Siyosatshunoslikni ijtimoiy-tarixiy muhit taqazo etuvchi muayyan siyosiy qarashlar va g‘oyalarsiz tasavvur etish qiyin


Download 27.98 Kb.
Sana02.12.2020
Hajmi27.98 Kb.
#156780
Bog'liq
siyosat. z


1-Kazus

Siyosatshunoslikni ijtimoiy-tarixiy muhit taqazo etuvchi muayyan siyosiy qarashlar va g‘oyalarsiz tasavvur etish qiyin.



Savol: Qadimgi Yunon va Sharq olimlarining davlatning vujudga kelishi haqidagi fikrlari o‘rtasidagi o‘xshash va farqli jihatlarni tahlil qiling.

Kazusga javob berishdan oldin “Siyosatshunoslik” fanining mazmuni va “siyosat” tushunchasiga ta’rif berib o’tishni lozim deb topdik. Demak, Siyosat (yunoncha "davlat faoliyati") - davlat hokimiyati va ularning mansabdor shaxslari faoliyati; shuningdek, davlatning faoliyati bilan bog'liq ijtimoiy hayotdagi muammolar va voqealardir. Siyosatni ilmiy o'rganish siyosatshunoslik doirasida olib boriladi. Umuman olganda Siyosat - bu ko'pgina odamlar, uyushgan ijtimoiy guruhlar va shaxslarning davlat ishlarida, umuman jamiyat hayoti bilan bog'liq muammolarni hal qilishda xolisona va maqsadli ishtirok etishidir.

Siyosatshunoslikning jamiyatga va butun dunyoga katta ta’sir qiluvchi kuch ekanligi bir qator olimlarimiz tomonidan ham e’tirof etilgan. “Siyosatshunoslik jamiyatning siyosiy hayoti va siyosiy munosabatlarini hamda jahon siyosatining namoyon bo‘lishi yoki ta’sir etish xususiyatlarini o‘rganuvchi fandir”1.

Siyosatshunoslik ko‘plab sohalarni, jumladan siyosat, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar, davlat boshqaruvi, davlat siyosati va siyosiy metodologiyalarni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun ham bu fan uzoq tarixda ham dolzarb mavzu hisoblangan. Natijada, o‘sha paytning o‘zidayoq turli xil siyosiy qarashlar va g‘oyalar shakllanib ulgurgan. Ma’lumki davlat va siyosat bir-biri bilan chambarchas bog’liq hisoblanadi. Ularni birini ikkinchisidan ajratish mumkin emas, chunki, ular birgalikda mavjuddir va birgalikda faoliyat olib borishadi. Dastlabki davrlarda ham siyosat va davlatning vujudga kelishi haqida ham fikrlar va nazariyalar juda ko’plab uchragan. Olimlarning har birining o’zining shaxsiy fikri va pozitsiyasi mavjud bo’lgan. Aynan shu Qadimgi Yunon va Sharq olimlarining davlatning vujuda kelishi to’g’risidagi turli xil fikrlarini tahlil qilgan holda, yuqoridagi kasuzga javob berishni lozim deb topdik.

Albatta, siyosiy g’oyalar va qarashlarning ildizi uzoq o’tmishga borib taqaladi. Bu go’yalarning asosiy markazlari sifatida Qadimgi Yunon va Sharq davlatlarini ko’rsatishimiz mumkin. Demak, endi tahlilimizning asosiy qismiga e’tiborimizni qaratsak, siyosiy-huquqiy qarashlar taxminan miloddan avvalgi 4-ming yillikda insoniyat sivilizatsiyasining o’choqlari bo’lgan Qadimgi Sharq mamlakatlariga to’g’ri kelishini ko’rishimiz mumkin. Shuning uchun ham, avvalo, ushbu davlatlardagi olimlarning fikrlariga to’xtalib o’tsak.

Dastlab, Qadimgi Xitoy davlatiga e’tiborimizni qaratsak, aynan ushbu davlatda siyosiy-huquqiy qarashlar o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lib, ularda muqaddas bitiklarning emas, balki muatafakkir olimlarning davlatni tashkil etish, boshqarish, inson va jamiyat munosabatlarining tahlili aks etgan ta’limotlari muhim o’rin egallaydi. Ular safida Konfutsiy qarashlari alohida ahamiyatga egadir. Uning fikricha, “davlat ulkan oiladir. Imperator hokimiyati oila boshlig‘i, ya’ni otaning oiladagi hokimiyatidek, qo‘l ostidagilarga nisbatan adolat va mehr-shafqatga asoslanishi lozim”1. Hokimiyatning ilohiy tarzda kelib chiqqanligini inkor etmagan holda Konfutsiy o‘z diqqat-e’tiborini jamiyatda va davlatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash masalalariga qaratadi. Konfutsiy odamlarni ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra to‘rt qatlamga ajratadi: aslzodalar (har qanday bilimga tug‘ilishdan ega); bilimlarga o‘qish – o‘rganish jarayonida ega bo‘lganlar; bilimlarni qiyinchilik bilan o‘zlashtiruvchilar; bilim olishga intilmaydiganlar. Shu tariqa odamlar o‘rtasida tengsizlik mavjudligi va omi odamlar (quyi tabaqalar, kichiklar) oliy nasab aslzoda, kattalarga bo‘ysunishlari zarurligi belgilab beriladi. Shu o’rinda uning o’zi haqidagi fikriga to’xtalsak, Konfutsiy “Lun-yuy” (Suhbat va mulohazalar) nomli risolasida “Men hech narsani kashf qilganim yo‘q, balki o‘tmish durdonalarini avlodlarga yetkazyapman. Men o‘tmishga ishonaman va uni sevaman”, deb yozganlaridan ham uning naqadar sharqonaligini ham ko’rishimiz mumkin.

Konfutsiy qarashlarining tanqidi bilan m.a. Vl-V asrlarda yashab ijod etgan faylasuf Lao - Szo chiqadi va daosizm oqimiga asos soladi. “Dao” ta’limoti bevosita faoliyatning tabiiy huquqini anglatib, uning asosida kuch ishlatmaslik, davlatni yo‘q qilish va jabr - zulmga qarshilik, ibtidoiy jamoa tarzidagi hayotga qaytishga chaqiriq yotadi. “Dao”dan chetlashish – haqiqatdan chetlashishdir. 

Konfutsiy hokimiyatning adolat va mehr-shafqatga asoslanishi, fuqarolar esa isyonlardan o‘zlarini tiyishlarini uqtiradi. Boshqarish - hammani joy-joyiga qo‘yish demakdir. Davlat hokimiyati xalq ishonchisiz mavjud bo‘la olmaydi, ammo hukmdorlar hammaga o‘rnak bo‘lishlari lozim. Konfutsiy qarashlari uning izdoshlari va shogirdlari tomonidan “Lunyuy” – “Suhbatlar va mulohazalar” deb nomlangan asarda bayon etilgan. Qariyb ikki ming yil davomida konfutsiychilik rasmiy nazariya bo'lib, Xitoyning turmush darajasiga, uning ijtimoiy-oilaviy tuzilishiga va siyosiy va ma’muriy tizimiga katta ta'sir ko'rsatdi.

Qadimgi Sharqning sivilizatsiya o’choqlaridan biri bo’lgan yana bir davlat bu Qadimgi Hind o’lkasi hisoblanadi. Ushbu o’lkada ham o’ziga xos bo’lgan qarashlar va fikrlar mavjud. Qadimgi Hindiston xalqlarining siyosiy-huquqiy qarashlarini o‘rganishda miloddan avvalgi 2-ming yillikka oid muqaddas bitik — Vedalar (“Veda” — sanskrit tilida so’zma so’z “bilim” degan ma’noni anglatadi1) muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, xudolarga bag‘ishlangan madhiyalardan iborat bo'lgan ringvedalar bu masalada eng ko‘hna va yirik yozma yodgorlik bo'lib, ularda azaldan yerda va butun koinotda oliy qudrat tomonidan o‘rnatilgan ilohiy tartibot, odamlarning bu tartibotga bo‘ysunishlari xususida so‘z yuritiladi. Qadimgi Hindistonda siyosiy va huquqiy fikr mifologik va diniy e'tiqodlar ta'siri ostida rivojlangan.

Bu qarashlarning eng e’tiborli jihati shundaki, E’tibor bergan bo‘lsangiz xitoylik olimlarning g‘oya va qarashlari bitik yoki qo‘lyozmalarga emas, ta’limotlarga asoslangan edi. Hind siyosiy qarashlarida bitik va qo‘lyozmalar esa asosiy o’rin egallashini ko’rishimiz mumkin. Miloddan avvalgi IV-III asrlarda braxman Kautilya tomonidan yozilgan “Artxashastra yoki siyosat haqidagi fan” risolasida o‘sha davrga oid davlat va xo‘jalik boshqaruvi bilan bog‘liq bo‘lgan qator masalalar bayon etilgan. Artxashastrada draxma uchun an'anaviy ehtirom va "qonun haqiqatga asoslangan" deb tan olinishi bilan bir qatorda, amaliy imtiyozlarga (artha) va undan kelib chiqadigan siyosiy-huquqiy choralar va ma'muriy-hokimiyat institutlariga aniq ustunlik berilmoqda. Foydalilikni mustaqil prinsip sifatida, shuningdek, dxarma va axloqiy-diniy jihatdan muqaddas qonuniylik asosida taqsimlash siyosat va qonunchilikning dunyoviy ta'limotini shakllantirishda muhim qadam bo'ldi.

Qadimgi Hindistonda miloddan avvalgi VI asrda Lokayata (charvaka) maktabi qarashlariga ko’ra, “Dunyoda hamma narsa narsalarning ichki tabiati tufayli amalga oshiriladi” degan g’oya mavjud bo’lgan1. Yuqoridagilardan xulosa sifatida shuni atishimiz mumkinki, Xitoyda an’anaviy tamoyillar ustun bo’lgan bo’lsa, Hindistonda insonparvarlik, adolat, mehr-shafqat kabi jihatlar siyosiy qarashlarning bir-birini to’ldirganiga guvoh bo’lishimiz mumkin.

Umuman, gap Qadimgi Sharq haqida ketayotganda Markaziy Osiyo davlatlarini ham misol keltirishimiz mumkin. Eng yorqin misol sifatida “Avesto” yodgorligini keltirsak ham bo’ladi. Unda ajdodlarimizning 3 ming yillik tarixini ko’rishimiz mumkin. Shu bilan bir qatorda Abu Nasr Farobiy Markaziy Osiyo va Sharqda ilk bor davlat va jamiyat muommolari haqida fikr yurita boshlagan. “Davlatning paydo bo‘lishi va faoliyat ko‘rsatishiga Forobiy odamlaming birlashishga bo‘lgan tabiiy intilishlarining natijasi sifatida qaradi. Uning maqsadi baxtga erishish bo’lgan, ammo unga yakka o’zi erishib bo’lmasligini ya’ni birlashish kerakligini ham ta’kidlagan. Forobiy ta’limotida shahar-davlatlar ikkiga: - “Al-madina al-Foziliya” (Fozil odamlar shahri) va “Al-Madina al-Johiliya” (Johil odamlar shahri)ga bo‘linadi”2.

Ko’rib turganingizdek, Qadimgi Sharda siyosiy qarashlar yoki g’oylar asosan axloqga, hukmdorlarning adolatliligiga, ma’naviyatiga borib taqaladi.

Endi, Qadimgi Yunon olimlarining bu boradagi fikrlariga to’xtalsak, Antik davr siyosiy fikri Sharq g‘oyalarini o‘ziga singdirib, keyinchalik rivojlangan G‘arb davlatchiligidagi barcha dunyoqarash va mafkuralarning kurtaklarini undirgan zamin bo‘ldi. Demokratiya antik davrlarda to‘liq namoyon bo‘lib, asta-sekin insoniyat ijtimoiy-siyosiy qadriyatlari xazinasidan joy oldi. Ana shu ajoyib davr namoyandalarining ko‘zga ko‘ringan vakillari bilan tanishib chiqamiz.

Buyuk Yunon faylasufi Suqrot polislarni qonunlar boshqaradi deb ta’kidlab o‘tgan. Va qonunlarsiz davlatni boshqarish mumkin emasligini uqtirgan bo‘lsa, uning shogirdi Platon esa davlat insonlar bir-birining ehtiyojlarini qondirish va ko‘maklashish talablaridan kelib chiqqan deb uqtirgan. Buni biz uning “Qonunlar” va “Davlat” asarlarida kuzatishimiz mumkin. Platon “Qonunlar” asarida: “...timokratiya (harbiylar hokimiyati), oligarxiya (oz sonli kulsorlar hokimiyati), demokratiya (xalq hokimiyati)ni buzilgan, noto‘g‘ri shakllar deb, monarxiya va aristokratiyaning boshqaruvini esa ma’qul boshqaruv deb hisoblaydi.”1. “Davlat” asarida esa: “davlatdagi barqarorlikning garovi mehnatni ko‘ngil moyilligiga qarab taqsimlashdir. Davlatni mazkur vazifa uchun maxsus tayyorlangan faylasuflar tabaqasi boshqarishi lozim” deb ta’kidlab o‘tgan.

Shu o’rinda, Buyuk yunon faylasuyfi Platon o‘zining asarlarida (“Davlat”, “Siyosat”, “Qonunlar”) davlatning kelib chiqishi to‘g‘risida qiziqarli rivoyatlarni yaratdi: har bir kishi o‘zining ehtiyojini yolg‘izlikda qondira olmasligi va o‘zgalarning yordamiga muhtojligi tufayli davlat kelib chiqqan”2.

Yuqoridagi fikrlarga nisbatan qadimgi davrning eng buyuk faylasuflaridan biri Aristotelning ham o’z siyosiy qarashlari mavjud. Qadimgi siyosiy fikrning eng yuqori yutug'i Arastu (mil. avv. 384-322) edi. Aristotel o'zining “Siyosat” asosiy siyosiy asarida boshqaruvning turli shakllarining afzalliklari va kamchiliklarini tushunishga va davlat tizimining eng maqbul variantini taklif qilishga ilmiy urinish qiladi. Quyidagi fikrlar ham Aristotelga tegishlidir: “Siyosatda ta’kidlanishicha, davlat - bu oddiy jinoyatlarning oldini olish va almashtirish uchun yaratilgan umumiy joyga ega oddiy jamiyat emas, bu oila va oilalarning birlashmasidir. U barkamol, mukammal o‘z hayotini ta‘minlash uchundir”1. Yana Aristotel adolatning ikki turini ajratib turadi: tenglashtirish va tarqatish. Adolatni tenglashtirish mezoni “arifmetik tenglik”dir, bu prinsipning amal qilish sohasi fuqarolik bitimlari, zarar, jazo va hokazolardir. Tarqatuvchi adolat “geometrik tenglik” tamoyilidan kelib chiqadi va umumiy tovarlarni hissalar va ulushlarga qarab taqsimlashni anglatadi2.

Aristotel Platonning “davlatni haddan tashqari yakka qilish” harakatini tanqid qiladi. Davlat ko'plab unsurlardan iborat bo'lib, ularning birligiga bo'lgan haddan tashqari xohish, masalan, Aflotun tomonidan taklif qilingan mulk, xotinlar va bolalar jamoalari davlatni yo'q qilishga olib keladi. Xususiy mulk, oila va shaxs huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan Aristotel Platonning har ikkala loyihasini ham tanqid qildi. Arastu aytganidek, yaxshi davlatning qonun chiqaruvchisi fuqarolarga bo'sh vaqt va tinchlik olib kelishga harakat qilishi kerak, chunki “urushning asosiy maqsadi tinchlik, ishniki esa bo'sh vaqt”3.

Shu o’rinda Arastuning siyosat haqidagi haqqoniy fikriga to’xtalsak, “Siyosiy hukumat odamlarning emas, qonunning ustunligi hisoblanadi: hukmdorlar, hatto eng yaxshilari ham hissiyotlarga va ta'sirlarga moyil, qonun esa "muvozanatli ong" dir.

Yuqoridagi fikrlarga tayangan holda shuni aytishimiz mumkinki:



Birinchidan, Qadimgi Sharq va G’arb davlatlari olimlarining fikrlari o’rtasida farq mavjud. Har bir olimning o’ziga qarashli va o’zgacha fikrlari mavjud. Masalan, Qadimgi Xitoy va Hindiston jamiyati olimlarining fikrlari mutlaqo bir-biriga teskari holda rivojlangan. Xitoyda davlatchilik oila atrofida birlashishiga asosiy e’tibor qaratilgan. Hindistonda esa ko’proq diniy tomonga siljishni ko’rishimiz mukin.

Ikkinchidan, Qadimgi Yunon olimlarining firlari ham turlichadir. Masalan, Platon va Arastu nazariyalarida ham bir-birini inkor etuvchi fikrlarni ko’rishimiz mumkin. Umuman olganda, Sharq allomalari, asosan, davlatchilik faoliyati adolatli, kuchli e’tiqod va hukmdorga ishinch bilan olib borilishi kerakligini ta’kidlashgan. Bundan tashqari, hokimiyatda qadimiy an’analar ustuvor ekanligini uqtirishgan. Ammo, G‘arb bu borada boshqacha fikrlaydi. Yunon olimlari uchun va jamiyat uchun ham erkinlik, tenglik, adolatlilik, hurfikrlik kabi jihatlar birinchi o’ringa qo’yilgan. Ular insonlar vujudga keltiradigan talablar orqali davlat vujudga kelganini va davlat fuqarolarning manfaatini ximoya qilish kerakligini, umuman, xalq farovonligi hammasidan ustunligi ta’kidlashgan.

Uchinchidan, albatta Qadimgi Sharq va G’arb o’rtasidagi nazariyalarda ham umumiylik jihatlari mavjud. Bular asosan, jamiyatdagi adolatlilik, xalq manfaatlari va farovonligining eng ustuvor vazifa ekanligida namoyon bo’ladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:


  1. X.T.Odilqoriyev, D.X.Razzoqov. Siyosatshunoslik. 2008-y. 289 b.

  2. Biturayev О‘. В. Siyosatshunoslikka kirish (o‘quv qo‘Ilanma). 2017-yil. 346 b.

  3. Muhamedjonova L.P, Mirzaqulov B.T. Siyosatshunoslik. 2008-y. 212 b.

  4. Ancient Political Philosophy. Fri Dec 7, 2018. Stanford Encyclopedia of Philosophy.

Foydalanilgan internet manbalari:

  1. http://www.grandars.ru/college/filosofiya/drevneindiyskaya-filosofiya.html

  2. https://law.wikireading.ru/47986?yrwinfo=1583840474691052-475426837962264575500072-sas3-5824




1 X.T.Odilqoriyev, D.X.Razzoqov. Siyosatshunoslik. 2008-y. 18-b.

1 X.T.Odilqoriyev, D.X.Razzoqov. Siyosatshunoslik. 2008-y. 35-b.

1 http://www.grandars.ru/college/filosofiya/drevneindiyskaya-filosofiya.html

1 https://law.wikireading.ru/34735?yrwinfo=1583835015173630-687840243182444682200067-sas3-5693

2 Biturayev О‘. В. Siyosatshunoslikka kirish (o‘quv qo‘Ilanma). 2017-yil. 52-b

1 Biturayev О‘. В. Siyosatshunoslikka kirish (o‘quv qo‘Ilanma). 2017-yil. 36-b.

2 Muhamedjonova L.P, Mirzaqulov B.T. Siyosatshunoslik. 2008-y. 34-b.

1 Ancient Political Philosophy. Fri Dec 7, 2018. Stanford Encyclopedia of Philosophy.

2 https://law.wikireading.ru/47986?yrwinfo=1583840474691052-475426837962264575500072-sas3-5824

3 https://law.wikireading.ru/47986?yrwinfo=1583840474691052-475426837962264575500072-sas3-5824


Download 27.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling