Talaba yoshlara muhabbat hislarining ijtimoiy va etnopsixologik xususiyatlarining nazariy asoslari


Download 1.35 Mb.
bet8/16
Sana21.06.2023
Hajmi1.35 Mb.
#1645272
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   16
Bog'liq
ФАРОҒАТ ЯНГИ (2)

Birinchi bob bo‘yicha xulosalar
Ushbu bobda jamiyatning taraqqiyoti, mamlakat ravnaqi shu zaminda yashayotgan yosh avlodga bog‘liqligi masalasi ta’kidlab o’tilgan. Yosh avlodning esa ma’naviyati, sog‘lomligi, e’tiqodi, ahloqi kelajakda o‘z oilasiga munosabati ko‘p jixatdan ularda eng ezgu his bo‘lmish do’stlik-birodarlik, sevgi-muhabbat hislarining shakllanganligiga va ularning o‘z oilalarida qanday tarbiya olganliklariga bog‘liqligi alohida ta’kidlab o’tilgan.
Talabaning ruhiyati – murakkab dunyo ekanligi, jamiyatning bugungi taraqqiyot shiddati tufayli hayotdagi o‘zgarishlar, bolalar ruhiyatining boyishi va shaxsining rivojlanishi o‘ta darajada tez bo‘lmoqda. Talabaning zamon bilan hamnafas tarzda faollashuvi, ruhiy olamining murakkablashuvi jadallik bilan sodir bo‘layotgani ham alohida ta’kidlab o’tilgan. Talaba yoshlarning o‘zgalarni his qilish, tushunish, tuyish, hamdard bo‘lishiga atrofdagi odamlarning ehtiyojlari xususida ham to’xtalib o’tilgan.
Shuningdek, Konfutsiy merosida asosan odamlar orasidagi munosabat, insonparvarlik, do‘stlik, insonni sevish jihatlariga keng o‘rin berilgan: “Odamlarni sevish va iliq munosabatda bo‘lish deganda o‘zini inkor etish emas, balki boshqa odamlarni ham, o‘zini ham bir xil ko‘rish kerak” ekanligi talqin etilgan. Yaxshi insoniy munosabatlar va u bilan bog‘liq axloq, odob, tartib-qoidalar O‘rta Osiyo mutafakkirlarining o‘rganish, kuzatish va munosabat bildirish masalalaridan bo‘lib kelganligi ta’kidlab o’tilgan.
II BOB. TALABA YOSHLARDA MUHABBAT HISLARINI O‘RGANISH PSIXOLOGIK MUAMMO SIFATIDA
2.1. Sevgi-muhabbat munosabatlarida attraksiyaning tutgan o‘rni
Sevgi ko‘p narsani va’da qilmasa ham, sevib qolgan oshiq ko‘p narsaga qodir bo‘lib qoladi deganda tadqiqotchi F. Tibbets mutlaqo xaq edi.
Insonning talabalik davrlari nafaqat professional tanlov va kasb egallash uchun maqbul davr, balki bu davr yoshlarning o‘zligini anglash, o‘z qadr-qimmatini bilish va boshqalarga nisbatan emotsional munosabatda bo‘lish tajribasini egallash davri hamdir.
Eksperimental izlanishlarning ko‘rsatishicha, sevishish talaba yoshlarning shaxs sifatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatish bilan bir qatorda, ularning xatti-harakatlarida ham yaqqol namoyon bo‘la boshlaydi. Masalan, sevishganlar boshqalardan farqli, ikki marta ziyod o‘zaro gaplashishlari va gaplarining sira ado bo‘lmasliklari bilan ham ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Bundan tashqari, bundaylar oddiy yaqin munosabatlar egasining ko‘z qarashlaridan sakkiz marta ortiq bir-birlarining ko‘zlariga qarab termulib vaqt o‘tkazishlari aniqlangan ekan.
Ushbu mavzu yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida yana shu narsa aniqlanganki, sevgi bilan bog‘liq xissiyotlar xar bir jins vakilida o‘ziga xos xususiyatlarga egaligi bilan ajralib turadi. Masalan, talaba yoshlar qizlarga nisbatan romantizmga beriluvchan, tezginada yaxshi ko‘rib qoladigan bo‘lishlari bilan bir qatorda, ularning tasavvuridagi sevgi ancha romantik, ideal ko‘rinishga ega bo`lib boradi. Qizlar esa o‘z o‘rnida yigitlarga nisbatan sekinroq sevib qolishadi, lekin sevgini unutish, undan voz kechish ularda osonroq sodir bo‘ladi. Agar yigitlar bir ko‘rishdayoq yoqtirib qolgan qizni sevib ham qolishi ehtimoli yuqori bo‘lsa (eksperimentlarda sevgi bilan simpatiyaning korrelyatsion bog‘liqligi kuchli), qizlarda bunday bog‘liqlik ancha past ko‘rsatkichda, ya’ni qizlar barcha yoqtirganlarini ham chuqur sevmasligi natijasiga ko‘ra simpatiyaning paydo bo‘lishi ham qizlarimizda biroz qiyin sodir bo‘lishi bilan ajralib turadi.
Odatda talabalar o‘zlarining ichki ruxiy olamida iztirob, qarama-karshilik va mas’uliyat onlarini qanchalik boshidan kechirmasin, uning emotsional olamida, atrof-muxitdagi sodir bo‘layotgan xodisalarning aks ettirilishi muhim o‘rin tutadi. Aynan o‘smirlik va o‘spirinlik davrida bola qalbida kim bilandir sirlashish, kimnidir o‘ziga eng yaqin kishi sifatida tan olish, uni ruxiyatida kechayotgan barcha o‘zgarishlardan voqif qilish istagi va extiyojini uyg‘otadi. Birinchi marta “do‘stlik”, “muhabbat”, “sevgi” tushunchalari ham aynan shu davrda paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham yetuklik va keksalik davridagi kishilar ham o‘smirlik va o‘spirinlik yillarini eng beg‘ubor, jozibali va yoqimlisi sifatida xotirlaydilar.
Kishining bu kabi takrorlanmas taraqqiyot davri ya’ni talabalik attraksiya deb atalmish hissiyotning paydo bo‘lishi uchun eng maqbul davr ekanligi bilan ajralib turadi. Chunki, bir ko‘rishda yoqtirib qolish, uning xusniga rom bo‘lish kabilar attraksiyaning dastlabki bosqichi bo‘lib, bu aslida odamlar ongidagi bir bid’atga, ya’ni chiroyli odam aqlli va ahloqli bo‘lishi to‘g‘risidagi tasavvurlarga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Bizga ma’lumki, oiladagi ijtimoiy munosabatlar va ularning kelib chiqish qonuniyatlarini atroflicha monografik tarzda o‘rganganlardan biri rus olimi L.Ya. Gozman (1987) hisoblanadi. U bu qonuniyatlarni ilmiy jihatdan tahlil etish uchun attraksiya tushunchasini tahlil qiladi. Attraksiya inglizcha attraction – tortilish, intilish so‘zlaridan olingan bo‘lib, u bir insonning ikkinchi bir insonga nisbatan his qiladigan ijobiy munosabati asosida yoqishi va yoqtirishi, o‘zaro moyillikni tushuntiruvchi emotsional hisdir. Har qanday ana shu zayldagi diadik, ya’ni, diada – ikki kishi o‘rtasidagi munosabatlarning boshlanishi simpatiya, yoqtirish yoki attraksiya, tortilish-intilish bilan bog‘liq holda amalga oshadi deya ta’kidlab o‘tadi.
Tadqiqotchi Gozmanning ta’kidlashicha, juftlik munosabatlarida attraksiyaga turtki bo‘luvchi omillarning eng muhimi – bu sherikning tashqi, jismoniy jihatdan yoqimtoyligi va uning ijtimoiy-demografik xususiyatlaridir. Ayniqsa, bunday tasavvur ayol-qizlarga nisbatan qo‘llanilishi ko‘p bor xayotda isbotlangan. Attraksiya – bir insonning boshqa bir insonga ijobiy munosabati asosida xosil bo‘luvchi xis sifatida bir odamning boshqa bir odamga nisbatan shakllanadigan ijtimoiy ustanovkalarining bir ko‘rinishi bo‘lib, simpatiya esa yoqtirish dan tortib, to sevgi muhabbat kabi chuqur emotsional bog‘liqlikkacha davom etishi mumkin bo‘lgan insoniy tuyg‘u sifatida e’tirof etiladi.
Sevgining yoshlarda namoyon bo‘lishi va uning psixologik tahlilini o‘rgangan tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha, sevgining dastlabki bosqichi – o‘zaro yoqtirib qolish – simpatiya bo‘lib, bunda asosan sevgi ob’yektining tashqi jozibasi ro`l o`ynaydi. Masalan, o‘zbek xonatlasini chiroyli qilib tiktirib olgan qizchaning davrada paydo bo‘lishi, tabiiy ko‘pgina yigitlarning e’tiborini beixtiyor o‘ziga tortadi. Ulardan ko‘pchiligi birdaniga, bir vaqtda aynan shu qizchani “yoqtirib” qolishadi. Lekin, davradagi qaysi yigit unga ham ma’lum jihatlari bilan yoqib qolsa, o‘zaro simpatiya shu ikki shaxs o‘rtasida ro`y beradi. Vaqtlar o‘tib, bu ikki yosh bir necha marta uchrashib turishsa, oddiy yoqtirish sevgiga, jiddiyroq narsaga aylanishi mumkin. Shu narsa ma’lumki, aynan shu qonuniyatni bilgani uchun ham ko‘pchilik talabalar birinchidan, davralarda bo‘lishni, qolaversa, birovlarga yoqish uchun tashqi ko‘rinishlariga alohida e’tibor berishga xarakat qila boshlaydilar. Yoqimtoy bo‘lishga harakat qilsa-yu, birortaning e’tiborini o‘ziga tortolmagan talabalar esa bu xolatni juda chuqur qayg‘u bilan boshdan kechiradi. Agar xuddi shunday narsa bir necha marta surunkalik takrorlansa, o‘sha yosh davralarga ham bormay quyadigan, o‘zi haqida yomon fikrlarga boradigan, faqat ayrim xollardagina hammani o‘ziga “dushman” bilib, xafa bo‘lishga moyil bo‘lib borishlari aytib o‘tilgan.
Ijtimoiy psixologiyada ushbu xissiyotning asl sabablari ijtimoiy motivlar – sheriklarning bevosita bitta makon va zamonda ekanliklari, ularning tez-tez uchrashib turishlari, uchrashuvlar tezligi, suxbatdoshlar o‘rtasidagi masofa, xissiyotlarning tarbiyalanganligi kabi omillar ta’sirida paydo bo‘lishi va uning kechish mexanizmlari o‘rganiladi. Tadqiqotlar bu kabi emotsional munosabatlar aynan balog‘at yoshi arafasida rivojlanishini isbot qilgan. Shunisi ahamiyatliki, attraksiyaning namoyon bo‘lishi, uning kuchi va mazmuni o‘smir va o‘spirin – yoshining shaxs sifatida o‘zini idrok qilishi, o‘z-o‘zini xurmat qilishi va o‘zgalarga nisbatan munosabatlarda toqatliroq bo‘lishiga bevosita ta’sir ko‘rsatar ekan. Shuning uchun ham ana shu davrda o‘smir va o‘spirin atrofida u yoqtirgan va uni yoqtiradigan odamlarning bo‘lishi juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, uning aksi bola ruxiy azoblanishining sabablaridan xisoblanadi.
Do‘stlik, o‘smirlik va o‘spirinlik yoshida paydo bo‘ladigan barcha muammolarni yechish va u bilan o‘rtoqlashish uchun kerakli bo‘lgan ijtimoiy va tabiiy munosabatidir. Psixolog tili bilan aytganda, do‘st – bu “alter – Ego”, ya’ni ikkinchi “Men” bo‘lib, u o‘sha paytdagi “Men”ning bir qismi sifatida idrok qilinadi. Bu shunday odamki, shaxs u bilan barcha dardu – xasratlarini muxokama qiladi, muammolarini uning oldiga to‘kib soladi. Shuning uchun ham do‘stlikning boshqa intim, emotsional xissiyotlardan farqi shuki, u odatda bir jins vakillari o‘rtasida bo‘ladi va do‘stlar odatda 2 kishi, ayrim xollarda 3-4 kishi bo‘lishi mumkinligi masalasi alohida qayd etib qo‘yiladi.
Fransuz psixologi Zazzo ilk o‘spirinlardagi, shu jumladan, o‘smirlikda kechadigan do‘stlikka ta’rif berar ekan: “Bu davr eng sidqidil va olijanob davrdir” degan edi. Keltirilgan olim fikrining asl ma’nosi shuki, ilk o‘spirinlar eng pok do‘stlikka, ya’ni sevgiga ega bo‘lib, goho undan norozi bo‘ladilar, iztirob chekadilar, chunki bu do‘stlik munosabatlari juda ko‘p ziddiyatlar makonidir. Do‘stlikning ham ko‘zlagan maqsadlari bo‘lib, u amaliy, ish-faoliyat bilan bog‘liq, sof emotsional (ya’ni, muloqot extiyojlarini qondirish), rasional (intellektual muammolarni xal qilishga asoslangan), axloqiy (o‘zaro insoniy sifatlarni takomillashtirishga xizmat qiluvchi) bo‘lishi lozim. Do‘stlikning asosiy sharti – o‘zaro bir-birini tushunishdir. Shu shart bo‘lmasa, do‘stlik haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Agar ana shunday tushunish bo‘lsa, do‘stlar gap – so‘zsiz ham qiliqlar, yuz ifodasi, yurish-turishga qarab ham bir-birlarini tushunib olaveradilar.
Do‘stlik munosabatlari odatda ikki jins vakillari o‘rtasida ham bo‘lishi mumkin, faqat u ko‘pincha tanishuv bilan sevgi-muhabbat o‘rtasidagi oraliqni to‘ldirishga xizmat qiladi. Do‘stlarga xos bo‘lgan sifatlarga bir-birini ayash, g‘amxo‘rlik qilish, ishonch, shaxsiy muammolarga befarq bo‘lmaslik, qo‘llab-quvvatlash, mexr kabilar kiradi. Ularning ardoqlanishi do‘stlikning uzoq davom etishi va ikkala tomon manfaatiga mos ishlarni amalga oshirishga undaydi. Do‘sti yo‘q inson, u balog‘at yoshidagi o‘smirmi, o‘spirinmi, talabami yoki xayotning qaysidir pag‘onasida faoliyat yuritayotgan turli yosh bosqichidagi shaxs bo‘lishidan qat’iy nazar o‘zini juda baxtsiz va nochor xisoblaydi. Ayniqsa, agar do‘sti xoinlik qilsa, uning kutishlariga zid ish qilsa, bu xolat juda qattiq ruxiy iztiroblarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham xar bir yosh o‘z do‘stini hafa qilib quymaslikka, uning ko‘ngliga qarab ish qilishga harakat qiladi. Agar ilk o‘spirinlikda do‘stlik mazmunan ancha yuzaki, bevosita muloqot maqsadlari asosida tashkil etilgan bo‘lsa, yosh o‘tib talabalik davriga kelganda bu kabi munosabatlar xayot mazmuni va yuksak qadriyatlar sifatida baholab boriladigan munosabatlarga aylanib boradi.
Ko‘pincha ikki jins o‘rtasida sodir bo‘luvchi do‘stlik munosabatlari bo‘lajak sevgi munosabatlariga ko‘prik vazifasini ham o‘tab keladi. Sevgi, do‘stlik va attraksiya namoyon bo‘lishining birinchi ko‘rinishi bo‘lib, sevgi esa o‘z o‘rnida qalblar yaqinlashuvining muhim alomatlaridan biridir.
Sevgi – bu nafaqat xissiyot, balki boshqalarni seva olish qobiliyati hamda boshqalar uchun sevimli bo‘la olish maxorati hamdir. Shuning uchun ham o‘smirlar va o‘spirinlar xayoti o‘ziga xos psixologik davr sifatida uning tarkibida bu kabi xissiyotning borligi juda katta ahamiyatga egadir. Aynan o‘spirinlik va talabalik davridagi sevgi beg‘ubor, tiniq va samimiy bo‘lib, yosh o‘tgan sari uning mazmuni boyib, boshqa qadriyatlar ham o‘rin egallay boshlaydi. O‘smir bilan o‘spirin sevgisida sifat jihatidan farqlarni ko‘rish mumkin. Masalan, o‘smirlar bir-birlariga mexr quyishganda ko‘proq sheriklarning tashqi qiyofalari, intellektual imkoniyatlari va ijtimoiy mavqelariga e’tibor beradilar. Xaqiqiy sevgi o‘spirinlik davrining oxirlarida tom ma’noda aytganda talabalik yillarida paydo bo‘lib, uning asosiy mezoni endi tashqi belgi va afzalliklar emas, balki insoniy fazilatlar bo‘lib xizmat qila boshlaydi.
Sevgi – bu shunday tuyg‘uki, u bir shaxsning ikkinchi shaxs ustidan mutloq ustunligi yoki afzalligini inkor etadi. Shu boisdan ham bunday hissiyot sof sevgi munosabatlariga aylanaolmaydi. Shuning uchun ham o‘spirinlik yoshidagi yigit va qizlar guruhda muloqotda bo‘lishni va bunda teng huquqli munosabatlar ishtirokchisi bo‘lishni juda xoxlaydilar. Bu talab sevishganlar uchun ham o‘ziga xos qonun hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘spirinlik yillaridagi sevgi va muhabbat hislari o‘z o‘rnini talabalik davridagi murakkab munosabatlar davomiyligiga o‘rin berib, bu davrda asosan talabalar e’tibori nafaqat qarama-qarshi jins vakiliga qaratilgan bo‘ladi, balki aynan shu davrda ota-onaning qadrlanishi va ularga nisbatan sevgi-muxabbat, yaqinlar – aka-uka, opa-singillar bilan birgalikda xayotda ibrat bo‘ladigan kishilarni yaxshi ko‘rish, vatanni sevish kabi oliy xislar ham tarbiyalanib takomillashib borishini ta’kidlashgan. Shuning uchun ham haqiqiy yuksak muhabbat soxiblari bo‘lmish yoshlarni tarbiyalash masalasi – jamiyatda insoniy munosabatlarni barkarorlashtirish, odamlar o‘rtasida samimiy munosabatlar o‘rnatish va ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlanadi.

Download 1.35 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling