Zaharlovchi moddalarning tavsifi va ulardan muhofazalanish vositalari va usullari
Zaharlovchi moddalar — bu shunday kimyoviy birikmaki, uni qo'llash paytida odamlar, hayvonlarni shikastlantirib, turli inshootlar, bino, imoratlarga tarqalib, o'simliklar, suv omborlarini zaharlaydi. U raketa, aviatsiya bombasi, zambarak snaryadi va minalar, kimyoviy fugaslar orqali nishonga, mo'ljalga yetkaziladi. Inson organizmiga ta'sir qilishiga qarab zaharli moddalar: asab tizimini falajlovchi, terini yiringlovchi, bo'g'ib o'ldiradigan, umumzaharlovchi, qaltiratuvchi, ruhiy ta'sir qiluvchi (psixokimyoviy)larga bo'linadi.
Asabni falajlovchi zaharli moddaning ta'siri
VX (Vi-Iks), zarrin asab tizimini nafas olish a'zolariga bug' shaklida yoki suyuq tomchi turida teri orqali, oziq-ovqat va suv bilan oshqozonga kirib zaharlaydi. Yozda uning saqlanish chidamliligi bir kundan ko'proq, qish kunlarida esa bir necha hafta yoki bir oyga cho'ziladi. Bu zaharli modda o'ta xavflidir. Odam zaharlanishi uchun uning ozgina miqdori ham yetarli. Zaharlanishning ko'zning yoshlanishi, so'lak oqishi, nafas olishning qiyinlashuvi, o'qchish, qusish, qaltirash, tomir tortish, falaj kabi alomatlari bor. Shaxsiy muhofaza vositasi sifatida gazniqob va muhofazalovchi kiyimlardan foydalaniladi. Zararlanganlarga gazniqob kiydirish, tyubik-shpris orqali yoki hapdori (tabletka) ko'rinishida ziddizahar yuboriladi. Asabni falajlovchi zaharli modda teriga yoki kiyimga tushganda, u yer shaxsiy I paketdagi suyuqlik bilan tozalanadi. Terini yiringlovchi zaharli modda (iprit) turli xil zaharlash xususiyatiga ega. U qo'llanganda suyuq-tomchi yoki bug' holatida teri va ko'zni, nafas olishda nafas olish yo'llarini, o'pkani ovqat hamda suv orqali oshqozonga tushib zaharlaydi. Ipritning asosiy xususiyati — oiganizmni zaharlaganda (yashirin davrida) u darrov sezilmaydi, ba'zida 2 soat va undan ko'p davom etadi. Zararlanganlik alomatlari darrov bilinmaydi. Teri qizaradi, unda mayda qavariq pufakchalar paydo bo'ladi va keyinchalik ularda yiringlar to'planib uch-to'rt kundan so'ng yoriladi. Shundan keyin tuzalishi qiyin bo'lgan yaraga aylanadi, tana harorati ko'tariladi, odam kasal bo'ladi. Terini yiringlovchi zaharli modda qo'llanilganda gazniqob va muhofazalovchi kiyim kiyish lozim. Zaharli modda teriga tomib, ochiq joylarni zaharlaganda kimyoviy paketdagi suyuqlik bilan tozalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |