Tarixi muhammadiy


Download 1.39 Mb.
Pdf ko'rish
bet56/59
Sana29.11.2020
Hajmi1.39 Mb.
#155392
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59
Bog'liq
MDh1lrJ9on4m7H1hd68aQWzfLbKYSrvbtDN2Qbk8(1)


www.ziyouz.com kutubxonasi 
360
Yana munga eng asosiy sabab shulki, olamdagi hayotning asli Rasulullohdurlar. Agar 
Rasululloh bo‘lmasa erdi, Xudo hech narsani yaratmasdi. Boshqalar ersa ildizdan chiqqan 
daraxtga o‘xshaydilar. Rasululloh ildizlari olamga tarqalgan ulug‘ daraxtdurlar. Ildizdan 
o‘sgan mayda daraxtlarni yerdan ajratishdan olamga ildiz otgan, barining asli bo‘lgan 
ona daraxtni yerdan chiqarish albatta qiyinroqdir. Ikkinchi sabab ersa, Rasulullohning 
tan tuzilishlari to‘luqlashdirilgan, muborak mijozlari mo’tadil edi. Mundog‘ jasadga kirgan 
ruhning o‘rnashishi boshqalarga nisbatan albatta kuchlik bo‘ladi. Shunga ko‘ra mundog‘ 
tandan jon ham kuch bilan chiqariladi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiynalganlarini ko‘rib hazrati Fotima: 
— Voy, otamning qiynalgani, — deb yig‘ladi. 
Anda Rasululloh ko‘zlarini ochib: 
— Bu kundan keyin otang hech bir qiyinchilikni ko‘rmaydi, — dedilar. 
Onamiz hazrati Oisha rivoyat qiladi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan edilar, har bir payg‘ambarga o‘lmoqdan 
ilgari jannatdagi joyi o‘ziga ko‘rsatiladi, so‘ngra dunyoda qolish-qolmaslik ixtiyori 
beriladi. Bu so‘zlari menim yodimda bor edi. Sakarot vaqtida Rasulullohni quchog‘imga 
olib, ko‘ksimga suyab turdim. Ko‘zlarini ko‘kka tikib: «Yuqori olamdagi yo‘ldoshlarim» 
deganlarida, 
— Mundog‘ bo‘lsa bizni xohlamas ekansiz, — dedim.  
Anda Rasululloh: 
Yuqori olamdagi yo‘ldoshlarim, payg‘ambarlar, shahidlar, avliyolar, yaxshi bandalar bilan 
jannatda bo‘lishni xohladim, — dedilar». 
Imom Bayhaqiy Ja’far Sodiqdan rivoyat qilur:  
«Shundoqqi Rasululloh umrlaridan uch kun qolganda Jabroil alayhissalom kelib: 
Ey Muhammad, Alloh taolo sening hurmating uchun meni yubordi, o‘zi bilib turib 
yana:  
«Holi qanday?» deb so‘radi. Holingiz qandaydur?— dedi.  
Anda Rasululloh: 
— Qiyinlikda, g‘am-qayg‘udaman, — dedilar. 
Ikkinchi kuni, uchinchi kuni kelib yana hol so‘radi ersa, oldingi javobni berdilar. Bu 
kelishi dushanba kuni erdi.  
So‘ngra Jabroil alayhissalom: 
— Yo Ahmad, mana Azroil keldi, kirishga ruxsat so‘raydi, ilgari hech kimdan ruxsat 
so‘ragan emas, bundan keyin ham hech kimdan ruxsat so‘ramaydi. 
Rasululloh kirishga ruxsat bergach, Azroil: 
— Ey Muhammad, Alloh taolo meni sizga yubordi, nimani buyurar ekansiz, men shuni 
qilurman. Agar jon olishga ruxsat qilsangiz, olurman, yo‘q esa, qayturman, — dedi. 
Rasululloh Jabroilga qaradilar.  
Anda Jabroil alayhissalom: 
— Ey Muhammad, Alloh taolo sizga mushtoqdir, — dedilar. 
Rasululloh buni anglagach: 
— Ey Azroil, o‘z ishingizga mashg‘ul bo‘lingiz, — dedilar.  
Anda Jabroil alayhissalom: 
— Yo Rasululloh, dunyodan menim hojatim siz erdingiz. Yer ustiga vahiy kelishi sizdan 
keyin to‘xtalur, eng keyingi keltirgan vahiyim shuldur, — dedi. 
Shu bilan ish qattiqlashgani turdi, ahvol o‘zgardi. Hazrati Oisha otalari Abu Bakr 
Siddiqqa, Hafsa onamiz otalari hazrat Umarga, hazrati Fotima hazrati Aliga odam 
yuborishdi. Har uchovlari ham Rasulullohni ertalabki yengillashganlarini ko‘rishib, o‘z 
hojatlariga ketishgan edi. Ular yetib kelgunlaricha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
361
vafot topdilar. «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» (Hammamiz Allohnikidurmiz va, 
albatta, hammamiz Allohga qaytajakmiz).  
Rabi’ul avval oyining o‘n ikkisi dushanba kuni edi. Tug‘ilishlari, hijratlari, vafotlari shu 
oy, shul kunda bo‘ldi. Onamiz hazrati Oishaning quchog‘ida o‘ltirib, boshlari ko‘ksida 
turib jon berdilar. Sollallohu alayhi va sallam. 
Shu chog‘da g‘oyibdan bir ovoz keldi: «Assalomu alaykum va rahmatullohi va 
barakotuh, Ey uy egalari! Har bir jonlik narsa o‘lim sharbatini ichmasdan qolmaydi. 
Dunyoda qilgan yaxshi amalning ajri oxiratda beriladi. Musibat ko‘ruvchilarning Xudo 
oldida ajrlari ulug‘dir. O‘lganning o‘rnini o‘zi to‘ldirgay. Allohning yordamiga ishoninglar, 
o‘lim-musibatga sabr qilinglarkim, ulug‘ savobga ega bo‘lursiz. Sabrsizlar ajr-savobdan 
quruq qolganlikdan haqiqiy musibat shularga bo‘lg‘ay». 
Hazrati Ali: 
— Bu ovoz egasi hazrati Xizr alayhissalomdur, Rasulullohning xonadonlariga ta’ziyat qilib 
kelmishdurlar, — dedilar.  
So‘ngra Rasulullohni sarirdan olib yerga yotqizdilar. Ustlariga parda yopdilar. Olamni 
qorong‘ulik bosib, Madina ichi yig‘iga to‘ldi. Ko‘p kishilar aqldan toyib, hollari o‘zgardi. 
Hazrati Umar hushsiz, hazrati Usmon tilsiz bo‘ldilar. Abdulloh ibn Unays qattiq qayg‘urib 
vafot bo‘ldi. Munofiqlar quvonishib, bosh ko‘tarishdi. Hammadan bardoshlik bo‘lib turgan 
hazrati Abu Bakr Siddiq edilar. Ko‘ngli g‘am, ko‘ziga yosh to‘lgan, yig‘i tovushi gohi 
ko‘tarilgan, gohi ko‘ksida bo‘g‘ilgan holda kelib, Rasululloh ustlariga kirdi. Yuzlarini 
ochib: 
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh, — deb yuz-ko‘zlarini o‘pdi. — 
Tirikligingizda qanday pok edingiz, o‘lganingizda ham shunday pokdursiz. Yaxshilik 
sifatlaringizni sanab qanday tugata olg‘ayman, qaysi ko‘z yoshim bilan sizga 
yig‘lagayman? O‘tgan payg‘ambarlar o‘lganlarida to‘xtalmagan osmon aloqasi, sizning 
vafotingiz bilan yerdan endi uzildi, agar o‘lim ishi ixtiyorlik bo‘lsa edi, siz uchun bizlar 
jonlarimizni fido qilar edik. 
Yo Muhammad, Parvardigoring oldida bizlarni ham eslagin, sening ko‘nglingda bo‘laylik, 
— deb yana yuzlaridan o‘pib, voy do‘stim, voy mehribonim, deb yig‘ladilar. 
Hazrati Abu Bakr Siddiqning shijoati shu kuni hammaga ma’lum bo‘ldi. Shijoatning 
ma’nisi esa, dahshatlik kunlarda, o‘lim musibati tushganda bardoshlik bo‘lib, o‘zini 
yo‘qotmay turishdir. 
Inson musibati ichida Rasulullohning vafotlaridan ulug‘ musibat yo‘qdur. Muning zarbasi 
butun musulmonlarga, balki hamma olamga yetdi. Hazrati Alidek sheri xudo bo‘lgan zot 
ham qo‘l-oyoqlari jonsiz bo‘lib, o‘ltirib qoldilar. Hazrati Umardek soyasidan shayton 
qochgan zot hushsizlanib, qo‘li qilichining sopini tutgan holda masjid ichida u yoqdan bu 
yoqqa yugurib: 
— Rasulullohni kim o‘ldi desa u munofiqdur. Rasululloh o‘lgani yo‘q, lekin 
Parvardigorning oldiga ketdi. Muso payg‘ambar ham Xudo oldiga borib qirq kundan keyin 
kelgan edi, u zotni ham qavmi o‘ldi, degan edilar. Xudo haqqi, Rasululloh qaytib keladi. 
Munofiqlarni o‘ldirib jazolarini bermasdan turib, dunyodan ketmaydi, — der edi. 
Butun Madina xalqi masjid atrofiga yig‘ilgan edilar. Rasulullohning o‘limi ularga qattiq 
ta’sir qilgan edi. Rasululloh hayotlarida foniy dunyo bilan boqiy dunyoning aloqasi 
bog‘lanmish edi. Xudodan vahiy kelib turishi ulug‘ qudrat nishoni bo‘lib xalq ko‘zi oldida 
mo’jizalarning ko‘rinishi ersa boqiy olamning alomatlari edi. Bularni keltirgan zot 
Rasululloh bo‘lganlari uchun bu ishlarni ko‘zlari bilan ko‘rib turgan xalq u zotga o‘limni 
ravo ko‘rishmay o‘lishlarini uzoqsinib, o‘lsalar ham dunyoda uzoq yashab ummatlarining 
butun Yer ustida g‘alaba qilganlarini ko‘rib, islomiyat hukmini olamga yurgizib, butun 
ishlar bajarilgandan keyin o‘lsalar kerak deb o‘ylashgan edilar. To‘satdan bunday 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
362
dahshatlik musibatning birdaniga bo‘lib qolishi musulmonlarni qattiq qo‘rqitmish edi. 
Shundoq bo‘lsa ham hazrati Abu Bakr Siddiqning tadbiri ostida bu dahshatlik musibatni 
tinchlik bilan o‘tkaza oldilar. 
Hammadan ilgari Rasulullohni o‘rinlariga xalifa tayinlash zarur ekanini eslatdilar. Chunki 
Madina munofiqlari orqali ichki va tashqi dushmanlar bu dahshatlik voqeadan foydalanib 
qolishlari mumkin edi. Shuning uchun hammadan burun bu ishga kirishdilar. Darhol Abu 
Bakr Siddiq dahshat bosib turgan xalq ichidan turib minbarga chiqdilar. Rasulullohdan 
keyingi eng kuchli notiqlardan edilar. Maqomga, ahvolga loyiqlab hamd-sanodan keyin 
shunday dedilar: 
— Ey odamlar! Har kim Muhammadga ibodat qilib, uning bandasi bo‘lsa, bilsinkim, 
Muhammad o‘ldi. Agar Allohga ibodat qilib, Allohning bandasi bo‘lsa, Alloh o‘lgani yo‘q, u 
doim tirikdur. Alloh Qur’onda aytgan: «Vama Muhammadun illa rasulun qod xalat min 
qoblihir rusulu afain mata av qutilan qalabtum ala a’qobikum va man yanqolib ala 
aqibayhi falan yazzurraloha shay’an vasayajzillohush-shokirin». 
Ya’ni «Muhammad bir insondan chiqqan payg‘ambardur. Mundan ilgari ham 
payg‘ambarlar o‘tganlar. Shunga o‘xshab bu ham o‘tadi. Agar Muhammad o‘lsa yoki 
o‘ldirilsa, yana orqanglarga qaytib kofir bo‘lasizlarmi? Kim dinidan qaytar ekan, uning 
ziyoni o‘ziga bo‘ladi. Allohga zarar yetkaza olmaydi. Kim dinini saqlab, uning qadrini bilar 
ekan, Alloh ajrini beradi». 
Xudo Qur’onda xabar bermishdur: «Innaka mayyitun va innahum mayyituna». 
Ya’ni «(Ey Muhammad,) sen ham o‘lursan, sendan ilgarigi payg‘ambarlar ham 
o‘lganlar». Yana Qur’onda aytgan: «Kulli shay’in holikun illa vajhahu lahul hukmu va 
ilayhi turja’una». 
Ya’ni: «Allohdan o‘zga hamma narsa halok bo‘ladur. Hukmi aningdur, Allohga 
qaytasizlar». Yana aytgan: «Kullu man alayha fanin va yabqo vajhu robbika zuljalali val 
ikromi». 
Ya’ni: «Er ustidagi barcha narsa foniy bo‘lur, izzat-hurmat egasi bo‘lgan yolg‘iz Alloh 
qolur». Yana Qur’onda kelgan: «Kullu nafsin zoiqatul mavti va innama tuvaffavna 
ujurokum yavmal qiyomati». Ya’ni: «Har bir jonlik narsa o‘lim sharbatini tatiydi, ajr-
savoblari tamomi ila qiyomat kun beriladi». 
To‘rt yorning boshlig‘i, Rasulullohning eng yaqin ko‘rgan do‘sti va qaynotalari Abu Bakr 
Siddiqdan bu ta’sirlik so‘zlarni eshitgandan so‘ngra, dahshat bosib, hayronlikda turgan 
kishilarning hushlari o‘zlariga kelib, ko‘zlari ochildi. 
Hazrati Umar: 
— Shu yuqoridagi oyatlarni Qur’ondan o‘qib yurgan bo‘lsam ham, musibat dahshati 
bosganlikdan buni hech ko‘rmagan, o‘qimagandek bo‘lib qolgan ekanman. Qachon Abu 
Bakr Siddiq muni minbar ustida o‘qidilar ersa, shunda hushim o‘zimga kelib: «Inna lillahi 
va inna ilayhi roji’un»ni o‘qib o‘zimga tasalli berdim. 
Imom Buxoriy rivoyat qilibdur: 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot topganlarida, qizlari hazrati Fotima arab 
xotinlari odatlaricha shu so‘zlarni aytib yig‘ladilar: «Xudo chaqirib ketgan voy otam, 
jannatdan o‘rin olgan voy otam, Jabroilga xabari yetgan voy otam, Xudodan yaxshilik 
topgay voy otam». 
Rasulullohdan keyin olti oygina umr ko‘rib, so‘ngra vafot topmish edi. Shu muddat 
ichida, olti oy o‘tguncha, hech bir kulmagan ekan. Raziyallohu anhu. 
Hazrat Ali aytadurlar: 
— Rasulullohning ruhlarini qabz qilg‘ondan so‘ngra hazrati Azroil yig‘laganicha osmonga 
chiqdi. Xudo haqqi osmondan «Vo Muhammadoh» deb yig‘lagan ovoz sadosini eshitdim. 
Bu ersa hazrati Alining karomatidur.  

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
363
Haqiqatda esa mo‘minlarga Rasulullohning vafotlari eng ulug‘ musibatdur. Muning oldida 
dunyoning barcha musibatlari yo‘q hisobida edi. 
Ibn Moja rivoyat qilur: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot topgan shu 
betobliklarida aytgan ekanlar: 
— Ummatlarimdan qaysi biriga o‘lim musibati yetsa, mendan ajragan musibatni o‘ylab 
o‘zini yupantirsin. 
Madina ahli shu so‘zni Rasulullohdan eshitgandan so‘ngra, agar ulardan birortasiga o‘lim 
musibati yetar ekan, uning do‘stlaridan birovi kelib qo‘lini tutib: 
— Rasulullohdan ajraganimizni eslaylik, shundan ibrat olaylik, — deb unga ko‘ngil aytur 
edi. 
Ey do‘stim, ibrat ko‘zi bilan boqaylik. Mana dunyoning so‘ngi holi, bo‘lar ishi shudir. Kishi 
har qancha uzun umr ko‘rsa ham oxiri bir kuni o‘lishi bordur. Dunyo va dunyoda 
yashaydigan barcha narsalar bir kuni yo‘qolg‘usidur. Yo‘qolmaslik, o‘lmaslik yolg‘iz 
Allohning o‘zigagina xosdir. Dunyo saroyiga har kuni kelib, qo‘nib o‘tguvchilar ko‘pdur. 
Lekin u yoqdan qaytib kelgan hech odam yo‘qdur. Ko‘rib turamiz, dunyo hech kimga 
vafo qilmaydur, bilib turamiz, dunyo davlati hech kim qo‘lida qolmaydir. Odam onasidan 
tug‘ilib keldi, kichik edi, katta bo‘ldi, yosh edi, qaridi, oxiri o‘ldi. O‘lganlar esa 
tug‘ilmagandek bo‘ldi. Bir necha yil o‘tgach, uni esga oluvchilar tugaydi. Yolg‘izgina 
xalqqa yaxshilik qilganlarning yaxshi oti qoladi. U dunyoga borganda uning rohatini 
ko‘radi. Agar yomonlik qiluvchilar bo‘lsa, bu dunyoda xalqning nafratiga qolib, u 
dunyoda ersa Xudoning g‘azabiga yo‘liqadi. Endi aqllik, xushyor kishilarga shu so‘z 
yetarlikdur. Shulardan ibrat olib, o‘z ishini bilib qilishi kerakdur.  
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n ikkinchi rabbi’al avval dushanba kuni o‘n 
birinchi hijriyda vafot topdilar. Bu sana milodiy 632 yil 11 iyunga to‘g‘ri keladi. Seshanba 
o‘tib chorshanba oqshomida qabrga qo‘yildilar. Demak dafn qilish ikki kun kechiktirildi. 
Muning sababi ersa Rasulullohning o‘rinlariga bir kishini xalifa saylab qo‘yishlik edi. 
Rasululloh hayotliklarida «Mendan keyin o‘rnimga Faloniy bo‘lsin», deb ochiq aytib, 
birorta kishini ko‘rsatmagan edilar. Agarda birortani tayin qilgan bo‘lsalar edi, «Atiulloha 
va atiur-rasula», ya’ni: «Allohga va ham uning payg‘ambariga itoat qilinglar» degan 
Qur’on hukmiga qarab shaksiz qabul qilur edilar. Lekin Rasululloh hech kimni xalifalikka 
ko‘rsatmadilar. Chunki Islom hukumati ersa «Va amruhum shuro baynahum», degan 
oyat mazmunicha podsholik davlati emas edi. Shuning uchun xalq xohlaganini o‘zi 
saylasin, deb xalifalikka birovni vasiyat qilmadilar. Shu sabablik ansor va muhojirin 
sahobalar o‘rtalarida bir oz bo‘lsa ham xalifa saylashda tortishuvlar bo‘ldi. Madinalik 
ansor sahobalar muhojirlarga qarab: 
Bizdan bir kishi, sizdan bir kishi, ikki amir bo‘lsin, — dedilar. 
Og‘izda bo‘lsa ham dastlab Islomga kirgan ixtilof shu edi. Bu so‘zga qarshi Hazrati Abu 
Bakr: 
— Amir bizdan, vazir sizdan bo‘lsin, chunki arab xalqi Quraysh qabilasiga tobe bo‘lishni 
og‘ir olmaydilar. Bir joyda ikki amirning bo‘lishi mumkin emasdur, — deb ularni 
qaytardilar. 
Ansor sahobalarning kattalaridan Zayd va Sobit turib: 
— Bizni Rasululloh «ansor» (yordamchi) deb ataganlar. Chunki Xudoga va uning 
payg‘ambariga yordamda bo‘lganmiz. Endi Rasulullohning xalifalari shulardan bo‘lsin, 
unga ham biz yordamchi bo‘laylik. Xalifalik shu kishiga loyiqdur, — deb Abu Bakr 
Siddiqning qo‘lini tutdi.  
Ansor raislaridan Bashir ibn Sa’d, Usayd ibn Huzayr bu so‘zni qutladilar. So‘ngra Hazrati 
Abu Bakr so‘zga chiqib, so‘zning oxirida: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
364
— Men xalifalikka shu ikki odamdan birini xohladim. Biri — Umar ibn Xattob, ikkinchisi — 
Abu Ubayda ibn Jarrohdur. 
Ey Ansor jamoati! Qur’ondagi Xudo aytgan din qarindoshimiz erursiz. Alloh hukmiga 
hammadan ilgari sizlar rozi bo‘lishinglar lozimdur. Men shu ikkoviga rozi bo‘ldim, — deb 
ularning qo‘llarini tutib ko‘pchilik xalqqa ko‘rsatdi. Har ikkovi ham ey Abu Bakr sen 
turganda bu o‘ringa hech kim loyiq emasdur. Barimiz senga rozidurmiz, — dedilar. 
Yana Hazrati Umar xalqqa qarab: 
— Abu Bakr oldida xalifa bo‘lganimdan boshim kesilgani yaxshi. Ey Abu Bakr, sen 
bizning sayidimiz, barimizdan yaxshiroq, barimizdan Rasulullohga yaqinroqdursan. 
Rasululloh tirikliklarida namozga seni imom qilib, dinimizga, oxiratimizga boshliq qilib, 
senga ishondilar. Nechun biz dunyomiz uchun ishonib seni xalifa qilmaymiz? Sening 
oldingga tushib xalifa bo‘lishga kimning ko‘ngli unaydi? — dedi. 
Butun xalq bu so‘zdan qattiq ta’sirlandilar. Muni bilgach, Hazrati Umar: 
— Qani ber qo‘lingni, — deb birinchilardan bo‘lib bay’atga qo‘l uzatdi. 
Shu bilan bay’at boshlanib avval muhojirin, so‘ngra ansor sahobalar hazrati Abu Bakrga 
bay’at qildilar. Hajarul asvadni talashgandek barchalari, rozilik bilan Rasululloh 
o‘rinlariga hazrati Abu Bakr Siddiqni xalifalikka sayladilar. Lekin muhojirlardan Hazrati 
Abbos, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh, Miqdod ibn Asvad, yana 
Baniy Hoshimdan bir necha kishilar bu bay’atga hozir bo‘lisha olmadi. Chunki bu ish 
to‘satdan boshlanib, ularni chaqirishga vaqt yetmadi. Munofiqlarning ig‘vosi bilan 
xalifalik bizda bo‘lsin, deb, ansorlardan talab qiluvchilar bo‘ldi. Shuning uchun sahobalar, 
ayniqsa, Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar, bu ishni tezroq bitirishga shoshildilar. 
Biror fitna chiqib qolishidan qo‘rqishib katta-kichik hammani yig‘ib, saylov o‘tkazishga 
ulgurolmadilar. 
Agar shu yig‘inda Hazrati Abu Bakr Siddiqqa bay’at berilmay tarqashganlarida, 
ansorlardan Sa’d ibn Ubodaga o‘z qavmlarining bay’at qilishlari ehtimolga yaqin edi. 
Bunday bo‘lganda muhojirlar unga rozi bo‘lmasalar, u chog‘da munofiqlar tomonidan 
biror fitna qo‘zg‘alib qolishi mumkin edi. Shuning uchun bay’atni kechiktirishga Hazrati 
Umar yo‘l qo‘ymadilar. 
Haqiqatda esa bu ish Allohning ulug‘ inoyati bo‘ldi. Rasululloh vafot bo‘lgan kun — 
dushanba kuni Hazrati Abu Bakr xalifa bo‘lib saylandilar. Shu kuni ertalabki namozdan 
so‘ng Hazrati Abu Bakr minbarga chiqdi ersa, Hazrati Umar minbar oldida Allohga hamd-
sano aytgandan so‘ngra xalqqa qarab: 
— Ey mo‘minlar! Alloh bu ishni ichimizdagi ishongan eng yaxshi kishiga topshirdi. 
Rasululohning sirdoshi, g‘or ichida birga bo‘lgan yo‘ldoshi Rasululloh o‘rinlarida xalifa 
bo‘ldi. Kechagi bay’atda hozir bo‘lmaganlar, endi bay’at qilinglar, — dedi. 
Hammalari turib bay’at qildilar. Bay’at tugagach, Hazrat Abu Bakr Xudoga hamdu sano 
aytgandan so‘ngra xalqqa qarab: 
— Ey odamlar! Meni Rasululloh o‘rnida xalifa saylab bu ishga ega qildinglar. Lekin men 
ichinglardagi eng yaxshinglar emas edim. Shundoq bo‘lsa ham bu ulug‘ o‘ringa o‘tirdim. 
Agar yaxshilik qilsam, menga yordam beringlar. Agar yomonlik qilsam, meni 
to‘g‘rilanglar. Chin so‘z omonatdur, yolg‘on xiyonatdur. Haqqiga yetkizganimcha 
kuchsizlar menim oldimda kuchlikdur. Haqsizlik qilgan kuchliklar mening oldimda 
kuchsizdur. Inshaalloh, so‘zim shudur. Qaysi qavm Xudo yo‘lida g‘azot qilishdan qochar 
ekan, Alloh ularni xorlikka qoldirgay. Qaysi xalq ichida gunoh ishlar ko‘paysa, ularni balo 
qoplagay. Agar men Xudoga, uning payg‘ambariga itoat qilmas ersam, menga itoat 
qilish sizlarga lozim emasdur, — deb minbardan tushdi. 
Hazrati Abu Bakr xalifa saylanib, bay’at ishi bitgandan so‘ngra chorshanba kechasi 
Rasulullohni qabrga qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Yuvish to‘g‘risida boshqa mayitlardek 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
365
yalang‘och qilishmi yoki ko‘ylak-ishtonlari ustidan yuvish lozimmi, deyishib maslahat 
qilishganlarida, uy burchagidan: «Rasululloh pokdur, yuvmanglar» degan tovush eshitildi 
ersa, onalarimiz: «Bu so‘z to‘g‘ridur, Rasululloh pok bo‘lgach yuvdirmaymiz», — degan 
so‘zga keldilar. 
Hazrati Abbos: «Nima ekanligi bizga ma’lum bo‘lmagan ovozga ishonib, Islom odatini 
qanday tashlaymiz?», deb turganlarida, g‘oyibdan yana bir tovush kelib: «Libos ustidan 
yuvinglar, men Xizrdurman», dedi. 
Qandoq bo‘lsa ham ko‘ylak-ishton ustidan suvga oldilar. Bu muborak xizmatga 
kirganlarning hammalari qarindoshlaridan: amakilari hazrati Abbos, Hazrati Ali, hazrati 
Abbosning o‘g‘illari Fazl va Qusam, yana Rasulullohning ikki ozod qilgan qullaridan biri 
Usoma ibn Zayd va Shaqron edi. Mana shu nomlari yozilgan olti odam muborak 
xizmatga kirishdilar. Lekin Rasulullohning qutlug‘ jasadlariga qo‘l urgan kishi Hazrati Ali 
edi. 
Rasululloh vasiyat qilib: 
— Meni Ali yuvsin, o‘zga odam yuvmasinkim, undan boshqa kishining ko‘zi avratimga 
tushib qolsa ko‘r bo‘lib qolgay, — degan edilar. 
Usoma bilan Fazl ko‘zlari bog‘liq parda orqasidan turib hazrati Aliga suv uzatib turdilar. 
Hazrati Abbos va Qusam suv quyishib, o‘ngga-so‘lga ag‘darishib Aliga yordamlashdilar. 
Hujra ichiga Rasulullohni yuvish uchun bir chodir tikilgan edi. Shu chodir ichida yuvdilar. 
Birinchi hijratlarida kelib tushgan Qubo qishlog‘idagi G‘aras qudug‘idan suv olib keldilar. 
Rasululloh hayotlarida ko‘proq shu quduq suvidan ichardilar. Bu quduq yaxshi, buning 
suvi jannat bulog‘idan keladi, degan rivoyat ham bordur. 
Shundoq qilib, Rasulullohni uch marta yuvdilar. Birinchi, quruq suv bilan, ikkinchisi sidr 
qo‘shilgan suvda, uchinchisi kofur qo‘shilgan hidlik suv bilan yuvdilar. Sajda qilganda 
yerga tegadirgan joylariga kofur surtdilar. So‘ngra uch qavat oq bo‘zdan tikilgan kafan 
qildilar. Yuvishda, kafan qilishda Rasulullohga qanday qilingan bo‘lsa, ummatlariga ham 
shunday qilish sunnat bo‘ldi. 
Rasulullohni qaysi joyda dafn qilish maslahati bo‘lib, ba’zilari masjid minbari oldiga, 
ba’zilari Baqi’ go‘ristoniga deyishdi. 
Anda hazrati Abu Bakr Siddiq: 
— Payg‘ambarlar qaysi joyda vafot topsalar, shul joyda dafn bo‘ladilar, degan so‘zni 
Rasulullohdan eshitgan edim, — deb onamiz Oishaning uyida o‘zlari yotgan to‘shaklari 
tagidan qabr qazishdilar. Yuvib bo‘lgandan so‘ngra sarirga solib, ustilarini o‘rab qabr 
og‘ziga keltirib qo‘ydilar. Hozir bizning janoza o‘qishimizdek, Rasulullohga janoza 
o‘qilmadi. Balki to‘rt to‘p bo‘lishib, kirib har qaysilari imomsiz o‘zlari takbir aytib, salovot 
o‘qib chiqar edilar. Eng avval Rasulullohning yaqinlaridan amakilari Abbos, Hazrati Ali 
boshliq Bani Hoshimning erkaklari janoza ustiga kirib takbir aytib, duo qilib chiqdilar. 
So‘ngra xotinlar, qullar, cho‘rilar, bolalar, har qaysilari o‘z to‘plari bilan kirishib duo qilib, 
takbir aytishib, yig‘lashib chiqar edilar. Har kim o‘z bilganicha so‘z aytib, duo qilar edi. 
Ba’zi birlari: 
— Rasululloh, siz Xudo amrini bizga yetkazdingiz, haq yo‘lni ko‘rsatib, haq dinni bizga 
o‘rgatdingiz, Xudo oldida guvohlik beramiz, — der edilar. 
Shu tartib ila janoza o‘qilgach, qabrga o‘z urug‘laridan hazrati Abbos va o‘g‘illari Fazl va 
Qusamlar tushdilar. O‘rinlariga qo‘yib chiqishlarida Qusam ibn Abbos hammalaridan 
keyin chiqdi. To‘qqiz dona xom g‘isht bilan qabr og‘zini berkitdilar. Tuproq solish vaqtida 
hazrati Fotima Rasululloh ustlariga kelib: «Tuproq tashlashga qanday ko‘nglinglar 
chidaydi?» deb o‘zi yig‘lab, hammani yig‘latdi. So‘ngra qabr tuprog‘idan bir siqim olib 
ko‘ziga qo‘yib, ushbu she’rni o‘qib yig‘ladi: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
366
«Subbat alayya masoyibu lav annaho, 
Subbat alal ayyomi sirna layoliyo». 
Ma’nosi: 
Tushdi boshimga musibatdan qora kunlar, bu kun, 
Bu yorug‘ olam ko‘zimga qop-qaro tunlar bu kun. 
So‘ngra hazrati Bilol bir mesh suv keltirib qabrga sepib, oq, qizil mayda toshlardan 
ustiga terib qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak jasadlari yotgan 
joy yer-ko‘kdagi barcha tabarruk joylardan, balki Arshi A’zamdan ham ortiqdur. Bu 
masalada hamma ulamolar bir ittifoqdadurlar, hech xilof yo‘qdur. 
Rasulullohning xodimlari hazrati Anas aytadur: «Rasulullohni qabrga qo‘yib, qo‘l 
tuprog‘ini qoqmasdan turib, dillar o‘zgardi, ko‘ngillar g‘amga to‘lib, ko‘zga olam qorong‘u 
bo‘ldi. Shu joydagi kishilar bir-birlarimizni ko‘rolmay qoldik». Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: «Agar Alloh taolo bir ummatga yaxshilik xohlar ekan, u ummatning 
payg‘ambari ulardan ilgari o‘ladi», deb o‘z ummatlariga tasalli bergan edilar. 
Oh, yuz oh, ming ohkim, Rasulullohning vafotlari ummatlariga eng ulug‘ musibatdur, 
ayniqsa, muborak diydorlarini ko‘rmagan ummatlari uchun tugalmas armondur. Yolg‘iz 
ummatlari emas, Rahmatanlilolamin bo‘lganliklaridan butun olam ahlini bu musibat 
qayg‘usi qoplamish edi. Rasulullohning firoqlariga chidayolmay minib yurgan Ya’fur 
degan eshaklari o‘zini quduqqa tashlab o‘ldi. U zotdan ajraganiga motam tutib tuyalari 
hech narsa yemasdan, oxiri ochlikdan halok bo‘ldi. 
Rasululloh dunyodan o‘tdilar ersa, ummatlariga uch narsani qoldirib ketdilar: 
Birinchisi, Allohning so‘zi — Qur’oni karim; ikkinchisi, o‘zlarining so‘zlari — Hadisi 
sharifdur. 
Agar ummat bu ikkovidagi so‘zlarga amal qilib, bulardagi ko‘rsatilgan yo‘ldan 
chiqmasalar, qiyomatgacha haq yo‘lidan adashmaydilar, hech narsa ularga zarar keltira 
olmaydi. 
Uchinchisi, sahobalarni ummatlariga qoldirdilar. Rasulullohning so‘zlari — hadisi shariflar 
shu zotlar orqalik bizlarga yetib, shularning himmatlari bilan Islom dini yer yuziga 
tarqaldi. Inson olamida ko‘p jonfidoliklar ko‘rsatib, mo‘minlar dilidagi o‘chmas iymon 
chirog‘ini shular yondirib ketdilar, raziyallohu anhum. 
Download 1.39 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling