Surunkali yallig'lanish


Download 0.79 Mb.
bet5/7
Sana18.01.2023
Hajmi0.79 Mb.
#1099148
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
PATAN 7

YIRINGLI YALLIG'LANISH


Yiringli yallig'lanish o'chog'ida kollikvatsion nekroz boshlanib, yiring hosil bo'lishi bilan ta'riflanadi. Bu yiring oksilga boy ekssudatdan iborat, unda juda ko'p tirik leykotsitlar va o'lgan leykotsitlarning detriti (yiring tanachalari) bo'ladi.
Yiringli yallig'lanishga stafilokokk, grammanfiy bakteriyalar, ichak tayoqchasi, meningokokk, gonokokk, pnevmokokk singari yiring tug'diruvchi mikroblar sabab bo'ladi. Yiringli infeksiya boshlanishining sababi ko'pincha tillarang stafilokokkdir (50-rasm).
Yiringli yallig'lanishning quyidagi turlari tafovut qilinadi: furunkullar, karbunkullar, abssesslar, flegmona va impetigo.
furunkul (chipqon) soch xaltachasining yiringli yallig'lanishi bo'lib, bunda yonginadagi yog' bezi, teri osti kletchatkasi va teri ham jarayonga qo'shilib ketadi.
Karbunkul (ho'ppos) bir kancha soch xaltalari va yog bezlarinine o'tkir yiring'li nekrotik yallig'lanishga uchrab, jarayonning teri hamda teri osti kletchatkasiga ham tarqalishidir (51-rasm). Bunda nekrozli kattagina umumiy yallig'lanish infiltrati hosil bo'ladi. Zararlangan joyga anchagina shish kelib, o'sha yerdagi qon va limfa tomirlar bosilib qoladi, qon aylanishining mahalliy izdan chiqishi, nekroz hodisalari ko'riladi. Nekroz boshlangan joyning gir aylanasi yiringlab ketadi, bu yiringlash to'qimalardagi kollikvatsion nekroz jarayonini kuchaytiradi. Nekrozga uchragan joy keyinchalik irib, ko'chib tushadi.

50-rasm. Stafilokokk tufayli paydo bo'lgan oddiy impetigo.


Abssess (madda, yiring boylagan joy, apostema) - to'qima va organlarda cheklangan holda yiring to'planishidir. Yiringli yallig'lanish paydo bo'ladi, mana shu yallig'lanish neytrofillar halok bo'lganida ajralib chiqadigan fermentlar va erkin radikallarning faol ishtiroki bilan to'qimalarning irib, nekrozga uchrashiga olib keladi.
Abssessning o'ziga xos xususiyati yiringli nekrotik jarayonni atrofdagi to'qimalardan ajratib turadigan piogen membrana bo'lishidir. Granulyatsion to'qima bilan qoplangan abssess ichki devorining hosil bo'lishi organizmning yiringli yallig'lanishini ajratib, alohidalab qo'yishga qaratilgan himoya reaksiyasining bir ko'rinishidir.
Abssess devori oldiniga nekrozga uchragan to'qima parchalari aralash yiringli fibrinoz karashdan iborat bo'ladi, uning tevaragida demarkatsion yallig'lanish zonasi yuzaga kelib boradi. Natijada yiring to'plangan joy granulyatsion to'qimadan iborat ko'tarma bilan cheklanib qoladi. Bu granulyatsion to'qima kapillarlarga boy bo'ladi, shu kapillarlarning devorlaridan leykotsitlar tashqariga chiqib, yiringli ekssudat hosil bo'laveradi. Piogen membrana tashqi tomondan o'zgarmagan atrofdagi to'qima bilan o'ralgan bo'ladi, uning ichki yuzasiga quyuqlashgan yiring qatlami taqalib turadi. Mana shu parda yiring hosil qilib turadigan bo'lgani uchun piogen membrana deb ataladi.
Yiringli yallig'lanish natijasida yuzaga kelgan abssessning oqibatlari har xil bo'lishi mumkin: 1) u o'z-o'zidan tashqariga yorib chiqishi (teri osti kletchatkasi, muskullar abssesslarida); 2) berk bo'shliqlarga (korin, plevra, bo'g'imlar bo'shlig'iga) yorilishi va tarqalib ketgan yiringli jarayonlarga (peritonit, plevritga) sabab bo'lishi; 3) tashqi muhit bilan tutashib turadigan kavak organlar bo'shliqlariga (ichak, me'da, qovuq bo'shlig'i va boshqalarga) yorilishi; 4) butunlay bo'shaydigan va seli yaxshi chiqib turadigan paytlarda chandiq xosil qilishi (abssessning uyushuvi); 5) batamom bo'shalmay qolgan va abssess bo'shlig'ining seli yaxshi chiqib turmaydigan maxallarda surunkali abssess yuzaga kelishi mumkin.

51- rasm. Karbunkul. Jun follikulalari atrofida paydo bo'lgan yiringli yallig'lanish o'choqlari epidermisga o'tgan.

Yiring tabiati infeksiya turiga bog'liq: yiringning gungurt-kulrang tusda va badbo'y hidli bo'lishi chirituvchi flora uchun; sarg'ish-yashil rangda, quyuq bo'lishi stafilokokk uchun; ko'kimtir-yashil rangda bo'lishi ko'k yiring tayoqchasi uchun xarakterlidir.


Yiring tug'diradigan mikrorganizmlarning hammasi organizmga qaysi joydan kirganidan qat'iy nazar, tomirlar yo'liga o'tishi va qonda aylanib yurishi mumkin, bakteriyemiya deb shuni aytiladi. Bakteriyemiya paytida yiringli yallig'lanish qo'zg'atuvchisi turli organ va to'kimalarda o'tirib qolib, yangi joyda yiringli yallig'lanishga sharoit tug'iladi, masalan, endokardit, meningit, miya abssessi shu tariqa boshlanishi mumkin. Yiringli yallig'lanish zo'rayib borganida regionar limfa tugunlari ham jarayonga qo'shilib, limfadenit boshlanishi mumkin.
Yiring tug'diruvchi mikroorganizmlar, ayniqsa stafilokokklar flegmona deb ataladigan tarqoq yiringli yallig'lanishga sabab bo'la oladi. Yallig'lanishning bu turida yiringli ekssudat to'kima elementlari orasiga bir tekis tarqalib, anchagina joyiga singib boradi. Jarayon, masalan, bilakka, yuzning bir tomoniga tarqalishi mumkin. Flegmona anchagina shish kelishi va to'qimalarning qipqizarib lovillab turishi bilan birga o'tadi. Flegmona aksari yiringli infiltratsiya osongina tarqala oladigan to'qimalarda, masalan, muskullar orasidagi katlamlar, pay fassiyalari bo'ylab, teri osti kletchatkasida kuzatiladi. Yiringli ekssudatning shu tariqa cheklanmagan holda zo'r berib tarqalib borishi shunga bog'liqki, streptokokklar bir talay fermentlar, masalan, hujayralarning membranalarini eritib yuboradigan gialuronidaza fermentini ajratib chiqaradi. Flegmona paytida limfa tomirlari va regionar limfa tugunlari ham jarayonga qo'shilib ketadi va limfangit hamda limfadenit boshlanadi. Bunda badan terisining tarqoq yiringli yallig'lanish boshlangan joyidan to regionar limfa tuguni joylashgan yergacha bo'lgan qismi uzun bo'lib qizarib turadi. Limfa tugunlarida yallig'lanishga xos reaktiv giperplaziya manzarasi ko'zga tashlanadi. Streptokokk infeksiyasida boshlanadigan immun reaksiyalar ham o'z xolicha revmatizm, glomerulonefrit singari sistema kasalliklariga sabab bo'la olishini aytib o'tish kerak.
Yiringli yallig'lanishning oqibati makroorganizmning holatiga, qo'zg'atuvchining virulentligi va uning nechoglik tarqalganiga byg'liqdir. Mikroorganizmlar nihoyat darajada virulent, organizmning himoya kuchlari esa susayib ketgan bo'lsa, infeksiya juda tarqalib, sepsis boshlanishi mumkin. Oxiri xayrli holatlarda abssess yorilib, yiringdan tozalanishi va o'rnida chandiq to'qima hosil bo'lishi mumkin. Xususan, yuz, bo'yin flegmonasi, bosh miya abssessi, yiringli meningit, mediastenit, tarqoq yiringli-fibrinoz peritonit organizm uchun ayniqsa xatarlidir.



Download 0.79 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling