Tadbirlarni tashkil etishda tashkilotchilik faoliyati reja: Madaniy-ma`rifiy faoliyat vazifasi, faoliyat ta`sirchanligi, boshqa sohalar bilan aloqadorligi


Ommaviy-madaniy tadbirlarning tarbiyaviy ahamiyati


Download 44.86 Kb.
bet5/6
Sana13.05.2023
Hajmi44.86 Kb.
#1455983
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
TADBIRLARNI TASHKIL ETISHDA TASHKILOTCHILIK FAOLIYATI

Ommaviy-madaniy tadbirlarning tarbiyaviy ahamiyati
Madaniy-ma`rifiy muassasalar o`z tadbirlarini, asosan, buyuk sanalarga, xalqaro va ittifoq miqyosidagi masalalarga bag`ishlab o`tkazadi-ku! Demak, tadbirlarning mazmunida, asosan, muhim voqealar aks etishi kerak emasmi? degan savol tug`ilishi mumkin. Albatta, bunday bo`lishi qonuniy, lekin madaniy-ma`rifiy muassasalar tadbirlarida muhim sanalarga bag`ishlangan materiallar mahalliy hayot sharoiti prizmasi orqali beriladi. Masalan, 9 may — G`alaba kuniga bag`ishlangan bayramni olaylik. Madaniy-ma`rifiy muassasalarning bu bayram tadbirida sovet xalqining fashizm ustidan qozongan g`alabasini yoritish bilan konkret kolxoz, sovxoz, korxona bu buyuk tarixiy voqeada qanday rol’ o`ynaganligi, mahalliy joyda yashaydigan urush qatnashchilarining ko`rsatgan jasoratlariga asosiy urg`u berilishi kerak. Urush qahramonlarining hayoti haqida ularning o`z so`zlarini eshitish tadbirni jonlantiradi va ta`sirchanligini oshiradi. Faqat shunday yo`llar bilangina badiiy-ommaviy tadbirlarning muhim xususiyati vujudga keladi. Bu xususiyatning eng afzallik tomoni shundaki, u umumiy tadbir mavzusini mahalliy aholi hayotiga yaqinlashtiradi.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning barchasi mahalliy sharoit masalalarini bir xil darajada yoki bir tekisda yorita olmaydi: ba`zilari (masalan, badiiy agitkollektivlarning programmalari, tematik kechalar, og`zaki jurnallar) butunlay mahalliy materiallar asosida tuziladi, boshqalari (teatrlashtirilgan tomoshalar, diskoklub programmalari) ijtimoiy masalalarni mahalliy hayot bilan bog`lagan holda uyushtiriladi va yana boshqalari (badiiy kompozitsiyalar, xronika kechalari) ko`proq umumiy mavzularga bag`ishlanib uyushtiriladi.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning to`rtinchi xususiyati shundan iboratki, ularda juda keng ko`lamda ta`sirchan vositalar sintezlashtiriladi. Tadbirlar real hayotning o`zini tashkil qilishi bilan birga, undagi muhim voqealarni o`z mazmuniga singdiradi. Ularning mohiyatini ochish va ahamiyatini yoritish uchun ta`sirchan vositalarga murojaat qiladi. Tadbirda mazmun ma`lum bir kompozitsion tuzilish holatiga keltirilishi uchun undagi barcha bayon qilish va ta`sirchan vositalar ham bir-birlari bilan birlashtiriladi, uyg`unlashtiriladi. Aks holda, tadbirning mazmuni puch, shakli esa samarasiz bo`lib qolishi mumkin. Ma`lumki, tadbirlar agitatsiya va propaganda hamda axborot xarakteriga egadir. Tadbirlarda agitatsiya, propaganda va axborot materiallari «quruq» va zerikarli bo`lib qolmasligi, ya`ni yuqoridagi xarakterli xususiyatning yo`qolmasligi uchun ularni mantiq talab qilgan ta`sirchan vositalar bilan badiiy boyitish lozim. Notiqning og`zaki nutqini yoki tadbirdagi hujjatli informatsion materiallarni badiiy vositalar bilan birlashtirish - bu tadbirning ta`sirchanligini va samaradorligini oshirib borish demakdir. Xuddi shunday yo`l bilan vositalarning sintezlashishi natijasida ta`sirchanligi kuchli bo`lgan badiiy agitatsiya va propaganda vujudga keladi.
A.V.Lunacharskiy badiiy agitatsiya va propagandaning ommaga ta`sir o`tkazishdagi rolini yuksak baholab, agitatsiya va propagandani badiiy vositalar bilan boyitish va san`at shakllariga agitpropagandistik xarakter berish kerakligini bir necha bor ta`kidlagan edi.
Tadbirlardagi agitpropagandistik informatsiyalarni san`at vositalari bilan bog`lash darajasi ikki xil yo`l yoki metod bilan belgilanadi: 1. Oddiy (birin-ketin) ulanish—illyustratsiyalash; 2. Murakkab sintezlashgan bog`lanish - teatrlashtirish.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning beshinchi navbatdagi muhim xususiyati — bu ommani tadbir qatnashchisiga aylantirishdir.
Madaniy-oqartuv muassasalarida uyushtiriladigan tadbirlarni ommaviy deb atashning boyisi shundan iboratki, u omma uchun uyushtiriladi va ommaning ishtirokida o`tadi. Agar teatr, kino hamda televizorda asar qatnashchilari va tomoshabinlar o`rtasida ko`rinmas «devor» mavjud bo`lib, omma faqat tomoshabin rolini bajaradigan bo`lsa, badiiy-ommaviy tadbirlarda esa ommaning aktiv ishtiroki ko`zda tutiladi. Muayyan tadbir mahalliy aholi hayotining ma`lum daqiqasi bo`lganligi uchun unda omma ma`lum voqeaga o`z fikr va munosabatini bildiruvchi kishilar sifatida qatnashadi.
Albatta, tadbirda hammani birday aktiv qatnashtirish qiyin. Uning asosiy qatnashchilari—oldindan belgilab qo`yilgan badiiy havaskorlik kollektivlarining a`zolari hamda so`zga chiqadigan kishilardir.
Lekin tadbir tashkilotchisi bu asosiy qatnashchilar bilan kifoyalanib qolmasdan, balki ommani ham aktivlashtirish, tadbir ishtirokchisiga aylantirish yo`llaridan foydalanmog`i lozim. Buning uchun tadbir ishtirokchilari o`rtasida ommaviy o`yinlar, qo`shiqlar, viktorinalar, savol-javoblar kabi maxsus tadbirlar uyushtirish maqsadga muvofiqdir.
San`at — odamni tomoshabin yoki tinglovchi bo`lib qolganda emas, balki u ommaviy harakatda aktiv ishtirok etganda o`ziga hammadan ko`proq qamrab oladi, — deb ta`kidlagandi N. K. Krupskaya. Bu jarayon badiiy-ommaviy tadbirlarning ham o`ziga xos xususiyati bo`lib, ijtimoiy turmush quruvchisi bo`lgan xalqni ijodiy jarayonga biriktirib, ularning ijtimoiy-madaniy aktivligini oshiradi.
Badiiy-ommaviy tadbirlarni g`oyaviy emotsional vositalarsiz aslo tasavvur qilib bo`lmaydi. Maxsus materiallarsiz uy qurib bo`lmaganidek, vositalarsiz tadbirni tashkil qilib bo`lmaydi. Agar imorat tsement, yog`och, mix, oyna va shunga o`xshash materiallar asosida vujudga kelsa, madaniy-ommaviy tadbirlarni ham o`ziga xos so`z, san`at va texnik vositalarsiz tashkil qilib bo`lmaydi. Vositalar tadbirning tarkibiy qismi, asosiy komponentlari va mexanizmlari sifatida xizmat qiladi.
Vosita deganda, kishilarning hissiyotiga, psixologiyasiga va ongiga ta`sir etuvchi va bilim olish samaradorligini oshiruvchi g`oyaviy-hissiy qurollar, asbob-uskunalarni tushunamiz.
Badiiy-ommaviy tadbirlarda qo`llaniladigan vositalarning diapazoni juda keng va ularning soni ko`pdir. Tadbirlarda jonli so`z, matbuot, ko`rgazmali qurollar, adabiyot va san`at, har xil texnik apparatlar kabi vositalardan keng foydalanamiz. Bular esa har qanday tadbirning sermazmun va qiziqarli bo`lishini ta`minlaydi.
Tashkilotchilar klub muassasalaridagi ta`sirchan vositalarning imkoniyatlarini yaxshi bilishlari va ularning imkoniyatlaridan to`la foydalanishlari lozim. Diqqatimizni yana Hamza Hakimzodaning madaniy-oqartuv ishlar sohasidagi tajribasiga qaratamiz. U birgina badiiy-propagandistik tadbirda xilma-xil san`at ko`rinishlari va ta`sirchan vositalarni ko`plab umumlashtira olgan.
Tadbirning g`oyaviy va emotsional-obrazli kuchini oshiradigan, ommaning qiziqishini orttiradigan vositalardan samarali foydalanish - bu tashkilotchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Badiiy-ommaviy tadbirlar tashkilotchisi mavjud bo`lgan barcha ta`sirchan vositalardan yaxshi xabardor bo`libgina qolmasdan, balki ulardan samarali foydalanish metodikasini ham bilmog`i lozimdir.
Quyida badiiy-ommaviy tadbirlarda foydalanish mumkin bo`lgan asosiy vositalarga xarakteristika berib o`tamiz:
Jonli so`z. Asosiy ta`sirchan vositalardan biri - bu jonli so`zdir. (U ba`zi hollarda «og`zaki so`z» deb ham yuritiladi.) Jonli so`z klub ishi shakllarining hammasida eng asosiy vosita sifatida qo`llanilib, o`zgarmas komponent sifatida xizmat qiladi. Badiiy-ommaviy tadbirlarda jonli so`z faqatgina mazmunni yoritishda xizmat qilmasdan, balki syujet bilan ommaviy harakatlarni ham bir-biriga uyg`unlashtirib boradi. Aynan jonli so`z voqea ma`nosini tomoshabinga etkazadi, bir epizodni ikkinchisiga bog`laydi, boshqaruvchining auditoriya bilan muloqotda bo`lishi uchun sharoit yaratadi. Jonli so`zning yana bir afzallik tomoni shundaki, ba`zan fikrni hech qanday ta`sirchan vosita tomoshabinga etkazib bera olmaydigan daqiqalarda, jonli so`z yordamga keladi.
Ommaviy tadbirlarda boshqaruvchi so`zi asosiy o`rinni egallaydi, ba`zi hollarda esa u kechaning boshidan to oxirigacha etakchi vosita sifatida qo`llaniladi. U kirish so`zi (monolog) shaklida yoki muqaddima sifatida yaxshi xizmat qilishi mumkin. Tadbir davomida esa boshqaruvchi, komentatorga, hikoyachiga yoki interv’yu beruvchiga aylanib, jonli so`zdan foydalanadi. Tadbirlarda jonli so`zdan foydalanish imkoniyatlari juda ko`p.
Jonli so`z boshqaruvchining gapidan tashqari, tadbir qahramonining nutqi yoki undagi qatnashchining so`zi, kecha qahramoniga atalgan tabrik yoki kollektivning mehnat raporti, sotsialistik majburiyatlari bo`lishi mumkin.
Ta`sirchan vositalardan biri badiiy so`zdir. Badiiy so`z aytilmoqchi bo`lgan fikrni badiiy-emotsional tarzda etkazib berishga xizmat qiladi. Klub kechalarida badiiy so`zning she`r o`qish, prozaik va she`riy monologlar, juft yoki ko`pchilik tomonidan o`qiladigan deklamatsiyalar kabi turlaridan keng foydalaniladi.
Badiiy o`qish boshqa materiallar bilan bir vaqtda ijro etilishi mumkin. Masalan, she`r o`qilayotgan bir vaqtda she`rning ma`nosiga mos keladigan kino parchalar ko`rsatilishi mumkin. Masalan, «O`zbekiston qardosh respublikalar oilasida» nomli tematik kechada «O`zbekiston — oq oltin o`lkasi» epizodini olaylik. Bunda ekranda M. Qayumovning «Bahordan bahorgacha» nomli kinofilmidan lavha ko`rsatiladi. Xuddi shu kadr ko`rsatilayotgan vaqtda boshqaruvchi O`zbekiston paxtakorlari haqida, ularning mehnat muvaffaqiyatlari haqida she`r o`qiydi. Bu bilan kechaning g`oyaviy-emotsional ta`siri oshishiga erishiladi.
Badiiy so`zni vujudga keltirish uchun badiiy asarlardan namunalar keltirishning o`zi kamlik qiladi. Yozma she`r – yozma badiiy so`zdir. Uni jonli badiiy so`zga aylantirib, ijro etish uchun ijrochining she`rdagi fikriga munosabati, ruhiy kechinmalari, his-hayajoni talab qilinadi. Aks holda she`rning oddiy, jonli so`zdan farqi qolmaydi. YAna shuni unutmaslik kerakki, chuqur anglash, fikrning tub mazmuniga etib, his-hayajon bilan aytilgan har bir jonli so`z badiiy so`zga aylanib ketishi mumkin. Agar «1941» degan iborani shunday aytib o`tib ketsak, u quruq raqamning o`zi bo`lib qoladi. Lekin, ko`z oldimizga urushning boshlanishini keltirib, dahshatli voqealarni his qilib, mantiq talab qiladigan g`amli kayfiyatda, ma`noli «Ming to`qqiz yuz qirq bir...» desak, bu raqam badiiy-dramatik so`zga aylanadi va ommaga badiiy-emotsional ta`sir etadi.
Shunday qilib, oddiy so`z badiiy so`zga aylanib ketishi uchun undagi fikriy mantiq his qilinib, ijro etilishi kerak.
Matbuot vositalari. Ma`lumki, madaniy-ommaviy tadbirlarga aholi yangi, ularga hali ma`lum bo`lmagan va qiziqarli voqealardan xabardor bo`lish uchun ham keladi. Bu ishda matbuot vositalri, yangi gazetalar, jurnallar va ayniqsa, kitoblar bitmas-tuganmas manba bo`lishi mumkin. Matbuot eng asosiy axborot tarqatuvchi va saqlovchi vositadir. SHunday ekan, tashkilotchilar tadbirning mazmunini boyitish uchun ularga har doim murojaat qilmog`i lozim. eng aktiv o`quvchi ham matbuotdagi hamma axborotlarni o`zlashtira olmaydi. SHu boisdan tadbirda ko`proq tomoshabinlarning nazariga tushmagan materiallardan foydalanishga harakat qilish kerak.
Tadbir tashkilotchilari kerak bo`lsa, kutubxonalarga borib 20-yillardagi yoki Ulug` Vatan urushi davridagi informatsiyalarni o`sha davr jurnal va gazetalardan yig`ishi va ulardan mohirona foydalanishi kerak.
Fundamental bilimlar kerak bo`lsa, entsiklopediyalarga, spravochnik va lug`atlarga murojaat qilish lozim. Ilmiy adabiyotlar, monografiyalardan tadbirlar uchun muhim materiallar olish mumkin.
Shuni unutmaslik kerakki, umumiy to`qima gaplar bilan aholini hech qachon qiziqtirib bo`lmaydi. Buning uchun ma`lum ma`noda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borib, matbuot materiallari yordamida tadbir mazmunini tashkil qiladigan axborotlar to`plashga va ulardan foydalanishga harakat qilmoq kerak. Masalan, Toshkentning 2000 yilligiga bag`ishlangan tadbirda yangi so`z aytish uchun kitoblardagi tarixiy manbalarga, revolyutsiyadan oldingi va keyingi yillarda chiqqan gazeta va jurnal materiallariga murojaat qilib, kerakli axborotlar yig`iladi.
Muzika. Madaniy-ommaviy tadbirlarda muzika ham etakchi o`rinlardan birini egallaydi. Odatda, tadbirlar uchun kompozitorlarning tayyor kuylaridan foydalaniladi. Tadbirlarda muzikadan ikki xil variantda foydalanish mumkin:

  1. Tadbirlarning alohida nomeri sifatida.

  2. Tadbirlarda aks etayotgan voqealarning ta`sirini oshirish uchun qo`shimcha vosita (muzikaviy fon) sifatida.

Birinchi variantda badiiy havaskorlik kollektivlarining tayyor yoki maxsus tayyorlangan nomeridan foydalaniladi. Ko`pincha muzika yoki qo`shiq tadbirlarda maxsus nomer sifatida qo`llanadi. Bunday paytda nomer tadbir mazmuni va mavzuiga mos ravishda epizodning tarkibiy qismiga aylanib ketmog`i kerak.
Masalan, xotin-qizlar bayramiga bag`ishlangan tadbirlarda onalar tantanali ravishda sahnaga taklif qilingandan so`ng «Onajonlar, assalom!» qo`shig`i ijro etiladi. Qo`shiq tugashi bilan boshqaruvchilar onalar haqida allomalar so`zlaridan namunalar o`qishadi. Bu qo`shiq alohida nomer sifatida foydalanilganligi uchun tadbir epizodining mavzusiga to`g`ri keladigan tarkibiy qismga aylanib ketadi.
Ikkinchi variantda esa muzika kechaning g`oyaviy mazmuniga qarab tanlanadi va magnitofon orqali «Fon» sifatida beriladi. Masalan, g`alaba kuniga bag`ishlangan «So`nmas u kunlar shuhrati» teatrlashtirilgan tomoshada paxtazorda mehnat qilayotgan dehqonlarga kolxoz raisining urush boshlangani haqida xabar olib kelishi hamda voqeaning ta`sirini oshirish maqsadida SHostakovichning «7-simfoniya»si magnitofon orqali ijro etiladi.
Muzikadan foydalanishning mazkur varianti tadbirlarda juda keng qo`llanilib, she`r o`qilayotganda ham, kinolavhalar ko`rsatilayotganda ham, dramatik parchalar ijro etilayotganda ham bu vositalarning ta`sirchanligini oshirish maqsadida xizmat qiladi. Muzika, asosan, tadbir ta`sirini kuchaytiruvchi vosita sifatida ham ishlatilib, aytilayotgan fikrning nozik kechinmalarini ommaga etkazib berishga xizmat qiladi. Tadbir mazmuniga qarab, muzikali chiqishlardan, muzikali antraktlardan va muzikali yakunlashlardan foydalanish mumkin
Dramatik parchalar. San`atning bu turi boshqa badiiy asarlardan farq qilib, unda g`oyalar kurashi, qarama-qarshi konfliktlar yorqinroq, oydinroq yoritiladi. Shuning uchun teatrlashtirilgan tadbirlarda mazmun rivojiga qarab, dramatik parchalardan keng foydalaniladi.
Tadbirlarda dramatik parchalardan foydalanishning ikki xil usuli bor: 1. Tayyor asarlardan olingan parchalar. 2. Stsenaristning o`zi tadbir uchun maxsus yozgan dramatik epizodlar.
Teatrlashtirishda faqatgina pyesalardan parchalar olinishi bilan kifoyalanib qolmasdan, kecha yo`nalishiga qarab, badiiy adabiyotlardan ham parchalar olinadi.
Dramatik parchalardan foydalanishning ikkinchi usuli ham keyingi paytda juda ko`p qo`llanilmoqda. Tadbirning asosiy fazilatlaridan biri mahalliy voqealarni aks ettirish bo`lgani uchun, stsenariy avtorlari joylarda bo`layotgan (yoki bo`lishi mumkin bo`lgan) voqealarni kichik dramatik lavha shakliga keltirib, undan samarali foydalanmoqda.
Tajriba shuni ko`rsatmoqdaki, qishloq aholisida klub kechalariga bo`lgan qiziqishning sabablaridan biri - bu mahalliy faktlarni, voqealarni instsenirovka shaklida ko`rsatishdir. Ayniqsa, mahalliy voqealar asosida yozilgan intermediyalar aholiga manzur bo`lmoqda. Stsenariyda mahalliy hayotni aks ettiradigan dramatik epizoddan foydalanish uchun yoritilayotgan voqea yoki hodisani chuqur o`rganmoq kerak. Unda qahramonning mehnat faoliyati, qiyinchiliklari va ularning kelib chiqish sabablari to`la yoritilsin. Bunday epizodlarni havaskorlik teatri kollektivi qatnashchilari ijro etishsa, kecha qahramonining o`ziga ham, u bilan birga ishlaydigan kollektiv a`zolariga ham qiziqarli bo`ladi.
Shuni unutmaslik kerakki, barcha sahna asarlaridan, pyesalardan olingan dramatik parchalar yoki badiiy adabiyotlar asosida qilingan kichik instsenirovkalar yoki maxsus stsenariy uchun yozilgan lavhalardan foydalanish – tadbir mazmunining rivojiga «yordam bermog`i kerak.
Kinolavha. Kinolavha badiiy yoki hujjatli filmlardan olinib, tadbir tashkilotchilariga keng imkoniyatlar yaratadi.
Kinoning (ayniqsa, hujjatli filmlarning) «sehrli kuchi» shundan iboratki, u bo`lib o`tgan voqealarni haqqoniy tasvirlaydi va jonli aks ettirad. U tarixiy voqealarning guvohi sifatida xizmat qiladi. Ma`lumki, kinosan`atkorlar tomonidan ko`pgina tarixiy voqealar suratga olingan. Ulardan foydalanish tadbirlarning mazmunini boyitadi, voqelikning haqqoniy obrazini ko`rgazmali gavdalantiradi. Asosan, kinofragmentlardan foydalanish tadbir stsenariysi yozilayotganda planlashtiriladi va shu asosda kinolavhalar tanlanadi. Ko`pgina tadbirlarda filmlardan olingan lavhalarning o`zi yaxlit bir zpizodni tashkil qilishi mumkin. Ba`zida kinolavhalar boshqa vositalar, ya`ni kinofragmentlar mazmuniga mos keladigai jonli va badiiy so`z, qo`shiqlar bilan parallel aks ettiriladi. Masalan, nemis fashistlari ustidan qozonilgan g`alabaning yilliklariga bag`ishlangan tadbirlarning final qismida «Xaloskorlik» («Osvobojdenie») filmining oxirgi seriyasidagi Reyxstagni qamal qilish epizodining ko`rsatilishi bilan parallel ravishda D. Tuxmanovning «G`alaba kuni» («Den’ pobedi») ashulasi magnitofon orqali eshittirilishi mumkin. Bu usul, albatta, tadbir final qismining ta`sirchanligini oshiradi.
Madaniy-ommaviy tadbirlarda kinofragmentlardan foydalanishning «assotsiatsiya» usulini qo`llash muhim ahamiyat kasb etadi. Ko`pincha shunday hodisa vujudga keladiki, tashkilotchilar tadbir epizodining syujetiga aynan va bevosita mos keladigan kinolavha topisholmaydi. Bunday vaqtda epizod mazmuni bilan bog`lanib ketishi mumkin bo`lgan kinolavha tanlanadi. Masalan: «Onalar tinchlik uchun kurashda» nomli kechada ona o`g`lining o`limi haqida xat oladi. Bu psixologik holatda ona o`g`li bilan oxirgi uchrashuvini eslaydi. Xuddi shu paytda ekranda «Soldat haqida ballada» filmidan parcha - onaning o`g`li Alyosha bilan oxirgi uchrashuvi lavhasi ko`rsatiladi. Ijodkorlikni talab qiladigan bu usul kinolavhalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi, tadbirni boyitadi.
Tadbirning g`oyaviy tuzilishida ta`sirchan vositalar, albatta ishtirok etishi kerak. Ta`sirchan vositalardan foydalanish esa tashkilotchilardan boy va ijodiy fantaziyani talab qiladi.
«Kontsert» deganda, keng ma`noda san`atkorlarning oldindan tuzilgan muayyan programma asosidagi chiqishlari tushuniladi.
«Kontsert» lotincha so`zdan olinib, «o`zishaman» degan ma`noni bildiradi. Avvalo, kontsertlar to`g`risida to`liq tushunchaga ega bo`lish uchun ularni turlarga bo`lamiz. Kontsertlar, asosan, uch turga bo`linadi.

  1. Umumlashma (yig`ma) kontsertlar.

  2. Tematik (mazmunli) kontsertlar.

  3. Teatrlashtirilgan kontsertlar.

Birinchi turdagi, ya`ni umumlashma kontsertlar kundalik hayotimizda ko`proq uchrab turadi. Bu kontsertlarni tayyorlash va o`tkazish unchalik katta tayyorgarlikni talab etmaydi. Buning uchun nomerlar tayyor bo`lsa bas, kontsertni tomoshabinlarga xohlagan paytda namoyish qilish mumkin. Havaskorlar o`z ijodini, erishgan yutuqlarini, qobiliyatlarini xalqqa taqdim etishadi. Bunda qat`iy mavzu bo`lishi shart emas, lekin kontsertning ta`sirchanligini oshirish uchun yordamchi vositalardan foydalanishni unutmaslik kerak.
Tematik kontsertlarda barcha foydalanilgan nomerlar yagona mavzuga bo`ysunadi. Bunda hamma nomerlar bir-biriga mantiqan bog`liq bo`ladi.
Odatda, havaskorlar o`z ijodini muhim sanalarga bag`ishlab, kontsertlar tashkil qilishadi. Bunda ta`sirchanlik vositalari, nomerlar mavzu bilan bog`liq bo`lishi lozim.
Teatrlashtirilgan kontsertda esa nomerlar teatrlashtirish metodi yordamida uyushtirilib, ular yagona syujet rivojiga amal qiladi.
Teatrlashtirilgan kontsertlar bu eng murakkab kontsert turi bo`lishi bilan birga, u eng ta`sirli va badiiy-estetik jihatdan kuchli shakldir. SHu sababli unga batafsil to`xtalamiz.
Teatrlashtirilgan kontsert degan tushuncha 50-60 yillarda paydo bo`lgan. Lekin, bu bilan o`zbek va boshqa xalqlarning qadimdan yagona muzika san`atida teatrlashtirilgan elementlar bo`lmagan, deyish albatta noto`g`ri bo`lur edi. Muzika san`atida teatrlashtirish elementlaridan hamda tomoshalarda muzikadan foydalanish milliy an`anaviy san`atda qadimdan mavjud hodisadir.
Qadim zamonlardanoq bayram, marosim, to`ylarda an`anaviy muzika va teatrlashgan tomosha san`ati bir-biri bilan bog`langan holda rivojlanib kelgan. Ayniqsa, bu hol maishiy marosimlarga bag`ishlanganda («Yor-yor», «Kelinsalom»), tabiat va mehnatga («mayda», «yozi») oid mavzularda aytiladigan qo`shiqlarda teatrlashtirish elementlari ancha jonli bo`lgan.
Teatrlashtirilgan tomoshalar (masxaraboz-qiziqchi, qo`g`irchoqboz) va tsirk san`atini muzika va ashulasiz tasavvur qilish mumkin bo`lmagan.
Bunday sintez, asosan, o`tgan asrning 30—40 yillarigacha davom etib keldi. Keyinchalik esa muzika san`ati va teatr san`ati bir-birlaridan bir oz ajrala boshladi. Bunga sabab, muzika san`atining yangi janr va turlar bilan boyishidir. Buning ustiga ular mustaqil ravishda rivoj topa boshladi. Muzika san`ati bilan shug`ullanadigan o`quv muassasalarining vujudga kelishi muzika san`atining rivojlanishiga hissa qo`shadi, lekin ular muzikani boshqa san`atdan ajratib qo`yishdi.
Bu, albatta, ijobiy hol, lekin har bir ijobiy hol-da zarracha bo`lsa ham salbiy tomon bo`lganidek, muzika san`ati teatrlashtirish elementlaridan borgan sari ajrala boshladi. «Birlashish uchun ajralish kerak» deganidek, yana muzika san`ati bilan teatrlashtirish elementlarini qo`shib, kontsertlar tashkil qilish vaqti keldi. Bu haqda keyingi paytlarda ko`p fikrlar bo`lmoqda, zamonaviy yangi yo`llar izlanmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda bu sohada ancha tajriba to`plangan. O`zbekistonda ham davlat va respublika ahamiyatiga molik bo`lgan ko`pgina kontsertlar teatrlashtirilmoqda. Lekin ularning ko`pchiligida kontsertning boshi va oxiri teatrlashtirilib, o`rtasida temaga mos bo`lmagan nomerlardan foydalanib kelinmoqda. Bunday kontsertlarni to`liq teatrlashtirilgan deb bo`lmaydi.
Hozirgi ko`pgina kontsertlar faqat muzikaviy nomerlar qo`shiq, raqslar yig`indisi bo`lib qolmoqda. Ularni tashkil qilishda g`oya va mazmun degan komponentlarga e`tibor berilmaydi.
Hayot kontsertlar saviyasini takomillashtirishni talab qilayotgan bir paytda, ko`proq teatrlashtirish metodiga murojaat qilish lozim bo`lib qolmoqda.
Buning uchun, zng avvalo, milliy an`analarga, uning progressiv tajribalariga diqqatimizni jalb qilib, undan teatrlashtirishning an`anaviy usullarini o`rganishimiz kerak. Undan keyingina teatrlashtirish borasidagi zamonaviy ish tajribalaridan foydalanmog`imiz lozim.
Bizningcha, teatrlashtirilgan kontsertlarni tashkil qilishda ikki asosiy talabga e`tibor berish lozim.
Birinchidan, butun kontsert programmasini dramaturgiya asosida (maxsus stsenariya bilan) umumiy g`oyaviy mavzuga bag`ishlab, badiiy-obrazli shaklda, qat`iy syujet liniyasiga amal qilgan holda (boshlanishi, rivojlanishi va yakuni bor) va kompozitsion tuzilishiga ega holda tashkil qilmoq kerak. Bunda kontsertdagi barcha nomerlar mavzuga yaqin bo`lishi shart.
Masalan, «Qo`shig`imdasan, O`zbekiston» nomli teatrlashtirilgan kontsertda O`zbekiston, Vatan, uning so`lim tabiati, dongdor kishilar haqidagi qo`shiqlardan, kuylardan, badiiy lavhalardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchidan, kontsertning samarasini oshirish maqsadida uning har bir nomerida ko`proq ta`sirchanlik vositalari (kino, slaydlar, suratlar va hokazolar)dan foydalanish kerak. Masalan, paxta bayramiga bag`ishlangan «Oq oltin karvon-karvon» nomli teatrlashtirilgan kontsertda paxta va paxtakorlar haqidagi, davlat rahbarlarining paxtakorlar bilan bo`lgan uchrashuvini tasvirlovchi kinolavhalardan, shu mavzudagi she`rlar, qo`shiqlar, raqslardan foydalanish mumkin.
Kontsertlarni teatrlashtirish uning nomerlarini real va mahalliy hayotga bog`lash, yaqinlashtirish demakdir. Chunki paxtakorlarga bag`ishlangan qo`shiq ijro etilayotganda zalda (sahna to`rida) paxtakorlarning mehnati va hayotini hikoya qiluvchi fotosuratlar ko`rsatib turilsa, bu nomer ularning real hayotiga yaqinroq bo`ladi. Ularning mehnatini targ`ib qiladi va ko`proq ta`sirchan kuchga ega bo`ladi.
Teatrlashtirilgan kontsertlar ko`pincha muhim sanalarga bag`ishlanib, ularning nomerlari shu mavzuga xizmat qilishi kerakligini aytib o`tgan edik. Tadbir tashkilotchisi mavzuga oid programma tanlashni bilishi, bunda havaskorlarning imkoniyati va kuchiga asoslanishi zarur.
Ba`zan badiiy kollektiv repertuarlarida g`oyaviy-badiiy jihatdan kuchli, xalqqa yoqadigan, lekin kontsert mavzusiga to`g`ri kelmaydigan nomerlar bo`ladi. Bu nomerlardan to`g`ridan-to`g`ri foydalanilsa, kontsert mavzusi va kompozitsiyasiga putur etadi. Agar foydalanilmasa, badiiy jihatdan yutqazish mumkin. Nima qilish kerak? Xuddi shu joyda kontsert rejissyorining ijodkorligi ish beradi. Bunday holatlarda quyidagi usullardan foydalanish mumkin.
1-usul. Mavzuga to`g`ri kelmaydigan nomerga shunday joy topa bilish kerakki, u programma mazmuniga tabiiy bog`lanib ketishi kerak. Masalan, Toshkent Davlat madaniyat institutining metodist-tashkilotchi bo`limi studentlari tayyorlagan «APUS» (Abiturientlik, Paxta, O`qish, Sessiya») nomli teatrlashtirilgan kontsertda o`sha vaqtda hammaga yoqqan R.Tursunovning «Shahlo» nomli kuyiga raqs tayyorlangan edi. Lekin raqs tadbir mantiqiga to`g`ri kelmadi. SHunda quyidagi yo`l topilgan edi. Tadbirning «Paxta» nomli epizodida studentlar tushlik paytida ashula, o`yin qilib o`tirgan paytda xayolparastligi bilan ajralib turadigan yigit bir chetda o`ylanib o`tiradi. U hammaning diqqatini tortgandan keyin undan: «Nima haqida xayol suryapsan?» deb so`rashadi. U «xalaqit bermanglar, men kontsert zalidaman. Yangi chiqqan «Shahlo» raqsini tomosha qilyapman», deb kuyni xirgoyi qila boshlaydi. Unga ansambl jo`r bo`ladi va sekin raqqosa chiqib, «SHahlo» raqsiga tushadi. Shunday qilib, studentlarning hayotiga bag`ishlangan bu tadbirni «SHahlo» raqsisiz tasavvur qilib bo`lmay qoldi.
2-usul. Bunda xalqni qiziqtira oladigan nomerlar bilan kontsert mavzusi o`rtasida kesishadigan bir nuqta topib, ularga programmadan qonuniy mantiqiy joy izlash kerak. Masalan, Marhamat shahrida «Gulla, yashna bizning rayon» nomli teatrlashtirilgan kontsertda xalq o`rtasida shuhrat qozongan havaskorlarning bir necha nomerlari rejissyorning diqqatini tortadi. U bu nomerlar tadbirning badiiy saviyasini yanada oshirishi mumkinligini tushunib, programmaga «Marhamat san`ati — yashamoqda» nomli maxsus epizod kiritadi. Bunda Marhamat rayoni san`atiga hissa qo`shayotgan havaskorlar va ularning yutug`i haqida gapirilib, ilova bilan ko`zda tutilgan hamma nomerlar namoyish qilinadi. Bu epizod ham teatrlashtirilgan kontsertning tarkibiy qismi bo`lib ketadi.
Teatrlashtirilgan kontsertning boshlanishi (prologi) va oxiri (finali) tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldirish uchun yuksak g`oyaviy-badiiy shaklda o`tmog`i lozim.
Tadbirda nomerlar rivojlanib bormog`i va eng qi-ziqarli o`rinda epizodlar finaldan oldin qo`yilishi kerak.
Oddiy kontsert ikki qismdan (har biri, taxminan bir soatdan) iborat bo`lsa, teatrlashtirilgan kontsert (antraktsiz) yaxlit shaklda, taxminan bir soat ichida o`tadi, chunki tanaffus programmaning rivojiga, ritmiga putur etkazishi mumkin.
Mehnat kishilik taraqqiyotining asosiy zaminidir. Insoniyat erishgan barcha yutuqlar - bu mehnat tufaylidir. Xalqimiz: «Mehnat, mehnatning tagi rohat», «Yaxshi mehnat qilgan - yaxshi bayram qiladi», deb bekorga aytmaydi.
Binobarin, kishi o`zi bajargan mehnati samarasidan bahramand bo`la olsa, mehnati jamiyat manfaati uchun ham zarracha foyda bera olishini his qilsa, o`z-o`zidan ravshanki, unda mehnati bilan g`ururlanish, faxrlanish tuyg`usi vujudga keladi. Qadimgi avlodlarning o`z mehnatlaridan shodlanishi, faxrlanishlari natijasida mehnat bayramlari vujudga kelgan.
Qadimdan zahmatkash bo`lgan xalqimiz hayotida mehnat bilan bog`liq bo`lgan turli xil marosimlar va bayramlar mavjudligi tasodifiy emasdir. Hozirgi davrda ham O`zbekiston bayramlarining asosiy qismini mehnat bilan bevosita bog`liq bayramlar tashkil qiladi. SHuni ta`kidlash kerakki, azaldan mehnatni sevgan xalqimizning turmushiga yangi mehnat bayramlari va an`analari tez hamda osonlik bilan singib ketmoqda.
O`zbekiston mehnatkashlarining asosiy vakillari og`ir va engil sanoat (zavod, fabrika, korxona va hokazo) ishchilari va qishloq xo`jalik (kolxoz, sovxoz) xodimlaridan tashkil topgan. Shu sababli, O`zbekiston bayramlari haqida so`z borganda, birinchidan, zavod-fabrika ishchilari, ikkinchidan, dehqonlar, jumladan, paxtakorlarning mehnati va turmushi asosida vujudga kelgan ikki xil yo`nalishdagi mehnat bayramlari: sanoat ishlab chiqarish bayramlari va paxtakorlar bayramlari haqida to`xtalmoq lozim.
Sanoat korxonalarida ishchilarning mehnati va turmushi bilan bog`liq bo`lgan marosim va bayramlarni mazmun va mohiyatiga qarab uch gruppaga bo`lish mumkin:
1. Mehnat yo`lining boshlanishiga oid marosim va bayramlar. Bu marosim va bayramlar yoshlarning ilk bor sanoat korxonasiga kelib, mehnat jarayoniga qo`shilishidan tortib to malakali ishchi kadr bo`lib etgunga qadar bo`lib o`tadigan muhim voqealarni, ya`ni ishchilar safiga qabul qilish, birinchi maosh olish, yosh ishchilar kuni, razryad olish, shaxsiy dastgohni qabul qilish kabi voqealarni nishonlaydi.
2. Mehnat mahorati va kamolotga oid marosim va bayramlar. Bu marosim va bayramlar ishchilarni va umuman, kollektivni muntazam ravishda mahoratini oshirishga, samarali mehnat qilishiga qaratilgan tadbir va tantanalarga musobaqa g`oliblarini taqdirlash, «eng yaxshi ishchi» unvonini topshirish, mahorat konkursini o`tkazish, ratsionalizator va ixtirochilar kunini nishonlash kabilarga bag`ishlanadi.
3. Mehnat sharafiga oid marosimlar va bayramlar. Bularga kasbni ulug`lashga, xizmat ko`rsatgan ishchilarni va mehnat veteranlarini taqdirlashga bag`ishlangan tantanalarni, ya`ni kasbikorlik kunlarini nishonlash, murabbiy kunini o`tkazish, avlodlar uchrashuvini uyushtirish, tantanali ravishda pensiyaga kuzatish kabi marosim-bayramlarni kiritish mumkin.


Download 44.86 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling