Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet17/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

O'tror qamali. 1219 yilning kuzida CHingizxon Xorazmshoxga qarshi yurish boshladi. Uning jami askari 200 mingga yaqin edi. CHingizxon qo'shini Sirdaryo bo'yida joylashgan O'tror shaxri ustiga yurish qildi. CHingizxon bu shaxar yaqinida Movarounnaxrni qisqa muddat ichida zabt etish uchun butun xarbiy kuchlarini to'rt qismga bo'ldi. Uning bir qismini o'g'illari CHig'atoy va O'qtoy boshchiligida O'trorni qamal qilib turish uchun qoldirdi. Ikkinchi qismga Jo'ji boshliq etilib, u Sirdaryo etagi tomon yuborildi. Unga Sig'noq, O'zgan, Jand, Yangikent shaxarlarini bosib olishni buyurdi. Besh ming kishilik uchinchi qo'shin Aloqno'yon xamda Sukatu CHo'rbiy qo'mondonligida Sirdaryoning o'rta soxili bo'ylab, uning yuqori oqimiga joylashgan Banokat va Xo'jand shaxarlari tomon yuborildi. CHingizxonning o'zi asosiy kuchlari bilan Buxoro tomon askar tortdi.

O'tror mustaxkam qal'ali chegara shaxar edi. Qal'a noibi G'oyirxon (Inolchiq) boshchiligida shaxarda 20 ming suvoriy bor edi. Qamal arafasida unga yordam uchun Qoracha Xojib qo'mondonligida yana 10 minglik qo'shin kelib qo'shilgan edi. Juvayniyning ma'lumotiga qaraganda, bu kuchdan tashqari Sulton Muxammad "Lashkar birun" deb atalgan 50 ming askar yuborgan. Natijada O'tror shaxrida dushmanga qarshi kuchli bir ximoya quvvati tashkil bo'lgan edi. SHunday bo'lsada o'sha davr solnomachilarining naqliga qaraganda, mo'g'ullar shaxarni qamalga olish bilan mudofaachilar sarosimaga tushganlar. Qamalning dastlabki kunlaridayoq shaxar xokimiyatining vakili Badruddin Amid, Safiy Aqrab Xojib boshliq sulton tomonidan qatl etilgan O'tror qozisining avlodlari mo'g'ullar tomoniga o'tib ketadilar.

Manbalarga ko'ra, O'tror qamali 5 oy davom etgan. Mo'g'ullar shaxarga oqib kiradigan ariqlarni ko'mib tashlagan, manjaniqlardan shaxarga qarata tosh, neft bilan to'ldirilgan ko'zachalar (piliklarini yondirib) irg'itganlar, qo'rg'on tevaragida xandaqlar shoxshabba va tuproq bilan to'ldirilgan, qo'rg'on devori ostidan lag'm (tunnel) qazilgan, daraxtlar kesib ulama shotilar yasalgan va devorga tiklangan.

O'tror qamali davrida nafaqat qamaldagilar, balki mo'g'ullar xam katta talofat ko'rganlar. Qamaldagilarning safi siyraklashib, oziq-ovqat tanqisligi kuchaygan. O'tror mudofaasining eng og'ir paytida Qoracha Xojib o'z qo'shini bilan shaxar darvozasidan chiqib, mo'g'ullarga taslim bo'lgan. Biroq xiyonatkorlarni mo'g'ullar xam kechirishmagan. Ular Qoracha Xojib va uning askarlarini qatl etishgan.

SHu asnoda o'trorliklar shaxarni mudofaa qilib, uni besh oy davomida o'z qo'llarida ushlab turadilar. Ayniqsa G'oyirxon o'zini CHingizxon savdogarlari va sarbonlarini o'ldirishda aybdor xis qilib, so'nggi nafasigacha dushmanga qarshi kurashadi. Uning askarlari ellik-elliktadan bo'lib, qal'adan tashqariga chiqar va bosqinchilar bilan jang qilib, xalok bo'lardi. CHig'atoy qo'shini shaxar devorlaridan raxnalar (tuynuklar) ochib, ichkariga yopirilib kirgan, axolisini shaxristondan quvib chiqargan va shaxarni talaganlar.

G'oyirxon boshliq mudofaachilarning bir qismi O'tror arkiga joylashib olib, mudofaani yana bir oygacha davom ettiradilar. CHig'atoyzodalar qanday bo'lmasin, G'oyirxonni qo'lga tushirishga axd qiladilar. Oqibat u qurshovga olinib, asirga tushiriladi. U Samarqandga olib borilib, qiynab o'ldiriladi.

Buxoro fojeasi. 1220 yilning fevralida CHingizxon Buxoroga yetib boradi. Biroq Buxoro dushman kuchini qaytarishga tayyor emas edi. Buxoroliklar dushmanga taslim bo'lishdan o'zga choralari qolmaydi. Buxoro qozisi Badriddin Qozixon o'z oqsoqollari bilan CHingizxon oldiga shafqat so'rab chiqadi.

1220 yilning 16 fevralida mo'g'ullar Buxoroni egallaydilar. Movarounnaxrning qadimiy markazlaridan xisoblangan Buxoro talon, taroj etiladi. Bexisob xazinalar talanadi, asriy qo'lyozma asarlar, muqaddas kitoblar yirtilib, xayvonlar oyog'i ostiga xazondek sochiladi. Ilm va ma'rifat egalari bo'lgan ulamolar va shayxlar, e'tiborli mo'g'ul jangchilariga xizmatkor qilib, goxo esa baxshilariga masxara uchun beriladi. CHingizxon amri bilan Buxoro yoqib yuboriladi.

Samarqand jangi. CHingizxon Samarqandga tomon yo'l oladi va 1220 yilning mart oyida Movarounnaxrning eng mashxur va yirik shaxriga yaqinlashadi. CHingizxon shaxardan tashqarida joylashgan Ko'ksaroy qasridan turib shaxarni qamal qilish ishiga boshchilik qiladi. SHaxar ostonasida uch kun shiddatli janglar davom etadi.

Qamalning uchinchi kuni mudofaachilar qamalni yorib chiqib mo'g'ullarga xujum qiladilar. Mo'g'ullar ularni qirib tashlaydilar. Qamalning beshinchi kuni shaxar taslim bo'ladi. Mo'g'ullar Samarqandning bosh suv inshooti - Qo'rg'oshin novani buzib tashlab, shaxarni suvsiz qoldiradilar. Namozgox darvozasidan bostirib kirib, barcha istexkomlarni vayron qiladilar. SHaxristondan axoli xaydab chiqariladi va Samarqand talanadi.

Mamlakat sultoni Muxammad Xorazmshox 30 minglik mo'g'ul qo'shinining ta'qibidan zo'rg'a qutulib, Eronga qochadi. So'ngra Kaspiy dengizining janubidagi Ashura oroliga borib joylashadi. Qo'rquv domiga tushgan, o'z kuchlariga ishonchini butunlay yo'qotgan Xorazmshox o'g'li Jaloliddin Manguberdini taxt vorisi etib tayinlab, orolda xor-zorlikda, g'ariblikda kasallanib, vafot etadi.

Sirdaryo bo'ylaridagi janglar. Bu davrda mo'g'ullarning Jo'ji boshliq askariy qismi xam Sirdaryo etaklarida zafarona xarakat qilmoqda edi. Avval u axolisi zich joylashgan va boy savdo shaxri Sig'noqqa xujum boshlaydi. Sig'noq axolisi yetti kun davomida shaxarni qaxramonona mudofaa qiladi. Sakkizinchi kuni shaxar mo'g'ullarga majburan taslim bo'ladi. Bosqinchilar shaxarni talab, axolisining oxirgi kishisigacha qirib tashlaydilar.

1220 yilning aprelida bosqinchilar Jandni egallab, uni talaydilar. Axolisining qurollangan qismi qatl etilib, shaxar vayron qilinadi. Mo'g'ullar besh ming kishilik qo'shin bilan Sayxun (Sirdaryo) daryosi bo'yida joylashgan Banokat (SHoxruxiya) ustiga yuradi. SHaxar to'rt kunlik mudofaadan so'ng taslim bo'ladi.

Temur Malik jasorati. Xo'jand shaxri Sirdaryo ikkiga ayrilgan yerda joylashgan edi. Uning tabiiy joylashishi xamda shaxar xokimi Temur Malikning qaxramonligi bilan xo'jandliklar mo'g'ullarga kutilmagan qarshilikni ko'rsatadilar. Biroq, kuchlarning teng emasligi oqibatida Temir Malik shaxarni tashlab chiqib, ming kishilik lashkari bilan shaxar yaqinida daryo o'rtasidagi orollardan biriga joylashib oladi. Temur Malikning farmoyishi bilan 12 ta qayiq yasalib, dushmanning o'qi teshib o'tmasligi, o't yondirib yubormasligi maqsadida qayiqlarning usti namat bilan qoplanib, sirkali loy bilan suvab chiqiladi. Bunday usti yopiq qayiqlar bilan soxilga xavfsiz suzib borilar va qayiq yon devorlarida qoldirilgan maxsus shinaklardan dushmanni o'qqa tutardilar.

Temur Malik shu tariqa qayiqlarda mudofaa janglarini olib boradi Lekin kuch kamligi uchun bor oziq-ovqat va qurol-yarog'laini 70 ta qayiqqa yuklatib, tunda mash'alalar yorug'ida Sirdaryoning quyi oqimi bo'ylab suzib ketadi.

SHu tariqa Temur Malik qo'shini uzluksiz jang qilib, barcha qiyinchiliklarni yengib, Jand shaxriga yetib boradi. Barchinlig'kent va Jand yaqinida mo'g'ullar daryoning xar ikki soxilida yo'lni to'ssalarda, jasur xo'jandliklar soxilga tushib, dushman bilan so'ngi janglarga kiradilar. Bu jangda Temur Malik qo'shini va safdoshlaridan batamom ayriladi. Faqatgina o'zi xalokatdan qutulib, Urganch shaxriga yetib keladi. Bir oz vaqt o'tgach, u Xorazmda to'plangan qo'shin va xalq lashkarlariga boshchilik qiladi. Jo'jiga qarshi muvaffaqiyatli janglar qilib, xatto undan Sayxun daryosining quyi oqimidagi Yangikent shaxrini qaytarib xam oladi.

CHingizxon 1220 yilning yozida Naxshab (Qarshi) ga bostirib kiradi va uni egallaydi. SHu yilning kuzida esa Termizga askar tortadi. Termiz qamalning o'n birinchi kuni qattiq xujum bilan olinib, shaxar xarob qilinadi.

O'rta Osiyoda Mo'g'ullar xukmronligi (13-14 asrlar)

Jurjon dengizi - Kaspiy dengiz.

Jand ko'li - Orol dengizi.

Amudaryo - Jayxun.

Sirdaryo - Sayxun.

Xorazm Jo'ji ulusi tarkibiga kirgan.

Sarbadorlar davlati - 1337-1381 yillar.

SHosh-Toshkent.

Yassi - Turkiston.

Nashxab - Nasaf.

26-§. Xorazmshoxlar davlatining xalokati .

Urganch qamali. 1221 yilning boshlarida CHingizxon qo'shinlarining Urganchga yurishi boshlandi. Endigina Xorazm davlatining Sultoni deb e'lon qilingan Jaloliddin Manguberdi Urganchga yetib kelib mudofaaga kirishsada, ammo Turkon Xotun Jaloliddin xokimiyatini tan olmadi. Bu orada sobiq Jand noibi qochqin Qutlug'xon boshliq qipchoq lashkarboshilari tomonidan uyushtirilayotgan fitnadan xabar topgan Sulton Jaloliddin Temur Malik bilan Xurosonga jo'nashga majbur bo'ldi. CHunki bunday vaziyatda poytaxt tomon bostirib kelayotgan yovuz dushmanga qarshi Urganch mudofaasini sira xam tashkil qilib bo'lmas edi. Tez vaqt ichida shaxzodalar O'zloqshox va Oqshoxlar xam Urganchni tark etib, qochib ketadilar. Poytaxt taqdiri o'ta qo'rqoq va amalparast amir Xumortegin qo'lida qoladi.

1221 yilning qishida 50 ming kishilik mo'g'ul askarlari xujum boshlab, Urganchni qamal qiladi. Urganchliklar dushmanning xarbiy kuch va zirxli qurollarining ustunligiga qaramay o'z ona shaxrini mudofaa qiladilar. Poytaxt ichida olib borilgan ko'cha janglarida zamonining buyuk allomasi shayx Najmiddin Kubro nomi bilan shuxrat topgan 76 yoshli Axmad ibn Umar Xivaqiy o'z do'stu shogirdlari va izdoshlari bilan ishtirok etadi. Najmiddin Kubroning iltijo bilan "Yo Vatan, yo sharofatli o'lim" deb aytgan xitobi raxnamoligida xar bir maxalla, ko'cha-ko'y, guzaru rasta masjidu madrasa va xar bir xonadon janggoxga aylanadi. Uzoq davom etgan ko'cha janglarida minglab mo'g'ul askarlari xalok bo'ladi. Mo'g'ullar to shu paytgacha Movarounnaxrning xech bir shaxrida bunchalik qurbon bermagan edilar. Bu qonli kurash yetti oy davom etgan.

CHingizxon Najmiddin Kubroga axli a'yonlari, barcha yoru do'stlari bilan shaxar tashqarisiga chiqib, jon saqlashni taklif etgan. Ammo shayx CHingizxon taklifini rad qilgan. Oqibat son jixatidan teng bo'lmagan dushman bilan olib borilgan shiddatli jangda og'ir yaralangan Najmiddin Kubro o'lim oldida tig' tutgan mo'g'ul sarboziga tashlandi va qaxramonlarcha xalok bo'ladi. Ilojsizlikdan xoli tang bo'lib, taslim bo'lgan Urganch bosqinchilar tomonidan talon-taroj qilinadi. SHaxarning bosh ixota to'g'oni buzib yuboriladi. Urganchni suv bosib, u vayron bo'ladi.

Jaloliddin Manguberdining jasorati. Movarounnaxrning asosiy shaxarlari egallangach, mo'g'ul jangarilarining bosqinchilik yurishi Amudaryodan janubga joylashgan yirik savdo va madaniyat markazlaridan xisoblangan Balx Xirot Marv va G'azna kabi shaxarlarga yo'naltiriladi. Ammo bu viloyatda ular Jaloliddin Manguberdining qattiq qarshiligiga uchraydi. Bu o'lkada u kuchli lashkar to'playdi. Jaloliddin Manguberdi ancha yillar ilgari G'azna, Bomiyon va Xindiston xududlarigacha bo'lgan yerlarga xokim etib tayinlangan edi. SHu boisdan u G'azna tomon borardi. Yo'lda unga Xuroson noiblari o'z qo'shinlari bilan kelib qo'shilib bordi. Sulton Jaloliddin Niso, Qandaxor shaxarlari yonida mo'g'ul qo'shinlariga qaqshatqich zarbalar berib, G'aznaga yetib keldi. Uning qo'shinlari safiga yangi kuchlar qo'shildi. Jaloliddin Valiyon qal'asini qamal qilayotgan mo'g'ul qo'shinlariga qarshi xujum qilib, ularni tor-mor etadi. Bu Jaloliddinning dushman ustidan qozongan dastlabki yirik g'alabasi edi.

CHingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi SHiki Kutuxu no'yonni 45 minglik qo'shin bilan jo'natadi. G'azna yaqinidagi Parvon dashtidagi jangda Jaloliddin g'alaba qozondi. Biroq g'alabadan keyin qo'lga kiritilgan o'ljalarni taqsimlashda Jaloliddinning lashkarboshilari o'rtasida o'zaro kelishmovchilik boshlanadi. Oqibatda lashkarboshilardan Sayfuddin Ag'roq, A'zam Malik va Muzaffar Maliklar qo'shindan ajralib ketadilar. Bu voqeadan so'ng Jaloliddinning xarbiy kuchi zaiflashib qoladi.

Fursatdan foydalangan CHingizxon G'aznaga askar tortadi va ajralib chiqqanlarni aloxida-aloxida tor-mor etadi. Jaloliddin tengsiz janglar olib borib, Sind (Xind) daryosi qirg'oqlariga yaqinlashib boradi. Daryo bo'yida 1221 yilning 25 noyabrida ikki o'rtada qattiq jang bo'ladi. Jaloliddin CHingizxon qo'shinining ilg'orini yengadi. Mo'g'ullarning pistirmalarga qo'yilgan 10 ming nafar saralangan askari jangni yakunlaydi. Jaloliddin taslim bo'lishni xoxlamay otda Sind daryosiga sakrab, narigi qirg'oqqa suzib o'tadi. U bilan birga uning to'rt ming kishilik askari xam daryodan o'tib oladi. Xozirgi paytda xam bu daryoning bir tomoni "Ot sakrash", narigi tomoni "CHo'li Jaloliy" deb ataladi. Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan CHingizxon xatto uni ta'qib qilish fikridan xam qaytadi. Xatto, u o'g'illariga qarab: "Ota o'g'il mana shunday bo'lishi lozim" degan ekan.

Jaloliddin yana o'n bir yil davomida gox Eron, gox Ozarbayjon xududlarida mo'g'ullarga qarshi kurashni davom ettiradi.

SHunday qilib, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdini va uning Jangovar kuchini tashkil qilgan fidoyi safdoshlari dushmanga qarshi yillar davomida qaxramonona kurashsalarda, ammo ona yurt ozodlini saqlab qolishning ilojini qilolmaydilar. Eng so'nggi Xorazmshoxning xukmdorligi 1231 yilda tugaydi. SHarqdagi bu ulkan davlat batamom barxam topadi.

Vatan ozodligi yo'lidajon fido qilgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi mustaqil O'zbekistonda 1999 yili keng nishonlandi. Xorazmda unga xaykal o'rnatildi, yirik ko'cha va maydonlarga uning nomi qo'yildi, videofilm, pesa va dostonlar yaratildi.

Jaloliddin jangda xarbiy taktika tarixida birinchi bo'lib dushman suvoriylariga qarshi ot yonida turib piyoda jang qilish uslubini qo'llaydi.

Xarbiy taktika - jangda ko'zlangan maqsadga erishish uchun aniq sharoitga mos ravishda jang olib borishining tanlangan shakli va usuli.

2000 yil 30 avgustda "Jaloliddin Manguberdi" ordeni ta'sis etilgan.

Mug'ullar istilosining oqibatlari. Mo'g'ullar istilosi oqibatida Movarounnaxr va Xorazmning yashnab turgan obod istilosining oqibatlari dexqonchilik viloyatlari xalokatga uchradi. Gavjum va ko'rkam shaxarlar, ayniqsa Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv, Banokat, Xo'jand va boshqalar xarobazorga aylantirildi. Marv voxasining sug'orish tarmoqlarining bosh to'g'oni mashxur Sultonband buzib tashlandi.

Samarqandliklar o'z ona shaxarlarini tark etib chiqib ketdilar. Marv axolisi esa suvsizlikdan qurib borayotgan qishloqlarni tashlab, o'zga yerlarga borib joylashdi. Urganch suvga bostirilib, batamom vayron etildi. Xorazm va Movarounnaxrning ziroatchi axolisi sonining keskin kamayib ketishi oqibatida ekin maydonlari jiddiy qisqarib, dexqonchilik inqirozga uchraydi.

Moxir xunarmandlar g'oliblarning yurtini obod etish uchun majburan Mo'g'ulistonga yuborildi. Butun SHarqda shuxrat topgan qurol-aslaxa yasash, nafis ipak matolar to'qish, naqshli shishasozlik xunarmandchiligi barxam topdi.

Asrlar davomida Xitoy va Xindistondan Turkiston orqali Kichik Osiyo va Yevropa tomon kesib o'tgan mashxur Ipak yo'li mo'g'ullar bosqini davrida butunlay xarakatsiz qoldi. Bu davrda ilm va ma'rifatga juda katta ziyon yetkazildi.

27-§.CHig'atoy ululsining tashkil topishi.

O'lkalarning taqsimlanishi. Zabt etilgan o'lka va viloyatlarni CHingizxon xali xayotlik chog'idayoq o'g'illariga taqsimlab berdi. Janubiy Sibir, Dashti Qipchoq, Itil bo'yi, SHimoliy Xorazm va Darbandgacha to'ng'ich o'g'li Jo'ji va uning vafotidan keyin esa nabirasi Botuga topshirildi. SHarqiy Turkiston, Yettisuv va Movarounnaxrga uning ikkinchi o'g'li CHig'atoy ega bo'ldi. CHingizxon G'arbiy Mo'g'ulistonni, shuningdek, Tarbag'atoyni uchinchi o'g'li va vorisi O'qtoyga berdi. Kenja o'g'li Tuluga esa SHarqiy Mo'g'uliston, Xitoy va Qirg'izlar yeri tegdi. SHunday qilib, mo'g'ullar bosib olingan viloyatlarni uluslarga taqsimlash asosida boshqarishga kirishdi.

CHingizxon vafotidan so'ng (1227) O'qtoy mo'g'ullar davlatining ulug' xoqoni qilib tayinlandi. Uluslarning xukmdorlari "xon" deb yuritilardi. Ulug' xoqonning qarorgoxi Qoraqurum shaxrida bo'lib, u yerdan turib xonlarning xatti-xarakatini qattiq nazorat qilib borar edi

CHingizxon vafotidan keyin xam mo'g'ullarning G'arbga tomon yurishi davom etdi. 1236-1241 yillarda Rus davlati zabt etilib, Oltin O'rda davlati tashkil topadi. 1256 yilda Eron batamom bosib olinib, Xulakiylar davlati vujudga keladi. 1258 yilda Xuloku abbosiylar sulolasiga xotima beradi. Mo'g'ullar Osiyo va Yevropaning katta qismida o'z xukmronligini o'rnata olgan bo'lsalarda, yagona markazlashgan davlat tuza olmadilar. Ulus xonlari ulug' xoqonga nomigagina bo'ysunsalarda, amalda o'z bilganlaricha ish yuritardilar.

CHig'atoy ulusi. 13 asrning 20 yillarida CHig'atoy tasarufiga berilgan Movarounnaxr, Yettisuv va SHarqiy Turkistonda CHig'atoy ulusi tashkil topdi. CHig'atoyxonning ulusni boshqaradigan o'rdasi Elsuvi (Ili) daryosi bo'yida edi. Viloyatlar va xunarmandchilik shaxarlarini boshqarishda CHig'atoy o'ziga bo'ysundirilgan xalqlarning yuqori tabaqa vakillari xizmatidan foydalanadi. Movarounnaxrni bevosita idora etish ishlari xali Movarounnaxr zabt etilmasdan ilgari CHingizxon xuzurida xizmat qilgan xorazmlik savdogar Maxmud Yalavochga beriladi. U Xo'jand shaxrini o'ziga qarorgox qilib oladi va shu yerda turib, Movarounnaxrni idora qila boshlaydi. Xarbiy xokimiyat, axolini ro'yxatdan o'tkazish, soliq yig'ish ishlari dorug'achi va tavg'ach deb ataluvchi mo'g'ul amaldorlari qo'lida bo'lardi. Mo'g'ul bosqoqlari (maxalliy xokim) ixtiyoridagi ko'p sonli askarlar Maxmud izmiga bo'ysundirilgan edi. Maxmud Yalavoch shularga suyanib mo'g'ul xoqonlari talabini ijro qilar va o'zining cheksiz xukmronligini amalga oshirar edi. CHig'atoy xonlari markaziy xokimiyat xazinasi uchun axoliga turli soliqlar solib, zo'ravonlik bilan undirib olishar edi.

Ziroatchilardan olinadigan yer solig'i bu davrda "kalon" deb yuritilgan. CHorvadorlarga esa "qopchur" solig'i solingan. Davlat xazinasi uchun "shulen" nomi bilan yuritilgan oziq-ovqat solig'i xam undirilgan. "SHulen" xar bir podadan ikki yashar qo'y, qimiz uchun xar ming otdan bir biya xisobida olingan

Xunarmandlar va savdogarlardan "targ'u" solig'i undirilgan Targ'u ishlab chiqarilgan maxsulot yoki sotilgan molning o'ttizdan bir qismi xajmida undirilgan. Bulardan tashqari axoliga tuz solig'i, jun va kumush solig'i solingan.

Soliqlar maxalliy amaldorlar tomonidan barot (ijara) tartibida avvaldan bir yo'la to'lab yuborilardi, so'ngra ular axolidan yig'ib olinardi. Axolidan yig'ib olish paytlarida soliqlar, shubxasiz, rasmiylashtirilgan miqdordan oshirib undirilardi.

Zo'rlik, jabr-zulmning nixoyatda kuchayishi, xilma-xil majburiy to'lov va yig'imlarning xaddan tashqari ko'pligi mo'g'ullarga nisbatan norozilikni oshirib, istilochilar istibdodiga qarshi xalqning bosh ko'tarishiga olib keldi. SHunday qo'zg'olonlardan biri Buxoro voxasidagi Torob qishlog'ida ko'tarilgan xalq qo'zg'oloni bo'ldi.

Maxmud Tarobiy qo'zg'oloni. 1238 yilda Buxoroning Torob qishlog'ida bosqinchilar va maxalliy mulkdorlar zulmiga qarshi qo'zg'olon boshlanadi. Qo'zg'olonga toroblik g'alvir yasovchi xunarmand Maxmud boshchilik qiladi. Tarixda u Maxmud Torobiy nomi bilan shuxrat topadi.

Torobiyning yaqin safdoshlaridan SHamsiddin Maxbubiy va Buxoro axolisi qo'zg'olonchilarga qo'shilib qo'liga qurol oladi. O'zlarining qadrdon shaxar va qishloqlarini mo'g'ullardan va ularning xamtovoq xizmatchilari - maxalliy ma'murlardan ozod qilishga otlangan kishilardan kattagina lashkar to'planadi. Maxmud Torobiy o'z tarafdorlari bilan Buxoroga kirib olgach, shaxar ichidagi Robiya saroyini qarorgox qilib oladi. Bu yerga Buxoroning sadrlari, badavlat a'yonlari, yirik yer egalarini chaqirtiradi. U o'zini Buxoro va atrof viloyatlarining xalifasi, ya'ni xukmdori deb rasmiy ravishda e'lon qilishga ularni majbur etadi. SHundan so'ng SHamsiddin Maxbubiy sadr deb e'lon qilinadi. Maxmud Torobiy Buxoroda o'z xukmronligini o'rnatgach, mo'g'ul tarafdorlari bo'lgan maxalliy amaldorlar Buxorodan qochib ketadi.

Qochqin amaldorlar va mo'g'ullar noib Maxmud Yalavoch yordamida Karmana yaqinida kuch to'plab, Buxoro ustiga yuradilar. O'rtada jang boshlanadi. Mo'g'ullar yengilib, Karmanaga tomon qocha boshlaydilar. Jangda qo'zg'olon boshliqlari Maxmud Torobiy va SHamsiddin Maxbubiylar xam shaxid bo'ladilar. Qo'zg'olonchilar ularning o'rniga Torobiyning ukalari Muxammad va Alini boshliq qilib saylaydilar. Oradan bir xafta o'tmay, ularga qarshi mo'g'ullarning yangi qo'shini xujum qiladi. Jangda qo'zg'olonchilar tor-mor qilinib, Torobiyning xar ikkala ukalari xam xalok bo'ladilar. Mo'g'ullar Buxoroni yana bosib olib, u yerda ilgarigi tartiblarni qayta o'rnatadilar

CHig'atoy soliqlarni tartibga solishga, 1238 yilda Maxmud Yalavochni noiblikdan chetlatishga majbur bo'ldi. Uning o'g'li Mas'udbek noib etib tayinlandi. Ulug' xoqon O'qtoy Maxmud Yalavochni Pekin shaxriga xokim etib tayinlaydi. 1238 yilda yuz bergan bu qo'zg'olon tarixga Maxmud Torobiy qo'zg'oloni nomi bilan kirgan.

CHig'atoy - imperiya taqsimlanganda uning CHig'atoyga tekkan qismi. Keyincha u CHig'atoy davlatiga aylangan.

Qopchur - chorva mollari bosh sonining 2,5% miqdorida olinadigan soliq

Kalon - xosilning 1/10 qismi xajmida olinadigan soliq

28-§. Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy xayotning jonlanishi

Ulug' xoqon farmoni. 13 asr o'rtalarida CHig'atoy ulusining mo'g'ul amaldorlari doirasida o'troqlikka ko'chish, shaxar xayotiga yaqinlashish, maxalliy o'troq axolining boy madaniyatidan foydalanish jarayoni kuchayadi. Mo'g'ulistonning ulug' xoqoni Munke soliq va xashar ishlarini tartibga solish to'g'risida maxsus farmon yorliq chiqaradi. Yomlar bo'ylab pochta xizmati uchun ajratilgan otlar soni belgilanib, axolidan ortiqcha ot talab qilish man etiladi. SHuningdek, elchilarga, qo'llarida bevosita topshiriqlari bo'lmasa, shaxar yoki qishloqlarga kirmasligi va axolidan ular uchun belgilanadigan ortiqcha yem-xashak xamda oziq-ovqat olmasligi uqtiriladi. SHu tariqa axoli o'zboshimchalik bilan yig'ib olinadigan xisobsiz to'lovlardan ozod bo'ladi.

Ma'sudbekning pul isloxoti. Movarounnaxrda asta-sekinlik bilan bo'lsa-da, shaxar xayoti, xususan xunarmandchilik va savdo munosabatlari jonlana boshlaydi. SHaxarlarning ichki xayoti ayniqsa tovar va pul munosabatlarining tiklanishida Mas'udbek tomonidan 1271 yilda amalga oshirilgan pul isloxoti muxim axamiyatga ega bo'ladi. U Movarounnaxrning 16 ta shaxar va viloyatlarida, jumladan, Samarqand, Buxoro, Taroz, O'tror, Xo'jand va boshqa shaxarlarda bir xil vazn va yuqori qiymatli sof kumush tangalar zarb ettirib, mamlakatda ularni muomalaga chiqaradi.

Kebekxon va uning isloxotlari. 14 asrning birinchi yarmida CHig'atoy ulusida mo'g'ullarning o'troqlikka o'tish jarayoni kuchayib, ularning ijtimoiy xayotida jiddiy o'zgarishlar sodir bo'la boshlaydi. Movarounnaxrdek madaniy o'lka bilan mustaxkam aloqa o'rnatishga va o'troq xayot kechirishga intilgan CHig'atoy xonlaridan biri Kebek (1318-1326) edi. U xokimiyatni bevosita o'z qo'liga olib, Qashqadaryo voxasidagi qadimgi Nasaf shaxri yonida o'ziga saroy qurdiradi. Saroy mo'g'ul tilida "Qarshi" deb yuritiladi. Kebekxon o'z qarorgoxini mo'g'ul xukmdorlari orasida birinchi bo'lib Movarounnaxrga ko'chiradi. U shu saroyda turib mamlakatni idora qiladi. Keyinchalik saroy atrofida yangi binolar qad ko'taradi va eski Nasaf shaxri bilan qo'shilib ketadi. SHundan e'tiboran bu shaxar "Qarshi" deb atala boshlanadi.

Kebek davlatni idora etish tuzilishini va uning iqtisodiy xayotini tartibga solish maqsadida ma'muriy va pul isloxoti o'tkazadi. Mamlakatda yagona pul joriy qilinadi. Erondagi Xulokiylar davlati va Oltin O'rda xonligining kumush tangalari namunasida ikki xil pul: og'irligi 8 grammlik katta kumush tanga va 1 grammlik kichik tanga zarb etilgan. Katta tanga "dinor", kichigi "dirxam" deb atalgan. "Kepaki" deb nom olgan bu tangalar Samarqand va Buxoroda zarb etilib, muomalaga chiqarilgan

Iqtisodiy hayotning jonlanishi. Mo'g'ullar istilosi davrida xarob bo'lgan xunarmandchilik, savdo-sotiq va dexqonchilik asta-sekin tiklana boshlaydi. Xunarmandchilik va ichki-tashqi savdoning jonlanishi, shubxasiz, xarob bo'lgan shaxarlarning qayta tiklanishiga sabab bo'ladi. Garchi xali ko'pgina shaxar va viloyatlar xaroba va yarim xaroba xolida yotgan bo'lsada, Urganch va Buxoro shaxarlari qayta tiklanadi. Qadimgi Samarqand vayronalari yonginasida yangidan shaxar qad ko'taradi. SHaxarlarda turli xil davlat, jamoat va ma'rifat binolari qurildi. SHaxar bozorlari gavjumlashadi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling