Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida


Download 59.06 Kb.
bet1/17
Sana08.01.2022
Hajmi59.06 Kb.
#242098
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Bog'liq
PQ-4486 09.10.2019 (1)




[OKOZ:

1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.21.00.00 Suv xo‘jaligi;

2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.05.00.00 Suvdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.05.02.00 Suvdan foydalanish va muhofaza qilishni boshqarish va nazorat qilish]

[TSZ:

1.Tabiiy resurslar / Suv va suvdan foydalanish]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli institutsional islohotlar doirasida suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, suv resurslarini boshqarish tamoyillari va tizimini takomillashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ularning hisobini yuritish tizimini takomillashtirish, shuningdek, suv xo‘jaligi tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligini isloh qilish hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mazkur sohada boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish asosida suv xo‘jaligi infratuzilmasini yanada yaxshilashni talab etmoqda.

Suv resurslarini boshqarish va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, irrigatsiya va melioratsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini ta’minlash, suv xo‘jaligini boshqarish sohasida bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ushbu sohada ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:

1. 2022-yil oxirigacha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati faoliyatining quyidagi ustuvor yo‘nalishlari va samaradorligining muhim ko‘rsatkichlari belgilansin:

a) suv xo‘jaligi vaziri quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

suv xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini ta’minlash, suv resurslarini boshqarish sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash;

2020 ― 2030-yillarda suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasini o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqish;

2020-yildan boshlab suv xo‘jaligi tashkilotlarining suv yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini suv iste’molchilari tomonidan qoplash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish;

suv xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar, qarzlar va grantlar jalb qilishni kengaytirish orqali suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish xarajatlarining jami hajmidagi budjet mablag‘lari ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish;

suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga faol ko‘maklashish, zamonaviy sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish quvvatlarini xususiy investitsiyalar jalb qilish hisobiga kengaytirish orqali suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda sug‘oriladigan yerlarning ulushini sug‘oriladigan yerlar umumiy maydonining kamida 10 foizigacha yetkazish;

b) vazirning birinchi o‘rinbosari quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

suv xo‘jaligini institutsional, texnik va texnologik rivojlantirish, ushbu sohada fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash;

suv xo‘jaligi obyektlaridagi qurilish-montaj ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish hisobiga ularning tannarxi pasaytirilishini ta’minlash;

suv resurslarini boshqarish sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish, suv xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali foydalanish xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish;

suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatning jadal rivojlantirilishini ta’minlash, suv resurslarini boshqarish sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hisobiga suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kamida 10 ta ilmiy va innovatsion ishlanmani amaliyotga joriy etish;

v) vazirning o‘rinbosarlari quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

suv xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish, ilmiy ishlanmalar natijalarini, suv xo‘jaligini boshqarish va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanishning ilg‘or usullarini amaliyotga faol joriy etish;

zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda suv xo‘jaligining sug‘orish tizimlarini modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini har yili respublika bo‘yicha o‘rtacha kamida 1 foizga oshirish;

energiya tejovchi va energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solishning samarali usullarini joriy etish hisobiga suv xo‘jaligi obyektlarida elektr energiyasi iste’molini kamida 10 foizga qisqartirish;

suv-tuz balansini yuritish mexanizmlarini takomillashtirish, yer osti suvlarini me’yorda ushlab turish, shuningdek, melioratsiya ishlari samaradorligini oshirish orqali sho‘rlangan yer maydonlari ulushini 45 foizgacha kamaytirish;

suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarish va ulardan foydalanish jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga 300 ta suv xo‘jaligi inshooti va gidrouzelda suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish;

suv iste’molchilari uyushmalarining huquqiy maqomini mustahkamlash, suv resurslarini boshqarish sohasidagi rolini oshirish, shuningdek, ular faoliyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashish orqali suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini tubdan rivojlantirish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

suv xo‘jaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni shakllantirish va ishlab chiqish, shuningdek, ularni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish orqali amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligini (keyingi o‘rinlarda — Loyihalarni amalga oshirish agentligi) tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zsuvqurilishta’minot” respublika birlashmasi (keyingi o‘rinlarda — “O‘zsuvqurilishta’minot” respublika birlashmasi) negizida “O‘zsuvqurilish” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi o‘rinlarda — “O‘zsuvqurilish” AJ) tashkil etish, shuningdek, 1-ilovaga muvofiq “O‘zsuvqurilishta’minot” respublika birlashmasi tarkibiga kiruvchi davlat unitar korxonalarini mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirish;

Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi budjet tashkilotlarining shtatlar sonini 2019-yil 1-noyabrdan 10 foizga, 2020-yil 1-yanvardan qo‘shimcha ravishda 10 foizga, shu jumladan boshqaruv xodimlari sonini mazkur qarorga muvofiq 83 birlikka bosqichma-bosqich maqbullashtirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

3. Belgilansinki:

Loyihalarni amalga oshirish agentligiga O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi;

Loyihalarni amalga oshirish agentligi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi;

“O‘zsuvqurilish” AJ “O‘zsuvqurilishta’minot” respublika birlashmasining shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;

tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar o‘zgartirilayotgan tegishli davlat unitar korxonalarining shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;

tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar ustav kapitali 1-ilovada ko‘rsatilgan o‘zgartirilayotgan davlat unitar korxonalarining mol-mulklarini qoldiq qiymatida o‘tkazish hisobiga shakllantiriladi;

“O‘zsuvqurilish” AJ ustav kapitali qayta tashkil etilayotgan “O‘zsuvqurilishta’minot” respublika birlashmasining mol-mulklarini qoldiq qiymatida, shuningdek, tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardagi davlat ulushini o‘tkazish hisobiga shakllantiriladi;

“O‘zsuvqurilish” AJ ustav kapitalidagi aksiyalar davlat paketi bo‘yicha aksiyador funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi amalga oshiradi;

qayta tashkil etilayotgan “O‘zsuvqurilishta’minot” respublika birlashmasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlari shtatlar soni Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida saqlanib qolinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimining shtatlar sonini mazkur qarorga muvofiq maqbullashtirishdan bo‘shaydigan mablag‘lar Suv xo‘jaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga 2019-yil 1-noyabrdan 1,1 va 2020-yil 1-yanvardan 1,2 miqdorda tuzatish koeffitsiyentini qo‘llash hisobiga ularning ish haqini oshirishga yo‘naltiriladi.

4. Loyihalarni amalga oshirish agentligi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 26 birlik etib belgilansin.

5. Quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziriga, zarur hollarda, Loyihalarni amalga oshirish agentligi tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Suv resurslarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga ushbu kichik bandda nazarda tutilgan “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlariga o‘tkaziladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarining belgilangan limitdan ortiqcha elektr energiyasi uchun to‘lov xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarining elektr energiyasi iste’moli uchun foydalanilmagan limitidan tejab qolingan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda nasos stansiyalari va energetika obyektlarini texnik jihatdan rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, shuningdek, ishlab chiqarish va foydalanish tashkilotlarining:

4-ilovaga muvofiq ishlab chiqarish va foydalanish tashkilotlari negizida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut) sohaga oid kafedralarining ixtisoslashtirilgan sinflarini joylashtirish;

ilmiy va professor-o‘qituvchilar tarkibidan, loyiha institutlari vakillaridan, shu jumladan chet el mutaxassislaridan iborat bo‘lgan, shuningdek, suv xo‘jaligida loyihalashtirishning zamonaviy usullari va standartlariga amaliyotda o‘qitish uchun iqtidorli talabalarni jalb qilgan holda Institut huzurida ixtisoslashtirilgan loyiha guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:

a) Institut sohaga oid kafedralarining tegishli ishlab chiqarish va foydalanish tashkilotlari negizida joylashtirilayotgan ixtisoslashtirilgan sinflarida talabalarning amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini, shuningdek, o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi “ishlab chiqarishda bir kunlik mashg‘ulot” tamoyili bo‘yicha amalga oshiriladi;

b) Institut huzuridagi ixtisoslashtirilgan loyiha guruhining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

suv xo‘jaligi va aholi punktlari suv ta’minoti obyektlari qurilishi, rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishini loyihalashtirish;

suv xo‘jaligi va suv ta’minoti sohasidagi loyiha-qidiruv ishlarini va loyihalar amalga oshirilishini ilmiy-texnik jihatdan kuzatib borish;

suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanishning ishonchliligi va xavfsizligini, shuningdek, suv xo‘jaligi obyektlarining atrof-muhitga ta’sirini baholash va ularni hisoblash asoslarini ishlab chiqish.

8. 2020-yil 1-yanvardan:

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilgan holda suv xo‘jaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangidan amalga oshiriladigan loyihalarga kadrlarni tayyorlash va o‘qitish bo‘yicha maxsus komponent kiritish;

ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida suv xo‘jaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlari qiymatining hisob-kitobiga loyiha-qidiruv ishlari umumiy qiymatining 10 foizigacha miqdorda qo‘shimcha mablag‘lar kiritish amaliyotga majburiy joriy etilsin.

Belgilansinki:

ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablag‘larning 50 foizi loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy-texnik jihatdan kuzatishni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi, ularga faqat mahalliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, shuningdek, alohida olimlar belgilangan tartibda jalb qilinadi;

ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablag‘larning qolgan 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Bunda mazkur mablag‘lar faqat suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb muammolar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini moliyalashtirish maqsadida respublika ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga grantlar ajratish uchun sarflanadi.

9. 2019-yil 1-noyabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari har chorakda tegishli tuman xalq deputatlari Kengashiga suv resurslarini boshqarish, suv xo‘jaligi obyektlarining texnik holatini yaxshilash, shuningdek, ushbu tumanda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holati to‘g‘risida hisobot kiritadi.

Viloyatlar va tumanlar xalq deputatlari Kengashlariga xalq deputatlari kengashi va uning doimiy komissiyalari ish rejalarini ishlab chiqishda ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining suv xo‘jaligi sohasidagi ishlar holati to‘g‘risidagi axborotini bir yilda kamida ikki marta eshitishni nazarda tutish tavsiya etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini rivojlantirishni, shu jumladan boshqaruv tizimini takomillashtirish, suv iste’molchilari uyushmalarining moliyaviy barqarorligini va ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun yig‘imlar to‘liq tushishini ta’minlash, shuningdek, suv iste’molchilari uyushmalari joylashuvini va ular tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan hududlar chegaralarini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilishini;

ikki oy muddatda 5-ilovada ko‘rsatilgan investitsiya loyihalari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish guruhlari, shuningdek, huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar Loyihalarni amalga oshirish agentligiga o‘tkazilishini;

O‘zbekiston Respublikasi nomidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari manziliga Loyihalarni amalga oshirish agentligi suv xo‘jaligi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ijrochi agentlik etib belgilanganligi to‘g‘risidagi xabarnomalar yuborilishini ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi:

a) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda:

Loyihalarni amalga oshirish agentligini saqlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi;

Loyihalarni amalga oshirish agentligiga o‘tkazilayotgan loyihalarni amalga oshirish guruhlari belgilangan tartibda faoliyati 5-ilovada ko‘rsatilgan investitsiya loyihalari doirasida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan yuridik shaxslarga o‘zgartirilishi nazarda tutilsin;

b) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda:

6-ilovaga muvofiq suv xo‘jaligi obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish choralarini ko‘rsin;

ko‘rsatilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishiga qarab, ularni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorga muvofiq Suv xo‘jaligi vazirligi tizimining shtatlar soni maqbullashtirilishi natijasida ishdan bo‘shatiladigan xodimlarni ish bilan ta’minlash va ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha choralar ko‘rsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3672-son qaroriga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. G‘ulomov zimmasiga yuklansin.




Download 59.06 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling