Siydik tanosil a’zolarining nospetsifik yallig‘lanish kasalliklari
Download 306.57 Kb. Pdf ko'rish
|
o\'tkir pielonefrit
Tashxisi. Anamnezida ilgarilari buyrak sanchig‘i xuruji va toshlar borligi,
siyishning buzilishi, shikastlanishlar, oldin prostatit, uretritni boshdan kechirganligi e’tiborni jalb qiladi. Ikkilamchi o‘tkir pielonefritni tashxislash uchun ob’ektiv ma’lumotlardan eng muhimi gavda haroratining yuqori, gektik xarakterga ega bo‘lishi va ayniqsa kuchli qaltirash hamda zararlangan buyrak sohasida yuqorida qayd etilgan maxalliy siptomlar bo‘lishidir. Tashxisni tasdiqlash uchun laborator tekshirish usullari muhim ahamiyatga ega. Zararlangan buyrakning siydik nayi butunlay bekilib qolishidan tashqari, hamma vaqt bakteriuriya va leykotsituriya yaqqol kuzatiladi. Siydikda ko‘p miqdorda «faol» leykotsitlar (50% va undan ko‘proq) bo‘ladi va ko‘pchilik bemorlarda SHterngeymer–Malbin hujayralari topiladi. Bakteriuriya birlamchi o‘tkir pielonefritga qaraganda tez–tez ro‘y berib, unga proteya guruhidagi va ko‘k yiring tayoqchasi bakteriyalari sabab bo‘ladi. Ko‘pincha, proteinuriya kuzatilib oqsil soni 1g/l atrofida turadi. Siydikning immunokimyoviy tahlilida uroproteinlar orasida oqsil aniqlanadi, ularning molekulyar massasi 200,000 dan katta bo‘lmaydi. Proteinuriyaning tubulyar xili uning selektiv xarakterdagisi bilan birga qo‘shilgan bo‘ladi. Siydikni sutka davomida bir necha marta tekshirish kerak, chunki bolalarda ko‘pincha piuriya siydikning hamma porsiyalarida ham aniqlanmaydi. Odatda, yuqori leykotsitoz va qonning leykotsitar formulasi neytrofilez bilan tayoqcha yadroli neytrofillar (15–20% gacha, ba’zan ko‘proq) ko‘payishi va ko‘proq yosh shakllari paydo bo‘lishi hisobiga chapga siljishi kuzatiladi. ECHT hamma vaqt o‘rtacha 40–45 mm/s gacha ko‘tariladi. Qonning zararlanishi (o‘rta molekulalar va V 2 –mikroglobulinlar soni 3–4 marta oshadi, qonda parametsiylarning hayot davri 20 daq.dan kam) yaqqol ko‘rinib turadi. O‘tkir yiringli pielonefriti bor bolalar uchun anemiya xos bo‘lib, u infeksiyaning gemolitik ta’siri va zaharlanish natijasida qon ishlab chiqaruvchi tizimlar funksiyasining pasayishi sababli kelib chiqadi. Bir tomonlama pielonefritda qaysi tomondagi buyrak zararlanganligini yoki ikki tomonlama pielonefritda ko‘proq zararlangan buyrakni bilish uchun solishtirma leykotsitozni aniqlash tashxislash ahamiyatiga ega. Barmoqdan o‘ng va chap bel sohasidan olingan qondagi leykotsitlar soni sanaladi. Leykotsitozning yuqoriroq bo‘lishi kasal bo‘lgan tomonni ko‘rsatadi. Buyraklarda ikki tomonlama yallig‘lanish jarayoni bilan og‘ir ikkilamchi o‘tkir pielonefrit bo‘lgan bemorlarning taxminan 25–30% da qon zardobida mochevina soni oshgan bo‘ladi. Kasallik bir tomonlama bo‘lganda qon zardobida mochevina sonining oshishi jom–buyrak reflyukslari natijasida zararlangan buyrakdan siydikning rezorbsiya bo‘lishiga va ikkinchi buyrakka zaharli ta’sir qilishiga bog‘lik bo‘lishi mumkin. Ikkilamchi o‘tkir pielonefrit bo‘lgan bemorlarda xromotsistoskopiya ba’zi hollarda buyrakdan siydik oqimining buzilishini aniqlashga imkon berib, uning darajasi va sababini, siydik nayining intramural bo‘limida tosh bo‘lganda siydik nayi og‘izchasidagi bullez shishni yoki siydik oqimi buzilishining sababi bulgan ureterotseleni aniqlashga muvaffaq bo‘linadi. Rentgenologik tekshirish usullari ikkilamchi o‘tkir pielonefritning tashxisida eng muhim o‘rinni egallaydi. Siydik yo‘llarining umumiy rentgenogrammasi buyraklar va siydik naylaridagi toshga shubxali va qo‘shimcha soyalarni hamda zararlangan buyrakning kattalashganligini, bel mushaklari konturining noaniqligini va umurtqa pog‘onasining zararlangan tomonga bir oz skoliozini aniqlashga imkon beradi. Ekskretor urogrammada siydik yo‘llari to‘silgan bemorlarda zararlangan buyrakda va siydik nayi bo‘ylab rentgenokontrast moddaning soyasi yoki mutlaqo aniqlanmaydi, yoki to‘siqdan yuqorida kengaygan siydik nayini, jom va kosachani to‘ldirib (qisman o‘tmay qolganda) kechroq paydo bo‘ladi. Bu ko‘proq kechki urogrammalarda (40–50 daq. dan keyin, 1,5 s va kechroq) yaxshi aniqlanadi. Retrograd ureteropielografiyani faqat qat’iy ko‘rsatmasi bo‘lganda bajarish kerak. U rentgennegativ toshlar yoki siydik oqimini buzgan boshqa sabablar bo‘lganda, ularni bu tekshiruvsiz aniq aniqlab bo‘lmaganda, shuningdek, zudlik bilan operatsiya qilish zarurligi to‘g‘risidagi masalani hal qilish kerak bo‘lganda qilinadi. Bunda siydik nayini kateterlash bir vaqtning o‘zida davolash rolini o‘ynashi ham mumkin. Download 306.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling