Sotsiologik tilshunoslik
Strukturalizm. Praga sturkturalizmi
Download 130 Kb.
|
2 5262675942353940013
Strukturalizm. Praga sturkturalizmi.
XX asrning 10-yillaridan e`tiboran shakllana boshlagan strukturalizm metodini fransuzlar “yangi tanqid” deya boshladilar. Fransuz strukturalizmi haqida gap borar ekan, avvalo Ferdinand de Sossyur (1857-1913) nomi tilga olinadi. U struktural lingvistika asoschilaridan bo`lib, fanga sinxron va diaxron o`rganish metodlarini olib kirdi. Lingvistikani izchil tizim sifatida o`rganish, til va semiotika aro uzviy bog`liqlik masalalari F.de Sossyur nomi bilan bog`liq. R.O.Yakobson (1896-1982) strukturani badiiy asar fabulasi va kompozitsiyasi bilan uzviy bog`liqlikda o`rganish yo`sinini ishlab chiqdi. Uning tadqiqotlari ko`proq lingvistik strukturalizm bilan bog`lanib ketgan. Tadqiqotchi Jan-Mari Ozia struktura va inson psixologiyasi muammolarini tadqiq etgan. Mana shu olim matn tahlili muammolari siyosiy, mafkuraviy, tashviqiy qarashlardan yiroq bo`lishi lozimligini uqtirgan. Gaston Bashlar (1884-1962) struktura, strukturalizm bilan bog`liq “Yangi ilmiy tafakkur” konsepsiyasini falsafiy jihatdan asosladi. U hozirgi ilmiy bilish dialektikasini yangicha talqin qilishga intildi. Strukturalizm mantiqiy bog`liqlik, o`zaro aloqalarni yaxlit halqa sifatida o`rganadi. Bu metodda makoniy cheklanish mavjud, ammo u tafakkur imkoniyatlarini bus-butun ishga solishga qodir. Strukturalizmda ma`lum muammodan chetga chiqib ketmaslik, masalani mumkin qadar teran, keng miqyosda yoritib berish muhimdir. Strukturalizmning shakllanishi va rivojini Rossiyada paydo bo`lgan “Poetik tilni o`rganish jamiyati” (OPOYaz) faoliyati namoyandalari ijodiy izlanishlarisiz tasavvur etib bo`lmaydi. XX asrning 10-yillarida tashkil etilgan bu jamiyat lingvistik va adabiyotshunoslik strukturasi muammolari bilan shug`ullandi. Mazkur jamiyatning YE.D.Polivanov, Y.N.To`nyanov, V.B.Shklovskiy, R.O.Yakobson, B.V.Tomashevskiy, B.Eyxenbaum singari a`zolari lingvistika, adabiyotshunoslik, xususan, poetika, adabiyot nazariyasi, matnshunoslik, rus adabiyoti tarixini ilmiy-nazariy yoritishda betakror o`zliklarini namoyon etadilar. Xususan, Viktor Borisovich Shklovskiy (1893-1984), Boris Viktorovich Tomashevskiy (1890-1957)kabilar ham nazariyotchilar sifatida tanildilar, ham L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, A.Pushkin asarlari strukturasini tadqiq etish bo`yicha katta ilmiy yutuqlarga erishdilar. Ularning ijodi 10-yillarda boshlangan bo`lsa-da, 50-70-yillarda unumli natijalar berdi. Strukturalizm XX asrda uchta murakkab bosqichni o`tadi. 10-yillarning o`rtalarida boshlangan strukturalizm boshlang`ich pog`ona bo`ldi. Garchi u “boshlang`ich” bo`lsa-da, strukturalizmning tamal toshi o`sha paytda qo`yildi, uning asosiy maqsad-vazifalari belgilandi. Muhimi, strukturalizm lingvistika va adabiyotshunoslikdagi mushtarak nuqtalarga diqqatini qaratdi. Ayni vaqtda ilk strukturalizm lingvistik va adabiyotshunoslik muammolarini aniq, uzil-kesil ko`rsatib berdi. Strukturalizmning ikkinchi pog`onasi XX asrning 60-70-yillariga to`g`ri keldi. Fransiyada bu yillar Klod Levi Stross (1908), Jak Lakon (1901-1981), Rolan Bart (1915-1980), Mishel Fuko (1926-1984) singari strukturalistlar ijod qildilar. Bular strukturalizm mohiyatini mukammal yoritdilar. R.Bartning “Huzurbaxsh matn”, M.Fukoning “So`z va buyumlar” tadqiqotlari, Levi-Strossning etnografik strukturalizmga doir ishlari mashhur bo`ldi. Ayniqsa, A.Bartning tanqid, adabiyotshunoslik, tillar haqidagi tadqiqotlari strukturalizm nuqtai nazaridan o`rganilgan, baholangan. 60-70-yillarda rus strukturalistlari unumli ish olib bordilar D.M.Lixachev (1906-2000), M.B.Xrapchenko (1904-1993), M.M.Baxtin (1895-1975), . Y.Lotman, Y.Borev, Y.Barabash singarilar “OPOYAZ”chilar an`analarini davom ettirdilar, badiiy asar matniga doir xronotop, roviy, funksional yondashuv singari masalalarni o`rtaga qo`ydilar. 60-70-yillar strukturalizmida Yuriy Lotmanning xizmatlari katta. Bu olim uslubi qanchalik murakkab bo`lsa, u talqin qilgan asarlar ham shunchalik jiddiy. Uslub qancha murakkab bo`lsa, mutaxassis uni o`qish, o`rganishga shunchalik jiddiy kirishadi. Y.Lotman badiiy asar matni muammosini keng miqyosda, barcha san`at asarlari birligida, jahon adabiyotining murakkab asarlari misolida yoritadi. Y.Lotmanning mantiq yo`siniga yo`l topilsa, uning nazariy qarashlarini anglab yetish osonlashadi. Olim har qancha murakkab uslubni qo`llamasin, badiiy matn muammosi doirasidan chetga chiqib ketmaydi. Bizning mumtoz adabiyotimizda shunday murakkab, teran ildizli matnlar borki, ularni anglab yetgan mutaxassis Y.Lotman asarlarini bemalol uqib oladi. 70-yillardan boshlab o`zbek adabiyotshunosligida poetika masalalari o`rganila boshlandiki, ularni strukturalizm sohasida olib borilgan izlanishlarning boshlanishi deb anglamoq joiz. Badiiy tafakkurda ro`y bergan o`zgarishlar adabiyotda darhol namoyon bo`ladi. 80-yillardan boshlab strukturalizmning yangi ko`rinishi – poststrukturalizm paydo bo`ldi. Poststrukturalizm, ramziy aytganda, strukturalizmni biqiqlik, akademik holatdan hayotning jo`shqin oqimiga olib chiqdi. Yangi metod namoyandalari jonli hayot ruhi singgan, xalqona tilda yozilgan matnlarni talqin qila boshladilar. Ayniqsa, bunday hol sho`ro adabiyotida ro`y berdi. Oshkoralik va demokratiya sharoitida muqaddam ta`qiqlangan asarlar chop etila boshlandi. Ularda Gulag mahbuslari, siyosiy jinoyatlari uchun uzoq vaqt ozodlikdan mahrum etilganlar xarakteri aks ettirilgan edi. A.Soljenitsin, A.Ribakov, A.Bek, A.Platonov singarilarning asarlari poststruturalizm uchun qimmatli material – matnlarni berdi. O`zbek adabiyotida X.Sultonov, Murod Muhammad Do`st, Erkin A`zam, Tog`ay Murod, Rauf Parfi singarilarning asarlari matni o`ziga xos, betakrorligi bilan diqqatni jalb etdi. Poeziyadagi baxshiyona ruh, xalqona ohang, maromlar matn tahlili uchun nihoyatda zarur, qimmatli edi. Mustaqillik davri adabiyotida nasr, nazm, dramaturgiya sohasida bo`lmasin janriy izlanishlar avj oldi. Omon Muxtor, Xurshid Do`stmuhammad, Salomat Vafoning roman, Tohir Malik, Nazar Eshonqul, Sh.Xolmirzayevlarning qissa, N.Eshonqul, Sh.Bo`tayev, N.Norqobil, E.Shukur, Isajon Sultonov, Zulfiya Qurolboy qizi, Dilfuza Qo`ziyevalarning hikoya janridagi izlanishlari poststrukturalizm metodi uchun boy material bo`la oladi. Afsuski, o`zbek adabiyotshunosligi, adabiy tanqidchiligi strukturalizm metodi muammolari bilan jiddiy shug`ullanmayapti. To`g`ri, mustaqillik davrida A. Qahhorning “Sarob”i, A.Qodiriy romanlari matn nuqtai nazaridan yangicha talqin qilindi. Ammo bunday talqinlar hozir nihoyatda kam. Ayniqsa, qayta talqin qilinishi lozim bo`lgan asarlar bisyor. “Tafakkur” jurnalining 2004 yil 3-sonida Zuhriddin Isomiddinovning “Taras Bulba: oshkor va pinhon qiyofa” nomli tadqiqoti chop etildi. Muallif Gogol asaridagi semiotik nuqtalarni aniq, ishonarli belgilaydi. Matn tahlilidan kelib chiqqan holda muallif Taras Bulba zinhor xalq qahramoni, vatanparvar bo`lmaganligini isbotlaydi: “Albatta, Gogol ham xuddi Pushkinga o`xshab, o`z davrida Taras Bulba singari “din va millat fidoyilari”ning yovuzligini faqat ishorat tili bilan bayon qila olar ediki, buning sabablari hammaga tushunarli”. Shu muallif «Chini turganida afsona nechun?» maktub-maqolasida To`lenbergan Kompbergenevning «Qoraqalpoqman. tavakkalchiman» (Nukus-2003) asarini sinchiklab tahlil qiladi. Ma`lumki, so`nggi yillarda har bir xalq o`zining tarix shodasidagi o`rni, mavqeini bo`rttirib ko`rsatishga intilmoqda. Donishmand adib T.Kalpbergenov ham qorqalpoqni ulug`lashga haddan tashqari berilib ketadi. Z.Shomiddinov asardagi sakta, soxtaliklarni birma-bir talqin qilarkan, yozuvchiga murojaat qiladi: «Hurmatli Tulepbergin og`a!... El va millatning qadimiyrog`i a`loyu tarix sahnasiga turli sabablarga ko`ra kechroq chiqqanlari tubanroq bo`lmaydi. Barchasi teng. Shunday ekan, tarixchi olimlarning hozirgacha amalga oshirgan mehnatlari natijasini-ayon haqiqatlarni nazar-pisand qilmay, afsona to`qishga, shu asosda tarix «ijod» qilishga hojat yo`q».2 Tanqidchi badiiy asar matniga chuqur kirgani sayin tarkib, tartib, tayanch so`zlarni aniq ko`radi, his qiladi. Postrukturalizm so`zlar, ishoralar aro modern holat, asar ichra asar yaratila boshlanganligi ko`ra boshlaydi. SHo`ro davri tanqidchiligidagi talqin, tahlillarni kuzatar ekansiz, xayolingizga daf`atan: “Men nima deymanu qo`bizim nima deydi?”- maqoli keladi. Xullas, poststrukturalizm asarlarni sinchiklab o`rganadi. Yana shuni ta`kidlash kerakki, poststrukturalizm globallashuv jarayonining samarasi sifatida jahoniy ahamiyatga molik asarlarni tahlil, talqin qiladi. Masalan, strukturalist Klod Levi-Stross “Strukturalizm va ekologiya” maqolasida muammoni umumjahon miqyosida oladi. Levi-Stross mutaxassisligi nuqtai nazaridan etnolog bo`lgani uchun ham umumjahoniy muammo mohiyatiga tez, asosli kirib bordi. Badiiy adabiyotda global mohiyatli tadqiqotlarni yaratish shart. O`ylab ko`rilsa, olam ham hududsiz, odamlar ham bir-biriga yot emas ekan. Ayniqsa, ilmiy-texnika taraqqiyoti, globallashuv jarayoni odamlarni yaqinlashtirganiday, adabiy aloqa, o`zaro ta`sirni kuchaytirdi. O`zbek yozuvchisi Xurshid Do`stmuhammad italiyalik adib Dino Butsattining “Yetti qavat” hikoyasidan ta`sirlanib “Jimjitxonaga yo`l” asarini yozdi. Hikoya kompozitsiyasi g`alati: X.Do`stmuhammad “Yetti qavat” hikoyasi qahramoni Dino Korte holati bilan “Jimjitxonaga yo`l”ning asosiy ishtirokchisi Zohid Yaqin ruhiyatini baqamti tasvirlaydi. Har ikki hikoyada ko`zga yaqqol tashlanmaydigan jihat shuki, Dino Korte asta-sekin yuqoridan pastga tushib boradi. Zohid Yaqin bo`lsa birinchi qavatdan yettinchiga ko`tariladi. Qizig`i shundaki, odam-kim, qayerdanliligidan qat`i nazar taqdirga tan berib, turli vaziyatlarga ko`nikib borarkan. Italiyalik yozuvchi o`z qahramonini osmondan yerga tushirar ekan, uning o`ziga xosligidan – dini, millati, udumlari, yashash tarzidan kelib chiqadi. X.Do`stmuhammad Zohid Yaqinni asta-sekin arshi a`loga ko`tara boradi. Har ikki qahramon o`lim tomon ilgarilab boraveradi. O`zbek va italiyalik bemorning holatlari strukturali tahlilda sezila boradi. O`limning millati yo`q. U o`z bag`riga hammani olaveradi. Jon taslim qilayotgan Dino Korte “najot istab mayda sim to`r qoplangan derazadan tashqaridagi daraxtzorga chiranib qaraydi, ammo ko`z oldi chaplashib ketadi. Tunmi?... - deb so`radi u arang pichirlab. – Soat nech...”. Shunday holat Zohid Yaqinda ham ro`y beryapti: “Zohid Yaqin yo`lak adog`idan oqib kirayotgan sutdek nur og`ushida yastanib yotgan keng va yam-yashil sayhonlikni ilg`ab, shu qadar bahri dili ochildiki!... Xurshid Do`stmuhammad “Al-a`rof” dramasida amerikalik mashhur adib Edgar Po (1809-1849)ning hayotidagi holatlarni tasvirlash orqali insonning qayerda, qanday yashashidan qat`i nazar, fojialar girdobida bo`lishini ko`rsatadi. Demoqchimizki, o`zbek yozuvchisi amerikalik adib hayoti misolida insoniy fojia, holatlarni ko`rsatib bergan. Dramadagi semantik markaz mana bu gapda jamlangan: “Dushman tashqarida emas, ichimda, amma...” Aksariyat insonlar kuyadilar, yonadilar, lekin Po singari o`z dardlarini lo`nda ifoda eta olmaydilar. Globallashuv jarayoni insonni to`laroq anglash imkonini yaratdi. Bilamizki, har bir milliy adabiyot tarkibida bolalar adabiyoti, uning namoyandalari bor. Hozirgi paytda bolalar adabiyotida ham jiddiy o`zgarishlar ro`y beryapti. So`nggi olti-yetti yil ichida angliyalik yozuvchi Djoan K.Rolingning nomi mashhur bo`lib ketdi. U yaratgan “Garri Potter va uning do`stlari” asari bolalik saltanatining mashhur asariga aylandi. Garri Potter sarguzashtlari tasvirlangan kitob jahon bolalari tomonidan o`qilmoqda, film holida tomosha qilinmoqda. Garri Potter nega bunchalik mashhur bo`lib ketdi? Yozuvchi K.Roling bolalarning ertak, mif, sarguzashtlarini texnika vositalari orqali tasvirlay oldi. Garri va uning do`stlari yalmog`izlar, afsungarlar orasida bo`ladilar, xavfli vaziyatlarga tushib qoladilar va muhimi, bunday vaziyat-holatlar texnika, elektronika, kompyuterlar bilan uzviy bog`liq. Atrofimizga nazar tashlasak, bolalar kompyuter olamiga chuqur sho`ng`ib ketganliklarini sezamiz. Boshqacha aytganda, boladagi sarguzashttalablik, qaltis vaziyatlarga intilish fan-texnika vositasida amalga oshirilmoqda. Bolalik saltanatidagi holat, vaziyatlarni strukturalizm metodi vositasida ishonarli tahlil qilish mumkin. Xullas, poststrukturalizm keng miqyosda faoliyat olib boradigan, masalani ildiz-ildizidan yoritib beradigan umumdunyoviy metodga aylanib bormoqda. Ehtimolki, taraqqiyot poststrukturalizmning yana yangi imkoniyatlarini yuzaga chiqarar. Adabiyot va san`atda yo`sin, yo`nalish, oqimlar borki, ularning asosida falsafiy-estetik qarashlar,yorqin siymolarning estetik tushunchalari turadi. XX asrda G.V.Plexanov (1856-1918), M.Xaydegger (1889-1976), Gaston Bashlar (1884-1962), Jan-Pol Sartr (1905-1980), N.A.Berdyayev (1874-1948) singari mutafakkirlar yashaganki, ular faoliyati markscha falsafa-estetika, ekzistensial yo`nalish, struktural tizim mohiyati bilan uzviy bog`liq. To`g`ri, Z.Freyd, K.Yung, E.Fromm, S.Frank singari mutafakkirlar ham XX asrda o`z tadqiqotlarini yaratganlar. Ularning asarlari san`at-estetikaning teran muammolarini hal qilish bilan bog`liq. Biz ekzistensializm, strukturalizm, sotsialistik realizm mohiyatiga jiddiyroq nazar tashlashnigina maqsad qilib qo`ydik. Ekzistensial falsafa XX asrda G`arbiy Yevropada chuqur ildiz otdi. Frans Kafka (1883-1924), Alber Kamyu (1913-1960), Jan-Pol Sartr (1905-1980) singari san`atkorlar ijodi ekzistensializm bilan uzviy bog`liq. Ekzistensializm metodining maqsad-mohiyati ko`proq M.Xaydegger asarlarida yoritilgan. Ekzistensial – tirikchilik demak. Inson-tirik jon. Tirikchilik uning ma`no-mazmunini belgilaydi. Inson qilmish-qidirmishlari uning mohiyatini belgilaydi. Insonga nega unday yashamading, nega bunday g`oyaning izidan bormading, hayotingni qanday yo`naltirishlarda olib bording degan savollarni qo`yish noto`g`ridir. Insonning kimligi, mohiyati yashagan yo`li, qilmishlaridir, xolos. “Inson o`zini qay darajada amalga oshirsa, shu darajadagina mavjud bo`ladi. U o`zini, demak, o`z qilmishlarining yig`indisi sifatida, o`z shaxsiy hayoti sifatida – faqat shundaygina namoyon etadi,” - deb yozadi J. P.Sartr. Uning quyidagi fikrlari inson mohiyati to`g`risidagi qarashni tasdiqlaydi: “... inson o`zining qator qilmishlaridan boshqa hech narsa emas, u mana shu qilmishlaridan tashkil topadigan munosabatlar yig`indisidan iborat, demoqchimiz xolos”. Ekzistensializm insonni imkoniyatlariga ko`ra emas, qilgan ishiga ko`ra baholaydi. Odam bu dunyoda yeladi, yuguradi, bolam-chaqam deydi, to`y-tomosha qiladi. Xullas, umr o`taveradi. Ekzistensial falsafa insondan “Nega bunday qilding?”, “Nega bunday qilmading?” demaydi. Insonning savobi ham, gunohi ham o`ziga. Eng asosiysi, inson mafkuralar, yuksak g`oyalar, tinkani quritadigan yugur-yugurlar quli bo`lib qolishi kerak emas. Inson hayotining qaysidir bosqichida qo`rqoqlik qildi, qachondir loqaydligi tufayli fojiaga sabab bo`ldi. U nima qilgan bo`lsa, qanday yashagan bo`lsa, shunga yarasha ajr (savobu gunohini) oladi. O`ylab ko`rilsa, ekzistensial falsafa hamma inson hayotiga mos keladi. Sharqda yashash, tirikchilik falsafasi chuqur ishlangan. Faqat u ekzistensializm deyilmaydi. Tirikchilik, tirikchilik deymiz-u, har bir odam yashashga o`z aqli, tushunchasi bilan yondashishini unutmasligimiz kerak. Ba`zi odam tabiatan aqlli, dono bo`ladi: ishning foydasi, osonini ko`zlab harakat qiladi. Odam borki, hayotini yelga sovuradi: yeyish, ichish, maishat qilishdan nariga o`tmaydi. Mutafakkir M.Xaydegger biologik umr bilan ontologiyani (mangu barhayotlilikni) farqlaydi. Uningcha, tirikchilikning muhim bir nuqtasi bor. U – o`lim. Odam o`limdan qo`rqadi, uni yo`qlik, mavhumlik deb biladi. Aslida, o`lim yashash yo`lidagi bir bosqich. Odam o`limdan keyin ham yashaydi. Lekin, hamma gap shundaki, u qanday, qancha yashaydi? Tiriklik davrida inson qanday yashagan bo`lsa o`lganidan keyin inson sifatidagi MOHIYATIGA ko`ra ontologiya bosqichiga kirishadi. Biz ko`proq mangu asarlar haqida gap borganida ontologiya istilohini qo`llar edik. Ekzistensial falsafa ontologiyani inson umri qimmatini belgilovchi vosita sifatida ishlatadi. M.Xaydegger fikricha, inson yashayveradi, tirikchilik yo`lida yelib yuguraveradi, ammo alal-oqibat inson hayotining ma`no-mohiyati talqin, tahlil orqali baholanadi. Martin Xaydegger, garchi ekzistensial falsafa namoyandalaridan bo`lsa-da, til va inson bog`liqligi masalasiga alohida e`tibor beradi. Haqiqiy til – sizu biz oramizdagina aloqa vositasi emas. U (haqiqiy til) insonga shariflik ato qilinayotganda berilgan ilohiy in`om. Insonning insonligi tilidadir. Sharif inson faqat so`zlayotganidaginamas, sukut saqlayotganida ham some`lik qilayotganida ham go`zaldir. Sokin odamning mohiyati so`zlayotgan odam fikrlaridan ko`proq narsani anglatadi. Til haqida, ayniqsa, tilning germenevtik mohiyati xususida fikr yuritgan odam struktura, semiotika, semiologiya haqida to`xtalinmasligi mumkin emas. Demoqchimizki, M.Xaydegger asarlarida struktura, strukturalizm haqida aytilgan mulohazalar ko`p. “Tafakkur yuritish nadur?” maqolasida so`zlar mag`zini chaqadi: “Faylasuflar – tafakkur yurituvchilar. Buning boisi shuki, asosan falsafada tafakkur ro`y beradi. Hozir hech kim falsafaga qiziqish ortayotganini inkor etmaydi. Lekin bironta zot topilarmikanki, “QIZIQISH” degan so`zning bugungi kunda qay mazmunda qo`llanayotganini kuzatgan bo`lsin”. M.Xaydegger jumla, satrdagi har bir so`z mazmuni, shakli, turkumi, ohangi, maromi bilan qiziqadi. Bu, tabiiyki, strukturalizm bilan uzviy bog`liq. 1926 yilda Chexoslovakiyaning poytaxti Praga shahrida tashkil topdi. Ayni strukturalizm umumiy tilshunoslikda funksional lingvistika nomi bilan ham yuritiladi. Ushbu maktabning funksional tilshunoslik deb atalishi asosida til birliklarining har biri muayyan funkciyaga egaligi, ularning tilda (nutqda) muayyan vazifani bajarish g`oyasi yotadi. Funksional lingvistika maktabi vakillari: V. Matezius, B. Trinka, I. Vaxek, B. Gavranek, N.S. Trubeckoy, R.O.Yakobson, S.I.Karcevskiy va boshqalar. Praga maktabi ta`limotining asosiy g`oyalari quyidagilar: Tilshunoslik – o`z ob`ektiga ega bo`lgan mustaqil fan. Til – sistema. Til – funksional sistema. Ya`ni til muayyan maqsadga yo`naltirilgan ifoda vositalari sistemasidir. Fonologiya – nazariy fonologiya. Fonemaning so`z va morfemalarni farqlash qobiliyatiga egaligi. Fonema tilning eng kichik fonologik birligi. Nutq tovushlari fonemaning moddiy simvollari, belgilari, fonemaning nutqdagi reallashishi. Demak, fonema bilan tovush farqlanadi. 5. Sinxroniya va diaxroniya. Praga strukturalistlari tilni tadqiq qilishda, asosan, sinxroniyani – sinxron metodni ilgari suradilar. Shu bilan birga ular tilning mohiyatini ochishda diaxroniyani – diaxron metodni ham hisobga oladilar. Ya`ni ular diaxroniyani inkor qilmaydilar. Demak, tilni – til hodisalarini, birliklarini tahlil qilishda sinxroniya va diaxroniya dialektik bog`liq holda olinadi. 6. Til belgisi bo`lgan so`z – mustaqil birlik. U vazifasiga, nomlanishiga ko`ra nominativ faoliyat mahsuli bo`lib, jamiyatda nominativ funkciya bajaradi. 7. Tilning morfologik sistemasi morfema bilan belgilanadi. 8. Gapning aktual bo`linishi masalasi va boshqalar. Download 130 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling