Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi


II BOB. SHIMOLIY BAQTRIYANING GEOGRAFIK O‘RNI MASALASI


Download 243.35 Kb.
bet10/35
Sana16.06.2023
Hajmi243.35 Kb.
#1489464
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   35
Bog'liq
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023

II BOB. SHIMOLIY BAQTRIYANING GEOGRAFIK O‘RNI MASALASI
2.1-§. Shimoliy Baqtriyaning savdo yo‘llari geografiyasi

Tadqiqotchilar tomonidan so‘nggi paleolit davridan turli hududlar o‘rtasidagi o‘zaro mahsulot almashinuvi, ilk aloqa yo‘llari paydo bo‘lganligi taxmin qilinadi102. Ilk aloqa yo‘llari va o‘zaro mahsulot almashinuv rivojida ishlab chiqaruvchi xo‘jalik turlarining paydo bo‘lishi ham katta o‘rin tutgan. Tegishli ma’lumotlarni tahlil qilish, ishlab chiqaruvchi xo‘jalikning dastlabki belgilari mezolit davrining so‘nggi bosqichlarida ayrim hayvonlarni qo‘lga o‘rgatish shaklida O‘rta Osiyoning bir qancha hududlarida ham paydo bo‘lganligi haqida fikr bildirish imkonini beradi. Jumladan, Surxon vohasi hududidagi Machay g‘or makonidan103 qo‘lga o‘rgatilgan hayvon suyaklari topilgani104 buni tasdiqlaydi. O‘zbekiston tarixidagi yana bir muhim muammo, insonlar tomonidan yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish jarayonining boshlanishi ham Boysundagi Machay g‘orida amalga oshirilganligi tadqiqotlar tufayli o‘z еchimini topdi. Machay g‘orini qazish davomida undagi madaniy qatlamlarda katta va kichik tuyoqli hayvon suyaklari qoldiqlarini tahlil qilish asosida O‘.Islomov aynan shunday xulosaga kelgan105. Mezolit davrida Surxon vohasida hududlar o‘rtasida turli mahsulotlarning almashinuvi shakllana boshlaydi. Radiokarbon metodi asosida yoshi mil. avv. 5-ming yillikka oidligi aniqlangan To‘da-1 g‘ori tosh industriyasining Machaydaradagi Qaynar-Kamar g‘ori tosh qurollariga aynan o‘xshashligi buning isbotidir106.


Shu tariqa, so‘nggi paleolit va mezolit davrlarida turli hududlar o‘rtasidagi mahsulotlar almashinuvi shakllanadi. Bu jarayon, nafaqat, tor doirada, bir qabiladan bevosita qo‘shni qabilaga mahsulot chiqarish tarzida borgan, balki shu bilan birga, ba’zi nodir mahsulotlar hududdan hududga, qabiladan qabilaga o‘tib uzoq, o‘lkalarga ham еtkazib berilgan. Qadimgi tosh davridagi bunday ibtidoiy mahsulot almashinuvi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan ilk aloqa yullarining shakllanishini boshlab bergan muhim sabablardan biri edi. Bu ilk aloqa yullarining shakllanishi jarayonida turli hududlar, birinchi galda, o‘zaro qo‘shni hududlar o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlashning mavjudligi ham katta o‘rin tutganligini qayd etishga imkon beradi107.
Shuningdek, Machay g‘op makonidan topilgan chaqmoqtosh qurollar Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Kavkaz va Qrim yarimoroli hududlaridagi mehnat qurollariga yaqin ekanligi108 mintaqamizning tashqi aloqalari boshlangan davr masalasiga aniqlik kiritishni kun tartibiga quymoqda. Albatta, yuqoridagi hududlar va makonlardan olingan tosh qurollardagi o‘xshashliklarga “o‘sha davr tosh industriyasi rivojiga xos umumiy xususiyatlar natijasi sifatida”109 ham qarash mumkin. Lekin, paleolit davrida toshga ishlov berish texnikasi sohasida qo‘lga kiritilgan yangiliklarning nisbatan katta hududlarda tarqalishi o‘zaro qo‘shni jamoalar o‘rtasida doimiy xo‘jalik aloqalari va o‘zaro madaniy ta’sir mavjud bo‘lganligidan dalolat berishini110 ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi111. Shu tariqa, еr sharining boshqa antropogen landshaftlari singari Surxon vohasi hududida ham ilk aloqa yo‘llari tarmoqlarining shakllanishi tosh davrida boshlangan va ibtidoiy ajdodlarimizning turmush tarzi, xo‘jalik ehtiyojlariga mos ravishda rivojlanib borgan.
Bronza davrida esa ilk aloqa va savdo yo‘llari vujudga keladi. Jumladan, mil. avv. III ming yillik oxirida Surxon vohasining Muzrabot va Sherobod vohalarida Sopolli madaniyatiga mansub manzilgohlar (Sopolli, Jarqo‘ton)ning mintaqa janubidagi tranzit aloqa yo‘llari bilan bog‘langanligini ko‘ramiz.
“Lojuvard yo‘li”, “Buyuk Hind yo‘li”, “Shoh yo‘li” hamda “Buyuk ipak yo‘li” kabi quriqlikdagi savdo yo‘llarining va Amudaryo suv yo‘lining muhim yo‘nalishlari Shimoliy Baqtriya hududidan o‘tgan va bu o‘lka bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan.
Surxon vohasi hududida ilk aloqa yullari rivojida bronza davri o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Bu davr mintaqada antropogen landshaftlar ko‘lami kengayib borishi hamda sug‘orma dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarning tashkil topishi bilan xarakterlanib, bunday iqtisodiy ixtisoslashuv ba’zi bir o‘zgarishlar bilan to XX asr boshlarigacha saqlanib qoldi.
Mil. avv. III ming yillik oxiri – II ming yillikda O‘rta Osiyoning janubiy hududlarida dehqonchilik madaniyati yirik daryolar vodiylariga yoyilib, Shimoliy Afg‘onistonda Dashli, Surxon vohasida Sopolli kabi o‘troq dehqonchilik madaniyatlari paydo bo‘ldi. Bu davrda Shimoliy Baqtriya hududida qadimgi dehqonlar kichik daryo va soylar bo‘ylab, o‘troqlashuvning voha tizimiga asosan joylashganlar112. So‘nggi yillarda bu hududdagi tog‘ oldi darasidan chiqish joyida joylashgan Jarqo‘ton yodgorligi shahar-davlat tipidagi davlatchilik markazi bo‘lganligi haqida asosli fikrlar ilgari surilgan113. Jumladan, A.Asqarov fikricha, agar Sopollitepa o‘zining qadimgi shaharsozlik madaniyatiga xos barcha alomatlari bilan protoshahar, ya’ni “Avesto”da tilga olingan vara inshootini eslatsa, Jarqo‘ton yodgorligi O‘zbekiston hududida birinchi bor shakllangan tom ma’nodagi qadimgi shahar edi. Jarqo‘ton qadimgi Sharq shaharlardan tarkibiy jihatdan farq qilmaydi114. Olimning taxminicha, shahar hunarmandchiligi mahsulotlari nafaqat ichki bozor, balki tashqi bozor uchun ham keng ko‘lamda ishlab chiqarilib, ushbu qadimgi shahar madaniyatiga tegishli kulolchilik mahsulotlari uzoq Xitoy hududlarigacha kirib borgan115.
Sopolli madaniyatiga xos bo‘lgan sopollarning Shimoliy Qozog‘iston hududlarida joylashgan bronza davri yodgorliklarida uchrashi yoki Xarappa madaniyati savdogarlarining Baqtriyaga kelib o‘rnashishi (Sho‘rto‘qay) va o‘zaro savdo hamda madaniy aloqalar o‘rnatishi, Baqtriya va Marg‘iyona aholisining Eron orqali Xettlar bilan madaniy aloqasini tasdiqlovchi ko‘plab muhrlarning topilishi Sopolli madaniyati aholisining madaniy va savdo munosabatlarini juda keng hududlarda olib borganligini tasdiqlaydi116.
Sopolli madaniyati aholisining aynan Sherobod vohasini makon tutishining bosh sababi bu еrda tabiiy “tuz tog‘i”ning mavjudligidir. Bu madaniyatning eng qadimgi va asosiy manzilgohlari Sopollitepa, Jarqo‘ton, Tillabuloq, Tulkitepa, G‘ozqal’a yodgorliklari bevosita Xo‘jaikon tuz koni atrofida joylashgan. Eng asosiy strategik mahsulot hisoblangan tuz savdosi mazkur madaniyat aholisining eng asosiy mashg‘ulotlaridan biri hisoblangan117.
Ular Qadimgi Sharq dunyosini tabiiy tuz mahsuloti bilan ta’minlagan. Baqtriya moddiy madaniyatining boyligi, ayniqsa muhrlar va ulardagi tasviriy ifodalar xilma-xilligining asosiy sababi mana shundadir.
Tillabuloq qishlog‘i Ko‘hitang tog‘i etagidagi polimetall va temir konlariga borish yo‘lida joylashgan bo‘lib, Mil. avv. II mingyillikning ikkinchi yarmida saylangan hukmdor oqsoqollar kengashi boshchiligidagi bir necha madaniy vohalarning ixtiyoriy birlashishi shaklidagi Shimoliy Baqtriyadagi rivojlangan yirik birlashma hokimiyatining asosiy maqsadi Tillabuloq qishlog‘idagi еrosti boyliklarini qazib olish bo‘lgan118 va tabiiyki bu mineral resurslarni qazib olish maqsadida yo‘llar bunyod etilgan.
Qadimgi Sharq sivilizatsiyasi tarkibidagi Sopolli madaniyati yodgorliklaridan lyapis–lazuritdan yasalgan taqinchoqlarning ko‘plab turlari aniqlangan bo‘lib, ularni o‘rganish zargarlik san’ati va madaniy aloqalarni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa och-ko‘k lazurit marjonlarni yasashda ko‘p ishlatilgan119.
Sopolli madaniyati aholisi lyapis-lazuritdan asosan marjonlarni yasashda foydalangan120. Sopolli madaniyatining dastlabki Sopolli va Jarqo‘ton bosqichlarida silindr, romb, disk, bochka, oval, to‘rtburchak, bikonik va xoch shaklidagi marjonlarning katta qismi och ko‘k rangli lazuritdan yasalgan121.
G.Ch.Kattayeva tomonidan O‘zbekiston Janubiy bronza davri aholisining savdo va madaniy aloqalari taraqqiy qilganligini Sopolli madaniyatining zargarlik buyumlari tarkibidagi taqinchoqlarni yasashda ishlatilgan minerallar, jumladan, serdolik, aqiq – Hindistondan, nefrit – Xitoydan, xlorit – Erondan, feruza – Yevroosiyo mintaqasidan olib kelinganligi, lazurit, xalsedon, gips kabi minerallar va oltin, kumush, mis, qalay kabi metallar mahalliy xomashyo ekanligi aniqlanib, bu madaniyatining Sopolli va Jarqo‘ton bosqichi taqinchoqlari yasalish shakli bo‘yicha Mesopotamiya, Xarappa, Eron taqinchoqlariga, Ko‘zali, Mo‘lali, Bo‘ston bosqichi taqinchoqlari Janubiy Ural va Markaziy Qozog‘iston hududlarida shakllangan ko‘chmanchi Andronovo madaniyati taqinchoqlari bilan yaqinligi dalillangan122.
Ishlab chiqarish shakliga ko‘ra Sopolli madaniyatining Ko‘zali, Molali, Bo‘ston bosqichlariga kelib, dastlabki davrdagi (Sopollitepa, Jarqo‘ton) marjon shakllaridan tashqari katta hajmdagi tomchisimon marjonlar paydo bo‘lgan123. Xususan, Bo‘ston VI dan 27 ta, Molalidan 7 ta124 tomchi shaklidagi marjonlar topilgan. Ushbu bosqichlarga kelib nisbatan yirik hajmdagi tomchisimon marjonlar paydo bo‘lishi bevosita ko‘chmanchi dasht qabilalari bo‘lgan Srub va Andronovo madaniyati vakillarining ta’siri bilan bog‘liq125. Ushbu turdagi marjonlar o‘xshashlari Shahdod126, Hisor III127, Darnaychi128 va Nurek129 kabi yodgorliklardan ham topilgan.
Shimoliy Afg‘oniston hududidagi Dashli madaniyati Sopolli madaniyatiga geografik jihatdan eng yaqin joylashgan bo‘lib, Dashli I va Dashli III qabrlaridan topilgan topilmalar Sopollitepadan topilgan topilmalar bilan juda o‘xshash130. Dashli madaniyatiga tegishli silindr, romb, oval, doira, bikonik shakldagi marjon va shokila marjonlarning asosiy qismi lazurit va serdolikdan yasalgan bo‘lib, lazurit marjonlar yasalish shakli jihatdan Sopollitepa marjonlari bilan deyarli bir xil131.
Sopolli madaniyati bilan turdosh bo‘lgan Zarafshon vodiysining bronza davri yodgorliklari Zamonbobo132 Siyob, Zarcha Xalifa, Jom, Sazag‘onsoy, Oqsoy, To‘sinsoy, To‘g‘ay yodgorliklaridagi qabrlardan ham ushbu madaniyatiga xos bo‘lgan ko‘plab lyapis-lazuritdan yasalgan marjonlar topilgan133.
Markaziy Osiyoda o‘tgan asr boshida yagona Badaxshon lojuvard koni ma’lum edi. Ilmiy tadqiqotlarda eng qadimgi lazurit yo‘li ham shu kondan boshlangan, deb e’tirof etilgan. Hozirgi kunda o‘nlab lojuvard konlari aniqlangan. Bu konlarning hammasi qadimgi davrlardan buyon ma’lum edi, degan fikrdan yiroqmiz, ammo Qadimgi Sharq va Baqtriya – Marg‘iyona arxeologik kompleksi (BMAK) hududidagi arxeologik yodgorliklardan topilayotgan lojuvarddan yasalgan artefaktlar ranglarining va kimyoviy tarkibining xilma xilligi ularning har xil konlardan olinganligini ko‘rsatmoqda. Arxeologik qazish usullari, moddiy manbalarga ilmiy yondashish, ma’lumotlar olish usullari rivojlanmoqda. Shunday ekan, har bir lojuvarddan yasalgan arxeologik artefaktlarning kimyoviy tahlillari o‘tkazilishi shart va makonlar bilan taqqoslash ishlari olib borilishi kerak.
Baqtriya lojuvardlari Qadimgi Sharq dunyosida yuqori baholanganligi hammaga ma’lum, hattoki fanda “Buyuk lojuvard yo‘li” atamasining paydo bo‘lishining o‘zi ham Baqtriya aholisining savdo munosabatlarida muhim o‘rin tutganligidan dalolat beradi134.
O‘.Mavlonov tomonidan O‘rta Osiyoning sharqiy, janubiy va markaziy hududlarini Badaxshondagi lojuvard konlari bilan bog‘lovchi ichki aloqa yo‘llarining quyidagi yunalishlarda bo‘lganligi haqida fikr bildirilgan:
1) Badaxshondan Sarazmga qadar bo‘lgan yo‘nalish. Pomir tog‘idagi dovonlar hamda Surxon vohasidan Temir darvoza va Janubiy Sug‘d еrlari orqali o‘tgan aloqa yo‘llari bo‘lganligini taxmin qilish mumkin. Bronza davrida boshlangan Sarazmdan Hisor tog‘laridagi dovonlar (Kishtut, Mura va boshqalar) orqali Qoratog‘daryo vodiysiga o‘tuvchi yo‘llardan foydalanish haqidagi ma’lumotlar ham diqqatga sazovor loyiqdir135.
2) Badaxshondan Zamonbobo yodgorligiga qadar bo‘lgan yo‘nalish. Bu aloqa yuli ham ikki yunalishda bo‘lib, Tog‘li Badaxshondan Shimoliy Afg‘oniston (Dashli) – Amudaryoning o‘rta oqimi – Quyi Zarafshon vohasi yoki Tog‘li Badaxshon – Shimoliy Afg‘oniston (Dashli) – Surxon vohasi (Sopolli) – quyi Qashqadaryo vohasi – Zamonbobo madaniyati makonlariga olib kelgan. Moddiy topilmalar tahlili mil. avv. II ming yillikka kelib ikkinchi yunalishdagi aloqa yo‘lidan foydalanish ancha faol bo‘lganligini ko‘rsatmoqda.
3) Badaxshondan Turkmanistonning janubiga qadar bo‘lgan yo‘nalish. Eneolit va bronza davrlarida Badaxshon – Sho‘rto‘qay – Mundigak – Anov – Namozgoh – Oltintepa yo‘nalishida, mil. avv. II ming yillikdan boshlab Badaxshon – Shimoliy Afg‘onistondan Amudaryo chap qirg‘og‘i bo‘ylab to daryoning o‘rta oqimidagi Odoytepagacha, bu еrdan Murg‘ob vohasi – Janubiy Turkmanistonga qadar hududlardan bu yo‘nalish o‘tgan136.
“Lojuvard yo‘li” Tog‘li Badaxshondan boshlanib, Janubiy Tojikiston (Makoni Mor, Karimberdi), Janubiy O‘zbekiston (Sopollitepa, Jarqo‘ton, Tillabuloq, Molali), Janubiy Turkmaniston (To‘g‘oloq, Gonur), Bolujiston orqali Hindistonga tutashgan137. Bu borada Xarappa sivilizatsiyasi koloniyalaridan biri bo‘lgan Sho‘rto‘qayni alohida ta’kidlamoq lozim138.
A.A.Boqiyev Oks sivilizatsiyasi vakillari Elam, Qadimgi Hindiston, Mesopotamiya, Suriya, Xetit, Andronovo madaniyati sivilizatsiyalari bilan madaniy va savdo munosabatlarini o‘rnatganligi bu madaniyat vakillarining madaniy taraqqiyotda erishgan yutuqlari qatorida turishini ta’kidlab o‘tgan (2.1.-jadvalga qarang)139.
Janubiy Turkmaniston va Sarazm madaniyatlari o‘rtasidagi aloqa yo‘li Surxon vohasi, Shimoliy Afg‘oniston va Murg‘ob vohasi orqali ham o‘tgan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, Sopolli madaniyati mintaqa janubidagi Anov – Namozgoh madaniyati vakillarining Sharqqa ko‘chishlari natijasida vujudga kelgan. Kopetdog‘dan Marg‘iyonaga ko‘chib kelgan aholi keyinchalik Baqtriya hududiga - Amudaryoning ikki qirg‘og‘ira ko‘chib o‘tadi va Shimoliy Afg‘onistonda Dashli va Surxon vohasida Sopolli madaniyatlariga asos soladi140. Yuqoridagi ma’lumotlardan ushbu migratsiya yo‘li Namozgoh – Murg‘ob vohasi – Dashli (Shimoliy Afg‘oniston) – Sopolli (Sherobod vohasi) yunalishida bo‘lganligini anglash mumkin. Bu yunalishdagi migratsiya yuli sug‘orma dehqonchilik va ilk shaharsozlik madaniyati tarqalishida ham katta o‘rin tutganligi ma’lum. Agar Dashli va Sopolli makonlarning geografik joylashuvi O‘rta Osiyoda qadimgi davlatchilikning paydo bo‘lishida muhim o‘rin tutgan qadimgi Baqtriya hududiga to‘g‘ri kelishini hisobga olsak, bronza davridagi iqtisodiy-madaniy aloqalarning davlatchilik rivojiga ko‘rsatgan ta’siri haqida ham ma’lum xulosalarga kelish mumkin.
Shu o‘rinda Janubiy O‘zbekiston va Janubiy Turkmanistondagi o‘troq dehqon manzilgohlarining o‘zaro aloqadorligi va ta’sir yunalishlarini e’tirof etgan holda, bu masalada ko‘pchilik mutaxassislar fikrini rad etuvchi qarashlar ham mavjudligini aytib o‘tish lozim. Xususan, bazi mutaxassislar O‘rta Osiyoning dasht hududlarida paydo bo‘lgan Sopolli madaniyati keyinroq Marg‘iyona va Kopetdog‘ tog‘ oldi tekisliklariga yoyilganligi haqidagi fikrni ilgari surganlar141. Lekin bu fikr hozircha ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan qabul qilinmagan.
Mil. avv. II mingyillikda Hindiston bilan Shimoliy Afg‘oniston va Surxon vohasidagi bronza davri makonlari (Sopolli, Jarqo‘ton) o‘rtasida aloqa yo‘llari bilan iqtisodiy-madaniy aloqa mavjud bo‘lganligini moddiy topilmalar tasdiqlaydi. Bu kabi aloqalarni Sopollitepadan burgut rasmi chizilgan muhrlar, Jarqo‘ton yodgorligidan esa botxa (“peepul”) daraxti tasviri mavjud bo‘lgan idishning142, fil qiyofasi tasviri bo‘lgan terrakota haykalchaning143 topilganligi isbotlaydi.
O‘z navbatida Xarappa madaniyati yodgorliklarida Oks sivilizatsiyasiga xos bo‘lgan qator hunarmandchilik buyumlari, jumladan 42 ta sopol, 19 ta metall va 4 ta “mitti ustun”lar aniqlangan144.
O‘.M.Mavlonov Tog‘li Oltoydagi oltin konlardan boshlanib, O‘rta Osiyo orqali Hindiston va Eronga olib boruvchi ramziy ma’nodagi “Oltin yo‘li” Baqtriya orqali o‘tganligini ta’kidlab o‘tadi145.
Insoniyat tarixida sersuv daryo vodiylarini o‘zlashtirish mezolit va neolit davrlaridan boshlanib, eneolit va bronza davrlarida bu jarayon yanada kengaydi. Mezolit va neolit davrida daryo va ko‘llarda suzishga mo‘ljallangan turli shakl, hajmdagi dastlabki sollar va qayiqlar paydo bo‘lgan146. Qadimgi Sharqda davlatchilikning rivojlanishi ichki va tashqi iqtisodiy aloqalarning kengayib borishi suv transporti taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab bergan. So‘nggi bronza va ilk temir davrida kemachilikning rivojlanishida O‘rta yеr dengizi bo‘yida yashovchi xalqlar (qadimgi misrliklar, finikiyaliklar, ellinlar va boshqalar) katta o‘rin tutgan. Amudaryo suv yo‘lida harakatlanuvchi transport vositalarining paydo bo‘lishi ham qadimgi davrlarga borib taqaladi. Amudaryoning quyi oqimi havzalarida yashagan va xo‘jaligida baliqchilik yеtakchi bo‘lgan Kaltaminor madaniyati sohiblari mintaqadagi ilk kemachilikka asos solgan147.
Bronza davriga oid Beshtepa yodgorligi (Nukusdan 20 km. uzoqlikda) qoyatosh suratlaridan kema tasvirining topilishi Amudaryoda kemachilik qadim asoslarga ega ekanligini tasdiqlaydi148. Yassi tagli, bir machtali, to‘rtburchak еlkanli, baland ko‘tarilgan burama old qism va unga nisbatan pastroq quyruq qismli ushbu kema o‘z tuzilishiga ko‘ra Misr, Mesopotamiya, Sharqiy O‘rta yеr dengizi va Bolqondagi kemalarga o‘xshab ketadi149.
Qadimgi davrning asosiy mintaqalaro yo‘llaridan biri – “Buyuk Hindiston yo‘li” Hindistondan ikkita asosiy yo‘nalishda: g‘arbga – O‘rta yеr dengizi mamlakatlariga (Kavkaz orqali) va sharqqa – Qadimgi Xitoyga borgan. Bu yo‘lning shakllanishi mil. avv. III-II ming yilliklarga borib taqaladi va uning muntazam faoliyat ko‘rsatishi ellinizm va Kushon podsholigi davrlariga to‘g‘ri keladi150.
“Ma’lumki, azaldar Buyuk Ipak yo‘li, Buyuk Hind savdo yo‘llari joylashgan Markaziy Osiyo geostrategik o‘rnashuviga ko‘ra, ming yillar davomida jahon miqyosida muhim jarayonlar markazida bo‘lib kelgan. Bizning mintaqamiz Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘laydigan o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan” – deya ta’kidlaydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev.

Download 243.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling