Tarixi muhammadiy
Download 1.39 Mb. Pdf ko'rish
|
MDh1lrJ9on4m7H1hd68aQWzfLbKYSrvbtDN2Qbk8(1)
www.ziyouz.com kutubxonasi 262 — Qachon Muhammad tog‘ tepasiga chiqdi ersa, dovonning eng uchma yeriga kelganida uni ushlab, tog‘dan qulatib yuboraylik. Tun qorong‘usida bu ishni bajarmoq biz uchun bek qulaydur. Yana bizdan hech kim gumon qilmaydi, — deyishib o‘zaro qattiq ahd qilishdilar. Lekin bu xiyonatlari vahiy orqali Rasulullohga ma’lum bo‘lib qoldi. Kun issig‘idan saqlanib, o‘zlari bir nechagina sahobalar bilan kecha salqinida dovon oshmoqchi bo‘ldilar. Boshqa ko‘pchilik askarlarni esa, tog‘ tagidagi keng yo‘l bilan yurishga buyurdilar. Ulug‘ sahobalardan Ammor ibn YOsir, Huzayfa ibn Yamonlar ersa, doim Rasululloh bilan birga edilar. Mingan tuyalarini shu kechasi birovlari haydab, birovlari yetakladilar. Ul kechalari oy qorong‘usi bo‘lganlikdan kishi o‘z qo‘lini ham ko‘rolmas edi. U munofiqlar esa Xudo xohlamagan ishni qilmoqchi bo‘lishib, askar yo‘lidan yurishmay Rasululloh ketidan bular ham dovon yo‘liga yurishdi. O‘zlarini tanitmaslik uchun qorong‘ulik ustiga yana o‘zlarini o‘rab olishgan edi. Mo‘ljal joyga yaqin kelganda, yomon niyat bilan birdaniga ot qo‘yishdi. Rasululloh bundan xabardor edilar. — Darhol bularning oldini to‘sgil, yaqin keltirmagil, — deb Huzayfaga buyurdilar. Huzayfa qo‘liga qamchi olib, kelayotganlarning ot-ulovlarini bosh-ko‘ziga qaramay savalashga turdi. Lekin ularning kim ekanliklarini taniyolmadi. Huzayfani ko‘rishlari bilan qo‘rqib orqaga chekindilar. Sir ochilib qolmagay deyishib ko‘ngillariga qo‘rqinch tushdi. Kecha qorong‘uligidan foydalanib ildamlik bilan ko‘pchilik askar ichiga aralashib oldilar. Bu ishni Rasulullohdan o‘zga hech kim bilmadi. So‘ngra Hazrati Huzayfa Rasululloh oldilariga kelgach: — Yo Rasulalloh, kecha qorong‘usida bosh-ko‘zlari o‘ralgan bir to‘p kishining qorasi ko‘rindi, o‘zlarini taniyolmadim. Bir-ikki kishining tuyasini o‘xshatdim,— dedi. Anda Rasululloh: — Menga vahiy kelib, ularni bildirdi. Bular ersa faloniy, faloniy, — deb o‘n ikki kishini sanadilar. — Ular meni tog‘dan tashlab o‘ldirishga qasd qilgan edilar. Alloh meni asrab, maqsadlariga erisholmadilar, ikkovingizdan boshqa kishi bu sirni bilmasun, — dedilar. — Andog‘ ersa, bularning boshini kesaylik, ruxsat qiling, Yo Rasulalloh, — degan edilar, rozi bo‘lmadilar. Subhonalloh, ey rabbim Alloh, bu nima sirdur? Yuqorida o‘tgan shu qadar ulug‘ mo’jizalarini Rasulullohdan ko‘rishgan bo‘lsalar ham, bularning kufr qorong‘uligi qoplagan qora toshdek ko‘ngillariga qilchalik ta’sir qilmagan ekan. Shuning uchun Payg‘ambarimiz quyidagi duoni o‘qib yurishga buyurdilar: «Yo muqallibal qulubi, sabbit qulubano alo dinika». Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, dilimizni islom dini uzra to‘xtatgil. Shu dinda o‘laylik, shu dinda tirilaylik». Omin. Bundoq ishlarning tubiga inson aqli yetishdan ojizdur. Buning sirini Allohdan o‘zga kim bilur? Shu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib, qo‘nalg‘udan qo‘nalg‘uga o‘tib, Madina yaqinidagi Zuovon degan joyga kelib tushdilar. Buning bilan Madina oralig‘i biror soatlik yo‘l edi. Shu yerga kelganlarida Ziror masjidining qavmlaridan bir necha boshliqlari kelishib, Rasululloh bilan ko‘rishdilar. Bu masjid ersa, munofiqlar tarafidan yasalmish edi. Ularning maqsadlari shu masjidda yolg‘ondan namoz o‘qish bahonasi bilan yig‘ilishib, Islomga qarshi harakatda bo‘lish edi. Tabuk safariga chiqar oldida shu masjid jamoatidan uch-to‘rt kishi kelishib: — Yo Rasulalloh, yog‘in-chochin kunlarda qari-qartang kishilarimiz kela olmas ekanlar. Shuning uchun yangidan bir masjid yasab bitkazib oldik. «Bayt karam» qilib bersangiz, masjid ichra kirib, Xudodan yaxshilik tilab, namoz o‘qib bersangiz, — degan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytishlarida kirib o‘tmakka va’da bergan Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 263 edilar. Shu joyga kelganlarida Allohdan vahiy kelib, munofiqlar bu masjidni nima maqsad bilan bino qilganlarini Payg‘ambarimizga bildirdi. Bu masjidga kirmaslikka, unda namoz o‘qimaslikka buyurdi. Boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun uni buzib, o‘t qo‘yib yuborishga Alloh amr qildi. Darhol Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bahodirlardan ikki kishini chaqirib, ul masjidni buzib, o‘t qo‘yib kelmakka buyurdilar. Bu ikkovlari buyruq olishlari bilan yugurganlaricha o‘sha joyga borishdi. Birovlari esa qo‘liga yondirilgan o‘t olmish edi. To‘g‘ri masjidga kirib bordilar. Qarasalar, munofiqlar masjid ichida o‘ltirmish ekanlar. Ularga e’tibor qilmay masjidni bir chetidan buzib, o‘t qo‘ygani turdilar. Buni ko‘rgach, masjiddagi munofiqlar ham barisi qochib chiqdilar. U ikki sahoba masjidni buzishib va kuydirishib, Rasululloh qoshlariga kelishdi. Alloh taolo bu masjidni Qur’onda «Ziror masjidi» ya’ni «Zararlik masjid» deb atamishdir. Xudo rizoligi uchun solinmagan masjidlarning hukmi ham shunga yaqindur. Shunga o‘xshash Islom shaharlarida masjidlar ko‘payishi, ularning oralari bir-birlariga yaqin bo‘lishi qiyomat alomatlaridan hisoblanadi. Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u joydan ko‘chib, yo‘lga chiqdilar. Yiroqdan Madinaning qorasi ko‘rinib, Uhud tog‘iga ko‘zlari tushgach: — Anavi ko‘ringan Toba shahri, bu ersa Uhud tog‘idur. Bizni tog‘ do‘st tutgay, biz ham uni do‘st tutgaymiz, — dedilar. Rasulullohning xabarlarini eshitgach, butun Madina xalqi — yoshu qari, xotun-bola qolmay Saniyyatul vado’ degan tepa ustiga chiqib, Rasulullohni kutib oldilar. Hojilarni, g‘oziylarni qarshi olmoq shu sababdan musulmonlarga sunnat bo‘ldi. Bular ichida askarlikdan qochib, Madinada qolgan kishilar ham bor edi. Rasululloh aytdilar: — Bularga hech kimarsa gapirmasin, ularning yuzlariga qarab boqmasin. Shu so‘z bilan ota bolaga, og‘a iniga qarayolmasdan Madinaga kirdilar. Dastlab masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qiganlaridan so‘ngra uylariga bormasdan xalq bilan ko‘rishgali masjidda o‘ltirdilar. Shuning uchun ulug‘ safardan kelgan ummatlariga avval masjidga tushib ikki rakat namoz o‘qish sunnat bo‘ldi. Askarlikdan qochib, bu safardan qolgan kishilar ham kelishib, o‘z ayblarini yopmoq uchun qasam bilan uzr aytishdi. Bularning aytgan so‘ziga, keltirgan hujjatlariga qarab, yuzaki uzrlarini qabul qildilar. Ammo ichki ishlarini Allohga topshirdilar. Shu orada ansor sahobalardan Ka’b ibn Molik kelib, Rasulullohga salom berdi. Bu kishi uzrsiz Madinada qolganlardan edi. Avval g‘azablari kelib, so‘ngra: — Kelgil, — dedilar. Darhol oldilariga kelib o‘ltirdi. Unga qarab: — Safarga atab bir tuya sotib olmish eding. Nechuk sen bu safardan qolding? — deb so‘radilar. Anda Ka’b ibn Molik: — Yo Rasulalloh, dunyoda sizdan boshqa odam oldida o‘ltirgan bo‘lsam edi, yolg‘ondan bo‘lsa ham uzr aytib qutulgudek so‘z topar edim. Agar yolg‘on uzr aytib sizni qanoatlantirsam, Alloh meni g‘azab qilgaymu deb qo‘rqaman. Rostini gapirsam achchig‘ingiz kelgay. Endi har qanday bo‘lsa ham to‘g‘risini gapiray. Alloh haqqi, Yo Rasulalloh, hech qanday uzrim yo‘q edi. Sizdan qolgan kunlarimda safarga yetarlik hamma jabduqlarim bor edi. Shundog‘ bo‘laturib menga nima bo‘ldi, bu muborak safardan mahrum bo‘ldim, — dedi. Rasululloh: — Bu rostini aytadur. Sening haqqingda Alloh nima hukm qilsa, shuni ko‘rursan, — dedilar. Qolgan ikkovini ham chaqirib ulardan so‘rab edilar, ular ham rostini aytib: «Uzrimiz yo‘q Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 264 edi, askardan qolishga Yo Rasulalloh», dedilar. Bularga ham Ka’bga qilgandek so‘z qildilar. Negakim askarlikdan qochish Islom qonunida eng ulug‘ gunohlardan hisoblanadur. Munofiqlardan va boshqalardan bo‘lib, bu safardan qolgan kishilarning soni saksondan ziyodroq edi. Ularning yuzaki uzrlarini qabul qildilar. Bularning ishini ersa, Alloh hukmiga qo‘ydilar. Buning sababi shul erdikim, bu uchovlari ulug‘ sahobalardan bo‘lib, biror to‘g‘rida diyonatlariga gumon tushmagan edi. Qur’on hukmida jihod safaridan uzrsiz, sababsiz qolmoq tarki farz qilmoqdur. Bu ersa ulug‘ gunohlardin sanalur. Shu uchun Rasululloh bularga hech kimsa so‘z qilmasin, salom bermasin, deb amr qildilar. Bu buyruq chiqqach, yer usti ularga tor bo‘lib, hech joyga sig‘madilar. Bularning ikkovi yoshi ulug‘ kishilar edi. Uylaridan chiqolmay yig‘lashib o‘ltirishdi. Ka’b ibn Molik uyda o‘ltirishga chidayolmay, ko‘cha aylanib, bozorga chiqib yurar edi. Lekin unga uchragan kishilar ersa teskari qarashib, salomlashmay o‘tar edilar. Bu qiyinchilik bilan qirq kun o‘tkazdilar. Qirqinchi kuni bo‘lganida Rasulullohdan bir kishi kelib: «Hukm shuldurkim, xotinlaringizdan yiroq turgaysiz», dedi. Yana o‘n kun xotinlaridan ham ajrab boshqa turishdi. Bularning qayg‘ulik tunlari ersa ellik kunga to‘ldi. Ka’b ibn Molikning Abu Qatoda degan sahoba qarindoshlaridan bo‘lur edi. Bu ikkovi orasida do‘stlik aloqasi kuchlik edi. Bir kuni yolg‘izlikka chidayolmay, nima ish qilishini bilmay zerikkanlikdan ham qarindoshi, do‘sti Abu Qatodaning bog‘iga bordi. Qarasa, bog‘ eshigi ichidan berkitilmish ekan. Tomdan oshib tushib, uning ustiga kirgach, salom berdi. Ul qaradi-yu, ammo salomiga javob bermadi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bularga hech kim gapirmasin, degan edilar. Buni ko‘rib Ka’b: — Ey Abu Qatoda, men Rasulullohni do‘st tutishimni sen bilarmiding, Xudo haqqi aytsang-chi! — dedi. Ul indamadi. Xudo haqqi, deb uch qayta qasam qilib so‘rasa ham indamagach, xafalikdan yorilib ketgudek bo‘lib yig‘laganicha qaytib ketdi. Hech joyga sig‘masdan bozor aylanib yurib edi, shu orada qarasa, Shomdan kelgan bir savdogar nitbiy (nubiyalik): — Ka’b ibn Molikni menga ko‘rsatib qo‘yinglar,— deb so‘rog‘lab yurganini ko‘rdi. Kishilar uni ko‘rsatgach, nitbiy yonidan bir xat chiqarib berdi. O‘qib qarasa, G‘asson qabilasining podshosi nasoro arablaridan Islom dushmani Horis ibn Abu Shimrdan kelgan xat ekan. Unda shunday yozilmish edi: «Menim eshitishimcha, Muhammad senga jafo qilmishdur, xorlik ko‘rgan joyda Xudo turg‘ulik qilmasin. Xatni olishing bilan bizga yetish chorasini qilgil, yaxshilik ko‘rursan». Buni anglagach, bu ham menga ortiqcha balo bo‘lmasin, deb u xatni kuydirib tashladi. Hazrati Ka’b hikoya qilurkim: «Shunday bo‘lib, Rasulullohning suhbatlaridan ajrab, buning ustiga xalqqa aralasha olmay, g‘am-qayg‘u bilan ellik kunni o‘tkazdik. Bir kuni bomdod namozini tom ustida o‘qib, g‘am-g‘ussaga botgan holda yig‘lab o‘ltirib edim. Salh tog‘ining tepasidan turib bir kishi: — Ey Ka’b, suyunchi! — deb qattiq qichqirdi. Yiroqdan buning tovushini eshitib, bir yaxshilik vaqti keldi, deb suyunganimdan darhol turib, Allohga shukr sajdasini qildim. Shu kuni bomdod namozida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavbamiz qabul bo‘lganligini bildirmish ekanlar. Bu xushxabarni bizga yetkizmak uchun bir kishi ot choptirib kelibdur. Yana bir kishi tog‘ ustidan qattiq qichqirib ekandur. Muning tovushi ilgariroq eshitilibdur. Qichqirgan kishini ko‘rib, borlik kiyimlarini aning suyunchisiga berib, o‘zim yalang‘och qoldim. Qo‘shnilarimdan kiyishga omonat kiyim olib, Rasululloh ziyoratlariga keldim. Kishilar to‘p-to‘p oldimdan qarshi chiqishib, meni tabrikladilar. To‘g‘ri kelib Rasulullohga salom berdim. Muborak yuzlari Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 265 suyunganlaridan kulib yaltirab ketgan edi. — Ey Ka’b, senga bashorat bo‘lg‘aykim, tug‘ilgan kuningdan buyon bunday yaxshilik yuzini ko‘rmagandirsan, tavbang qabul bo‘ldi, — dedilar. — Bu iltifot sizdanmi, Yo Allohdanmi? — deb so‘radim. — Yo‘q, bu ish mendan emas, balki Allohdan bo‘ldi,— dedilar. Anda Ka’b aytdi: — Muning shukronasiga butun molimni Xudo yo‘liga sadaqa qilurman. — Yo‘q, ozrog‘ini sadaqa qil, qolgani bo‘lsa, o‘zingda tursin, shundoq qilganing yaxshiroqdur, — dedilar. Hazrat Ka’b: — Yo Rasulalloh, men sizga rost so‘zlaganim uchun bu yaxshilikka yetdim. Endigi qolmish umrimda, yolg‘onga yaqin kelmaslikka, chin so‘zdin boshqani gapirmaslikka ahd qildim, — dedi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu uchovlarini tavbalari qabul bo‘lishi haqida kelgan Tavba surasidagi shu oyatni unga o‘qib berdilar: «Va ala salosatillazina, xullifu hatta iza zoqat alayhimul arzu bima rahubat va zoqat alayhim anfusuhum va zannu alla maljaa minallohi illa ilayhi summa toba alayhim, liyatubu innalloha huvattavvabur-rohim». Ya’ni: «Tabuk g‘azotidan qolg‘on uch kishiga ham Alloh tavba nasib qildi. Ular ersa xafalikdan shu holga kelganlar ediki, yer yuzi shu kengligi bilan ularga tor bo‘ldi, g‘am-g‘ussaning ko‘pligidan o‘z joylariga ham o‘zlari sig‘madi. Bildilarkim, Allohdan o‘zga sig‘inarlik hech o‘rin yo‘qdur. So‘ngra bular qilgan gunohlariga tavba qildilar. Alloh taolo tavbalarini qabul qildi. Shu uchunkim, ul Alloh tavba qabul qilguvchi bek mehribondur». Yuqorida qissalari o‘tgan shu uch kishidan boshqa madinalik sahobalardan yana o‘n ikki kishi uzrsiz, ruxsatsiz bu g‘azotga chiqmasdan Madinada qolishgan edi. Bulardan yetti kishi Rasululloh bilan qanday ko‘rishishlarini bilisha olmay, oxiri o‘zlarini masjid ustunlariga bog‘lashdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga ko‘zlari tushdi ersa: «Anavilar kimlar?» deb so‘radilar. — Yo Rasulalloh, Abu Luboba va uning yo‘ldoshlaridur. Siz bilan safarga chiqolmay qolganlari uchun pushaymon bo‘lishib, masjid ustunlariga o‘zlarini bog‘labdurlar. Allohdan gunohlarini so‘rab, sizdan afv o‘tinadilar, — deyishdi. Anda Rasululloh: — Qasam qilurmankim, ularni Alloh o‘zi bo‘shatmaguncha, men bo‘shatmaydurman. Keltirgan uzrlarini qabul qilmaydurman. Chunki ular dunYo rohatini meni suhbatimdan ortiqroq ko‘rdilar. Mo’minlar bilan g‘azotga chiqishdan bosh tortdilar, — dedilar. Rasululloh so‘zlari ularga yetgach, qattiq qayg‘urishib: — Alloh gunohimizni kechib, o‘zi bo‘shatmaguncha hech vaqt biz ham o‘zimizni bo‘shatmaymiz, shu bog‘langanimizcha Allohdan umid qilib turamiz, — deb aytishdi. So‘ngra ular haqida Alloh taolodan bu oyat keldi: «Va axaruna’tarafu bizunubihim xalatu amalan solihan va axara sayyian asallohu an yatuba alayhim innalloha g‘afurur-rohim». Ya’ni, «Ulardan boshqalari ham qilgan gunohlariga iqror bo‘lishib o‘kindilar, yaxshilik ishlari ham bor edi, bu yomon ishni ham qildilar, yorlaqovchi rahmlik mehribon Xudo bularning ham gunohlarini kechirgusidir». Tanbeh (eslatma): Kishi bir gunoh ishni qilgandan keyin, uning yomonlig‘ini ko‘ngli sezib pushaymon bo‘lar ekan, albatta bu ish mo’minlikning belgisidur. Chunki dilida iymoni bor kishi bir gunohni qilib qo‘ysa, ortidan unga pushaymon qilishi aniqdur. Alloh saqlasin, har qancha gunoh ishlarni qilsa ham parvoyiga kelmasa, uning yomonligini ko‘ngli sezmay, balki undan lazzatlansa, bunday odamning ko‘ngliga iymon nuri aslo kirmagandur, yoki kirgan bo‘lsa ham u chirog‘ o‘chganligining ochiq alomatidur. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 266 Xudo yorlaqab bu balodin qutulmas ersa, bunday kishi bir kuni cheksiz qiynovga qolishida hech gumon yo‘qdur. Aql oldida yomon bilan yaxshining, albatta, chegarasi bo‘lishi kerak. Lekin nafs— shaytonning oldida uning chegarasi yo‘qdur. Iymon aqlga, shayton nafsga yo‘lboshchidur. Haqiqatda esa, inson aqli hech vaqt yomon yo‘lga yurgisi kelmaydi. Chunki inson aqli har bir ziyonlik narsadan uni qaytarib turguvchi Xudo tomonidan qo‘yilgan aning qorovulidir. Endi bu qorovul o‘z erki, kuch-qudrati, quvvati o‘zi bilan turgan taqdirdagina unga topshirilgan vazifani bajara oladi. Agar bu qorovul shaytonga yengilib, bu uni yetaklab olur ekan, u holda butun ishlar teskarisiga aylanadi. Sog‘ni telba, hushyorni mast yetaklaganidek bo‘ladi. Yo‘q esa asli yaratilishda nafsning bilagini Alloh taolo aqlga topshirgan edi. Chunki sog‘ odam boshlamasa, telba kishi qanday yo‘l topib yura olgay? Agar aqlga nafs yo‘lboshchilik qilsa, har ikkovi ham halok bo‘ladi. Endi aqlning erkin bo‘lishi, uning o‘z kuchi, o‘z sifati bilan buzilmay turishi uchun Alloh taolo tomonidan yuborilgan dinning qonunlariga itoat qilish, albatta, lozimdur. Agar shunday bo‘lmas ekan, aql oynasi zang bog‘lab o‘z safosidan ajrab, haqni botildan, yomonni yaxshidan farq qilolmaydi. Agar bu ikkovi o‘z chegarasidan chiqmagan bo‘lsalar, ul holda hech vaqt bir-birlaridan ajramaydilar. Balki shariat aqlni, aql shariatni har ishda tasdiqlaydi. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Yuqoridagi oyat Allohdan kelgani uchun o‘zlarini masjid ustunlariga bog‘lamish yetti kishining tavbalari qabul bo‘lib, barchalari bo‘shandilar. So‘ngra ular kelib: — Yo Rasulalloh, buning shukronasi uchun butun mol dunyomizni Xudo yo‘lida sadaqa qildik, — dedilar. Anda Rasululloh: — Bu to‘g‘rida Allohdan menga buyruq yo‘qdur, — deb qabul qilmadilar. Shu chog‘da Allohdan vahiy kelib, ushbu oyat tushdi: «Xuz min amvalihim sadaqotan tutahhiruhum va tuzakkiyhim va salli alayhim, inna salotaka sakanun lahum, vallohu sami’un alim». Ya’ni, «Bu kishilarning mollaridan sadaqa olgilkim, ularni gunohlaridan sadaqa poklaydi. Xayr-barakalarini ziyoda qiladi. Ularga sen duo qilg‘ilkim, sening duoying ko‘ngillariga orom bo‘ladi». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk safaridan kelgach, tinchlik bilan Madinada uch oygacha turdilar. Hijratning to‘qqizinchi yili zulqa’da oyining oxirlarida Hazrati Abu Bakr Siddiqni shu yilgi hojilarga amir qilib, Makkatullohga yubordilar. Chunki Ibrohim Halilullohning zamonidan boshlab xayrli haj qilish arablarga odat bo‘lgan edi. Islomiyat boshlangandan keyin ham ilgarigi odatlaricha haj qilishib turdilar. Lekin ularning qilgan hajlarida islomiyatga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar ko‘p edi. Shunday bo‘lsa ham Makka fath bo‘lguncha Rasululloh sabr qilib, Makka shahri olingandan keyin bu ishni bajarishga Hazrati Abu Bakr Siddiqni buyurdilar. U kishi ham uch yuz askar olib Makkaga yurdi. Mana shu kunlarda ersa Payg‘ambarimizga vahiy kelib, Tavba surasi nozil bo‘ldi. Bu surada kelgan bir necha oyatning mazmunicha musulmonlar arab mushriklaridan butunlay aloqani uzishga va haqqa bo‘ysunmagan mushriklar bilan jihod qilishga buyurilmish edi. Bu sura boshida: «Alloh va Allohning payg‘ambari kofirlardan, mushriklardan bezordur. Bular bilan hech qanday aloqa qilmanglar. Mundan keyin o‘rtanglarda hech bir to‘g‘rilik ahdnoma, shartnomalar tuzilmasin», degan mazmunda oyat keladi. Bundin so‘ng Allohning amri bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mushriklardan butun aloqani uzdilar. Qarshilik qiluvchilarga urush ochdilar. Haqqa bo‘ysunmagan mushriklar bilan jihod qilmoqqa, agar taslim bo‘lib haq yo‘lga kirmasalar, alarni Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 267 o‘ldurmakka buyurilmishdir. Mana shuning uchun bu sura boshida «Bismillah» aytilmaydi. Boshqa suralardek boshiga «Bismillah»ni yozib, tilovat qilganlarida uni qo‘shib o‘qimaydilar. Agar «Bismilloh»ni bu suraga qo‘shib boshlasalar, buning misoli, podsho bir kishini «Men senga ko‘p mehribonman, rahmlikman», deb turib, ketidan uni o‘limga buyurganga o‘xshaydi. Bu esa hech kimga kelishmagan ishdur. Shuning uchun g‘oziylar qilich chopganlarida «Allohu akbar» sadosi bilan so‘qish maydoniga kiradilar. Mol so‘ygan-da esa «Bismilloh, Allohu akbar» deb bo‘g‘izlaydilar. Chunki bu joyda «Rohmanir rohiym» deyishning o‘rni emasdur. Balki qahr-g‘azab o‘rni bo‘lib, shunga loyiq «Allohu akbar» demak lozimdur. Tavba surasi Hazrati Abu Bakr Siddiq Makkaga ketgandan so‘ngra nozil bo‘ldi. Bu suraning kelganidan, undagi hukmlarning qandayligidan u kishining xabari yo‘q edi. Ammo bu surada kelgan Alloh amrini Arabiston xalqiga anglatish lozim edi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishni bajarishga Hazrati Alini Abu Bakr Siddiq ortidan yubordilar. Unga qo‘shilib Makkaga borgach, xalq Arafotdan qaytib Mino tog‘iga yig‘ilishgan kuni Tavba, surasini o‘qib hajga kelgan barcha mushriklarga mundagi hukmni anglatmog‘i lozim endi. Shu bilan Hazrati Ali bu amrni olib, Makka sari yo‘lga tushdi. Rasululloh o‘zlari minadigan tuyaga uni mindirgan edilar. Hazrati Ali shu yurganicha Makkaga yaqin Arj degan joyga kelganida, Hazrati Abu Bakr Siddiqqa yetib keldi. Anda Abu Bakr Siddiq hayronlikdan: — Menim ustimga amir qilib yubordilarmi? — deb so‘radilar. Hazrati Ali: — Yo‘q, amir bo‘lib kelmadim, balki siz bilan birgalashib Tavba surasida kelgan oyatlarini o‘qib, uning hukmini hajga yig‘ilgan butun mushriklarga anglatgali keldim, — dedi. Hazrati Abu Bakr Siddiq nazorati ostida haj amallari o‘tkazildi. Qurbon bayramining birinchi kunida butun xalq Mino tog‘iga yig‘ildilar. Shu chog‘da Hazrati Ali shaytonga tosh otadigan joyga kelib, qalin xalq ichida Tavba surasi boshidan o‘n uch oyatni tovushining boricha qichqirib o‘qidi. Muning hukmini shu yerdagi xalqqa anglatdi. Yana sahobalar bir necha kishilar xalq ichida aylanishib yurib, Rasulullohning buyruqlarini jarladilar: — Bu yildan boshlab kofirlar haj qila olmagaylar. Musulmon bo‘lmagan kishilarning hajga kelmoqlari yasoq (bekor)dir. Shundin so‘ngra johiliyat odatlaricha Baytullohni yalang‘och tavof qilish yo‘qdur. Rasululloh bilan qaysi qabila ahdnoma tuzgan bo‘lsa, shundagi shartlar albatta saqlang‘usidur. Ahdini buzgan qabilalarga to‘rt oy o‘tguncha ruxsatdur. Qayerda yursalar to‘sqinlik yo‘qdur. Musulmonlardan hech kimarsa alarga tegmagay. Bu muddat o‘tganchalik Islomga kirmasalar, ularning mollariga, jonlariga omonlik yo‘qdur. Bundan keyin Haram masjidiga musulmonlardan boshqa hech bir kishi kira olmag‘ay. Iymon keltirmagan kofirlarga jannat yuzi haromdur. Mana shu yorliqni aytib Hazrati Ali, Hazrati Abu Hurayra butun xalqni oralab yurib, jar chaqirdilar. Buni anglagan arab mushriklari Hazrati Aliga qarab: — Sizlar bilan bizning oramiz ajradi, qilich-nayzadan boshqa ish qolmadi, — deb tarqashdilar. Haj kunlari o‘tgandan so‘ngra Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Ali va boshqa sahobalar Madinaga salomat keldilar. Shu yilning zulqa’da oyida madinalik munofiqlar raisi Abdulloh ibn Ubay o‘ldi. Bu ersa shu yerlik Xazraj qabilasining bosh raisi edi. Rasululloh Madinaga kelmasdan ilgari yerlik xalq bu kishini o‘zlariga podsho qilib ko‘tarmoqchi bo‘lib ittifoq qilishgan edi. Shu orada Islom voqeasi qo‘zg‘alib, Rasululloh Madinaga hijrat qilib keldilar. Buning ishi to‘xtalib, xalq ko‘nglidan ko‘tarildi. Unga atab tayyorlashgan toj-taxtlari bekor qoldi. Mana shu |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling