The economy of enterprise
Download 0.55 Mb.
|
korxona iqtisodiyoti
«Korxona iqtisodiyoti» - aholi va xalq xo’jaligi uchun zarur bo’lgan mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmat ko’rsatishning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’muriy-xo’jalik mexanizmlarini o’rganuvchi va ochib beruvchi fandir. U tabiat va jamiyatning muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida rivojlanishining ob’ektiv qonunlari namoyon bo’lishi va amal qilishiga, shuningdek, korxonalar faoliyatiga bevosita va bilvosita ta’sir ko’rsatuvchi davlat miqyosida qabul qilinuvchi qoida, normativ va qonun hujjatlariga tayanadi.
«Korxona iqtisodiyoti» «Iqtisodiyot» fanining tarkibiy qismi bo’lsada, mustaqil bilimlar sohasi hisoblanadi. U boshqa iqtisodiy fanlardan, ayniqsa, «Mikroiqtisodiyot»dan mazmuni va ma’lumotlarni keltirish mantiqiga ko’ra farqlanadi. Afsuski, ba’zi bir olimlar «Korxona iqtisodiyoti» va “Mikroiqtisodiyot”ni bir-biridan farqlamaydilar. Haqiqatdan ham, “mikro” so’zi iqtisodiy hodisa va jarayonlarni iqtisodiyotning birlamchi bo’g’inlari - korxona va firmalar miqyosida ko’rib chiqishni ko’zda tutadi, biroq ularning ikkita bir xil predmet emasligiga mikroiqtisodiyot va korxona iqtisodiyoti bo’yicha darsliklarni qo’lga oliboq amin bo’lish mumkin. «Mikroiqtisodiyot» bilan taqqoslaganda «Korxona iqtisodiyoti» xo’jalik amaliyotiga yaqinroq, har bir iqtisodchi uchun zarur bo’lgan iqtisodiy bilimlar majmuasini shakllantiruvchi fan ekanligi ko’zga tashlanadi. Birlamchi bo’g’in iqtisodiyotini yaxshi bilgan zamonaviy mutaxassislarni xo’jalik yuritishda eng xavfsiz va samarali yo’lni topishlari sababli iqtisodiyotning “shturmanlari” deb atash mumkin. Hozirgi kunda korxona iqtisodiyotiga bo’lgan qiziqish sezilarli ravishda o’sgan. Gap shundaki, bozor iqtisodiyoti sharoitida yangi huquqiy-tashkiliy shakldagi korxonalar, xom ashyo, material va asbob-uskuna etkazib beruvchilar, shuningdek, bevosita mahsulot yoki tovar iste’molchilari (xaridorlar) bilan yangicha iqtisodiy munosabatlar vujudga kelib, rivojlanib bormoqda. Bundan tashqari, korxona, bu – avvalo ishlab chiqarish jamoai, odamlarning turli tarzdagi faoliyati bo’lib, ular o’rtasidagi o’zaro munosabatlar tizimi yuzaga keladi hamda ma’lum bir turmush tarzi, ma’naviyat va axloq normalari shakllanadi. Bularning barchasi xo’jalik yuritish shakl va usullarini qayta ko’rib chiqish, korxonaning iqtisodiyot rivojlanishidagi o’rni va roliga yangicha yondashishni talab qiladi. Tahlillarning ko’rsatishicha, istalgan korxonaning faoliyatida turlicha savollar yuzaga keladi. Masalan, korxona qay tarzda faoliyat yuritishi kerak va daromad nimaga bog’liq bo’ladi? Samaradorlik va iqtisodiy barqarorlik nimalarga bog’liq?
«Xom ashyo etkazib beruvchilar va iste’molchilar bilan qanday ishlash kerak?» «Mahsulotni sotishda vositachilardan foydalanish zaruriyati; Ishlab chiqarish sur’atini qanday oshirish mumkin?» «Raqobatchilik kurashida nima va qanday omillar muvaffaqiyat keltiradi?» «Ishlab chiqarish va sotishni boshqarish tizimi qanday bo’lishi lozim?» va hokazolar. Korxonalar faoliyatida biron-bir mahsulotni qachon, qaerda, kimga sotish, nimani, qancha, qanday qilib ishlab chiqarish lozim, degan savolga javob berish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu va shunga o’xshash savollarga javob topishni amaliyotda xato va sinovlar usuli asosida amalga oshirish, hozirgi paytda nafaqat korxona uchun, balki butun jamiyat uchun ham qimmatga tushishi mumkin. Bunda korxonalarning bankrotga uchrashi va tugatilishi, iqtisodiyotning ayrim soha va tarmoqlarida ishlab chiqarish va mehnat faolligining pasayishi, mehnat samaradorligi sur’atining pastligi va hokazolar guvohlik berishi mumkin. Xuddi shu qatorga to’lovlarning amalga oshirilmasligi, muddati o’tib ketgan qarzlar va korxonalar faoliyatidagi boshqa iqtisodiy kamchiliklarni ham kiritish mumkin. Bularning barchasiga asosiy sabab esa o’rta va quyi bo’g’indagi rahbarlarning bozor iqtisodiyoti sharoitida yangicha xo’jalik yuritish tizimi shakl va usullarini bilmasliklaridir. Afsuski, korxonalar iqtisodiy bo’limlarining faoliyati ham nuqsonlardan emas. Kuzatuvlar shuni ko’rsatadiki, iqtisodiy bo’limlar o’z mavqeini barcha korxonalarda ham saqlab qolmagan bo’lib, zarur bo’lgan marketing tadqiqotlarini doim ham va to’liq holda amalga oshirmaydilar, zamonaviy biznes strategiyasini yaxshi tushunavermaydilar. Iqtisodchilarning ba’zi bir qismi iqtisodiyot “shturmanlari” vazifasini bajara olmaydilar, tashabbuskorlik va novatorlik g’oyalari o’rniga eskichasiga “yuqoridan” buyruq yoki ko’rsatma kutadilar, o’tmishda korxonalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda o’z o’rniga ega bo’lgan va hozirgi bozor munosabatlari davrida ham inkor qilinmaydigan tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni (zarur hollarda boshqa kategoriyadagi mutaxassislarning ishtirokida) samarali tarzda ishlab chiqmaydilar. Bugungi kunda aksari korxonalar aktsiyadorlik jamiyatlari, xolding va moliya- sanoat guruhlari tuzish yo’lidan bormoqda. Davlat korxonalarning tashabbuskorligi, ijodiy izlanish va tadbirkorligi uchun keng yo’l ochib, ularning ishlab chiqarish funktsiyalarini rejali iqtisodiyot davridagi kabi nazorat, limit va qattiq normalar bilan cheklab qo’yayotgani yo’q. Ya’ni qonunda taqiqlab qo’yilgan hollardan tashqari barcha holatlarda mustaqil xo’jalik faoliyati va erkinligi zamonaviy korxonalar faoliyatining eng asosiy xususiyati bo’lib, mazkur o’quv qo’llanmada ko’rib chiqiladigan barcha masalar ushbu asosda yuzaga kelgan. Biroq bozor iqtisodiyoti avtomatik ravishda muvaffaqiyat va to’kinlikni ta’minlab beradi, davlat esa barcha korxonalar faoliyatiga umuman aralashmaydi, deb o’ylash mutlaqo xato bo’lar edi. Davlat iqtisodiyotning asosiy islohotchisi bo’lib kelgan va hozir ham shundayligicha qoladi. Davlat o’z zimmasidan ma’muriy- buyruqbozlik funktsiyalarinigina soqit qilib, maxsus iqtisodiy ta’sir choralari yordamida iqtisodiyotni nazorat qilish va boshqaruv funktsiyalarini, shuningdek, iqtisodiyotning xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning to’g’ridan-to’g’ri majburiyatiga kirmaydigan hamda ularning qo’lidan kelmaydigan sohalarini rivojlanitirishdagi ishtirokini saqlab qolgan.
Ma’lumki, iqtisodiyot jamiyat holatini, ishlab chiqarish kuchlaridan foydalanish va ularning rivojlanish darajasini, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlaridan foydalanishni, odamlarning madaniyati va ma’lumoti darajasi va hokazolarni aks ettiradi. «Korxona iqtisodiyoti» bilimlarning mustaqil sohasi va iqtisodiyot fanining tarkibiy qismi sifatida masalaning aynan shu tomoniga ko’proq e’tibor qaratadi. Jamiyat uchun zarur bo’lgan moddiy boyliklardan tashqari milliy daromadning ham asosiy qismi aynan korxonalarda ishlab chiqarilishi sababli korxonalar iqtisodiyotining holati butun xalq xo’jaligiga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatadi, deb hisoblanadi. Korxona qaysi tarmoqqa mansubligi va mulk shaklidan qat’i nazar qanchalik yaxshi va samarali ishlasa, iqtisodiyot ko’rsatkichlari hamda aholining turmush tarzi shunchalik yuqori bo’ladi. Bunday sharoitlarda xo’jalik amaliyoti va fan oldiga birinchi o’rinda har bir korxona, to’g’rirog’i, ishlab chiqarishda qatnashuvchi butun jamoaning bozor munosabatlariga asoslangan hozirgi iqtisodiyotning rivojlanish tendentsiyalari va qonunlarini, avvalo, uning asosiy ko’rsatkichlari - talab va taklif tushunchalarini bilishi va to’g’ri tushunishi, ikkinchidan, milliy iqtisodiyotning rivojlanishi va mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga qo’shilishida o’z hissasini qo’shishi, uchinchidan esa, ishlab chiqarishning har bir bo’g’inida yuqori samara va sifat ko’rsatkichlariga erishish masalasi qo’yiladi. Iqtisodiyotning rivojlanishiga kerakli bilim va ko’nikmalarni, mablag’ va kuchlarni kiritmasdan turib korxona ham, jamiyat ham rivojlangan iqtisodiyotni hamda moddiy ne’matlarning to’kinligi va turmush tarzining yuqoriligini talab qila olmaydi. Hozirgi kunda bozor iqtisodiyoti ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi va korxonalarning mustaqil faoliyat ko’rsatishlariga keng imkoniyatlar ochib berish bilan birga kadrlarga, ularning bilimlari, ko’nikmalari va malakalariga katta talablar qo’ymoqda. Bir tomondan fan-texnika taraqqiyoti, ikkinchi tomondan esa bozor munosabatlari va raqobatchilikning rivojlanib borish sharoitlarida mehnat bozorida faqatgina zamonaviy korxonalar iqtisodiyotini yaxshi biluvchi, uning balansini to’g’ri tushunuvchi, biznes-reja ishlab chiqarishga qodir, investitsion va boshqa xo’jalik faoliyati bilan bog’liq bo’lgan qarorlarni qabul qilishni to’g’ri amalga oshiruvchi mutaxassislar muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Mashhur iborada aytilishicha “daraxtlarning ortida o’rmonni ko’ra olish zarur.” Malakali mutaxassis korxona iqtisodiyotini yaxshi bilishdan tashqari amaliyotda tez- tez uchrab turuvchi nima yoki qaysi variant yaxshiroq?; qanday yo’l bilan daromadni oshirish va rentabellikni ko’tarish mumkin?; korxonaning ishchi kuchiga ehtiyoji qancha va ularga qanday haq to’lash kerak?; ishlab chiqariluvchi mahsulot yoki tovarga bo’lgan talabni qay tarzda oshirish mumkin?; korxona kredit olishi kerakmi, agar olsa qanday shartlar bilan olish mumkin? kabi savollarga o’z vaqtida va to’g’ri javob bera olishi lozim. Boshqacha qilib aytganda, gap nazariy bilimlarning amaliy tajriba va ko’nikmalar bilan uyg’unlashuvi, yosh mutaxassisning turli xo’jalik sharoitlarida tez, to’g’ri va aniq qaror qabul qilishi haqida bormoqda. Faqat shu qobiliyatlarga ega bo’lgan mutaxassisgina tezda jamiyatda o’z o’rnini topib, xizmat pillapoyasida olg’a qadam tashlashi va yuqori lavozimlar sari harakatini boshlashi mumkin. Download 0.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling