Tarixi muhammadiy


Download 1.39 Mb.
Pdf ko'rish
bet58/59
Sana29.11.2020
Hajmi1.39 Mb.
#155392
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59
Bog'liq
MDh1lrJ9on4m7H1hd68aQWzfLbKYSrvbtDN2Qbk8(1)


www.ziyouz.com kutubxonasi 
373
so‘zlik edilar. Barchaga birday ochiq yuz, shirin so‘z edilar. Lekin sinalmagan kishilar 
bilan o‘ltirish-turishda ziyraklik yo‘lini tutar edilar. 
Sahobalar va suhbatdoshlari holidan doim xabardor bo‘lib, betoblarini so‘rab, 
ko‘rinmaganlarini yo‘qlab, muhtojlariga yordam berar edilar. Agar kishi Rasululloh bilan 
ko‘rishmoqchi bo‘lib qo‘llarini ushlasa, undan ilgari qo‘l tortmas edilar. Hojat uchun 
kelgan odam o‘zi ketmaguncha uni tashlab ketib qolmas edilar. Chaqirgan joyga 
borardilar. Ozmi-ko‘pmi hadya bersa olardilar. So‘ngra ularga ham qaytarardilar. Birovni 
ayblash yoki birovni maqtash Rasulullohga odat emas edi. Sahobalar bilan aralashib, 
ulfatlashib, ularga tegishib, yosh bolalarni suyib, quchoqlariga olib o‘ltirardilar. Qul, 
cho‘ri, boy, kambag‘al, — kim bo‘lsin chaqirsa, uyiga borardilar. Shahar chetlarida, uzoq 
mahallalarda betob yotgan kishilardan borib, hol so‘rar edilar. Majlislarda oyoq uzatib 
o‘ltirganlarini hech kim ko‘rmagan edi. Yo‘liqqan odamlarga ilgari salom berib, qo‘l olib 
ko‘rishar edilar. O‘zlari kelganda boshqa kishilarning o‘rnidan turib ta’zim qilishlarini 
yoqtirmas edilar. Lekin sahobalar bir-birlarini hurmatlashib o‘rinlaridan turishganlarini 
yaxshi ko‘rar edilar. Ustlariga kirgan kishini hurmatlab, uning tagiga biror narsa solib, 
qistab o‘ltirgizardilar. 
Ko‘ngillari yumshoq, rahmdil, hammaning iymon keltirishiga mushtoq, katta-kichik 
barchaga shafqatli, mo‘minlarga mehribon edilar. 
Bir kuni Rasululloh oldilariga bir a’robiy kelib sadaqa so‘radi. Uning so‘raganidan ortiqroq 
berib: 
— Endi rozi bo‘ldingmi? — dedilar. 
— Yo‘q, men degandek yaxshilik qilolmading, — dedi. 
Muni eshitib, sahobalarning achchig‘i chiqib, uni urmoqchi bo‘ldilar. Rasululloh ularni 
bosib, a’robiyga yana bir qancha narsa qo‘shib berib: 
— Endi qanday? — dedilar. 
Anda a’robiy: 
— Sizga, xonadonlaringizga rahmat aytib, ko‘p tashakkur qilurman, — dedi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlardin quvonib: 
— Shu so‘zlaringni sahobalarim oldida aytgil. Kechagi aytgan so‘zing xafaligi ular 
ko‘nglidan ko‘tarilsin, — dedilar. 
Ul ham qabul qilib, ertalab Rasululloh oldilariga keldi, hamma sahobalar u yerga yig‘ilgan 
edilar. Bular oldilarida ham o‘zining rozi bo‘lganini bildirib, tashakkur qildi. 
So‘ngra Rasululloh marhamat qildilar: 
— Agar bu a’robiy shu noroziligicha ketib, shu ahvol bilan o‘lsa yoki o‘ldirilsa, do‘zaxga 
ketar edi. Uni ayaganimdan bu ishni qildim. 
Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda «Vama arsalnaka illa Rahmatallilalamin», ya’ni, 
«Hammaga rahmat yetkazish uchun seni yubordik», deb Payg‘ambarimiz sollallohu 
alayhi vasallamni sifatladi. 
RASULULLOHNING BOLALARI 
Payg‘ambarimizdan onamiz Hazrati Hadicha uch o‘g‘il va to‘rt qiz tug‘dilar. Dastlab 
Makkada eng avval tug‘ilgan o‘g‘illarining oti Qosim edi. Shunga ko‘ra Payg‘ambarimizni 
arablar Abul Qosim, ya’ni Qosimni otasi deb ham atadilar. 
Mundan so‘ngra to‘rt qiz — Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum, Fotima vahiy kelmasdan 
ilgari tug‘ilgan edilar. So‘ngra payg‘ambarlik davrida bir o‘g‘il tug‘ilib, oti Abdulloh bo‘ldi. 
Shu o‘g‘ilni Tayyib Tohir deb ham atar edilar. Biroq, bular Abdulloh emas, balki undan 
keyin tug‘ilgan egizak o‘g‘illari edi, deganlar ham bordur. Bularning hammalari hijratdan 
ilgari Makkada tug‘ilgan edilar. Bosh o‘g‘illari Qosim ikki yoshga to‘lmasdan Makkada 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
374
vafot topdi. So‘ngra Abdulloh ham bir necha oyligidayoq vafot bo‘ldi. Bu bola vafot 
bo‘lgach, o‘g‘il farzandlari qolmadi. Arablar ersa qizni bola qatorida ko‘rmas edilar. 
Shuning uchun Quraysh mushriklarining raislaridan Os ibn Voil: 
— Muhammadning tuxumi tugadi, dunyodan bolasiz o‘tadi, nasli uzildi, oti o‘chdi, — 
dedi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ma’yus bo‘lmasin deb Alloh taolo Kavsar surasini 
tushirib, «Inna shaniaka huval abtar», dedi. Ya’ni: «(Ey Muhammad,) senga ko‘p 
yaxshiliklar berdik, qiyomatgacha sening oting o‘chmaydi. Seni «abtar» degan kishining 
o‘zi «abtar»dur. U o‘ldi ersa oti o‘chib, hech kim uni og‘ziga olmaydi. Sening noming 
minoralar boshida, minbarlar ustida, musulmonlar og‘zida qiyomatgacha aytilib turadi», 
dedi. 
Rasulullohning uchinchi o‘g‘illari Ibrohimdur. Hijratning sakkizinchi yili qurbon oyida 
tug‘ildi. Yettinchi kuni qo‘chqor so‘yib «aqiyqa» qildilar. Va shu kuni otini qo‘yib, sochini 
oldirdilar. So‘ngra uning og‘irligicha kumush sadaqa qilishga buyurdilar. Yigirma oylik 
bo‘lganda Ibrohim ham vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga ko‘mdilar. 
Ul kunda Rasululloh: 
Ey Ibrohim, sendan ajrayotganimiz uchun hammamiz qayg‘ulikdurmiz, — deb 
yig‘ladilar, muborak ko‘zlaridan yosh to‘kildi. 
Chaqaloqqa yettinchi kuni qudrati yetar ekan ikki qo‘y, yo‘q esa, bir qo‘y so‘yib aqiyqa 
o‘tkazish va shu kuni ism qo‘yib, sochini oldirish, og‘irligicha kumush sadaqa qilish 
ummatlariga sunnat bo‘lib shundan qoldi. 
Rasulullohning Qosimdan keyin tug‘ilgan qizlari Zaynab edi. Bu qiz voyaga yetganida 
xolasining o‘g‘li Abul Osga berdilar. Mundan tug‘ilgan ikki bola: bir o‘g‘il va bir qiz bo‘lib, 
ismlari Ali va Umoma erdi. Abul Osning onasi Hadicha onamizning singillaridur. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkani fath qilganlarida nabiralari Alini tuya 
orqasiga mingashtirib olgan edilar. Umri qisqa ekan, balog‘atga yetar-etmas bu bola 
ham vafot topmish edi. Qiz nabiralari Umomani ersa Hazrati Fotima vafot topgandan 
keyin Hazrati Ali nikohlariga oldilar. Chunki, xolasi Hazrati Fotimadan shundog‘ vasiyat 
bo‘lmish edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ttiz yoshga kirganlarida Zaynab 
tug‘ilmish edi, sakkizinchi hijriyda vafot topdi, raziyallohu anho. 
Ikkinchi qizlari Ruqayyani Hazrati Usmonga bergan edilar. Hijratning ikkinchi yilida vafot 
topdi. Rasulullohning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa Badr urushining xabarini 
suyunchilab shu kuni Madinaga kelmish edi. Qaytganida musibat xabarini yetkazib, 
Rasulullohga ta’ziyat qildi ersa: «Qizlarning o‘limi sharaflikdur, alhamdulilloh», dedilar. 
Uchinchi qizlari Ummu Kulsumdur. Uni Ruqayya vafot topgandan keyin Hazrati Usmonga 
berdilar. Shuning uchun bu kishining laqabi «Zunnurayn» — «Ikki nur egasi» bo‘ldi. 
Hazrati Usmon u bilan olti yil umr o‘tkazdilar, o‘rtalarida bola bo‘lmadi. Hijratning 
to‘qqizinchi yili vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga qo‘yildi. 
Rasululloh aytdilar: 
— Usmonni tezroq uylantirib qo‘ying, agar menim uchinchi qizim bo‘lsa, uni ham berar 
edim. 
Rasulullohning to‘rtinchi qizlari Fotimai Zahro edi. Hijratning ikkinchi yili Hazrati Aliga 
nikoh bo‘ldi. Hazrati Fotima o‘n besh yoshda, hazrati Ali yigirma sakkiz yoshda edilar. 
Payg‘ambarimizga vahiy kelishdan bir yil ilgari tug‘ilmish edilar. Hijratning o‘n birinchi 
yili Rasulullohdan olti oy keyin vafot topdi, raziyallohu anho. Yoshi yigirma sakkizda edi.  
Hazrati Ali Fotimani so‘rab kelganida: 
— Nikoh mahriga nima narsang bor? — deb so‘radilar ersa: 
— Urushga kiyadigan yolg‘iz sovutim bordur, — dedi. 
Hazrati Alining boshqa hech narsasi yo‘q edi. Shuni sotib pulini keltirmoqqa buyurdilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
375
To‘rt yuz sakson tangaga sotib pulini Rasulullohga keltirdi. To‘y mahriga shu pulni sarf 
qilib, xurmo, mayiz bilan sahobalarga nikoh to‘yi qilib berdilar. Ichiga xurmo qipig‘i 
to‘lg‘izilgan bir yostiq, jundan to‘qilgan bir sholcha, qurbonlikdan qolgan bir qo‘chqor 
terisi, bir dona choyishab, bir dona suv tashiydigan idish, 2 dona ko‘zacha berdilar. 
Fotimani uzatganda unga qilgan asboblari shular edi. Tushirilgan uylari ichiga qum 
to‘shab, shuning ustiga qo‘chqor terisini solib yotar edilar. Nikoh o‘qilgandan so‘ngra bir 
kosa suv keltiringlar, deb buyurdilar. Unga «Bismillah» aytib duo o‘qigandan keyin shu 
suvdan olib Hazrati Alining yuzlarini, ko‘kraklarini siladilar. Hazrati Fotimaga ham 
shundoq qilganlaridan so‘ngra: 
— Ey bor Xudoyo, bularga va bularning nasllariga barakot bergil, — deb duo qildilar. 
Hazrati Fotimadan olti bola tug‘ildi. O‘g‘illari ersa Hasan, Husayn, Muhsin, qizlari Zaynab, 
Ummu Kulsum, Ruqayya edilar. Muhsin yoshligidayoq vafot topdi. Imom Hasan, imom 
Husaynlar bo‘lsa, Payg‘ambarimizning duolari shularga yetib, nasllariga Xudo baraka 
berdi. Ko‘pincha aziz va avliyolar shulardan chiqdilar. Islom tuprog‘ida bu zotlarning 
qadamlari yetmagan joy yo‘qdur. 
RASULULLOHNING AMAKI VA AMMALARI 
Rasulullohning o‘n ikki amaki va olti ammalari bor edi. Bulardan Abu Tolib, Zubayr, 
Abdul Ka’ba bu uchovlari Payg‘ambarimizning otalari Abdulloh bilan tug‘ishgan bo‘lib, 
boshqalari o‘gay edilar. Bulardan ikki kishi — Hamza bilan Abbos iymonga musharraf 
bo‘ldilar. Amir Hamza Quraysh ichida, balki butun arablar ichida nomi chiqqan atoqli 
bahodirlardan edi. Shuning uchun Rasulloh unga «Asadulloh», ya’ni Allohning arsloni, 
deb laqab qo‘ydilar. Bu kishi Islomda o‘ttiz to‘qqizinchi, Hazrati Umar bilan 
musulmonlarning soni qirqqa to‘lib, bu ikkovlarining himmati bilan Islom dini yuzaga 
keldi. Bo‘lmasa, bundan ilgari din ishlari yashirin edi. Hazrati Hamza Rasulullohdan uch-
to‘rt oylik katta bo‘lib, bir siynani emishgan emakdoshlari edi. Rasululloh sollallohu 
alayhi vasallam hijrat qilib Makkadan Madinaga kelgandan so‘ngra Hazrati Hamza ham 
Xudo yo‘lida hijrat qilib, oilasini Makkada qoldirib, o‘zlari Madinaga keldi. Islom dinining 
birinchi g‘alaba qozonishi bo‘lgan Badr urushida bek bahodirlik ko‘rsatgan edi. Undan 
keyin bo‘lgan Uhud urushida Vahshiyning to‘satdan otgan nayzasi bilan shahid bo‘lmish 
edi. Kofirlar tomonidan jasadlari parchalanib, ko‘zlari o‘yilib, quloq-burunlari kesilmish 
edi. Shuning uchun Rasululloh bu zotni shahidlar a’losi, shahidlar sayidi deb, yetmish 
takbir aytib janozasini o‘tadilar. 
Hazrati Abbos qolgan amakilarining eng kichkinasi edilar. Badr urushida Makka 
mushriklari zo‘rlab askarlikka olgan edilar. Shu urushda boshqalar qatori asir bo‘lib 
qo‘lga tushdilar. Kofirlar asirlardan fidya puli olib bo‘shatganlarida amakilari Abbosga 
ham to‘rt ming tanga fidya to‘lashga buyurdilar. 
Anda ul kishi: 
— Men majburlik bilan kelganman, — deb qutilish uchun dalil ko‘rsatsalar ham 
sahobalar: 
— Shariat zohiriga qaraydi, ko‘rinishda shularga qo‘shilib kelding, to‘laysan, — deb 
qo‘ymasdan to‘rt ming tangasini oldilar. 
Anda Abbos: 
— Men Qurayshning oliylaridan edim. Endi eng kambag‘allaridan bo‘lib qoldim, — dedi. 
Rasululloh: 
— Hoy amaki, xotining Ummu Fazlga ko‘rsatgan dunyoni ko‘mgan joyingdan olsak, yana 
boyliging ketmaydi, — degan edilar, amakilari Abbos hayron qolib: 
— Endi aniq bildim, sen Xudoning payg‘ambari ekansan, yo‘q ersa, men bu ishni 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
376
xotinimdan boshqa hech kimga aytmagan edim. Senga buni Xudo bildirdi, bo‘lmasa 
qaydan bilar eding? Endi musulmonligimni bildirib seni oldingda qolay desam, Makka 
xalqiga bergan omonat mollarim kuyib ketarmikan deb qo‘rqaman, — dedi. 
Makka fath bo‘lguncha dinini yashirincha tutib, u joyda turishga Rasululloh ruxsat 
qildilar. Hazrati Abbos sakson sakkiz yoshga kirib, Madinada vafot topdilar, raziyallohu 
anhu. 
Muoviyadan boshlanib davlat sakson necha yil davom etgan Umaviya davlati eng oxiri 
Marvon Xarga kelganda Abu Muslim Xurosoniy inqilobi orqalik yiqilib tugadi. So‘ngra 
Payg‘ambarimizning amakilari Hazrati Abbos nabiralaridan Abdulloh Saffoh degan kishi 
saltanat taxtiga o‘ltirib, Abbosiya davlati shundan boshlandi. 
Rasulullohning amakilari ichida ochiqdan-ochiq qarshilik ko‘rsatib, dushmanlik qilgan 
kishi Abu Lahab edi. 
Ammo Hazrati Alining otasi Abu Tolibning Rasulullohga qilgan fidokorliklariga qaralsa, 
Raxmatal- lilolaminning shafoatidan bu kishi ham quruq qolmasa kerak. Buning haqida 
iymonga kirdi-kirmadi deb tekshirib o‘ltirish bizning ishimiz emasdur. Yaxshisi shulki, ul 
zotga Rasululloh uchun hurmat va muhabbatimizni bildirib, boshqa tomoniga o‘tmay 
sukut qilishdur. 
Rasulullohning oltita ammalari ichida Zubayr ibn Avvomning onalari Safiya binti 
Abdumuttalib Islomga musharraf bo‘ldi. Otika, Arvo ikkovlarining dinga kirganlari 
gumonlikdur. Qolganlari ersa vahiydan ilgari o‘lgandirlar. 
Payg‘ambarlarning da’vatlari yetmagan kishilar kofir yo musulmon bo‘lmaydi. Ikki 
payg‘ambar orasida o‘tgan din da’vati ularga yetmagan odamlarning ham hukmlari 
shudir. Qiyomatda bularning joylari jannat bilan do‘zax o‘rtasidagi «A’rof» degan o‘rinda 
bo‘lishi Qur’oni karimda aytilmishdur. 
ONALARIMIZ—RASULULLOHNING XOTINLARI 
Shuni albatta bilmak kerakkim, bir ishni tanqid qilgan kishi ul ishning qaysi zamonda 
bo‘lganligini bilib, o‘shal davr ahllarining rasm-odatlaricha tushunish lozimdur. Agar shu 
narsalarga yaxshi tushunmas ersa, bu haqda aytgan tanqidiy so‘zlarining xato bo‘lishi 
shubhasizdur. Ovrupa yozuvchilarining o‘ktachilari (tanqidchilari) Rasulullohni ko‘p xotin 
olgan, xotinparast kishi edi, deb kamsitmoqchi bo‘ladilar. 
Holbuki, Rasulullohning bu ishlari ersa shariatdan yoki o‘shal zamon rasm-odatlaridan 
tashqari emas edi. Balki bunda aqlga to‘g‘ri ko‘p hikmatlik ishlar bor edi. Rasulullohning 
Hazrati Oishadan boshqa qiz xotin olmaganlari hammaga ma’lumdir. Bular ichida to‘rt-
besh bolalik Ummu Salama kabi tul xotinni ham oldilar. Qirq yoshlik Hadichani 
olganlarida Rasululloh yigirma besh yoshda edilar. Payg‘ambarlik davridan o‘n yil o‘tib, 
ellik yoshga to‘lganlarida Hadicha onamiz dunyodan o‘tdilar. Demak, 25 yil butun yigitlik 
davrida shu ulug‘ yoshlik xotin bilan umr o‘tkazdilar. Amakilari Abu Tolib ham shu yilda 
vafot topmish edi. Shunday ikki jonfido yordamchilaridan bir yilda ajraganlari 
Rasulullohga juda qattiq ta’sir qilgan edi. 
Bu ikkovlarining vafotlaridan so‘ngra kuchli himoyachilari qolmaganlikdan dushmanlari 
ham qattiq hujumga kirishgan edilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam bu yilni «g‘am-qayg‘u yili» deb atagan edi. Onamiz Hadichaga ajal kelgan 
chog‘da Rasululloh unga atalgan jannatdagi joyni ko‘rib o‘ziga bashorat berdilar. U ersa 
bir dona gavhardan yasalmish ulug‘ qasr edi. 
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onamiz Oishaning oldida Hazrati 
Hadichaning so‘zini qilib, uni maqtadilar ersa, Oishaning rashki qo‘zg‘alib: 
— Xudo sizga undan yaxshiroq xotinlarni bergan bo‘lsa ham, yana shu kampirni 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
377
gapirasiz, — dedilar. 
Anda Rasulullohning g‘azablari kelib: 
— Alloh menga undan yaxshi juft bergani yo‘q. Hamma kishilar meni yolg‘onchi 
deganida, u menga ishondi. Menim roziligim uchun mol-dunyosini sarf qildi, boshqalar 
dunyosini mendan ayadilar. Undan topgan bir necha bolalarim bordur. Sizlardin farzand 
ko‘rmadim. Xudo uni rahmat qilsin, — dedilar. 
Ikkinchi juftlari onamiz Savda binti Zam’adur. Eri o‘lib, tul o‘ltirganida Rasululloh uni 
nikohlariga oldilar. Yoshi ulg‘ayib kampir bo‘lib qolganlikdan, yotish navbatini Oishaga 
berib, o‘zi ersa Rasululloh nikohlarida dunyodan o‘tishga rozi bo‘ldi. Rasululloh ham 
qabul qildilar. Hazrati Umar xalifalik davrida olamdan o‘tdilar, raziyallohu anho. 
Uchinchi jufti poklari Abu Bakr Siddiq qizlari onamiz hazrati Oishadurlar. Bu zotning 
sifatlari hadis kitoblarida ko‘p yozilmushdur. Bu onamizning qanday ulug‘ fazl-kamolga 
ega ekanligiga shu yetarlikdurkim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng oxirgi 
nafaslarida shu onamiz quchog‘ida turib dunyodan o‘tdilar. Xotinlarga zarur bo‘lgan diniy 
masalalar haqida kelgan hadislarni ko‘proq shu onamiz Payg‘ambarimizdan rivoyat 
qildilar. Husn-jamolga, aqlu kamolga yetganlikdan Rasulullohning iltifotiga ega bo‘lmish 
edilar. Hijratning 56-yilida Madinada vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga dafn qilindilar. 
Janozalarini Abu Hurayra o‘qidi. YOshlari oltmish yettida edi, raziyallohu anho. 
To‘rtinchilari Hazrati Umarning qizi Hafsa erur. Vahiydan besh yil burun tug‘ilmish edi. 
Rasululloh amrlariga qarshilik qilib qo‘yganligi uchun Payg‘ambarimiz uni taloq qildilar. 
Otasi Hazrati Umar buni anglab: 
— Bu kundan boshlab Xudo va payg‘ambar oldida menim qadrim yo‘qoldi, — deb 
boshiga tuproq sochib yig‘ladi. 
Shu holda ekan Jabroil alayhissalom kelib Rasulullohni bundan qaytarib: 
— Bu ersa kunduzi ro‘za tutar, kechasi sahar namozini o‘qir, u sening jannat 
juftlaringdan bo‘lur, — dedilar. 
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning gunohini afv qilib, yana nikohlariga 
oldilar. Oltmish uch yoshda vafot qildilar, raziyallohu anho. 
Oltinchi onamiz Xuzayma qizi Zaynabdur. Xayr-saxovatda nomi chiqqan xotinlardan edi. 
Shu uchun arablar uni johiliyat zamonida ham «Ummu Masokin», ya’ni, «Miskinlar 
onasi» deb atamish edilar. Ikki-uch oygina Rasululloh xizmatlarida turgandan keyin 
vafot topmish edi. Uning janozasini Rasululloh o‘zlari o‘qib, Baqe’ go‘ristoniga dafn 
qildilar. Yoshlari o‘ttizdan o‘tmagan edi. Rasulullohning tirikliklarida vafot topgan 
xotinlari Hazrati Hadicha bilan Zaynab ikkovlaridurlar, raziyallohu anhumo. 
Sakkizinchi onamiz Abu Umayya qizi Ummu Salama. Dastlabki iymon keltirgan 
musulmonlardan bo‘lib, eri Abu Salama bilan birgalikda Habashistonga hijrat qilmish 
edilar. Ummu Salama Qurayshning nasablik xotinlaridan bo‘lib, o‘z qavmi ichida hurmat 
va obro‘ga ega edi. Habashistondan qaytib Madinaga kelganlarida ersa eri o‘lib, besh-olti 
bolalari bilan tul qolmish edi. Idda muddati o‘tgach, Rasululloh sovchi yuboribdilar. 
Anda Ummu Salama: 
— Rasulullohga jonim fido, lekin menda uch kamchilik bor: birinchisi, yetim bolalarim 
bor; ikkinchisi, menim kundoshligim qattiqdur; uchinchisi, menga ega bo‘lgudek bu 
yerda o‘z qavmu qarindoshlarimdan hech kishi yo‘qdur, — dedilar. 
Anda Rasululloh: 
— Bolalaring rizqini Alloh yetkazur, boshqa ishlaringni ham o‘zi o‘nglar. Meni 
yoqtirmagan qarindoshlaring yo‘qdur, — deganlarida, ul muhtarama nikohlariga rizolik 
ko‘rsatdi. 
Rasulullohdan keyin uzun umr yashab, 60-hijratda vafot topdi. YOshi sakson to‘rtda edi. 
Hazrati Abu Hurayra janozasini o‘tab, Baqe’ qabristoniga dafn qilindilar, raziyallohu 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
378
anho. 
Onamiz Zaynab binti Jahsh. Ilgarigi eri Rasulullohning xodimlari Zayd ibn Horisa edi. Bu 
xotin Quraysh qabilasidan bo‘lib, nasablik, husn-jamollik bo‘lganidan uni o‘ziga teng 
ko‘rmay, oralari buzilmish edi. Oxiri ikkovi kelisholmasdan ajrashdilar. Rasulullohning 
ko‘ngillari unga moyil bo‘lgach, Jabroil alayhissalom bu haqda vahiy keltirib, ilohiy nikoh 
bilan Rasululloh uni xotinlikka oldilar. Shuning uchun Rasulullohning nikohlariga kirgach, 
kundoshlariga: 
— Sizlarni otanglar nikoh qilgan bo‘lsa, mening nikohim Arsh ustida bo‘lgan, — deb 
faxrlanar edi. 
Bir kuni onalarimiz: 
— Yo Rasulalloh, siz vafot bo‘lsangiz, sizga qaysi birimiz ilgari erishamiz? — deb 
so‘radilar. 
— Kimning qo‘li uzun bo‘lsa shu ilgariroq erishadi, — dedilar. 
Bu so‘zning zohiriga qarashib, qayish olib hammalari qo‘llarini o‘lchashib ko‘rdilar. 
Hammalaridan onamiz Savdaning qo‘li uzun chiqdi. Keyin ko‘rdilarkim, barchalaridan 
ilgari Zaynab onamiz vafot topdilar. Arablar qo‘li ochiq, saxovatli kishini ham qo‘li uzun 
der edilar. Bu onamiz ersa ko‘p saxovatlik, xayr-ehsonlik edilar. Bular o‘lgandan so‘ngra 
ma’lum bo‘ldiki, Rasulullohning qo‘li uzun deganlari saxovatlik deganlari ekan. 
Zaynab binti Jahsh 21-hijriyda ellik uch yoshga yetganda vafot topib, Baqe’ go‘ristonina 
qo‘yildi, raziyallohu anho. 
O‘ninchi onamiz Juvayriya binti Horis. Madina atrofidagi Bani Mustaliq degan qabila 
raisining qizi bo‘lib, urushda asir olinmish edi. Mundan boshqa shu qabiladan ikki yuz 
oila asir olinib, askarga taqsim qilinmish edilar. Bu qabila ersa arablar oldida obro‘ va 
hurmatga ega bo‘lganlikdan bu ish ularga qattiq ta’sir qildi. Rasululloh bularning 
oilalarini ozod qilishni istasalar ham, lekin bu to‘g‘rida hukm chiqarmish Qur’on qonuniga 
to‘g‘ri kelmas edi. Shuning uchun Juvayriyani nikohlariga oldilar. Buni ko‘rgan 
sahobalar: 
— Endi Rasululloh bu qabilaga kuyov bo‘lib qoldilar. Rasulullohning qaynota va 
qaynog‘alarining qiz-xotinlarini asir olib o‘ltirishimiz bizga yarashmaydi, — deyishdi va 
bu qabiladan olingan butun asirlarini Payg‘ambarimiz hurmatlari uchun ozod qildilar. Bu 
esa shu qabilaning iymon keltirishlariga sabab bo‘ldi. Shuning uchun onamiz Oisha: 
«Juvayriya qanday baxtli xotin. Rasulullohning nikohiga kirdi va butun qavmini qullikdan 
qutqardi» dedilar. 
Juvayriya binti Horis 56-hijriyda yetmish yoshda Madinada vafot qildi, raziyallohu anho. 
O‘n birinchi onamiz Rayhonadur. Bu onamiz Bani Nazir yahudlarining raisi Yazidning qizi 
bo‘lib, Bani Qurayza asirlari bilan birga tushgan edi. O‘lja asirlari askar o‘rtasida taqsim 
topganda, uni o‘zlari uchun olib qoldilar. O‘zi suygan dinda turishga ixtiyor bergan 
bo‘lsalar ham Islom dinini xohlagach, ozod qilib nikohlariga oldilar. Nikoh to‘yi berib, 
mahr bog‘ladilar. Ammo bu xotin kundoshlariga ko‘p rashkli bo‘lgani uchun taloq qildilar. 
So‘ngra bu xotin Rasululloh suhbatlaridan mahrum qoldim, deb ko‘p yig‘lab edi, rahmlari 
kelib yana nikohlariga oldilar. Rasululloh vafot bo‘lishlarining oldi yoki ortidan bu onamiz 
ham vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga qo‘yildi, raziyallohu anho. 
O‘n ikkinchi onamiz Ummu Habiba Abu Sufyon qizi, Muoviyaning opasi edi. Burungi eri 
Ubaydulloh bilan ikkinchi hijratda Habashistonga ketgan edi. Eri murtad bo‘lib, u joyda 
nasoro diniga kirdi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam muni anglab Umar ibn 
Umayyani Najoshiyga yuborib: 
— Agar Ummu Habiba ixtiyor qilar ekan, Najoshiyni vakil qildim, menga uni nikoh qiladi, 
— dedilar. 
U chog‘da Najoshiy g‘oyibona Hazrati Ja’far qo‘lida iymon keltirgan edi. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
379
Najoshiy bu so‘zni anglagach, vakillik bilan Rasulullohga uni nikoh qildi va yuz tillo mahr 
bog‘lamish edi. So‘ngra hijratning 7-yili xizmatga qul-cho‘rilar qo‘shib Madinaga yo‘lladi. 
Hijratning 44-yili Madinada vafot topdi, raziyallohu anho. 
O‘n uchinchi onamiz Safiya binti Huyay. Uning otasi Bani Nazir yahudlarining raisi edi. 
Xaybar qal’alari fath qilinganda qo‘lga tushgan ko‘p asirlar ichida u ham bor edi. Alarning 
nasabi Horun alayhissalomga yetganlikdan Rasululloh bek hurmat qilib, nikohlariga 
oldilar. Ziyoda aqllik, fazllik xotin edi. Bir kuni Rasululloh uyga kirsalar bu xotin yig‘lab 
o‘ltiribdur. 
Anda Rasululloh: 
— Nega yig‘lading? — deb so‘rasalar, ul onamiz shundoq dedilar: 
— Oisha, Hafsa biz sendin har to‘g‘rida yaxshidurmiz, biz Rasululloh amakilarining 
qizidurmiz. Sen bo‘lsang yahudiy qizidursan, dedilar. 
Bu so‘zlarni anglagach, Rasululloh: 
— Sendan ular qanday yaxshi bo‘la olurlarkim, sening otang Horun alayhissalom, 
amaking Muso payg‘ambar, ering Muhammad alayhissalomdur. Yana gapirsalar shunday 
degil, — deb alarni yupantirdilar. 
Safiya binti Huyay hijratning 52-yili Madinada vafot topib, Baqe’ go‘ristoniga qo‘yildilar, 
raziyallohu anho. 
O‘n to‘rtinchi onamiz Maymuna erdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 7-hijriyda 
Umraning qazosini qilish uchun Makkaga borganlarida bu xotinni nikohlariga oldilar. 51-
hijriyda Makka yaqinidagi Sarif degan joyda sakson yoshda vafot topdi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rivoyat qilurlar: 
«Payg‘ambarlik davrida qaysi xotinni olgan bo‘lsam, yo qizlarimni kimga bergan bo‘lsam, 
barisi vahiy orqalik bo‘ldi». 
Bu yozilgan onalarimizning, raziyallohu anhumo, sonlari o‘n to‘rttaga yetgan bo‘lsa ham, 
Rasulullohning vafotlarida bulardan to‘qqiztasi nikohlarida edilar.  
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir necha cho‘rilari ham bor edi. Alardan biri 
Moriya o‘g‘illari Ibrohimning onasi, misrlik qibtiylardan bo‘lib, Misr podshosi Muqovqis 
Rasulullohga hadya qilib yuborgan edi. 
Rasululloh sahobalarga vasiyat qilib: 
— Mendan keyin Misrni fath qilmoq uchun kirganingizda ularga yumshoqlik qilinglar. 
Chunki ularning qarindoshligi bor, ham qayinliklari bor, — dedilar. 
Qibtiylarning qarindoshligi ersa, Ismoil alayhissalomning onalari Hojar qibtiy qizi edi. 
Qayin deganlari ersa, Rasulullohning cho‘rilari Moriya. Misrdan kelgan qibt qizidur. 
Rasululloh ularga kuyov bo‘lib qoldilar. Moriyadan Ibrohim tug‘ilgach, Misr xalqi 
Ibrohimga tog‘a bo‘lib qolishdi. 
Yana bir joriyalarining nomi ma’lum emasdur. Onamiz Zaynab uni Rasulullohga hadya 
qilib bermish edilar. 
Uchinchisi ersa oti Zulayho. Bani Qurayza yahudlaridan olingan asirlardan edi, 
raziyallohu anho. 
Download 1.39 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling