng 5 yil mamlakatni mustaqil boshqargan.
Diodor o‘z asarida yana quyidagi fikrlarni keltiradi: “...Ninning butun Osiyoni Tanaisdan Nilgacha bo‘lgan hududlarni egallashga ishtiyoqi kuchli edi.
Shu sabab u Midiyaga o‘z do‘stlaridan birini satrap qilib tayinlab, o‘n еtti yil davomida hindlar va baqtriyaliklardan tashqari, butun Osiyo qabilalarini bo‘ysundirdi. Hech bir tarixchi-yilnomachi bu yurishlar haqida yozib qoldirmagan, Knidlik Ktesiy asaridagi asosiy joylari haqidagina qisqacha bayon qilingan90.
Diodorning qoldirgan bu ma’lumoti ham qadimgi davrlarda, ya’ni mil. avv. VIII–VII-asrlarda qadimgi Baqtriya davlatining qudratini aks ettiradi. Nin Baqtriyaga ikki marta yurish uyushtiradi. Birinchisida mag‘lubiyatga uchraydi. Keyinchalik Ossuriyada o‘ziga mustahkam shahar qurgach, alohida tayyorgarlik ko‘rib, ikkinchi marta Baqtriyaga yurish qiladi. Bu jarayon ham Diodor asarida quyidagicha ta’riflangan: “Nin o‘ziga qaram bo‘lgan barcha xalqlardan qo‘shin to‘pladi. Ktesiyning ko‘rsatishicha, bir million еtti yuz ming piyoda askar, ikki yuz mingi otliq, o‘n ming jang aravalar bilan yurish qildi. Bu misli ko‘rilmagan qo‘shin edi”91. Diodor asarida Baqtriya satrapi Oksiart jang qilishga yaroqli bo‘lgan barcha aholisini to‘plaganda, ularning soni to‘rt yuz mingni tashkil etgan. Nin o‘z qo‘shini bilan Baqtriyaning ko‘pgina shaharlarini bosib olishga muvaffaq bo‘ladi, lekin poytaxt shahar Baqtrani egallay olmaydi. Shu paytda Semiramidaning yordami bilan Baqtra shahri egallanadi. Jangda Baqtriya satrapi Oksiart halok bo‘ladi. Nin Baqtriyaning juda boy oltin va kumushdan iborat xazinasini qo‘lga kiritadi92.
Bu voqealar tavsifi ba’zi olimlar tomonidan afsona tarzda qabul qilingan bo‘lsa-da, mil. avv. VIII–VII asrlarga oid qadimgi Baqtriya hududida ko‘plab qal’alarning izlari topilgan93. A.Asqarovning fikricha, Baqtriya tuprog‘ida mil. avv. I ming yillikning birinchi yarmiga oida 240 dan ortiq qishloq-qo‘rg‘onlar, qal’alar va shahar qoldiqlari topib o‘rganilgan94. Arxeologik tadqiqotlar ham qadimgi Baqtriyaning yirik davlatlardan biri bo‘lganligini asoslaydi.
Shuningdek, bu afsona Pompey Trog, Arrian va Ksenofont asarlarida yoritilgan bo‘lsada, ularda podsholar nomi turlicha yozilgan. Ksenofont bu voqealar Ossuriya shohi Kiaksar zamonida bo‘lgan deb yozib qoldirgan. Shuningdek, Ossuriya shohlari arxividan Ossuriya shohidan yordam so‘rab yozgan ayg‘oqchining nomalari saqlanib qolgan. Unda “... lekin, men lazuritni olib ketganimdan so‘ng, mamlakatda (Baqtriyada) bunga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlandi, shundan so‘ng katta harbiy kuch yuborishni iltimos qildim”95. Bu ma’lumot ham qadimgi davrda Baqtriya siyosiy maydonda o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lganligini ko‘rsatadi. Antik davr tarixchilari ma’lumotlari bo‘yicha, Baqtriya lazuritlari yuqori baholangan.
Tadqiqotchilar Ossuriya podsholigi bilan Baqtriya podsholigi o‘rtasidagi uzoq masofa bo‘lganligini inobatga olib, Baqtriyaning Ossuriyaga qaram bo‘lganligini inkor qiladilar. Lekin Baqtriya hududidagi qimmatbaho toshlar, asosan la’l (lazurit) qadimgi dunyo hukmdorlari diqqat markazida bo‘lgan. Boylik ularni uzoq masofani bosib o‘tib, boylikga hukmronlik qilishga halal bermagan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, manbalarda biz “afsonaviy hindlar diyori” to‘g‘risidagi ma’lumotga ham duch kelamiz. Bu xabarlar ham qadimgi dunyoda humron bo‘lishni istagan podsholar uchun uzoq masofa ahamiyatga ega bo‘lmaganligini ko‘rsatadi.
Baqtriya haqidagi ishonchli ma’lumotlarni makedoniyalik Aleksandr tarixchilari (Ptolemey, Aristobul, Onesikrit, Kallisfen, Xarresslar) va undan keyingi davrda yashagan yunon muarrixlari (Diodor, Strabon, Pompey Trog, Plutarx, Klavdiy Ptolemey, Pliniy, Arrianlar) asarlarida keltirilgan. Arrian “Aleksandrning harbiy yurishlari”asarining uchinchi qismida makedoniyalik Aleksandr qo‘shiniga qarshi kurashga Bess boshchilik qilganligi qayd etilgan: “Doroga yordam uchun baqtriyaliklarning qo‘shnisi hindlar, baqtriyaliklar va sug‘dlarning o‘zlari keldilar. Ularning hammasiga Baqtriya satrapi Bess boshchilik qilgan”96. Makedoniyalik Aleksandrning harbiy yurishlari haqidagi to‘liq ma’lumotlar rimlik tarixchi Kvint Kursiy Rufning “Buyuk makedoniyalik Aleksandr tarixi” asarida ham keltirilgan. Masalan, u Baqtriya tarixiy madaniy o‘lkasi tabiati haqida shunday yozadi: “Baqtriyaning tabiati boy va turli-tumandir. Ba’zi joylarda ko‘pdan-ko‘p daraxtzorlar va tok novdasi serob shirin meva hosil qiladi; unumdor еrlarni ko‘p sonli buloq, daryolar sug‘oradilar; hosildor tuprog‘ida bug‘doy ekiladi; boshqa еrlar o‘tloqlar uchun qoldiriladi. O‘lkaning katta bir qismini hosilsiz dashtlar egallaydi; suvsizlik tufayli tashlab qo‘yilgan viloyatlarda na odamlar, na mevalar bor. Pontdan (dengizdan) esayotgan shamollar tekisliklarga qumlarni uchirib keltiradi; olis masofadan qum uyumlari katta tepaliklarga o‘xshab ketadi; shu еrda yo‘llarning izlari yo‘qolib qoladi”97. Kvint Kursiy Rufning ma’lumotlariga ko‘ra, “Baqtriyaning poytaxti Baqtra bo‘lib, Paropamis tog‘lari etagida joylashgan. Uning devorlari tagidan Baqtra daryosi oqib o‘tadi. Mazkur daryo nomidan shahar va o‘lka nomi kelib chiqqan”98. Tadqiqotchilar Boxtar so‘zini qadimiy turkiy tilidagi asosida bük – “egilmoq”, “bukilmoq” so‘zi yotuvchi büktir99, ya’ni “balandlik”, “qoyali tepalik” va “balandlikda joylashgan shahar” kabi ma’nolarni bildiruvchi so‘zdan kelib chiqqanligini asoslashgan100.
Ptolemey “Geografiya” asarida Baqtriyada Oks (Amudaryo) havzasi bo‘ylab 6 ta shahar: Oks (Ὦξος), Xa(t)raxarta (Χαϱ(ϱ)άχαϱτα yoki Κατραχάρτα; 110°, 44°10ґ), Zariaspa (Ζαϱιάσπα ili Ζαϱίσπα; 115°, 44°), Xoana (Χοάνα; 117°, 42°), Suragana (Σουϱάγανα yoki Ζοραχάνα; 117°30ґ, 40°30ґ), Fratrua (Φϱάτϱου ili Φρατρούα; 119°, 39°20ґ)101 joylashganligi haqidagi ma’lumotlarni keltirgan.
Xulosa qilib aytganda, Baqtriya haqidagi dastlabki ma’lumotlar zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”, qadimgi hind, qadimgi Ahamoniylar Eroni va pahlaviy tilidagi bitiklar hamda qadimgi Xitoy qo‘lyozmalari kabi Qadimgi Sharq yozma manbalarida hamda antik davr yunon-rim mualliflari asarlarida keltirib o‘tilgan.

Download 243.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling