Shokirov toxirjon nurmamatovich


Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi


Download 114.2 Kb.
bet8/20
Sana06.05.2023
Hajmi114.2 Kb.
#1436218
TuriReferat
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   20
Bog'liq
9.02. автореф. вакка берл

Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Mazkur tadqiqot natijalari 2 ta xalqaro va 5 ta respublika ilmiy-amaliy anjumanlarda ma’ruza shaklida bayon etilgan va aprobatsiyadan o‘tgan.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinishi. Tadqiqot mavzusi bo‘yicha jami 15 ta ilmiy ish, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiyasi komissiyasining dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etishga tavsiya qilgan ilmiy nashrlarda 7 ta maqola (6 ta respublika, 1 ta xorijiy jurnalda) chop etilgan.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya kirish, uch bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat. Hajmi 136 betni tashkil etadi.
DISSERTATSIYANING ASOSIY MAZMUNI


Kirish qismida tadqiqot mavzusining dolzarbligi va zarurati, muammoning o‘rganilganlik darajasi, ilmiy yangiligi asoslangan, tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining asosiy ustuvor yo‘nalishlariga bog‘liqligi, ob’ekti, predmeti, metodlari, maqsadi va vazifalari aniqlangan, olingan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati, amaliyotga joriy qilingani, aprobatsiyasi, nashr etilgan ishlar, tadqiqotning tuzilishi bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan.
Dissertatsiyaning “O‘zbek milliy madaniyati va uning rivojlanish jarayonlarini tadqiq etishning nazariy-metodologik asoslari” deb nomlangan birinchi bobida Sharq va G‘arb olimlarining “madaniyat” va “milliy madaniyat” tushunchalarining falsafiy tahliliga doir qarashlari, vorisiylik tushunchasi, o‘zbek milliy madaniyatining rivojlanish bosqichlari va unda vorisiylikning namoyon bo‘lishi tahlil qilinadi.
Bobning “Madaniyat” va “milliy madaniyat” tushunchalarining falsafiy tahlili” nomli birinchi paragrafida madaniyat tushunchasiga bugungi kungacha berilgan ta’riflar va uning rivojlanish bosqichlari atroflicha tahlil qilinadi. Masalan, milliy madaniyatlarning rivojlanishidagi bir-biriga o‘zaro ta’siri, ikki yoki ko‘p tomonlama ta’siri tushuniladi, ya’ni bu yerda nafaqat bevosita to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatish jarayonigina emas, balki teskari aks yo‘nalishdagi ta’sir, masalan, o‘zbek va tojik xalqlarining milliy madaniyati yoki bir nechta xalqning milliy madaniyatlari (o‘zbek, tojik, turkman, qirg‘iz, qozoq xalqlarining) bir vaqtda ko‘rsatadigan ta’siri nazarda tutiladi. Bundan yarim asr muqaddam A.Kryobera va K.Klakxonaning “Kultura, kriticheskiy obzor opredeleniy”1 nomli kitobida madaniyat tushunchasiga 400 dan ortiq ta’rif berilgan va ular belgilariga ko‘ra 10 guruhga ajratilgan. Birinchi guruhda madaniyatning tasviriy tavsifi keltirilgan bo‘lsa, ikkinchi guruhda uning an’analar, jamiyatning ijtimoiy merosiga aloqador jihatlari, uchinchi guruhda millat, elat hayot tarzini tashkil etuvchi madaniy qoidalar sharhlagan. Mazkur guruhlarda madaniyat inson faoliyatining mahsuli sifatida ta’riflanadi.
“Madaniyat” atamasi hozirgi zamon ilmiy adabiyotlarida rang-barang ma’nolarda ifodalangan. “Madaniyat” va “kultura” atamalari mutaxassislar fikriga ko‘ra aynan bir ma’noni anglatib, lotincha “ishlov berish”, “parvarish qilish” ma’nosini anglatgan. Keyinchalik “ma’rifatli bo‘lish”, “tarbiyali”, “bilimli bo‘lish” mazmunida ishlatilgan. Qadimgi Rimda “Madaniyat” tushunchasidan “hayotni ma’naviy jihatdan yanada yaxshilashga va tozalashga qaratilgan g‘amxo‘rlik”, degan ma’noda ham foydalanilgan.
Tadqiqotchilar L.I.Grishaeva va L.V.Surikova o‘zining “Vvedenie v teoriyu mejkulturnoy kommunikatsii” kitobida madaniyatga quyidagicha izoh beradi: “Madaniyat – bu inson faoliyatining turli xil sharoitlarda odamlarning aniq vaziyatlardagi o‘zaro harakati natijasidir”2.
Madaniyatshunoslikka oid ensiklopedik lug‘atda madaniyat “insonlar o‘z hayot faoliyatlarida qo‘llaydigan mazmunli ramzlar, g‘oyalar, qadriyatlar, urf-odatlar, e’tiqodlar, an’analar, odob-axloq normalarini avloddan avlodga o‘tkazib kelgan tushunchalar majmui” sifatida ta’riflanadi3. Madaniyatni bu tarzda talqin etish insoniyatning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun jismoniy va aqliy mehnatlari natijasida yaratilgan barcha jarayonlarni tushunishni taqozo etadi.
Milliy madaniyat – millat bosib o‘tgan uzoq tarixiy tajriba, uni o‘rab turgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy muhit ta’sirida shakllangan, millatning qalbi, ruhiga singgan va uning mentalitetini, tafakkur tarzini, o‘ziga xosligini, urf-odatini, did va orzularini ifoda etuvchi va zamon ruhiga hamohang takomillashib boruvchi tipik xususiyatlar majmuasidir.
Bobning ikkinchi paragrafi “O‘zbek milliy madaniyati rivojlanish bosqichlari va unda vorisiylikning namoyon bo‘lish shakllari” deb nomlanib, mazkur paragrafda o‘zbek milliy madaniyati rivojiga ta’sir ko‘rsatgan ob’ektiv va sub’ektiv omillar hamda mazkur jarayonning rivojida vorisiylikning namoyon bo‘lishi haqida so‘z yuritiladi.
Madaniyatning falsafiy tahlili madaniyat va jamiyat munosabatining muhim tomoni – jahon madaniyatining xilma-xilligi, undagi milliy, etnik farqlar, o‘ziga xosliklarining mavjudligi masalasini chetlab o‘tolmaydi. Bu kabi o‘ziga xosliklarning manbaini madaniyatlar shakllanishining tarixiy shart-sharoitlaridan, bosib o‘tgan yo‘lidan qidirmoq kerak. Mazkur masalani yoritishda Prezident Sh.Mirziyoyevning “... bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”1 degan fikri umumnazariy asos qilib olingan va ilgari surilgan qarashlarda o‘z ifodasini topgan.
Madaniyatdagi milliy, baynalmilal, umuminsoniy elementlar haqida gap ketganda metodologik ahamiyatga ega bo‘lgan bir masalaga diqqatni qaratish lozim. “Milliylik”, “baynalmilallik” va “umuminsoniylik” kategoriyalari bir-biri bilan “yakkalik”, “xususiylik” va “umumiylik” kategoriyalari kabi dialektik birlikni tashkil etadi. Xususiylik va umumiylik kategoriyalari bir-biri bilan umumiylik darajasiga ko‘ra farqlanganidek, baynalmilallik va umuminsoniylik kategoriyalari ham o‘zaro shunday farqlanadi.
O‘zbek xalqi milliy madaniyati rivojida vorisiylik an’analari o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Insoniyatning ijtimoiy hayoti taraqqiyotida vorisiylikning mohiyati va roli muammosi har doim tadqiqotchilarning e’tiborini o‘ziga jalb etib kelgan. Ko‘pgina ijtimoiy adabiyotlarda E.A.Baller tomonidan berilgan “vorisiylik” tushunchasining ta’rifi kengroq tarqalgan: “Vorisiylik mohiyati butunning u yoki bu unsurlarini tizim sifatida saqlagan yoki bir holatdan ikkinchi holatga o‘tgan vaqtda borliqning ham, bilishning ham turli bosqichlari va darajalari orasidagi aloqalar majmuasidir. O‘tmishni kelajak bilan bog‘lab, shu bilan vorisiylik butunning barqarorligini ta’minlaydi”2. Shunday ekan, vorisiylik – taraqqiyot bosqichlarining o‘zaro aloqadorligini ta’minlab, insoniyat hayotida ob’ektiv qonuniyat hisoblanadi, deb yozadi.
Madaniyatlar taraqqiyotidagi vorisiylik masalasi xususida fikr yuritar ekanmiz, ko‘pchilik uni madaniy meros tushunchasi bilan bir qatorda ko‘rishadi. Madaniy meros tushunchasi vorisiylik tushunchasi bilan juda yaqin aloqada bo‘lsa-da, lekin u ikki xil tomondan farq qiladi:
1) vorisiylik – tushunchasi umumfalsafiy kategoriyadir. Shu sababli u istisnosiz barcha ijtimoiy, tabiiy fanlar uchun metodologik ahamiyatga ega. Madaniy meros kategoriyasi esa faqat madaniyat va hatto ma’naviy-madaniyat sohasida ro‘y beradigan hodisalarga nisbatan ishlatiladi.
2) vorisiylik tushunchasi hodisalarni ob’ektiv aloqasini ifodalaydi. Madaniy meros tushunchasi vorisiylik qonuniyatlarini o‘tmish avlodlardan qolgan madaniy qadriyatlarni tanqidiy baholash ko‘rinishida va ulardan ijodiy foydalanish tarzida namoyon bo‘ladi. Ilmiy adabiyotlarda “vorisiylik” va “madaniy meros” tushunchalarini farqlash haqidagi masala hali to‘g‘ri hal qilinmagan. Bugun vorisiylik so‘zi huquqiy masalalarga ko‘proq daxldor deb qaralib, “vorislik” termini ostida talqin qilinmoqda.
Dissertatsiyaning ikkinchi bobi “Musiqiy merosning o‘zbek milliy madaniyati rivojidagi ahamiyati va uning ijtimoiy-ma’naviy mohiyati” deb nomlanib, ushbu bobda musiqiy merosning tarixiy-aksiologik asoslari va uning jamiyat ma’naviy taraqqiyotidagi ahamiyati, o‘zbek milliy madaniyati va musiqiy meros integratsiyasining vorisiylik xususiyatlari masalalari tahlil qilinadi. Shuningdek, yangi jamiyatni barpo etishda, milliy musiqa madaniyatining bosqichma-bosqich rivojlanishini ta’minlashda milliy madaniyat va ma’rifiy salohiyatga qaratilgan islohotlar muhim asos bo‘lib xizmat qilishligi atroflicha yoritib beriladi.
Bobning birinchi paragrafi “Musiqiy merosning tarixiy-aksiologik asoslari va uning jamiyat ma’naviy taraqqiyotidagi ahamiyati” deb nomlanib, mazkur bobda musiqiy merosimiz namunalarining uzoq tarixiy taraqqiyot jarayonidagi rivojlanish xususiyatlari, milliy musiqa madaniyatining asosi bo‘lgan folklor, dostonchilik, maqom san’atining vorisiylik xususiyati, uning komil inson shaxsini shakllantirishdagi ahamiyati va roli tahlil qilinadi.
Insoniyat tarixida har qanday millat asrlar davomida shakllangan va davr sinovlaridan o‘tgan milliy-ma’naviy qadriyatlari, milliy madaniyati va tarixiy xotirasi bilan yashasagina ma’lum kuch-qudratga ega bo‘lishini ko‘rsatuvchi dalillar ko‘pligi fikrimizning dalilidir. Shubha yo‘qki, o‘zbek xalqi o‘zining buyuk davlatchilik tarixi, urf-odat va an’analari, dunyo tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi, jahon hamjamiyati haqli ravishda e’tirof etayotgan milliy xususiyatlari bilan ana shunday millatlar qatoriga kiradi. Bu borada musiqa va musiqiy merosning alohida o‘rni bor. Buni O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimov alohida ta’kidlab, “Musiqa sadolari qaysi xalq yoki millat vakili tomonidan ijro etilmasin, eng ezgu, yuksak va nozik insoniy kechinmalarni ifoda etadi. Eng muhimi, bugungi kunda musiqa san’ati navqiron avlodimizning yuksak ma’naviyat ruhida kamol topishida boshqa san’at turlariga qaraganda ko‘proq va kuchliroq ta’sir ko‘rsatmoqda”1, degan fikrni bildirgan edilar. Zero, ma’naviy-ruhiy qiyofa, ayniqsa, milliy raqslarda va musiqada yorqin namoyon bo‘ladi. 1896 yil Nijniy Novgorod shahrida bo‘lib o‘tgan Butun Rossiya qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasida birinchi marta o‘zbek xalq sozandalari konsert berganlar. Mana shu konsertda bo‘lgan M.Gorkiy keyinchalik bunday deb yozgan edi: “Bir necha kun avval ko‘rgazmadagi musiqali tovushlar olamiga qandaydir yangi, g‘oyat vazmin, qayg‘u-alamli kuylar oqib kirdi… Diqqat bilan tinglar ekansiz, siz bu g‘alati musiqaning mungli ohangida qandaydir o‘ziga xos bir narsa yaratayotganini his etasiz. Bu sarkash musiqada cheksiz, bitmas-tuganmas g‘am-qayg‘ular eshitiladi. Muvafaqqiyatsizlik va turmush azob-uqubatlari haqida kuylovchi og‘ir musibatni anglatuvchi musiqa yangraydi”1.
Musiqa va xalq musiqiy merosida inson go‘zalligining estetik tasviri, musiqaning inson estetik olamiga ta’sir xususiyatlari, uning estetik tarbiyadagi ahamiyati, musiqaning diniy-falsafiy va axloqiy-estetik mohiyatiga doir ilmiy manbalar. Bu borada Islom dinida, xususan, tasavvuf tariqatlarida musiqaning forig‘lash va qiziqtirish kabi xususiyatlaridan keng foydalanilganligini qayd etish lozim. Ayniqsa, bu holat Mavlaviya tariqatining zikr marosimida o‘ziga xos tarzda ko‘zga tashlanishini sharqshunos olim Ye.E.Bertels alohida ta’kidlab o‘tgan edi2.
Sharq olimlari musiqani dastlab falsafa ilmlaridan biri, deb hisoblaganlar va qomusiy asarlar tarkibiga kiritganlar. Bunda ular shubhasiz, musiqaning badiiy-estetik kuchi va ijtimoiy tarbiyaviy rolini hisobga olgan edilar3. Tadqiqotchining ushbu fasldagi eng muhim fikrlaridan biri quyidagilardan iborat: Falsafaning “ayniyat” qonuni – ob’ektni o‘z-o‘zi bilan tengligini, o‘xshashligini, aynanligini yoki bir necha predmetning tengligini, birdayligini ifodalaydi. Shu bois musiqaning asosiy komponentlarida falsafa, estetika fanlari muhim ahamiyat kasb etadi. Buni quyidagilar asosida qiyosiy tahlil qilish mumkin:
birinchi komponent - kuy. Turli baland va uzunlikdagi tovushlarning ma’lum bir ritm va ladda badiiy holatda kelishi. Kuy va uning rivojlanish xususiyatlarining o‘z falsafiy dialektikasi bor: xalq kuylari va maqomlarda (daromad), ya’ni ashulaning boshlang‘ich qismidan kuy avjga qarab rivojlanib boradi. Biz kuyda botiniy va zohiriy go‘zallikni anglaymiz, demak kuyni falsafaning “imkoniyat” kategoriyasi bilan qiyoslash mumkin. Har bir narsa, hodisadagi taraqqiyot yo‘nalishini ifodalovchi tushuncha imkoniyat ayni narsa-hodisaning rivojlanish qonuniyatlari ta’sirida paydo bo‘ladigan va rivojlana oladigan holatdir4. Kuyning musiqadagi asosiy ifoda vositalari bu - lad, ritm, metr, tembr, garmoniya va boshqalardir;
ikkinchi komponent - garmoniya. Ya’ni ohangdoshlik, bir yo‘la eshitilgan bir necha tovushlarning o‘zaro bog‘lanishda kelishi. Masalan, Pifagorning turli ovozli tomonlarning kelishuvi umumbashariy hamohanglik ekanligi, yoki qadimgi xitoy falsafasidagi; koinotning har bir parchasi alohida ohang chiqaruvchi va birgalikda hamroz kuyni tashkil etuvchi nayga o‘xshaydi5, degan fikrlari alohida qimmatga ega. Falsafa fanida ham “garmoniya” muayyan tizim elementlari, tarkibiy qismlari rivojlanishining muayyan bir davrida o‘zaro muvofiq, mutanosib, uzviy chambarchas bog‘liqlik va aloqadorlik holatini anglatuvchi tushuncha hisoblanadi6.
Mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish davrida milliy musiqa san’atimizning genezisi, janr xususiyatlari va badiiyati, o‘zbek musiqasining zamonaviy musiqa bilan integratsiyalashuvi, uning badiiy madaniyat rivojidagi o‘rni, xalq qo‘shiqlarining kompozitsiyasi, marosim musiqasining ma’naviy qadriyatlar tizimidagi o‘rni masalalarini ijtimoiy falsafiy, badiiy-estetik hamda madaniyat nazariyasi va tarixi nuqtai nazaridan yoritish dolzarb vazifaga aylandi.
Bobning ikkinchi paragrafi “O‘zbek milliy madaniyati va musiqiy meros integratsiyasining vorisiylik xususiyatlari” deb nomlanib, mazkur paragrafda o‘zbek milliy madaniyati bilan musiqiy meros o‘rtasidagi umumiy bog‘liqlik, ularning bir-biriga ta’siri muammolari tahlil qilinadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va milliy madaniy merosi, shu jumladan musiqa san’atini asrab-avaylash, saqlash hamda kelajak avlodga vorisiylik asosida bus-butunligicha yetkazish davlatimiz taraqqiyotida hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Chunki “Musiqa san’ati madaniy fenomen sifatida yangi avlodni tarbiyalash va kamolga yetkazish borasida cheksiz imkoniyatlarga egadir”1. Tabiiy va ijtimoiy-jug‘rofiy muhitning xalqlar, millatlar dunyoqarashiga, ma’naviyatiga, avlodlardan avlodlarga o‘tib kelgan tarixiy madaniy merosiga ta’sir etganini falsafa fanlari doktori, professor I.Saifnazarov ham qayd etadi. Uning yozishicha, “tabiiy-jug‘rofiy makonda shakllangan g‘oyalar davr sinovida sayqallanib avloddan avlodga o‘tadi va tarixiy madaniy merosga aylanadi”2. Shuningdek, mazkur jug‘rofiy muhit xalqimizning tarixiy madaniy merosi bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiyoti va milliy musiqa madaniyatiga ham ta’sir etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2017 yil 17 noyabr), “Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida”gi (2018 yil 6 aprel) va “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi (2018 yil 1 noyabr) Qarorlari, shuningdek, 2019 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni milliy musiqiy merosning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 mayda e’lon qilgan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sohaning rivoji uchun zarur bo‘lgan ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.
Mamlakatimizda milliy maqom san’atining mahalliy uslublari, asriy an’analari, qadriyatlariga tobora yuksak e’tibor berilayotgani tufayli qayta tiklanmoqda. “Agar biz san’atni, madaniyatni ko‘tarmoqchi bo‘lsak, avvalo, mumtoz maqom san’atini ko‘tarishimiz kerak. Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur”3. Demak, maqom san’atiga xos ijro uslublarida yaratilgan mumtoz musiqiy namunalarni tahlil qilish, o‘rganilayotgan davrning ikki musiqiy risolalarning mohiyati, parda va usul xususiyatlari, shakllarning tadrijiy ko‘rinishini tadqiq etish, qolaversa, yosh avlod ma’naviyatiga ta’sir qiluvchi milliy qadriyatlar kesimida o‘zbek madaniyatida tutgan o‘rnini yoritishga imkon yaratadi.
Dissertatsiyaning uchinchi bobi “Yangi O‘zbekistonda milliy madaniyat rivojida musiqiy meros imkoniyatlaridan samarali foydalanishning istiqboldagi vazifalari” deb nomlanib, ushbu bobda vorisiylik – milliy musiqa madaniyatini rivojlantirishning Yangi O‘zbekistonning madaniy taraqqiyot strategiyasida musiqiy meros fenomenining mazmun-mohiyati, Yangi O‘zbekistonni madaniy taraqqiyotini ta’minlashda musiqiy meros namunalaridan foydalanishning istiqboldagi vazifalari tahlil qilinadi.
Tadqiqot ishining “Yangi O‘zbekistonning madaniy taraqqiyot strategiyasida musiqiy meros fenomeni” mavzusidagi birinchi paragrafida madaniy merosimiz o‘zining butun salohiyati bilan xalqimiz ma’naviy dunyosining uzviy qismiga aylanib borayotganligi tahlil qilinadi.
Bugungi kunda milliy musiqiy merosimiz o‘zining butun salohiyati bilan xalqimiz ma’naviy dunyosining uzviy qismiga aylanib bormoqda. Vorisiylik mexanizmlari tiklanishi natijasida milliy musiqa merosimiz yaxlit, xilma-xil ranglar va jilolardan iborat bir butun hodisa sifatida kamol topmoqda. Ayni paytda, milliy musiqa madaniyatimizning asossiz unutilayozgan an’analari keng miqyosda tiklanmoqda, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodiga eski andazalaru stereotiplardan xoli bo‘lgan holda baho berilmoqda. Bunday hol hozirda Yer yuzida kechayotgan jarayonlar bilan hamohanglik kasb etmoqda. “Dunyoda qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi o‘ta murakkab zamonda millati, tili va dini turlicha bo‘lgan millionlab odamlarni hech qanday tarjimonsiz do‘st qiladigan, ular o‘rtasida hamkorlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydigan musiqa san’atining o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda”1. Zero, hozirgi paytda butun dunyoda milliy musiqa madaniyatiga umuminsoniy qadriyatlar nuqtai nazaridan turib baho berish, har bir milliy madaniyat, madaniy hodisaga, uning diniy, sinfiy, milliy yoki mintaqaviy mansubligidan qat’iy nazar, inson ma’naviy-ruhiy izlanishining mevasi, insonning o‘z-o‘zini anglashi, kamolotga intilishining bir bosqichi, ko‘rinishi, har bir madaniy hodisa, jarayon, ob’ektni tabiiy-tarixiy rivojlanish davomida yuzaga kelgan oliy bir ijtimoiy ne’matdir.
Milliy tariximiz aks etgan, xalqimiz orzu umidlari, intilishlari, an’analari o‘z ifodasini topgan ana shu ulkan milliy musiqa merosimizni o‘rganmay, ilmiy tadqiq etmay turib mamlakatimiz tarixi, madaniyati, uning rivojlanishining turli bosqichlaridagi o‘ziga xos xususiyatlari haqida to‘liq va to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lish qiyin.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur soha vakillarining, keng ko‘lamdagi san’at ixlosmandlarining uzoq kutilgan orzulari, istaklarini ro‘yobga chiqarishga katta imkoniyat, sharoit yaratdi.
Keyingi yillarda ham soha rivoji uchun qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 martda qabul qilingan 237-sonli “Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi, 2019 yil 21 noyabrda qabul qilingan 940-sonli “Maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi, 2019 yil 5 sentabrdagi 732-sonli “O‘zbek milliy maqom san’ati markazi huzuridagi Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari shular jumlasidandir1.
O‘zbek milliy madaniyatini rivojlantirishda milliy maqom san’ati yoshlar musiqiy madaniyatini rivojlantirishda vorisiylik muhim omili ekanligini o‘rganishga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar olib bordi. Sotsiologik so‘rovnoma Andijon davlat universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat madaniyat va san’at instituti Farg‘ona mintaqaviy filialida olib boriladi. So‘rovnomada talabalar respondent sifatida ishtirok etgan. Respondent sifatida ishtirok etgan 700 (100%) talabadan 660 tasi savollarga ijobiy, 23 nafari qoniqarli, 17 nafari betaraf ekanliklarini bildirib o‘tdilar.
So‘rovnoma respondentlari javoblarining ilmiy-falsafiy tahlili asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
1. O‘zbek milliy madaniyatini rivojlantirishda (musiqiy meros misolida) vorisiylik o‘rni borligi aniqlandi.
2. Folklor, dostonchilik, milliy Maqom san’atini yuksaltirish uchun ularga yetarlicha shart-sharoitlar yaratilishi kerak.
3. O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida o‘zbek milliy musiqa madaniyati va kasbiy faollikka innovatsion yondashuv zaruriyatga aylanmoqda.
Dissertatsiyaning “Yangi O‘zbekistonni madaniy taraqqiyotini ta’minlashda musiqiy meros namunalaridan foydalanishning istiqboldagi vazifalari” nomli ikkinchi paragrafida milliy madaniyatimizning asosi bo‘lgan musiqiy merosimiz: folklor, dostonchilik, maqom san’atining millat ma’naviy dunyosining tarkibiy qismiga aylantirish, boshqacha qilib aytganda, uni ijodiy o‘zlashtirish, unga yangi mazmun va ma’no berish, shuningdek milliy madaniyatning yangilanishi va umuminsoniy madaniyatning yangidan-yangi qatlamlarini rivojlantirish borasidagi kelgusi vazifalar tahlil qilinadi.
Milliy musiqa madaniyatdagi yangilanish jarayonlarida turli yo‘nalishlarda o‘tkaziladigan ijodiy tanlovlar, festivallar, xalqaro ijodiy hamkorlikning o‘rni nihoyatda katta. Shu ma’noda 1997 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘ziga xos ma’no va ahamiyat kasb etmoqda. Festival dunyo xalqlarining noyob musiqiy an’analari yangilanishi, o‘zaro boyishiga va ayni paytda, turli ellardagi yoshlarni ham musiqa san’ati vositasida mushtarak maqsadlar yo‘lida yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Zero, “San’at bilan oshno bo‘lgan yoshlarning hayotga munosabati, milliy urf-odat va umumbashariy qadriyatlarga hurmati baland bo‘ladi”2.
Shuning uchun ham bugungi kunda yoshlarning milliy musiqa san’atiga ijodiy munosabatlarini rivojlantirishda ma’naviy tarbiyaning ta’siri sezilmoqda. Bunday faoliyat nafaqat ma’naviyat sohasini, balki jamiyatning iqtisodiy, siyosiy sohalariga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi hamda insonni ezgu maqsadlarga asoslangan tub o‘zgarishlarning yanada takomil bosqichiga olib chiqadi.
Xulosa qilib aytganda, yoshlarning milliy musiqa madaniyatini o‘zlashtirishlarida bu badiiy va ilmiy ma’rifiy adabiyotlar vosita sifatida xizmat qiladi. Har qanday yaratilgan mazmunli asar insonda bilish va tarbiyalash qobiliyatini rivojlantiradi. Aynan mazkur omillar ta’sirida inson ma’nan shakllanish bilan birga intellektual jihatdan yuksalib boradi.


XULOSA
Olib borilgan tadqiqot asosida quyidagi ilmiy-nazariy xulosalarga kelingan:
1. Madaniyat – jamiyatning rivojlanish ko‘rsatkichini aks ettiribgina qolmay, balki insonlarning moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish faoliyati boyliklari majmuini tashkil etadi. Shu bilan birga jamiyatdagi ta’lim-tarbiya, milliy qadriyatlar asosida hamda ushbu millatning urf-odatlarning yig‘indisi bo‘lgan madaniy yodgorliklarda o‘zini ko‘rsatadi.
2. Xalq madaniyati – har bir millatning bosib o‘tgan uzoq tarixiy jarayonlarda uni qurshab turgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-madaniy, ma’naviy muhit ta’sirida rivojlanib boradi. Shuningdek, xalq madaniyati millatning yuragi bo‘lib, uning orzularini ifoda etuvchi va zamon ruhiga hamohang tarzda takomillashib borishi natijasida o‘ziga xos bo‘lgan mentalitetni, tafakkur tarzini milliylik asosida shakllantirib boradi.
3. Ijtimoiy falsafa nuqtai nazaridan bir paytning o‘zida birga mavjud bo‘ladigan uch xil avlod: yoshlar avlodi, voyaga yetgan (o‘rta yoshli) odamlar avlodi va keksalar o‘rtasida avlodlararo munosabatlarning sotsiomadaniy muhiti yo avlodlar oralig‘idagi masofani qisqartiradi yoki inqiroz tomon yetaklaydigan ommaviy uzoqlashishga olib keladi. Hozirgi zamonda avlodlararo vorisiylik jarayonining o‘ziga xosligi, bu tendensiya nafaqat avlodlar almashinuvi, balki siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy qoidalarning almashinuvi sharoitida kechayotgani bilan belgilanadi.
4. Yangilanayotgan jamiyatda o‘zbek milliy madaniyatining asosini tashkil etadigan musiqiy merosning tarkibiy qismi hisoblangan folklor, dostonchilik, maqom san’ati yo‘nalishlariga samarali ta’siri natijasida yildan yilga ilmiy-ijodiy tadqiqotlar doirasi kengayib bormoqda. Bu esa milliy qadriyatlarning keng ko‘lamda qayta idrok etishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu borada ajdodlarimiz keyingi avlodlarga ma’naviy meros qilib qoldirib ketgan ulkan ma’naviy boyligimiz asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
5. Endilikda musiqa nafaqat san’at turi, balki u tarbiya vositasi, jamiyat barqarorligini ta’minlovchi kuchga aylandi. Musiqaga shu nuqtai nazardan qaralganda, bugungi kunda uning falsafiy mohiyatini o‘rganish va madaniy fenomen sifatida tadqiq etishga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortganligini ko‘rish mumkin. Bu jarayon, o‘z navbatida, musiqa va uning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatini estetikaning umumnazariy masalasi sifatida o‘rganishni taqozo etadi.
6. An’anaviy musiqa hisoblangan maqomlar, marosim musiqalari, folklor qo‘shiqlari o‘ziga xos badiiy-estetik janr tizimidir. Ammo sobiq sho‘rolar davri tadqiqotchilari o‘zbek milliy musiqasining estetik mazmuniga va estetik faoliyat turi sifatidagi mohiyatiga bir tomonlama yondashib keldilar. Bugungi kunda buyuk ajdodlarimizdan madaniy meros bo‘lib qolgan milliy maqom san’atini nazariy jihatdan to‘la o‘rganish, tahlil etish va yosh avlodni milliy maqom san’ati noyob durdonalaridan bahramand qilishning istiqbolli dasturlarini ishlab chiqish.
7. O‘zbekiston Respublikasida nomoddiy madaniy merosga bo‘lgan e’tibor, “Xalq baxshisi” degan yuksak unvonning joriy etilganligi, baxshi-shoirlar o‘rtasida turli ko‘rik va festivallarning bo‘lib o‘tayotganligi, ustoz-shogird an’analari davom etayotganligi muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bu esa, yosh avlodning milliy o‘zligini anglashida, Vatanga sadoqat, tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda asos bo‘lib xizmat qiladi.
8. Folklor san’ati – bu an’analarda saqlanib, bizgacha yetib kelgan oddiy meros emas, u biz bilan harakatda, xizmatda, o‘sish va rivojlanishda bo‘lgan ulkan ijod. Bu tengsiz ijodni bugunga xizmat qildirish, uning zamonamizga hamnafas jihatlarini rivojlantirish va istiqbolini belgilash bizning asosiy vazifamizdir. Mazkur san’at durdonalaridan barkamol avlod tarbiyasida keng foydalanishda hamda jamiyatimizning ma’naviy-ma’rifiy poydevorini mustahkamlashda yangi ufqlar ochadi.

Download 114.2 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling