Tarix va ijtimoiy fanlar


Gekatey (mil.avv. VI–V asrlar) –


Download 172.66 Kb.
bet4/11
Sana20.07.2020
Hajmi172.66 Kb.
#124338
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
MARKAZIY OSIYO QADIMGI YOZMA YODGORLIKLARI


Gekatey (mil.avv. VI–V asrlar) – Milet shahridan bo‘lgan. Olimlarning fikriga ko‘ra Gekatey birinchi bo‘lib ahamoniylar o‘lkalarining ro‘yxatini keltirgan va qadimgi Sharq xalqlari haqida ma'lumotlar bergan. Uning ma'lumotlaridan Gerodot va Ktesiylar foydalanganlar.

Ksenofont – yunon tarixchisi. Ksenofont “Kiropediya” nomli asarida Ktesiy ma'lumotlariga o‘xshash, Baqtra shahrining ossuriyaliklar tomonidan qamal qilinishi to‘g‘risida ma'lumot beradi. Shuningdek. Ksenofont Kir II va Baqtriya urushlari haqida yozadi.

Arrian Flaviy (tax. 95–175 y.y.) – yirik yunon yozuvchisi, tarixchi va geograf olim. Kichik Osiyoning Nikomadiya shahridan. “Iskandar haqida”, “Parfiyaliklar haqida”, “Hindiston” va 7 jilddan iborat “Iskandarning yurishlari” nomli asarlar muallifi.

Markaziy Osiyo va Eronning qadimiy tarixin o‘rganishda Arrianning “Iskadarning yurishlari” asari muhim ahamiyatga egadir. Unda Makedonskiyning Eron, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlarga istilochilik yurishlari tarixi batafsil bayon qilingan. Asar panegrizm – maddohlik ruhida yozilgan. Muallif Aleksandr va uning faoliyatini ko‘klarga ko‘tarib ulug‘laydi. Ushbu asar ko‘pgina qo‘lyozma manbalar va rasmiy hujjatlar asosida yozilgan bo‘lib, mavzu bo‘yicha muhim va asosiy manbalardan hisoblanadi.

Asar nemis (Myuller, Leypsig, 1886) hamda rus (Korenkov, Toshkent, 1912, M.ye.Sergeenko, Moskva 1962) tillarida nashr etilgan.

Strabon (mil.avv. 63 – milodiy 23 y.y.) – atoqli yunon geograf olimi. Amosiyalik (Pont podshohligi qarorgohlaridan) nufuzli va badavlat oiladan chiqqan, mashhur faylasuf Aristotel shogirdi. 17 kitobdan iborat “Geografiya” asar muallifi. Asarning 1-2 kitoblari “Muqaddima” deb ataladi va unda geografiya ilmi va uning hokimlar, sarkardalar, savdogarlar faoliyatidagi o‘rni hamda roli haqida gap boradi. 3-10 kitoblarida yevropa mamlakatlarining tavsifiga, 8-10 kitoblar Ellada va unga tutash mamlakatlarga bag‘ishlangan. Asarda Osiyo mamlakatlariga katta o‘rin ajratilgan bo‘lib, ular to‘g‘risida 11-16 kitoblarda ma'lumotlar berilgan. 17-kitob Afrika mamlakatlariga bag‘ishlangan.

Strabonning “Geografiya” asarida Girkaniya, Parfiya, Baqtriya, Marg‘iyonaning tabiiy holati, shaharlari, qisman ularga borish yo‘llari, daryolari haqida, qadimiy xalqlar – sak, massaget, day, atasiya, toharlar, xorazmliklar va ularning kelib chiqishi, bu xalqlarning turmushi, urf–odatlari va e'tiqodi, shuningdek Parfiya va Baqtriyaning miloddan avvalgi III asr birinchi choragidagi ichki ahvoli, o‘zaro munosabatlari haqida muhim, qimmatli ma'lumotlar mavjud.

Strabonning ushbu asari 1844 va 1848 yillari Kramer va Myuller tarafidan maxsus xarita va tarhlar bilan qo‘shib nashr qilingan. Uning nemischa (Grosskurd, Berlin, 1831-1834 y.y.) hamda ruscha (F.G.Mishchenko. Moskva, 1879 y, G.A.Stranovich. Moskva, 1964 y.) tarjimalari ham mavjud.

Klavdiy Ptolemey (milodiy 90–168 yillar) (Sharqda uni Batlimus yoki Batlimus al-Qalavdiy deb atashgan) II asrda Misrning Aleksandriya (hozirgi Iskandariya) shahrida yashagan yunon olimidir. Ptolemey astronomiya, geografiya, geometriya va fizikaga doir yirik asarlar yozib qoldirgan. U avvalo, as­tronomiya bilan shug‘ullanib, “Megale sintaksis” (“Buyuk tuzilish”) nomli asarni yozgan. Bu asar keyinchalik arab tiliga tarjima qilinib, “Almajistiy” nomi bilan mashhur bo‘ldi. 1175 yilda kremonalik Gerardo bu asarni arabchadan lotin tiliga tarjima qilgan va “Almagest” deb atagan. Ptolemey­ning yer qimirlamay bir joyda turadi, quyosh va yulduzlar uning tevaragida aylanadi, degan geotsentrik farazi ayni shu kitobda bayon etilgan. Bu asarda geografiyaga doir ma'lumotlar ham bor (iqlimlarning chegaralari, parallellar eng uzun kunga va soyaga qarab aniqlangai). Ptolemeyning ikkinchi asari–“Kartalar chizish qo‘llanmasi” (“Geografiyadan qo‘llanma”) qisqacha “Geografiya”dir. “Geografiya” 8 kitob (bob)dan iborat bo‘lib, unga Ptolemey chizgan 26 ta jadval (alohida territoriyalar kartalari) ilova qilingan. Jumladan, yevropa qit'asi 10, Afrika 4, Osiyo esa 12 ta jadvalda tasvirlangan.

Ptolemey “Geografiya” asarida oykumena – yer yuzasining obod qismini uch bo‘lakka–evropa, Liviya (Afrika), Osiyoga bo‘lib tasvirlagan va geografik ob'ektlarni (shahar­lar, tog‘lar, daryolar va h. k.) ana shu qit'alar tartibida izohlagan, yerni zkvatordan shimolga 21 zonaga bo‘lgan.



Polibiy (mil.avv. 201–120 y.y.) – yirik yunon tarixchisi, 40 kitobdan iborat “Umumiy tarix” asari muallifi. Asar Yunoniston, Makedoniya, Karfagen, Misr, Suriya va Rimning mil.avv. 220-146 yillar orasidagi ijtimoiy–siyosiy tarixini o‘z ichiga oladi. Bu asarning katta qismi saqlanmagan. Bizgacha faqat 1-5 kitoblarigina yetib kelgan. Polibiyning “Umumiy tarix” asari daliliy ma'lumotlarga boyligi, voqyealarning nisbatan xolisona yoritilishi bilan alohida ahamiyatga egadir. Ushbu asarda Oks (Amudaryo) va Yaksart (Sirdaryo) haqida, Antiox I ning Baqtriya lodshosi Yeftidemga qarshi harbiy yurishi haqida muhim ma'lumotlar uchraydi. 1889–1905 yillar oralig‘ida “Umumiy tarix”ning matni to‘rt jildda Leypsigda chop etilgan. Uning inglizcha nashri Londonda (V.R.Paton) 1922–1927 va 1957–1960 yillarda ikkita nashrda chop etilgan. 1890–1899 yillarda rus tiliga tarjima qilingan (F.G.Mishchenko) 1–3 jildlari Moskvada nashr qilingan.

Diodor (mil.avv. 90-21 y.y.) – yirik tarixchi olim, asli Sitsiliyaga qarashli Argiriya shahridan. U “Tarixiy kutubxona” nomli 40 kitobdan iborat asar yozib qoldirgan. Umumiy tarix yo‘nalishida yozilgan bu asar, asosan Yunoniston va Rimning qadim zamonlaridan to milodning I asr o‘rtalarigacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Unda Sharq xalqlari, shuningdek, Markaziy Osiyoning qadimiy xalqlari skif, sak, massaget, baqtriyaliklar, yurtimizning Eron bilan bo‘lgan munosabatlari haqida qimmatli ma'lumotlar bor. Diodorning mazkur asari ko‘p jihatdan ko‘chirma – kompilyasiya hisoblanadi. Diodor Efor va Polibiy asarlaridan keng foydalangan. Bundan tashqari, ko‘p hollarda bayon etilgan voqyealar uzviy bog‘lanmay qolgan. Shunga qaramay, bu asar dalillarga boy va katta ilmiy ahamiyatga egadir.

Diodorning asari to‘liq holda bizgacha yetib kelmagan. Uning faqat 15 kitobi – qadimgi Sharq xalqlarining tarixi va afsonalari haqida hikoya qiluvchi 1-5 kitoblari, Yunoniston hamda Rimning yunon–fors urushlaridan to mil.avv. 301 yilgacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga olgan 11–20 kitoblarigina saqlangan, xolos. Bu asar 1774–1775 yillari I.Alekseev tomonidan olti qismda va 1874–1875 yillari F.G.Mishchenko tomonidan ikki qism qilib nashr etilgan.



Pompey Trog (mil.avv. I – milodiy I asr o‘rtalari) – “Filipp tarixi” asari bilan mashhur Rim tarixchisi, 44 kitobdan iborat asar. Bu asarda afsonaviy Ossuriya podsholari zamonidan to Rim imperatori Avgust (mil.avv.63 – milodiy 14 yili) davrigacha bo‘lib o‘tgan voqyealarni bayon qilgan. Lekin, asosiy e'tiborni Yunonistonning makedoniyalik Filipp II va Aleksandr Makedonskiy davridagi ijtimoiy–siyosiy tarixini bayon etishga qaratilgan. Ushbu asarda Rim, Yunoniston kabi yirik davlatlarning paydo bo‘lishi va tarixini bir talay noma'lum kitoblarga suyanib keng yoritib berilgan. “Filipp tarixi”da skiflar, Baqtriya, Iskandar davrida Baqtriya va So‘g‘dda qurilgan shahar va imoratlar, Iskandar vafotidan keyin yuz bergan voqyealar, parfiyaliklarning kelib chiqishi, Parfiya podsholigining tashkil etilishi, parfiyaliklarning urf–odatlari, Baqtriya, Parfiya va Midiyaning o‘zaro munosabatlariga oid muhim ma'lumotlar mavjud. Ushbu asar Yustin (II–III asr) tomonidan qisqartirilib qayta nashr qilingan shaklda bizgacha yetib kelgan. Ruxl tomonidan 1935 yilda chop etilgan. Asarning ruscha tarjimasi (tarjimonlar A.A.Dekonskiy va M.I.Rijskiy) “Vestnik drevney istorii” jurnalining 1954 yil 2–4 va 1955 yil 1-sonlarida bosilgan.

Kvint Kursiy Ruf (milodiy I asr) – mashhur Rim tarixchisi, 10 kitobdan iborat “Buyuk Iskandarning tarixi” asar yozib qoldirgan. Aleksandrning Eron, O‘rta Osiyo va boshqa mamlakatlarga qilgan harbiy yurishlari, O‘rta Osiyoning yunon–makedon qo‘shinlari tomonidan istilo qilinishi, O‘rta Osiyo xalqlarining chet el bosqinchilariga qarshi kurashi. Xususan, Spitamen boshliq qo‘zg‘olon keng yoritib berilgan. “Buyuk Aleksandrning tarixi” 1841 yili Myutzel, 1867 yili T.Nyoldeke va 1885 yili Fogel tomonidan nashr qilingan. 1963 yilda V.S.Sokolov tahriri ostida ruscha tarjimasi chop etilgan.

Gay Pliniy Sekund (24 – 79 y.y.) – rimlik mashhur yozuvchi, tarixshunos olim va davlat arbobi. 79 yili Vezuviy vulqoni otilishi natijasida halok bo‘lgan. Gay Pliniy Sekund 20 kitobdan iborat “Germanlarning urushlari”, ikki jilddan iborat “Pomponiy Sekundning hayoti” va 37 kitobdan iborat “Oddiy tarix” nomli kitoblar yozib qoldirgan. “Germanlarning urushlari” nomli asari bizgacha yetib kelmagan, lekin, bu asar Korneliy Tatsitning (tax.56 – 117 y.y.) “Solnomalar” – imperator Oktavian Avgust (milodiy 14 yili) vafotidan Neronning (milodiy 68 yil) halok bo‘lishigacha bo‘lib o‘tgan voqyealarni hamda “Germaniya” nomli asarlari uchun birinchi manba bo‘lgan. “Oddiy tarix” shoh asar bo‘lib, unda antik dunyo tarixi, iqtisodiy ahvoli hamda madaniyati bayon etilgan. “Oddiy tarix”da O‘rta Osiyoning qadimgi tarixi, unda yashagan xalqlar. Daryolar va ularning skifcha nomlari, Baqtriya va uning tabiiy boyliklari. Antioxiya shaharlarining barpo etilishi haqida ma'lumotlarni uchratish mumkin.

Markaziy Osiyoning qadimiy tarixini o‘rganishda qadimgi Yunoniston va Rim tarixchilarining asarlari benihoya qimmatlidir.

Qadimgi yunon va rim yozma manbalari orqali Markaziy Osiyo tarixining yoritilishi, vatanimiz haqidagi qadimiy yozma yodgorliklar sifatida muhim ahamiyatga egadir.
Nazorat savollari:

1. Qadimgi yunon manbalarida Markaziy Osiyo hududlari qanday yoritilgan?

2. Markaziy Osiyo hududlari qadimgi rim manbalarida qay tariqa yoritilgan?

3. Qadimgi yunon va rim yozma manbalari asosida Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishning o‘ziga xos ahamiyati nimada?

4. Qadimgi yunon va rim manbalari qanday ilmiy ahamiyatga ega hisoblanadi?
Foydalaniladigan adabiyotlar:

1. Ahmedov B. O’zbekiston xalqlari tarixi manbalari (qadimgi va o’rta asrlar) – Т., 1992.

2. Sagdullayev A. Qadimgi O’zbekiston ilk yozma manbalarda. – T., 1996.

3. Qayumov A., Ishoqov M., Otaxo’jaev A., Sodiqov Q. Qadimgi yozma yodgorliklar O‘quv qo‘llanma. - T.: “Yozuvchi”, 2000.

4. Xo’jayev A., Xo’jayev K. Qadimgi manbalarda xalqimiz o’tmishi. – T., 2001.

5. O’zbekiston Milliy Enseklopediyasi 1 – 12 jildlari.

6. Choriyev Z., Shaydullayev Sh.O’zbekiston hududida yozuvning paydo bo’lishi va taraqqiyoti. – T., 2007.

6 Mavzu: Ilk o‘rta asrlardagi yozma manbalar: Xitoy yozma manbalarida Markaziy Osiyo hududlari tarixining yoritilishi
Reja:

1. Xitoy yozma manbalarini o‘rganishning o‘ziga xos jihatlari va ularning mohiyati

2. Xitoy yozma manbalarida Markaziy Osiyo tarixining yoritilishi va ularning ahamiyati

3. Ilk o‘rta asrlardagi yozma manbalarning Markaziy Osiyo tarixida tutgan o‘rni va ahamiyati
Tayanch tushunchalar:

Ilk o‘rta asr yozma manbalari. Xitoy solnomalari, “Bey–shi” (“Shimoliy sulolalar tarixi”)‚ “Suy–shu” (“Suy sulolasi tarixi”), “Tan–shu” (“Tan sulolasi tarixi”), “Vey–shu” (“Vey sulolasi tarixi”), “Sulolalar tarixi”, Xitoy manbalarining ahamiyati.
V–VI asrlardagi O‘zbekiston tarixi eftaliylar va Eftalitlar davlati tarixi bilan bilan bog‘liqdir. Tarixiy manbalar va arxeologik qazishmalardan kelib chiqqan holda olimlar Eftaliylarni sak va massagetlarning avlodlari deb hisoblaydilar.

Eftaliylar juda katta hududda o‘z hukmronliklarini o‘rnatganlar. Eftaliylar davlatiga Sharqiy Turkistondan Kaspiy dengiz bo‘ylarigacha bo‘lgan yerlar qarar edi. Eftaliylar O‘rta Osiyo, Eronning sharqiy tumanlari, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston hamda Sharqiy Turkiston ustidan hukmronlik qilganlar.

563–567 yillari turk hoqoni Istemi (Dizovul) Eron hukmdorlari bilan ittifoq tuzib, Eftaliylar davlatiga zarba berdi va ularga qarashli yerlarni bo‘ysindirib, VI–VII asrlarda Amudaryodan Orol dengizigacha cho‘zilgan o‘lkalar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatganlar.

V–VII asrlarga, ilk o‘rta asrlarga oid O‘zbekiston hududlarining ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti haqidagi yozma yodgorliklarni asosan, so‘g‘d tilida bitilgan bitiklar, Xitoy solnomalari, turkiy bitiklar tashkil qiladi. Ushbu yozma yodgorliklarda o‘lkaning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma'muriy boshqaruv tizimi, bu yerda yashovchi xalqlarning turmush tarzi va xo‘jalik faoliyati, O‘rta Osiyoning xalqaro savdo–elchilik aloqalarini yoritib beruvchi ma'lumotlar uchraydi.

Xitoy manbalarida ham xitoy hukmdorlarining maqsad va manfaatlari ko‘zlab yozilgan, xitoy imperatorlari ko‘kka ko‘tarib maqtalgan, ilohiylashtirilgan, boshqa xalqlarning tarixi esa ko‘p hollarda bir taraflama yoritilgan. Lekin xitoy manbalarida bo‘lib o‘tgan voqyealarning vaqti va o‘rni, u yoki bu hududda istiqomat qilgan xalqlar, shuningdek, bir–biriga qarshi turgan qo‘shinlarning umumiy soni aniq ko‘rsatilgan.

Xitoy solnomalari ichida Turk xoqonligi tarkibiga kirgan Xorazm, Sug‘d, Shosh, Farg‘ona va O‘zbekistonning xoqonlik davridagi boshqa qismlari tarixi bo‘yicha Xitoy manbalari nihoyatda muhim hisoblanadi. Xitoy manbalarining mualliflari ichida bir guruh tarixchilarning asarlari masalan: saroy tarixchilaridan Vey Shou (506–572) yozgan “Vey–shu” (“Vey sulolasi tarixi”), Tan davlatining dastlabki yillarida (629–656) Yan Shigu, Kun Inda, Syuy Jinzung kabi bir guruh saroy tarixchilari tomonidan bitilgan “Suy–shu”(“Suy sulolasi tarixi”) – Suy davlati (581–618) tarixiga bag‘ishlangan asar, Tan sulolasining dastlabki davrida, ya'ni VII asrning birinchi yarmida yozilgan “Bey–shi” (“Shimoliy sulolalar tarixi”‚ 630 y.)‚ 941–945 yillarda Tan sulolasi saroyida Lyu Xu rahbarligidagi tarixchilar guruhi yozgan “Tan–shu” (“Tan sulolasi tarixi”‚ X asr) da O‘zbekiston va unga yondosh hududlar haqida ma'lumotlarni o‘zida aks etgan. “Bey–shi” (“Shimoliy sulolalar tarixi”‚ 630 ­y.y.)‚ “Suy–shu” (“Suy sulolasi tarixi”‚ 630 ­y.y.) va “Tan–shu” (“Tan sulolasi tarixi”‚ X asr) tarkibida O‘rta Osiyoga tegishli joylar Choch, ya'ni Toshkent, Farg‘ona, Ustrushona, Samarqand, Buxoro, Kesh yoki Shahrisabz, Naxshab, ya'ni Qarshi, Xorazm, Toxariston haqida muhim ma'lumotlar mavjud. Ularda o‘lkaning ma'muriy boshqaruv tizimi, bu yerda yashovchi xalqlarning turmush tarzi va xo‘jalik faoliyati, O‘rta Osiyoning xalqaro savdo–elchilik aloqalari va boshqa har xil faktlar o‘rin olgan.



Quyidagi xitoy manbalari O‘zbekistonning qadimiy tarixini yoritishda o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Sima Syan (tax.mil.av. 145 yoki 135–86 y.y.) – Xitoy tarixshunoslarining otasi hisoblanadi. Lunmin (hozirgi Shensi viloyati) shahrida saroy tarixchisi Sima Txan oilasida tug‘ilgan. Mil.av.108 yilda otasi vafotidan keyin saroy tarixchisi lavozimiga tayinlangan. Mil.av.98 yili sarkarda Li Linni himoya qilgani uchun saroydan quviladi, ko‘p vaqt o‘tmay yana saroyga taklif etiladi. Va imperator Bosh mahkamasining boshlig‘i etib tayinlanadi, kitobini yozib tamomlashga sharoit yaratilib berildi. Sima Syan “Shi Szi” (“Tarixiy esdaliklar”) nomli 130 bobdan iborat yirik tarixiy asar yozib qoldirgan. Asar Xitoyning qadimiy zamonlardan to miloddan avvalgi I asr boshlarigacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Asarda O‘rta Osiyo, uning 123 bobida xususan Farg‘ona va uning qadimiy xalqi, hayoti haqida qimmatli ma'lumotlar mavjud. “Shi Szi”ning to‘liq matni olti jild qilinib, 1959 yili Pekinda chop etilgan. Asar rus tiliga I.Ya.Bichurin va bir qator tarjimonlar tomonidan tarjima qilingan. E.Shavann tmomnidan fransuz tiliga tarjima qilinib, 1895-1905 yillarda 5 jildda chop etilgan. R.V.Vyatkin, V.S.Taskin tomonidan ruschaga tarjima qilinib, uning bir qismi to‘rt kitob bo‘lib 1971, 1975, 1984, 1986 yillari bosmadan chiqqan.

Ban Gu (39–92 y.y.) – yirik tarixchi olim. Anlin (Shansi viloyati) shahrida Xan sulolasi (mil.avv.206 – milodiy 220 yillar) da xizmat qilgan yirik mansabdor va tarixshunos oilasida tug‘ilgan. 47–55 yillari Loyanda oliy o‘quv yurtida ta'lim olgan. 58–82 yillari o‘zining “Syan Xan shu” (“Avvalgi Xan sulolasining tarixi”) asarini yozgan. “Syan Xan shu”da, xususan uning 95 bobida O‘rta Osiyo (ayniqsa, qang‘, yuechji va usunlar haqida) va Sharqiy Turkistonning qadimiy tarixi, xalqi va uning hayoti haqida ko‘plab ma'lumotlarni uchratish mumkin. “Syan Xan shu” 1962 yili Pekinda 12 jildda nashr qilingan. 1938 – 1944 yillarda G.Dubs va Baltimor tomonidan inglizchaga tarjima qilingan.

Fan Xua (398–445 yillar) – tarixchi. Avval kichik davlat lavozimida turgan va 424 yili viloyat hokimligiga ko‘tarilgan. Davlatga qarshi isyonda qatnashganlikda ayblanib qatl etilgan. Fan Xua Xitoyning avvalgi Xan sulolasi (25 – 220 yillar) davridagi tarixini o‘z ichiga olgan “Xou Xan shu” (“keyingi Xan sulolasi tarixi”) nomli 130 bobdan iborat katta asar yaratgan muallifdir. Ushbu asar O‘rta osiyo, Sharqiy Turkiston va Jung‘oriyaning 25 – 221 yillar orasidagi tarixi haqida diqqatga sazovor qimmatli ma'lumotlar uchraydi.

Li Yan-shou (taxm.595–678 y.y.) – Tan sulolasi (618–907 y.y.) davrida yashab o‘tgan yirik tarixchi hisoblanadi. 100 bobdan iborat “Bey shu” (“Shimoliy sulolalar tarixi”) nomli asarini yaratgan. Ushbu asar 386–581 yillardagi tarixini o‘z ichiga olgan bir qancha sulolalar hukmronligi ya'ni Vey (386–535 y.y.), Si (550–577 y.y.). Chjou (557–581 y.y.) sulolalari tarixini o‘z ichiga olgan. Asarda O‘rta Osiyo, xususan Xorazm hamda Sharqiy Turkiston haqida qimmatli ma'lumotlar uchraydi. “Bey shu”ning matni 1958 yili Shanxayda chop etilgan.

Vey Chjen (580–643 y.y.) – Tan sulolasi davrida o‘tgan tarixchi. Imperator Chjen–Guan (627–650 y.y.) davrida imperatorning o‘g‘li ya'ni toju – taxt vorisiga tarbiyachi bo‘lgan. Ana shu shu imperator davrida Vey Chjen tarixchi olimlardan Yan Shi–Gu hamda Kxun In–da bilan birgalikda Xitoyning Suy sulolasi davridagi ijtimoiy – siyosiy tarixini o‘z ichiga olgan “Suy shu” (“Suy xonadonining tarixi”) nomli 85 bobdan iborat asar yozib qoldirgan. Asarning 55 bobi 637 yilda yozib tugatilgan. Qolgan 30 bobini yozishga yana 20 yil vaqt ketgan. Ushbu asar Xitoyning V–VI asrlardagi tarixini o‘z ichiga oladi. “Suy shu” Xitoyda tarixchilar jamoasi tarafidan yozilgan birinchi tarixiy asar hisoblanadi. Mazkur asarning boshqa asarlardan farqli tomoni shundaki, unda Xitoy imperatorlarining iqtisodiy siyosati, qo‘shinlarining tuzilishi, mamlakatning ahvoli, xalqning urf–odatlari haqida ma'lumotlar keltirilgan. Asarda ya'ni uning 83-bobida O‘rta Osiyo (janubiy Qirg‘iziston, Pomir, Toshkent va boshqa hududlar) hamda Sharqiy Turkiston (xarashahar, Kucha, Qoshg‘ar, Xo‘tan) haqida ham diqqatga sazovor ma'lumotlar uchraydi. Asar ko‘p jildli Xitoy tarixiga oid “Sulolalar tarixi” tarkibida uning 9-jildi bo‘lib, 1958 yili Shanxayda chop etilgan.

Ouyan Syu (1007 – 1072 y.y.) va Sun Si (998 – 1061 y.y.): – Sun (Janubiy va Shimoliy Xitoy) sulolasi 960–1279 yillarda hukmronlik qilgan tarixchilari hisoblanadi. Imperator Jen–Szun (1023–1063 y.y.)ning topshirig‘i bilan 940–945-yillarda “Szyu Tan shu” (“Tan sulolasining eski tarixi”) asarini yozganlar. Ushbu asarda bir qancha kamchilik va nuqsonlar aniqlangach uning o‘rniga shu sulolaning yangi tarixini 1043 – 1060-yillari yozganlar. Yangi asar “Sin Tan shu” (“Tan sulolasining yangi tarixi”) deb nomlangan. Har ikkala asar ham o‘ziga xos afzalliklarga ega bo‘lib, ma'lum darajada bir – birini to‘ldiradi. Asarda 618–907-yillar oralig‘idagi voqyealar yoritib berilgan. “Sin Tan shu”da Samarqand, hozirgi Eron. Afg‘oniston hamda Sharqiy Turkiston (Xarashahar, Kucha, Qoshg‘ar) haqida ma'lumotlar uchraydi.

XVIII asrda yana bir Xitoy tarixchilaridan Shen Bin – Chjen yuqorida keltirib o‘tilgan “Szyu Tan shu” va “Sin Tan shu”ni ya'ni har ikkala tarixni bir – biriga bog‘lab, unga “Sin Szyu Tan shu xeao” (“Tan sulolasining bir – biriga qo‘shilgan yangi hamda eski tarixi”) deb nom qo‘yadi. Asar ko‘p jildli “Sulolalar tarixi”ning 12-jildi sifatida 1958 yili Shanxayda chop etilgan.

Markaziy Osiyo, xususan qadimiy O‘zbekistonning uzoq o‘tmishdagi, ilk o‘rta asrlardagi ijtimoiy–siyosiy tarixini o‘rganishda xitoy manbalari juda muhim rol o‘ynaydi. Chunki. ushbu yozma yodgorliklarda o‘lkaning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma'muriy boshqaruv tizimi, bu yerda yashovchi xalqlarning turmush tarzi va xo‘jalik faoliyati, O‘rta Osiyoning xalqaro savdo–elchilik aloqalarini yoritib beruvchi ma'lumotlar uchraydi.
Nazorat savollari:

1. Ilk o‘rta asrlardagi yozma manbalar Markaziy Osiyo tarixini yoritishda qanday o‘rin tutadi?

2. Ilk o‘rta asrlardagi yozma manbalar Markaziy Osiyo tarixini yoritishda qanday ahamiyatga ega hisoblanadi?

3. Xitoy yozma manbalarini o‘rganishning o‘ziga xos jihatlari va ularning mohiyati nimalardan iborat?

4. Markaziy Osiyo tarixini yoritishda Xitoy yozma manbalari qanday ahamiyatga ega?
Foydalaniladigan adabiyotlar:

1. Ahmedov B. O’zbekiston xalqlari tarixi manbalari (qadimgi va o’rta asrlar) – Т., 1992.

2. Sagdullayev A. Qadimgi O’zbekiston ilk yozma manbalarda. – T., 1996.

3. Qayumov A., Ishoqov M., Otaxo’jaev A., Sodiqov Q. Qadimgi yozma yodgorliklar O‘quv qo‘llanma. - T.: “Yozuvchi”, 2000.

4. Xo’jayev A., Xo’jayev K. Qadimgi manbalarda xalqimiz o’tmishi. – T., 2001.

5. O’zbekiston Milliy Enseklopediyasi 1 – 12 jildlari.

6. Choriyev Z., Shaydullayev Sh.O’zbekiston hududida yozuvning paydo bo’lishi va taraqqiyoti. – T., 2007.

7. Rahmonov N., Matboboyev B. O’zbekistonning ko’hna turkiy – run yozuvlari. – T., 2006.


7Mavzu: Ilk o‘rta asrlardagi yozma manbalar: Turkiy bitiklar va ularda Markaziy Osiyo tarixining yoritilishi.
Reja:

1. Turkiy bitiklarni o‘rganishning o‘ziga xos jihatlari va ularning mohiyati

2. Turkiy bitiklarda Markaziy Osiyo tarixining yoritilishi va ularning ahamiyati

3. Ilk o‘rta asrlardagi yozma manbalar – turkiy bitiklarning Markaziy Osiyo tarixida tutgan o‘rni va ahamiyati
Tayanch tushunchalar:

Moddiy va ma'naviy madaniyat. Turk hoqonligi, turkiy bitiklar, runiy bitiklari, ko‘hna turkiy – run yozuvlari, noyob yodgorliklar, “yenisey bitiklari”, “To‘nyuquq bitiklari”, “Bilga xoqon bitiklari”, “Qultegin bitigi”, “O‘ngin bitigi”, “Oltoy bitiki”, “Sharqiy Turkiston bitiklari”, “Yettisuv bitiki”, “Farg‘ona bitiki”, “Amudaryo bitiki”.
O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston va unga tutash hududlarda yuz bergan muhim voqyealardan biri eng avvalo Turk xoqonligining yuzaga kelishi edi. Bu xoqonlikka 551 yili Markaziy Osiyoning sharqida Bumin asos solgan. 563–567–yillari turk hoqoni Istemi (Dizovul) Eron hukmdorlari bilan ittifoq tuzib, Eftaliylar davlatiga zarba berdi va ularga qarashli yerlarni bo‘ysindirishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada Turk hoqonligi Amudaryo va Orol dengizigacha cho‘zilgan o‘lkalar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatdi. VI asrning uchinchi choragida turklar shimoliy Xitoyda joylashgan Chjou va Si davlatlarini ham bo‘ysindirdilar. 576 yili Bosfor (Kerch)ni egalladilar. 581 yili esa Xersonesni qamal qildilar. Tez orada turklar sharqda Sariq dengizdan, ya'ni Tinch okeani sohillaridan to Qrim va Qora dengizgacha oraliqda ulkan imperiyani yaratdilar. Bu davlat tarixga Turk xoqonligi nomi bilan kirdi. O‘rta Osiyo va umuman butun Markaziy Osiyo uzoq muddatga xoqonlik tarkibiga kirdi.

VI asr o‘rtalariga borib Turk hoqonligi zaminida ilk katta yer egaligi munosabatlari shakllana boshladi. Shuning bilan bir qatorda o‘zaro urushlar kuchaydi va bundan Suy imperiyasi (581–618 y.y.) hukmdorlari ustalik bilan foydalandilar. Oqibatda turk hoqonligi ikki qismga – Sharqiy va G‘arbiy Turk hoqonlikka bo‘linib ketadi.

Turklar Sosoniylar Eroni va Vizantiya imperiyasi bilan harbiy va diplomatik munosabatlarda bo‘ldilar. Bu voqyea va hodisalar birinchi galda qadimgi turklar ixtiro qilgan runik yozuv bilan xoqonlikning turli yerlarida qoyatoshlarda va yozuvga mos bo‘lgan boshqa materiallarda bitib qoldirilgan.

O‘zbek xalqlarining jamiki turkiy xalqlarning arab yozuviga qadar ma'naviy madaniyati to‘g‘risida arxeologik yodgorliklar qatori yozuv madaniyati ham to‘laqonli ma'lumot beradi. Bugungi kunda 25 dan ortiq turkiy xalqlar mavjud. Bu xalqlarning tili ming yillardan buyon yashab kelmoqda. So‘zlashuvchilar soni jihatidan turkiy tillar dunyoda beshinchi o‘rinni egallaydi. Bu tilda turkiy qavmlar asrlar davomida o‘zlarining og‘zaki va yozma adabiyotini, tarixini yaratganlar va bugungi kunda ham yaratmoqdalar.

Markaziy Osiyodagi qadimgi turkiy qavmlarning moddiy va ma'naviy madaniyatiga oid topilmalarni olimlar uch guruhga bo‘lishgan. Birinchi guruhga turkiy qavmlarda marhumni dafn qilish urf–odatlari bilan bog‘liq topilmalar kirgan. Bular asosan. Qadimgi mozorlarni o‘rganish davomida aniqlangan. Ikkinchi guruhga balballar ya'ni xotira yodgorliklari vafot etganlarning qabrlari ustiga qo‘yiladigan toshlar va tosh haykallar kirgan. Uchinchi guruhga kirgan dalillar bu – turkiy yozuvlardir. Turkiy yozuvlar – turkiy xalqlarning etnik tarixini o‘rganishda boshqa omillarga qaraganda muhim manbadir. Qolaversa, yozuvning siyosiy maqsadi ham borki, yozuv birinchidan, davlatning belgisi sifatida muhim vazifa bajaradi. Dunyodagi ko‘plab davlatlar masalan: Isroil, Xett, Shumer kabi davlatlar eng avvalo o‘ziga xos yozuv madaniyati tufayli tarix sahnasiga chiqqan. Ayni paytda mazkur xalqlarning nomi yashab kelayotganiga sabablardan biri ham yozuvdir. Ikkinchidan, yozuv ma'lum bir xalqning ijodiy qobiliyati va madaniyati tarixini isbotlashda, dunyo xalqlari orasida o‘z o‘rniga ega ekanini ko‘rsatishda ham muhim omildir. Uchinchidan, yozuv inson fikrini abadiylashtiradi.

U yozuvlar fanga “yenisey bitiklari”, “To‘nyuquq bitiklari”, “Bilga xoqon bitiklari”, “Qultegin bitigi”, “O‘ngin bitigi”, “Oltoy bitiklari”, “Sharqiy Turkiston bitiklari”, “yettisuv bitiklari”, “Farg‘ona bitiklari”, “Amudaryo bitiklari” va hokazo nomlar bilan kirgan.

O‘rta Osiyodagi turkiy – run yozuvlari topilishining o‘ziga xos tarixi bor. Bu yozuvlar O‘zbekistonda garchi o‘tgan asrning o‘rtalarida topilgan bo‘lsa ham, mazkur yodgorliklarni o‘rganish XIX asrning oxirida Turkistonda boshlangan edi. O‘sha paytda Turkiston havaskor arxeologlar to‘garagi tashkil etilgan edi. Avliyootadan topilgan birinchi qadimgi turkiy yozuvdagi bitiktosh ana shu to‘garak a'zolari tomonidan o‘rganildi.

1925 yil 23 sentyabrda “Pravda Vostoka” gazetasida e'lon qilingan “Eski yodgorliklar bor” nomli maqolada arxitektor M.M.Loginov va professor Denike Avliyootadan topilgan yodgorlik to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdilar. Bu yodgorlik aslida Avliyoota uezdi boshlig‘i V.A.Kallaur tomonidan topilgan edi.

1932 yili Talas vodiysining Aleksandr tog‘ tizmalari yonbag‘ridan – Achchiqtoshdan M.ye.Masson tomonidan bir taxtacha topadi. Taxtacha archa yog‘ochidan qilingan bo‘lib, uning to‘rt tomoniga ham o‘tkir asbob bilan ingichka qilib yozuv bitilgan. Bu yozuv o‘rta osiyoda yog‘ochga yozilgan yagona yozuv edi. Taxtachani M.ye.Masson Ermitajga topshirgan.

1930 yillarda O‘sh atroflaridan Masson va S.ye.Malov ko‘pgina turkiy – run yozuvlarini topgan.

Qadimgi turk manbalari orasida XVII asrda Sibir. Mo‘g‘uliston, Oltoy hamda O‘rta Osiyoda topilgan runiy bitiklar alohida ahamiyatga va qimmatga egadir. Bu yozuvlarning hozir yetti guruhi ma'lum. Bular, Lena – Baykalbo‘yi bitiklari, yenisey, Mo‘g‘uliston, Oltoy, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo bitiklaridir. Bu bitiklar O‘rta Osiyo, shuningdek, O‘zbekiston xalqlarining arablar istilosi arafasidagi ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotini o‘rganishga yordam beradi.

Quyida biz ushbu turkiy – run yozuvlari bitilgan bitiklarni qachon, kimlar tomonidan va qaysi hududlardan topilganligi haqidagi ma'lumotlarni bilib olamiz.



Download 172.66 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling