Tarjimonlar: dilfuza vohidova maftuna mahmudjonova
-bob KICHIK FONUSNING ICHIDAGI BUYUK INSON
Download 1.71 Mb. Pdf ko'rish
|
5-bob
KICHIK FONUSNING ICHIDAGI BUYUK INSON Ikki qavatli 20 ta krovat qator joylashtirilgan yotoqxonaga oʻxshagan bir joyda edilar. Oʻrtada uyoqdan buyoqqa yurgan odamlarni koʻrishlari bilan tushundilar: bu yer qamoqxona edi. Baʼzilar yotoqda uxlab yotar, uygʻoq boʻlganlar esa u yerdan bu yerga yurib nimanidir kutishardi. - Shularni bir kuzataylik, - dedi Kendin. Gapini tugatishga ulgurmay, boʻlmaning temir eshigi oldida yuzlari bujmaygan bir odam paydo boʻldi. Hayoti davomida hech ham kulmagan odamning jiddiyligi bilan: - Tushliiik..., - deb baqirdi. Bitta odamdan tashqari qolgan barcha tushlikka ketdi. Katta boʻlmada yolgʻiz qolgan u inson oldidagi gʻijim daftarga nimalarnidir yozardi. Vaqti-vaqti bilan orqa sahifalarga koʻz yugurtirib, bir narsalarni tekshirar, soʻngra yana kelgan joyidan davom etardi. Yozish davomida baʼzan jilmayib qoʻyar, baʼzan gʻamgin boʻlib qolar, baʼzan yigʻlamoqdan beri boʻlib, xoʻrsinib qoʻyardi. Qalbidan nimalar oʻtardi, bilib boʻlmasdi, ammo yozayotganlari oʻta muhim narsalar ekani ayon edi. Qalam bilan oldidagi daftarga tinmay yozar, nigohi dunyodagi eng buyuk qoʻshinni boshqarayotgan sarkardaning qarashlarini eslatardi. U qoʻshinni idora qilib turganida, boshqalar ovqatdan qaytib, yotoqdagi joylarini egalladilar. Ikki kishi xat yozish uchun stolga yaqinlashdi, biri koʻzlarini uzmay qoʻlida mahkam ushlab turgan qizchaning suratiga qarab turardi. Yana ikki kishi esa goʻyo shu orqali kimdandir qasos olayotgandek tez-tez uyoqdan buyoqqa yurardilar. Toʻxtaydigan yoki ortga qaytadigan joylarini koʻrmasangiz, bemor otasiga zudlik bilan qon olib borish uchun yugurayotgan xayrli farzand 28 deb oʻylardingiz ularni. Qolganlar esa krovatga choʻzilib, uxlab qoldilar. Ularni butun diqqati bilan kuzatayotgan Kendinning bekorga vaqt yoʻqotishiga monelik qilish maqsadida Jin shoshqaloqlik bilan gapira boshladi: - Bu uxlayotganlarni kuzatib turishing shart emas! Ular faqat ovqat vaqti uygʻonadilar, qolgan vaqtlarini esa uxlab oʻtkazadilar. Shu usulda goʻyo jazo muddatlarining tezroq tugashiga ishonadilar. Uygʻoq boʻlganlarida esa ozodlikka chiqqach, hech qachon uxlamaslikka ont ichadilar. Ammo bilmaydilar yoki bilsalarda tushunmaydilarki, ichkarida yohud tashqarida boʻlish oʻrtasida hech qanday farq yoʻq. Chunki har bir inson hayotini bir fonus ichida yashab oʻtkazishga majbur. Fonusni kattalashtiradigan faqat miyadir, inson oʻzi sigʻgan har qanday fonusga miyasi ham sigʻadi, shubhasiz. Kendin Jinni diqqat bilan eshitar, soʻzlari uni oʻziga sehrlab qoʻygandi. Goʻyoki u hamma narsani bilardi, butun universitetlardagi ilmni oʻzida jam qilgandek tuyuldi. Jin davom etdi: - Agar borar yeringning chegarasi boʻlsa, agar qoʻlingdan kelgan ishlarning chegarasi boʻlsa, agar bir kun kelib umring bitsa, demak umring davomida bir fonus ichida yashaysan. Bu oʻrinda "Inson u fonusning ichida har doim eng afzali boʻlish uchun yashaydi" deya bemalol ayta olamiz. Yaʼni zindonda yoki ozodlikda boʻlishning farqi yoʻq. Shunday ekan, qayerda boʻlsa- da, qanday boʻlsa-da, inson doimo qoʻldan kelgan eng afzal ishni qilishi kerak. - Tushundim, - dedi Kendin. Jin yozayotgan odamga oʻgirilib: - Hozir shu fonusning ichida boʻlgan bir inson eng yaxshisi boʻlish yoʻlida harakat qilyapti. Oradan yillar oʻtib, har bir inson unga oʻxshashni orzu qiladi, chunki u insoniyatning eng 29 afzallaridan biriga aylanadi. Shuni bilgani uchun ham uning ishtahasi yoʻq, shuning uchun uyqusidan voz kechdi, shuning uchun u faqatgina bir martagina mahbus boʻlib yashaydi, - dedi. Kendin oyogʻining uchida turdi va Jinning chap yelkasiga osilib, yozib oʻtirgan odamga tikildi. Jin: - Yaxshiroq qara! Uni taniysan, - dedi. Kendin u insonni tanidi. Uni bilmagan inson dunyoda bormikin? Axir, u Dostoyevskiy edi! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling