Tahrirchi Sinov Vazifasi Ma’lumot
Download 41.27 Kb.
|
Tahrirchi Sinov Vazifasi
2. Copula — lotin tilidan olingan boʻlib, “bogʻlash” degan maʼnoni anglatadi. Kopula deb tilshunoslikda bogʻlamalarga aytiladi.
Oʻzbek tilida kopula sifatida kesimlik shakllari; edi, emish, ekan toʻliqsiz feʼllari; boʻlmoq, sanalmoq, hisoblanmoq bogʻlamalarini koʻrsatishimiz mumkin. 3. Artikl — soʻzning aniq yoki noaniq(umumlashtirilgan)ligini bildiruvchi koʻrsatgich. Ingliz tilida otlar oldidan ishlatiladi. Oʻzbek va rus tillarida artikl mavjud emas. Soʻzning umumiy yoki xususiy maʼnoda kelishi matnga (ogʻzaki jarayonda suhbatga) qarab belgilanadi. 4. Feʼllar harakatning obyektga boʻlgan munosabatiga koʻra ikkiga boʻlinadi: Oʻtimli feʼllar; Oʻtimsiz feʼllar. Baʼzi olimlar oʻtimli-oʻtimsizlik kategoriyasini grammatik emas, semantik kategoriya deb hisoblashadi. Chunki feʼllarning oʻzida ularni oʻtimli-oʻtimsizligini koʻrsatuvchi grammatik shakl yoʻq. Mazkur farqlanishga feʼllarning tushum yoki boshqa kelishikdagi soʻzga bogʻlanishi asos qilib olingan. Yaʼni, tushum kelishigidagi soʻz bilan bogʻlanuvchi feʼl oʻtimli feʼl, boshqa kelishikdagi soʻzga bogʻlansa oʻtimsiz feʼl hisoblanadi: oʻqimoq, yozmoq — oʻtimli feʼl; oʻtirmoq, chiniqmoq — oʻtimsiz feʼl. Baʼzan feʼl anglatgan harakat yoki holat predmetning bir qismiga oʻtishi yoki harakat oʻtgan predmet shu harakatning bajarilishida vosita boʻlishi mumkin. Bunday holda oʻtimli feʼllar joʻnalish va chiqish kelishigi shaklida qoʻllangan otlar bilan ham birikadi. Qiyoslang: nonni oling — nondan oling, otni mining — otga mining. Mazkur holatda olmoq feʼlini “yanada oʻtimli” deb atashimiz mumkin. Feʼldagi oʻtimli va oʻtimsizlik maʼnosi ikki xil usul bilan ifodalanadi: 1. Leksik-semantik usul. Bunda feʼllar oʻz leksik maʼnosiga koʻra biror affiks olmagan, hech qanday shakl oʻzgarishisiz (oʻzak-negiz holida) oʻtimli yoki oʻtimsiz boʻladi. Masalan: ol, och, koʻr, yoz, ich, qoʻy, soʻra, ber kabilar oʻtimli; bor, kel, oʻtir, uxla, yot, yur kabilar oʻtimsiz feʼllardir. 2. Morfologik usul. Bunda feʼl oʻzak-negiziga qoʻshiladigan feʼl nisbatini yasaydigan qoʻshimchalar (oʻzlik, majhullik, orttirma nisbat qoʻshimchalari) oʻtimli va oʻtimsiz feʼllarni belgilab beradi. Feʼl oʻzak-negiziga nisbat qoʻshimchalari qoʻshilganda, feʼlning oʻtimli-oʻtimsizligi quyidagicha yuz beradi: oʻzlik va majhullik nisbat qoʻshimchalari oʻtimli feʼlni oʻtimsiz feʼlga aylantiradi: soʻradi — oʻtimli feʼl, soʻraldi — oʻtimsiz feʼl; koʻrdi — oʻtimli feʼl, koʻrindi — oʻtimsiz feʼl. orttirma nisbat qoʻshimchalari, aksincha, oʻtimsiz feʼlni oʻtimli feʼlga aylantiradi: kuldi - oʻtimsiz feʼl, kuldirdi — oʻtimli feʼl; yurdi — oʻtimsiz feʼl, yurgizdi — oʻtimli feʼl. orttirma nisbat qoʻshimchalari orqali oʻtimli feʼldan yana oʻtimli feʼl hosil qilinadi: esladi — oʻtimli feʼl, eslatdi — oʻtimli feʼl; ichdi — oʻtimli feʼl, ichirdi — oʻtimli feʼl. Qoʻshma feʼllarda oʻtimli va oʻtimsizlik maʼnosi yetakchi qismga qarab belgilanadi. Masalan: aytib berdi, koʻra boshladi, yozib chiqdi qoʻshma feʼllarda aytib, koʻra, yozib yetakchi qismning oʻtimli ekanligi shu feʼllarning oʻtimli ekanligini koʻrsatadi. Aksincha, qoʻshma feʼllarning yetakchi qismi oʻtimsiz feʼldan boʻlsa, butun qoʻshma feʼl oʻtimsiz boʻladi: oʻsa boshladi, quvonib ketdi, kulib qoʻydi kabi. Download 41.27 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling